Научная статья на тему 'QO‘LDA QUROL, QALBDA VATAN TUYG‘USI'

QO‘LDA QUROL, QALBDA VATAN TUYG‘USI Текст научной статьи по специальности «Право»

CC BY
13
3
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Область наук
Ключевые слова
Davlat to‘ntarishi / qurultoy / milliy vatanparvarlik / deputatlar / bolsheviklar

Аннотация научной статьи по праву, автор научной работы — Мухитоv М.

Ushbu maqolada Toshkentda Turkiston muxtoriyatini tashkil etish, Turkiston musulmonlari Markaziy Kengashi qurultoyining kengashi bo‘yicha, Turkistonda oktabr to‘ntarishidan keyin sodir bo‘lgan voqealar jarayoni hamda Turkiston fidoyilarining ozodlik harakatini yagona markazga birlashtirish uchun izchil kurashayotgan Madaminbek bilan Anvar Poshoning taqdirlari haqida yuritiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «QO‘LDA QUROL, QALBDA VATAN TUYG‘USI»

Central Asian Journal of

Education and Innovation

QOLDA QUROL, QALBDA VATAN TUYG'USI MyxHTOv M.

podpolkovnik, Chirchiq Oliy Tank Qo'mondonlik -Muhandislik Bilim Yurti Qurollanish va otish kafedrasi o'qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.11197813

ARTICLE INFO

ABSTRACT

Qabul qilindi: 05-May 2024 yil Ma'qullandi: 10- May 2024 yil Nashr qilindi: 15- May 2024 yil

KEY WORDS

Davlat to'ntarishi, qurultoy, milliy vatanparvarlik, deputatlar,

bolsheviklar

Ushbu maqolada Toshkentda Turkiston muxtoriyatini tashkil etish, Turkiston musulmonlari Markaziy Kengashi qurultoyining kengashi bo'yicha, Turkistonda oktabr to'ntarishidan keyin sodir bo'lgan voqealar jarayoni hamda Turkiston fidoyilarining ozodlik harakatiniyagona markazga birlashtirish uchun izchil kurashayotgan Madaminbek bilan Anvar Poshoning taqdirlari haqidayuritiladi.

1917-yil fevral oyida Rossiyada amalga oshirilgan burjua demokratik inqilobi va oktabr oyida bolsheviklar partiyasi tomonidan o'tkazilgan davlat to'ntarishi nafaqat Rossiya shu bilan birga unga qaram bo'lgan chekka milliy o'lkalar hamda dunyo siyosiy hayotiga katta ta'sir qildi. Davlat to'ntarishi natijasida Turkiston o'lkasi bir tutqunlikdan ikkinchi tutqunlik iskanjasiga tushdi. 1917-1935-yillar orasida o'lkada olib borilgan milliy ozodlik harakatlari turli yo'llar bilan bostirildi.

1917- yilning mart-aprel oylari o'lkaning siyosiy uyg'onishida burilish davri bo'ldi. Turkiston jadidlari, milliy ziyolilari va islom ulamolarining yetakchilari bo'lgan Mahmudxo'ja Behbudiy (1875-1919), Munavvar Qori (1878-1931 y.y.), Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev (Ubaydulla Xo'jayev; 1882-1938 y.y.), Fitrat (1886-1938 y.y.), Fayzulla Xo'jayev (1896-1938 y.y), Sadriddin Ayniy (1878-1954 y.y.), Abdulvohid Burhonov (1875-1934 y.y.), Mustafo Cho'qay (1886-1941 y.y.), Muhammadjon Tinishboyev (1879-1939 y.y.), Sherali Lapin (18681919 y.y.), Ahmad Zakiy Validiy (1890-1970 y.y.), Obidjon Mahmudov (1858-1936 y.y.) o'lkada yangi tashkil qilingan "Sho'roi Islomiya" (1917 y. mart), "Sho'roi Ulamo" (1917 y. iyun), "Turon" jamiyatlari va "Turk adami Markaziyat (federalistlar) firqasi" (1917 y. iyul), "Ittifoqi muslimin" (1917 y. sentabr) siyosiy partiyalarining tuzilishida muhim rol o'ynadilar.

1917- yil 16-23 aprelda Toshkentda bo'lgan I qurultoyda demokratik Rossiya imperiyasi tarkibida Turkiston Muxtoriyatini tashkil etish g'oyasi olg'a surildi. Bu g'oya Turkiston xalqlarining o'z milliy davlatchiligini tiklash yo'lidagi dastlabki qadami edi.

Shunday qilib, 1917- yil bahorida Turkistonning birligi va yaxlitligi tomon muhim qadam tashlandi. Tarixda ilk marta Butunturkiston miqyosida musulmonlar qurultoyi chaqirilib, unda tub xalqlarning muxtoriyat tomon qat'iy intilishi, o'z an'analari, urf-odatlari va turmush tarzini izchil turib himoya qilishi aytildi. Bu manfaatlarning ifodachisi bo'lgan Milliy Markaz - Turkiston musulmonlari Markaziy Kengashi tashkil etildi.

Afsuski, birlashish jarayonlari har doim ham bir tekis rivojlanmadi. Asr boshidan buyon davom etayotgan "jadid-qadim" nizolari demokratik harakat saflarida parchalanish yuz berishiga olib keldi. Ma'lumki, 1917- yil 14 martda Toshkentda "Sho'roi Islomiya" tashkil topgan edi. Aksariyati jadidlardan iborat bu tashkilot a'zolari Turkiston mustaqilligi uchun kurash olib bordilar. 1917- yil 10- sentabrda Toshkentda Butunturkiston musulmonlarining II qurultoyi ochildi. "Sho'roi Islomiya" tashabbusi bilan chaqirilgan ushbu qurultoy hokimiyatni ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlariga berishga qarshi chiqdi. Ikkinchi qurultoyda faqat Milliy Markaz - Turkiston musulmonlari Markaziy Kengashi mintaqadagi tub yerli aholi manfaatlarini himoya qilishi mumkin degan fikr qat'iy qilib qo'yildi.

1917- yil 20- sentabrda Toshkentda bo'lib o'tgan Turkiston va Qozog'iston musulmonlarining qurultoyi "ulamochilar" bilan "sho'roi islomchilar" o'rtasidagi uzoq va qizg'in baxslarga qaramay, nihoyat, kelishish va murosa yo'lini topdi. Qurultoy ishidagi asosiy masala Turkiston o'lkasining bo'lajak siyosiy tuzumini belgilash edi.

1917- yil 15-22- noyabrda Toshkent shahrida bo'lib o'tgan O'lka rus ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining III syezdida 15 kishidan iborat hukumat - Turkiston o'lkasi Xalq Komissarlari Soveti tuzildi. Unda 8- o'rin so'l eserlarga, 7- o'rin bolsheviklar bilan maksimalistlarga berildi. Biroq hukumat faqat rusizabon yevropaliklardan iborat bo'ldi.

Qurultoyda 1917- yil 27- noyabr (yangi hisob bilan 10 dekabr) kuni kechqurun qabul qilingan qarorda shunday deyiladi: "Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da'vat etgan xalqlarning o'z huquqlarini o'zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e'lon qiladi. Shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta'sis Majlisiga havola etadi". Qurultoy Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e'lon qildi.

28 noyabr (yangi hisob bilan 11 dekabr)da tarkib topayotgan mazkur davlatning nomi aniqlanib, TURKISTON MUXTORIYATI deb ataladigan bo'ldi. Qurultoy o'sha kuni yig'ilishda Butunrossiya Ta'sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Millat) Majlisi qo'lida bo'lishi kerak, deb qaror qabul qiladi.

Qurultoyda 28- noyabr kuni Turkiston Millat Majlisi ochilishi to'g'risidagi qaror ham tasdiqlandi. Millat Majlisi 54 nafar a'zodan iborat bo'lib qurultoy qaroriga binoan "36 nafar musulmonlar, 18 nafar o'rin esa o'lkaning yevropalik tashkilot va fuqarolariga, jumladan, temir yo'lchilar ittifoqi, ishchi va soldat deputatlari soveti, sotsial demokratlar, dashnoqsutyun, yerlik juhudlar, yahudiylar, eserlar, ukrainlar, polyaklarning vakillari va boshqalarga berilishi ko'zda tutilgan edi.

Qurultoy tugagach, 1 dekabrda Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati a'zolari (barcha 8 kishi) imzolagan maxsus Murojaatnoma e'lon qilindi. Ushbu Murojaatnomada Turkistondagi barcha aholi: irqi, millati, dini, jinsi, yoshi va siyosiy e'tiqodlaridan qat'i nazar, ular yakdillik va hamjihatlikka da'vat etilgan edi.

Oradan ko'p o'tmay Millat Majlisi tomonidan tasdiqlangan qonunlar e'lon qilindi, shuningdek, yangi hukumat mamlakat Konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb qildi. "El bayrog'i", "Birlik tug'i", "Svobodno'y Turkestan", "Izvestiya Vremennogo Pravitelstva Avtonomnogo Turkestana" kabi hukumat gezatalari o'zbek, qozoq va rus tillarida nashr qilina boshlandi.

Muxtoriyat hukumati milliy qo'shinni tashkil qilishga kirishdi. 1918- yil boshida bu

qo'shin saflarida bir mingdan ortiq askar bo'lgan. Harbiy vazir Ubaydulla Xo'jayev ishtirokida o'tkazilgan ko'rik-parad vaqtida askarlar soni 2000 kishiga yetgan. Bundan tashqari Qo'qonda taxminan shuncha mirshablar ham bor edi.

Turkiston xalqining muxtoriyat uchun olib borgan kurashida 1917- yil 13- dekabrda bo'lib o'tgan fojeali voqealar muhim o'rin tutadi. O'sha kuni Toshkentda eski shahar aholisi "Muxtor Turkiston uchun!" shiori ostida tinch bayram namoyishini o'tkazdilar. Ammo, Toshkent sovetidagi bolsheviklar shaharda qurolli kuch bilan «tartib» o'rnatishga buyruq beradilar. Oqibatda tinch namoyish qatnashchilari pulemyotdan o'qqa tutildi, eski shaharlik 16 kishi ana shu to'qnashuv qurboni bo'ldi.

Muxtor hukumatning xalq o'rtasidagi obro'-e'tibori va nufuzi bolsheviklarni tashvishga solib qo'ydi. 1918- yil 19-26- yanvar(yangi hisob bilan 1-8 fevral)da Toshkentda bo'lgan Turkiston o'lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining favqulodda IV syezdida muxtoriyat masalasi asosiy o'rinda turdi. Syezd Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning a'zolarini qonundan tashqari holatda deb, hukumat a'zolarini qamoqqa olish to'g'risida qaror chiqardi. Bolsheviklar o'zlarining bu qabih va mudhish "hukmi"ni amalga oshirishga zudlik bilan kirishdilar.

Turkiston Muxtoriyati hukumati qizil askarlar va dashnoqlarning qonli hujumlari oqibatida ag'darib tashlandi. Ammo Qo'qon va uning atrofidagi tinch aholini talash, o'ldirish avjiga chiqdi. Faqat Qo'qonning o'zida uch kun davomida 10000 kishi o'ldirildi. Shahar butkul vayronaga aylantirildi.

Nihoyat, 1918- yil

22-

fevralda Qo'qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan "tinchlik sharnoma"si Qo'qon ahli vakillari bilan imzolandi.

Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun umr ko'rgan bo'lsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga da'vat etdi. 1918- yilning erta bahorida avval Farg'ona vodiysida, so'ngra butun Turkistonda qurolli qarshilik harakati boshlandi. Ammo, bu davrga kelib Turkiston Muxtoriyatini tor-mor etib, o'lkada yakka hukmron bo'lgan, qurol va zo'ravonlikka tayangan bolsheviklar Toshkentda sovetcha andozadagi avtonomiya (muxtoriyat)ni tashkil etishga kirishgan edilar.

1919- yil 19- yanvarda harbiy komissar K.Osipov boshchiligida Toshkentda isyon ko'tarildi. K.Osipovning buyrug'i bilan 14 komissar otib tashlandi. Isyonchilar tomonidan sovet hokimiyati ag'darildi, hokimiyat masalasi Ta'sis Majlisida hal qilinadi, deb e'lon qilindi. Biroq isyon Toshkent temir yo'l ustaxonalari ishchilari va boshqa harbiy qismlar tomonidan tezda bostirildi. K. Osipov avval Farg'ona vodiysiga, so'ngra Buxoro amirligiga qochib ketdi. Bu isyon bahonasida bolsheviklar 1919- yil mart oyi boshida so'l eserlarni hukumatdan siqib chiqarib, yakka o'zlari hukmron bo'lib oldilar.

1919- yil 8- oktabrda Moskvada Turkkomissiya (Rossiyaning Turkiston ishlari bo'yicha komissiyasi) tashkil qilinib, u Toshkentga jo'natildi. Turkkomissiya, keyinchalik Turkbyuro va O'rta Osiyo byurosi kabi turli xil komissiya va byurolar muntazam ravishda Rossiya Markazidan Turkistonga jo'natib turildi. Markaz o'zining bu favqulodda organlari orqali Turkiston mintaqasini boshqarishga, mahalliy xalqlarni mustamlakachilik asoratida ushlab turishga intildi.

Turkistonda oktabr to'ntarishidan keyin sodir bo'lgan voqealar jarayoni shuni ko'rsatadiki, bolsheviklar o'rnatgan sovet tuzumi o'lka xalqlariga nafaqat mustaqillik, hatto

milliy muxtoriyatni ham ravo ko'rmadi. Mustaqillik osonlikcha qo'lga kiritilmasligini tushunib yetgan milliy vatanparvarlar qo'lga qurol olib, bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi qurolli harakat boshlab yubordilar. Biroq sovet tuzumi va kommunistik mafkura hukmronligi yillarida, ularga "bosmachi" deb nohaq tamg'a bosildi.

Turkiston Muxtoriyati hukumatining tugatilishi bu harakatning butun Farg'ona vodiysida ommaviy ravishda boshlanishiga bir turtki vazifasini o'tadi, xolos. Chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmi ostida ezilib kelgan farg'onaliklar Turkistonda birinchi bo'lib bolsheviklar rejimiga qarshi qurolli kurashga otlandilar. Shu tariqa, Turkistonda sovet hokimiyati va bolshevikcha tuzumga qarshi istiqlolchilik harakati 1918- yil fevral oyining oxirlarida boshlangan edi.

Farg'ona vodiysida 1918- yilning o'rtalariga kelib, taxminan yuzga yaqin qo'rboshilar o'z dastalari bilan qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar. Bu guruhlarda 15 000 yigit bor edi. 1919- yilning kech kuziga kelib Madaminbek qo'l ostida 30 000 ga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi janglarni olib bordilar. Bu paytda Shermuhammadbek qo'l ostida 20 000, Katta Ergash qo'rboshida 8 000 askar bo'lgan. Ana shu uchta lashkarboshi vodiydagi jangovar harakatlarni yo'naltirib turdilar.

Kurash bayrog'ini vodiyda Madaminbek o'rniga endi Shermuhammadbek ko'tardi. Farg'ona vodiysidagi butun qo'rboshilar va tinch aholi vakillari Oltiariq tumanidagi G'oyibota qishlog'ida o'zlarining navbatdagi qurultoylariga to'plandilar. Qurultoy 1920- yil 3- mayda Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston - turk mustaqil islom jumhuriyati yoki qisqacha qilib aytganda Turkiston muvaqqat hukumatini tuzdi.

Shermuhammadbek Farg'ona vodiysidagi kurashchilarning Oliy bosh qo'mondoni ham qilib saylandi. Bolshevik maddohlardan birining e'tiroficha, "Madaminbek qo'rboshilar o'rtasida eng kuchlisi bo'lgan bo'lsa, Shermuhammadbek shubhasiz eng xavflisi edi".

Turkiston MIK raisi Inomjon Xidiraliyevning keyinchalik yozishicha, "1920- yil sentabrda bosmachilarning soni 70 000 kishiga yetdi va kuchli vahima uyg'otdi".

Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalaridagi jadidlarning bir qismi bu paytda sovet tashkilotlarida faoliyat ko'rsatishsa-da, milliy mustaqillik to'g'risidagi o'z g'oyalaridan voz kechishmagan edi. 1921- yil avgustda Buxoro shahrida Validiy boshchiligida tuzilgan Turkiston Milliy Birligi tashkiloti butun Turkiston mintaqasidagi bu guruhlariga siyosiy jihatdan rahbarlik qiluvchi markaz vazifasini bajardi. Bu davrda Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligida Toshkentda "Milliy Ittihod" va "Milliy Istiqlol" tashkilotlari mahfiy tashkil etilgan bo'lib, ular harakatning keyingi rivojlanishida muhim o'rin tutadi.

Shuning uchun ham Buxorodagi bu harakat qisqa muddat ichida ommaviy tus olib hatto, Farg'ona vodiysidagi harakatga nisbatan ham kuchayib bordi. Fayzulla Xo'jayevning ta'kidlashicha, "Sharqiy Buxorodagi bosmachilik o'zining strategik mavqei jihatidan qaraganda Farg'ona bosmachilariga nisbatan kuchliroq edi".

1921- yil oktabrda Turkiyaning sobiq harbiy vaziri Anvar Posho (1881-1922 y.y.) Buxoro shahriga kelib, biroz muddatdan so'ng mamlakatning sharqiy qismiga jo'naydi va sovetlarga qarshi kuchlarga qo'shiladi. U tez orada Buxoro respublikasidagi istiqlolchilik harakatining tan olingan yo'lboshchisiga aylandi. Anvar Poshoning sa'yi-harakatlari bilan Sharqiy Buxoroda birlashgan lashkar bunyod etildi va u turk zobitlari bilan mustahkamlandi, g'arbcha qo'mondonlik uslubi joriy qilindi. 1922- yil 15- aprelda Boysun atrofidagi Kofirun qishlog'ida bo'lgan Turkiston qo'rboshilarining qurultoyida Anvar Posho istiqlolchilarning

Oliy bosh qo'mondoni va siyosiy rahbari qilib saylandi. "Ular o'sha paytda millatparvarlik harakatining eng qudratli, ehtimol eng ommaviy qismini tashkil qila oldilar",- deb yozgan edi xorijlik tadqiqotchi Glenda Frezer.

Buxoroning markaziy va g'arbiy viloyatlarida ham kurash shiddatli tus oldi. Qisqa muddat davomida Mulla Abdulqahhor (1884-1924 y.y.) boshchiligida poytaxt Buxoro tumanlarida lashkar to'plandi va jangovar harakatlar olib borildi. Shuningdek, Mulla Abdulqahhor rahbarligida Buxoro, Karmana va Nurotada o'nlab qo'rboshi guruhlari faoliyat ko'rsatdi. Bir hujjatda yozilishicha, G'arbiy Buxoroda uning qo'l ostida 20 ta qo'rboshi birlashgan. O'rmon Polvon, Hayit Amin, Oston Qorovulbegi, Hamro Polvon, Azimxo'ja, Metan Polvon uning eng nufuzli qo'rboshilari sanalgan. Ular asosan G'ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan tumanlari va Nurotada o'z faoliyatlarini kuchaytirdilar.

Mulla Abdulqahhor yigitlari bilan qizil askarlar o'rtasida 1924- yil yozi va kuzida G'ijduvon tumanining G'ishti va Katta G'amxo'r qishloqlarida, Nurota tog'larida, Shofirkon tumaniga tutash Qizilqumning Jilvon qumliklarida, Bog'iafzal va Vardonze qishloqlarida qattiq to'qnashuvlar bo'ldi. Kuchlar teng bo'lmagan ushbu janglarda G'arbiy Buxoro vatanparvarlarining yetakchisi mag'lubiyatga uchradi. G'arbiy Buxorodagi qo'rboshilar guruhlariga sezilarli zarba berildi. Mulla Abdulqahhor qo'rboshi Qizilqum cho'llarida qizil askarlar bilan bo'lgan to'qnashuvlarning birida 1924- yilning oxirida halok bo'ldi.

O'zbek dehqonlari va hunarmandlaridan iborat guruhlarga Madraimboy, Sa'dulla bola, Shokir bola, Mavlonbek va boshqalar rahbarlik qildilar. Xususan Ko'hna Urganch, Ilyali, Toshhovuz, Mang'it, Qo'shko'pir, Chimboy, Qo'ng'irot va To'rtko'lda harakat qilgan o'nlab sardorlarning guruhlari qizil askarlarga jiddiy zarbalar berdi. Junaidxon boshchiligidagi armiya hujumga o'tib, 1920- yil yozida Ko'hna Urganch, Xo'jayli, Ilyali va Taxtani qayta egalladi, ko'plab qizil askarlarni asir oldi. Junaidxon sovet qo'mondonligiga maxsus maktub yuborib, agar qizil armiya Xorazmdan chiqib ketmasa, asirlarni otib tashlashini bildirdi. Biroq sovet qo'mondonligi Junaidxonning haqli talablarini rad qilgach, u bosqinchilarni otib tashlashga buyurdi.

Sovet tuzumi 1923- yil oxirida Junaidxon bilan sulh muzokaralarini boshlashga urinib ko'rdi. Biroq Junaidxon o'zining oldingi talabini, ya'ni:

1) Rossiya qo'shinlarini Xorazmdan darhol olib chiqib ketish;

2) shariatga to'la erkinlik berish;

3) barcha sobiq hokimlar va oqsoqollarni yana o'z lavozimlariga tiklash;

4) soliqlar va patentlarni bekor qilishni qat'iy talab qildi.

Biroq bu talablarni sovet hukumati rad qilgach, muzokaralar o'z-o'zidan to'xtab qoldi.

Junaidxon qo'lida bu paytda katta miqdorda harbiy kuch to'plangan edi. Shu bilan birga 1923 yilning dekabrida Pitnak, Hazorasp, Bog'ot, Xonqa tumanlarida yangi sovet hukumatiga qarshi dehqonlarning ommaviy qo'zg'olonlari boshlanib ketdi. Qo'zg'olonchilar joylardagi sovet tashkilotlarini tugatib, mamlakat poytaxti Xiva shahri ustiga yurish qildilar. Qoraqumda turgan Junaidxon qo'shini ham g'arb tomondan, bir vaqtning o'zida, shaharga qarab harakat boshladi.

1924- yil 10- yanvardan boshlab Junaidxonning 15 000 kishilik piyoda va otliqlardan iborat qo'shini Xiva shahrini qamal qilishga kirishdi. 16 yanvarda Xorazm respublikasida harbiy holat joriy qilindi.

O'zbekiston XKS raisi Fayzulla Xo'jayev 1927- yilda "Katta sovet ensiklopediyasi"da

CENTRAL ASIAN JOURNAL OF EDUCATION AND INNOVATION SJIF = 5.281

unga baho berib, quyidagilarni yozgan edi: "Bosmachilik harakati shiddatli siyosiy, aksilsovet xususiyat kasb etdi va butun O'rta Osiyoning mavjud uch respublikasi - Buxoro, Turkiston va Xorazmdagi dehqonlar aholisining qariyb ommaviy harakatiga aylandi. Harakatning dohiylari faqatgina... Ko'rshermat (Shermuhammadbek), Ibrohimbek kabilar... bo'lib qolmasdan, balki unga mahalliy milliy ziyolilar, mulla va boylar ham rahbarlik qila boshladilar..."

Bu harakatga aloqador bo'lgan umumiy xususiyat bosqinchi qizil armiyani, bolsheviklarni Vatanimiz hududidan olib chiqib ketish talabi edi. Bu talab butun harakat davomida ilgari surildi.

Xulosa sifatida, qizil armiyaning bosqini va mustabid sovet rejimiga qarshi ko'tarilgan qurolli harakat 1935- yilga kelib butun Turkiston mintaqasida tamomila mag'lubiyatga uchradi. Turkiston mintaqasidagi istiqlolchilik urush harakati boshidan oxirigacha yagona markazga to'liq uyusha olmadi. Turkiston fidoyilarining ozodlik harakatini yagona markazga birlashtirish uchun izchil kurashayotgan Madaminbek bilan Anvar Poshoning taqdirlari esa fojiali tugadi.

Qo'llanilgan manbalar:

1. Ayniy, K. (1982). Jin Sadriddina Ayniy. Kratkiy biograficheskiy ocherk (Sadriddin Ayniy hayoti. Qisqacha xronologik eskiz). rr. 110-119. Dushanbe: Irfon.

2. A'zamxo'jaev, SS (2000). Turkiston Muhtoriyati: Milliy-demokratik davlatchilik qurilishi. r.168. Toshkent: Manaviat.

3. Behbudiy, M. (1906, 11 oktabr). Hayrul Umur avsatuho. Gazet, Xurshid.

4. Behbudiy, M. (1917, 22 dekabr). Muhtoriyati Turkiston. Gazet, Hurriyat.

5. Behbudiy, M. (1917, 12 iyun). Bayoni haqiqat. Gazet, Ulug' Turkiston

6. Fitrat, A. (1990). Istorii indiyskogo puteshestvennika. (Hind sayyohining hikoyalari), 7, 134. Toshkent: Zvezda Vostoka.

7. Ismoil Gasprinskiy va Turkiston. (2005). (Ismoil Gasprinskiy va Turkiston. Maqolalar to'plami). p. 230. Toshkent, Nahang.

8. Xo'jaev, F. (1970). Izbranniye trudi v 3-h tomax (Uch jildli saylanma asarlar), 1, 128. Toshkent: Fan.

9. Munavvar, Q. (1917, 26 mart). Hurriyat berilmas, olinur. Gazet, Nadjhod.

10. Sharipov, RA (2002). Turkistonda jadidchilik harakati tarixidan (Tarixi jadidchilik harakati).Toshkent: O'qituvchi.

11. Shokai, M. (1999). Isbrannoye. V 2-kh tomak. (Tanlangan asarlar. Ikki jildda). T. 2. r. 289. b. 520. Olmaota: Qaynar.

12. Qozog'iston dinlari tarixining eskizi). p. 97. Bishkek: Savdo-nashriyot firmasi. AZ-MAK.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.