Научная статья на тему 'TURKISTON MUXTORIYATINING O‘ZBEK DAVLATCHILIGI TARIXIDA TUTGAN O‘RNI'

TURKISTON MUXTORIYATINING O‘ZBEK DAVLATCHILIGI TARIXIDA TUTGAN O‘RNI Текст научной статьи по специальности «Ветеринарные науки»

CC BY
1435
144
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Turkiston Muxtoriyati / Ta’sis Majlis / Sho‘royi Islomiya / Munavvarqori / Abduvohid Qori Abduraufqoriyev / Ubaydullaxo‘ja Xo‘jayev / Ahmad Zaki Validiy / Mustafo Cho‘qay.

Аннотация научной статьи по ветеринарным наукам, автор научной работы — Bahriddinova Nasibaxon Ro‘zmatovna, Nabiyev Muxammadali Qahramon O‘g‘li

Ushbu maqolada Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishi, uning a’zolari, olib borgan faoliyati atroflicha yoritiladi. Shuningdek, Muxtoriyatning O‘zbek davlatchiligi tarixidagi o‘rni, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlar ham batafsil o‘rganiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TURKISTON MUXTORIYATINING O‘ZBEK DAVLATCHILIGI TARIXIDA TUTGAN O‘RNI»

№17

TURKISTON MUXTORIYATINING O'ZBEK DAVLATCHILIGI TARIXIDA

TUTGAN O'RNI

Bahriddinova Nasibaxon Ro'zmatovna

Qo'qon Davlat Muzey Qo'riqxonasi ilmiy hodimi Nabiyev Muxammadali Qahramon o'g'li

Qo'qon shahar Norbo'tabek madrasasi ilmiy hodimi https://doi.org/10.5281/zenodo.7546753

Annotatsiya: Ushbu maqolada Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishi, uning a'zolari, olib borgan faoliyati atroflicha yoritiladi. Shuningdek, Muxtoriyatning O'zbek davlatchiligi tarixidagi o'rni, so'nggi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlar ham batafsil o'rganiladi.

Kalit so'zlar: Turkiston Muxtoriyati, Ta'sis Majlis, Sho'royi Islomiya, Munavvarqori, Abduvohid Qori Abduraufqoriyev, Ubaydullaxo'ja Xo'jayev, Ahmad Zaki Validiy, Mustafo Cho'qay.

1917-yil boshlarida Petrogradda bo'lib o'tgan voqealar ta'siri ostida Turkistonda yangi jamiyat kurtaklarini shakllantirish uchun harakat boshlanib ketadi. Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida o'lka muxtoriyati muammosi asosiy muammo bo'lib qoladi. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish g'oyasi nafaqat jadid taraqqiyparvarlari o'rtasida, hatto oddiy odamlar orasida ham ancha ommalashgan edi. "Muxtoriyat" atamasi arabcha so'z bo'lib, o'zbekchada u ixtiyori o'zida ma'nosini anglatadi. Muxtoriyat so'zi ruscha avtonomiya so'zi bilan bir xil ma'noda qo'llanmasligi kerak. "O'zbek tili izohli lug'atida" muxtoriyat so'ziga quyidagicha ta'rif beriladi: "Konstitutsiyaviy huquqda biron-bir hududning unga konstitutsiya yo'l qo'ygan chegaralarida davlat hokimiyatini mustaqil amalga oshirish huquqi". XX asr boshlarida Turkiston jadidlari muxtoriyatchilik harakati mustaqil davlat tuzish yo'lidagi alohida bosqich sifatida qaraganlar va bu yo'lda kurashganlar.

Toshkentda bu paytga kelib, "Sho'royi Islomiya", "Turon", "Sho'royi Ulamo", "Ittifoqi Muslimin", Qo'qonda "G'ayrat", Samarqandda "Ittifoq", Buxoroda Yosh buxoroliklar, Xorazmda Yosh xivaliklar va boshqa milliy tashkilotlar faoliyat ko'rsata boshladi. Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvarqori, Abduvohid Qori Abduraufqoriyev, Ubaydullaxo'ja Xo'jayev, Ahmad Zaki Validiy, Mustafo Cho'qay, Fitrat, Fayzulla Xo'jayev, Usmon Xo'ja, Polvonniyoz Yusupov, Sherali Lapin, Toshpo'latbek Norbo'tabekov va boshqalar siyosiy jabhada faollik ko'rsatdilar.11

11 Ahmedov S. Rajabov Q. Jadidchilik // O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Tom 3. - Toshkent: "O'zbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2002. - B. 519-523.

Turkistonni boshqarish shakli to'g'risidagi masala eski hisob bilan 1917-yil 26-28 noyabrda (yangi hsiob bilan 9-11-dekabr) Qo'qon shahrida bo'lib o'tgan Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi diqqat markazida turdi. Qurultoyda muxtoriyat va mustaqillik e'lon qilish fikrini hamma qo'llab-quvvatladi. Turkiston Muxtoriyati sovet davri adabiyotlarida "Qo'qon muxtoriyati" atamasi bilan ham uchraydi, shaxsan men bu atamaga qarshiman, zero bu Muxtoriyat Qo'qon yoki Farg'ona vodiysining emas, balki butun Turkiston xalqlarining mustaqil davlat tuzishlariga intilishi edi. Shuning uchun ham biz Turkiston Muxtoriyati atamasini ishlatishimiz tarixiy jihatdan adolatli bo'ladi.

Muxtoriyat hukumati qisqa muddat (1917-yil 26-noyabr - 1918-yil 22-fevral) faoliyat ko'rsatgan bo'Isa ham, u tariximizda chuqur iz qoldirdi. Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi Turkiston o'lkasini Rossiya Federativ Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e'lon qildi. Shuningdek qurultoy Ta'sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyatni Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Milliy Majlisi (Millat Majlisi) qo'lida bo'lishi kerak deb hisobladi.12 Tarixchi olimlarning yozishicha, Turkiston tarixidagi dastlabki demokratik hukumatning tarkibi bilan birgalikda qurultoyda Xalq Majlisi ham tashkil qilindi. Xalq Majlisiga 54 o'rin belgilandi. Unga 32 nafar vakil musulmon tashkilotlaridan va yana 4 nafar kishi mahalliy boshqarmalardan kiritilib, ular 36 nafar bo'ldi. Yevropaliklarning tashkilotlariga esa 18 o'rin ajratildi. Qurultoy jarayonida Milliy Majlis tarkibiga quyidagi 32 nafar kishi saylandi: Ubaydulla Xo'jayev, Mustafo Cho'qayev, Toshpo'latbek Norbo'tabekov, Sadriddinxon Sharifxo'jayev, Qo'ng'irxo'ja Hojinov, Ismatulla Ubaydullin, Saidnosir Mirjalilov, Sherali Lapin, Said Ja'farboy Saidov, Islom Sulton Shoahmedov, Abdurahmonbek O'razayev, Hidoyatbek Yurali Agayev, Nosirxon To'ra, Mirodil Mirzaahmedov, Toshxo'ja Ashurxo'jayev, Abdulqodir Qushbegiyev, Obidjon Mahmudov, Jamshidboy Qorabekov, Solomon Abramovich Gersfild, Abdusamad Abdusalimov, Ubaydulla Derbisalin, Musa Akchurin, Mustafo Mansurov, Mahmudxo'ja Behbudiy, Ibrohim Dalshin, Muhammadjon Tinishboyev, Xalil Shirinskiy, Tolibjon Musaboyev, Kamol Rahmonberdiyev, Olimxonto'ra Shoirxonto'rayev, Sobirjon Yusupov, Odiljon Umarov va boshqalar. Biroq, Milliy Majlis raisi lavozimiga nomzodi ko'rsatilgan Sherali Lapin bu taklifhi rad etgach, bu mas'ul lavozimga qurultoyda boshqa kishi saylanmadi. Qurultoyda Turkiston Milliy Majlisi a'zolaridan Turkiston Muxtoriyati hukumati (8 nafar kishidan iborat) tuzildi. Yevropalik aholi vakillari orasidan ham nomzodlar uchun ularga yana 4 o'rin ajratildi. Hukumatning dastlabki tarkibiga quyidagilar kiritildi:

12 A'zamxo'jayev S. Turkiston Muxtoriyati: milliy-demokratik davlatchilik qurilishi tajribasi. - Toshkent: "Ma'naviyat", 2000. - 168-bet.

CP Q .C~ ^T.^ Cy

<f5lT>

1. Muhammadjon Tinishboyev [Muhamedjan Tinishpayev] (1879-1939) - Bosh vazir hamda Ichki ishlar vaziri, II chaqiriq Davlat Dumasining a'zosi, Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti a'zosi, yo'l muhandisi.

2. Islom Sulton Shoahmedov [Shohislom Shagisultonovich Shagiahmedov] (1882-1922) - Bosh vazir o'rinbosari, Butunrossiya musulmonlari Sho'rosi Ijroiya Komiteti a'zosi, huquqshunos.

3. Mustafo Cho'qay [Mustafo Cho'qay o'g'li; Mustafo Cho'qayev] (1890-1941) - Tashqi ishlar vaziri, Turkiston musulmonlari Markaziy Sho'rosi Ijroiya Komiteti a'zosi, huquqshunos.

4. Ubaydulla Xo'jayev [Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev] (1886-1942) - harbiy vazir, Butunrossiya musulmonlar Sho'rosi Ijroiya Komiteti a'zosi, huquqshunos.

5. Hidoyatbek Yurali Agayev [Hidoyatbek Yurg'uli Akayev] (1880-1918) - yer va suv boyliklari vaziri, agronom.

6. Obidjon Mahmudov (1871-1936) - oziq-ovqat vaziri, Qo'qon shahar dumasining rais o'rinbosari, tog'-kon sanoati mutaxassisi.

7. Abdurahmonbek O'razayev (1888-1937) - ichki ishlar vazirining o'rinbosari, huquqshunos.

8. Solomon Abramovich Gersfeld (1881-1918) - moliya vaziri, huquqshunos.

Tukiston Muxtoriyati hukumati tarkibiga 1917-yil dekabrda Nosirxon To'ra

[Nosirxonto'ra Kamolxonto'ra o'g'li] (1871-1935) - maorif vaziri sifatida kiritildi. Saidnosir Mirjalolov (1884-1937) hukumat xazinachisi bo'ldi. Shuningdek, Mirodil Mirzaahmedov ham hukumat tarkibiga kiritildi.13 Bundan tashqari hukumat tarkibida boshqa o'zgarishlar ham bo'ldi. Muhammadjon Tinishboyev Alash O'rda hukumati faoliyatida qatnashish uchun dekabr oyi boshlarida Orenburgga jo'nab ketgach, 12-dekabrda Mustafo Cho'qay uning o'rniga Bosh vazir lavozimini egalladi. Abdurahmonbek O'razayev ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi. Islom Sulton Shoahmedov Gersfeld o'rniga moliya vaziri, yirik sarmoyador Rafael Potelyaxov Obidjon Mahmudov o'rniga oziq-ovqat vaziri qilib, Obidjon Mahmudov esa yustitsiya vaziri bo'ldi. Polkovnik Magdiy Chanishev hukumatning harbiy kengashi raisi vazifasini egalladi. Magdiy [Mahdi] Muxamed-Rahimovich Chanishev aslida ufalik agronom bo'lgan. Harbiy ishlar vaziri bo'lgan Ubaydulla Xo'jayev lavozimi o'zgartirilib, u xalq militsiyasi rahbari va jamoat xavfsizligi vaziri lavozimini egalladi. Bundan tashqari hukumat tarkibiga etnik jihatdan Buxoro yahudiylariga mansub bo'lgan yirik sarmoyadorlar aka-uka Yakub Vadyayaev (1868-1936) va Sion Vadyayev (1878-1943) hamda "Yusuf Davidov" va "Knapp Zigell" savdo firmalarining vakili Abram Davidov ham kirirtildi.

13 O'zbekistonning yangi tarixi. 2-kitob. O'zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. Ilmiy muharrir: M.Jo'rayev. -Toshkent: "Sharq", 2000. B.53-54.

CMS

Qo'qon shahri 1918-yil yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshlarida Toshkent, Skobelev va boshqa shaharlardan keltirilgan bolsheviklarning harbiy kuchlari: qizil gvardiyachilar otryadlari va arman dashnoqlari drujinalari tomonidan o'rab olingan paytda Turkiston Muxtoriyati hukumati ichida yana o'zgarishlar yuz berdi. 1918-yil fevral oyi o'rtalarida Ulamochilar hukumatni egallashdi. Bosh vazir Mustafo Cho'qay va uning yaqin safdoshlari hokimiyatni tark etdi va Qo'qondan chiqib ketdi. 18-fevralda Qo'qon shahar mirshablarining boshlig'i(qo'rboshisi) Kichik Ergash (1885-1918) muxtoriyat hukumatida hokimiyatni egalladi. Kichik Ergash qo'rboshi 20-fevralda Qo'qon shahridan jang bilan chiqib ketishga majbur bo'ldi. U 18-22-fevralda Turkiston Muxtoriyati hukumatini boshqargan edi. O'lka bolsheviklari Turkiston Muxtoriyati hukumatiga katta xavf deb qarardi. Turkiston o'lkasi ishchi, askar va dehqon deputatlarining Toshkentda 1918-yil 19-26-yanvarda bo'lgan favqulodda IV syezdida muxtoriyat hukumatiga munosabat masalasi asosiy o'rinda turdi. Syezd Turkiston Muxtoriyati va uning a'zolarini qonundan tashqari deb hisoblab, vazirlarni qamoqqa olish haqida qaror qabul qildi. 30-yanvarda Turkiston O'lkasi Xalq Komissarlari Soveti Turkiston Muxtoriyatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Qo'qon yangi shahar Soveti raisi Bolshevik Yefim Babushkin (1880-1927) muxtoriyat hukumatiga qarshi boshlangan sovet hokimiyatining dastlabki qurolli tajovuziga rahbarlik qildi. Milliy matbuotning yozishicha, 31-yanvarda (yangi hisob bilan 13-fevralda) janglar boshlandi. O'sha kuniyoq Farg'ona, Andijon, keyinchalik Perovsk (hozirgi Qizilo'rda) shaharlaridan 200 nafardan ortiq askarlar Qo'qonga tashlandi. Farg'onadan keltirilgan harbiy otryadga Konstantin Osipov boshchilik qilgan. Keyinchalik, uning o'zi Toshkentda 1919-yil yanvarda bolsheviklarga qarshi isyon ko'targan edi. 14-fevralda Farg'ona viloyatida harbiy holat e'lon qilindi. Dastlabki jangda muxtoriyatning taxminan 1000 nafar kishidan iborat milliy qo'shinidan tashqari qo'qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan, bolta, cho'kich, ketmon, o'roq, tayoq ko'targan xaloyiqning soni 10000 kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil gvardiyachilarning Qo'qon shahriga qilgan hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. Ayrim vazirlar halok bo'ldi yoki dushman qo'liga tushib qoldi. Mustafo Cho'qayning keyinchalik yozishicha, "Bu paytda hukumat a'zolaridan Mirodil Mirzaahmedov, Abdurahmon O'razayev, Hidoyatbek Yurg'uli hamda men Qo'qonda edik... Nosirxon To'ra Namanganda, Harsfeld[Gersfeld] Samarqandda, Ubaydulla Xo'ja Ashxobod-Samarqand yo'lida, Obidjon Buxoroda, Shoahmadbek [Islom Sulton Shoahmedov] esa Qo'qon qo'rg'oni ichida ekan, bolsheviklar qo'liga tushib qolgan edilar".14

Bolsheviklar va sovet hokimiyati bu bilan cheklanmasdan muxtoriyat hukumatini yugatish uchun bu yerga qo'shimcha harbiy kuchlarni jo'natdi. 1918-yil

14 Mustafo Cho'qay o'g'li. Istiqlol jallodlari (1917-yil xotiralari). -Toshkent: G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992.-B.49.

°se<

CP Q -xP Q

19-fevralga o'tar kechasi Toshkentdan Turkiston o'lkasi harbiy komissari Y.Perfilyev boshchiligidagi piyoda, otliq, artilleriya qismlaridan iborat 11 ta eshelondan iborat qo'shin yetib keldi. Umumiy qo'mondonlik K.Osipov zimmasiga yuklandi. Shu kundan boshlab 3 kun davomida bolsheviklarning harbiy kuchlari shahar ustiga to'plardan yondiruvchi va kimyoviy snaryadlar yog'dirishdi. Shahar butunlay vayron bo'ldi va olov ichida qoldi. Qo'qonning o'zida 3 kun ichida 10000 nafardan ziyod kishi o'ldirildi. "Ulug' Turkiston" gazetasi chuqur qayg'u bilan xabar berganidek, "20 (7) fevral kuni Xo'qand (Qo'qon) tarixining eng daxshatli kuni edi. Bunda armanilar ayricha faoliyat ko'rsatganlar... " Gazetadagi ushbu maqola "Xo'qand -hozir o'liklar shahri" degan dahshatli ibora bilan tugaydi. 1918-yil 22-fevralda Qo'qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan "tinchlik shartnomasi" imzolandi. Ushbu shartnomaning ikkinchi moddasida "Aholi O'lka Xalq Komissarlari Soveti hokimiyati va barcha mahalliy sovet tashkilotlarini tan oldi", deb yozilgan edi. Ha, o'qqa tutilgan, o'ldirilgan, talangan va tahqir etilgan qo'qonliklarning tirik qolgan qismi sovet hokimiyatini tan olishga majbur bo'ldi. Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun umr ko'rgan bo'lsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga da'vat etdi. Bu hukumatning zo'rlik bilan ag'darilishi turkistonliklar tomonidan Sovet Rossiyasining Turkistonga nisbatan tajovuzkor rejalari mavjudligining yana bir dalili sifatida qabul qilindi. Turkistonliklar tinch yo'l bilan milliy davlatchilikni qayta tiklash mumkin emasligini tushunib, 1918-yil fevral oyining oxirida qo'llariga qurol olgan holda Turkistonda sovet rejimi va bolsheviklarga qarshi qurolli harakatni boshlab yubordilar. Sovet davrida "bosmachilik" harakati deb qoralangan turkistonliklarning mazkur milliy-ozodlik kurashi tarixga istiqlolchilik harkati sifatida kirdi.15

Turkiston Muxtoriyatini xalq tomonidan qo'llab-quvvatlanganini quyidagi misollar orqali ham ko'rishimiz mumkin: "Ulug' Turkiston" gazetasining yozishicha, 1-dekabrda Namangan uyezdida 100000 kishi qatnashgan namoyish bo'ldi. Namoyish qatnashchilarining bayroqlarida "Yashasin Muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati", deb yozilgan so'zlar hilpirab turardi. 6-dekabrda Jalolobod volostidagi Xonobod qishlog'ida muxtoriyat o'rnatilishi munosabati bilan namoyish bo'lib o'tdi. Bir necha mingdan ortiq kishi Fozilxon mozoridan to bozorga qadar yig'ilib turdi. Namoyishda Abdulla Eshon va Huseyn Validiy nutq so'zladi. Ular xalqqa muxtoriyatning tashkil etilishi va maqsadlarini tushuntirishdi. Bu yerda yangi hukumatga yordam uchun 500 so'm miqdorida iona puli yig'ildi. Muxtoriyat hukumati qisqa muddat ichida xalq o'rtasida katta e'tibor qozondi. Yangi hukumat faoliyati faqat Qo'qonda yoki Farg'ona vodiysida emas, balki butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqlar tomonidan qizg'in qo'llab-quwatlandi.

15 Rajabov Q. - Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis a'zolari hayoti va taqdiri. - T:"Bodomzor Invest", Toshkent, 2021, 7-17-betlar.

=>ggo o . ---oggc

.CP • .CP • ^¿c ^v.

<f54T>

Fitrat, Cho'lpon, Hamza singan shoirlarimiz hukumatni olqishlab she'rlar yozishdi. Fitrat muxtoriyat e'lon qilingan tunni "Milliy laylatulqadrimiz" deb atadi. 1917-yil 6-dekabrda Toshkentdagi Jome9 masjidida 60000 kishi ishtirok qilgan miting va katta namoyish o'tkazildi. Namoyish Saidg'ani Mahdum raisligida o'tdi. Munawarqori bilan Sherali Lapin uning muovinlari edi. Namoyishda Miyon Buzruk, Munawarqori, Mulla Odil, Sherali Lapin va boshqalar so'zga chiqishdi. Yig'ilganlar Muxtor Turkiston hukumatini bir ovozdan ma'qulladilar va Turkistonda endi ushbu muvaqqat hukumatdan boshqa hech qanday hukumatni tan olmaslikka qaror qilganliklarini e'lon qildilar.16

Xulosa o'rnida shuni aytish lozimki, Turkiston Muxtoriyati ota-bobolarimizning chin ma'nodagi mustaqil demokratik davlat qurish yo'lidagi istaklarining mahsuli edi. Xalq tomonidan iliq kutib olingan va qo'llab-quwatlangan muxtoriyat davlatchilik tariximizda muhim ahamiyatga ega. Bolsheviklar tomonidan katta xavf deb bilingan va iloji boricha muxtoriyatni tezroq yo'q qilish, xorijiy davlatlar bilan aloqalar o'rnatishiga yo'l qo'ymaslik uchun jon-jahdlari bilan harakat qilganlar, bunga erishganlar ham. Shunday bo'lishiga qaramasdan Turkiston Muxtoriyati va uni tashkil qilgan ajdodlarimiz xotirasi xalqimiz xotirasida abadiy qoladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ahmedov S. Rajabov Q. Jadidchilik // O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Tom 3. - Toshkent: "O'zbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2002.

2. A'zamxo'jayev S. Turkiston Muxtoriyati: milliy-demokratik davlatchilik qurilishi tajribasi. - Toshkent: "Ma'naviyat", 2000.

3. O'zbekistonning yangi tarixi. 2-kitob. O'zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. Ilmiy muharrir: M.Jo'rayev. - Toshkent: "Sharq", 2000.

4. Mustafo Cho'qay o'g'li. Istiqlol jallodlari (1917-yil xotiralari). - Toshkent: G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992.

5. Rajabov Q. - Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis a'zolari hayoti va taqdiri. - T:"Bodomzor Invest", Toshkent, 2021.

6. Rajabov Q, Haydarov M. - Turkiston tarixi. - T:"Universitet", Toshkent 2002.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.