Pedagogning kasbiy deformatsiyasi va o'qituvchilar psixologik
salomatligini ta'minlash
Mirzamaxmud Xabibulloevich Quvataliev Umidjon To'lqin o'g'li Tolibov Andijon davlat universiteti
Annotatsiya: Mazkur maqolada pedagoglarning kasbiy deformatsiyasi va bu jarayondagi turli psixologik buzilishlarning kelib chiqish sabablari, uni bartaraf etish omillari keltirilgan.
Kalit so'zlar: pedagog, kasbiy deformatsiya, psixologik salomatlik, kuyish sindromi, emotsiogen omillar, psixoprofilaktik tadbirlar
Professional deformation of the pedagogue and ensuring the
psychological health of teachers
Mirzamakhmud Khabibulloevich Kuvataliev Umidjon Tolkin oglu Talibov Andijan State University
Abstract: This article presents the causes of the professional deformation of pedagogues and various psychological disturbances in this process, and the factors for its elimination.
Keywords: pedagogue, professional deformity, psychological health, burnout syndrome, emotional factors, psychoprophylactic measures
Ta'lim jarayonining asosiy markaziy figuralaridan biri sifatida pedagog shaxsi shakllanishi muammosi xozirgi zamon psixologiya fanining dolzarb mavzularidan biridir. Zero ta'limning sifati va samarasi pedagogik jarayonda faoliyat yuritayotgan kadrlarning har tomonlama tayyorgarligiga va kasbiy deformatsiyasiga bog'liqdir.
Pedagoglik kasbi - "Inson-Inson" turkumidagi kasblar sirasiga kirib, bu esa o'z navbatida shaxslararo munosabatlar natijasida emotsiogen omillarni yuzaga chiqishiga sabab bo'ladi. Psixoemotsional omillar ta'sirida kasbiy dezadaptatsiya va kasbiy yaroqsizlik holatlari kelib chiqishi tabiiydir. Psixologiya fanining asosiy kategoriyalaridan bo'lgan faoliyatning bir ko'rinishi mehnat faoliyatida, o'yin va o'quv faoliyati natijasida o'zlashtirilgan ko'nikma, malakalar amaliyotga ko'chadi. Amaliyotga tatbiq qilishnishida o'ziga xos muammolarning kelib chiqishi muntazam kuzatiladi.
Kasbiy deformatsiya (mehnatga moslashish, ko'nikish) - bu shaxsning yangi mehnat vaziyatini o'zlashtirishining ijtimoiy jarayoni bo'lib, unda shaxs va mehnat muhiti bir-biriga faol ta'sir ko'rsatadi va moslashuvchi-moslashtiruvchi tizimlar hisoblanadi. Ya'ni birinchi tomondan shaxs muayyan mehnat jamoasining kasbiy va ijtimoiy-psixologik munosabatlari tizimiga faol kirishib ketadi, o'zi uchun yangi bo'lgan ijtimoiy vazifalarni, qadriyatlar va normalarni o'zlashtirib oladi, o'zining alohida tutgan yo'lini tashkilot (mehnat jamoasi)ning maqsad va vazifalari bilan moslashtiradi, bu bilan o'zining xulqini mazkur ta'lim muassasaning xizmat yo'l-yo'riqlariga bo'ysundiradi. Ikkinchi tomondan shaxs o'zida avvaldan qaror topgan muayyan maqsadlar, qadriyatli muomala yo'nalishiga ega bo'ladi, shularga muvofiq korxonaga bo'lgan o'z talablarini shakllantiradi. Shaxs va ta'lim muassasasi o'z talablarini amalga oshira borib, o'zaro bir-birlariga ta'sir ko'rsatadilar, bir-birlariga moslashadilar, buning natijasida mehnatga moslashuv jarayoni amalga oshiriladi.
Deformatsiya tushunchasi, odatda, organizmga ta'sir etuvchi va unda muhim xarakter xususiyatini hosil qiluvchi o'zgarish sifatida talqin qilinadi. Ko'pgina tadqiqotchilar "Inson-Inson" tipidagi kasblarda kasbiy deformatsiyaning paydo bo'lishi va shakllanishini ta'kidlaydilar. Insonning muayyan mehnat muhitiga moslashuvi uning kundalik muomalasida, mehnat faoliyatining aniq ko'rsatkichlarida, mehnat samaradorligida, ijtimoiy axborot va uning amalda ro'yobga chiqarilishida, faollikda namoyon bo'ladi. Mehnatga moslashish birlamchi bo'lishi (xodimning mehnat muhitiga kirishida) va ikkilamchi (kasbni almashtirgan va almashtirmagan holda ish o'rnini almashtirishida yoki muhitning jiddiy ravishda o'zgarishida) bo'lishi mumkin. Ular murakkab tuzilishga ega bo'lib, quyidagi moslashuvlardan iboratdir:
1. Kasbiy moslashuv - shaxsning kasbiy ko'nikmalar va malakalarni muayyan darajada egallashida, unda ayrim kasbiy jihatdan zarur hislatlarning shakllanishida, xodimning o'z kasbiga nisbatan barqaror ijobiy munosabatda bo'lishining rivojlanishida ifodalanadi. Kasb sohasidagi ish bilan tanishuvida, kasb mahorati ko'nikmalarini, funktsional vazifalarni sifatli bajarishida va mehnat sohasidagi ijodkorlikda namoyon bo'ladi.
2. Ijtimoiy-psixologik moslashuv - ta'lim muassasasining ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini o'zlashtirishda, unda qaror topgan o'zaro munosabatlar tizimiga kirishda, uning a'zolari bilan o'zaro ijobiy hamjihat bo'lishda o'z ifodasini topadi.
3. Ijtimoiy-tashkiliy moslashuv - ta'lim muassasasining tashkiliy tuzilishi, boshqaruv tizimi va ishlab chiqarish jarayoniga, hizmat ko'rsatish tizimini, mehnat va dam olish rejimini o'zlashtirishni bildiradi.
4. Madaniy-maishiy moslashuv - bu mehnat tashkilotidagi turmush xususiyatlari va bo'sh vaqtni o'tkazish an'analarini o'zlashtirishdir. Bu moslashuv xususiyati
ishlab chiqarish madaniyati darajasi, tashkilot a'zolarining umumiy rivojlanishi, ishdan bo'sh vaqtdan foydalanish xususiyatlari bilan belgilanadi.
5. Psixofiziologik moslashuv - bu xodimlar uchun mehnat vaqtida zarur bo'ladigan shart-sharoitlarni o'zlashtirish jarayonidir.
Ushbu moslashuv jarayonlarida shaxsning individual-tipologik xususiyatlari, motivatsiyasi, yo'nalganligi, emotsional-irodaviy jihatlari, ehtiyojlarining turfa ko'rinishga ega ekanligi pedagog shaxsida "Kuyish sindromi", ya'ni doimiy emotsional zo'riqish bilan bog'liq bo'lgan emotsional, jismoniy va aqliy to'yinishni o'zida mujassamlashtirgan murakkab psixofiziologik fenomen vujudga kelishiga sharoit yaratadi. Mazkur sindrom depressiv holat, charchoq hissi va loqaydlik, shijoat va entuziazmning yetishmasligi, o'z faoliyatining ijobiy tomonlarini ko'ra olmaslik ishga va umuman hayotga nisbatan munosabatda salbiy ustanovkalarda namoyon bo'ladi. Bu jarayonda pedagoglar psixologik salomatligiga xavf soluvchi quyidagi omillarni sanab o'tish lozim:
- pedagogik jamoadagi zo'riqishlar va nizolar, jamoa tomonidan qo'llab-quvvatlanishning yo'qligi;
- pedagoglarning o'z ustida ishlashiga sharoit yaratilmaganligi va ta'lim novatsiyalarini joriy etish muhitining yo'qligi, faoliyatdagi bir xillik;
- pedagogik jamoa tomonidan yetarlicha e'tibor berilmasligi va tan olinmaslik;
- ta'limiy vositalarning tanqisligi tufayli zo'riqish;
- pedagoglardagi pedagogik faoliyat modelining real holati va idealdagi holatidagi tafovutlarning borligi;
- kasbiy karteraning va istiqbolning yo'qligi;
- o'quvchilarning motivatsiyalashmaganligi natijasida kelajakni ko'ra bilmaslik;
- pedagogning shaxsiy nizolari va noto'liqlik hissi.
Rus psixologi N.V.Klyuev tahriri ostida nashr qilingan "Pedagogicheskaya psixologiya" darsligida pedagoglarning psixologik salomatligini saqlashga qaratilgan faoliyatning olti jihatini ajratib ko'rsatilgan:
1) o'ziga nisbatan ijobiy munosabat;
2) shaxsning optimal darajadagi taraqqiyoti, rivojlanishi va o'zligini namoyon qilishi;
3) psixik integratsiya;
4) shaxsiy mustaqillik;
5) atrof muhitni real idrok etish;
6) atrof-muhitga adekvat ta'sir o'tkaza olish.
Ta'lim muassasalarida amaliyotchi psixolog sifatida xizmat ko'rsayotgan psixolog pedagogik faoliyatdagi hissiy toliqish sindromi quyidagi sababalar bilan bog'liq ekanligini psixoprofilaktik tadbirlar natijasida tushuntirish ishlari olib borib simptomlarni kelib chiqishi:
1. Informatsiyaning haddan ziyod ko'pligi;
2. Vaqtni to'g'ri taqsimaslik;
3. Metodik ta'minotning noto'liqligi;
4. Qaror qabul qilishning vaqtga bog'liqligi;
5. Pedagogik jamoadagi ma'suliyatning noto'g'ri taqsimlanganligi;
6. Pedagogik jamoadagi noturg'unlik va boshqalarga nisbatan tolerant munosabatni shakllantirish orqali amalga oshiradi.
Buning uchun kasbiy psixoprofilaktika quyidagi vazifalarni bajaradi:
1. Ma'lumotli - asosiy maqsad kasbiy yangiliklar haqida ma'lumotlar bazasini shakllantirish.
2. Tashkiliy - turli ta'lim muassasalaridagi ishni to'g'ri taqsimlanishi.
3. Adaptiv psixoprofilaktika - shaxsning kasbiy moslashuvi, ya'ni pedagogik jamoaga moslashuvini o'z ichiga qamrab oladi.
4. Pedagoglardagi depressiyani oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar.
5. Pedagogik jamoadagi hamkorlik buzilganda, nizolar yuzaga kelganda olib boriladigan korrektsion profilaktika.
6. Kasbiy reabilitatsiya.
7. Shaxsdagi kasbiy yo'nalganlikni oshirishga qaratilgan manipulyativ profilaktika.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. N.P.Anikeev Jamoada ruhiy muhit.-.: T "O'qituvchi", 1993 y.
2. SH.A.Do'stmuhammedova O'qituvchilarning o'quv faoliyatlarini boshqarish psixologiyasi.-.: T , 2000 y.
3. Z.T.Nishanova Psixologik xizmat.-.: T, 2015 y.
4. Boynazarovna, A. S. (2022). Innovatsion faoliyat va axborotlar bilan ishlashga ijtimoiy-madaniy adaptatsiya hosil qilish muammosining psixologik asoslari. Ta'lim fidoyilari, 21, 73-77.
5. Oqilova, K. (2021). PEDAGOGLARDAGI EMOTSIONAL TOLIQISH VA UNI BARTARAF ETISH YO 'LLARI. INTEGRATION OF SCIENCE, EDUCATION AND PRACTICE. SCIENTIFIC-METHODICAL JOURNAL, 307310.