PEDAGOGIK HAMKORLIK ASOSIDA O'SMIR YOSHDAGI O'QUVCHILARDA IJTIMOIY ROLLARNI TARKIB TOPTIRISH IMKONIYATLARI Tojiboyeva Xilolaxon Maxmutovna
O'zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti direktorning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha o'rinbosari, pedagogika fanlari doktori (DSc), katta ilmiy xodim
https://doi.org/10.5281/zenodo.10115410
Annotatsiya. Ushbu maqolada gender yondashuv asosida o'smir yoshdagi o'quvchilarda ijtimoiy rollarni tarkib toptirishyo'llari, vositalari, ta'sir etuvchi omillar haqidafikr yuritilgan. Shuningdek, maqolada ijtimoiy rollar taqsimotining asosini biologik omillar tashkil etishi ta'kidlangan.
Kalit so'zlar: gender yondashuv, gender madaniyat, ijtimoiy rollar, o'smir yoshdagi o'quvchi, gender ong, ijtimoiy-pedagogik omillar, vositalar, pedagogik imkoniyatlar, gender stereotiplar.
Аннотация. В данной статье на основе гендерного подхода обсуждаются способы, средства и факторы воздействия на формирование социальных ролей у школьников-подростков. В статье также говорится, что биологические факторы составляют основу распределения социальных ролей.
Ключевые слова: гендерный подход, гендерная культура, социальные роли, школьник-подросток, гендерное сознание, социально-педагогические факторы, инструменты, педагогические возможности, гендерные стереотипы.
Abstract. In this article, based on the gender approach, the ways, means, and influencing factors of forming social roles in adolescent students are discussed. The article also states that biological factors form the basis of the distribution of social roles.
Keywords: gender approach, gender culture, social roles, adolescent student, gender consciousness, socio-pedagogical factors, tools, pedagogical opportunities, gender stereotypes.
Pedagogik hamkorlik, ya'ni sinergetika yangi tushuncha sifatida pedagogikaga kirib kelar ekan, u bevosita falsafa va sotsiologiya bilan bog'lanadi. Chunki, insonning hamkorlikdagi faoliyati muayyan jamiyat hayoti bilan bog'liq tarzda amalga oshadi. Bu shun i anglatadiki, jamiyat hayotida inson uchun hamkorlikda faoliyat ko'rsatish quvvati bilan bir qatorda, hamjihatlikda rivojlanish imkoniyati ham mavjud. Pedagogik hamkorlik doirasida o'z qiyofasini o'zgartirish tushunchasi ham amal qiladi. Agar yangicha ijt imoiy davr shaxsning o'z-o'zini saqlashi, yangi sharoitga moslashishi g'oyasiga asoslansa, zamonaviy inson o'zining yangicha mohiyati va mavqeiga asoslangan holda faoliyat ko'rsatadi.
Bugungi kunga kelib an'anaviy gender stereotiplar ijtimoiy voqelik ta'sirida o'zgarib bormoqda. Globallashuv natijasida ommaviy madaniyatning tobora kengroq hududlarni qamrab olayotganligi tufayli gender madaniyatning o'ziga xos shakllari diffuziyaga uchramoqda. Gender madaniyatning taraqqiyoti ham progressiv va regressiv xarakterga ega. Shunga ko'ra gender madaniyatning o'zgarib borayotganligi ushbu yo'nalishda izlanishlarni amalga oshirish, ayniqsa o'smir yoshdagi o'quvchilarda ommaviy madaniyatga qarshi immunitetni shakllantirishda gender yondashuvga tayanish zaruriyatini kuchaytirmoqda.
Shaxsning gender identifikasiyasi va ijtimoiy rollarining unga muvofiqligi masalasi kun sayin dolzarblashmoqda. Gender madaniyatning bugungi kunda o'z yechimini kutayotgan
muammolarini pedagogik nuqtai nazardan yondashgan holda aniqlash yosh avlodni ma'naviy-axloqiy tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Axloqiy madaniyat o'zining gender xususiyatlariga ega. Bunda ayollar uchun bajarish mumkin bo'lgan xatti-harakatlar, qadriyatlar bilan bog'liq holda ajratib ko'rsatiladi. Biroq ularning ayrimlarini erkaklar bajarishlariga yo'l qo'yilmaydi. Estetik madaniyat ham gender xarakterga ega. Chunki ayollar va erkaklar orasida go'zallik o'zaro farqlanadi. Ham hayotda ham san'atda bu farq yaqqol ko'rinadi[1].
Islom dini tamoyillariga ko'ra ayollar va erkaklarga xos bo'lgan stereotiplar mavjud. Jinslarga xos xatti-harakatlarning aksariyati asrlar davomida qadriyat darajasiga ko'tarilib, bugungi kunga qadar etib kelgan. Mazkur qadriyatlarning aksariyati o'zbek xalqining turmush tarzi, urf-odatlariga singib ketgan. Bu ayollar va erkaklarning kundalik ehtiyojlari, hayotiy faoliyatlari, ijtimoiy turmush va muayyan tarixiy sharoit talablariga ko'ra erkaklar va ayollarga xos rollarning o'zaro o'rin alshmashinishi, erkaklik va ayollik modellarida namoyon bo'ladigan milliy an'analarda o'z ifodasini topadi.
Ko'rinib turibdiki, gender - madaniyatning ajralmas qismi bo'lganligi uchun ham bugungi kunda "ommaviy madaniyat"ning bir bo'lagi sifatida namoyon bo'lmoqda. Bunda ko'zga tashlanayotgan eng muhim holat gender rollar va gender qiyofalarning almashayotganligidir [2]. Bunday almashinish ayniqsa o'smir yoshdagi o'g'il va qiz bolalar qiyofasida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Ma'lumki, o'smir yoshdagi o'g'il va qiz bolalar ongiga "ommaviy madaniyat" jadallik bilan ta'sir ko'rsatmoqda. Bu esa gender ongning o'zgarishiga olib kelmoqda. Shuning uchun ham biz bugungi O'zbekiston jamiyatida gender qiyofalarning shakllanishida "ommaviy madaniyat"ning ta'sirini tahlil etishga harakat qilamiz. Shu asosda gender ziddiyatlarni bartaraf etish orqali o'smir yoshdagi o'quvchilar ongida genderga xos qarashlarni tarkib toptirishning pedagogik vositalari, usul va metodlarini tatbiq etish maqsadini amalga oshiramiz.
Shu maqsadda biz o'smir yoshdagi o'quvchilarda "ommaviy madaniyat"ga qarshi immunitetni shakllantirish maqsadida gender ongning o'ziga xos jixatlari va ijtimoiy voqelikning unga ko'rsatadigan ta'sirini ham refleksiv metodlar yordamida aniqlashga intildik [4]. Erkaklik va ayollik ijtimoiy voqelikning tarkibiy qismi sifatida muayyan madaniy ustanovkalar, xulq-atvor me'yorlari, ijtimoiy rollar, qadriyatli yo'nalishlar, erkak va ayollarga xos bo'lgan xatti-harakatlar majmuini mujassamlashtiradi.
O'z tabiatiga ko'ra milliy madaniyat asrlar sinovidan o'tgan qadriyatlar majmuidir.
Yuqorida ta'kidlaganimizdek, "ommaviy madaniyat" o'smir yoshdagi o'g'il va qiz bolalarga ham sezilarli darajada ta'sir ko'rsatmoqda. Gender xususiyatlar bolalarda ijtimoiylashish jarayonida shakllanadi. Katta bo'lgan sari bolalar ularga qanday xulq-atvor stereotiplari va faoliyat turlari xosligini bilib oladilar. Shu bilan bir qatorda jinsiy xususiyatlari bilan bog'liq holda qanday rollarni bajarishi kerak, qaysilarini bajarish xos emasligini ham anglab yetadi. O'g'il va qiz bolalarning jinslariga ko'ra rollari xulq-atvor shakllarida namoyon bo'ladi. Bularning barchasi ko'plab o'zgarishlar bilan bog'liq. Shunday o'zgarishlardan biri madaniyatdagi o'zgarishlardir.
O'g'il va qiz bolalar orasida turli farqlar ular xulq-atvorining manbai hisoblanadi. Bunday farqlar mehnat taqsimotini to'g'ri tashkil etish uchun zarur hisoblanadi. Mehnatning taqsimlanishi bir qator holatlarning vujudga kelishiga asos bo'ladi. Masalan, qaxr-g'azabning vujudga kelishi, g'amxo'rlik ko'rsatish, rivojlanishga bo'lgan ehtiyojning vujudga kelishi kabilar. Gender xususiyatlar asosan o'smirlik yoshida yaqqol namoyon bo'ladi [3]. Chunki bu yoshda o'quvchilar ijtimoiylasha boshlaydilar. Natijada ular xulq-atvorning o'ziga xos jihatlari va faoliyatning
muayyan turlarini egallay boshlaydilar. Natijada o'smirlar qanday rollar unga to'g'ri kelishi, qaysilari to'g'ri kelmasligini anglab yetadilar.
Jamiyat hayotining bir maromda kechishi uchun muayyan muvozanatni saqlash zarur. Bu tabiiy resurslar, jamiyat a'zolari tomonidan yaratilgan moddiy qadriyatlar va demografik ko'rsatkichlardir. Bu dalillar jamiyat a'zolarining xulq-atvoriga ta'sir ko'rsatib, ular orasida rollarning taqsimlanishiga asos bo'ladi. Ijtimoiy rollar taqsimotining asosini biologik omillar tashkil etadi. Aynan xulq-atvordagi farqlar atrof-muhitdagi shart-sharoitlarni aniqlovchi omil hisoblanadi. Bu muayyan qoidalarga asoslangan xulq-atvor ko'rinishlari bo'lib, o'g'il yoki qiz bolalarga xosligi namoyon bo'ladi. Bu madaniyatni ifodalovchi xatti-harakatlar majmui bo'lib, teskari aloqani ifodalaydi.
Bunday xulq-atvor shaxsning e'tiqodlari, ustanovkalari, qadriyatlarini namoyon etadi. Turli madaniyatlarda tashqi muhitga xos bo'lgan turli sharoitlar namoyon bo'ladi. Shunga ko'ra gender xususiyatlar ham madaniyat bilan bog'liq holda shakllanadi.
Ayni bir madaniyatda erkak va ayollarning tengligi va ular orasidagi farqlar e'tirof etilsa, bu hayot tarzi va psixologik xususiyatlarda ham o'z ifodasini topadi. Boshqa bir madaniyatda jinslar va ularning xatti-harakatlari orasida keskin farqlar mavjudligi namoyon bo'ladi. Bunday psixologik xususiyatlar ularning hayot davomiyligini ta'minlash va yosh avlodni rivojlanishi uchun g'amxo'rlik qilishida ham aks etadi. U yoki bu madaniyatda ustuvorlik qiladigan gender farqlar turli yo'nalishlarga ham ega. Ayni bir madaniyatda barcha qarorlar erkaklar tomonidan qabul qilinib, ayollar unga bo'ysunsa, boshqa bir madaniyatda asosiy tendensiyalar qarama-qarshi xarakter kasb etishi mumkin.
Madaniyatning bunday modeli boy, rang-barang gender taraqqiyotning ta'minlanishini tavsiflaydi. Shu bilan bir qatorda aniqlangan gender farqlar krossmadaniyatning barqarorligi bilan izohlanadi. Bu muayyan madaniyat uchun xos bo'lgan hayot tarzi bilan bog'liq holda u yoki bu jins vakillari xulq-atvorida qat'iylashadi. Gender farqlar ijtimoiy-madaniy yondashuvlar bilan bir qatorda biologik modellarni ham o'z ichiga oladi.
Bugungi kunda OAVda jamiyatda qabul qilingan gender rollar keng targ'ib qilinmoqda. Gender stereotiplarning shakllanishiga ayniqsa televideniya va reklamalarning ta'siri katta bo'lmoqda. An'anaviy gender rollarning o'zgarishi hayot tarzining buzilishiga olib kelmoqda. Bunday buzilishga yoshlar katta xissa qo'shmoqdalar. Boshqa bir tomondan bunday ta'sir yoshlarda ommaviy ongning shakllanishiga katta xissa qo'shmoqda.
Jamiyat hayotiga bosqichma-bosqich ayol va erkak noan'anaviy qiyofasining kirib kelishi gender munosabatlar subyektlarida tolerantlikka asoslangan munosabatlarning shakllanishiga asos bo'lmoqda. Milliy madaniyatimizda asrlar davomida jamiyat a'zolari ongida erkak va ayollarga xos xulq-atvor stereotiplari, urf-odat va ustanovkalar shakllangan. Bunday xulq-atvor stereotiplariga jamiyatning aksariyat vakillari qat'iy amal qilib kelmoqdalar. Ular o'ziga xos madaniyat vakillari sifatida e'tirof etilmoqdalar.
Xulq-atvorning yangicha modellari shakllanishida shaxsning ijtimoiylashuviga o'ziga xos tarzda ko'maklashayotgan ommaviy madaniyat alohida xissa qo'shmoqda. Mazkur vositalar yoshlarda yangicha gender xulq-atvor stereotiplari shakllanishiga xizmat qilmoqda. Bu sohada nodavlat telekanallar, ijtimoiy tarmoqlarning ahamiyati katta bo'lmoqda. Erkak va ayollarga xos rollar OAV orqali targ'ib etilmoqda.
Ommaviy axborot vositalari ayollar va erkaklarga xos zamonaviy rollarni targ'ib qilish orqali yosh avlod ayniqsa o'smirlar ongiga katta ta'sir ko'rsatmoqda. Natijada ularda "ommaviy
madaniyat"ga xos xulq-atvor stereotiplari, ustanovkalar, e'tiqodlar tarkib topyapti. Shuning uchun ham o'smirlarda jamiyat ehtiyojlari va talablariga mos xulq-atvor stereotiplarini shakllantirishda OAVning mas'uliyatini oshirish talab qilinmoqda.
Ayni paytda bu o'smir yoshdagi o'quvchilar tomonidan jamiyatda qabul qilingan genderga xos madaniy stereotiplar sifatida idrok etiladi. Gender rollar va stereotiplar qanchalik barqaror bo'lmasin, "ommaviy madaniyat" ta'sirida OAV yordamida ommalashadi va keng auditoriyalarga mo'ljallanadi. Bunday auditoriyalarda asosan o'smir yoshdagi o'quvchilar va talaba yoshlarning ishtiroki nazarda tutiladi.
O'g'il va qiz bolalarning ijtimoiylashish jarayoni bir-biridan keskin farq qilib, ulardan jinsga xos rollarni o'zlashtirishni talab qiladi. Jinsga xos rollar - ijtimoiy xulq-atvor modeli bo'lib, talablar, stereotiplar, shart-sharoitlar majmui bo'lib, o'g'il va qiz bolalarga yo'naltiriladi.
Bugungi kunda o'g'il va qiz bolalarda gender stereotiplarning shakllanishida ijtimoiy tarmoqlar katta ta'sir ko'rsatmoqda. O'smir yoshdagi o'g'il va qiz bolalar gibrid madaniyatga xos bo'lgan rollarni o'zlashtirishda alohida tashabbus ko'rsatmoqdalar.
Bunda reklamaning o'rni beqiyos bo'lib, qizlarga xos bo'lmagan turli kiyimlar, taqinchoqlarni tavsiya qilsa, o'g'il bolalar uchun noodatiy bo'lgan soch turmaklari, liboslarni targ'ib qilishga katta o'rin ajratmoqda. "Ommaviy madaniyat"ning ta'siri o'g'il va qiz bolalarning nutqi, xatti-harakatlari, mimikasi, soch turmaklari va intilishlariga o'z ta'sirini ko'rsatmoqda.
O'smirlarning tasavvurida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar xaqiqiy olamni namoyish qiluvchi asosiy vosita sifatida taassurot qoldirmoqda. Ular o'zlari uchun jozibali bo'lgan narsalarni ijtimoiy tarmoqdan izlamoqdalar. Ular olayotgan axborotlar o'g'il va qiz bolalar uchun xos bo'lmagan stereotiplarni xam taqdim qilmoqda.
Ayniqsa, qiz bolalar uchun xos bo'lmagan xulq-atvor stereotiplarini ular ongiga singdirish jadal kechmoqda. Qizlarga xos bo'lgan an'anaviy sifatlar inkor qilinib, ularni zamonaviylashtirish targ'ib etilmoqda. Bu esa qizlar xulq-atvorida meshchanlik, moda ketidan quvish, dag'allik, milliy an'analarga xos bo'lmagan kiyinish tarzi, oilaga behurmatlik, uni qadriyat darajasida idrok etmaslik kabi salbiy sifatlarni tarkib toptirmoqda. Aksariyat qizlar o'g'il bolalarga xos kiyimlar kiyish, sochlarini erkakcha turmaklashni afzal ko'rmoqdalar. Ularning nutqida noodatiy iboralar keng qo'llanilmoqda. Chekish, spirtli ichimliklarni ichish, diskotekalarda o'g'il bolalar bilan birgalikda raqs tushish, bexayolikni targ'ib qilayotgan kinofilmlarni ko'rish, qizlar hayotining asosiy mazmuniga aylanmoqda. Yarim yalang'och kiyimlar, millatimizga xos bo'lmagan noodatiy soch turmaklari ham o'smir yoshdagi qizlar orasida keng tarqalmoqda. Bu esa qizlarga xos an'anaviy rollar va sifatlarni inkor qilmoqda.
Yuqorida ko'rsatilgan dalillarning barchasi o'smir yoshdagi o'quvchilarda pedagogik hamkorlik asosida "ommaviy madaniyat"ga qarshi immunitetni shakllantirish, ushbu maqsadga yo'naltirilgan pedagogik jarayonda madaniyatshunoslikka asoslangan yondashuvga tayanish, ushbu yondashuv doirasida o'smir yoshdagi o'quvchilarni ijtimoiylashtirishning pedagogik imkoniyatlarini kengaytirish kabi muammolarning yechimi alohida dolzarblik kasb etayotganligini ko'rsatadi.
REFERENCES
1. Hofstede G. Masculinity and Femininity: The taboo dimension of national cultures, 1998.
SAGE Publications Inc. 238 p.
2. https://www.yaneuch.ru/cat_08/gendernye-stereotipy-n-smjelzer/9817.579399.page1.html
3. Giddens Entoni._ Sotsiologiya. 1999 -704s.
4. Tojiboyeva X.M. "Gender yondashuv asosida o'smir yoshdagi o'quvchilarda "ommaviy madaniyat"ga qarshi immunitetni shakllantirishning pedagogik strategiyalari" // Monografiya. - Toshkent: "Tafakkur qanoti" nashriyoti, 2021. - 208 bet.