Abduraximov D.D.
Chichiq davlatpedagogika universiteti "Bolalar sporti" kafedrasi o'qituvchisi
O'YINNING MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLA FAOLIYATI SIFATIDAGI MOHIYATI VA UNING O'ZIGA XOSLIGI
Annotatsiya: ushbu maqolada o'yinning bola faoliyati sifatidagi mohiyati va o'ziga xosligi, maktabgacha ta'lim yoshidagi o'ziga xosliklari xususidagi fikrlar keltirilgan.
Kalit so'zlar: o'yin, diqqat, mashg'ulotlar, nutq, bolalar faoliyatini tashkil etish, ijodiy o'yinlar, qoidali o'yinlar.
Abdurakhimov D.D.
teacher
"Children'sSports" department Chichik State Pedagogical University
THE ESSENCE OF PLAY AS AN ACTIVITY OF PRE-SCHOOL CHILDREN AND ITS CHARACTERISTICS
Annotation: the importance of play as a child's activity in this article and ideas about specificity, specificity in preschool age.
Key words: games, attention, exercises, speech, organization of children's activities, creative games, rule games.
KIRISH
O'yin inson o'zligining namoyon bo'lishi, uning takomillashuv usulidir. O'yin kattalar hayotida muayyan o'rin tutar ekan, u bolalar uchun alohida ahamiyatga egadir. Uni «bolalikning hamrohi» deb atash qabul qilingan. U maktabgacha yoshdagi bolalar hayotining asosiy mazmunini tashkil etadi. Mehnat va ta'lim bilan uzviy aloqada bo'lgan holda yetakchi faoliyat sifatida namoyon bo'ladi. Bola shug'ulanadigan ko'pchilik jiddiy ishlar o'yin shaklida bo'ladi. O'yinda shaxsdagi barcha mavjud jihatlar ishga tushadi: bola harakat qiladi, gapiradi, idrok etadi, o'ylaydi. O'yin tarbiyaning muhim vositasi sifatida namoyon bo'ladi.
O'yin qadim zamonlardan beri pedagog, psixolog, faylasuf, etnograf, san'atshunos olimlar diqqatini o'ziga tortib kelgan bo'lib, jamiyat hayotida mehnatdan keyin turadi va uning mazmunini belgilaydi. Ibtidoiy jamoa qabilalari o'z o'yinlarida ovchilik, urush, dehqonchilik ishlarini aks ettirganlar. Masalan, o'sha davrdagi ba'zi qabilalarning sholi sepish jarayoni o'yinlar bilan juda katta tantana qilib amalga oshirilar edi.
MUXOKAMA VA NATIJALAR ■■■■^■^■■B
Ya.A.Komenskiy, K.D.Ushinskiy, A.S.Makarenko, P.F.Lestgaflarning g'oyalari hozirgi zamon bolalar o'yinlari nazariyasi uchun ham ahamiyatlidir. «Bolalar o'yini ko'p asrlik tarixga ega. Bu - deb yozgan edi K.D.Ushinskiy, -insonning o'zi tomonidan ishlab chiqilgan qudratli tarbiyaviy vosita va shuning uchun ham unda inson tabiatining haqiqiy ehtiyoji ifodalangan».[3]
Yan Amos Komenskiy o'yinni bola faoliyatining, uning tabiati va mayllariga to'g'ri keladigan zarur shakli deb hisoblardi. Uning fikricha o'yin -bolaning barcha qobiliyat ko'rinishlari rivojlanadigan jiddiy aqliy faoliyatdir, o'yinda borliq, dunyo haqidagi tasavvurlar doirasi kengayadi va boyiydi, nutq rivojlanadi. Bola o'yin davomida tengdoshlari bilan do'stlashadi. Ya.A.Komenskiy o'yinga quvnoq bolalik va bolani uyg'un rivojlanish sharti sifatida qarar ekan, kattalarga bolalar o'yinlariga e'tiborli munosabatda bo'lishni, ularga oqilona rahbarlik qilishni masalahat bergan edi.
P.F.Lestgaft bolalar o'z o'yinlarida tevarak-atrofdan olgan taassurotlarini aks ettiradilar, deydi.[2] Bunday faoliyat bolaning rivojlanishida katta ahamiyatga egadir. Shunday qilib o'yinning ijtimoiy voqea ekanligini, o'yinda tevarak-atrofdagi borliq aks ettirilishini ilg'or olim va pedagoglar o'zlarining kuzatish va ilmiy tadqiqotlari orqali isbotlab berdilar.
Ilk yoshli bolalar o'yin faoliyatining birinchi bosqichi tanishtiruvchi o'yin bo'lib, u narsa-buyum-o'yin faoliyatidir. Uning mazmuni qo'l ishidagi murakkab va nozik harakatlardir.
Keyingi bosqich aks ettirish o'yini hisoblanadi. Bu ilk yoshli bolalar o'yini psixologik mazmunining rivojlanishida eng yuqori nuqta hisoblanadi. Kattalar ta'lim-tarbiyaviy ishlarini ma'lum izchillik bilan olib borsalar, bu yoshdagi bolalar narsa va buyumlar nomini, nimaga ishlatilishini bilib oladilar va bu yangi bilimlarni oz o'yinlarida qo'llay boshlaydilar. Bu yoshdagi bolalar o'yini mazmuni jihatidan predmetli faoliyatni aks ettiradi. Birinchi yoshning oxiri va ikkinchi yoshdagi bolalar o'yinida syujetni aks ettirish yuzaga keladi. Bola qo'lidagi buyum bilan undan qanday foydalanish kerakligini aks ettiradi. Navbatdagi bosqich rolli o'yin bo'lib, unda bolalar o'zlariga tanish bo'lgan kattalar mehnati va kishilarning ijtimoiy munosabatlarini aks ettiradilar.
Bolalar o'yin faoliyatining bosqichma-bosqich rivojlanishi to'g'risidagi ilmiy tasavvurlar har xil yosh guruhlarida bolalarning o'yin faoliyatiga rahbarlikning aniq sistemali tavsiyalarni ishlab chiqish imkoniyatini yaratadi.
XULOSA
Maktabgacha ta'lim tashkilotlaridagi pedagogik jarayonda o'yinning tutgan o'rni juda katta bo'lib, o'yindan maktabgacha yoshidagi bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berishda keng foydalaniladi. Zero: o'yin bolalarning mustaqil faoliyati bo'lib, unda bolaning ruhiyati namoyon bo'ladi; o'yin maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar hayotini tashkil etish shaklidir; o'yin bolalarni har tomonlama tarbiyalash vositalaridan biridir; o'yin bolalarga ta'lim
va tarbiya berishning metod va usulidir; o'yin bolalarni o'quv faoliyatiga tayyorlash vositasidir.
Taniqli pedagog-olimlarning olib borgan tadqiqotlari o'yinga kompleks rahbarlik qilish orqali bolalar o'ynining mazmuni, tashkil etilishi, tuzilishi, bolalarning axloqiy munosabatlari, bolalar o'yinining rivojlanish darajasiga ta'sir etish mumkinligini ko'rsatadi. Zero, "Biz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi renessans poydevorini barpo etishdek ulug' maqsadni qo'ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Ibn Sinolar, Ulug'beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak"-deya ta'kidladilar davlatimiz rahbari.[1]
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 -dekabrdagi Oliy Majlisga Murojatnomasi Toshkent "O'zbekiston nashriyoti" 2021 -yil
2. F.R.Qodirova, Sh.Q.Toshpo'latova, N.M. Qayumova, M.N.A'zamova. Maktabgacha pedagogika. Darslik. Toshkent - 2017 yil
3. O'yin - bola faoliyatining asosiy turi. https://fayllar.org/10-mavzu-oym--bola-faoliyatining-asosiy-turi-reja.htm
4. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun o'yinlar. yoshdagi bolalar uchun o'yinlar. https://uz.unistica.com/maktabgacha-yoshdagi-bolalar-uchun-oyinlar/