O'quvchilarni tarbiyashda ijtimoiy fanlarni o'qitishni
didaktik imkoniyatlari
Sulaymon Amirqulovich Xaydarov
TMC Instituti
Annotatsiya: Ushbu maqolada ijtimoiy fanlar imkoniyatlaridan bu ta'sirni kamaytirish yo'lida foydalanish masalasi, ayniqsa, dolzarblashib borishi, ijtimoiy fanlar - kishilik jamiyati taraqqiyoti, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma'naviy sohalarining o'ziga xos xususiyatlarini tadqiq etish, bu jabhalarga doir bilimlarni shakllantirish, saqlash va translyatsiya qilish bilan shug'ullanuvchi ilmiy faoliyat haqida yozildi.
Kalit so'zlar: ijtimoiy fanlar, kishilik jamiyati taraqqiyoti, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma'naviy sohalar, translyatsiya, "monetizatsiya", g'ayriinsoniy g'oyalar, pedagogik texnologiyalar, standart talablar
Didactic possibilities of teaching social sciences in educating
students
Sulaymon Amirkulovich Khaidarov
TMC Institute
Abstract: In this article, the question of using the possibilities of social sciences in order to reduce this impact is especially relevant, social sciences are the development of human society, research of the specific features of its economic, political, social, and spiritual spheres, which written about the scientific activity involved in the formation, preservation and transmission of knowledge about aspects.
Keywords: social sciences, development of human society, economic, political, social, spiritual spheres, broadcasting, "monetization", inhuman ideas, pedagogical technologies, standard requirements
Global jamiyat bilan bog'liq tendensiyalarning shaxsga salbiy ta'siri tobora kuchayib borayotgan bugungi kunda ijtimoiy fanlar imkoniyatlaridan bu ta'sirni kamaytirish yo'lida foydalanish masalasi, ayniqsa, dolzarblashib bormoqda. Ijtimoiy fanlar - kishilik jamiyati taraqqiyoti, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma'naviy sohalarining o'ziga xos xususiyatlarini tadqiq etish, bu jabhalarga doir bilimlarni shakllantirish, saqlash va translyatsiya qilish bilan shug'ullanuvchi ilmiy faoliyat shaklidir. Qaysiki jamiyatda ijtimoiy fanlarning to'laqonli shakllanishi va rivojlanishi
uchun zamin yaratilsa, o'sha jamiyatda, birinchidan, ijtimoiy voqelikni ilm-fan pozitsiyasidan o'rganish, ikkinchidan, jamiyatdagi jarayonlarning mohiyatini o'z vaqtida va to'g'ri uqib olish, uchinchidan, ijtimoiy jarayonlardagi salbiy tendensiyalarni aniqlash, to'rtinchidan, turli ijtimoiy muammolarning sabab va oqibatlarini o'rganish, beshinchidan, jamiyat kelajagiga doir ilmiy bashoratlarni yaratish, oltinchidan, jamiyat a'zolari dunyoqarashini ijtimoiy manfaatlarga mos ravishda shakllantirib borish imkoni paydo bo'ladi. Eng muhimi, ijtimoiy fanlar inson shaxsini takomillashtirish, ya'ni uning hayotiy maqsadlarini shakllantirish, bilim, malaka va ko'nikmalarini rivojlantirish, e'tiqodini qaror toptirish, xulq-atvori va faoliyatini jamiyat manfaatlariga yo'naltirishning muhim omili bo'lib kelgan va kelajakda ham shunday bo'lib qoladi. Rivojlangan xorij mamlakatlarida ijtimoiy fanlarni o'rganish zamonaviy shart-sharoitlarda samarali hayot kechirish va faoliyat ko'rsatishning muhim omili sanaladi. Shu boisdan bu mamlakatlarda ijtimoiy fanlarni o'qitishning o'ziga xos tizimi shakllangan. Masalan, AQShda Leyk okrugi kolleji falsafa, sotsiologiya, ijtimoiy ish, antropologiya, tarix, siyosatshunoslik va psixologiyadan mutaxassislar tayyorlaydi. Salem davlat universitetida etika, ijtimoiy siyosat, menejment, huquqshunoslik va shu kabi ta'lim yo'nalishlari mavjud. Shimoliy Dakota davlat universiteti asosiy e'tiborni sotsiologiya va oilaviy terapiyaga qaratgan. Masalan, "QS World University Ranking by Subject 2015" jahon universitetlari reytingida Garvard universiteti, Kaliforniya universiteti, Viskonsin universiteti ijtimoiy fanlarni o'qitish bo'yicha yetakchilar sifatida qayd etilgan [1].
Ilg'or universitetlar huzurida ijtimoiy bilimlarni o'zlashtirishga moyil shaxslar, hatto xorij mamlakatlarining fuqarolariga mo'ljallangan o'nlab o'quv kurslari faoliyat ko'rsatadi. Masalan, birgina Yel universitetida "World Fellows" dasturi asosidagi o'quv kurslariga har yili 3 mingdan ortiq da'vogar hujjat topshiradi [2:14]. Bunday kurslar yordamida fuqarolar ijtimoiy bilimlarining oshirilishi AQShda fuqarolik jamiyatining misli ko'rilmagan darajada rivojlanishiga zamin yaratdi. Aqliy markazlar - gumanitar fanlarning ijtimoiy missiyasini yorqin namoyish etadigan fenomendir. CAP (Central Asia Program) loyihasi rahbari, fransiyalik olima Marlen Lyaruelga ko'ra, birgina Vashingtonning o'zida to'rt yuzdan ziyod aqliy markaz mavjud. AQSh poytaxti, jahon diplomatiyasining markazi bo'lmish Vashington bu jihatdan gumanitar soha vakillarini ohanrabo kabi o'ziga tortayotgan maskan hisoblanadi, chunki u yerda ilmiy karyera qurish va katta daromad topish imkoniyati mavjud. Bu aqliy markazlardan ko'zlangan pirovard maqsad esa Markaziy Osiyo davlatlari haqida bilimlar bazasini yaratib, bu bazani "monetizatsiya" qilish, ya'ni mintaqada ishlashni istagan tijoriy tashkilotlar, siyosiy tuzilmalarga sotish, qolaversa, Vashington elitasida mintaqa haqida aniq tasavvur hosil qilishdan iborat edi [3:28].
Yevropaning qariyb barcha yetakchi oliy ta'lim muassasalari ijtimoiy fanlarni o'qitish tizimida asosiy e'tiborni globallashayotgan dunyoda yuzaga kelayotgan
ijtimoiy muammolarni ilm-fan pozitsiyasidan tadqiq qilishga qodir mutaxassislarni tayyorlashga qaratmoqda. Masalan, Germaniyaning yetakchi ta'lim muassasalaridan biri hisoblangan Vitten universitetida falsafa, siyosatshunoslik va iqtisodiyotning turli yo'nalishlari bo'yicha bakalavrlar va magistrlar tayyorlash yo'lga qo'yilgan [4].
Ko'rinib turibdiki, jahonning ijtimoiy taraqqiyotga yuz tutgan barcha mamlakatlarida ijtimoiy fanlarga bo'lgan e'tibor yil sayin yuksalib bormoqda, uning imkoniyatlari, bir tomondan, jamiyat oldida turgan muammolarni tadqiq qilishga, ikkinchi tomondan esa, insonni shaxs sifatida shakllantirishga safarbar qilinmoqda. Bugungi kunda ijtimoiy fanlarni o'qitish masalasida mamlakatimizda qator masalalarni kun tartibiga qo'yish, ularni samarali va tizimli hal qilish zaru hisoblanadi. Birinchidan, ijtimoiy fanlarni o'qitishning uzluksiz tizimini shakllantirish va rivojlantirish zarur. Afsuski, keyingi yillarda ijtimoiy fanlarni uzluksiz o'qitish tizimiga darz ketdi. Umumta'lim maktablarida berilayotgan tahsilning atigi 5 foizi ijtimoiy fanlarni o'qitish bilan bog'liq. Oliy ta'lim muassasalarida ham bu borada ahvol yaxshi emas. Ayni paytda mamlakatda hanuzgacha oliy ta'limdan keyingi davrda fuqarolarni ijtimoiy bilimlar bilan qurollantirishga xizmat qiluvchi o'quv kurslari, markazlar qariyb mavjud emas. Buning ustiga ta'lim tizimining turli bosqichlarida tahsil berilishi nazarda tutilgan ijtimoiy fanlar o'rtasida uzviylik ko'rinmaydi. Natijada: a)ijtimoiy fanlarning shaxs dunyoqarashi va ma'naviy qiyofasini insonparvarlik g'oyalari asosida shakllantirish borasidagi qudratidan foydalanilmay qolinmoqda; b)shaxs jahondagi eng zamonaviy ijtimoiy bilimlardan xabardor bo'lish imkoniyatlaridan bebahra qolmoqda; v)shaxs e'tiqodini mustahkamlash, qadriyatlari tizimini insonparvarlashtirish jarayoni zaiflashmoqda; g) jamiyatda shaxsning ijtimoiy ahamiyatga molik fazilatlarining qaror topishi jarayoni susaymoqda, ularning shakllanish jarayoniga tarbiyaviy ta'sir ko'rsatish imkoniyatlari kamaymoqda; d)shaxsni ijtimoiy taraqqiyot maqsadlariga yo'naltirish, uni mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlarga safarbar qilish vazifasi bajarilmay qolmoqda; e)shaxsni postmodern jamiyatda ildiz otayotgan salbiy tendensiyalardan voqif qilish imkoniyatlari kamaymoqda; j)shaxsning turli g'ayriinsoniy g'oyalar ta'siriga tushib qolish xavfi kuchaymoqda. Ikkinchidan, oliy ta'lim muassasalarida ijtimoiy fanlarni o'qitishni bitta kafedrada va aniq fanlarga xos pedagogik texnologiyalar asosida amalga oshirish tajribasidan voz kechish kerak. Ijtimoiy fanlarning har biri inson shaxsining shakllanish jarayoniga o'ziga xos ta'sir ko'rsatishga qodir. Ijtimoiy fanlarni o'qitishning "bir nuqtadan" umumiy, standart talablar asosida amalga oshirilishi bu fanlar o'rtasidagi tafovutni yuvib yuboradi, ularning shaxsga ta'sirini kamaytiradi. Shuning uchun ham rivojlangan mamlakatlarda ijtimoiy fanlarni o'qitishga bunday yondashish deyarli uchramaydi.
Shu sababli ham bugungi kunda gumanitar bilimlarni dolzarblashtirish, soha vakillarini ijtimoiy muammolarni hal qilish jarayoniga jalb etish uchun, avvalo,
munosabat o'zgarishi lozim: jamiyatda o'tkir akademik va ijtimoiy bahslar uyushtirilib, tarixchi, tilshunos, jamiyatshunos va boshqalarning faoliyati taftish etilishi, talablarga ko'ra ijtimoiy buyurtma shakllanishi lozim. To'g'ri qo'yilgan maqsad to'g'ri natijalarga olib borishi ma'lum [3:30]. Ijtimoiy fanlar o'qituvchilari o'quv yuklamasining haddan ziyod ko'payib borayotgani talabalarni mustaqil shaxs sifatida shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo'lgan munozara, disput, suhbat, konsultatsiya tarzida mashg'ulot o'tkazish imkoniyatlarini cheklab qo'ymoqda. Ijtimoiy fanlarga texnokratik yondashuvning oqibatlari haqida professor Q.Nazarov quyidagicha fikr bildiradi: "Asosan, g'oyaviy ta'limga qaratilgan, ma'naviy kamolot manbai bo'lgan va pirovard natijada, davlat ishlariga moyil, siyosiy yetuk avlodni tarbiyalashga yordam beradigan ijtimoiy fanlarga ham ikkinchi darajali o'quv sohasi sifatida qaraladi. Ularga nisbatan texnokratik yodashuv ustuvor bo'la boshlaydi, bu fanlarning asl tarbiyaviy funksiyasi bir chetga qolib, dars yuklamalari va baholash tizimi texnik fanlar bilan tenglashtiriladi" [10:315]. Uchinchidan, ijtimoiy fanlar bo'yicha ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy-uslubiy markazlarni ko'paytirish kerak. Mamlakat ijtimoiy fanlari inson shaxsining kamol topish jarayonini takomillashtiruvchi, uni zamonaviy tendensiyalarning salbiy ta'siridan himoya qiluvchi omilga aylanishi uchun jahondagi ilmiy jarayonlardan chetda qolib ketmasligi, yuz berayotgan ijtimoiy jarayonlarni muntazam tadqiq etish imkoniga ega bo'lmog'i darkor. To'rtinchidan, ijtimoiy fan mutaxassislari tayyorlash tizimini ham takomillashtirish zaruriyati mavjud. Jamiyatda sodir bo'layotgan jarayonlarni ilmiy tahlil qilib berish, ijtimoiy taraqqiyot istiqbollariga doir bashoratlar tayyorlash, fuqarolar dunyoqarashini insonparvarlik g'oyalari asosida shakllantira borish uchun mamlakatda yetarli darajada faylasuflar, sotsiologlar, siyosatshunoslar faoliyat ko'rsatmog'i darkor. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta'biri bilan aytganda: "...ijtimoiy fanlarga e'tibor bermaslik oqibatida dunyoqarashi bir tomonlama shakllangan, o'zidan boshqani o'ylamaydigan, xalq, davlat va jamiyat tushunchalaridan begona bo'lgan va bugungi kunda chet ellarda "Boy berilgan avlod" deya atalayotgan yoshlar avlodi bizda ham vujudga kelmaydimi?" [11:234].
Bugungi kunda ijtimoiy fanlar postmodern jamiyat tendensiyalarining shaxs ma'naviy qiyofasiga salbiy ta'sirini kamaytirishga xizmat qiladigan eng muhim subyektiv omil vazifasini o'tamoqda. Shu boisdan ham jahonning barcha rivojlangan mamlakatlarida ularga bo'lgan e'tibor oshmoqda. O'zbekistonda ijtimoiy fanlarni shaxsni takomillashtiruvchi qudratli omilga aylantirish uchun ularni o'qitishning uzluksiz tizimini shakllantirish va rivojlantirish, oliy ta'lim muassasalarida ijtimoiygumanitar fanlarni o'qitishni bitta kafedrada va aniq fanlarga xos pedagogik texnologiyalar asosida amalga oshirish tajribasidan voz kechish, ijtimoiy fanlar bo'yicha ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy-uslubiy markazlarni ko'paytirish, mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish zarur bo'ladi. Postmodern
jamiyatdagi tendensiyalar bizdan ta'lim-tarbiya tizimiga yangicha yondashuvni talab qilmoqda. Avvalo, ilmiy muammoni va tadqiqot obyektini, mavzularini aniq belgilab olish zarur. Shundan keyin gumanitar fanlararo o'ziga xos "mehnat taqsimoti" va kooperativ aloqalarni amalga oshirish zarur bo'lsa, turli mutaxassislar jalb etilgan holda ilmiy laboratoriyalar tashkil qilinishi kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Стефанович М. Изучение общественных наук в США // www. hotcourses.ru.
2. Чему учили Навалного в США?// Аргументы и факты, 2018, №30.
3. Asanov E. Gumanitar fanlardan nima naf?// Tafakkur jurnali, 2021 yil 4-son.
4. Магистр философии, политики и экономики // www.masterstudies.com.
5. https://ru.wikipedia.org/wiki 6. https://philos.msu.ru/faculty_structure
7. VI Международный симпозиум "Гуманитарные и общественные науки в Европе: достижения и перспективы".// vsenauki.ru
8. Nazarov Q. Yoshlarni g'oyasizlik balosi hurujlaridan asrash - ma'naviy tarbiya ehtiyoji // "Yangilanayotgan O'zbekistonda ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtirishning falsafiy muammolari" mavzusidagi vazirlik miqyosida ilmiyamaliy anjuman materiallari, Termiz, 2020.
9. Mirziyoyev Sh. Yangi O'zbekiston strategiyasi.- T.:O'zbekiston, 2021. -464.
10.Khaydarov S,A. (2023). Using technologies in teaching social sciences. GALAXY INTERNATIONAL INTERDISCIPLINARY RESEARCH JOURNAL (GIIRJ), (pp. 305-309). 11(9).
11. Хайдаров, С. (2023). Pedagogik faoliyatda o'qituvchi o'zida kompetentlik sifatlarini shakillantirishi. Цифровизация современного образования: проблема и решение, 1(1), 64-67. https://inlibrary.uz/index.php/digitalization-modern-education/article/view/24652
12. Гайдаров, С. А. (2023). ТАРИХ ДАРСЛАРИДА САНЪАТ АСАРЛАРИДАН ФОЙДАЛАНИШНИНГ УСУЛЛАРИ. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 3(1/2), 92-96.
13. Khaydarov, S. A. (2021). The role of the use of fine arts in teaching the history of the country. International scientific and practical conference. CUTTING EDGE-SCIENCE. In Conference Proceedings (pp. 41-43).