Научная статья на тему 'MUSIQANING KINODAGI ROLI'

MUSIQANING KINODAGI ROLI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
21
5
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
kadrdagi musiqa / kadr ortidagi musiqa / musiqiy leytmavzu / musiqiy leytmotiv / shovqinli musiqa / kompilyativ musiqa / partitura musiqasi

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Shoxrat Charievich Amanmuradov

Maqola muallifi ovozli ifoda vosita (musiqa)ni kо‘rib chiqib, tahlil etadi. Maqolada musiqaning kinodagi roli batafsil tavsiflangan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MUSIQANING KINODAGI ROLI»

MUSIQANING KINODAGI ROLI

Shoxrat Charievich Amanmuradov [email protected] O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotatsiya: Maqola muallifi ovozli ifoda vosita (musiqa)ni ko'rib chiqib, tahlil etadi. Maqolada musiqaning kinodagi roli batafsil tavsiflangan.

Kalit so'zlar: kadrdagi musiqa, kadr ortidagi musiqa, musiqiy leytmavzu, musiqiy leytmotiv, shovqinli musiqa, kompilyativ musiqa, partitura musiqasi

ROLE OF MUSIC IN CINEMA

Amanmuradov Shokhrat Charievich [email protected] Uzbekistan State Institute of Arts and Culture

Abstract: The author of the article examines and analyzes the means of vocal expression (music). The role of music in cinema is described in detail in the article.

Keywords: music in the frame, music behind the frame, musical leitmotif, musical leitmotif, noisy music, compilation music, score music

Emotsional ta'sirning eng kuchli vositasi sifatida musiqa ekran ifodaviyligi uchun ahamiyatga molik salohiyatli imkoniyatlar taqdim etadi. Ekran musiqasining imkoniyatlari va xususiyatlarini bilish ovoz rejissoriga ovozli ifoda vositalarining butun arsenalini to'laqonli o'zlashtirish va uning ijodiy imkoniyatlari diapazonini kengaytirishda yordam beradi.

Musiqa filmning eng asosiy ovozli komponentlaridan biridir. Uni joriy etish variantlari juda ko'p bo'lishi mumkin.

Ovozli jo'rlik filmning tomoshabin tomonidan idrok etilishiga katta ta'sir ko'rsatadi. 1940 yildayoq amerikalik kompozitor Aaron Koplend (Aaron Copland) musiqa videoqatorni qanday to'ldirayotganini aniqlagan edi:

• makon va zamonning birmuncha ishonchli muhitini yaratadi

• psixlologik nafosatni ta'kidlaydi

• fon rolini bajaradi

• yuz berayotgan voqea-hodisalarning muttasillik hissini yaratadi

• yuz berayotganlarni ekranga muhrlaydi va unga tugallik hissini baxsh etadi [4].

Kinofilmning ovozli jo'rligi san'atini rivojlantirish kinosan'atining shakllanishi bilan deyarli bir paytda yuz bergan. Biroq, ko'p yillar davomida, ovozsiz kino davrida musiqa ko'p jihatdan tomoshabin qatorida nomigagina jo'rlik qilgan edi. Ammo uning shu ko'rinishidayoq unda tasvir, syujet va voqealar bilan o'zaro ta'sir shakllandi. Inson idroki va kechinmalari - qo'rquvi, shodligi, xursandchiligi va g'azabi kabi asosiy emotsional holatlari bilan bog'liq muayyan "musiqiy qoliplar" shakllandi. Musiqadan foydalanishning mazkur sohasini tavsiflar ekan, I.N.Voskresenskaya shunday yozadi: "kino voqealarining musiqa jo'rligida amalga oshirilishi ba'zan butun orkestrlar, ansambllar bilan, ammo ko'pincha alohida pianinochilar ijrosida kechgan, sababi ularni o'sha davrda illyustratorlar deb ataganlar. Ular odatda improvizatsiyani dasturli musiqa bilan uyg'unlashtirish tamoyili bo'yicha, ya'ni muayyan dastur asosida tuzilgan musiqa bilan ishlaganlar. Har bir filmga musiqiy jo'rlik tuzilgan, u shunday tuzilganki, unda bir yoki bir nechta asosiy mavzular (qahramonlar yoki voqealarning musiqiy tavsiflari) kino voqealari davomida takrorlanib, musiqiy obrazlarga aylangan va asarning bosh musiqa mavzusini yaratgan. Shunday qilib, ilk bor kinofilmning musiqiy leytmavzu va leytmotiv g'oyasi yuzaga kelgan" [1, 22-23].

Tovushning musiqiy komponent spetsifikasi shundan iboratki, u qandaydir konkret voqealar va voqeliklarni qayta yaratmaydi, u - "san'atni tasvirlovchi" emas. Musiqa tasavvurga badiiy obrazlarni oxirigacha tafakkur qilish imkonini beradi, u har doim ko'p ma'nolidir. Tasvir o'z mazmuniga ko'ra birmuncha "tushunarli" - biz ma'lum darajada ekranda aynan nima tasvirlangan bo'lsa, shuni ko'ramiz. Shu bois kinofilmda ovoz va tasvir o'zaro ta'sirga kirishib, bir-birini to'ldiradi: tomosha qatori tarkibiy ovozni konkretlashtiradi; o'z navbatida ovoz esa tasvir mazmunini boyitib, teranlashtirib beradi va unga spetsifik emotsional holatlar hamda ma'noviy matnostilar kiritadi.

Film musiqasini ichki kadrli va kadrorti turlarga bo'lish odatga aylangan. "Ichki kadrli" so'zlari ostida sahnadagi jarangi motivatsiyalangan musiqa tushuniladi, u kadrdagi konkret kechayotgan voqealar bilan izohlanadi. Masalan, ichki kadrdagi musiqa deb, kadrdagi tasvirga mos keluvchi o'ynoqi musiqa tushuniladi.

Ichki kadrli musiqa ham mazmun, ham sifat jihatidan syujetga bog'liq bo'lib, o'zining ifodaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, faqat u bilan cheklangan. Kinofilmning ichki kadrli voqeasi bo'lgan bunday musiqa odatda ekranda kechayotgan voqealar mohiyatiga chuqur kirib borishi bilan farqlanmaydi.

Ovoz va tasvirning o'zaro ta'siri ko'pincha sinonimik xarakter kasb etadi: ovoz to'g'ridan-to'g'ri ekran obrazlarining plastikasi bilan o'zaro munosabatga kirishadi. Ammo ularning o'zaro bog'liqligining o'zgacha tamoyili ham uchraydi - bu antonimik, unda jarang va ekrandagi tasvir ma'no yoki emotsional mazmun jihatdan o'zaro mos kelmay, kontrastlashadi va hatto dissonanslashadi. Uchinchisi,

kontrapunktik tamoyil - u kinofilmning ikki asosiy sohasining qarama-qarshi qo'yilishi va o'zaro kesishuviga asoslangan bo'lib, obrazli mazmunni kengaytirish, dramaturgik voqealarning "suvosti oqimi"ni ajratib ko'rsatishga hissa qo'shadi, bu esa ko'rsatilgan tamoyil zamonaviy kinematografiyaning eng muhim badiiy usuli ekanligini belgilab beradi [2, 52].

Kadrorti musiqasida jarangning butun arsenali, butun polifonik, garmonik, melodik va fakturaviy boyligidan birmuncha to'liq foydalaniladi. Kadrorti musiqasi qoidaga ko'ra, kinoasar ta'sirini kuchaytirib, uning obrazlarining emotsional-ifodaviy kuchini ko'taradi va tomoshabinga zarur mualliflik matnostini yetkazaib, teran fikr va kuchli tuyg'ularni ifodalash davomida umumlashtirish usuliga ega bo'ladi. Shunday qilib, momoqaldiroqni-tund past osmonni, unda suzib yurgan momoqaldiroq bulutlari va shamolning keskin esishini yetkazib beruvchi tasvirlar kadrlari - mos keluvchi musiqa bilan mustahkamlangan bo'lib, unda quturgan stixiya fojeasining mualliflik talqini mujassam bo'lib, shubhasiz yanada teran, kuchli emotsiyalarni uyg'otadi. Kadrorti musiqaning jarangi nafaqat tashqi sabab bilan motivatsiyalangan, balki ekranda ko'rsatilayotgan emotsional mohiyatni yorqinroq ochib berishdek ichki ehtiyoj bilan bog'liq bo'lishi mumkin.

Shovqinli musiqa muhim musiqiy kategoriyani namoyon etadi - u asl musiqiy va shovqinli komponentlar ijodiy sintezining mahsulidir. Mazkur vaziyatda shovqinlar o'zgaradi va umumiy musiqiy qonunlar bo'yicha rivojlanadi. Odatda bunday musiqa bastalanib, butun tarkibiy qismlarga puxta ishlov berish bilan yozib olinadi. Shovqinli-musiqiy birikmalar ko'pincha ekspromt singari aynan qayta yozish jarayonida hosil bo'lganiga oid vaziyatlar kam emasligi ma'lum.

Ovozli tomosha montajidan foydalanishning yangi tajribasi yangi zamon kinosanoatida keng namoyon bo'ladi. Bu yerda quyidagilar e'tiborni o'ziga tortadi: kompilyativ musiqa va boshqa mashhur usullardan foydalanish bilan bir qatorda, bu sohani faol o'zlashtirish va texnikalashtirish birdek kechmoqda. Tovush bezagi va tovushni qayta ishlash sohasida eng yangi texnologiyalar o'zlashtirilmoqda. Ovozli tomosha ishining ushbu rivojlanish bosqichiga tavsif beruvchi alohida yangi tushuncha va kategoriyalar paydo bo'ldi. Masalan, "shovqinli musiqa"dek muhim kategoriya ajralib chiqadi. A.Timofeyeva shunday yozadi: "Nomlanishining o'zidan aniqki, bu qandaydir konglomerat, asl musiqiy va shovqinli komponentlar ijodiy sintezining mahsulidir. Aytish joizki, shovqinlar ham o'zgaradi va umumiy musiqiy qonunlar bo'yicha rivojlanadi" [3, 35].

A.Timofeyevaning fikricha, tovush bilan ishlash uchun "texnik rag'bat bo'lishi, masalan, qisqa vaqt ichida studiyaning o'zida eng g'ayrioddiy tovush birikmalarining qayta yozuvini tanlab olish va montaj qilish imkonini beruvchi ovozli kutubxonali ishchi kompyuter stansiyalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu studiyada

ovozli qayta ishlash va ovozli effektlar maksimal darajadagi eng turfa qurilmalarga ega bo'lishi ham muhim" [3, 35].

Yangi texnik imkoniyatlar va an'anaviy ijodiy jarayon ("musiqiy partitura"ning yaratilishi) o'rnini bosuvchi yoki ko'p jihatdan osonlashtiruvchi ifoda vositalarini izlab topishning o'ziga xos formalizatsiyasi, musiqa va zamonaviy hayotning tezkor rejimidagi "shovqinli musiqa"ni qo'llash orqali turli vaziyatlarni modellashtirish uchun imkoniyatlar ochib berdi. Bu asnoda ovozli bezak film syujetining rivojlanishiga qarab egiluvchan va operativ tarzda variatsiyalanishi mumkin.

Mazkur imkoniyatni ikkita qiziqarli misol orqali A.Timofeyeva yaxshi ta'riflaydi: "bitta sahnaning o'zini undagi yo musiqa, yoki shovqin, yo bo'lmasa unisini ham, bunisini ham o'zgartirib, xarakter, kayfiyat jihatdan turlicha qilish mumkin. Masalan, qishki oqshom sahnasi. Kichik qishloq chekkasidagi kulbada olov yonmoqda. Bu sahnani albatta, faqatgina musiqa yordamida "qo'rqinchli" qilish mumkin. Agar ovozli manzaraga yana "kuchli izg'irin" ham qo'shilsa - sovuq bo'ladi; "yog'och kulbaning g'ichirlashi", "bo'rining uvillashi", "boyo'g'lining qichqirishi" - juda vahimali: qorni bosib kelayotgan og'ir qadamlar yaqinlashmoqda, bu esa havotir, muqarrar xavf hissini uyg'otadi. Ammo agar shu manzaraning o'zini musiqani o'zgartirib, boshqacha ovozlashtirilsa, u ma'no jihatdan mutlaqo teskari bo'lib qoladi. Masalan, kuchli emas, yengil "izg'irin" qo'shilsa; kaminda yonayotgan olovning chirsillashi (hatto agar u kadrda ko'rinmasa-da) iliqlik beradi; qo'shni uylardan eshitilayotgan yengil kulgu yoki qor o'ynayotgan bolalarning qiyqiriqlari yolg'izlik, qo'rquv hissini olib tashlaydi; o'tib borayotgan ot-aravalar qo'ng'iroqlarining ovozlari yangi yil kayfiyatini yaratadi. Va bu vaziyatda bosilgan qadamlardan yog'och polning g'irchillashi havotir hissini uyg'otmaydi, unga uyning fayzi, shinamligi qo'shilsa, butun muhit - tinchlik va xotirjamlik muhiti bo'ladi" [3, 35].

Shunday qilib, mos keluvchi shovqinli effektlarni tanlagan holda, videoqatorning samaradorligini maksimal darajada kuchaytirish mumkin. Shovqinli bezakning rang-barang effektlaridan foydalanib, sahnalarning emotsional bo'yog'iga, tomoshabin kayfiyati va idrokiga sezilarli ta'sir ko'rsatish mumkin.

Partitura musiqasi kompozitor tomonidan ekran voqealariga jo'r bo'lish uchun maxsus yaratiladi. Partitura musiqasida jarangning butun arsenali - butun polifonik, garmonik, melodik va fakturaviy boyligi birmuncha to'liq qo'llaniladi; unda muallif individualligi aniqroq va erkinroq namoyon bo'lishi mumkin. Original musiqa badiiy ekran obrazining organik qismi bo'lib, shu maqsadda maxsus taklif etilgan kompozitor tomonidan yoziladi.

Kadrorti musiqasi qoidaga ko'ra, kinoasar ta'sirini kuchaytirib, obrazlarining emotsional-ifodaviy kuchini ko'taradi va tomoshabinga zarur mualliflik matnostini

yetkazib, teran fikr hamda kuchli tuyg'ularni ifodalashda umumlashtirish qobiliyatiga ega bo'ladi.

Kadrorti musiqasi - kuchli badiiy vosita bo'lib, undan muvaffaqiyatli foydalanish mumkin, lekin buning uchun film muallifi tasvir qachon musiqiy she'riy chekinish yoki umumlashishni talab qiladigan lahzani aniq his etishi lozim.

Audiovizual loyihaning ovozli yechimi ustida ishlashning eng ko'p uchraydigan shakllaridan biri kompilyatsiyadir. Kompilyatsiya - bu yetarlicha murakkab ijodiy jarayon bo'lib, u avval yozilgan, tayyor konsert asarlari yoki disklarda chiqarilgan original musiqadan zarur musiqiy parchalarni tanlab olishni nazarda tutadi.

Loyihani kompilyativ musiqa metodi bilan bezashda shuni yodda tutish zarurki, har bir fonogramma ortida qattiq assotsiatsiyalar majmui "cho'ziladi" Ovozli partiturani yaratuvchi bu vaziyatni hisobga olishi kerak va u yoki bu musiqiy parchani tele yoki radiodastur kontekstiga savodli tarzda kiritishi kerak.

Musiqa sabab uyg'onadigan hissiy assotsiatsiyalar boyligi va rang-barangligi har bir insonning hayotiy tajribasiga, uning umumiy ma'naviy madaniyatiga bog'liq. Bu bitta musiqiy asarning o'zini turlicha talqin qilish bilan izohlanadi.

Kompilyativ musiqaning sezilarli xususiyatlariga uning qo'sh estetik tabiati mansubdir. U nafaqat tasviriy qatorni sezilarli ravishda transformatsiya qilishga, balki tasvirdan qat'iy nazar o'zgarishga qodir. Kompilyativ musiqa tanlashda odatda cholg'u musiqasining fonogrammasi ma'qul ko'riladi, sababi ularni kadrorti matn bilan muvofiqlashtirish qulay. Ammo bularning barchasi vokal asarlar parchalaridan foydalanish imkoniyatini cheklamaydi. Ba'zi vaziyatlarda film partiturasida aynan qo'shiq bosh musiqiy zveno, markaziy ovoz g'oyasi rolini o'ziga oladi, shuningdek, film mavzuiyligining asosiy manbaiga aylanadi.

Film va seriallarga yozilgan musiqiy jo'rlik ko'pincha o'zining dastlabki manbasidan alohida, hatto ba'zan uning mashhurligini ortda qoldirib yashaydi. Kinofilmlar uchun yaratilgan original saundtreklar (inglizcha Original Soundtracks) shunchalik mashhur bo'lib ketdiki, ushbu tushuncha ostida tarqalgan musiqa alohida janr sifatida ajratildi.

Har bir yangi kinoblokbasterga bir nechtadan pop-qo'shiq kiritish odatiy amaliyotga aylandiki, ular "singllar" deya nomlandi. Birinchidan, bu filmga kinofilm singlini ijro etuvchi u yoki bu pop-xonandaning muxlislari e'tiborini jalb etish imkonini beradi. Ikkinchidan, singllar taqdim etadigan musiqiy pop-madaniyatning yaqinlashuvi, va kino ko'pincha juda qiziqarli ijodiy natijalar beradi.

Zamonaviy hayotni doimiy ovozli fonsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Puxta o'ylangan, sifatli ovozli jo'rlik yordamida rasmiylashtirilgan kino, televideniye doimo tinglovchilar e'tiborini tortadi. Ovoz rejissyorining ishi kadr ortida qoladi, ammo shunday bo'lsa-da, aynan u bir olam ijobiy taassurot va hissiyotlar taqdim etadi.

Ovozli fon - bu hayotimizning ajralmas qismidir. Jamiyat madaniyati tovush orqali ham falsafa, ham san'at, ham bilim, ham inson shaxsining barkamol rivojlanishini topadi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Воскресенская И.Н. Звуковое решение фильма. М., 1978 -278 с.

2. Святышева А., Красноскулов А. «Синхронизация» звукового образа кинофильма // Южно-Российский музыкальный альманах. Ростов-на-Дону. 2006, №4 (25).

3. Тимофеева А. Шумовое оформление фильмов и телесериалов. 1 часть // Звукорежиссер. М., 2011, №4.

4. https://www.premiumbеat.com/blog/the-undeniable-emotional-impact-of-music-in-film/

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.