INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
ISSN: 2181-3868 SJIF-2023: 3.812 | ISI: 0.539 | VOLUME 2, ISSUE 1, 2024
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
MUMTOZ ADABIYOTDA PODSHOHLAR ZIKRI
Iroda Pardayeva
Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori e-mail: [email protected]
Annotatsiya: Turkiy tilda yaratilgan lirik, epik va nasriy adabiyotda rang-barang mazmun va mavzulardagi asarlarda zulmkor shaxslar badiiy talqiniga keng o'rin beriladi. Badiiy adabiyotda podshohlar va xonlar shaxsiga bo'lgan qiziqish turli tabaqa vakillarining ma'naviy dunyosi, adolatpeshaligi, siyosatchi va tadbirkorligi, maishiy hayotdagi qiyofasi masalalari har bir davr va siyosiy-ijtimoiy tuzumda o'ziga xos tarzda namoyon bo'lgan. Badiiy adabiyotda bu mavzuga murojaat etilishi ham siyosiy va ijtimoiy sabablar asosida yuz bergan.
Kalitso'zlar:payg'ambarlar, hakimlar, hukmdorlar, axloqiy-ta'limiy, pand-nasihat
https://doi.ors/10.5281/zenodo.13387410
Аннотация: В лирической, эпической и прозаической литературе, созданной на турецком языке, художественной интерпретации угнетателей отводится широкое место в произведениях различного содержания и тематики. Интерес к личностям царей и ханов в литературной литературе, духовному миру представителей разных сословий, юстиции, политиков и предпринимательства, вопросы их образа в повседневной жизни по-своему проявлялись в каждую эпоху и политико-общественный строй. Обращение к этой теме в художественной литературе произошло также по политическим и социальным причинам.
Ключевые слова: пророки, судьи, правители, нравственно-воспитательные, увещевания.
In lyrical, epic and prose literature created in Turkish, the artistic interpretation of the oppressors is given a wide place in works of various contents and themes. Interest in the personalities of kings and khans in literary literature, the spiritual world of representatives of different classes, justice, politicians and entrepreneurship, issues of their image in everyday life manifested themselves in their own way in each era and political and social system. This theme was also addressed in fiction for political and social reasons.
Key words: prophets, judges, rulers, moral and educational, exhortations.
Tarixdan ma'lumki, IX-X asrlarga kelib, Markaziy Osiyoda arab xalifaligining ta'siri ancha susaydi. Keyingi ikki asr davomida mahalliy zodagonlardan bo'lmish somoniylar, keyinchalik Yettisuvda tashkil topgan qoraxoniylar, xorazmshohlar, saljuqiylar asos solgan davlatlar paydo bo'ldi. Davlatchilik asoslarini yaratish, hukumatni va yurtni odil boshqarish uchun hukmdor tabaqaga turkiy tilda yaratilgan nizomlar, o'tmish podshohlari tarixi haqida ma'lumotlar, ijtimoiy tabaqalar talab va istaklarini tushuntirib beruvchi asarlar, xullas,
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
ISSN: 2181-3868 SJIF-2023: 3.812 | ISI: 0.539 | VOLUME 2, ISSUE 1, 2024
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
"dasturul - muluk" lozim edi. Shunday siyosiy ehtiyojni qondirish niyatida Yusuf Xos Hojibning "Qutadg'u bilig" dostoni yuzaga keldi. Ahmad Yugnakiyning bir asr keyinroq yaratilgan "Hibat ul-haqoyiq" dostoni ham ayni shunday ehtiyoj talablariga javoban yozilgan, "Qutadg'u bilig"ni mazmun jihatidan to'ldiruvchi asar edi.
Yusuf Xos Hojib va Ahmad Yugnakiy asarlarida feodal davlat idorasini qat'iy tartibga solish, uni mustahkamlash, hukmdor shaxslarning burchi va faoliyati qirralarini ko'rsatib, ularning boshqa ijtimoiy tabaqalar bilan o'zaro aloqalarini ta'riflash g'oyasi ilgari surilgan.
Shuningdek, ularda tarixiy hukmdor shaxslarning hayoti, zamonasining ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta'limiy xususiyatlari badiiy mujassamlashtirilgan.
Pand-nasihat, munozara va savol-javoblar tarzida yaratilgan bu asarlarning har bir bobi maxsus bir masalaga bag'ishlanadi. Davlat va hokimiyat, hukmdor va uning saroyi ahllari, ularning burchi va vazifalari xususida mulohazalar bildiriladi. Asarlarda hukmdor davlatning yagona rahbari bo'lib, uning amr-irodasi barcha uchun qonun, u xudoning xohishi bilan beklik mansabiga erishgan kishi, deb ta'riflangan. Ya'ni beklik sifatlari va fazilatlarini (idrok, farosat va pokiza ko'ngil) xudo ato etib, keyin muayyan shaxsni bek darajasiga etkazgan, degan mazmunda fikr yuritiladi.
Hamidjon Homidiy o'zining "Ko'hna Sharq darg'alari" asarida Yusuf Xos Hojib "Qutadg'u bilik" dostonida markazlashgan davlat uchun kurash, donishmand, adolatli hukmdor g'oyasini ilgari surganligi, davlat boshlig'i va fuqaro, olimlar va hokim munosabatlari, qo'shni davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalar, hukmdor tabaqalarning xalq oldidagi burchi haqida o'z davri uchun g'oyatda ilg'or bo'lgan ijtimoiy-falsafiy mushohadalar yuritilganligini qayd etadi [2,54].
Asarda komil inson, insofli amaldor, adolatli hukmdor, aqlli maslahatchi, qanoatli bo'lib etishish uchun nafsni yengib o'tishga kuchli istak va iroda bo'lishi lozimligi poetik obrazlar va ta'sirli lavhalarda ifoda etiladi.
Payg'ambarlar hayoti tasvirlanar ekan, ular keltirgan betakror mujdalar (xabarlar), o'zini azobga qo'yib bo'lsa-da, xalq uchun ezgu ishlarni amalga oshirish badiiy ta'riflanib, ibrat bo'ladigan taraflar keng yoritiladi. Payg'ambarlarning podshohlardan farqi shunda ko'rinadiki, ularning har bir amaliy harakatlari va o'ylagan fikrlari faqat ezgulik yo'lida insoniyatga foyda keltirishdan iboratdir.
Podshohlar esa katta davlat, mulk egasi bo'lib, xalqning ma'naviy tarbiyasidan ko'ra, ko'proq davlatning siyosiy daxlsizligi, chegaralarning xavfsizligi, yurtning farovonligini ta'minlashi lozim.
Turkiy tilda yaratilgan badiiy nasr namunalaridan biri Sayfi Saroyining "Gulistoni bit-turkiy" asaridir. Axloqiy-ta'limiy, ma'naviy-tarbiyaviy ruhdagi bu asarda zolim podshoh va amaldorlarni jilovlash, davlatni qat'iy qonun-qoidalar asosida boshqarish orqali kishilarning xulq-atvoridagi kamchiliklarni tugatish mumkin, degan mazmundagi fikrlar targ'ib etiladi. Eski o'zbek tilida yaratilgan ushbu erkin tarjima asarning o'ziga xosligi shundaki, unda nazm bag'rida nasriy parchalar, hikoyatlar bilan birga, manzum parchalar ham uchrab turadi. Muallif nasriy asarida she'riy parchalar keltirib xalq maqollari, masal, hikoyatlar, badiiy san'atlardan foydalanadi. U nasrdagi qofiya-sa'j usulini san'atkorona qo'llaydi. Asar 8 bobdan tashkil topgan bo'lib, 176 hikoyat, 442 she'r, 51 hikmat, 19 nasihat, 5 hikoyati manzum, 1 nuktadan
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
ISSN: 2181-3868 SJIF-2023: 3.812 | ISI: 0.539 | VOLUME 2, ISSUE 1, 2024
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
iborat. Asarning, asosan, birinchi bobidagi 35 ta hikoyatda hukmdorlarning umumiy timsoli yaratilgan bo'lib, bu timsol ikkinchi bobning to'rtta hikoyatida, beshinchi bobning bitta hikoyatida, xuddi shuningdek, oltinchi va sakkizinchi boblarning bittadan hikoyatlarida turli xil ko'rinishda ifoda etilgan. Birinchi bobdagi 35 ta hikoyatdan 10 tasida komil podshohlar madh etilgan va oltita hikoyatda zolim podshohlar ta'riflangan. "Gulistoni bit-turkiy"da, umuman, sultonlar, payg'ambarlar haqida so'z yuritilgan va real tarixiy prototip shaxslar obrazi ham o'ziga xos badiiy shakl va mazmun bilan asosiy qahramon darajasiga ko'tarilgan. Chunonchi, asarda Xorun ar-Rashid (202-bet,204-bet), No'shiravoni odil (204-betda), Buzurjmehr (204-betda), Iskandar (206-betda) Hotami Toyiy (204-bet, 244-betda) kabi tarixiy shaxslar badiiy obrazlari keltiriladi.
Nosiriddin Burxoniddin o'g'li Rabg'uziy o'zining "Qisasul-anbiyo" asarida nasriy bayondan so'ng nazmiy parchalarni keltirish bilan hikmatli baytlar, latifa va hikoyatlarga tez-tez murojaat etish uslubini qo'llagan. Asar g'oyasi payg'ambar-podshohlar haqidagi hikoyatlar orqali yoritilgan. Asarda rivoyat, hikoyat, latifalar orqali bashorat, savol-javob, hadis, foyda, aydi, aymishlar singari adabiy-tanqidiy tushuncha va istilohlar sarlavhachalar tarzida qo'llanilgan. "Qisasul-anbiyo"da imon va e'tiqodga sodiqlik, hirsu hasad, pok insoniy axloqning badnafslik, nohaqlik va qonxo'rliklar ustidan g'alabasi tasvirlangan. Asarda sharq qissa va afsonalari qayta ishlanib, jonli tasvirlar, manzarali lavhalar yaratilgan. Hikoyatlar ketma-ketligi bilan mavzu izchil yoritilgan. Payg'ambarlar haqidagi afsonaviy qissalarning asosiy qismi diniy xarakterda bo'lib, Rabg'uziy ularning ko'pchiligini Qur'oni karim va boshqa diniy manbalardagi mifologik syujetlar asosida yaratgan. Kitobda afsonaviy payg'ambarlar bilan bir qatorda, payg'ambarlashtirilgan shaxslar to'g'risidagi qissa va hikmatlar ham berilgan. Asar jami 72 qissadan iborat. Unda qissa, bayt, she'r, latifa, g'azal, hikoyat, bayon so'zlar, foyda, bashorat, pand-nasihat, munojot, hikmat, hadis kabi har xil janrlardan mahorat bilan foydalanilgan.
Abulg'ozi Bahodirxonning "Shajarai turk" asari ham tarixiy asar bo'lib, unda Chingizxon va uning avlodlari to'g'risidagi voqealar bayon etilgan. Mo'g'ul davlatining shakllanishi, mo'g'ullar qo'shinlari tarkibi, doimiy ravishda boshqa mamlakatlarni bosib olish uchun qilingan jang va urushlar tarixiy-xronologik jihatdan yoritib berilgan.
Mirzo Ulug'bekning "To'rt ulus tarixi" tarixiy asarida ham hukmdor timsoli mavjud bo'lib, unda tafsir va hadis kitoblari, rivoyatlardan foydalanilgan. Mirzo Ulug'bek asarni yozishda juda ko'p (tarix, jug'rofiya, astronomiya) kitoblarga murojaat etgan. Muallif mashhur shoirlarning she'riy parchalaridan foydalanganligini tilga olgan. Asar mo'g'ullar imperiyasining batafsil tarixini qamrab oladi. Ushbu manbalarning ba'zilari asarda aniq ko'rsatilmaydi. Olim asarini payg'ambarlar haqidagi maqtovlar-na'tlar bilan boshlagan. U o'ttiz uch xonning tarixini qisqacha bayon etadi. Chingizxon davrida turk qo'shinining tuzilishidagi tartib-qoidalar, intizom, qattiqqo'llik, mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid ma'lumotlar keltiriladi. Asar muqaddima, yigirma uchta payg'ambar, sakson sakkizta hukmdorning sultonlik zikri va ikkita tabaqaning zikridan tashkil topgan. Chig'atoy ulusining tarixi, hokimiyat uchun kurash voqealari, boshqa mamlakatlarni bosib olish tarixi xususida hikoya qilinadi, ma'muriy-ma'naviy islohotlar, ichki va tashqi siyosatda davlat rahbarining tutgan o'rni, xonlarga shaharlarning bo'lib berilishi, ularga laqablar qo'yilishi, qog'oz va tanga
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
ISSN: 2181-3868 SJIF-2023: 3.812 | ISI: 0.539 | VOLUME 2, ISSUE 1, 2024
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
pullarni zarb etish, feodallarning barcha mulkka egalik qilishlari, ov qilish uchun qo'shin chiqarib, har bir tutilgan hayvonga o'z tamg'alarini bosib, yana qo'yib yuborishlari to'g'risidagi qiziqarli ma'lumotlar ham asardan o'rin olgan. Mirzo Ulug'bekning hukmdorlar haqida yozgan ushbu tarixiy asarida ijobiy munosabat bildirilib, tasvirlangan timsol bu -Chingizxon obrazidir. Uning farzandlariga bergan nasihatlari, davlatni yuritishda olib borgan siyosati, o'z zamonasiga mos va xos bo'lgan harbiy harakatlari tabiati yoritiladi. Ushbu asar nafaqat tarixiy asar bo'lib qolmay, balki Chingizxonning pand-nasihatlari, yurtni boshqarish uslubi va usullari yoritilganligi bilan ma'rifiy-tarbiyaviy qimmatga ham ega. Asarda Chingizxon qo'shinlarining bosqinchiligi, zolimligi ham ko'rsatilgan. Xondamirning "Habib us-siyar", "Xulosat ul-axbor", Mahmud ibn Valining "Bahr ul-asror" asarlarining yaratilishida Ulug'bekning "To'rt ulus tarixi" asaridan foydalanilgan va mazmun jihatidan bu asarlar bir-biriga yaqin. Ularda Turkiston xonlari va Chingizxon, uning Chig'atoy ulusi tepasida turgan avlodi tarixiga va mo'g'ullar imperiyasi, ya'ni Chingizxon o'limidan keyin tashkil topgan kuchli sulola haqida ma'lumot beriladi.
XIV-XV asrga kelib, Hazrat Alisher Navoiy o'zining buyuk epik asari "Xamsa"dagi dostonlarda, shuningdek, bir qator nasriy asarlari: "Tarixi anbiyo va hukamo", "Tarixi muluki Ajam", "Munshaot", "Majolis un- nafois", "Nasoyim ul-muhabbat", "Mahbub ul-qulub"da payg'ambarlar, shohlar, hukmdorlar tasviriga alohida to'xtaladi, ular haqida o'z munosabatini bildirib, hokimiyat, davlat, xalq, jamiyat, boshqaruv usullari to'g'risida muayyan fikr-mulohazalarini bayon etib boradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Hayitmetov A. Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixidan. - Toshkent: Fan, 1970. - 331 b.
2. Homidiy H. Ko'hna Sharq darg'alari. - Toshkent: Sharq, 2004. - 352 b.
3. G'anieva S. Alisher Navoiyning "Majolis un-nafois" asari va samarqandlik shoirlar // O'zbek tili va adabiyoti, 1970.-№6.B. 24-28.
4. G'anieva S. "Munshaot"da davrning ba'zi ijtimoiy-siyosiy masalalari // O'zbek tili va adabiyoti, 1975.-№1. - B.11-15.
5. Pardayeva I. Shoh va buyuk shoir do'stligi. - Til va adabiyot.uz, 2024.-№9. -B.10-13.