MIRZO ULUG'BEK BUYUK OLIM VA DAVLAT ARBOBI
Shodiyeva A.Z.
talaba, NavDPI
https://doi.org/10.5281/zenodo.11160262
Mirzo Ulug'bek, uning to'liq ismi sharifi Muhammad Tarag'ay Shohruh o'g'li, Amir Temurning suyukli nabirasi Mirzo Ulug'bek. Ulug'bek - unga Amir Temur tomonidan berilgan taxallus hisoblanadi.U 1394-yilning 22-martida janubiy Ozarbayjonining Sultoniya shahrida tavallud topgan va 55 yil 7 oy 5 kun yashab, 1449-yil 27-oktyabrda Samarqandda qotillar qo'lida umri yakunlangan.
Amir Temur 1392-1396-yillari amalga oshirgan besh yillik yurishida 1394-yili Iroqdagi Mordin qal'asini qamal qilish chog'ida nevarasi Mirzo Ulug'bek tug'ilganligi haqidagi xabarni eshitadi va munajjimlardan bu nevarasining tole'ini aniqlashlarini so'raydi. Munajjimlar uning tole'i balandligini, ulug' hukmdor va olim bo'lishini bashorat qiladi va mars sayyorasining hayoti chizig'i yakuniga mos kelishiga ishora qilib, umrining yakuni fojea bilan tugashi mumkinligini ham qo'shib ketishadi. Amir Temur shu asosda nevarasini Muhammad Tarag'ay va Ulug'bek nomlari bilan atashni buyuradi va xursandchiligidan Mordin qal'asini qamaldan ozod qilib, ularga omonlik beradi [1]. Ulug'bekning otasi Shohruh Mirzo (1377- 1447) Amir Temurning o'g'li bo'lib, ajdodlari o'zbek millatiga mansub turkiy barlos urug'idan kelib chiqqan. Onasi G'iyosiddin Tarxon qizi Gavharshod Og'o [2].
Amir Temur nevarasi Muhammad Tarag'ayni go'dakligidan bilimdon tarbiyachilar qo'lida tarbiyalanishiga alohida e'tibor qaratgan. Tarixiy manbalarda uning tarbiyasini buvisi Saroy Mulk Xonim ixtiyoriga berganligi va u nevarasiga ilm berishga mashhur olimlarni jalb qilganligi haqida ma'lumotlar bor. Professor A.Ahmedov o'z tadqiqotlarida Ulug'bekning ilk ustozi mashhur matematik olim Qozizoda Rumiy bo'lganligini ishonarli dalillar bilan asoslab bergan [3].Ulug'bekning ustozlaridan yana biri munajjim Mavlono Ahmad bo'lganligini ham taxmin qilish mumkin, chunki bu kishi Temurning saroyidagi eng yirik olimlardan bo'lib, sayyoraning kelajagiga oid ikki yuz yillik taqvimlari jadvallarini tuza olgan. Lekin Ulug'bekning o'zi keyinchalik asosiy asari bo'lmish "Zij"ida faqat Qozizoda Rumiyni "ustozim" deb ataydi. Ulug'bek yoshligidan ilm o'rganishdan tashqari jismoniy mashqlar, otda yugurish, qilich chopish, yoy otish, suvda suzish bilan faol shug'ullanadi. Qur'onni yod olish mashqlarini tinimsiz takrorlaydi. Shu sababli uning xotirasi va zehni o'tkir,irodali bo'lgan. Bundan tashqari Amir Temur nevarasini ko'pincha o'zi bilan olib yurishni, uning aslzodalar odatlarini puxtaroq egallashiga sharoit yaratib,xos mehmonlarni kutish marosimlarida ham ishtirok
etishiga alohida ahamiyat bergan. Ulug'bek yoshligidan ulug' bobosining yonida yurib, saltanat manfaatlarini anglashni tushunib borgan, u o'z hayoti mobaynida adolatsizliklarga, cheklashlarga, toju-taxt talashishlardagi xiyonatlarga ko'p duch kelgan.
Ulug'bek jismonan chiniqqan inson bo'lgan, o'z davrida taxtga o'tirish uchun qozoqlik davrini, ya'ni ekstrimal sharoitlarda yashay olish davrini ham boshidan o'tkazgan. U bu haqida o'zining "To'rt ulus tarixi" asarida ma'lumot bergan [4]. Ulug'bekning xotirasi o'tkir bo'lib, kuchli analitik tafakkurga ega inson bo'lgan . U murakkab matematik amallarni ham yoddan bajara olgan. Ulug'bekning astronomik maktabi vakillaridan biri Koshonlik G'iyosiddin Jamshid Koshiyning hayrat bilan yozishicha, kunlardan birida Ulug'bek ot ustida quyoshning balandligini vaqt birligida o'lchab, quyoshdan tushayotgan nurning tekislikka nisbatan og'ish burchagini trigonometrik usulda yoddan hisoblab chiqara olgan ekan. Ayniqsa, astronomik observatoriyada olib borilgan hisob-kitoblarda bu qobiliyati unga qo'l kelgan. Hozirgi zamon fanlari nuqtai nazaridan ham bu hisob-kitoblar o'zining ishonchliligi va aniqligi bilan olimlarni hayratga solmoqda.
Ulug'bek o'z shogirdlari bilan birgalikda n sonining va sin1°ning qiymatini juda katta aniqlikda hisoblab chiqadi, unga ko'ra aylanaga ichki chizilgan ko'pburchakning burchaklari soni 3 228 gacha yetkaziladi va undan: 2n = 6,283 185 307 179 586 5 keltirib chiqarilgan. Jadval tuzishdan oldin Ulug'bek observatoriyasida to'plangan kuzatish natijalari statistik usulda umumlashtirilib, korrelyatsiya qilingan va yakuniy xulosalar chiqarilgan. Shuningdek, mazkur observatoriyaning qulay imkoniyatlaridan samarali foydalangan .Ulug'bek akademiyasi olimlari yulduz yilining ham eng aniq qiymatini hisoblab topishadi: bu qiymat 365 sutka, 6 soat, 10 minut, 8 sekundga tengdir. Bu qadar aniq xulosalarni olishda ishlatilgan matematik, trigonometrik va astronomik usullar hanuzgacha jumboqligicha qolmoqda.
Ulug'bekning aqliy qobiliyati, xususan, mantiqiy fikrlash tarzi ham nihoyatda kuchli bo'lgan. Mashhur shoir va adib Zayniddin Mahmud Vosifiy(1485-1566)ning[5] yozishicha, Ulug'bek haftaning bir kunida fuqarolarni shaxsiy iltimoslari bo'yicha qabul qilar ekan va bunday qabul kunlari fuqarolarning o'ta chigal muammolarini ham juda ustalik bilan yechib bera olganligini zamondoshlari hayrat bilan esga olishadi[6]. Ulug'bekning tafakkuri nafaqat tabiiy fanlar, xususan, matematika ilmini, balki ijtimoiy-siyosiy hodisalarni ham to'g'ri tahlil etishga qodir analitik tafakkur turiga mansub bo'lgan. U, temirshunos olim Turg'un Fayziyevning juda to'g'ri ta'kidlashicha, hukmdorlar orasida buyuk olim, olimlar orasida ulug' alloma edi[7] Ulug'bek vatanparvar inson sifatida turkiy xalqlar tarixi, madaniyati,
urf-odatlarini targ'ib etishga bag'ishlangan asarlar ham yozgan. "To'rt ulus tarixi" ana shunday asarlar jumlasidan.
Ulug'bek turkiy tilda yozilgan ma'naviy merosimizning kelgusi avlodlarga yetkazishga ham o'z hissasini qo'shgan. U o'zining hukmdorlik imkoniyatlarini ishga solib, 1444-yili Ahmad Yugnakiyning (XI-XII asr) "Hibat ul-haqoyiq" (Haqiqatlar tuhfasi) asarini qayta ko'chirtiradi. Ko'plab qimmatli asarlarni arab va fors tillaridan turkiy tilga tarjima qildiradi. Ulug'bek matematikaga va astronomiyaga oid ko'plab risolalarning muallifi hisoblanadi. Shuningdek, uning 1445-yili yozib tugallagan "Ziji jadidi Ko'ragoniy" ("Ko'ragoniy yangi astronomik jadvallari") asari Ulug'bek va Ulug'bek astronomik maktabiga, aniqrog'i Ulug'bek akademiyasiga olamshumul shuhrat keltirdi. Bu asarning ilmiy-ma'naviy qiymati bugungi kungacha ham o'zining ahamiyatini yo'qotmagan. Chunki, insoniyat tarixida ma'lum bo'lgan yulduzlar jadvallari ichida nisbatan mukammali mazkur "Zij" edi. Ulug'bekning jadvalida 1018 ta yulduzning aniq 43 koordinatlari berilgan bo'lib, bu katalog shu choqqacha dengizchilar uchun yulduzlarga qarab geografik koordinatlarni aniqlashda eng ishonchli vosita bo'lib kelmoqda.
Mirzo Ulug'bek tarixiy asarlar ham yozgan. Uning 1425-yili yozib tamomlagan "To'rt ulus tarixi" ("Tarix-i arba' ulus") tom ma'noda butun temuriylar saltanati egallagan mamlakatlar tarixini ifodalagan. Ulug'bek ibratli voqealardan hikoya qiluvchi rivoyatlar va she'rlar ham yozganligi haqida ma'lumotlar mavjud. Uning "Risolai Ulug'bek" deb atalgan asari hozir Hindistondagi Aligarx kutubxonasi qo'lyozmalar fondida saqlanadi, lekin u haligacha o'rganilmagan[8]. Bugungi kunda Ulug'bekning barcha asarlarini va Ulug'bek merosi haqidagi asarlarni ham bir joyga to'plab nashr qilish, milliy ma'naviy merosimizni asrash yo'lidagi eng dolzab vazifalardan biridir. Ulug'bek sferik astronomiya, trigonometriya, geometriya, algebra, kartografiya, tarix, manbashunoslik sohalarida ham o'ziga xos kashfiyotlar qilgan, ularni tizimga solish bugungi tadqiqotchilar oldidagi muhim vazifalardan hisoblanadi.
Ulug'bekning ma'naviy merosi bugungi kunda butun insoniyatga xizmat qilmoqda. U kashf qilgan kuzatish astronomiyasining tadqiqot metodlari hozirgi zamon astronomiya fanining muhim qurollari sifatida ishlatilmoqda. Uning rahbarligida ishlab chiqilgan astronomik jadvallar Yevropada yangi davr sivilizasiyasining taraqqiyotiga muhim tayanch bo'lib xizmat qildi. Okeanlar osha sayohatga chiqqan kemalar ham, bepoyon sahrolarni bosib o'tuvchi karvonlar ham Ulug'bekning jadvallaridan vaqtni va geografik koordinatlarini aniqlashda foydalanmoqda. Ulug'bek o'z atrofiga salohiyatli ilm ahlini to'play oldi. Ularning boshini biriktirib, astronomiya, matematika, mantiq, tarix va falsafa fanlari bo'yicha yirik ilmiy maktab, hozirgi zamon tili bilan ifodalanganda akademiyaning
faoliyatiga rahbarlik qildi. Bu maktabda taniqli olimlar Qozizoda Rumiy,G'iyosiddin Jamshid al-Koshiy, Ali Qushchi o'z faoliyatlarini olib borganlar. Shuningdek, bu maktabda Amir Temur davrida faoliyat olib borgan olimlarning falsafa, mantiq (Ma'sud ibn Umar Taftazoniy /1330-1390/), tarix (Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh), sosiologiya (Ibn Xaldun), geografiya va boshqa sohalarga oid ilmiy an'analar ham davom ettirilgan. Bu maktab (akademiya) Ulug'bekdan keyin ham bir qancha yillar davomida o'z faoliyatini davom ettirdi. Ayni paytda Ulug'bek turkiy xalqlarning ma'naviy merosini o'rganish, qimmatbaho yozma yodgorliklarni qayta ko'chirib, xalq orasida targ'ib qilish, tarixiy xotirani tiklash, milliy qadriyatlarni asrash masalalariga ham jiddiy e'tibor qaratgan. Madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, ulug' insonlarga maqbaralar qurdirdi.
Muhammad Tarag'ay Mirzo Ulug'bek butun hayoti davomida o'z umrini temuriylar saltanatini mustahkamlashga, jamiyatni barqaror qilishga, mamlakatda ilm-ma'rifatning tantana qilishiga, astronomiya ilmini insonlar uchun xizmat qildirishga bag'ishlagan. Bu borada u Buxoroda(1417), G'ijduvonda(1433) va Samarqandda(1417-1422) oliy ta'lim beruvchi madrasalar ochdi va madrasalar uchun salobatli inshoatlar, xalq uchun ko'priklar, ravon yo'llar bino qildi. Ilm ahlining, olimlar va ulamolarning jamiyatda qadr-qimmati oshishi uchun jonkuyarlik qildi.[9]
1428-1429-yillari Ulug'bek insoniyat tarixida yulduzlarning koordinatlarini aniq o'lchash bo'yicha mukammalligi bilan shuhrat qozongan astronomik observatoriyani (rasadxonani) qurishga rahbarlik qildi. Bu observatoriya silindrsimon shaklda bo'lib, diametri 48 metr, balandligi 35 metr bo'lib, unga radiusi 40 metrli va 90°li yoyga ega bo'lgan kvadrant joylashtirilgan. Observatoriyaning kuzatish o'zagini tashkil etagan kvadrant uslubidagi yoysimon uskuna haqida olimlar o'rtasida munozaralar ko'p. Tarixchi olima Feruza Shamukaramova "Mirzo Ulug'bekning hayoti va ijodi XX asr tarixshunosligida" deb nomlangan monografiyasida Ali Qushchining qo'lyozmalari, V.L.Vyatkin, O.S.Tursunov, M.S.Bulatovlarning fikrlariga asoslanib observatoriya uskunasini kvadrant edi, deb qayd etadi. Ayrim olimlar kvadrantning yer ostida qolgan bir qisminigina nazarda tutib, bu uskunani sekstant edi degan xulosaga kelishgan. Ammo, mazkur uskunaning yer ustidagi uch qavatli inshoatning ikkinchi qavatigacha ko'tarilgan qismini e'tibordan chetda qoldirishgan. Bu qismda ham kuzatish zinalari qo'yilgan bo'lib, yulduzlarning koordinatlarini ufq chizig'ida ham aniqlash imkoni bo'lgan.
Ulug'bekning dunyoqarashi va bilim doirasi keng inson bo'lgan. U tarixiy hodisalarni ham, san'at asarlarini ham yaxshi tushungan. Ko'p tillarni bilgan. Qur'onni va minglab hadislarni kichik yoshligidan to'liq yod olgan. U shariat qonunlarini yaxshi bilgan va fiqhda to'g'ri hukm chiqara olgan. Ayrim manbalarda
Ulug'bekning tafsir bo'yicha ham izlanish olib borganligi, shar'iy hukmlarni hanafiya mazhabi bo'yicha chiqarganligi aytiladi. U butun umri davomida ma'naviy, intellektual, ahloqiy va jismoniy taraqqiyot cho'qqisiga intilib, bu cho'qqilarni zabt etib yashagan buyuk shaxsdir. U, xoh u shoh bo'lmasin, hoh u olim bo'lmasin, o'z kasbining ustasi, professionali bo'lgan. Uning hayot yo'li yoshlarimiz uchun katta ibrat namunasi bo'lib xizmat qilishi mumkin. Ulug'bek merosini tom ma'noda chuqurroq o'rganishga yo'l mustaqillikdan keyin boshlandi.
YUNESKO rahnamoligida 1994-yili aprelda Parijda va oktyabrda Toshkent va Samarqand shaharlarida xalqaro konferensiyalar o'tkazildi, Toshkentda Ulug'bekka haykal o'rnatildi. Shu yili Ulug'bekning quyidagi asarlari nashr qilindi: "Ilmi nujum", "To'rt ulus tarixi", "Ziji jadidi Ko'ragoniy". Samarqandda Ulug'bek muzeyi tashkil qilindi, Ulug'bek observatoriyasi yonida Mirzo Ulug'bekka haykal o'rnatildi, O'zbekiston milliy universitetiga Mirzo Ulug'bek nomi berildi (1995).
Adabiyotlar:
1. Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. - T.: O'zbekiston, 1996. - B.19
2. Azamat Ziyo. O'zbek davlatchiligi tarixi: (Eng qadimgi davrdan Rossiya bosqiniga qadar). // Mas'ul muharrir B.Ahmedov. - T.: Sharq, 2001. - B. 357.
3. Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T.: O'zbekiston, 1996. - B.19
4. Mirzo Ulug'bek.To'rt ulus tarixi. -Т., 1994.
5. Hoji Ismatulloh Abdulloh.Markaziy Osiyoda islom madaniyati. - T.-. "SHARQ" NMAKBT, 2005.
6. Vosifiy. Badoe' ul vaqoe (Nodir voqealar). - T.: Fan, 1979.
7. Fayziyev T. Temuriylar shajarasi - Toshkent: Yozuvchi-Xazina, 1995. - B.
308.
8. Ahmedov A.Ulug'bek. -T.: Fan, 2005; Ahmedov A. Ulug'bek.T., 1991; Abdurahmonov A. Ulug'bek akademiyasi. - Т., 1994;
9. Кары-Ниязов Т.Н. Астрономическая школа Улугбека. - Т.: Фан, 1967.
10. To'rayev B.O. Muhammad Tarag'ay Mirzo (1394 - 1449).