MIKROFON - NUTQ KO'ZGUSI
Ernazar Yarbekov O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti
Annotatsiya: Ijrochilik san'atida mikrofondan foydalanish texnikasini mukammal egallagan ijodkordan yaxshi aktyor, xonanda va sozanda yetishib chiqishi ko'p bora isbotlangan holat bo'lib, bu jarayonda ovoz rejissori bilan ijodiy hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Ana shu ijodiy hamkorlik o'rnatilgan sharoitda yaratilgan musiqiy asarlar millionlab tinglovchilarni o'z ortidan ergashtirishda davom etaveradi. Mavzu ijrochilikda texnik imkoniyatlardan biri bo'lmish mikrofondan to'g'ri foydalanishning ba'zi qirralari haqida.
Kalit so'zlar: mikrofon, amfiteatr, eshitish moslamasi, egiluvchanlik, musiqa, takt, dinmik mikrofon, petlichka, elektrostatik, ovoz modulyatsiyasi, tembr, registr.
MICROPHONE - SPEECH MIRROR
Ernazar Yarbekov Uzbekistan State Institute of Art and Culture
Abstract: It has been proven that a good actor, singer and musician can become a good actor, singer and musician from a creator who has mastered the technique of using a microphone in performance art, and creative cooperation with a sound director is of particular importance in this process. Musical works created in the conditions of this creative cooperation continue to follow millions of listeners. The topic is about some aspects of the correct use of the microphone, which is one of the technical possibilities in performance.
Keywords: microphone, amphitheater, hearing device, flexibility, music, tact, dynamic microphone, petlich, electrostatic, sound modulation, timbre, register.
Bugungi zamon taraqqiyoti, fan, texnika va texnologiyalarning shiddatli rivoji jonli va tabiiy ijro maktabi san'ati yo'lida tarbiyalanayotgan bo'lajak san'atkordan sahnaning barcha sir-asrorlaridan voqif bo'lish bilan birga zamonaning texnik imkoniyatlaridan ham to'g'ri va unumli foydalana olish qobiliyatini talab etadi. Chunki bugungi kunning ijodkori juda ko'p va xilma- xil vazifalarni bajara olishi, turli vaziyatlarda ijod qila olishi zarur. Katta konsertlar o'tkaziluvchi sahnalardan tashqari ochiq maydonlardagi amfiteatrlarda, turli bayramlar va konsertlar o'tkaziluvchi sahnalarda, radio va televideniyeda ish olib borishlariga to'g'ri keladi. Va bunday vaziyatda san'at olamiga kirib kelgan texnik imkoniyatlardan biri va
asosiysi bo'lmish mikrofonga albatta duch kelishadi. Ana shu mikrofon atalmish texnika mo'jizasidan to'g'ri va unumli foydalana olish ijodning butun bo'y-basti bilan namoyon bo'lishini ta'minlab beruvchi birlamchi omildir. Afsuski bugungi kunda hamma san'atkorlar ham mikrofon bilan ishlash qobiliyatiga ega emasligi ba'zan yaqqol ko'zga tashlanib qolmoqda. Aynan tovushlar va so'zlarning aniq talaffuzini shakllantirishda mikrofon bilan ishlash katta ahamiyatga egadir. Chunki bu zamon talabi bo'lib bormoqda. Uning nozik sirlarini o'rganib, ijrochilarning mahoratini oshirishda mikrofon bilan ishlash muhim ekanligini hayotning o'zi ko'rsatmoqda.
Chunki ta'lim tizimi va tarbiyani rivojlantirishda interfaol usullarning ahamiyati kattadir. Mikrofon esa san'at ta'lim yo'nalishi turlarini rivojlantirishda interfaol usullarni qo'llashning asosiy vositalaridan biri bo'lib xizmat qiladi.
Mikrofon kundalik hayotimizga, avvalo, radio tufayli kirib keldi. Keyinchalik esa san'atimizning taraqqiyoti ko'p jihatdan mikrofonga bog'liq bo'lib qoldi. Mikrofon tufayli aktyorlar so'zlarini, xonandalar esa qo'shiqlarini millionlab tinglovchilarga yetkaza olish imkoniyati paydo bo'ldi. Xo'sh, ovozni kuchaytirib, jamoaga yetkazib beradigan bu texnikaga yaqinlashgan shaxs nimalarni nazarda tutishi kerak? Avvalambor, so'zlarni o'rinsiz takrorlashdan o'zini tiya olgan, adabiy til me'yorlariga e'tiborli, qayerda, qachon, kimga nima haqida, nega gapirayotganligini esda tutmoqlikni lozim ko'rgan odamgina mikrofon bilan to'g'ri ishlay oladi. Sahnada qo'shiq kuylayotgan, televideniye ekranida yoki radioda ijodkor albatta mikrofonni his qila olishi zarur.
Mikrofon bamisoli nutq ko'zgusidir. U ovoz tanlaydi. Hammaning ham ovozi mikrofonga tushavermaydi. Shu o'rinda sahnaviy ovoz va mikrofonbop ovoz haqida biroz fikr yuritsak. Sahnaviy ovoz barcha talabalarda shakllantirilishiga harakat qilinadi. Yuqorida aytganimizdek, mikrofon ovoz tanlaydi. Juda ko'p hollarda mikrofonbop ovozning tembranasi tabiatan berilgan bo'ladi. Lekin ovozning egiluvchanligi ustida ishlash orqali faqat sahnaviy deyilayotgan ovozni ham mikrofonbop ovozga aylantirish mumkin. Bunga erishish ijodkorni sahnada ham, mikrofon bilan ishlash jarayonlarida ham birdek faoliyat yurita olishiga zamin yaratadi.
Sahnada yoki radio va televideniyeda chiqish qilayotgan ijodkorning ovozi mikrofonga tushishi yoki tushmasligini ko'proq muxlislar aniq bilishadi. Mikrofon orqali chiqayotgan ovoz go'zal bo'lishi va har bir tovush aniq talaffuz etilishi lozim. Talaba bilan ovoz ustida mukammal ishlash ovozning tabiiyligi va sun'iyligini ajratib olish imkoniyatini beradi. Ovozdan unumli va ongli foydalana bilishning o'zi katta san'atdir. Uni egiluvchan qilish, istalgan vaqtda kerakli tomonga bura olish kabi xislatlarni rivojlantirish ijodkorga sayqal beradi va bu jihatlar uning, yuqorida ta'kidlaganimizdek, mikrofon bilan ishlash jarayonida ham juda asqotadi. Bu o'z
navbatida ijrochidan o'z ovozini yaxshi bilishni, uning hajmi, yutuq va kamchiliklarini o'rganishni va to'g'ri yo'lga solish uchun tarbiyalashni talab qiladi. Ovoz ustidagi tinimsiz mehnatning mahsuli esa tinglovchining unga bergan bahosida aks etadi.
San'at va madaniyat yo'nalishida o'qiyotgan talabalarni mikrofon bilan ishlashga o'rgatish o'qituvchiga ham, talabaga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Bo'lg'usi san'at namoyondalarining nutqdagi kamchiliklarini tuzatish, ularni diksiya va orfoepiya qoidalariga amal qilishga o'rgatishda mikrofon bilan ishlash qo'l keladi. Chunki mikrofon orqali jaranglayotgan ovozda barcha yetishmovchiliklar, nutqdagi ba'zi bir g'alizliklar, "s" va "sh" kabi sirg'aluvchi tovushlardagi kamchiliklar ochiq-oydin quloqqa chalinadi va nima ish qilish lozimligi, talaba va o'qituvchi jarayonga qanday yondashishlari kerakligi yaqqol ko'rinadi.
Talabalarning turli ovoz kamchiliklarini ko'proq qaysi texnikadan, aniqroq qilib aytganda, qanday mikrofonda eshitib aniqlash mumkin? Tasmali dinamik
mikrofonlar ovoz signalini uzatishda uni kamroq o'zgartiradi va uncha katta bo'lmagan elektron shovqinni ko'paytiradi. Bu jihat ijrochi ovozidagi tabiiylikni ochib beradi. Tabiiy jarangi topilgan ovozga qanday yondashish lozimligini, unga qanday bezak berish kerakligini ovoz rejissorlari darrov ilg'ab olishadi.
Zamonaviy mikrofonlar o'ta sezgirlik xislatiga ega. Bunday mikrofon bilan ishlash jarayonida ovozni ataylab kuchaytirish, ya'ni so'zlarni mikrofonsiz yetkazib berish uslubini qo'llagan holda talaffuz qilib bo'lmaydi. Biz mikrofondan chiqayotgan ovoz bilan tabiiy ovozning me'yorini va ular kuchi o'rtasidagi farqni bilishimiz shart. Ijrochi sahnada ovozni to'liq yo'naltirgan holatda ishlaydi. Agar biz ana shu ovozni mikrofon orqali chiqaradigan bo'lsak, bunda ovoz mikrofonga kuchlanish berib, musiqiy soflikni yo'qotadi.
Bundan tashqari mikrofon oldida ishlashni o'rganmoqchi bo'lgan ijrochi nafas mashqlarini bajarishi, ayniqsa, qorin pressi uchun ishlatiladigan mashqlarni bajarishi zarur. Biz bilamizki, bunday nafas havoni uzoq muddat ushlab turishga yordam beradi. Shunda har qanday matndagi jumlani oxirgi tovushini tinglovchiga yetkazib tugatish imkonini beradi.
Dinamik mikrofonlar va uning xususiyatlari haqida fikr bildirib o'tsak. Dinamik mikrofonlar bilan ishlashda nimalarga e'tibor berishimiz kerak? "Odatda dinamik mikrofonlar katta sahna markazlariga o'rnatiladi. Bu mikrofondan bir yoki ikkita ijrochi bir vaqtda foydalanishi mumkin. Aytaylik, konsert boshlovchisi parda ochilishidan avval sahnaga chiqib tomoshani boshlash uchun dastavval mikrofonga qarab keladi. Bunda boshlovchining holati qanday bo'lishi mumkin. Boshlovchi sahna ortida ijro etadigan matnini to'liq eslab oladi. Tashqi ko'rinishini tartibga solib, ichki ruhiyatini konsert ruhiyati bilan moslashtirib, sahna o'rtasidagi mikrofonga chog'lanadi. Mikrofon qarshisiga kelgan boshlovchi konsert boshlanmasidan avval
mikrofonni tekshirib ko'rmagan bo'lsa, uning dastlabki hayoli mikrofonga ketadi. Aytaylik, mikrofon ham soz holatda, lekin boshlovchi ichki hayajonini bosib ololmagan bo'lsa, uning ovozi mikrofon orqali to'lqillanib chiqa boshlaydi. Bunda u faqat o'zi gapirayotgan matnini va ovozini o'ylaydi, tomoshabin bilan muloqoti esa ikkinchi darajaga tushib qoladi. Konsertda jonli kuylamoqchi bo'lgan xonanda ham xuddi shu holatga tushadi. Biz yuqorida aytgan barcha unsurlardan xalos bo'lgan boshlovchi va xonanda endi birinchi obyekti mikrofonni, so'ng tomoshabinni ko'rishi kerak. Chunki u mikrofon orqali o'z san'atini tomoshabinga yetkazmoqda. Ovozni mikrofonga to'g'ri yo'naltirish tovushlarning toza chiqishiga imkon yaratadi. Agarda fikrlarni erkin ifoda qilmoqchi bo'lgan ijodkor sahna o'rtasidagi dinamik mikrofondan uzoqlashsa, uning tovushida o'zgarish sodir bo'ladi. Shuning uchun statik qo'yilgan dinamik mikrofondan foydalanayotganda ovozining yo'nalishi aynan mikrofonga to'g'rilanishi talab etiladi. Dinamik mikrofonlarning imkoniyatlarini to'liq bilish mikrofon ortida ishlayotgan har bir shaxs uchun o'ta zarur jihatlardan biridir. Dinamik mikrofonlar ijrochining ovoz apparati - lablaridan 30 santimetr uzoqda bo'lishi kerak". [4.B-24]
Ovoz kuchaytirgichlarga ehtiyoj kuchayib borgani sari, ularning turlari ham ko'paymoqda. Ulardan biri elektrostatik mikrofonlardir. "Elektrostatik mikrofonlar kondesator va elektredlar singari ikkiga bo'linadi. Mikrofonlar traktida hamisha quvvat va ovoz kuchaytirgich bo'lishi lozim. Elektrostatik mikrofonlarning kamchiligi ham bor. U doimiy ravishda elektr energiyasidan quvvat olishi lozim. Aytish joizki, mazkur mikrofonlarni ilk marotaba elektr manbaidan oziqlantirayotganda, uni tekshirish uchun ovozdan foydalanmaslik kerak. Bu holatda ovozning tabiiyligini aniq sezib bo'lmaydi. Bu mikrofonning yaxshi xususiyati borki, u portlovchi tovushlar, sirg'aluvchi yoki bo'lmasa sonor tovushlarning jaranglab chiqishini oldini oladi. Shuning uchun tinch, akustikasi baland zallarga o'rnatilgan bu mikrofonlardan bemalol foydalanish mumkin". [4.B-27]
Bundan tashqari katta konsertlar yoki shou dasturlarda, quloqning orqasiga o'rnatilib, og'izgacha olib kelingan kichik mikrofonlardan foydalaniladi. Tabiiyki, uning barcha elektr priborlari ishtirokchining orqasiga joylashtiriladi. Katta sahnalarda bu mikrofon bilan ishlash ancha qulay. Xonanda ashula aytganda yoki sahnada raqs tushgan vaqtida fikrini bo'lmasdan xatti-harakat qila olishi mumkin. Xohlagan vaqtida mikrofon bilan ishlay oladi, katta konsert dasturlarida boshlovchining diqqat e'tiborini ovoz kuchaytirishdan, ya'ni mikrofondan olib qo'yish maqsadida quloqqa o'rnatiladigan mikrofondan foydalanilmoqda. Ijodiy muvaffaqiyatga erishish uchun birgina sifatli mikrofonga ega bo'lishning o'zi kamlik qiladi. Agar ijochi mikrofondan uquv bilan foydalanishni bilmasa hech qanday ijobiy natijaga erisha olmaydi. Uning ijodiy mehnatining samarasi albatta mikrofon bilan qanday muomala qilishiga bog'liq bo'ladi. Nisbatan arzon, lekin to'g'ri ishlatilgan
mikrofon yordamida qimmatbaho, lekin noto'g'ri foydalanilgan mikrofonga qaraganda ko'proq ijobiy natijaga erishish mumkin.
Mikrofon turlari ovozni kuchaytirib berish xususiyatlariga ko'ra xilma-xil bo'lib, ular o'zidan chiqaruvchi tovushlarning spesifik xususiyatlari bilan ham ajralib turadi. Agar sizni umumiy foydalanish uchun qo'llaniladigan mikrofonlar qiziqtirsa, u holda neytral jarangni ochib beruvchi mikrofonlarga to'xtalganingiz ma'qul. Bundan tashqari sizga kerakli ovoz xarakteriga erishishingizga yordam beruvchi omillardan biri bo'lmish joylashuvga ham e'tibor berishni unutmang.
Kondensatorli va elektrli mikrofonlarni chang va namlikdan saqlash lozim. E'tiborsizlik mikrofonlarning ovoz sifatiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Ayniqsa chang va tutundan ehtiyot qilish zarur. Bular mikrofonning membranasiga jiddiy ta'sir qiladi. Bunday mikrofonlarni ehtiyotkorlik bilan saqlash tavsiya etiladi. Ulardan foydalanilmayotgan paytlarda maxsus g'iloflarga solib olib qo'ygan ma'qul. Ularni qo'ldan tushirib yuborish, qaltis harakatlar bilan joylashtirish mikrofon diafragmasining shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Shikastlanishdan asrashning eng qulay yo'li - ularni porolonli qutichada, quruq va salqin joyda saqlashdir. Agar doimiy ravishda bu uslubni qo'llashni xoxlamasangiz, o'zingizni ortiqcha urinishlardan xalos etish uchun mikrofonlarga maxsus g'ilof kiydirgan holda tutqichlar (stoyka)da qoldirishingiz mumkin. Ayniqsa radio va telestudiyalarda aksar hollarda shunday ish tutiladi.
Dinamik mikrofonlarda kondensatorli va elektrli mikrofonlardagi kabi nisbatan yumshoq, yuqori chastotali dinamik diapozon mavjud emas. Lekin boshqa tomondan dinamik mikrofonlar ovoz yukiga chidamliligi bilan ajralib turadi. Yoqimli va bo'liq ovoz jarangini yaratish uchun aynan dinamik mikrofonlar qo'l keladi. Kondensatorli va elektret mikrofonlarga xos bo'lgan xususiyatlardan biri sezuvchanlikning yuqoriligi, tezlik va xolislik. Ular yordamida ovozning nozik jihatlarini ham ilg'ab olish mumkin.
Elektret mikrofonlarni ichki batareyalar yoki fantom oziqlantirish yo'li bilan harakatga keltirish mumkin. Lekin ikkinchi uslub ma'qulroq. Chunki bunda batareyalar quvvatining tugab qolish ehtimoli bo'lmaydi.
Agar sizga batareyali quvvatlantirish qulay bo'lsa, u holda mikrofondan foydalanish yakunlangandan keyin batareyalarni yechib olishni unutmaganingiz ma'qul. Bundan tashqari ularni tez-tez artib tozalab turish tavsiya etiladi. Chunki o'ta kuchsiz tok tufayli sodir bo'luvchi korroziya ovoz kuchaytirgichning tez ishdan chiqishiga olib keladi. Mikrofonlarni ishlatishdan oldin qizdirishni unutmang.
Mikrofonlarning monitorga o'ta yaqin joylashuvi ortiqcha yuk tushishiga va ovozning monitordan shang'illab eshitilishiga olib kelishi mumkin.
Mikrofonlarni bir joydan ikkinchi joyga ko'chirilishi jarayonida pultdan monitor ovozini pasaytirish talab qilinadi.
Agar siz mikrofonnning tutqichdagi joylashuv holatini o'zgartirishni xohlasangiz, unda dastlab tutqichni biroz bo'shating va mikrofonni o'zingizga moslashtirib bo'lgandan keyin tutqtichni mustahkam qotiring. Tutqichning mustahkam joylashuvi ish jarayonida yaxshi qulaylik beradi. Bunda tayanch oyoqchalardan birining mikrofon tutqichining yuqori "qo'l" qismining ostida bo'lishi zarur. Bu mikrofonning qulab tushishini oldini oladi. Tutqichni mikrofon kabeli bilan chirmab tashlash mumkin emas. Bu holat mikrofonni bir joydan ikkinchi joyga ko'chirishga xalaqit berishi mumkin.
Mikrofon ovoz apparatiga qanchalik yaqin keltirilsa, shunchalik pastki registr kuchli jaranglay boshlaydi. Agar ijrochi raqs tushib yoki soz chalib kuylayotgan bo'lsa, bunday yo'l tutib bo'lmaydi.
Mikrofonni qo'lda xuddi vilkani ushlagandek tutish kerak: barmoqlarning uchi bilan, butun kaft bilan qoplamasdan ushlash lozim. Bunda barcha barmoqlar mikrofonni baravar tutib turishi va jimjiloq tayanch vazifasini bajarishi shart. Tirsak bo'sh va erkin, biroz pastga tushirilgan holatda bo'lishiga e'tibor qarating. Tirsagingiz qovurg'angizni his qilib turishi lozim. Eng salbiy holat- bu tirsagingizni engagingiz balandligi darajasida tutish hisoblanadi.Butun ijro davomida mikrofonni og'izdan, ya'ni ovoz apparatingizdan bir xil uzoqlikdagi masofada tutishga harakat qiling. Agar uzoqlashtirsangiz ovoz xunuk jaranglaydi, yaqinlashtirib yuborsangiz "p" tovushini talaffuz qilayotganingizda mikrofon yoqimsiz ovoz chiqaradi.
Butun chiqishingiz davomida ushbu holatni o'zgartirmang. Siz qayoqqa burilsangiz mikrofon ham o'sha tomonga burilishi shart. Agar mikrofon yuzingizning vertikal holatiga perpendikulyar holatni saqlasa, bu ovozning sifatli chiqishini ta'minlaydi.
Sahnaga chiqishdan oldin ovoz kuchaytirib beruvchi dinamiklar qayerda joylashganligiga e'tibor qarating. Agar ular orqa tomoningizda joylashgan bo'lsa, ehtiyot bo'ling: mikrofon membranasi va dinamiklar bir - biriga qarama - qarshi holatda joylashgani tufayli o'zaro ta'sirga kirishib, hushtaksimon ovoz paydo bo'lishiga olib keladi. Agar shunday hol sodir bo'lsa sarosimaga tushmang. Sizdan talab qilinadigan narsa - mikrofonni dinamikdan teskari holatga burish xolos.
Mikrofon bilan ishlayotganda qo'l bilan turli jest (ishorat) larni amalga oshirishda cheklanishlar lozim bo'ladi. Mikrofonnni asosiy qo'lda tutish lozim: chapaqaylarga - chap qo'lda, o'ng qo'l bilan ishlaydiganlarga - o'ng qo'lda. Jest (ishorat) larga ikkinchi darajali qo'l qoladi. Eng katta va ko'p uchraydigan xatolik -bu mikrofon ushlagan qo'l bilan jest (ishorat) larni amalga oshirishdir.
Agar simli mikrofonda ishlayotgan bo'lsangiz, bo'sh qo'lingiz bilan mikrofon simini oyoqlaringiz ostidan olib tashlashga harakat qiling. Sekin- asta bu harakat sizda avtomatik holat kasb etib boradi va diqqatingizni tortmay qo'yadi. Chiqishni radiomikrofon yordamida amalga oshirayotgan bo'lsangiz, bu yanada yengillashadi.
Yaxshi mikrofonlar sahnada shovqinli ovoz (fon) chiqarmaydi, ularni ishlayotgan yoki ishlamayotganligini ham sezish qiyin. Tajribasiz notiq mikrofonga barmoqlarni urish yoki "bir-bir" degan so'zni aytish bilan o'zining no'noqligini bildirib qo'yadi. Agar siz mikrofonning ishlayotganligiga shubha qilayotgan bo'lsangiz, mikrofon oldiga kelgach, tomoshabinlar bilan oddiygina salomlashish aktini amalga oshiring. Tomoshabinning reaksiyasiga qarab mikrofon ishlayotgan yoki ishlamayotganligini aniqlab olishingiz mumkin. Mikrofon qanday yoqilishini sahnaga chiqmasdan oldin tekshirib, o'rganib oling.
Mirofondan foydalanish mahorti radioboshlovchidan ham musiqani his qilish qobiliyatini talab etadi. Bu xislat yo tabiiy berilgan bo'ladi, yoki "...aktyorlik mahorati saboqlarining ilk bosqichidagi musiqiy-ritmik tarbiya yordamida shakllantiriladi (takt -o'icham, musiqiy usul va marom, sanoq, forte, piano va h.k.z tushunchalari yordamida)". [5.B-38]
Nima uchun boshlovchiga musiqiy qobiliyat zarur?, degan savol tug'ilishi mumkin. Chunki radioboshlovchi tayyor matn bilan yoki improvizatsiya yordamida dastur olib boradi-ku? To'g'ri, radioboshlovchi efirda so'z xatti-harakatini amalga oshiradi. Lekin rejissor tomonidan tavsiya etilayotgan musiqani ham unutmaslik kerak. Radiorejissor belgilangan vaqt yetib kelganda dasturning mavzusi va ruhiyatidan kelib chiqib efirga musiqa uzatadi. Musiqa ma'lum bir muddat yangragandan so'ng boshlovchiga ishorat bo'ladi va boshlovchi musiqiy takt-o'ichamning o'rtasidan yoki oxiridan matn ijrosiga kirishib ketmasligi lozim. Bunday palapartishlik boshlovchiga hamrohlik qiladigan, uning matni mazmunini boyitadigan, his-tuyg'usini qo'zg'aydigan va nihoyat tinglovchining tasavvurini uyg'otishga ko'maklashuvchi musiqaning ahamiyatini chippakka chiqaradi. Boshlovchi ijrosining ta'sirchanligini yo'qotadi. Radioboshlovchilik mahoratida uyg'unlik-matn mohiyatidan kelib chiqib uning ijro ruhiyatini topish, hayotiy haqiqat asoslarini ichki nigoh bilan ko'ra olish, musiqani qabul qilish va unga ovoz modulyatsiyasini moslashtira bilish, matnni bo'laklarga ajrata olish va yana ularning yaxlitligini saqlab qolishdir.
Radiodasturlarni olib borish jarayonida boshlovchi yoki qo'shiq yozish jarayonida xonanda faqat mikrofon bilan ishlamaydi.Uning eng yaqin yordamchilaridan yana biri - eshitish moslamasi (naushnik) - texnik ko'makchisidir. Birinchidan, eshitish moslamasi boshlovchini rejissor bilan aloqada ushlab turuvchi, tinglovchi bilan bevosita efir jarayonida savol-javob qilishida yordam beruvchi apparat. Boshlovchi va xonanda shu apparat yordamida bevosita efir jarayonida rejissorning eslatma va yo'riqlarini qabul qilib, yo'l-yo'lakay xato va kamchiliklarni tuzatib borish imkoniyatiga ham ega bo'ladi. Bunda mikrofonni o'chirib qo'yib rejissor bilan muloqot qilishga xojat qolmaydi. Chunki matn o'qiyotgan yoki tinglovchilar bilan muloqot qilayotgan boshlovchi bir lahza bo'lsin, mikrofonni
o'chirsa va so'zlashdan to'xtasa efirda o'rinsiz uzilish paydo bo'ladi. Radiodagi bir lahzalik to'xtalish tinglovchiga xuddi bir necha daqiqalik uzilishdek tuyuladi.
Ikkinchidan, radioefirni musiqasiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Rejissor albatta har bir eshittirishning g'oyaviy-badiiy mavzusidan kelib chiqib, shunga mos tarzda boshlovchining ijrosiga qaysidir kuyni hamroh qiladi. So'zlayotgan boshlovchi o'z so'ziga mos kuyni ham eshitib tursa, bu jarayon, ya'ni, o'ziga xos bunday jo'rnavozlik unga ilhom beradi, tasavvurini kuchaytiradi, uning his-tuyg'ularini uyg'otadi va samimiy so'zlashiga yo'l ochib beradi. Shu orqali dasturning eshitimlilik darajasi ortadi va tinglovchining e'tiborini o'ziga ko'proq jalb etadi.
Uchinchidan, boshlovchi o'zining ovozini o'zi ham tinglovchi bilan bab-baravar eshitib turishi uning ovoz paychalari erkin, siqiqliklarsiz va zo'riqishsiz ishlashini ta'minlaydi. Boshlovchi matn ijrosida kerakli tempo ritmni ushlab turishida, dastur ruhiyatini muntazam saqlashida, mavzu o'zgarishidagi ko'chishlarni to'g'ri va ishonarli amalga oshirishida qo'l keladi.
To'rtinchidan, ba'zida shunday hollar bo'ladiki, radiodasturning matnida muallif, muharrir, bosh muharrir va nihoyat, boshlovchining ham nazaridan chetda qolgan kamchiliklar bo'ladi. Ana shu kamchilikni eshitish moslamasi yordamida o'zini nazorat qilib borayotgan boshlovchi aynan efir paytida ilg'ab qoladi. Va u bilimli, uddaburron boshlovchi bo'lsagina bu nuqsonni hech kimga sezdirmay tuzatib ketadi. Qanday qilib, degan savol tug'ilishi tabiiy. Chunki diktor va boshlovchilikning eng nozik sirlaridan biri - bu til matn boshidagi so'zlarni talaffuz qilayotganida ko'z matnning o'rtasi yoki oxirini ko'rib tura olishidadir. Ana shunda eshitish moslamasi yordamida o'zining ovozini, talaffuzini tinglab borayotgan boshlovchi yuqorida aytilgan xatolikni o'z vaqtida ilg'ay oladi va uni tuzatib o'tadi.
Xulosa qilib aytganda, san'at olamiga kirib kelgan imkoniyatlardan biri va asosiysi bo'lmish texnika mo'jizasi - mikrofondan to'g'ri va unumli foydalana olish ijodkorning o'z imkoniyatlarini butun bo'y- basti bilan namoyon qilishini ta'minlab beruvchi birlamchi omildir.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Mirziyoyev Sh. M. Tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik - har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo'lishi kerak. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil yakunlari va 2017 yil istiqbollariga bag'ishlangan majlisidagi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining nutqi. Xalq so'zi gazetasi. 2017 yil 16 yanvar, №11.
2. Smirnov V. V. Eshittirish uzatish shakllari. M.Aspekt press,2002.
3. Yusupov Sh. Boshlovchilik mahorati. Toshkent.2014.
4. Yorbekov E, Muxammadiyev Sh. Aktyorlik mahorati.Toshkent.2019.
5. "Hamid G'ulom zamonloshlari xotirasida". G'ofur G'ulom nomidagi
nashriyot-matbaa ijodiy uyi. Toshent-2007.
7. Alimjonova Z. Sahna nutqi.- T., "Fan", 2005.
8. Jumaniyozov R. Nutqiy maxorat.- T., 2005.
9. Nosirova A. Jonli so'z san'ati asoslari.- T., 2005.
10. Po'latov I. Sahna nutqi.-T., 1994.
11. Sayfuddinov A. Adabiy asar va ijrochilik mahorati.- T., "Fan", 1980.
12. Raxmonov M. O'zbek teatri.- T., "Fan", 1978.
13. Xo'jayeva L. Notiqlik san'ati-T., 1967.
14. Ishmuhammedov R., Abduqodirov A., Pardayev A. Ta'limda innovatsion texnologiyalar. - Toshkent, 2008.
15. Sherel A. A. Radiojurnalistika"-Moskva davlat universiteti nashriyoti,2000.