Научная статья на тему 'MANBASHUNOS OLIM ZOKIRJON ORIPOV'

MANBASHUNOS OLIM ZOKIRJON ORIPOV Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
199
31
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
Musiqiy atama / maqom / risola / musiqiy manbashunoslik / musiqa nazariyasi / musiqa amaliyoti

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Zohidjon Baxtiyor O‘g‘li Yakubov

Mazkur maqola, asosan, filologiya fanlari doktori, professor Zokirjon Oripovning ilmiy faoliyati, xususan, olimning qalamiga mansub “Arabcha musiqa atamalari tizimining shakllanishi va taraqqiyoti (X-XV asrlar Markaziy Osiyo olimlarining musiqashunoslikka oid asarlari asosida)” monografiyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda musiqa atamalari va ularning musiqashunoslikdagi o‘rni xususida so‘z yuritiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MANBASHUNOS OLIM ZOKIRJON ORIPOV»

MANBASHUNOS OLIM ZOKIRJON ORIPOV

Zohidjon Baxtiyor o'g'li Yakubov zohidj on.93 @mail .ru O'zRFA San'atshunoslik instituti

Annotatsiya: Mazkur maqola, asosan, filologiya fanlari doktori, professor Zokirjon Oripovning ilmiy faoliyati, xususan, olimning qalamiga mansub "Arabcha musiqa atamalari tizimining shakllanishi va taraqqiyoti (X-XV asrlar Markaziy Osiyo olimlarining musiqashunoslikka oid asarlari asosida)" monografiyasiga bag'ishlangan bo'lib, unda musiqa atamalari va ularning musiqashunoslikdagi o'rni xususida so'z yuritiladi.

Kalit so'zlar: Musiqiy atama, maqom, risola, musiqiy manbashunoslik, musiqa nazariyasi, musiqa amaliyoti.

SCIENTIST OF SOURCE STUDY ZOKIRJON ORIPOV

Yakubov Zokhidjon Bakhtiyor ogli zohidj on.93 @mail .ru Institute of Fine arts of ASUz

Abstract: This article is devoted to the scientific activity of the doctor of philological sciences, professor Z. Oripov, in particular his monograph "Formation and development of the system of Arabic musical terms (based on the works on musicology of Central Asian scientists of the X-XV centuries)". The article deals with musical terms and names, their place and significance in musicology.

Keywords: Musical term, makom, tractate, musical source study, music theory, musical practice.

Milliy mumtoz musiqa durdonalari bo'lgan maqomlarning tarixiy shakllanish jarayonlarida musiqa ijodkorlari bilan bir qatorda musiqashunos olimlarning ham xizmatlari katta bo'lgan. Zero, yirik turkumlarni tashkil etgan maqomlarning vujudga kelishida bastakorlik ijodiyoti bilan birga musiqa ilmining ham muhim o'rni borligi e'tirof qilinadi1.

Qolaversa, bu mumtoz musiqaning bugungi kungacha yetib kelishida nafaqat musiqa amaliyoti, balki bu san'at asoslarini ilmiy jihatdan yoritish ham muhim ahamiyat kasb etib keldi. Ayniqsa, ustozdan shogirdga og'zaki an'ana yo'li bilan o'tib kelgan maqomlarning nota yozuvlariga olinishi ham ahamiyatli bo'ldiki, chunki shu

1 Ibrohimov O. Maqom asoslari. Toshkent, "TURON-IQBOL" nashriyoti, 2018-yil. 7-bet.

I ihSi^^Bl http://oac.dsmi-qf.uz

kabi yozma hujjatlar asosida bu mumtoz san'atni ilmiy o'rganish ishlari yanada jadallashdi.

Bu o'rinda maqomlarda avvaldan qo'llanilib kelinayotgan, yozma manbalarda esa maxsus ibora tarzida muhrlangan atamalarga alohida e'tibor qaratish lozim ko'rinadi. Zero, Sharq musiqiy atamalarining bir qismi hisoblangan maqom atamalari bo'yicha shu kunga qadar nashr yuzini ko'rgan maxsus lug'atlar mavjud emas, balki bir qator adabiyotlarda shunga oid ko'p ishlatiladigan atamalarning qisqacha izohlari keltiriladi xolos2. Ammo bu boradagi ilmiy ishlarni o'quvchilarga yetkazish zarurligi ham ayon. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 17-noyabrda imzolangan "O'zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-3391-sonli qarorning3 chora-tadbirlari dasturida "ikki jildlik maqom ensiklopediyasini tuzish va nashr etish", "I.Rajabovning "Sharq musiqasi atamalarining qisqacha izohli lug'ati", "Maqom asoslari" qo'lyozmalarini nashrga tayyorlab kitob holida chop etish" kabi bandlar o'rin olgan.

Bugungi kunda qarorda belgilangan ushbu vazifalar ijrosini amalga oshirish bo'yicha mutaxassis olim va mutasaddi tashkilotlar tomonidan muayyan ishlar olib borilmoqda. Shu jumladan, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San'atshunoslik institutining "Musiqa" bo'limi olimlari Is'hoq Rajabovning "Sharq musiqasi atamalarining qisqacha izohli lug'ati" qo'lyozmasini kitob holida chop etish uchun nashrga tayyorladilar.

Shundan ham ma'lumki, milliy musiqaga doir atamalar, xususan, maqom atamalari xususida so'z yuritganda, birinchi navbatda, atoqli maqomshunos, san'atshunoslik fanlari doktori Is'hoq Rajabovning xizmatlarini alohida qayd etish joiz. Zero, ustozning bu borada amalga oshirgan ishlari maqom yo'nalishida faoliyat olib borayotgan har bir mutaxassis uchun dasturilamaldir.

Is'hoq Rajabov tomonidan yaratilgan hamda 1963-yilda nashr qilingan "Maqomlar masalasiga doir" nomli fundamental monografiyada olim maqomlarga oid bir qator muammolarni birinchilardan bo'lib zamonaviy musiqashunoslik nuqtayi nazaridan hal etdi, jumladan, maqomlarning xalq musiqasi asosida yuzaga kelishi g'oyasini ilgari surdi4. Bundan tashqari, aynan shu tadqiqot orqali maqomlarga oid iboralar musiqashunoslik kesimida atroflicha sharhlandi hamda asarga atamalar lug'ati tarzida ilova qilindi.

Shuningdek, musiqiy atamalarni ilmiy sharhlash borasida arab va fors tillari bilimdoni, marhum ustoz, filologiya fanlari doktori, professor Zokirjon Tohirovich

2 Rajabov I. Maqomlar. Nashrga tayyorlovchi va maxsus muharrir O.Ibrohimov. Toshkent, "San'at" nashriyoti, 2006; Matyoqubov O. Maqomot. Toshkent, "Musiqa" nashriyoti, 2004; Ibrohimov O. Maqom asoslari. Toshkent, "TURON-IQBOL" nashriyoti, 2018.

3 "O'zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-3391-sonli Prezident qarori. "Xalq so'zi" gazetasi - T.: 2017-yil 18-noyabr. №233 (6927).

4 Ibrohimov O. Maqomshunos alloma. To'rtinchi maqola. O'zbekiston adabiyoti va san'ati gazetasi №17. Toshkent, 2019-yil 26-aprel. 3-bet.

I fafli^^Bl 197 http://oac.dsmi-qf.uz

Oripov xizmatlarini ham ta'kidlash kerak. Ustoz konservatoriyaning "Sharq musiqasi" (keyinchalik "Musiqiy sharqshunoslik", "O'zbek maqomi tarixi va nazariyasi" kabi nomlar bilan nomlangan) kafedrasida kechgan qariyb 50 yillik pedagogik faoliyati davomida talabalarga arab va fors tillari hamda musiqiy manbashunoslik fanlaridan saboq berdi, o'rta asrlarga oid musiqiy manbalar ustida tadqiqot olib borish yo'l-yo'riqlarini ko'rsatdi. Umrining so'nggi yillarida esa shu kabi keng qamrovli pedagogik faoliyatini Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati institutida olib bordi.

Konservatoriyadan yetishib chiqqan ko'plab olimlar, xususan, san'atshunoslik fanlari doktorlari Abdumannon Nazarov, Asliddin Nizomov, san'atshunoslik fanlari nomzodlari Aleksandr Jumayev va Iroda Dadajonovalarning musiqiy manbashunoslik yo'nalishida erishgan ilmiy muvaffaqiyatlarida, shubhasiz, Zokirjon Oripov ustozlik faoliyatining samarasi bor.

Ayni vaqtda uning o'zi ham musiqiy manbashunoslikda ibratomuz qalam tebratib, o'rta asrlarda arab va fors tillarida bitilgan musiqaga oid risolalarni tadqiq qildi. Mazkur tadqiqotlar natijasi o'laroq olim tomonidan "Ibn Zaylaning "Kitabu-l-kafi fi-l-musiqa" ("Musiqaga oid to'liq kitob") risolasidagi musiqashunoslik atamalari", "Sharq musiqiy manbashunosligi (X-XI asrlar)", "X-XV asrlar Markaziy Osiyo musiqa manbashunosligi" kabi monografiyalar nashr qilindi.

Z.Oripov o'z tadqiqotlarida X-XV asrlar manbalari ustida ish olib borgan va ushbu davrga O'rta asrlar Markaziy Osiyo musiqashunosligining "mumtoz davri" deb nom bergan. Mumtoz davr o'z navbatida ikki bosqichga bo'linib, yuqori bosqich (XXIII) hamda quyi bosqich (XIII-XV)larni tashkil qiladi. Mumtoz davrning yuqori bosqichida manbalar arab tilida yaratilgan bo'lib, bu davrda risolanavislikda "Kitabu-l-musiqa" nomli janr rivoj olgan. Quyi bosqichda esa, bayon tili forsiyga almashib, musiqashunoslik ilmida "Risolai musiqiy" janri ommalashadi5. Shu o'rinda ta'kidlash joizki, keyingi davrlarda yashab ijod qilgan Najmiddin Kavkabiy, Darveshali Changiy kabi olimlar ilmiy merosi ham "mumtoz davr" allomalari risolalari kabi ahamiyatli hisoblanadi.

Bundan tashqari, 2019 yili "Arab musiqa terminlari tizimining shakllanishi va taraqqiyoti (X-XV asrlar O'rta Osiyo olimlarining musiqashunoslikka oid asarlari asosida)" mavzuida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan olim shu asosda yana bir yirik monografiyani chop ettirdi. Quyida shu xususda qisqacha so'z yuritamiz.

Mazkur monografiya besh bobdan iborat bo'lib, unda arabcha musiqa atamalari va ularga doir turli masalalar keng yoritilgan. Jumladan, tadqiqotning birinchi bobida musiqaga oid risolalar va ularning o'rganilish darajasi yoritilgan bo'lib, unda, asosan, A.Semyonov, V.Belyayev, I.Rajabov, A.Nazarov, A.Jumayev, A.Nizomov, Mahmud

5 Oripov Z. X-XV asrlar Markaziy Osiyo musiqa manbashunosligi. Toshkent, 2017. 21-22-bb.

I ihSi^^Bl http://oac.dsmi-qf.uz

Hafniy, Zakariya Yusuf, Taqi Binesh, G.Farmer kabi manbashunoslik bo'yicha tadqiqot olib borgan yirik olimlar xususida so'z yuritiladi, ularning mazkur yo'nalish bo'yicha amalga oshirgan xizmatlari zikr qilinadi. Bundan tashqari, birinchi bobda musiqiy atamashunoslik tizimining genezisi xususida so'z yuritilib, unda Abulfaraj Isfahoniyning "Qo'shiqlar kitobi" ("Kitabu-l-og'oniy")6, qadimgi yunon olimlarining risolalari xususida ham so'z yuritiladi. Bob uchun yakuniy xulosalar berarkan, olim quyidagi jumlalarni bayon qilib, zamonaviy musiqashunoslik oldidagi yana bir muhim vazifani eslatib o'tadi: "Markaziy Osiyo musiqashunosligining klassik davri asarlari, arabcha musiqa atamalarining shakllanishi jiddiy o'rganilmagan. Vaholanki, Markaziy Osiyodan chiqqan olim va mutafakkirlar Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Mansur ibn Zayla, Abu Abdulloh Xorazmiy X-XIII asrlar arab musiqa ilmi va atamalari tizimining shakllanishi va rivojini o'rganish katta ilmiy va amaliy ahamiyatga egadir"7. Darhaqiqat, yuqorida nomlari zikr qilingan qomusiy olimlarning ahamiyati yuqori bo'lgan risolalari borki, ular hali to'laligicha musiqashunoslik nuqtai nazaridan yoritilmagan.

Ikkinchi bobda Abu Nasr Forobiy faoliyat ko'rsatgan davrdan boshlab Zaynulobidin Husayniygacha bo'lgan davrda ijod qilgan olimlarning ilmiy merosi xususida so'z yuritiladi. Bob ikki qismdan iborat bo'lib, uning birinchi qismida mumtoz davrning yuqori bosqichi, ikkinchi qismda quyi bosqichi davrlarida yashab ijod qilgan allomalarning ilmiy merosi o'rin olgan. Mazkur bobda Z.Oripov mumtoz davr allomalari va ular qalamiga mansub bo'lib bo'lgan risolalarni nomma-nom keltirib, ularning eng mashhurlariga qisqacha sharhlar, arabcha matnlardan tarjimalar berib o'tgan.

"Arabcha musiqashunoslik atamalarining yasalishi" nomli uchinchi bobda arab tilida yozilgan musiqiy risolalarda uchraydigan musiqiy atamalar, ularning kelib chiqishi, yasalishi va ishlatilishi xususida so'z yuritiladi. Bunda atamalarning tartibi arab alifbosi harflari ketma-ketligida berilgan. Mazkur bobda musiqiy atamalarning yasalishi quyidagi jihatlarga ko'ra ajratib o'rganiladi:

- umumiste'moldagi so'zlardan musiqiy atamalarning yasalishi - "maqom", "savt", "baqiya", "bu'd", "jins", "jam'" va h.k.;

- murakkab atamalarning yasalishi, ya'ni bu guruhga ikki va undan ortiq so'zdan yasalgan atamalar kiritilgan - "al-ab'adu-s-sug'ra" (kichik intervallar), "ziyru-l-'ud" (udning zir tori) va h.k.;

6 Arab xalqlari musiqasi tarixini o'rganishda muhim manba hisoblanadigan "Qo'shiqlar kitobi" ustida Z.Oripovning sinfida tahsil olgan shogirdlaridan Abdumannon Nazarov tadqiqot olib borib, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgani soha mutaxassislariga ma'lum. Tadqiqot mavzusi: "Книга песень аль-Исфахани в аспекте транскультуративных процессов".

7 Oripov Z. Arabcha musiqa atamalari tizimining shakllanishi va taraqqiyoti (X-XV asrlar Markaziy Osiyo olimlarining musiqashunoslikka oid asarlari asosida). Toshkent, 2020. 26-b.

ПМ^^^в 199 http://oac.dsmi-qf.uz

- chet tillaridagi so'zlarni o'zlashtirish orqali yasalishi - "organ", "barbat", "nay", " doston" va h.k.;

- chet tilidagi so'zlarni tarjima qilish orqali yasalishi - "allazi bi-l-arba'" (to'rt pog'onani qamrab olgan, ya'ni kvarta), "allazi bi-l-xoms" (besh pog'onani qamrab olgan, ya'ni kvinta) va h.k.;

- so'z turkumlaridan yasalishi - "mulahhin" (bastakor), "naqra" (naqra), "ug'niya" (qo'shiq) va h.k.;

Bobning nomidan, unda ko'tarilgan masalaning mazmun-mohiyatidan ayon bo'lganidek, u to'laligicha sof filologik nuqtayi nazardan tadqiq qilingan. Unda musiqa istilohida ishlatiladigan atamalar arab tili qonuniyatlari asosida tahlil qilingan, o'rganilgan, so'zlarning yasalishi muayyan qoidalarga asoslangan holda unchalik murakkab bo'lmagan tilda bayon qilingan.

Monografiyaning to'rtinchi bobida musiqiy atamalarning tanlanish tamoyillari hamda ularning bir necha turlari musiqiy manbalar asosida yoritib berilgan. Shunga ko'ra, musiqiy atamalar quyidagi turlarga bo'lingan holda tadqiq qilinadi:

- Musiqa nazariyasiga oid atamalar. U ham o'z navbatida ikki yirik qismga bo'linib, uning birinchi qismida "ilmu-t-ta'lif", ya'ni zamonaviy til bilan aytganda kompozitsiya va unga xos bo'lgan atamalar xususida so'z yuritilgan bo'lsa, ikkinchi qismda "ilmu-l-iyqo'", ya'ni iyqo' va unga xos bo'lgan atamalar xususida so'z yuritiladi, risolalardan kerakli jumlalar va ularning tarjimasi keltiriladi. Musiqadagi iyqo' ilmi qonuniyatlari she'riyatning aruz ilmi qonuniyatlari bilan ko'p tomonlama mos kelishi bizga ma'lum. Shu sababdan aruz vaznida ijod qilgan shoirlar musiqadan ham ham xabardor bo'lganlar va, shu bilan birga, musiqa ilmi bilan shug'ullangan allomalar aruz vazni qonuniyatlarini ham puxta bilganlar. Ularning har ikkisida ham ishlatiladigan ko'p atamalar umumiy bo'lib, mazkur atamalar to'rtinchi bobning shu qismida keltiriladi.

- Musiqa amaliyotiga oid atamalar. Bunda risolalarda keltirilgan cholg'ular, ularning tuzilishi, tarkibiy qismlari nomlari xususida so'z yuritiladi.

- Musiqa estetikasiga oid atamalar. Bu qismda musiqaning inson ruhiyatiga ta'siri va u bilan bog'liq bo'lgan musiqiy atamalar zikr qilinadi.

- Raqs san'atiga oid atamalar.

Beshinchi bobda musiqaga oid risolalar ustida tadqiqotlar olib borgan manbashunos olimlar xususida so'z yuritiladi. Unda o'zbek olimlari bilan bir qatorda arab davlatlari hamda yevropalik olimlar, ular tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar keltirilib, shaxsiy fikr-mulohazalar keltiriladi.

Tadqiqotlar natijasida ko'rinmoqdaki, o'tmish risolalarida nomlari uchraydigan, avvaldan hozirgi davrgacha amaliyotda ishlatilib kelinayotgan ko'p sonli musiqiy atamalar maqom san'ati bilan bog'liq ekan. Shu o'rinda manbashunos olim, mehribon ustoz Zokirjon Oripovning shu va yuqorida qayd etilgan tadqiqotlari musiqiy meros

I icclT^^^^H 200 http://oac.dsmi-qf.uz

namunalari va maqom atamalarini o'rganish borasida tashlangan muhim odim bo'lib, kelgusida bu borada amalga oshirilajak ilmiy izlanishlar uchun muhim asos o'laroq xizmat qilishi shak-shubhasizdir. Ustoz Zokirjon Oripov hayot bo'lganlarida tabarruk 75 yoshni qarshi olgan bo'lar edilar. O'tgan ustozlarning manfaatli tadqiqot ishlaridan foydalanar ekanmiz, Yaratgandan ularning oxiratlari obod bo'lishini so'rab, haqlariga duolar qilib qolamiz.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. "O'zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-3391-sonli Prezident qarori. "Xalq so'zi" gazetasi - T.: 2017-yil 18-noyabr. №233 (6927).

2. Ibrohimov O. Maqom asoslari. Toshkent, "TURON-IQBOL" nashriyoti, 2018.

3. Ibrohimov O. Maqomshunos alloma. To'rtinchi maqola. O'zbekiston adabiyoti va san'ati gazetasi №17. Toshkent, 2019-yil 26-aprel.

4. Oripov Z. X-XV asrlar Markaziy Osiyo musiqa manbashunosligi. Toshkent, 2017.

5. Oripov Z. Arabcha musiqa atamalari tizimining shakllanishi va taraqqiyoti (XXV asrlar Markaziy Osiyo olimlarining musiqashunoslikka oid asarlari asosida). Toshkent, 2020.

6. Rajabov I. Maqomlar (nashrga tayyorlovchi va maxsus muharrir O.Ibrohimov). - Toshkent: "SAN'AT" nashriyoti, 2006.

201

http://oac.dsmi-qf.uz

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.