MAKTABGACHA TA'LIM TIZIMI PEDAGOGLARINING MALAKA OSHIRISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH: DOLZARB MASALALAR, NAZARIY YONDASHUVLAR VA
ISTIQBOLLAR
Abdunazarova N.F.
MTTDMQTMOI rektori, p.f.n. professor https://doi.org/10.5281/zenodo.11233952
Annotatsiya. Mazkur maqolada O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimi pedagoglarining malakalarini oshirishning umumiy muhim jabhalarini yoritilgan va bu muammoga nazariy asoslangan yondashuvlar bilan bir qatorda tizimni rivojlantirish istiqbollari keltirilgan. Maktabgacha ta'lim sohasidapedagogkadrlar malakasini oshirish tizimininghozirgi holati va rivojlanish istiqbollari har tomonlama tahlil qilingan. Akademik tushunchalar va empirik dalillarga tayangan holda, pedagoglar duch keladigan asosiy muammolar o'rganilgan va tizimni takomillashtirishning nazariy asoslangan strategiyalari va istiqbollarini taklif qilingan.
Kalit so'zlar: Malaka oshirish, pedagoglar, maktabgacha ta'lim, muammolar, istiqbollar, innovatsiyalar, onlayn ta'lim, individuallashtirish, ta'lim-tarbiya metodlari, ish joyida o'qitish, pedagoglarni qo'llab-quvvatlash, xalqaro tajriba almashish.
Аннотация. В данной статье проводится всесторонний анализ общих важных аспектов повышения квалификации педагогов системы дошкольного образования Республики Узбекистан и представлены перспективы развития системы наряду с теоретически обоснованными подходами к данной проблеме. Проведён анализ современного состояния и перспектив развития системы повышения квалификации педагогов в сфере дошкольного образования. На основе академических концепций и эмпирических данных рассматриваются ключевые проблемы, с которыми сталкиваются педагоги, а также предлагаются теоретически обоснованные стратегии и перспективы для совершенствования данной системы.
Ключевые слова: Повышение квалификации, педагоги, дошкольное образование, проблемы, перспективы, инновации, онлайн-образование, индивидуализация, методики обучения, обучение на рабочем месте, поддержка педагогов, международный обмен опытом.
Abstract. This article provides a comprehensive analysis of the current state and prospects for the development of the system of advanced training for teachers in the field of preschool education. Drawing on academic concepts and empirical evidence, it examines the key challenges educators face and proposes theoretically grounded strategies and perspectives for improving the system.
Keywords: Advanced training, pedagogy, preschool education, problems, prospects, innovations, online education, individualization, teaching methods, on-the-job training, support for teachers, international exchange of experience.
O'tgan davr mobaynida mamlakatimizda o'sib borayotgan avlodni sog'lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, innovatsion ta'lim va tarbiya texnologiyalari hamda metodlarini joriy etishga qaratilgan maktabgacha ta'limning samarali tizimini tashkil etish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi.
Yurtimizda maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari sonini yanada oshirish va ular ko'rsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo'ldi.
2023 yil yakuniga ko'ra maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni 33 942 taga , 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 74 foizga, 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov qamrovi 93 foizga yetkazildi.
1. Davlat-xususiy sherikchilik asosida 7 100 o'rinli 71 ta, oilaviy shaklda 116 998 o'rinli 4 402 ta nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tashkil etildi.14 ming nafar rahbar va pedagog kadrlarning malakasi oshirildi. 335 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari hamda 370 ta boshlang'ich ta'limga bir yillik majburiy tayyorlov guruhlari 122,2 mlrd.so'mlik mebel va boshqa jihozlar bilan ta'minlandi. Respublikadagi barcha davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar uchun yagona mavsumiy taomnoma joriy etildi [4].
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 5-fevral kuni o'tkazilgan videoselektor davomida maktabgacha ta'limiga taalluqli bir qancha masalalrning echimi ustida izlanish zarurati asoslab berildi. Prezident maktabgacha va maktab ta'limidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusi rejalarni belgilab berdi. 2024-yilda davlat maktabgacha ta'lim tashkilotilari quvvati yana 10 ming o'ringa, xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotilarda 50 ming o'ringa oshirilishi ta'kidlandi. Prezidentimiz nutqida "Lekin ba'zi chekka qishloqlarda maktabgacha ta'lim tashkiloti hali yo'qligi sababli hamma bolalar ham maktabgacha ta'lim bilan qamrab olinmagan, ayrim tumanlarda maktabgacha ta'lim tashkiloti yetarli bo'lishiga qaramay, qamrovi o'tgan yilga nisbatan biroz kamaygan. Xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotilarda bolalar hisobini yuritish raqamlashtirilmoqda, lekin davlat maktabgacha ta'lim tashkilotilarida bu jarayon hali boshlanmagan", — deya e'tirof etildi. Ma'lum bo'lishicha, har yili maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachilarining o'rtacha bor-yo'g'i 9 foizi malaka oshirmoqda. 12 mingta oilaviy maktabgacha ta'lim tashkilotida davlat ta'lim standartidagi o'quv-metodik materiallar yetarli emas.
Prezident Maktabgacha ta'lim agentligiga maktabgacha ta'lim tashkilotilarda budjet mablag'laridan samarali foydalanish bo'yicha tizim yaratish topshirig'ini berdi. Shuningdek, maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori lavozimiga nomzodlarni saralash, ularni lavozimga tayinlash tizimini ishlab chiqish; barcha maktabgacha ta'lim tashkilotilarida ovqat, davomat, badal puli kabi barcha jarayonlarni to'liq raqamlashtirish; 250 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotisida ta'lim va tarbiya sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy qilish topshirildi.
Maktabgacha ta'lim tashkilotilarni milliy qadriyatlarga mos yagona standartlar asosida o'quv-metodik materiallar bilan ta'minlash zarurligi ta'kidlandi. .[5]
Maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirishning hozirgi bosqichda "tizimni yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta'lim tashkilotlari davlat va nodavlat tarmog'ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash, maktabgacha ta'lim tashkilotlariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta'lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma'naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash"[1] vazifalarining belgilanishi soha xodimlari zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi.
Bugungi kun zamonaviy ta'lim oldiga nafaqat ta'lim qamrovi va sifatini oshirish, balki, maktabgacha pedagog kadrlarining malakasini uzluksiz ravishda oshirish sifatini yaxshilash
vazifasi qo'yilmoqda. Maktabgacha yoshdagi bolalarning intellektual va ijtimoiy rivojlantirish uchun asoslarini shakllantirishga xizmat qiluvchi maktabgacha ta'lim va tarbiya sohasi pedagoglari uchun bu vazifalar nihoyatda muhimdir.
Zamonaviy pedagogik nazariyada malaka oshirish tizimi pedagoglarni professional rivojlantirishning muhim qismi sifatida namoyon bo'ladi. Biroq, amaliyot maktabgacha ta'lim sohasi pedagoglarining malakalarini oshirish tizimida bir qancha muammolarni ko'rsatadi. Bu muammolar turli xil ta'lim dasturlarining xilma-xilligi va foydalanuvchilarning keng auditoriyasi uchun ochiq bo'lmaganligi, malaka oshirishda shaxsga yo'naltirilgan yondashuv va individual trayektoriya bo'yicha ishlash imkoniyatining mavjud emasligida namoyon bo'ladi..
Maktabgacha ta'lim tizimining oldida turgan asosiy muammolardan biri jamiyatning jadal rivojlanishini inobatga olgan holda ta'lim tizimida paydo bo'layotgan yangi talablarga javob beruvchi pedagog kadrlar kompetentligini rivojlantirib borishdir. Ilgari qo'llanilgan ta'lim dasturlari va usullari zamonaviy bolalar bilan ishlash uchun etarlicha samarali bo'lmasligi mumkin. Bundan tashqari, maktabgacha yoshdagi bolalar ehtiyojlarining xilma-xilligini, jumladan, alohida ta'lim olish ehtiyojiga ega bo'lganlarni hisobga olgan holda, ta'limga individual yondashuvlarni ishlab chiqish zarurati namoyon bo'lmoqda.
Malaka oshirish tizimini takomillashtirishga nazariy yondashuvlar quyidagilardan
iborat:
Malaka oshirish tizimini takomillashtirishga asosiy yondashuvlardan biri professional rivojlantirishning androgogika, huytogogika, faoliyatlar nazariyasi, o'z-o'zini kasbiy namoyon etish konsepsiyasi kabi yondashuvlarning nazariy asoslariga tayanishdir. Bu yondashuvlar malaka oshirish jarayonida har bir pedagogning ehtiyojlari va hususiyatlarini inobatga oluvchi individuallashtirilgan va kontekst strategiyalarini taqdim etadi. [6]
Yana bir muhim nazariy yondashuvlardan biri lifelong learning yoki butun umr davomida ta'lim olishga yo'llovchi tamoyilga asoslanishdir.[7] Bunday yondashuv ta'lim olish jarayonining diplom yoki sertifikat olish bilan yakun topmasligi, balki kasbiy faoliyatning butun davomiyligi mobaynida ta'lim olib borish zaruratini asoslaydi. Shiddat bilan o'zgarib borayotgan zamonaviy olamda kasbiy kompetentligini doimiy ravishda rivojlantirib borish masalasini pedagoglar oldiga qo'yish orqali ularni davr talablariga layoqatli etishni nazarda tutadi.
Rivojlanish istiqbollari:
Maktabgacha ta'lim tizimi pedagoglarining malakasini oshirish tizimini rivojlantirish istiqbollari zamonaviy ta'lim talablari va inklyuziya tamoyillarini hisobga olgan holda innovatsion ta'lim dasturlarini yaratish bilan bog'liq. Turli xil maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlash uchun zarur bo'lgan ta'lim-tarbiya berish ko'nikmalari va professional kompetentlikni rivojlantiradigan dasturlarni ishlab chiqish muhimdir. Bundan tashqari, ta'lim resurslarining barcha pedagoglarning malakasini oshirishlariga keng imkoniyatlarni yaratishga e'tiborni qaratish zarur. Bunga onlayn va masofaviy ta'lim platformalarini yaratish, pullik yoki chegirmali kurslarni taklif qilish va ta'lim resurslari cheklangan hududlarda pedagoglarni qo'llab-quvvatlash kiradi.
Xalqaro tajriba almashinuvi: Istiqbolli yondashuvlardan biri xalqaro tajriba almashish mexanizmlarini faol joriy etishdir. Ko'pgina mamlakatlarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari pedagoglarining malakasini oshirish bo'yicha muvaffaqiyatli amaliyotlar mavjud. O'zaro bilim, uslub va tajriba almashish ilg'or tajribalarni o'rganish va ularni mahalliy sharoitga moslashtirish imkonini beradi.
Innovatsion texnologiyalardan foydalanish: Qator rivojlangan mamlakatlarda pedagog kadrlar malakasini oshirish tizimida qisqa muddatli kurslar, vebinarlar, mobil ilovalar, seminar-
treninglar kabi innovatsion texnologiyalardan foydalaniladi. Bu texnologiyalardan foydalanish ta'limning jozibadorligi, qulayligini oshiradi va soha mutaxassislarini zamonaviy ta'lim resurslari bilan ta'minlaydi. Malaka oshirish mazmuniga o'yin texnologiyalari va dasturiy ta'minot, interfaol dasturiy vosita va jihozlar (SMART BOARD) bilan ishlash, robot texnika va dasturlash, virtual to'ldirilgan rivojlantiruvchi ta'lim muhiti, multimediali resurslar, onlayn platformalar bilan ishlash malakalarini rivojlantiruvchi ta'lim resurslarini ishlab chiqish va singdirish zarurati mavjud.
Inklyuziv ta'lim integratsiyasi: Xorijiy tajriba malaka oshirish tizimiga inklyuziv ta'limni kiritish muhimligini ko'rsatmoqda. Alohida ta'lim olish ehtiyojiga ega bo'lgan maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlashning maxsus dasturlari va metodlarini ishlab chiqish pedagog kadrlarga o'z ishida yanada malakali va samarali bo'lish imkonini beradi.
Ish joyida o'qitish: Ko'pgina mamlakatlarda pedagoglar yangi bilim va ko'nikmalarni o'z amaliyotlarida qo'llash orqali olishlari mumkin bo'lgan ish joyida o'qitish dasturlarini amalga oshiradi. Ushbu yondashuv materialni chuqurroq va samaraliroq o'zlashtirishga yordam beradi.
Pedagoglarni qo'llabllab-quvvatlash va rag'batlantirish: Xorijiy tajriba ham kasbiy rivojlanish dasturida faol ishtirok etayotgan pedagog kadrlarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish tizimini yaratish muhimligini ko'rsatadi. Bu moliyaviy rag'batlantirish, martaba oshirish imkoniyatlari, loyihalar va tadqiqotlarda ishtirok etish va boshqa turdagi yordamlarni o'z ichiga olishi mumkin.
Xorijiy tajribadan mahalliy sharoit va ehtiyojlar bilan uyg'unlikda foydalanish O'zbekistonda maktabgacha ta'lim tashkilotlari pedagog kadrlarining malakasini oshirish tizimini samarali takomillashtirish va ta'lim sifatini oshirish imkonini beradi.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlari director va mutaxassislarining malakasini oshirish tizimining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari tahlilini umumlashtirgan holda xulosa sifatida ta'kidlash mumkinki, ushbu muammoga tizimli va innovatsion yondashuv zarur. Mazkur yondashuvda akademik nazariyalar va xorijiy tajribaga asoslanib, pedagoglar duch keladigan asosiy muammolar, xususan, ta'lim resurslaridan foydalanish imkoniyati cheklanganligi, individual yondashuvlarning yo'qligi va ishtirok etish uchun yetarli rag'batlar yo'qligi masalalariga alohida e'tiborni qaratish zarur.
Shu bilan birga, rivojlanish istiqbollari, jumladan, innovatsion texnologiyalarni qo'llash, individual ta'lim dasturlarini ishlab chiqish, o'qitishning zamonaviy usullarini integratsiyalashuvi, ish joyida o'qitish hamda qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish tizimini yaratish taklif etildi. Zamonaviy nazariy yondashuvlar va inklyuziya tamoyillarini hisobga olgan holda, maktabgacha ta'lim tashkilotlari pedagoglarini kasbiy rivojlantirishga yordam beradigan va bolalarning ta'lim natijalarini yaxshilaydigan samarali strategiya va dasturlarni ishlab chiqish mumkin.
Yuqorida keltirilgan masalalar ustida tizimli ishlash maktabgacha ta'lim sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish va O'zbekistonda maktabgacha ta'limning muvaffaqiyatli rivojlanish istiqbollarini belgilaydi.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasining "Maktabgacha ta'lim va tarbiya to'g'risida"gi Qonuni, O'RQ -595-son, 16.12.2019-yil.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi "Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-79-son Farmoni.
3. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-maydagi "O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi PQ 4312-sonli qarori.
4. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi rasmiy sayti https://www.uzedu.uz/
5. Sh. Mirziyoyev tomonidan o'tkazilgan videoselektr natijalari. https://www.gazeta.uz/ oz/2024/02/05/education/
6. Шмидт, М., & Коул, В. (2019). Повышение квалификации педагогов: теория и практика. Москва: Педагогическое общество России.
7. Яковлева, Е. (2019). Современные подходы к повышению квалификации педагогов в дошкольном образовании. Педагогика и психология развития, 10(2), 45-58.
8. Barnett, W. S. (2008). Preschool education and its lasting effects: Research and policy implications. Boulder, CO: Education and the Public Interest Center & Education Policy Research Unit.
9. Bowman, B. T., Donovan, M. S., & Burns, M. S. (Eds.). (2001). Eager to learn: Educating our preschoolers. Washington, DC: National Academies Press.
10. Pianta, R. C., & Walsh, D. J. (1996). High-risk children in schools: Constructing sustaining relationships. New York, NY: Routledge.
11. Valiyeva Feruza Rashidovna, Abdunazarova Nargiza Fatxullayevna, Zakirov Alisher Akbarovich SCOPUS. The importance of ensuring the mental, physical, spiritual, spiritual development of educators of pre-school educational organizations. PhD. Valieva Feruza Rashidovna //Bosma //Turkish Online Journal of Qualitative Inquiry (TOJQI) Volume 12, Issue 8. July. 2021:6919.