Научная статья на тему 'MAKTABGACHA INKLYUZIV TA’LIMNING AYRIM JIHATLARI'

MAKTABGACHA INKLYUZIV TA’LIMNING AYRIM JIHATLARI Текст научной статьи по специальности «Биотехнологии в медицине»

CC BY
7
2
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
maktabgacha inklyuziv taʼlim / me’yoriy hujjatlar / maqsad / vazifa / imkoniyat / tamoyil / hamkorlik.

Аннотация научной статьи по биотехнологиям в медицине, автор научной работы — Nazarova Adiba Salimbayevna

Maqolada maktabgacha inklyuziv taʼlimning huquqiy asoslari, maktabgacha inklyuziv ta’limning maqsadi, vazifalari, imkoniyatlari va inklyuziv ta’limni amalga oshirishda hamkorlik masalalari tahlil qilingan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MAKTABGACHA INKLYUZIV TA’LIMNING AYRIM JIHATLARI»

MAKTABGACHA INKLYUZIV TA'LIMNING AYRIM

JIHATLARI

Nazarova Adiba Salimbayevna

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi

magistranti https://doi.org/10.5281/zenodo.11183552

Annotatsiya. Maqolada maktabgacha inklyuziv ta 'limning huquqiy asoslari, maktabgacha inklyuziv ta'limning maqsadi, vazifalari, imkoniyatlari va inklyuziv ta'limni amalga oshirishda hamkorlik masalalari tahlil qilingan.

Kalit so'zlar: maktabgacha inklyuziv ta'lim, me 'yoriy hujjatlar, maqsad, vazifa, imkoniyat, tamoyil, hamkorlik.

Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan shaxslarning ta'lim olish huquqlarini kafolatlash va amalga oshirish, ta'lim va tarbiya olishlari uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish davlat va jamiyatning eng muhim vazifalaridan biridir. Zero, davlat va jamiyatning demokratlashuvi, liberalligi hamda insonparvarligi inklyuziv ta'limga qaratilgan e'tibor darajasi bilan ham baholanadi.

Shu ma'noda Yangi O'zbekiston uzluksiz ta'lim tizimida alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar ta'limini "Inson qadri uchun" tamoyili asosida inklyuziv rivojlantirish, ya'ni aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlash davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ham ta'lim tashkilotlarida alohida ta'lim ehtiyojlariga ega bo'lgan bolalar uchun inklyuziv ta'lim va tarbiya ta'minlanishi normasi kiritildi [1].

Me'yoriy hujjatlarga ko'ra inklyuziv ta'lim va tarbiya bolalarning alohida ta'lim olishga bo'lgan ehtiyojlarini hamda individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda ta'lim va tarbiya olishi uchun teng imkoniyatlarni ta'minlaydigan jarayon hisoblanadi [2].

Inklyuziv ta'lim - ta'lim tizimi rivojlanishining yangi ijtimoiy shakllaridan biri bo'lib, imkoniyati cheklangan insonlarni faol ijtimoiy hayotga kiritish, bolalarning xilma-xilligiga ijobiy munosabatda bo'lish va ularning individual o'ziga xosliklarini muammo sifatida emas, balki ta'lim jarayonini boyitish imkoniyati sifatidagi yondashuvdir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, maktabgacha ta'lim tizimida alohida ta'lim ehtiyojlariga ega bo'lgan bolalarni ta'lim-tarbiyalash bo'yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, umumiy turdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari to'g'risida nizomda maktabgacha ta'lim tashkiloti vazifalaridan biri sifatida bolalarga, shu jumladan, o'ziga xos ehtiyojlari bor bolalarga yakka tartibda ta'lim dasturlaridan foydalanish, shuningdek, o'z vaqtida inklyuziv maktabgacha ta'lim va tarbiya olish imkonini beradigan qulay muhit yaratish qayd etildi [3].

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo'lgan bolalar va rivojlanishida nuqsonlari bo'lmagan bolalarning bir tashkilotda birgalikda o'qishi va tarbiyalanishiga qaratilgan inklyuziv guruhlar tashkil etilishi belgilandi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-yanvardagi "Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarning ta'lim olishlarini tashkil etish va ularni reabilitatsiya qilish

tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" 46-son qarori [4] bilan alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarning ta'lim olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ularning ta'lim olishlarini tashkil etishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa mamuriy to'siqlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Maktabgacha ta'lim tizimida inklyuziv ta'lim alohida ehtiyojli bolalarning meyorda rivojlanayotgan tengdoshlari bilan birgalikda ta'lim-tarbiya olishi va ilk yoshdan hayotga moslashishini ko'zda tutadigan ta'lim tizimidir. Inklyuziv ta'lim barcha bolalarning ta'lim olishda turli ehtiyojlarga ega shaxslar ekanini etirof etadi. Inklyuziv ta'lim bolani emas, ta'lim mazmunini o'zgartirishni nazarda tutadi. Inklyuziv ta'lim alohida ehtiyojli bolalarni ijtimoiy hayotga jalb qilish, ta'lim olish va rivojlanish imkonini beradi.

Maktabgacha ta'lim tizimida inklyuziv ta'lim bolalarni bir-biridan ajratuvchi to'siqlarni bartaraf etishga, ularning yoshi, jinsi, diniy va ijtimoiy kelib chiqishi, jismoniy va aqliy rivojlanishdan orqada qolishi va iqtisodiy taminlanganlik darajasidan qatiy nazar, ta'lim jarayoniga to'liq uygunlashtirishga qaratilgan davlat siyosatidir.

Imkoniyati cheklangan bolalarning rivojlanishning ilk davrlaridanoq jamiyatga bosqichma-bosqich integrasiyalashuviga erishish uchun o'ziga xos xususiyatlariga mos holda o'qitish va tarbiyalash inklyuziv ta'limning asosiy mohiyati va mazmunini tashkil etadi.

Maktabgacha inklyuziv ta'limning maqsadi - alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar uchun maxsus vosita va metodlarni qo'llash orqali maxsus pedagoglarni jalb etgan holda to'siqsiz moslashtirilgan ta'lim muhitini yaratish, ularning jamiyatga samarali moslashuvi hamda to'laqonli uyg'unlashuviga xizmat qiladigan sifatli ta'lim berishni taminlashdan iborat. Maktabgacha inklyuziv ta'limning vazifalari quyidagilardan iborat: rivojlanishning turli imkoniyatlariga ega bo'lgan bolalar uchun har qanday kamsitilishni istisno qiladigan, barcha bolalarga teng munosabatda bo'lishni taminlaydigan yagona moslashtirilgan ijtimoiy muhitni yaratish;

jamoatchilik hamda ta'lim jarayonining barcha ishtirokchilarida alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar muammolariga nisbatan bag'rikenglik munosabatini shakllantirish;

ta'lim jarayonida sog'lom bolalar bilan bir qatorda alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarning aqliy va ijtimoiy salohiyatlarini rivojlantirish;

barcha bolalar uchun ta'lim dasturlarini o'zlashtirish uchun imkoniyat yaratish; bolalarning har tomonlama rivojlanishi, hissiy-irodaviy sohasi, bilish faoliyatini faollashtirish, ijtimoiy ko'nikma va salohiyatini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga maslahat yordami berish hamda ota-onalarni farzandlariga ta'lim-tarbiya berish, pedagogik texnologiyalar, ta'lim-tarbiya metod va vositalarini qo'llash sohasida xabardorlik darajasini oshirish, ularni psixologik-pedagogik jihatdan qo'llab-quvvatlash.

Inklyuziv ta'lim bolalarning turli extiyojlarini va qobiliyatlari, jumladan, ularni o'rganish usullari va bosqichlaridagi farqlarni aniqlaydi va ularning ehtiyojlarini qondiradi.

Maktabgacha ta'lim tashkilotida inklyuziv ta'lim quyidagi tamoyillar asosida quriladi: individual yondashuv; bolaning mustaqil faolligini qo'llab-quvvatlash; ta'lim jarayoniga uning barcha ishtirokchilarini faol kiritish; fanlararo yondashuv; variativlik; oila bilan o'zaro hamkorlik. Inklyuziv maktabgacha ta'lim pedagoglar oldiga:

rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolaning tengdoshlari singari birdek ta'lim olish imkoniyatini yaratish;

bolaning yoshi, uning ehtiyojlari, imkoniyatlari, qobiliyati, iqtidorini etiborga olgan tegishli shart-sharoitlarni yaratish;

bolaning ta'lim olishga bo'lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda individual ta'lim dasturini ishlab chiqish;

rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalarning ota-onalarini qo'llab-quvvatlash, shuningdek, farzandlarining ta'limi va tarbiyasi masalalarida ularga ko'maklashish va maslahatlar berish vazifalarini qo'yadi.

Alohida ehtiyojli bolalar inklyuziv ta'limining samarali tashkil etilishi quyidagi imkoniyatlarni beradi: alohida ehtiyojli farzandlari mavjud bo'lgan oilalarning ma'naviy muammolariga barham beriladi; bolalar o'rtasida tenghuquqlilik taminlanadi, do'stona munosabatlar shakllanadi; alohida ehtiyojli bolaning o'z oilasi va jamiyat davrasida bo'lish imkoniyati yaratiladi; barcha uchun ta'lim sifati yanada yaxshilanadi; alohida ehtiyojli bolalarning ijtimoiy jamiyatga erta va samarali moslashishlari ta'minlanadi.

Inklyuziv ta'limda o'zaro hamkorlikka asoslangan faoliyat muhim ahamiyatga ega bo'lib, bola shaxsi shakllanishi samaradorligining muhim sharti hisoblanadi. Zero, maktabgacha yoshdagi bolani tarbiyalash oila, mahalliy jamoatchilik va maktabgacha ta'lim tashkiloti o'rtasida yaqin hamkorlik sharoitida amalga oshiriladi. Maktabgacha ta'lim tashkiloti oilani qo'llab-quvvatlovchi ijtimoiy tashkilot sifatida bolani tarbiyalash, o'qitish va rivojlantirishga yordam beradi. Bu, ayniqsa, ananaviy ta'limga qaraganda ancha kengroq bo'lgan va guruh xonasi bilan cheklanmasligi kerak bo'lgan inklyuziv ta'lim uchun juda muhimdir.

Korreksion-rivojlantiruvchi ishning samaradorligi nafaqat o'z farzandining muammolarini yaxshi tushunadigan, balki maxsus pedagogikaning asosiy yo'nalishlarida to'g'ri mo'ljal oladigan ota-onaning faol ishtirokida ortadi. Ota-ona va bolaning to'g'ri tashkil etilgan hissiy-rivojlantiruvchi o'zaro faoliyatiga va mazkur o'zaro faoliyat jarayonida bolaning ruhiy, nutqiy va motor rivojlanishiga alohida etiborni qaratish lozim.

Ota-onalarning hamkorligi nafaqat bolalar uchun foydali, balki barcha hamkorlar uchun ham samarali bo'lishi mumkin:

ota-onalar farzandlari bilan o'zaro hamkorlikni yaxshilash, ularning ehtiyojlariga sezgir va etiborli, ota-onalik burchlariga yanada ko'proq ishonch orttirish;

tarbiyachilar oilalar madaniyati va xilma-xilligini chuqurroq anglaydilar, ishda o'zlarini yanada qulay his qilib, ruhiy holatlarini yuksaltiradilar;

ota-onalar va jamoat tashkilotlarini jalb qilish orqali maktabgacha ta'lim tashkilotlari o'z obro'sini mustahkamlashga erishadi.

Oilalarning maktabgacha ta'lim tashkiloti bilan hamkorlik qilishlari uchun birinchi qadam ijtimoiy va ta'lim muhitining yakdilligidir va shu bilan birga ota-onalar va bolalar o'zlarini hurmatli, ishonchli va kerakli ekanliklarini his qilishlaridadir.

Ota-onalarning pedagogik kompetentligini oshirish va oilalarga alohida ehtiyojlari bo'lgan bolalarni jamiyatga moslashtirish va integratsiyalashga yordam berish uchun bir qator vazifalarni hal qilish kerak:

maktabgacha ta'lim tashkilotlari mutaxassislari bilan barcha tarbiyalanuvchilarning ota-onalarini o'zaro hamkorlikka jalb etish;

ota-onalarni individual ta'lim xaritasini yaratishga jalb qilish;

ota-onalarning pedagoglar, tarbiyachilar, psixologlar bilan yaqin aloqada bo'lish motivatsiyasini shakllantirish va bu orqali bola haqida eng to'liq ma'lumot olish;

ota-onalarning psixologik-pedagogik savodxonligini oshirish, ularni uyda bola bilan ishlash va uni maktabgacha ta'lim tashkilotidan tashqarida qanday rivojlantirish haqida malumot berish;

ota-onalarni bolalar bilan birgalikda korreksion-rivojlantiruvchi ishlarga jalb etish.

Yuqoridagilarda kelib chiqib, aytish mumkinki, maktabgacha ta'limda inklyuziv guruhlar 2 yoshdan 7 yoshgacha bo'lgan o'ziga xos ehtiyojlari bor bolalarni jamiyatga moslashtirishi, bolaning qonuniy vakillariga maslahat-metodik ko'maklashish, o'ziga xos ehtiyoji bor bolalarning bunday zaiflikka ega bo'lmagan bolalar bilan birga o'qishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishi zarur.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi, 01.05.2023 y., 03/23/837/0241-son.

2. O'zbekiston Respublikasining 2019-yil 16-dekabrdagi "Maktabgacha ta'lim va tarbiya to'g'risida"gi O'RQ-595-son qonuni. Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 15.03.2023 y., 03/23/823/0150-son.

3. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi "Maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 391-sonli qarori.

4. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-yanvardagi "Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarning ta'lim olishlarini tashkil etish va ularni reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" 46-son qarori.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.