MA'NAVIY TAHDIDLAR VA ULARNI OLDINI OLISHNING
AYRIM JIHATLARI
Isoqboyev Alisher Ahmadjonovich
Namangan davlat pedagogika instituti birinchi prorektori, tarix fanlari nomzodi, dotsent
https://doi.org/10.5281/zenodo.11239922
Annotatsiya. Mazkur maqolada mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti uchun mavjud ma'naviy tahdidlar, ularning turlari, namoyon bo'lish shakllari, ma'naviy-mafkuraviy tahdidlarning oldini olish va unga qarshi kurashishdagi asosiy, ustuvor vazifalar haqida mulohaza yuritilgan. Shuningdek, mafkuraviy makonda fuqarolar, ayniqsa yoshlarni ma'naviy tahdidlardan saqlash yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan.
Kalit so'zlar: ma'naviy tahdid, milliy qadriyatlar, ichki ma'naviy tahdidlar, tashqi ma'naviy tahdidlar, yangi ma'naviy makon, axborot qabul qilish madaniyati, mafkuraviy immunitet, daxldorlik, yoshlar tarbiyasi, radikalizm, tarbiya, axborot xurujlari, milliy qadriyatlar, zamona qahramoni, onalar mas'uliyati.
Аннотация. В данной статье рассматриваются существующие духовные угрозы миру и развитию нашей страны, их виды, формы проявления, основные, приоритетные задачи по предотвращению и борьбе с духовными и идеологическими угрозами. Также в идеологическом пространстве разработаны предложения по защите граждан, особенно молодежи, от моральных угроз.
Ключевые слова: духовная угроза, национальные ценности, внутренние моральные угрозы, внешние моральные угрозы, новое духовное пространство, культура восприятия информации, идеологический иммунитет, актуальность, воспитание молодежи, радикализм, воспитание, информационные атаки, национальные ценности, современный герой, материнская ответственность.
Abstract. This article examines existing spiritual threats to peace and development of our country, their types, forms of manifestation, main, priority tasks for preventing and combating spiritual and ideological threats. Also in the ideological space, proposals have been developed to protect citizens, especially young people, from moral threats.
Keywords: moral threat, national values, internal moral threats, external moral threats, new spiritual space, culture of information perception, ideological immunity, relevance, youth upbringing, radicalism, upbringing, information attacks, national values, modern hero, maternal responsibility.
Bugungi dunyoda bo'layotgan siyosiy va mafkuraviy jarayonlar, harbiy tajovvuzlar va to'qnashuvlarning keskinlashib borayotgani barchani tashvishga solishi tabiiydir. Hozirda butun yer yuzi iqtisodiy, siyosiy jihatdan yaxlit bir makonga aylandi, barcha jarayonlar intyegratsiyalashib dunyoning bir mintaqasida ro'y bergan voqelik boshqa hududlarga ham o'z ta'sirini o'tkazmoqda. Mazkur jarayonlar barcha davlatlarda o'z fuqarolarining xavfsizligi, mamlakat tinchligini ta'minlash dolzarbligini yanada oshirib yubormoqda.
Ayni paytda mamlakatlar taraqqiyotiga tahdid solayotgan siyosiy, iqtisodiy, harbiy xavflar bilan bir qatorda ma'naviy tahdidlar g'oyat murakkab tus olayotgani hech kimga sir emas. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev bu haqida to'xtalar ekan: "... hozirgi murakkab va tahlikali zamonda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot turli xurujlar, yoshlarimizning ongi va qalbini egallashga qaratilgan g'arazli intilishlar, mafkuraviy tahdidlar
tobora kuchayib borayotgani barchani yanada hushyor va ogoh bo'lishga undaydi", - deya bu borada amalga oshirilishi lozim bo'lgan asosiy vazifalarni belgilab berdilar.
Ma'naviy tahdidlar haqida to'xtalar ekanmiz, ularni jamiyat hayotini izdan chiqarishga bo'lgan xavfi jihatidan ikki turga - ichki va tashqi ma'naviy tahdidlarga bo'lishimiz mumkin. Ma'naviy tahdidlar jamiyat hayotini izdan chiqarishi, tartibsizlik va parokandalakni yuzaga keltirishi, ijtimoiy guruhlarni bir-biriga qarama-qarshi qilib qo'yishi, mamlakatda milliy, diniy va siyosiy ziddiyatlarni paydo qilishi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini butunlay izdan chiqarib yuborishi mumkin.
Ichki ma'naviy tahdidlar jamiyatimizda uchrab turadigan loqaydlik, befarqlik, milliy qadriyatlarni buzishga bo'lgan urinishlar, boshqa madaniyatlarga ko'r-ko'rona ergashish, huquqiy nigilizm, radikalizm, o'tkinchi xissiyotlarga o'ta berilish, riyokorlik, bilimsizlik (johillik) va boshqalar misolida namoyon bo'lmoqda.
Tashqi ma'naviy tahdidlar esa, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, missionerlik, buyuk davlatchilik shovinizmi, terrorizm, "ommaviy madaniyat"ni targ'ib qilish, ma'naviy axloqsizlik targ'iboti, milliy va diniy qadriyatlarni buzishga bo'lgan urinishlar va boshqalar ko'rinishida jamiyatimizga jiddiy xavf tug'dirmoqda.
Bugungi globallashuv davrida turli xil ma'naviy tahdidlar, mafkuraviy hurujlar yoshlar qalbi va ongiga tezlik bilan kirib borib, ularning xulq - atvoriga, ma'naviy tarbiyasiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bunday omillarni asosan quyidagilarda ko'rish mumkin:
- xalqaro internet tarmog'i orqali milliylikka tahdid soluvchi, diniy ekstremizm va aqidaparastlikni targ'ib qiluvchi, konstitutsiyaviy tuzumni zo'rlik bilan ag'darishga undovchi g'oyalar, shuningdek, boshqa vositalar orqali shu mazmundagi g'oyalarni targ'ib etishga urinish hollarining kuchayishi;
- internet tarmog'i orqali turli hayosiz, pornografik mazmundagi axborotlarni tarqatish orqali yoshlardagi milliy qadriyatlarni buzishga urinish;
- ayrim toifa yoshlarning "ommaviy madaniyat" ko'rinishlariga ko'r-ko'rona taqlid qilishi va uni eng zamonaviy madaniyat sifatida targ'ib etish borasidagi hatti-harakatlari;
- ayrim oilalardagi nosog'lom turmush tarzi (ichkilikbozlik, kashandalik, narkomaniya va boshqalar)ning "zamonaviylik" tarzida qabul qilinishi;
- zo'ravonlikka, vayronkorlikka, dahshatli fojealarni targ'ib qilishga asoslangan kompyuter o'yinlariga yoshlarning mukkasidan ketishi yoki butkul internetga qaramlik kasaliga chalinish holatlarining shakllanishi;
- turli maishiy muammolarni ko'rsatgan holda yoshlarning nazoratsiz qoldirilishi, ularning qiziqishlari, muammolarini ota-onalar tomonidan tahlil qilinmasligi;
- manbaviy asosga ega bo'lmagan fikrlar (mish-mish)larni tarqatish orqali yoshlarda ishonchsizlik ruhiyatining yuzaga keltirilishi;
- yoshlarda internet tarmog'i orqali olingan axborotlar asosida diniy radikallashuvning kuchayib borishi, ma'lum aqidalarni mazhabidan, diniy aqidalaridan qat'iy nazar, o'zi uchun to'g'ri yo'l sifatida qabul qilishi hamda ularning hatti-harakatlarida yaqqol namoyon bo'lishi.
Mafkuraviy jarayonlar globallashib borayotgan hozirgi vaqtda mafkuraviy axborot xurujlaridan himoyalanishning eng maqbul yo'li - yoshlarimizda axborot iste'moli madaniyatini shakllantirishdir. Bu borada yoshlarda eng avvalo ishonchli axborotni qabul qilish bo'yicha ko'nikmalarni shakllantirish, axborot tarqatish manbasining ishonchliligi va shaffofligiga ishonch hosil qilish ko'nikmasini shakllantirish lozim.
Bu borada Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ma'naviy va mafruviy tahdidlarga qarshi kurashish, "Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish"ning yangi bir yo'nalishini belgilab berdilar. Bu Yangi O'zbekistonda shakllanadigan yangi ma'naviy makondir. Davlatimiz rahbari bu xususida to'xtalar ekan, "Yangi ma'naviy makon nima? Mening nazarimda, u - biz orzu qilayotgan Yangi O'zbekistonning ma'naviy qiyofasi yaqqol aks etadigan, xalqimiz intilayotgan va el-yurtimiz baxtiyor yashaydigan ma'rifatli jamiyatdir", - deya ta'rif beradilar.
Ma'rifatli jamiyatda avvalo fuqarolarda axborot qabul qilish madaniyatini shakllantirish, har qanday sub'yektiv fikrlarga ko'r-ko'rona ergashib ketavermaslik, axborot maydonida faoliyat ko'rsatayotgan jurnalistlar, blogerlar milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda jarayonlarni yoritishlari maqsadga muvofiq bo'ladi.
Ikkinchidan, mamlakat fuqarolarida, ayniqsa o'sib kelayotgan yosh avlod ongida vatan taraqqiyoti, tinchligi uchun daxldorlik hissini shakllantirish va uni kuchaytirish lozim. Yurtimiz buguni va ertasi uchun qayg'urish, uning dunyo davlatlari bilan tengma-teng, hech bir xalqdan kam emasligini isbotlash hissini uyg'otish maqsadga muvofiq. Oila, mahalla, ta'lim muassasasi, korxona (tashkilot), jamoat tashkilotlarining barchasida ushbu daxldorlik tuyg'usi mavjud bo'lishi, "Men jonajon Vatanim taraqqiyoti va tinchligi yo'lida qanday xissa qo'shyapman", degan bunyodkor g'oyani shu mamlakatda yashayotgan har bir fuqaroning asosiy tuyg'usiga aylantirish lozim.
Uchinchidan, fuqarolarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish masalasi dolzarb vazifa bo'lmog'i lozim. Internet yoki boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilayotgan axborotlarni to'g'ridan to'g'ri qabul qilmaslik, uni tahlil qilish hamda eng to'g'ri hamda asosli bo'lgan axborotlarni o'zlashtirish madaniyatini shakllantirish maqsadga muvofiq bo'ladi. Vatanimiz tinchligi va taraqqiyotiga tahdid bo'ladigan har qanday axborotga qarshi ziyolilarimizda, fuqarolarimizda munosib javob bo'lishi shart. Shundagina, yurtimizga chetdan asossiz "tosh otishlar"ga chek qo'yilishi mumkin.
To'rtinchidan, jaholat va bilimsizlikning har qanday ko'rinishlariga nisbatan murosasiz kayfiyatni shakllantirish lozim. Johillik (bilimsizlik) tufayli ko'plab yoshi ulug' fuqarolarda, xususan ziyolilar orasida ham sobiq sovet tuzumini qo'msash, uni ulug'lash kayfiyatining hozirga qadar ham saqlanib qolayotgani yoki diniy aqidalarga mukkasidan ketish, faqatgina ibodatdan boshqa faoliyatni ko'ra olmadigan, o'ta radikallashib borayotgan shaxslarning mavjudligi achinarli holatdir. Shu bilan birga, diniy faoliyatni o'ziga kasb qilib olish va undan daromad orttirish holatlari ham mavjud. O'tmishni, mustamlaka siyosatini qo'msash yoki diniy hayotni mutloqlashtirish oqibatlari haqida soxa mutaxassislari tushuntirish ishlarini olib borishlari lozim.
Beshinchidan, yurtimiz taraqqiyoti va tinchligi eng buyuk ne'mat ekanligi, kelajak avlodlarga qoldiriladigan vatan taqdiri mas'uliyatini barcha fuqarolarga eng jozibali usullarda OAVlari orqali yetkazish, shuningdek, tariximizda yashab o'tgan, o'zlaridan buyuk ma'naviy meros qoldirgan, jahon tarixida ulkan o'ringa ega bo'lgan, o'z jasoratlari bilan namuna ko'rsatgan ajdodlarimiz haqida hujjatlari va badiiy filmlar yaratish orqali xalqimizni tarix bilan qurollantirishimiz zarur. Zero, o'z tarixini biladigan, undan ruhiy quvvat oladigan xalqni yengib bo'lmasligiga tariximizda ko'plab misollar mavjud.
Oltinchidan, ma'naviy barkamol avlodni shakllantirishda oilaning o'rnini oshirish, xotin-qizlar, ayniqsa bo'lg'usi onalarning bilimli, iqtidorli bo'lishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, onalarning farzand tarbiyasidagi o'rniga katta ahamiyat berish, qaysi bir oilada farzandlar muvaffaqiyatga erishsa uning onasini moddiy va ma'naviy rag'batlantirish tizimini
yo'lga qo'yish, onalarni sharaflash, ularning jamiyatdagi mavqelarini yuksaltirish bo'yicha tizimli ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Yettinchidan, yoshlar uchun ibrat bo'ladigan, yuksak natijalarga erishayotgan bugungi kun qahramoni qiyofasini shakllantirish, ularning mehnatda, ilmda, sportdagi yutuqlari hamda jasur yigitlarning Vatan himoyasi yo'lidagi jasoratlarini keng targ'ib qilish orqali muvaffaqiyatlarga erishish yo'llarini ko'rsatib berish, sabrli, matonatli, qo'rqmas avlodni tarbiyalash muhim vazifamiz bo'lishi lozim.
Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, yoshlarning ma'nan yetuk, jismonan sog'lom bo'lib voyaga yetishi uchun avvalo ularga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi omillarni bartaraf etish lozimdir. Bu esa, o'z navbatida, oila, mahalla, ta'lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, umuman har bir fuqarodan mas'uliyat, fidoiylikni talab etadi. Shu jihatdan olganda, oila, mahala va ta'lim muassasining asosiy vazifasi jamiyat talabiga mos barkamol yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazishdir. Yoshlarning vatanparvarligi oiladagi tarbiya, mahalla va ta'lim muassasalaridagi ma'naviy muhitdan boshlanadi, o'z oilasi, mahallasi va ta'lim muassasasini qadrlamagan inson Vatanini ham qadrlashi qiyin kechadi. Oila, mahalla va ta'lim muassasasi muhiti yoshlar ma'naviyatini shakllantiruvchi omil sifatida yetakchi o'rinda turadi. Bugungi kunda tarbiyaning barcha yo'nalishlari va sohalarining yaxlitligini talab etadigan tarbiyaviy ishlarga kompleks, tizimli yondashuvni ta'minlash dolzarb ahamiyatga ega bo'lmoqda.
Xulosa qilib, xilma-xil usullarda olib borilayotgan ta'lim va tarbiya ishlari jismonan sog'lom, ma'naviy barkamol yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, yangi ming yillikda davlatlarning, xalqlarning taqdirini moddiy boylik emas, balki intellektual salohiyati yetuk va yuksak ma'naviyatli yoshlar hal qilishi unutmasligimiz kerak.
REFERENCES
1. Mirziyoyev Sh. Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi. - Toshkent: O'zbekiston, 2023. -440 b.
2. Mirziyoyev Sh. Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik. - Toshkent: O'zbekiston, 2023. - 408 b.
3. Mirziyoyev Sh. Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yo'lini qat'iy davom ettiramiz. - Toshkent: O'zbekiston, 2022. - 520 b.
4. Ma'naviyat asosiy tushunchalar lug'ati // Q.Nazarov va boshqalar. - Toshkent: O'zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2022. - 728 b.