О
SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7
(E)ISSN:2181-1784 www.oriens.uz 3(2), Feb., 2023
" JUDOLIK DIYORI" ROMANIDA PORTRET TASVIRI
Jo'rayeva Manzura Ahrorqulovna
FarDU (PhD) dotsenti Tojaliyeva Nodira Asqarali qizi
FarDU magistranti
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada Murodjon Mansur ijodida (Xususan, "Judolik diyori" romanida) portret tasviri haqida so'z boradi. Maqolada obrazlar tahlili asosiy o'rin tutadi. Dialoglar vositasida ham obraz xarakteri ochib beriladi
Kalit so'zlar. Portret, statik va dinamikportret, personaj, prototp, xarakter, tip, tashbeh.
АННОТАЦИЯ
В данной статье говорится об изображении портрета в творчестве Муроджона Мансура (особенно в романе «Жудалик Дияр»). В статье основное место занимает анализ образов.Характер образа раскрывается также через диалоги
Ключевые слова. Портрет, статический и динамический портрет, персонаж, прототип, персонаж, тип.
ABSTRACT
This article talks about the portrait image in Murodjon Mansur's work (Especially in the novel "Judalik Diyar"). In the article, the analysis of images takes the main place. The character of the image is also revealed through dialogues
Keywords: Portrait, static and dynamic portrait, character, prototype, character,
type.
KIRISH
Badiiy asar haqida so'z borar ekan unda qahramon tasviri muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki asarning tushunarli, shuningdek, ta'sirli bo'lishi uchun o'quvchi ongida, avvalo, obraz mantiqiy jihatdan shakllangan bo'lishi joiz. Bu jihatdan portret tasviri yozuvchi o'z maqsad-muddaosini yetkazishda yordamchi vazifasini o'taydi.
"Portret (fr. portraire - tasvirlamoq) - 1) personajning so'z vositasida tasvirlangan tashqi ko'rinishi (qiyofasi, jussasi, kiyimi, yuz-ko'z ifodalari, tana holati va harakatlari, qiliqlari), o'quvchi tasavvurida jonlanadigan to'laqonli inson obrazini yaratish va uning xarakterini ochish vositalaridan biri. Portret epik asarning kompozitsion unsuri bo'lmish tavsifning bir ko'rinishidir."[1]
Portret tasviri haqida Murodjon Mansurning "Judolik diyori" romani misolida ko'rib chiqishga harakat qilamiz. Murodjon Mansurning obraz yaratish mahorati
o
SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7
3(2), Feb., 2023
shunda ediki, adib ko'plab insonlar o'zligini yo'qotgan sovetlar davrida ham o'ziga xiyonat qilmaydigan o'zbekona obrazlar, qahramonlar yaratganidadir. Asarda Sultonmurod, Maqsudxo'ja, Salomxon aya, Nusratulla pochcha, Soli, Mahfuza, Marg'uba, Olim, Bahriddin, Chaman kabi qahramonlar judayam ishonarli tasvirlangan. Qahramonlar ichida shubhasiz Sultonmurod obrazi diqqatga sazovor. Adib uninng tasvirini yaratishda portertning statik turidan foydalanadi. " Shartli ravishda statik va dinamik portret turlari farqlanadi. Statik deyilishiga sabab shuki, p.ning bu navida personajning tashqi qiyofasi syujet voqeasi to'xtatilgan holda ancha mufassal, detallashtirib chiziladi. Odatda, bunday portrelar personaj asar voqeligiga ilk bor kirib kelgan pallada beriladi" [2]
MUHOKAMA VA NATIJALAR
"Yostiq izi tushib qolgan cho'ziq yuzini ishqab, kerishdi. Sultonmurod akamning kelbati, chavandozlarnikidek edi. Chayir qiyg'ir burunli. Labining ustidagi kalta mo'ylovi bir yarashibdi. Shu turishda to'n kiyib, chakkasini durra bilan tang'ib olsami, uloqchining o'zi. Lekin hozir shaharcha kiyingan, ustiga-ustak boshyalang, sochlari jingalak edi. Egnida hali ham bu tomonlarda rasm bo'lmagan iroqi gulli yoqasiz ko'ylak. Ipak bog'ichlari bir chiroyli. O'rnidan turib, bo'yi shiftga yetgudek bo'lib yana kerishgan edi, kuraklari shiqirlab ketdi". Yozuvchining asar bosh qahramonining jismoniy quvvatini ham o'zi kabi chiroyli ekanini tasvirlab beradi. Statik portret tasvirining qo'llanishi asar qahramonini o'quvchi ongida teranroq saqlanib qolishiga sabab bo'ladi. Sultonmurod asarning ikkinchi qismida kamroq ko'rinsa-da, uchinchi qismida namoyonlik paydo etadi. U yaqinlaridan uzoq-uzoqlarga yashirinib yurishga majbur bo'ladi. Lekin asarda voqealar Sultonmurod bilan chambarchas bog'liq holda kechadi.
Yozuvchi Sultonmurod obrazining tashqi qiyofasini statik shakldagina berib qolmay, keyingi o'rinlarda uning ruhiy holati, ichki kechinmalari, kelbati haqida ayrim o'rinlarda portretning dinamik usulidan ham foydalanadi: "... Uy o'rtasida arslonning o'ligiday cho'zilib, birov yotar edi! Boshi ostida bitta yostiq, o'zi taqir gilamga yuztuban cho'zilgancha uxlab qolibdi".
"Dinamik portret deganda esa mufassal tasvir emas, balki voqea va dialoglar tasvirida, ya'ni harakat davomida berib boriluvchi personaj tashqi ko'rinishiga xos ayrim detallar nazarda tutiladi. Bunday portret detallari (yuz-ko'z ifodalari, tana holati va harakati, qiliqlari) ko'proq remarkalardan joy oladi va personajning ayni paytdagi ruhiy holatini ifodalashga xizmat qiladi.
"Ammo bir suratki ajoyib! O'zi xuddi shu iroqi gulli ko'ylakda-yu, lekin bir hurpayib, achchig'lanib turibdiki, hayron qolasiz. Shaharning urishqoq, chapani yigitlari ham bunchalik bo'lmas, bunday yovqarash qilib turmas (Tavba nimadan
o
SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7
3(2), Feb., 2023
buncha alamzada?). Yoqa valongar, lab alam-la qimtilgan, ko'z yonaman deydi. Savatdek soch to'zg'ib ketgan". [4] Sultonmurodning bu tasvirida esa portretning static ko'rinishidan unumli foydalaniladi. Asarning ruhiy holati va portret tasvirlarining shakllari bir-birini to'ldiradi. Ushbu parchada yurtining yovlar qo'lida talash bo'lganidan o'kinayotgan yigitning ruhiy kechinmalari ifodlashga harakat qilingan.
"Men uning Bo'zsuv shamollarida qorayib, ancha dag'al tortgan yuz-ko'zlariga qarab o'tirib, yana vahmim ortib boryapti. U xontaxtaning bir yonini egallab, ko'ksini berib o'tirgani uchunmi, yo aslida ham shundaymi, yelkalari kattalashib, qaddi-basti to'lishganday, o'zi ancha salobatli ko'rinardi. Rostini aytsam chilla chiqishi bilan kechalari salqin tushib, Qo'ldosh tog'amning nosrang kitel-shimini kiyib olganidan, ustiga-ustak oyog'idagi etik ham harbiylargami, kimgadir o'xshatib qo'ygan".
Murod Mansur "Judolik diyori"da bir qator xotin-qizlar obrazlarini ham yaratadi, bular o'z portreti, xarakteri bilan bir-birlaridan farq qiladilar, voqealarning borishida faol ishtirok etadilar. Romandagi asosiy obrazlardan biri - Salomxon aya obrazidir. Salomxon aya - Maqsudxo'janing onasi. Sultonmurod uning jiyani. Bu obraz romanda oqila, mulohazakor, qanoatli, mehribon shuning barobarida, qat'iyatli ayol sifatida gavdalanadi.
Asarda Salomxon ayaning tashqi ko'rinishiga, portretiga deyarli chizgilar berilmagan, biroq gap ohanglari, ruhiy munosabatlar bilan yuzida aks etadigan o'zgarishlar tasvirlanadi. Yozuvchi qahramonlarining portretini rang-barang qilib ko'rsatishda yumordan yaxshigina foydalanadi:
"Hay, Sultonmurod, san esingni yeb ol. Ko'pam bu kashmirilarning qiziga aylanishaverma.
Akam hoholab kuldi, kulib yengmoqchi bo'ldi.
- Voy, xola-yey! Juda ajoyibsiz-da! Har bitta begona kashmiri bo'lavursa, sog'i kim qoladi?!
- San kulma, bular shunday ustaki, ko'zingga qarab turib, avrab qo'yganini bilmay qolasan.
- Ko'zingga qarab turib deng-a?
- Ha, qarab turib duosini o'qisa tamomsan. Oyisining parilari borligini, childirma chalib odam o'qishini bilmaysanmi?
- Bilaman dedi akam, o'sha-o'sha kulib.
- Bilsang nimaga kulyapsan?
- Hamma qatori bir qiz-ku.
- Ho-o, dedilar oyim cho'zib, - hamma qatori ekanmi, voy tavba-yey?"
o
SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7
3(2), Feb., 2023
Yozuvchi Salomxon aya obrazi tilidan gapirilgan bu tasvirni, Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" romanidagi O'zbek oyim bilan Otabekning marg'ilonlik kelin - Kumush borasidagi bahsiga qiyoslaganga o'xshaydi. O'zbek oyim ham Kumushni "andi" deb atab Yusufbek hoji va Otabekning kulgisiga sabab bo'ladi. Murod Mansur Salomxon aya obrazini O'zbek oyim obraziga qiyoslaganda, uning qat'iyatli, mehmonnavozligi O'zbek oyimga tortib ketishiga, biroq, Salomxon ayani oqila, "mulohazakor", qanoatli, mehribon ayol sifatida tasvirlashga intiladi. Yo'qotishu judoliklar Salomxon ayaning qalbida o'chmas jarohat qoldirsa-da, yozuvchi asarda ayolning mustahkam irodasini sindirmaslikka harakat qiladi:
" - Janozadan keyin qoraxat kelib tursa nima deyaringniyam... - deb ming'irladi amaki.
- Voy o'lmasam, Bahriddinginadanmi?
- Oyim yuzini qo'shqo'llab changalladilar, etaklaridagi jiyda yer bilan bitta bo'lib ketdi".
Ayon bo'lyaptiki, ruhiyat kechmishining portret ko'rinishlari voqealar davomida ko'rinish beradi. Adib Salomxon aya obrazi orqali haqiqiy o'zbek ayolining real timsolini yaratishga intiladi.
Romanning asosiy qahramonlaridan yana biri - Marg'uba obrazidir. Asarning sarguzasht voqealari Marg'ubaning achinarli taqdiri bilan bog'liq tarzda kechadi. Kuyovi Bahriddinning to'y kuni yo'qolishi Marg'ubani qattiq iztirobga soladi. Bahriddin ta'qibchilardan qochadi. Bahriddin jo'rasi bilan kiyimlarini almashtirgani tufayli, uning o'rniga jo'rasini o'ldirishadi. Qotillar jasadni tanimasdan "Bahriddin" deb ko'mib yuborishadi. Bahriddinning tirikligidan bexabar Marg'uba biroz vaqtdan so'ng Sultonmurodga ko'ngil qo'yadi. Sultonmurod Marg'ubaning Haybatga uzatilayotganini eshitib, uni olib qochadi. Sultonmurod Marg'ubani nega olib qochadi? U Marg'ubani birinchi nikohidagi kishiga yetkazishga jazm qiladi.
Asarda Marg'uba haqida so'z borar ekan, yozuvchi uning portretini tabiat tasviriga qiyoslab yaratadi, tashqi libosga e'tiborini ko'proq jalb qiladi.
"Ko'z oldimizda salomga egilgan kelinchakdek bo'lib, o'sha bir to'p (qiyg'os gullagan) shaftoli turardi. Topdim! Men uni ilgari ham ko'rganman! Asol xolamnikiga to'ydan keyin birinchi borganimizda ko'rganman. Shunda u boshiga shaftoli gulli uzu-un simro'molmi, to'rro'molmi tashlab chiqqan. Avval oyimlarga, so'ng menga bir chiroyli salom qilganida, xiyla vaqtgacha esim og'ib qolgan edi... Piyolani uch barmog'ining ustiga qo'ndirib choy uzatarkan, shirin jilmayib: "Oling qaynim, qaynijonim, dasturxonga qarangla", deya qistagan edi"[5]
Adib Marg'ubaning kelin salomini, qiyg'os gullab, egilib turgan shaftoliga qiyoslaydi. Yozuvchi ibo, hayo deb atalmish go'zal xislatlarni ham Marg'uba
О
SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7
(E)ISSN:2181-1784 www.oriens.uz 3(2), Feb., 2023
portretiga singdirib yuborgan. Tashbeh san'ati ham o'rinli qo'llangan. Marg'uba portreti tasvirida, yozuvchi qahramon qiyofasini to'la ma'noda yoritmay, balki voqealar davomida uning xarakter xususiyatlarini berish orqali ham tashqi, ham ichki qiyofasini chizadi.
"Judolik diyori" romanida Asol xola, Hidoy xola, Haybatning onasi -"oppog'oyim", Mubor xola, Huri amma kabi obrazlarning portretlari ham puxta ishlangan. Romanda Asol xolaning boshiga ko'p og'ir tashvishlar tushadi. To'yi kuni chimildiqqa ham kirishga ulgurmay, bedarak ketgan, biroz vaqt o'tib, o'g'li Bahriddinning o'ldi, degan xabarini eshitgan Asol xolaning og'ir ruhiy holati tasvirlanadi.
"Kelinginamni kutvolishga ham qo'ymalaring! Qamab tashlalaring! Yo'latmalaring men bechorani! - deb siltanadilar hadeb. Ro'mollari oyoq ostiga tushib, oppoq sochlari bir xunuk to'zg'ib ketibdi, yuzlari ayanchdan bujmayib.. ."[6]
Asol xolaning bu portreti orqali muallif o'z qahramonining ichki o'rtanishlarini ochib bergan. Xalq ta'birida uchraydigan "ko'zi bor", "ko'zi tegadi" kabi qarashni Mubor xola portretida uchratamiz.
"... shu xolamning ko'zlari bor. Mijjalaridagi ajinga o'xshab ketadigan allaqanday xollari ko'zining o'tkirligidan nishonaday edi. Xolang yaxshilab qarasalar, o'ynoqlab borayotgan, otni ham yiqitadilar, hazir bo'lish kerak", deydilar oyim".[7]
Hidoy xola obrazi portretida esa tamomila buning aksini ko'ramiz.
"Oq sariqdan kelgan yuzlaridan hamisha nur yog'ilib turadi, vujudlaridan qalampirmunchoq hidi anqib, quchoqlariga olganda, bag'irlariga singib ketging kelaveradi odam. Bir chiroyli kamzullar, nimchalar tikadilar" Adib Hidoy xolani ochiq ko'ngil, nurli ayol sifatida tasvirlaydi.
Muallif ayol obrazi portretini yaratganida, qahramonlarning deyarli barchasiga samimiyat, ochiq ko'ngillilik, mehnatsevarlik, mehr-oqibat tuyg'ularini chuqur singdiradi.
XULOSA (ЗАКЛЮЧЕНИЕ / CONCLUSION)
O'ziga xos portret yaratish usuliga ega bo'lgan Murod Mansur qahramonlarning portretlarini rang-barang qilib ko'rsatishda, ruhiy olamini tasvirlashda bir qancha unsurlardan unumli foydalangan.
Yozuvchi qahramonlar portretini chizar ekan, ularning xarakteridagi belgilarni ochib berishga harakat qiladi. Faqat qahramonlarning tashqi qiyofasinigina chizmay, ularning ichki dunyosini ham o'ziga xos detallar vositasida mahorat bilan tasvirlaydi. Bu esa tabiiyki, asar ta'sirchanligini yanada orttiradi.
о
SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7
3(2), Feb., 2023
ADABIYOTLAR RO'YXATI (REFERENCES)
1. Gafurovich, S. A. (2021). Analysis Of The Poem" Autumn Dreams" By Abdulla Oripov. The American Journal of Social Science and Education Innovations, 3(01), 556-559.
2. Sabirdinov, A. . (2021). ASKAR KASIMOV IN THE UZBEK POETRY OF THE XX CENTURY THE ROLE AND IMPORTANCE OF CREATION.
Конференции, 1(2).
3. Mukhammadjonova Guzalkhan. The image of a creative person in the poetry of Erkin Vohidov. ACADEMICIA: An International Multidisciplinary Research Journal. Volume : 10, Issue : 11, November. - India, 2020.
4. Mukhammadjonova, G. (2020, December). ARTISTIC INTERPRETATION OF THE CREATIVE CONCEPT IN WORLD LITERATURE. In Конференции.
5. Abdurashidovich, K. A. (2018). Motivation and National Character of Foolishness in Uzbek Literature. ANGLISTICUM. Journal of the AssociationInstitute for English Language and American Studies, 7(4), 47-51.
6. Qayumov, A. (2018). Creating of a national character through means of literature.
Theoretical & Applied Science, (1), 235-240.
7. Kayumov, A. A., & Isakova, J. B. (2022). DESCRIPTION OF A CHILD'S IMAGE IN UZBEK LITERATURE. Oriental Journal of Social Sciences, 2(02), 115122.
8. Kayumov, A. (2021). Character And Psychophysiology. Zien Journal of Social Sciences and Humanities,3,9-13.
9. Mansurov, M.(2010j. Judolik diyori. 1,2,3,4-kitoblar