JAHONGIRSHOH DAVRIDA HINDISTONNING IJTIMOIY-IQTISODIY HAYOTI
J.Z. Sobirov1
Ushbu maqolada Jahongirshoh davrida Hindistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ro'y bergan o'zgarishlar, xalqning erkinligi uchun chiqarilgan farmonlar, chet mamlakatlar bilan o'zaro savdo aloqalar va buning natijasida chet mamlakat podshohlarining Hindistonga kirib kelishi haqida so'z yuritiladi.
Kalitso'zlar: Jahongirshoh, Hindiston, erkinlik, adolat zanjiri, yevropalik savdogarlar.
Hindiston xalqlarining madaniy hayotida bo'lib o'tgan ijobiy o'zgarishlarga ulkan hissa qo'shgan boburiy shahzodalar silsilasida Boburshohning chevarasi, Humoyunshohning nevarasi, Akbarshohning o'g'li bo'lmish Jahongirshoh alohida mavqeda turadi. U davlatni idora qilish, xalqning turmush sharoitini yaxshilash, me'moriy obidalar bunyod etish, bog' va gulzorlar barpo etish hamda tasviriy san'atga, umuman, go'zallikka bo'lgan ishtiyoqi bilan o'zidan avval o'tgan boburiy shahzodalar davrasida alohida viqor bilan ko'zga tashlanib turadi.
Taxtni egallagach, shahzoda Salim o'zini "Jahongir" deb e'lon qildi-da, davlatni idora qilishda qator islohotlar qilishga kirishdi. Jumladan, o'z nomi o'yib yozilgan tanga pul zarb qildirdi, zindonband etgan juda ko'p mahbuslar ozod qilindi. Mamlakat hududida ma'muriyat ruxsatisiz do'kon ochish va savdo qilish man qilindi. Musallas va giyohvandlik moddalari tayyorlash va ular bilan savdo qilish qat'iyan ta'qiqlandi. [1.31] Shuningdek ma'muriy mansabdor shaxslarning o'zboshimchalik bilan uy-joy va ekin ekiladigan maydonlarni egallab olishlari va o'z qo'l ostidagi fuqaroning qizlarini xotinlikka olishlariga chek qo'yildi.
Jinoiy javobgarlijda ayblanganlarning quloq va burunlarini kesib jazolash chorasi ham bekor qilindi. Karvon yo'llari bo'yiga quduqlar qazish, masjid va karvonsaroylar qurish hamda bemorlarni davolash uchun hukumat qaramog'ida turadigan shifoxonalar tashkil etishga farmon chiqarildi. Shuningdek, mansabdor marhumlarning mol-mulkini uning merosxo'riga berish, merosxo'ri bo'lmagan hollarda esa, uning mulkini xalq ommasi uchun xizmat qiladigan inshootlar ishlariga sarflash tartibi o'rnatildi. Amaldorlar va mulkdorlar ham bir qator ko'rikdan o'tkazildi.
Jahongirshoh buyrug'iga binoan Agra qal'asining Shoh Burjidan Jamna daryosi qirg'oqlarigacha yetadigan qilib "Adolat zanjiri" tortilgan. Sof tilladan qurilgan bu inshoot xususida Jahongir o'zining "Tuzuki Jahongiriy" deb atalgan xotiranomasida shunday bayon qiladi:
"Zanjir sof oltindan qo'yilishi, uning uzunligi 30 gaz bo'lishi va unga 60 ta qo'ng'iroq osib qo'yilishi haqida farmon chiqardim. Zanjirning og'irligi Hindiston o'lchovi bilan 4 man, Iroq o'lchovi bilan 32 manga teng bo'ldi". Bu zanjirni qo'yish uchun shoh xazinasidan 300.000 rupiy mablag' sarflangan edi. [2.32]
Jahongir Mirzo otasining an'analariga sodiq qolgan holda hukmronlik faoliyatining boshlaridayoq fuqaroga ekinlik beradigan bir necha farmonlar chiqardi. Uning buyrug'iga binoan qurilfan "Adolat zanjiri" ham shu farmonlardan biri edi. Ushbu inshoot qurib bitkazilganidan keyin uning qo'ng'irog'i Jamna daryosi bo'yida ochiq holda qoldirilgan edi.
Podshohdan adolat so'ramoqchi bo'lgan oddiy fuqaro ana shu zanjir orqali qo'ng'iroq chalib, shohga murojaat qilishi mumkin edi. Qo'ng'iroq necha marta chalinganini aytish qiyin-u, lekin bu tadbir Jahongirning mamlakatda adolat o'rnatishga tomon qo'ygan dastlabki qadami edi. [3.120]
Jahongir hokimiyatga kelganidan so'ng davlatning ravnaqini ko'rgan uch yevropa davlati unga egalik qilish uchun savdo maqsadi niqobi ostida harakat boshlashadi. Shu kunga kelib portugaliyaliklar qadam qo'yganiga 100 yilcha vaqt o'tgan bo'ladi. Ikkinchi davlat inglizlar bo'lib, ular asosan hind-ingliz shirkatining vakillari edi.
1Sobirov Jamshidbek Zokirjon o'g'li - Andijon davlat universiteti, Tarix fakulteti, 3-bosqich talabasi.
Gollandiya ham bu uerda hind-golland shirkati vakillari sifatida mavjud edilar. Ingliz shirkati 1600-yilda, gollandiya shirkati esa 1602-yilda tuzilib portugallar bilan raqobat boshlashadi. [4.26]
Jahongir taxtga o'tirgach, u ham chet elliklarga otasining ko'zi bilan qaray boshlaydi. O'sha paytlarda ingliz qiroli Jeyms-I Xokinz degan shaxsni u yerga elchi qilib jo'natadi. Bu elchi bir paytning o'zida hind-ingliz shirkatining ham bosh vakili edi. Elchi qirol risolasini Jahongirga topshirganda, Jahongirning birinchi vaziri shunday degan: Boburiylar podshosidek bir odam Angliya qirolidek singari kichkina podshohga xat javobi yozishi ma'qul emas. Elchi hech bir gap aytmagan. Inglizlar har xil fitnalar uyushtirish bilan birga, o'z savdo-ishlarini asta-sekin davom ettiraverishgan.
Vaqtlar o'tib ingliz elchisi o'zgargan. Xokins o'rniga Tomas Ru bo'ldi. 1615-yilda u sultonning ishonchini qozonib, inglizlar savdosidan soliq olmaslikka erishgan. Undan tashqari, 1616-yilda Surt portibi qal'a qilib o'rab olishga ham ruxsat bergan. Shuningdek, Jahongir zamonida 1616-18- yillarda Surtda, Ahmadobodda, Dukkanda va uning sohil bo'yi nuqtalarida, Agrada gollandiyaliklar savdo markazlari ochishadi. [5.26-27]
Shunday qilib, Jahongir zamonida yevropaliklar Hindistonga asta-sekin o'z qo'llarini cho'za boshlashadi. Tarixchilarning fikriga ko'ra Jahongirning yevropaliklar savdosidan soliq olmagani bunga sabab bo'lgan. Buning natijasida ular mamlakat ichkarisida chuqur ildiz otib yubordilar.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. G'ofurjon Satimov, Boburiyzodalar. - Toshkent: Ma'naviyat, 2003. 31-bet.
2. G'ofurjon Satimov, Boburiyzodalar. - Toshkent: Ma'naviyat, 2003. 32-bet.
3. G'ofurjon Satimov, Markaziy Osiyo va Hindiston tarixda Boburiylar davri. - Toshkent: G'ofur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2008. 120-bet.
4. Mahmudjon Nuritdinov, Boburiylar sulolasi. - Toshkent: Fan, 1994. 26-bet.
5. Mahmudjon Nuritdinov, Boburiylar sulolasi. - Toshkent: Fan, 1994. 26-27-betlar.
© J.Z. Sobirov, 2022.