IJTIMOIY SHERIKLIK MUNOSABATLARINI O'RGANISHNING NAZARIY METODOLOGIK ASOSLARI
Enajon Zaripbayevna Nishanbayeva
Ijtimoiy fanlar fakulteti dotsenti Mirzo Ulug'beknomidagi O'zbekiston Milliy Universiteti
Toshkent, O 'zbekiston
Annotatsiya. Ushbu maqolada, O'zbekistonda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini o'rganishning nazariy metodologik asoslari tahlil qilingan. Shu bilan birga jamoatchilik nazoratini rivojlantirishning tadrijiy rivojlanish jarayonlari tahlil qilinadi.
Kalitso'zlar. ijtimoiy sheriklik, jamoatchilik nazorati, ijtimoiy mas'uliyat, ijtimoiy-mehnat sohasi, nodavlat sektor, siyosiy faollik, fuqarolik jamiyati, demokratiya.
ТЕОРЕТИЧЕСКИЕ МЕТОДОЛОГИЧЕСКИЕ ОСНОВЫ ИЗУЧЕНИЯ ОТНОШЕНИЙ СОЦИАЛЬНОГО ПАРТНЕРСТВА
Нишанбаева Энажон Зарипбаевна
Доцент факультета социальных наук Национальный университет Узбекистана имени Мирзо Улугбека
Ташкент, Узбекистан
Аннотация: В данной статье анализируются теоретические и методологические основы исследования отношений социального партнерства в Узбекистане. При этом анализируются поэтапные процессы развития общественного контроля.
Ключевые слова: социальное партнерство, общественный контроль, социальная ответственность, сфера социальной работы, негосударственный сектор, политическая деятельность, гражданское общество, демократия.
THEORETICAL METHODOLOGICAL BASIS OF THE STUDY OF SOCIAL PARTNERSHIP RELATIONS
Enajon Zaripbayevna Nishanbayeva
Associate Professor, Faculty of Social Sciences The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek
Tashkent, Uzbekistan.
Abstract. In this article, the theoretical and methodologicalfoundations of the study of social partnership relations in Uzbekistan are analyzed. At the same time, the gradual development processes of the development of public control are analyzed.
Keywords. Social partnership, public control, social responsibility, social work sector, non-state sector, political activity, civil society, democracy.
KIRISH (ВВЕДЕНИЕ / INTRODUCTION).
Insoniyat paydo bo'libdiki, adolatli va erkin jamiyat barpo etish orzusi bilan yashab kelmoqda. Eng qadimgi davrdan hozirga qadar qanchadan qancha alloma va mutafakkirlar bu haqda bosh qotirganlar, ko'plab davlat arboblari, olimu-fuzalolar odamlar ahil va inoq, baxtli va farovon yashaydigan ana shunday hayot sharoitiga erishish uchun harakat qilganlar. Vedalar va upanishadlar, "Avesto" va "O'zgarishlar kitobi" kabi manbalardan boshlangan ilk Sharq an'anasiga ko'ra bu mavzu olam va odam, koinot va inson, adolat va ezgulik masalalari tahlilining tarkibiy qismi bo'lgan. Xususan, "Avesto"da aks etgan bu boradagi bir qator fikr mulohazalar bugungi kun uchun ham o'z qadrini yo'qotmaganligi diqqatga sazovordir. Chunonchi: "Qayerda ikki tan bir-birini qo'llasa, o'sha yerda ish yurishadi", "O'zgalarni yaxshilikka yo'llay olgan odamnigina yaxshi odam deyish mumkin", "Tangri rostgo'ylar va haqiqat yo'lida hamkor bo'lganlarning nigohbonidir" va hokazo. "Yasna"da ta'kidlanganidek, jamiyatni, davlatni boshqarib turgan rahbar hamisha jamoa manfaatini himoya qilishi, jamoa tomonida
bo'lishi shart. U o'zi mansub bo'lgan odamlar guruhi, toifasi bilan birga nafas
www.sharqjurnali.uz DOI: 10.5281/zenodo.14282124
2
olmog'i, ularning quvonchlariyu tashvishlari bilan yashamog'i, jamoa dushmanlariga nafrat bilan qaramog'i darkor.[1]
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODLAR (ЛИТЕРАТУРНЫЙ АНАЛИЗ И МЕТОДЫ / LITERATURE ANALYSIS AND METHODS)
Adabiyotlar tahlili shuni ko'rsatadiki, Aflotun va Arastuga borib taqaluvchi qadimgi davr an'anasida davlat va jamiyat munosabatlari o'rganilar ekan, ularning fikricha jamiyat, erkin va ozod, teng huquqli, hamda yagona siyosiy hukumatga bo'ysunuvchi odamlar uyushmasi sifatida tushuniladi. Aflotunning bu boradagi qarashlarida davlat va jamiyatning o'zaro hamkorligi bu odamlar qiziqishlari, hududi va undagi tartibning himoyasi, shakllanishi va taraqqiyoti, qolaversa, kundalik ehtiyojlarining qondirilishini ta'minlashga qaratilganligi bilan alohida ajralib turadi.[2]
Arastuda esa davlat va jamiyatning o'zaro sheriklikda faoliyat olib borishi davlatning o'ziga xos hukmronlik va itoatkorlik munosabatlari asosida amalga oshirilishi kerak bo'ladi. Shuning uchun ham bu faylasuf polis (davlat)larning o'zaro hamkorlikda tuzilgan munosabatlarini mukammal o'rganib chiqib, bunday sheriklik ideal nazariya sifatida, politiyani (monarxiya, aristokratiya va demokratiya belgilari chambarchas bog'lanib ketgan davlat tuzilmasini) mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidlagan[3].
O'rta asrlar Sharq falsafasida alohida o'rin egallagan Abu Nasr Forobiy esa o'zining «Madina al-Fozila», «Fuqarolik siyosati», «Baxt-saodatga erishuv haqida»gi asarlarida adolatli jamiyat, jamiyatdagi ijobiy munosabatlarning shakllanishini keng tahlil qilgan. Bu asarlarda ezgu axloqiy qadriyatlarga asoslangan, kishilarni baxt-saodatga eltuvchi davlat, yetuk xislatlar sohibi va fuqaro tomonidan saylanadigan boshqaruvchilarga ega bo'ladigan jamiyat to'g'risida o'sha davr tafakkuriga ta'sir ko'rsatgan fikrlarni qayd qiladi. Allomaning jamiyatdagi birdamlik mohiyatini izlashdan maqsadi - eng ezgu ma'naviy-axloqiy qadriyatlar, ilm-fan, odamzot qadri, ongi, tafakkurining ahamiyati baland bo'lgan jamiyatni
qaror toptirishdan iborat bo'lgan.[4] Shuningdek, Forobiy ta'kidlashicha, shahar, davlat va jamiyatning barcha tarkibiy qismlari bir inson vujudining turli a'zolari faoliyati kabi, o'zaro muvofiqlashgan, uyg'unlashgan, tartibli, tizimlashgan bo'lishi zarur. Tabiiy mavjudotlardagi mutanosiblik shahar (davlat) jamiyatida ham bo'lishi zarur. Jamiyatning barcha a'zolari har biri o'z mavqeidagi ishlari, harakatlari bilan shaharning birinchi boshlig'ining (davlat, mamlakat farovonligini oshirish yo'lida) maqsadini amalga oshirishda o'z hissalarini qo'shishlari kerak. Jamiyat adolatli qonunlarga amal qilinganida, jamiyat va shaxs munosabatlari pozitiv, konstruktiv, ijobiy bo'lganida, ziddiyatlar va qarama-qarshilik ming yillar davomida to'plangan tajriba, milliy an'ana va urf-odatlarga muvofiq hal etilganida shaxs kamolotga, jamiyat-taraqqiyotga erishadi".
Keyinchalik J. Lokk, T. Gobbs, Sh.L. Montesktye, I. Kant, Gegel, M.Fuko, N. Berdyayev kabi faylasuflar ijodida fuqarolik jamiyati va u bilan bog'liq holatda sheriklik tushunchasi mukammal tahlil etilgan yoki fuqarolik jamiyati-jamiyat antitezisi doirasida ko'rib chiqilgan.
XVII-XVIII asrlarda shakllangan nazariyalarda sheriklik tushunchasi davlat va fuqarolar munosabatlarini muvofiqlashtiruvchi samarali omilaridan biriga aylandi. Bu J.Lokk, T. Gobbs va I.Kant kabi faylasuflarning qarashlarida ayniqsa yaqqol namoyon bo'ladi. Jon Lokkning asosiy siyosiy asari hisoblangan "Davlat boshqaruvi to'g'risida ikki traktat"da[5] monarxlar absolyutizmini qayta qurishga yo'naltirilgan qarashlar ilgari surilgan. Jumladan, Jon Lokk birinchi traktatida siyosiy hukmronlikning patriarxal ildizlarini rad qilgan. Uning fikricha, insonning Xudo oldidagi burchi ham, tabiat qonunlariga ko'ra, o'ziga xos insoniy sifatlar - aql va iroda erkinligidan foydalanishdan iborat bo'lishi lozim.
Mavzuga oid ilmiy adabiyotlarning tahlili, ijtimoiy sheriklik dastlab ijtimoiy, birinchi navbatda mehnat tartibini belgilash usuli, xususan, tadbirkorlar (ish beruvchilar), xodimlar va davlat o'rtasidagi munosabatlar tizimi sifatida talqin qilinganligini ko'rsatadi.
MUHOKAMA (ОБСУЖДЕНИЕ / DISCUSSION).
Mamlakatimiz oldida turgan masalalarning jiddiyligini e'tiborga olgan holda Sh.Mirziyoyev tomonidan Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi e'lon qilindi.
Shular asosida 2022 yilning 28 yanvarida «2022—2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida»gi PF-60 raqamli farmoni imzolandi. Farmonda O'zbekistonni keyingi 5 yilda rivojlantirishning 7 ta ustuvor yo'nalishi doirasida 100 ta maqsadlarga erishishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilgan edi.
Aytish zarurki, bu tarixiy, dasturiy ahamiyatga ega bo'lgan, konseptual hujjatda islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta'minlash maqsadida "Harakatlar strategiyasidan - Taraqqiyot strategiyasi sari" tamoyil asosiy g'oya va bosh mezon sifatida e'tirof etildi.
Milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab bergan Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlash - samarali boshqaruvni amalga oshirishdagi ustuvor yo'nalishlardan biri ekanligi yana bir bor e'tirof etildi.
Ayni chog'da, so'nggi yillarda dunyodagi hodisa-voqealarning shiddati oshdi, xalqaro munosabatlarda keskin o'zgarishlar ro'y berdi. Dunyoda kechayotgan bunday jarayonlarga baho berib Prezident Sh Mirziyoyev: "Biz mana shunday og'ir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to'g'ri yo'lni - samarali ichki va tashqi siyosat yo'lini aniq belgilab olishimiz va uni qat'iy amalga oshirishimiz lozim"[6] deb ta'kidlagan edi.
Shu ma'noda, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo'nalishlarini takomillashtirish va ulkan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
"O'zbekiston 2030" yangi strategiyasi doirasida "o'z dolzarbligini yo'qotmagan barcha maqsadlarga erishish, shuningdek, Yangi O'zbekistonni
rivojlantirish strategiyasida belgilab berilgan, amalga oshirish davom etayotgan dolzarb vazifalarni amalga oshirish ta'minlanadi".
«O'zbekiston - 2030» strategiyasi Germaniya, Fransiya, Koreya tajribalari asosida yangi usulda ishlab chiqilgan bo'lib, uning maqsadlari va samaradorlik ko'rsatkichlari aholi tomonidan oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan, unda 5 ta yo'nalish bo'yicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan.
Ijtimoiy sheriklik munosabatlarini tizimli tahlil qilish uchun bu tushuncha bilan bog'liq: "sheriklik" va "ijtimoiy hamkorlik" kabi tushunchalar mazmunini aniqlash maqsadga muvofiq. Zero, tadqiq qilinayotgan ob'yekt va predmetning kategorial apparatini, tushunchalari mazmunini konkretlashtirish nazariy-metodologik vazifa bo'lib, muammoning ilmiy-amaliy yechimini topishning zaruriy shartidir. Aksariyat ilmiy adabiyotlarida "sheriklik" tushunchasi turlicha nuqtai-nazardan ta'rif va tasnif etiladi[7].
Shuning bilan bir qatorda ko'p holatlarda mazkur tushuncha olimlarning metodologik va paradigmal nuqtai nazarlaridan kelib chiqilgan holda, o'ta sub'yektiv qabul qilinadi. Bizning nuqtai-nazarimizga ko'ra esa qat'iy huquqiy normalardan farqli ravishda, sheriklik sub'yektlar o'rtasidagi munosabatlarda ma'lum darajada ixtiyoriylikni nazarda tutadi. Shu o'rinda, ijtimoiy sheriklik bilan bog'liq holda ishlatilayotgan «ijtimoy hamkorlik» tushunchasini mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglash muhim hisoblanadi.
Ijtimoiy sheriklikning muhim xususiyatlaridan biri, bu taraflarning huquq va majburiyatlarga rioya qilish haqidagi o'zaro kelishuvigina emas, balki ular o'rtasidagi yuksak axloqiy qoidalar majmuidir.
Darhaqiqat, ijtimoiy sheriklikka bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyatga xos bo'lgan ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning bir turi sifatida qarash mumkin. Birinchidan, bu umumiy manfaatlar va qarashlar bilan birga, mutlaqo farq qiluvchi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy manfaatlarga ega taraflar o'rtasidagi munosabatdir. Ikkinchidan, ijtimoiy sheriklik taraflarning qarama-qarshiligiga emas, balki ijtimoiy
konsensus(kelishuv)ga erishishga asoslanadi. Uchinchidan, bu shunday munosabatlar turiki, uni amalga oshirishdan barcha ijtimoiy guruhlar hamda davlat manfaatdor bo'ladi. Chunki aynan ijtimoiy sheriklik sharoitida jamiyat ijtimoiy barqarorlikka hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga erishadi.
Bizningcha, ijtimoiy sheriklik - bu davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o'zaro hamkorligi va manfaatlarni uyg'unlashtirish asosida jamiyatda mavjud bo'lgan muayyan ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan muloqot hamda konsensusga kelish tizimidir (N.E.)[8].
Tor ma'noda ijtimoiy sheriklik yo mehnat yoki davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining aniq munosabatlari shakli hisoblanadi. O'z navbatida ijtimoiy guruhlarning o'zaro maxsus sherikligi bo'lib, bunday munosabatlarni olib borishga qaratilgan ob'yektning qanday bo'lishidan qat'iy nazar, ya'ni nafaqat mehnat munosabatlari, balki boshqa sohalarda, jumladan, davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining o'zaro hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarini amalga oshirish kabilar ham bo'lishi, davlat va nodavlat tashkilotlari manfaatlarining yagona bir sohadagi mushtarakligi
Ijtimoiy sheriklik boshqa ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan ham chambarchas bog'liq bo'lib, bunda o'zgalarning o'ziga xos imkoniyatlaridan foydalanishga ehtiyoj uni mustahkamlaydi, u o'z navbatida bunday munosabatlar nizoli xarakterda emas, balki mavjud rivojlangan huquq va axloq institutlari nazorati ostida murosa xarakterida bo'lishi kerak. Zero, M.Xajiyeva ta'kidlaganidek, "Murosa qilish deganda, murakkab muammoni hal qilish zaruriyatidan kelib chiqqan holda manfaatdor tomonlarning o'zaro kelishuvi, bir-birlariga yon berishlari nazarda tutiladi"[9]. Bularning barchasi ijtimoiy tartibning organik, ya'ni ijtimoiy sub'yektlarning tabiiy, ixtiyoriy birdamligini ta'minlaydi, bunda ijtimoiy hamkorlikning asosiy turlaridan biri sifatida sheriklik namoyon bo'ladi. Shuning uchun ham ijtimoiy sheriklikka oid munosabatlar davlat va fuqarolik jamiyati
institutlari o'rtasidagi o'ziga xos huquqiy munosabatlarning bir tarmog'i bo'lib hisoblanadi.
NATIJALAR (РЕЗУЛЬТАТЫ / RESULTS).
Yuqorida qayd etilganidek, ijtimoiy sheriklikning bosh maqsadi deb, uning asosiy sub'yektlari manfaatlarini hisobga olish va muvofiqlashtirishni ko'rsatish mumkin. Shuning uchun ham, ijtimoiy sheriklik bugungi kunda jamiyatda umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligini ta'minlaydigan ijtimoiy institutlarning o'zaro kelishuv jarayonini, unda umumiy ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy maqsadlarga erishishda taraflar manfaatlarining uyg'unligiga erishish mexanizmi sifatida ham ifodalash mumkin. Bu esa ijtimoiy sheriklik munosabatlari muammolarini tadqiq etishda quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratish lozimligini anglatadi:
- insoniyat tarixida va rivojlangan mamlakatlarda ijtimoiy sheriklik munosabatlari takomillashuvi tajribalarini ijtimoiy-gumanitar fanlar nuqtai-nazaridan chuqur o'rganish va umumlashtirish;
- ijtimoiy sheriklik munosabatlarining jamiyatimizda ro'y berayotgan o'zgarishlarga ta'siri va bunda fuqarolik jamiyati institutlarining o'zaro hamkorligini mustahkamlash jarayonini tadqiq qilish;
- davlat tashkilotlari va mahalliy boshqaruv idoralarining ijtimoiy sheriklikni tashkil qilish bilan bog'liq jarayonlar, turli tashkilotlar hamkorligi va o'zaro munosabatlaridagi rolini aniqlash;
- jamiyatning turli jabhalarida (iqtisod, siyosat, ijtimoiy soha, madaniyat va h.k.) ijtimoiy sheriklik munosabatlarining samarali mexanizmini ishlab chiqish, uni hayotning barcha sohalariga tatbiq etishning maqbul yo'llari va usullarini izlab topish. Shu bilan birga, mazkur masalaga kompleks yondashish, mavzuga tarixiylik va zamonaviylik dialektikasi nuqtai nazaridan qarashgina ijtimoiy sheriklik tizimining ichki tuzilishi, elementlari va tarmoqlashuvi, uni rivojlantirish dinamikasi asosida mavjud holatni baholash imkonini beradi. Mavzuning mamlakatimiz hayotiga xos xususiyatlarini chuqur o'rganmasdan va bu boradagi natijalarni
hisobga olmay turib, fuqarolik jamiyati talablari darajasidagi ijtimoiy sheriklik tamoyillarini amalga oshirib bo'lmasligi shubhasiz.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, xanuzgacha tadqiqotchilar orasida "ijtimoiy sheriklik" tushunchasining yagona talqini mavjud emas:
• ba'zilar uni ijtimoiy guruhlar, qatlamlar, sinflar, jamoalar va ma'lum tuzilmalar o'rtasidagi ijtimoiy munosabatlarning o'ziga xos turi;
• boshqalar davlat organlari, ishlovchilar va ish beruvchilar vakillari o'rtasidagi o'zaro munosabatlar mexanizmi;
• uchinchilar esa, yollanma ishchilar va ish beruvchilarning teng huquqli hamkorligi asosida maqbul muvozanatni hamda ularning asosiy qiziqishlari o'xshashligi va ularni amalga oshirilishini ta'minlaydigan bozor iqtisodiyotiga xos ijtimoiy mehnat munosabatlarining alohida turi sifatida izohlaydilar va h.k.
Ammo bunday yondoshuvlarda "ijtimoiy sheriklik" tushunchasi tor doiradagi bandlik va mehnat munosabatlari doirasida chegaralanib qolgan.
XULOSA (ЗАКЛЮЧЕНИЕ / CONCLUSION).
Fikrimizcha, ijtimoiy sheriklik - bu taraflarning huquq va majburiyatlarga rioya qilish haqidagi o'zaro kelishuvigina emas, balki ular o'rtasidagi yuksak axloqiy qoidalar majmuidir. Unga bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyatga xos bo'lgan ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning bir turi sifatida ham qarash mumkin. Birinchidan, bu umumiy manfaatlar va qarashlar bilan birga, mutlaqo farq qiluvchi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy manfaatlarga ega taraflar o'rtasidagi munosabatdir. Ikkinchidan, ijtimoiy sheriklik taraflarning qarama-qarshiligiga emas, balki ijtimoiy konsensus (kelishuv)ga erishishga asoslanadi. Uchinchidan, bu shunday munosabatlar turiki, uni amalga oshirishdan barcha ijtimoiy guruhlar hamda davlat manfaatdor bo'ladi.
Ijtimoiy sheriklik masalasiga oid turli fikrlarning tahlili asosida bizningcha, ijtimoiy sheriklik - bu davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy asosga tayangan holda o'zaro hamkorligi va manfaatlarni
uyg'unlashtirish asosida jamiyatda mavjud bo'lgan muayyan ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan muloqot hamda konsensusga kelish tizimidir deb aytish mumkin.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. "Avesto". Tarixiy-adabiy yodgorlik. Toshkent, 2001, 15-bet.
2. O'zbekistonda ijtimoiy sheriklikning modellari: Hozirgi holati va istiqbollari: monografiya / A.Muminov [va boshq.]. - Toshkent : Shafoat Nur Fayz, 2020. -B.48.
3. Б.Я. Гражданское общество: некоторые вопросы становления и развития. Монография Кемерово Кузбассвузиздат.2005.-204 с.
4. O'zbekistonda ijtimoiy sheriklikning modellari: Hozirgi holati va istiqbollari [Matn]: monografiya / A.Muminov [va boshq.]. - Toshkent: Shafoat Nur Fayz, 2020. - 48 b.
5. Локк Дж. Два трактата о правлении // Антология мировой правовой мысли: в 5 т. Т. 1. -М., 1999. - С. 361
6. Mirziyoyev Sh. Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi. To'ldirilgan ikkinchi nashri. - Toshkent: O'zbekiston nashriyoti, 2022. - 416.
7. Энциклопедия менеджмента. Справочник. Социалное партнерство. Социалное партнерство в социално-трудовой сфере как общественное явление // http:// besonus.narod.ru/partnership.htm.2005.
8. Nishanbayeva E. Ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy hamkorlikning o'zaro aloqadorligi
va farqli jihatlari // O'zbekistonda ijtimoiy sheriklikning tamoyillari, xususiyatlari va istiqbollari. Respublika konferensiyasi to'plami. -T.: Universitet, 2019. -B.139.
9. Xajiyeva M. O'zbekistonda tolerantlik jarayoni. - Toshkent: ABU MATBUOT-KONSALT nashriyoti, 2008. - B.57.