Научная статья на тему 'Hazrati Pahlavon Mahmud maqbarasi'

Hazrati Pahlavon Mahmud maqbarasi Текст научной статьи по специальности «Естественные и точные науки»

CC BY
230
38
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
maqbara / Xiva / Ichan qal’a / nigirik / ruboiy

Аннотация научной статьи по естественным и точным наукам, автор научной работы — Tohir Xushnudbek O’g’li Ismailov

Mazkur maqolada hazrati Pahlavon Mahmud maqbarasi haqida va hazratning hayotlari haqida batafsil ma’lumotlar bayon etilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «Hazrati Pahlavon Mahmud maqbarasi»

Hazrati Pahlavon Mahmud maqbarasi

Tohir Xushnudbek o'g'li Ismailov

Annotatsiya: Mazkur maqolada hazrati Pahlavon Mahmud maqbarasi haqida va hazratning hayotlari haqida batafsil ma'lumotlar bayon etilgan.

Kalit so'zlar: maqbara, Xiva, Ichan qal'a, nigirik, ruboiy

Mausoleum of Hazrat Pahlavan Mahmud

Tahir Khushnudbek oglu Ismailov

Abstract: This article provides detailed information about the mausoleum of Hazrat Pahlavan Mahmud and his life.

Keywords: tomb, Khiva, Ichan castle, nigirik, rubai

Pahlavon Mahmud maqbarasi1 Samarqanddagi Shohi Zinda2, Buxorodagi Bahouddin Naqshband maqbara3laridek e'zozlanadigan o'zbek, turkman, qoraqalpoq va boshqa xalqlarning muqaddas ziyoratgohi, Xiva me'moriy obidalari ichida eng chiroyli va hashamatlisidir.

Pahlavon Mahmud (1247-1326) mashhur polvon, hunarmand po'stindo'z usta va buyuk faylasuf shoir bo'lgan. Jismoniy va ma'naviy kamolatni o'zida mujassamlashtirgan bu yigitning shuhrati Movarounnahr va Xurosondan tortib Eron va Hindistongacha yetib boradi. U Xorazmning ko'p shaharlariga, hatto Hindistonga borib mashhur polvonlar bilan kurash tushadi, lekin hech yerda yengilmaydi, butun umri yelkasi yerga tegmay, mamlakatning bosh polvoni bo'lib qoladi. Shu sababli xalq o'rtasida juda ko'p afsona va rivoyatlar paydo bo'lib, uni mashhur polvon, xalq g'amxo'ri, ajoyib vatanparvar va shoir sifatida tilga oladilar. Xalq unga "Pahlavon" laqabini berib, uni "Pahlavon Mahmud", "Polvon ota", "Hazrati Polvon pir" deb e'zozlaydi. U xivaliklarning qalbidan shaharning piri (bosh homiysi), maqbarasi -shaharning langari sifatida o'rin olgan.

Xiva shahrining bunyod qilinishi to'g'risida xivalik Xudoyberdi Qo'shmuhammad o'g'li o'zining 1831-yilda yozilgan «Dili g'aroyib» asarida qiziqarli ma'lumotlar bergan. Uning yozishicha; - «Qadimda Xorazmning 4-5 ta darvozasi bo'lgan shaharlari soni ko'p ekan. Ulardan biri Jurjoniya, biri Urganch,

1 https://uz.wikipedia.org/wiki/Pahlavon_Mahmud_majmuasi

2 https://uz.wikipedia.org/wiki/Shohizinda

3 https://uz.wikipedia.org/wiki/Bahouddin_Naqshband_majmuasi

yana bittasi Raml - (chagazorlik, qumloq). Muni bino qilgan Som bin Nuh alayhissalomkim, otasining tuzatgan kemasiga o'xshatib yasalgan va kemaning andozasiga barobar va hozir Xivaqqa shuhrat berurlar. Bu lafzni hazrat Pahlavon vali quddusi saroning o'lgan tarixidur deb ham ayturlar. Som kelib ov ovlab uyqulabdur, tush ko'ribdur, uch yuz mash'al yonilg'on ekan, vaqti xush bo'lib turib nishona qo'ymoqliq uchun atrofdin tuproq olib qumning ustiga solib shahar andozasi qilib qo'yibdur. Va qal 'aning kun botish tarafida bir chashma qazib suv chiqaribdur. Ba'zilar Xivaqni munga nisbat berurlar. Hosili kalom bu qal'ani ko'p buzulib, tuzalgan derlar».

Rivoyatning yana boshqa bir aytilishida, Nuh payg'ambaming o'g'li Som bir kuni ovdan keyin, qumlikdagi baland bir tepalikning ustida yotib uxlaydi va tush ko'radi. Tushiga otasi kirib, shu uxlab yotgan yerida bir qal'a qurishni buyuradi va «qal'aning shaklini mening kemamga o'xshatib qurgin», - deydi. Shunda Som otasiga «kema shaklidagi shahar ham, kemadek chayqalib turuvchi bo'ladi-ku», deganida, otasi unga, - «biz uning o'rtasiga langar tashlaymiz», - deb javob beradi. Shundan keyin Som bu joyda otasi Nuhning kemasiga o'xshatib qal'a barpo qiladi. Ya'ni, shaharning tarhini chizib, qurgan kishi Nuh alayhissalomning o'g'li Som bo'lgan.

Xivaliklar Pahlavon Mahmud maqbarasini Nuh payg'ambari tomonidan shaharning o'rtasiga tashlangan langar deb hisoblaydilar. Shuning uchun ham maqbara katta peshtog'ining o'ng qanotidaga koshin naqshlarga kema tasviri tushirilgan. Toki, bu maqbara bor ekan, Xiva shahri tinch turadi, shuning uchun ham xivaliklar uni ko'z qorachig'iday asrashadi, unga sig'inishadi. Polvon ota maqbarasi xonaqohining sharqiy tomonidagi eshigi butun majmuadagi eng qadimgi yodgorlik bo'lib, undan boshlangan dahliz orqali Jome masjidiga borilgan.

Maqbaraning bosh ustasi hazorasplik Odina Muhammad o'g'li bo'lib, barcha qurilishga Muhammad Yusuf mehtar ma'mur etilgan. Gumbaz ostidagi xonaqoh, qabrxonalar naqshinkor koshinlar bilan qoplangan, ustidagi qubbasi oltindan ishlangan. Koshin plitkalar kvadrat shaklida bo'lib, birisidagi naqsh, ikkinchisida xuddi shunday joylashgan usulda takrorlanmaydi. Ulardagi naqsh chiziqlari bir - biri bilan aniq bog'lanib ketadi va umumiy bezak lavhalarni tashkil qiladi Bezaklar mukammalligi bilangina emas, balki naqshlarining mohirona ishlanganligi va xona ichida bekamu-ko'stligi bilan ham kishini hayratga soladi. «Maqbaraning ichiga shunday bezak berildiki, Amir Temur zamonidan keyin bunday serhasham bezak berishga hech kim jur'at etmagan edi» - deb yozadi, san'atshunos olim I.I.Notkin4.

https://uz.wikipedia.org/wiki/Iosif_Notkin

Rasm 1. Hazrati Pahlavon Mahmud maqbarasining ichki hovlisi Maqbara butun XIX dan to hozirgi vaqtgacha olimlarning diqqatini o'ziga jalb qilib kelmoqda. 1873 yilda Xivada bo'lgan rus olimi L.Kostenko5 shunday yozadi: "Eng chiroyli imorat va shuning bilan birga eng muqaddas joy Xivada Polvon ota masjididir. Bu avliyo kishi bu yerda xuddi Buxorodagi Bahouddindek e'zozlanadi. Gumbazining ustidagi oltin qubbasi juda chiroyli".

Maqbaraga Shoh Niyozxon tomonidan qurilgan darvozaxonadagi "Bismillahirrahmanirrahim, La ilaha illallahu Muhammadur rasululloh" kalimasi yozilgan eshikdan o'tilgach, katta hovliga chiqiladi. Bu hovli o'rtasida Shoh Niyozxon tomonidan qazdirilgan quduq, sharqiy tomonda Muhammad Rahimxon II tomonidan qurdirilgan yozgi masjid, g'arbda Isfandiyorxon qurdirgan qorixona, uning oldida katta supa va peshtog'i janubga qaragan katta xonaqoh o'rnashgan.

Xivalik qariyalarning so'ziga qaraganda, Polvon ota keksayganida shogirdlariga vafotidan keyin o'zi po'stin tikadigan va yashayotgan uyiga dafn qilishlarini vasiyat qiladi. Shogirdlari uning vasiyatini bajarganlar va Polvon otani o'z uyiga dafn qilganlar, keyinchalik qabr ustiga cho'bkori (nigirik) maqbara gumbazini tiklashgan. Asta-sekinlik bilan Polvon ota qabri yonida qabrlar paydo bo'la boshlaydi va ular yillar o'tgan sayin ko'payib, katta qabristonga aylanadi. Oradan uch asr o'tib, Xiva shahri mamlakat markaziga aylangach, hukmdorlar ham Polvon ota yonidan o'zlariga abadiyat uyi tayyorlay boshlaydi. 1663 yilda vafot etgan Abulg'oziy Muhammad Bahodirxon Polvon ota maqbarasiga dafn qilinadi. Uning o'g'li Anushaxon davrida Pahlavon Mahmud va Abulg'ozixon qabrlari ustida kattaroq maqbara quriladi.

5 https://www.prlib.ru/item/451354

Shundan keyin, XVII asr ikkinchi yarmida hukmronlik qilgan Anushaxon 6 , Xudoydodxon, Arangxon, Jo'jixon, Shohniyozxon, XVIII asrning boshida hukmronlik qilgan Yodgorxon7, Temurg'ozixon va ularning yaqinlari bu yerga dafn qilinadilar.

1810 yilda Muhammad Rahimxon I8 Polvon ota maqbarasini qayta qurish va o'ziga ham shu yerdan joy tayyorlatish uchun buyruq beradi. Bu qurilishga ma'mur etilgan Muhammad Yusuf mehtar eskirgan imoratlarni yiqib, yangidan pishgan g'ishtdan qurdiradi. Katta gumbazli xonaqoh to'rida Muhammad Rahimxon I uchun qabr tayyorlab qo'yiladi. U 1825 yilda xon vafot etgach, shu joyga dafn qilinadi. Otasining o'rniga taxtga o'tirgan Olloqulixon maqbara katta gumbazining sharqiy devoriga yopishtirib shimoldan janubga cho'zilgan dahliz qurdiradi. Dahliz o'rtasining sharq tomonidagi chuqur ravoqda o'zi uchun qabr tayyorlatib, butun maqbarani koshin bilan bezatish haqida farmon beradi.

Abdulla Boltaev9 ning yozishicha, - «Muhammad Yusuf mehtar bu ishga xorazmlik mashhur koshinkor ustalardan hazorasplik OdinaMuhammado'g'li (Xitoy qishlog'i), xonqalik Abdol Jabbor Ishoq o'g'li (Madir qishlog'idan), yangiariqlik Mullo Qodir Bardi o'g'li (Kattabog' qishlog'idan), xivalik Abdulla Ya'qub Husayn o'g'li (Shayxlar qishlog'idan), Mulla Muhammad Panoh o'g'li (Sangar qishlog'idan), Mulla Nur Muhammad o'g'li va boshqalarni jalb qiladi». A.Boltaevning so'zlariga aniqlik kiritish maqsadida Bobojon Safarov shunday yozib qoldirgan: "Muhammad Rahimxon I buyrug'i bilan hazorasplik Mulla Abdul Karim (Mulla Uka ham derlar) ustalig' qilib, 1225 (1810) hijriy yilda bitkazgan. Maqbara gumbazi koshinidagi naqshlarini Yusuf mehtar sohibkorligida 5 nafar usta 1254 (1238) hijriy yilda tamom qilganlar.

Katta gumbazning sharqiy devor naqshlarini xivalik Mulla Nur Muhammad, shimoliy devor naqshlarini madrlik Mulla Abdul Jabbor Eshjon o'g'li, g'arbiy devorini xitoylik Mulla Odina Muhammad islimiy naqsh qilganlar. Janubiy devorini shayxlarlik Mulla Abdulla jin islimiy naqsh qilg'on. Gumbazning taxyasini sakkiz tabaqa qilib kattabog'lik Mulla Qodir Bergan islimiy naqsh qilg'on va ham boshqalariga rahbarlik qilib koshinlarni devorga o 'rnatgan. Va kichik gumbazlarni ham naqshlarini ushbu besh nafarlari ishlaganlar". Bu ustalarning bajargan ishlari bugungi kungacha jahondan kelayotgan barcha olimu, sayyohlarni hayratda qoldirmoqda.

Maqbara koshinlaridagi naqsh gullarning aksari rangi oq, ko'k va zangori bo'lib, bu ranglarning tanlanishi ham bejiz emas edi. Chunki, qadimdan oq rang tozalik,

6 https://uz.wikipedia.org/wiki/Anushaxon

7 https://uz.wikipedia.org/wiki/Yodgorxon

8 https://uz.wikipedia.org/wiki/Muhammad_Rahimxon_I

9 https://qomus.info/encyclopedia/cat-b/boltaev-uz/

yorug'lik, baxt va omad ramzi, ko'k rang moviy osmon, yomon kundan asrash va tinchlantiruvchi, zangori - oliy e'tiqod ramzini bildirgan va yovuz ruhlardan saqlagan. Naqshlarda ham olam-olam ma'nolar yashiringan. Masalan, aylana naqshlar ichiga har xil gullar rasmining yasalishi, yoki naqshlarning o'zi aylana-aylana bo'lib ketishi, yovuz niyatli kishini niyatidan qaytarish uchun qilingan.

Koshinlardan birida qush surati tasvirlangan, bu bulbul bo'lib, sadoqat ramzini bildiradi, ya'ni Olloqulixonning otasiga va Polvon otaga sadoqatini bildiradi. Shuning uchun ham katta gumbazning to'rtlik devori tepasidagi va undan ham balanddagi sakkizlik devori-taxyasidagi koshinlarda Pahlavon Mahmudning ruboiylari yozilgan. Bu ruboiylar Olloqulixon10ning buyrug'i bilan tanlangan. Olloqulixon Xivadagi eng hashamatli saroy - Toshhovli11ni qurdirib, unga koshinlar bilan bezak berishdan avval otasining yotgan joyi Pahlavon Mahmud maqbarasini koshinlar bilan bezattirgan. Bu ishni u 1825 yilning may oyidayoq boshlab yuboradi va shu yilning o'zida nihoyasiga yetkazadi. Olloqulixonning otasiga hurmati shu darajada bo'lganki, o'ziga tayyorlatgan qabrni otasi qabrining oyoq tomonida qurilishini buyurgan. Bu an'ana avvaldan kelayotganini sezish qiyin emas, Pahlavon Mahmud oyog'i uchida Abulg'oziy va Anushaxonlar (XVII asr qabrtoshlari), ulardan keyin esa Muhammad Rahimxon I qabri joylashgan.

Maqbaraning xonaqohi va ziyoratxonasining ichki devorlaridagi koshin g'ishtlarga Pahlavon Mahmud-Puryoyvaliyning ruboyilaridan birnechasi tanlab, to'rt tomon devorga nasta'liq xatida chiroyli qilib bir satrda yozilgan. Polvon otaning qabri joylashgan xonaning kirish eshigi ustiga uning ushbu mashhur ruboiysi yozilgan:

Uch yuz Ko'hi qofni kelida tuymoq, Dil qonidan bermoq falakka bo'yoq. Yoinki bir asr zindonda yotmoq, Nodon suhbatidan ko'ra yaxshiroq. (To'xtasin Jalolov12 tarjimasi). Pahlavon Mahmudning tug'ilishi.

XII asr oxiri XIII asr boshida xorazmshohlar davlati musulmon olamida qudratli mamlakat bo'lgan. Uning poytaxti Urganch shahrining aholisi ikki milliondan oshiq edi. Ana shunday ulkan shahar mo'g'ullar istilosidan keyin vayronaga aylandi. Mo'g'ullar Amudaryo suvini Urganch ustidan oqizdilar. Eng qimmatli madaniy yodgorliklar, turli fan sohalariga oid minglagan qo'lyozma kitoblar saqlanayotgan kutubxonalar yo'qotildi. Shahar xalqi qatl qilindi, olimlar, usta hunarmandlar asir olib ketildi. Omon qolganlarning ham endi bu shaharda yashashlariga imkon qolmadi.

10 https://uz.wikipedia.org/wiki/Olloqulixon

11 https://khivamuseum.uz/uz/tosh-hovli-saroyi-xorazm-hunarmandchiligi-bolimi

12 https://uz.wikipedia.org/wiki/To%CA%BBxtasin_Jalolov

Po'stindo'z hunarmand Piryorvali homilador xotini Robiya bibini olib, biroz tinch va bozori yaxshiroq bo'lgan Xiva qal'asiga ravona bo'ldi. Pahlavon Mahmud Xiva ostonasidagi Qiyot qishlog'ida dunyoga keladi. Xivaliklar uning tug'ilishini Shayx Najmiddin Kubro 13 bilan bog'lashadi. Xorazmshoh Kubroni Xivadan mamlakat poytaxti Urganchga chaqirganda, xivaliklar undan qaytib kelishini iltimos qilishadi. Shayx xivaliklarga tez orada o'z o'rniga bir pir yuborishini va'da qiladi. Shundan keyin Urganchda o'zining bir xalifasi Piryorvalini chaqirib, - "Sen Xivaga borasan, u yerda xotining senga bir o'g'il tug'ib beradi, u bizning nafas o'g'limiz bo'ladi, kelajakda pahlavon bo'lib butun Xorazm diyorini saqlovchisi, piri bo'lib yetishadi. Ko'pchilik uning ismini bilmay Polvon ota deb atashadi,"- deydi.

Chaqaloqqa tug'ilishidan oldin maqtovli bola bo'lishi bashorat qilingani uchun Mahmud (maqtalgan, yaxshi) deb ism qo'yadilar. Mahmudning yoshlik payti ko'chada o'ynab yurgan kezlarida Shayx Muxtor vali Xiva ko'chasidan eshak minib o'tar ekanlar. Mahmud ul hazratning eshaklarining quyruqlaridan tutib turar, eshak yura bilmas ekan. Shunda Muxtor ota «Sizjuda kuchlisiz, pahlavonsiz o'g'lim, qo'yib yuboring» deb yolvorar ekanlar.

Maqbara eshigidagi yozuvlar.

Polvon ota maqbarasining bosh kirish eshigi 1700 yilda Shoh Niyozxonning buyrug'i bilan o'rnatilgan bo'lib, eshikni usta Nadr Muhammad yog'och o'ymakorligi san'atining ajoyib namunasi qilib bajargan. Uning tavaqalariga shunday bir hadisi sharif bitilgan: - "Payg'ambar alayhissalom aytdilar: Ishlaringizda parokandalik bo'lib, hayron qolsangiz, ahli quburni ziyorat qiling". Bu hadisning maqbara eshigiga yozilishining sababi shunda bo'lsa kerakki, Polvon ota Hindistonga borganida hind pahlavoni bilan kurash tushuvidan bir kun oldin Xorazmshohdan shu hadisni aytib, ruxsat so'ragan va shu atrofdagi qabristonlarni ziyorat qilgan. Ana shu ziyorat chog'i hind polvonining onasini uchratgan. Kurashda atayin yiqilib, hind polvoniga g'alabani bergach, Polvon ota o'zining basirat ko'zi ochilganini sezgan. Ushbu bellashuvdagi mag'lubiyat orqali vujudiga kelgan his-hayojon, ajib bir tuyg'u umridagi barcha g'alabalardan olingan qoniqish, lazzatlardan ustun edi. U mana shu vaqtdan boshlab, jismoniy kuchidan ruhiy kuchining quvvatli ekanini, bu kuch uning butun vujudini egallab olganini bilgan.

Ushbu hadisning oradan salkam to'rt yuz yil o'tgach, Shoh Niyozxon tomonidan buyurilib, bu eshikka yozilishining yana bir sababi, uni ziyoratchilarning esiga solish bo'lgan bo'lsa kerak. Chunki Polvon otaning o'zi ham shuni istaganini uning ruboiysidan bilamiz:

Kim qilur bu vayron dilim imorat?

Kim gunohim uchun berur kaforat?

https://arboblar.uz/uz/people/nazhmiddin-kubro

Men ziyorat qildim ko'p qabristonni, Bilmadim, kim qilur qabrim ziyorat?! Muinzoda tarjimasi.

Nihoyatda shijoatli va bahodir sanalgan Shoh Niyozxon 1698-1703 yillarda Xiva xoni bo'lgan. Shoh Niyozxon o'z zamonasida Polvon ota maqbarasining kirish darvozaxonasini qurdirgan va shu joyda o'ziga mozor ham tayyorlatib qo'ygan.

Darvozaxona eshiklarini chiroyli naqshlar bilan bezagan usta Nadr Muhammad unga she'riy tarix ham bitgan. Ushbu she'riy tarixdan Shoh Niyozxon bu nurli binoni ta'mirlagani, quduq qazdirgani va o'zi ham shu joyga dafn qilingani ma'lum bo'ladi. Shuningdek, bu joyda boshlari bog'lanib, dardga chalinganlar shifo topgani, maqbaraning shifo markazi bo'lganidan darak beradi: Osmonga qarab o'q kabi otilgan, Bu chiroyli gumbazning toqi. Yo rab, boshlari bog'lanib dardga chalingan, Xasta dillarning duolarini mustajob qil. Adolatli Shoh Niyozxon himmati bilan, Parvardigorning xohishlari amalga oshdi. Bezakli bir bino va quduq bunyod qilib, Buning bilan g'alaba eshigin din uchun ochdi.

Shoh Niyozxon 1703 yilda vafot etgan va darvozaxona g'arbidagi o'zi qurdirgan joyda dafn qilingan.

Maqbarada dafn qilingan ulug' kishilar.

Muhammad Rahimxon I. Maqbara katta xonaqohining to'ridagi yarim aylana shaklida qurilgan ravoq ichidagi qabrga 1806-1825 yillarda hukmdorlik qilgan Muhammad Rahimxon I dafn qilingan. Uning davrida mamlakat hududlari kengaytirilgan, Markaziy Osiyodagi o'rni mustahkamlanib borgan va Turkiya, Eron, Afg'oniston, Hindiston Rossiya, Buxoro, Qo'qon kabi davlatlar bilan elchilik aloqalari o'rnatilgan. Oliy Kengash tuzilib, u ichki va tashqi siyosat bilan bog'liq davlat masalalarini hal qilgan.

Muhammad Rahimxon arab, fors va turkiy tillarda gapirib, o'qib va yozib bilgani uchun, avom xalq uni "Oxun xon" deb atagan. Kam uxlagan, shaxmat o'yinining ishqivozi, bayramlarni, ayniqsa, hafta bayramini benihoya hurmat qilgan. Kishining lavozimiga yoki kelib chiqishiga qarab emas, balki ishiga qarab baho bergan. "Muhammad Rahimxon baland bo'yli, katta gavdali, nigohi o'tkir, irodasi kuchli, jasur va tadbirkor bo'lgan, uni kuchli ot ham ikki soatdan ortiq ko'tarib yura olmagan". O'ta taqvodor odam bo'lib, hamma joyda qabristonlar ziyoratini bajo keltirib yurgan. Xulosa

Yuqorida keltirilgan ma'lumotlarga asoslanib shuni bayon qilishimiz mumkin bo'ladiki: Pahlovon Mahmud o'z xalqining suyukli, vatanparvar farzandi bo'lgan. Shuning uchun ham xalq dardida yashagan inson hozirgi kunga qadar e'zozlanib kelinmoqda. Ze'ro xalq dardi ila yashagan mangu yashar, barhayot yashar.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Suyunova, N. (2021). PAHLAVON MAHMUD ASOS SOLGAN TARIQATNING AHAMIYATI VA MAZMUNI . Мир исследований, 1(1). извлечено от https://hp.jdpu.uz/index.php/journal/article/view/873

2. H.Hodimiy Tasavvuf allomalari Sharq nashriyoti Toshkent: 2014.

3. Jalolov T. Pahlavon Mahmud- Puryoyvaliy. Toshkent: 1975.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.