HAMKORLIK PEDAGOGIKASI ASOSIDA BO'LAJAK ZAHIRADAGI OFITSERLARNING TEXNOLOGIK KOMPETENTLIGINI RIVOJLANTIRISH
1R.M.Medetova 2A.A.Anorboyev
10'zPFITI bo'lim mudiri, p.f.d., k.i.x 2O'zbekiston milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik o'quv markazi katta o'qituvchisi, dotsent, podpolkovnik https://doi.org/10.5281/zenodo.10114455
Аннотация. В статье сказано о развитии технологической компетентности у будущих офицеров запаса на основе педагогики сотрудничества.
Ключевые слова: технологическая компетентность, развитие, педагогика сотрудничества, будущий офицер запаса, интегрaция, образование.
Xalqaro miqyosda harbiy xizmatchilarning kompetentlik darajasini rivojlantirish va baholash strategik ahamiyat kasb etib, harbiy ta'lim tizimini modernizatsiyalash, ijtimoiy muhit talablariga integratsiyalash, kompetensiyalarga asoslangan davlat ta'lim standartlarini joriy etish, oliy ta'lim muassasalarida ta'lim jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi ilg'or innovatsion mexanizmlarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy davlatlarining ta'lim tizimida bo'lajak zahiradagi ofitserlarning texnologik kompetentligini rivojlantirish yo'lini belgilashiga ustuvorlik berilib, bunday ishlarni amalga oshirishning qulay shart-sharoitlar vujudga keltirishning pedagogik mexanizmini takomillashtirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda so'nggi yillarda bo'lajak zahiradagi ofitserlarining texnologik kompetentlikni rivojlantirish mexanizmining pedagogik strategiyalarini yaratish, ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, kreativ qobiliyatlariga ega bo'lgan mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, faoliyatni samarali tashkil etish bo'yicha bilim va ko'nikmalardan foydalana olishning meyoriy asoslari ishlab chiqilmoqda. O'zbekiston manfaatlariga nafaqat harbiy sohada, balki hayotning barcha jabhalarida sadoqatli bo'lish, ularni himoya qilishga tayyor turish, yurt uchun fidoyi bo'lish - bularning barchasi bugungi kun talabi ekanini hayotiy misollar va ta'sirchan vositalar orqali yoshlar ongiga singdirib borish, ularda texnologik kompetentlikni rivojlantirish mexanizmi alohida dolzarblik kasb etadi.
Bugungi globallashuv va tezkor axborot asrida, mamlakatimizdagi demokratik islohotlarga ham-ohang so'z erkinligi tufayli ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarining jamiyat boshqaruvidagi o'rni keskin faollashdi. "Yangi hayot uchun, yangi O'zbekiston uchun" degan shior ostida yoshlarning ta'lim-tarbiyasi borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarish ehtiyoji paydo bo'ldi. Bunday murakkab vaziyatda ishlash, natijaga erishish uchun, eng avvalo, sharoit va yuqori malakali kadrlar kerak.
Xalqaro texnologik ta'lim assotsiatsiyasi (ITEA) hujjatlarida texnologikkompetentlikning tuzilishi quyidagi tarkibiy qismlar bilan ifodalanadi: texnologik tushunchalar, printsiplar, texnologiya rivojlanishining tabiati va yo'llari haqidagi bilimlar; texnologik tizimlarni loyihalash va ulardan foydalanish va ularni boshqarish jarayonlari; shaxsning gumanistik yo'nalishi; insonparvarlik yo'naltirilgan texnologiyalar orqali ijtimoiy-shaxsiy va kasbiy muammolarni samarali hal qilishga tayyorlik; o'z-o'zini tarbiyalash qobiliyati, innovatsion texnologiyalarni o'zlashtirish.
Bularni ruyobga chiqarishda bizning mamlakatimizda ham samarali ishlar amalga oshirib kelmoqda. Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, ulg'ayib kelayotgan avlodning
ongi, tafakkurini to'g'ri shakllantirish, yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Joriy "Inson qadri va sifatli ta'lim yili"da ham bu boradagi amaliy ishlarni zamon bilan hamnafas tashkil etish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
"Yangi O'zbekistonning 2022-2026 yillarga mo'ljallangan rivojlanish strategiyasi"da ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo'nalishlarda "inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish; mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish; milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o'sish sur'atlarini ta'minlash; adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish; ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish; milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish; mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish" deb belgilangan [1]. Bu borada bo'lajak zahiradagi ofitserlarining texnologik kompetentlikni rivojlantirish mexanizmining pedagogik strategiyalarining optimal yo'llarini tanlash va uning metodik asoslarini takomillashtirishning pedagogik imkoniyatlari kengayadi.
Mamlakatimizning milliy xavfsizligi va barqaror innovatsion rivojlanishini ta'minlash uchun yuqori malakali kadrlar zahirasiga ega bo'lish, jumladan, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan oliy harbiy ta'lim muassasalarida harbiy mutaxassisliklar bo'yicha kadrlar tayyorlash zarur.
Harbiy kadrlar tayyorlash sohasida ta'lim yangiliklari va fan-texnika yutuqlari asosida amalga oshirilayotgan bo'lajak zahiradagi ofitserlarning harbiy tayyorgarligini modernizatsiya qilish mazkur vazifani amalga oshirishning istiqbolli yo'nalishlaridan biridir.
Harbiy tayyorgarlikning amaliy yo'nalishi, o'quv va moddiy bazaning mavjudligi, harbiy tayyorgarlik jarayonida bo'lajak zahiradagi ofitserlarda muhim professional shaxsiy fazilatlarni shakllantirish qobiliyati (maqsadlilik, tashabbuskorlik, mas'uliyat, mustaqillik, intizom, yangi bilimlarni shakllantirish qobiliyati) g'oyalar va nostandart yechimlarni topish, kasb sifatini oshirishga e'tibor berish, yangi sharoitlarga moslashishga tayyorlik, fikr yuritish qobiliyati) bo'lajak zahiradagi ofitserlarni tayyorlash uchun oliy harbiy ta'lim muassasalarida to'plangan sezilarli tajribadan dalolat beradi.
Harbiy ta'lim oldida turgan muammolarni tahlil qilish, ularni hal etish vazifalarini belgilash zamonaviy pedagogik texnologiyalar yordamida kursantlarning harbiy intellektual salohiyatini oshirish muammolari pedagogika fanida va amaliyotida hal qilish uchun nazariy asoslar va texnologiyalarning yetishmasligi bilan jamiyatning ehtiyojlari va zaruriyatlari o'rtasida qarama-qarshilikni vujudga keltiradi.
Bugungi kunda pedagogika fanida "harbiy ta'limda texnologik kompetentlik" tushunchasi yetarli darajada ilmiy o'rganilmagan va uni hal qilish yo'llarini izlash, aniqlash va asoslashning zarurligi mavjud.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 13-yanvar kuni bo'lib o'tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig'ilishida harbiy qo'shinlar oldiga ma'naviy-ma'rifiy va madaniy ishlarni rivojlantirish bo'yicha bir qator topshiriqlar qo'ygan edi. Mudofaa vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida o'tkazilgan "Vatan manzumasi" nomli adabiy-ma'rifiy kechalar jamoatchilik o'rtasida katta qiziqish uyg'otdi.
Bundan tashqari, harbiy oliy ta'lim muassasalarida har xil qiziqarli tadbirlarni o'tkazish ham tavsiya etilgan. Bularning hammasi davlatimizda tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, el-yurt farovonligi uchun safarbarlik, mardlik va jasorat singari ezgu fazilatlar aks ettirilgan mazkur adabiy-ma'rifiy tadbirlarda turli soha vakillari va harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda Vatan osoyishtaligi uchun xizmatga otlangan bo'lajak zahiradagi ofitserlar ham ishtirok etmoqda.
Mazkur jarayonda odam tinchlik ulug' ne'mat ekanini, u o'z-o'zidan ta'minlanmasligini, osoyishtalikni saqlash uchun shu yurtning har bir farzandi birlashishi, ahil-inoq, sadoqatli bo'lishi, Vatanni onani sevganidek sevishi, onani himoya qilganidek himoya qilishi lozim va shartligini yana bir bor teran anglashi shubhasiz. Yurtimiz tinchligini saqlash nafaqat harbiylar, balki har bir Vatandoshimizning muqaddas burchi ekani, agar barchamiz bir tanu bir jon bo'lsak, osoyishtaligimizda hech kim rahna sololmasligini chuqurroq his qiladi va osoyishta yurtimizni asrab-avaylashga, ajdodlar yoli bilan faxrlanishga undaydi.
Mamlakatimizdagi tinch va osoyishta, xavf-xatardan xoli hayot, ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik, to'kislik va farovonlik, oqibat, o'zaro mehr va muruvvat muhiti oliy qadriyat ekani yorqin va betakror namoyon etmoqda.
Hozirgi globallashuv davrida yoshlar ongu shuurida yuzaga kelayotgan o'ziga xos ijtimoiy-ma'naviy, ruhiy o'zgarishlar oliy ta'lim tizimidagi ishlarni zamonaviylik, muhimlik va samaradorlik, ta'sirchanlik nuqtai nazaridan to'liq qayta ko'rib chiqishni talab etmoqda.
Bo'lajak zahiradagi ofitserlarning bilim va saviyasini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, iqtidorli kursantlarni faol qo'llab-qo'vvatlash maqsadida oliy harbiy ta'lim muassasalarida bir qator tanlovlar muntazam o'tkazilib kelmoqda va konkurslar tashkil etmoqda. Bu ishlarning barchasi shu paytga qadar shakllantirilgan mavjud tizim va mexanizmlar doirasida tashkil etilmoqda.
Qolaversa, mazkur sohadagi ishlarning samaradorligi, ta'sirchanligi, zamonaviyligi jihatidan o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q. Bularning natijaviyligini oshirish maqsadida, xorijdagi tajribalariga tayanish lozim deb hisoblaymiz. Xorij tajribalariga ko'ra, har bir kursantning o'qish davridagi ijtimoiy faolligi baholab boriladi va bu birituvchining portfoliosida ham o'z aksini topadi. Eng muhimi, bitiruvchining ijtimoiy faolliga aks etgan portfoliosi ish beruvchilar tomonidan ham inobatga olinadi va qadrlanadi. Shuningdek, bugungi avlod qalbida sadoqat tuyg'usini yanada yuksaltirish, uning uchun kerak bo'lsa jon berishga shay turish, ota makon, ona yurtni ardoqlash va ulug'lashga, uni ko'z qorachigidek asrashga undovchi mexanizmlar yaratilishi shart.
Bo'lajak zahiradagi ofitserlarning texnologik kompetentligini rivojlantirishning muhimligi ham, targ'ibotni zamonaviy shakl va uslublarda tashkil etishning zaruriyati ham, bugungi globallashuv sharoitidagi dolzarbligi xavf-xatarlarning mavjudligi va unga qarshi kurash vositalarining ahamiyati yuqori ekani bilan belgilanadi.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-60-son "2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida"gi qarori: https://lex.uz/docs/5841063
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 13-yanvar kuni bo'lib o'tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig'ilishidagi nutqi:
https://kun.uz/uz/news/2023/01/13/shavkat-mirziyoyev-toshkent-shahridagi-bir-qator-muassasalarga-tashrif-buyurishi-kutilyapti