G'ARB VA SHARQ ADABIYOTI AN'ANALARINING ISAJON SULTON HIKOYALARIDAGI BADIIY SINTEZI Moxira SADULLAYEVA
Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori, PhD, Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus https://doi.org/10.5281/zenodo.11109647
Annotatsiya. Mazkur maqolada o'zbek adabiyotidapaydo bo'lgan yangicha badiiy-estetik tafakkur va uning tadrijiy taraqqiyoti, ijodkorlar asarida g'arb va sharq an'anasining poetik sintezi, ijtimoiy muammolarning badiiy adabiyotdagi in'ikosi kabi masalalar Isajon Sulton nasri misolida ilmiy-nazariy tahlilga tortilgan. Shuningdek, modernistik va postmodernistik asarlarda tasvir va talqin o'ziga xosligi, ramz va majozning asardagi o'rni kabi masalalar muallif qalamiga mansub "Qismat" hikoyasi misolida yoritilgan.
Kalit so'zlar: tafakkur, global tafakkur, g'arb va sharq an'anasi, hikoya, obraz, ramziylik, modernizm, postmodernizm, konsepsiya, individual uslub, badiiy mahorat.
Abstract. In this article, issues such as the new artistic-aesthetic thinking that appeared in Uzbek literature and its gradual development, the poetic synthesis of the Western and Eastern traditions in the works of artists, the reflection of social problems in fiction, on the example of the prose of Isajon Sultan subjected to theoretical analysis. Also, issues such as the uniqueness of image and interpretation in modernist andpostmodernist works, the place of symbol and metaphor in the work are covered by the example of the author's story "Kismat".
Key words: thinking, global thinking, Western and Eastern tradition, story, image, symbolism, modernism, postmodernism, concept, individual style, artistic skill.
O'zbek adabiyotining XX asr davriga kelib, turli xil g'arb adabiyotiga xos global tafakkur shakllarining kirib kelishi adabiyotshunoslikda tub burilishlar yasalishiga sabab bo'ldi. Adabiyotshunos D.Quronov bu davrdagi badiiy tafakkurda kechgan yangilanishlarni quyidagicha izohlaydi: "Hamma gap XX asr boshlari Turkiston jamiyatida shaxs maqomining o'zgargani, insonning ijtimoiylashganida. Sodda qilib aytsak, Turkiston kishisi jamiyatning ahvoli, buguni va ertasi, mavjud holning sababi - xullas, siyosat haqida bosh qotiradigan bo'ldi". [3:336] Holbuki, ijtimoiy hayotda sodir bo'layotgan bu kabi o'zgarishlar ijodkor shaxslarni befarq qoldirmadi. Endi ijod ahlining inson va uning hayotdagi o'rni va maqomi to'g'risidagi tasavvurlari o'zgaradi. Buning natijasida esa, olam va odam konsepsiyasi yangi bosqichga ko'tarilib, individual-ijodiy badiiy tafakkur tadrijiy rivojlanadi.
Adabiyotimizda g'arb adabiyoti an'analarining paydo bo'lishi an'anaviylikdan noan'anaviylik tomon siljishning tezlashishiga ham turtki bo'ldi. Natijada, badiiy tafakkur qadim va kelajak sarhisobi o'laroq o'z yo'lini kashf eta boshladi. Aslini olganda, badiiy asarlar yuksak global hodisalar sabab dunyoga keladi. Demak, badiiy-estetik tafakkurning taraqqiyi nafaqat, jamiyatda, yer yuzida sodir bo'layotgan hodisalarga ham bog'liq. Jumladan, O'zbekiston o'z mustaqilligini qo'lga kiritgach bu muhim voqea ijodkorlar tafakkurining ham yangilanishiga, ildamlashishiga sabab bo'ldi. Avvalgi yaratilayotgan asarlarga o'xshamagan, tasvir va ko'lam, mavzu va g'oya, shakl va mazmun jihatdan tub burilishlar voqe bo'ldi. Va tadrijiy tarzda, bir tomondan, global, g'arb adabiyotiga xos tafakkur bo'lsa, ikkinchi tomondan, milliy tafakkurning
mahsuli o'laroq ijod namunalari paydo bo'ldi. Qisqasi, hozirga kelib adabiyotimizdagi yangicha ruh, yangicha uslub va yo'nalishning paydo bo'lish ildizlariga deyarli yuz yildan oshdi.
Aytish joizki, o'zbek ijodkorlari g'arb adabiyotidan nusxa olmay, yoki ularga taqlid ham qilib emas, balki, milliy an'analar va zamonaviy o'zbek adabiyotining o'z ichki qonuniyatlariga tayangan holda ularni o'zlashtirmoqdalar. Ana shunday uslubda samarali mehnat qilib kelayotgan, o'z so'zi va uslubiga ega ijodkor Isajon Sulton ham nafaqat romanlari, balki, serma'no va mazmun kasb etuvchi hikoyalari bilan ham o'zbek nasriga tamal toshini qo'ygan deyish mumkin. Turli xil mazmun-mohiyat, tagma'no va ost ma'nolariga ega hikoyalarida yozuvchi olam va odam konsepsiyasi orqali o'zining falsafona qarashlarini aks ettirgan. An'anaviylikdan noan'anaviylik tomon siljish, boshqa ijodkorlar kabi Isajon Sultonda ham mahsulroqdir. Ya'ni yozuvchi ko'plab hikoyalarida an'anaviy uslubga xos oddiy bayonchilik, voqea-hodisani emas, balki g'arb adabiyoti ta'siri o'laroq yuzaga kelgan modernizmga xos ramziy-majoziylik, hodisa emas, ruhiy po'rtanishlar tasvirini berish yetakchi hisoblanadi. Adabiyotshunos va professor H.Karimov ham zamonaviy so'z ijodkorlarining eng muvaffaqiyatli tajribalari ramz va majozlarga tayanganini ta'kidlab o'tgan. Albatta, milliylik, umuminsoniylik g'oyalarini ana shu qolipga singdirishi orqali adabiyotimizda ma'naviy-axloqiy, badiiy-estetik mohiyatini belgilamoqda.
Isajon Sultonning g'arb modernizmi va postmodernizmi ta'siri o'laroq yaratilgan "TODD", "Do'st", "Og'riq tog'i", "Farishta", "Xazinabon", "O'rmondagi kulba", "Tilsim lashkari" va shu kabi hikoyalari ramziy-majoziylik asosida qurilgan bo'lib chuqur falsafiy ma'noga ega. Shular qatorida, biz tahlil qilmoqchi bo'lgan "Qismat" hikoyasi ham muallifni ijodkor shaxs sifatida jahonga tanitgan asardir. Hikoya AQShning Chikago shahrida chop etiladigan "Leksikon" adabiy jurnali tanlovida g'olib chiqqani hammaga ayon. Noan'anaviy yo'nalishda yozilganligi, modernizm mahsuli bo'lganligi bois, asarni qayta-qayta o'qishgina, undagi asl mohiyatni ochishga yordam beradi. Shu o'rinda munaqqid O.Sharafiddinovning modernistik adabiyot haqidagi quyidagi fikrlarini keltirish juda o'rinlidir: "Shaxsan men shu paytga qadar adabiyotdagi modernizmga o'zimning munosabatimni aniq belgilab olgan emasman. Ba'zi bir modernistik asarlarni, ayniqsa, yumor yo'g'rilgan asarlarni (Sanislav Lem, Rey Bredberi) zavq bilan yengil o'qiyman. Folkner, Joys, Prust kabi adiblarning asarlarini o'qishda esa qiynalaman. Hatto ba'zan ularning asarlarini yarmidan tashlab qo'ygan hollarim ham bo'lgan. Lekin shunga qaramay, men bu yoki bu kabi boshqa yozuvchilarni hecham qoralamayman. Ehtimol, gap yozuvchida emas, balki mening didimda, saviyamdadir. Har holda, faqat menga yoqqani yoki yoqmaganiga qarab biror asarni rad etish yoki ulug'lash mumkin emas" [1]. Hikoya sarlavhasining o'ziyoq kitobxonda anglab bo'lmas, ba'zida tushkunlik ruh sezimlarini uyg'otadi. Sababi "qismat" so'zi "taqdir" so'zi bilan sinonim bo'lsa-da undan birmuncha farq qilib, salbiylik bo'yog'iga ega. Qismat - go'yo oldindan belgilab qo'yilgan, peshonaga yozilgan ko'rgilik; yozmish, taqdir. Demak, uni o'zing yarata olmaysan, senga berilgan bir taqdir zarbasi kabi. Yozuvchi hikoyasiga nima uchun aynan "Qismat" ni sarlavha qilganligini o'qirman asarni qayta-qayta o'qishi, undagi mohiyatni, o'ziga xos ramz, majozni teran anglashi, falsafiy-ijtimoiy qarashlari natijasida tushunib yetadi. "So'zning tasvir imkoniyatlari juda keng, faqat ularning ro'yobga chiqish darajasi bevosita ijodkor mahoratiga, aniqrog'i, undagi estetik nigohning nechog'lik o'tkirligiga bog'liq. Ya'ni, olamni musavvirona nigoh bilan ko'rish iqtidoriga ega shoir yo adibgina ko'rganlarini so'z vositasida tasvirlashga imkon qidiradi, o'z navbatida, uning ijodiy izlanishlari so'zning tasvir imkoniyatlarini kengaytiradi" [2:285]. Hikoya modernistik adabiyot mahsuli ekanligini, uning o'ziga xos kompozitsion qurulishidan ham ko'rish mumkin. Sarlavha
ichida yana alohida kichik-kichik sarlavhalarning keltirilishi, ularning har biri hikoyani asosiy g'oyani ochib berishda yetakchi o'rin egallaydi. Asar qahramonlari ham, umuman olganda, hikoyaning bayon uslubida ham g'ayri oddiylik kuzatiladi. Qahramonlar: Ota, kampir, to'ng'ich o'g'il, o'rtancha o'g'il va kenja o'g'il. Hikoya kichik o'g'il qismi bilan boshlanadi. Kichik o'g'ilning xayollari, fikrlashi beg'ubor, u ertaklarida yashaydigan bola edi. Kichik o'g'ilning xayolotidan oldin yozuvchi hikoya qahramonlari yashaydigan hovlini tasvirlab o'tib ketadi. Ayvondagi yoriqdan tortib begona o'tlargacha tasvirlaydi, ularning mohirona bo'yoqlar bilan bezaydi. Ayvondagi cho'psavat va ulardagi biroz non, tuproq bilan qorishgan qurutlar, enasining ko'p non yeyishlariga ruxsat bermasligi, oilaning yashash tarzi bazo'r kechayotganidan dalolat beradi. Kenja o'g'il gapni dalaning adog'idagi zovurdan unda ko'rgan ajoyibotidan boshlaydi. O'sha ajoyibot - tilla baliq. Undan faqat Xudo va men xabardorman deb o'ylaydi kenja o'g'il. Kenjaning aytishiga qaraganda: "U chiqqanida qushlarning ovozi o'chadi, hasharotlar chirillamay qo'yadi. Qamish poyalaridagi ninachilar jim chayqaladilar. Shabadaning ovozi esa kuchayadi, nimadir shivirlayotganga o'xshaydi". Hatto ilonlar ham o'sha baliq chiqqanida jim qoladigan boladi. "Isajonning har bir asarida manzaralar, holatlar, gap-so'zlar tabiiy bir yo'sinda, ayniqsa, me'yorida, quyushqondan chiqilmay tugatiladi. Chumoli, asalari, qushlar, otquloq, terak, shamolni ta'riflay ketsa, ularning ikir-chikirlari ichiga kirib boradi va sizni ham yetaklab ketadi. G'o'za, dehqon, kundalik yumush haqida ham erinmay, bir-bir, xuddi odamning ish kuni jadvalini uqtirayotganday ketaveradi va birdan. sho'x bolalarning bir-biriga kesatishi, ilmoq tashlashi qiziq bayon etiladi. Juda jonli, beixtiyor kulasiz" [4:176]. Sobir O'nar tomonidan aytilgan ushbu fikrlar aslida to'g'ri aytilgan. Aynan yuqoridagi hikoyada tilga olingan jamiyki narsalar shunchaki ishtirok etmaydi. Chuqur ma'noni, ramziylikni o'zida jam qilgan. Tilla baliqning chiqqanida hammayoqning jim qolishi, balki tabiat ham undan hazar qilayotganligini hikoya so'ngiga qadar anglashiladi.
Hikoyaning qisqacha sujeti quyidagicha: Kenja o'g'il baliqning darakini kichik akasiga aytadi. O'rtancha o'g'il enasining odamlar o'lganidan keyin qandaydir bir jonzotga aylanib oladi degan gaplarini eslab, o'sha baliq otasi ekanligini taxmin qiladi, chunki o'tgan kuni qattiq yog'gan sel otasining qabrini yuvib ketgan edi. O'sha kuni ertasi o'rtancha o'g'ilning tushiga bitta chol kirib otang baliq bo'lib keladi uni pishirib enasiga yedirsa, ko'zi tuzalib ketishini aytadi. O'rtancha o'g'il ko'rgan tushini akasiga aytib beradi akasi esa dadasining ov miltig'ini olib baliqni tutib keladi va pishira boshlaydi. Ukasi kelib kichik akasini sochlarini yuladi, sirni ochib qo'ygani, zovurda baliq borligini aytgani uchun. O'rtancha o'g'il hamon ota deya yig'lar edi, ammo kenja o'g'il buni aybdorligi uchun yig'layapti deb o'ylaydi, u tilla baliqni katta qilmoqchi edi-da. "...Ana endi qozonda jizillab kuyyapsan, ota." Asarda katta o'g'il tilidan aytilgan ushbu gaplarni o'qib kutilmagan holatga tushasiz, go'yoki seskanib ketasiz. Etibor beradigan bo'lsak, o'g'illarning ruhiyatidagi o'zgarishlar ular kattaygan sari o'zgarib boryapti, kenja, o'rtancha va katta o'g'illar, umuman, boshqa -boshqa olamlar. Ota kenja o'g'ilning koziga tilla baliq bo'lib ko'ringan bo'lsa, o'rtancha o'g'ilning tushiga muammolarining yechimi bo'lib kirgan, ammo katta o'g'li uchun esa qasos olishga zo'r imkoniyatday tuyuladi.
"Enamni urganlaringda qo'lingga yopishganlarim esingdami? Mana senga! Jizilla, jizillayver! Ichib kelib, hammam tumtaraqay qilganlaringda-chi? Menga ketmon otganingda yelkamni o'pirib yuboruvding, izi haliyam bor, haliyam qoni silqib turipti, yelkamda emas, ichkarida, yuragimda! Umr bo'yi ota deb yoningga yaqinlasholmadim, bir bola bo'lib bag'ringda erkalangim kelsa-da, haybatingdanu o'shqirishingdan cho'chidim, toki o'n ikki yoshimga
yetguncha meni ko 'tarib tomga otib yuborishingdan qo'rqardim, bir marta ukamni shunaqa qilib otib yuboruvding, chirillab yig'layotgan bechora bolani ovozi chiqmay qoluvdi, g'o'zapoyalarning ustiga borib tushganida ham yig'lolmagandi... Uydan miltiqni opchiqib, enamga "otib tashlayman! " deb baqirgan eding, enam sho'rlik "otsang ot, o'lar bo'lsam o'lib bo'ldim" deb o'ziniyerga uribyig'lagandi.Yana aytaymi?" Katta o'g'ilning bu tarzdagi alamli iztiroblari hikoyaning asosiy mag'zini yoritish bilan birga, kitobxonning ruhiy olamiga bevosita ta'sir o'tkazadi. Nima uchun u o'z otasidan bu darajada nafratlandi-yu, nahotki ota o'z bolasiga bu qadar shafqatsizlik qilsa degan xayollar egallaydi.
Shu joyda ota obrazi kirib keladi. Qamishzorda ming yillardan beri qamish o'radi, ammo qamishlarning adog'i yo'qdek edi. U o'sha sel yog'gan kuni baliqqa aylanib, zovurga kelgandi. Kampirning tushiga ko'zi ko'rmay qolgan kunidan beri kirib baliq yeyishini aytayotgan bo'ladi. Ota dehqonchilik bilan shug'ullanadigan bo'ladi, ammo ekkan narsalari ko'karmaydi. Chunki kampirning aytishiga qaraganda otasidan qarg'ishga qolgan edi: "qamishday qurigin iloyo".
Endi men nima qilay? Tilaklarim, istaklarim mo'l edi, kimga aytay? Faqat Xudogami? Yolg'izXudogami?" Asar kichik o'g'ilning ushbu gaplari bilan yakun topadi. Uning rostdan ham Xudodan boshqa hech kimi yo'q edi. Otasi u uchun tilla baliqday bir ertak bo'lib qoladi. Dunyo charxpalagi aylanib yana har kimning boshiga qaytib kelganiday, baliqni "o'ziga o'xshash bir yigit" o'z farzandi otib tashlaydi. Bir so'z bilan aytganda, muallif hayot qaytar dunyo ekanligi, har kim ekkanini o'radi va qilmishiga yarasha qismat ato etishiga ishora qilgan bo'lsa ajabmas.
Ushbu hikoyada qamish, baliq va shamol obrazlari asosiy ramziylikka ega bo'lib majoziy poetik timsollar vazifasini bajargan. Professor, adabiyotshunos Abdug'afur Rasulov yozuvchining tabiat hodisalari, hayvonlar, turfa mavjudotlarga ramziy ma'no yuklashi masalasi haqida shunday degan: "Isajon Sulton asarlarida shamol - yozuvchi imkoniyatidagi tuganmas poetik imkoniyat. Yaratilajak timsollar moyasi. Yozuvchi nafaqat shamol, bo'ron, to'fonni, o'rni-o'rni bilan hashorat-u hayvonotni, parranda-yu parq-u bulutni, kapalaklar, ninachilarni tasvirlaydi. Ularning har biri ma'no qati, ramzi sifatida aks eta boshlaydi. Xullas, postmodernistik asarda hamma narsa o'z o'rnida betakror timsol vazifasini o'taydi".
Badiiy asarning mohiyatini anglab yetish uchun har bir kishi muayyan darajada estetik tayyorgarlikka ega bo'lishi lozim. Ayniqsa, modernistik asarlarni tushunish, anglash ma'lum bir nazariy-ilmiy qarashlar tajribasi mavjudligi bilan bog'liq. Muallif tasvirlagan va kitobxon tomonidan idrok etilgan badiiy manzara hamisha ham bir xil bo'lavermaydi. Ba'zan o'qirman hikoyada ijodkorning mutlaqo ko'zda tutmagan, xayoliga keltirmagan, u nazarda tutmagan qarashlariga xos bo'lmagan xulosaga kelishi mumkin. Chunki hayotiy vaziyatning o'zgarishi, ijtimoiy voqelik va tafakkurdagi yangilanishlar, adabiyotdagi turli oqimlar, ba'zan ijodkorning ong osti, botiniy ma'nosini anglamagan kitobxon undagi zohiriy ma'noni anglash bilan cheklanib qolishi mumkin. Bu holatni biz yuqoridagi hikoyani o'qish va tahlil qilish jarayonida ham guvohi bo'ldik.
Muxtasar qilib aytganda, Isajon Sulton hikoyalarida G'arb va Sharq madaniyatiga mansub an'analari "modern" uslubda mushtarak, badiiy sintez hosil qila olgan. G'arb adabiyotiga xos romantizim, ruhiy evrilishlar, sharqqa xos go'zal, nafosat bilan yo'g'rilib badiiy-estetik jihatdan yuksaldi. Ayniqsa, ko'plab asarlarida ruhoniy kayfiyat, ya'ni diniy qadriyatlar, iymon va e'tiqodni ulug'lashni maqsad qilgan.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. https//n.ziyouz.com\portal haqida\xarita\suhbatlar\ozod-sharafiddinov-modernizm -jo'n hodisa emas.
2. Quronov Dilmurod. Adabiyot nazariyasi asoslari. - Toshkent: Navoiy universiteti. 2018. -285 b
3. Quronov D. Mutoalaa va idroq mashqlari. - Toshkent: Akademnashr, 2013. - 336 b.