International scientific journal "Interpretation and researches"
Volume 2 issue 21 (43) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
FRAZEOLOGIK BIRLIKLARNING LINGVOKULTUROLOGIK MENTAL TADQIQI (USMON AZIM "SO'NGSO'ZLAR" ASARI MISOLIDA)
Rashidova Sarvinoz Mirzohidovna
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti II bosqich magistranti
sarvinozrashidova0212@gmail .com
Annotatsiya: ushbu maqolada turg'un birlik sanalgan frazemalarning o'rganilishi haqida so'z borgan va Usmon Azim "So'ngso'zlar" asaridagi mental xususiyatga ega bo'lgan ba'zi frazeologik birliklar lingvoklturologik jihatdan tahlilga tortilgan.
Kalit so'zlar: lingvokulturologiya, frazeologizm, mental, so'ngso'zlar, lingvokulturologik tahlil.
LINGUOCULTURAL AND MENTAL ANALYSIS OF PHRASEOLOGICAL UNITS (IN THE EXAMPLE OF USMON AZIM'S "SO'NGSO'ZLAR")
Abstract: Abstract: This article examines the study of stable expressions classified as phraseological units and analyzes specific phraseological units with mental characteristics from the perspective of linguoculturology, using Usmon Azim's work "So'ngso'zlar" as an example.
Keywords: linguoculturology, phraseology, mental, So'ngso'zlar, linguocultural analysis.
Lingvokulturologiya (madaniy tilshunoslik) - bu til va madaniyatning faoliyat jarayonida o'zaro ta'sirini o'rganadigan murakkab ilmiy fan. U til birlikning milliy-madaniy semantikasini butun bir mazmuniy yaxlitlikda, biror til va madaniyatdagi so'zlashuvchi kishilar tushunishiga imkon qadar yaqin bo'lgan darajada o'rganadi. Lingvokulturologiyaning o'rganish obyekti madaniy ma'lumotlarni yetkazuvchi til va bu madaniyatni til yordamida yaratuvchi shaxslarning o'zaro ta'siri bo'ladigan bo'lsa, tadqiqot predmeti - rivoyatlar, afsonalar, folklor namunalari, maqollar, matallar, arxitep va stereotiplar, muqobilsiz leksika bva lakunalar, turg'un o'xshatishlar, ramzlar va maqolamiz mavzusi bo'lmish frazeologik birliklardir.
Frazema yoki ibora kelib chiqish jihatidan qadimiy bo'lsa-da, frazeologiya fani tarixi bir necha yuz yilni o'z ichiga oladi, xolos. "Frazeologiya" atamasi yunoncha "fraza" (phrasis- ifoda, nutq o'rami) so'zidan olingan bo'lsa-da, turkiyshunoslikda bu atama turlicha ma'nolarni ifodalash uchun xizmat qilgan. Masalan, XIX asrda yashagan turkiyshunos olim Mirza Kozimbek (1802-1870) o'sha davr an'analaridan
kelib chiqib, rus tilida yozilgan boshqa tasviriy grammatikalarda bo'lgani singari o'z asarida "fraza" so'zini "jumla", "gap" ma'nosida qo'llagan 13.
Frazeologiya nazariyasining ilk tadqiqotchisi shvetsar-fransuz tilshunosi Sharl Balli hisoblanadi. U o'zining "Стилистика очерки" (1905) va "Fransuz stilistikasi" (1909) nomli asarlariga so'z birlashmalari, ya'ni iboralarni tadqiq etuvchi boblar kiritib, ularning tashqi hamda ichki belgilarini bir-biridan farqlab bergan. Rus tilshunosligida frazemalar bilan tadqiqotchilar XVIII asrdan boshlab shug'ullanib kelmoqda. Rus frazeologiyasi fani tarixi V.L.Arxangelskiy, E.X.Rot, V.N.Teliya, L.I.Royzenzon, E.A.Malinovskiyning ilmiy tadqiqolarida keng izohlangan. Shuningdek, frazeologiya sohasi M.V.Lomonosov, V.I.Dal, A.A.Potebnya, F.F.Fortunatov, F.I.Buslayev, A.A. Shaxmatov, undan keyingi davrlarda E.D.Polivanov, V.V.Vinogradov, A.Y.Rojanskiy, I.E.Anichkov kabi olimlarning ilmiy faoliyati bilan bog'liq holda rivojlandi.
Mustaqillik yillarida tilimizning frazeologik boyligini ko'rsatib beruvchi turli xildagi lug'atlar yaratishga katta ahamiyat berildi. Masalan, Sh.Rahmatullayevning "O'zbek tilining frazeologik lug'ati" (1992), M.Sodiqovaning "Qisqacha ruscha-o'zbekcha barqaror iboralar lug'ati" (1994), Mahmud Sattorning "O'zbekning gapi qiziq" (1994-2011), B.Yo'ldoshev, Q.Bozorboyevning "O'zbek tilining frazeologik lug'ati" (1998), Sh.Shomaqsudov, Sh.Shorahmedovlarning "Ma'nolar mahzani"(2001), Sh.Shomaqsudov, S.Dolimovlarning "Qayroqi so'zlar" (xalq iboralari, 2011) asarlari shular jumlasidandir"14.
Sh.Rahmatullayev ta'riflashicha: "Bittadan ortiq leksik negizdan tarkib topgan, tuzilishi jihatidan birikmaga, gapga teng, mazmunan so'zga ekvivalent, yaxlitligicha ustama ko'chma ma'no anglatuvchi lug'aviy birlikka frazeologizm (frazeologik birlik ) deyiladi"15.
Lingvokulturologiya uchun ahamiyatli bo'lgan tilning frazeologik fondida xalqning hayoti, tajribasi mujassam. V.A. Maslova ushbu birliklar haqida shunday fikr bildiradi: "Frazeologizmlar olamning lisoniy manzarasini yaratishda alohida o'rin tutadi. Ular "millat hayotining oynasi"dir. Frazeologik birliklarning ma'nosi tabiati til egasining olam haqidagi bilimlari, shaxsiy tajribasi va ushbu tilda gapiradigan xalqning madaniy-tarixiy an'analari bilan chambarchas bog'liq. Frazeologik birliklar obyektlarga dunyo manzarasi bilan bog'langan belgilariga ko'ra ma'no beradi, butun bir deskriptiv holatni (matnni) nazarda tutadi, uni baholaydi va unga munosabatni bildirib beradi. Frazeologik birliklar semantikasi odam va uning faoliyatini tavsiflashga yo'naltirilgan"16.
13 Йулдошев Б. Узбек фразеологияси ва фразеографияси масалалари.-Т.: "Му^аррир" нашриёти.2013. - б.9
14 Йулдошев Б. Курсатилган асар. -б.58
15 Paхматуллаев Ш . Нуткимиз курки. Тошкент, "Фан".1970.56-бет .
16 Маслова В.А.Лингвокултурология. Учебное пособие для студентов высших учебных заведений. -М: Изд.Центр «Академия», 2001 -б.52
Frazeologizmlar tarkib jihatidan o'zaro turg'un bog'langan so'zlarning birikuvidan hosil bo'ladi. U barcha tilda xalq tomonidan yaratiladi, muallifi ma'lum bo'lmaydi hamda o'zida mental xususiyatni jamlagan frazemalar lingvokulturologiyaning predmeti bo'la oladi. Ya'ni faqatgina muayyan tilga xos bo'lib uning biron jihatini o'zida aks ettiradi.
O'zbek tilida "o'lmoq" va "tug'ilmoq" semalarini beradigan ko'plab frazeologik birliklarni uchratishimiz mumkin. Bunday frazeologizmlar qatorida o'zida milliy-madaniy xususiyatlarni jamlab, tilning lingvomadaniy qatlamining boyishi uchun xizmat qiladiganlari ham uchraydi. "O'lmoq" fe'li o'rniga o'zbek tilida Alloh o'z panohiga olmoq, narigi dunyoga rixlat qilmoq, bandalikni bajo keltirmoq, ajali yetmoq, jon bermoq, joni chiqmoq, joni uzilmoq, dunyodan ko'z yummoq, yer tishlamoq, umr o'tkazmoq, olamdan o'tmoq, omonatini topshirmoq, oyoq uzatmoq, tuproqqa bermoq, ko'ziga tuproq to'lmoq, farishtaga aylanmoq, kabilar shular jumlasidandir. Bulardan Alloh o'z panohiga olmoq, bandalikni bajo keltirmoq, narigi dunyoga rixlat qilmoq, omonatini topshirmoq, ajali yetmoq lingvomadaniy xususiyatga ega bo'lib, ular xalqimizning qadriyatlari va madaniyatini ma'lum ma'noda o'zida aks ettiradi.
Hajda vafot etganlar o'sha yoqda dafn etiladi. Men hajga borgan 1992-yilda ham safarda ikki yurtdoshimiz vafot etdi. Qaytib kelganimizdan keyin, Sirdaryodan bir do'stim qo'ng'iroq qilib qoldi. Qarangki, o'sha haj safarida bandalikni bajo keltirganlardan biri uning qo'shnisi ekan (So'ngso'zlar, 467-bet).
Ushbu parchada qo'llangan iboraning ma'nosini Sh.Rahmatullayevning "O'zbek tili frazeologizmlarining izohli lug'ati"da uchratmasak-da, bu frazeologizm xalqimiz til fondidan o'rin egallab bo'lgan. Chunki 1978-yilda nashr etilgan ushbu lug'atga kiritilmagan juda ko'plab iboralar ustida hozir ishlar olib borilmoqda. O'zbek tilida insonning vafot etishini, ya'ni o'limni ifodalovchi mazkur ibora lug'aviy jihatdan "banda" so'zidan kelib chiqqan. Bu so'z insonning Allohga bo'lgan xizmatini, ya'ni dunyodagi yashash ma'nosini anglatadi. Bu yerda insonning hayotiy vazifasi va oxiratga tayyorlanish jarayoni nazarda tutilgan, desak xato bo'lmaydi. Demak, ushbu frazeologizm Islom madaniyatiga asoslangan holda shakllangan bo'lib, inson hayotining vaqtinchalik ekanligini va o'limni muqarrar hodisa sifatida qabul qilishni ifodalaydi. Bu yerda o'zbek xalqining diniy-ma'naviy qadriyatlari namoyon bo'ladi.
Ha, takror aytib qo'yay: o'lim haq. Omonatini qachon topshirishi faqat yaratganga ayon. (So'ngso'zlar,161-bet).
Mazkur gapda ham "omonatini topshirmoq" frazeologizmi "o'lmoq" degan ma'noni ifodalash uchun qo'llanilgan. Bu frazeologizm musulmon olamida keng qo'llanilib, diniy qarashlar bilan ham uzviy bog'lanadi. Alloh tomonidan omonat sifatida berilgan hayotni qachondir topshirish har bir insoning boshida bor. Ya'ni bu ibora orqali insonning taqdiri faqat yaratganga bog'liq ekanligi ta'kidlanadi.
Iboradagi "omonat" so'zi ishonib topshirilgan narsa ma'nosini ifodalab, shaxsning so'nggi nafasini va uning taqdiri qanday amalga oshishini faqat yaratgan belgilashi haqidagi milliy qadriyatimizga aylangan tushunchalarni aks ettiradi.
"O'lmoq" so'ziga antisemik munosabatda bo'lgan "tug'ilmoq", "tug'moq" so'zlari o'rnida esa quyidagi frazemalar ishlatiladi: dunyoga kelmoq, tavallud topmoq, kindik qoni to'kilmoq, dunyo yuzini ko'rmoq, hayotga qadam qo'ymoq, yorug' dunyoni ko'rmoq; ko'zi yorimoq, dunyoga keltirmoq kabi.
Shu bilan iste'mol jamiyati yirik shaxslarning dunyoga kelishidan manfaatdor emasligi, aksincha, faqat foyda ko'rish, boylik orttirish uchun yashaydigan jamiyatda bunday insonlar ortiqcha bo'lib kolishi haqida bong urgan. (So'ngso'zlar, 281).
Adabiyot o'ladimi?
Men dunyoga kelmasdan avval ham shunday savollar berilgan bo'lsa kerak (So'ngso'zlar,132). Dunyoga kelmoq- o'zbek tilida insoning tugilishi, hayotining boshlanish jarayonini ifodalovchi kenng tarqalgan frazeologik birlik. Islom an'anasida dunyoga kelish Allohning irodasi va inoyati bilan bo'ladi. O'zbek xalqida tug'ilish jarayoni oila, jamiyat va millat hayotining muhim qismidir.
...Bu savol «sinov» ekanini esa fahmlaganimiz yo'q. Kindik qoni to'kilgan joyga sadoqat, uni o'rtanib sog'inish akamiz uchun juda muhim ekanini keyin bilamiz (So'ngso'zlar,40-bet).
Sh.Rahmatullayevning lug'atida "kindik qoni to'kilmoq" frazeologizmining ma'nosi tug'ilmoq deb izohlangan.17 Bu ibora o'zbek xalqida tug'ilish va vatan haqidagi ma'naviy, madaniy dunyoqarashni ifodalaydi. Ushbu ibora nafaqat inson hayotining boshlanishini, balki uning tug'ilgan joy bilan ajralmas bog'liqligini ham ramziy tarzda yoritadi. O'zbek xalqi qadriyatlarida tug'ilgan joyni, ya'ni "kindik qoni to'kilgan joy"ni ulug'lash, unga hurmat bilan munosabatda bo'lish muhimligini ko'rsatadi. Bu ibora insonning vatan bilan bog'liq ilk rishtasini ramziy ravishda ifodalaydi. Demak, bu frazeologizm lingvokulturologik nuqtayi nazardan har bir insonning tug'ilgan yeriga bo'lgan sadoqati, o'zligini anglash va milliy ma'naviyatni targ'ib qiluvchi muhim birlikdir.
Uning xuddi menga o'xshab kindik qoni to'kilgan tuproqqa intiqlikda yashayotgani esa, barchaning ko'zidan yashirin bir nozik avj hasrat pardada yuraklarimizni birlashtirib turganini his qilaman (So'ngso'zlar,107-bet).
Shukur Xolmirzayev Surxon vohasi, kindik qoni to'kilgan yurti — Boysun timsolida o'zbekning haqiqiy, o'ziga xos tarixini yaratdi (So'ngso'zlar,400-bet).
Kultural konnotatsiya frazeologik birliklarning egallanishi bir tildagi jamiyat vakillari uchun o'z madaniy-til kompetensiyasini ifodalashda ma'lum darajada majburiydir. O'z til va madaniyatining asosiy kategoriyalarini bilmasdan, dunyoni tasavvur qilish mumkin emas. Ongli mavjudot bo'lgan odamning hayoti "ona sutidan
17 Rahmatullayev Sh.O'zbek tilining izohli frazeologik lug'ati. -T:O'qituvchi, 1978. -b.129
boshlab" dunyoni tushunishga, vaqt va makon, sabab, natija, taqdir, hayot, o'lim, shaxs, iroda, vijdon, mehnat, boylik-kambag'allik, oila, sevgi, do'stlik, vatan va h.k. haqidagi tasavvurlarga asoslanadi. Frazeologik birliklar o'zida madaniy dunyoqarashni odatda milliy o'ziga xos shaklda mujassamlashtiradi. Shuning uchun frazeologik birliklarning madaniy-milliy konnotatsiyalarini talqin qilish xalq mentallitetining chuqur xususiyatlarini tushunishga yordam beradi.
Tilimizda mental xususiyatga ega bo'lgan ko'plab frazeologizmlarni "So'ngso'zlar" asarida uchratamiz. Quyida ularning yana ba'zilari haqida fikr yuritamiz.
Jonini jabborga bermoq: lingvokulturologik jihatdan tahlil qilinar ekan, mazkur ibora o'zida milliy madaniyat, xalqona dunyoqarash va qadriyatlarni mujassam etadi. Bu iboraning asosiy ma'nosi "bor kuchini safarbar qilmoq" deb izohlanadi.18 Qolaversa, "o'zini fido qilish", "hayotini xavfga qo'yish", "vaziyatga shiddat bilan kirishish degan ma'nolarni ham ifodalab keladi. Birikmadagi Jabbor so'zi Allohning ismlaridan biri bo'lib, qudratli, buyuk ekanligini bildiruvchi epitet sifatida ishlatiladi.
Bu maqtov — kechagina cho'bir ot minib, bo'lsa-bo'lmasa-da nomdor chobag'onlar bilan uloq talashadigan; uloqni ajratolmasa ham, "huy-huy"lab, qirpichoq taloshga jonini jabborga berib tashlanadigan; bugun esa qurning o'rtasida qamchini tishlab, hammani surgancha, uloqni yerdan dast uzgan barvasta yigit haqida...(So'ngso'zlar, 7-bet).
Ibora mazmunan o'z hayotini katta xavfga qo'yib, qattiq tirishqoqlik bilan maqsadga intilishni ham anglatadi. Bu orqali o'zbek xalqining jasorat va mardlikka bo'lgan e'tiqodli qadriyatlarini aks ettirgan.
Bu yig'inning tashkilotchiligi ham uning zimmasida. U bizni xursand qilish uchun jonini jabborga berib xizmat qilgan — o'ris boshliqlariga bu tadbirni ma'qullatib olguncha qancha yelib-yugurmagan, deysiz! (So'ngso'zlar, 48-bet).
Qanday yaxshi! Filmning yo'q gunohini oqlash uchun birov urinmadi ham, hech kim lenta kesish savdosi boshiga tushib — asabiylashmadi ham, kimningdir jonini jabborga berishiga ham hojat qolmadi. (So'ngso'zlar, 159-bet).
Ko'ngli tog'day o'smoq- ushbu frazeologizmning lug'aviy ma'nosi nihoyatda mamnun bo'lish, quvonch va g'urur hissini his qilish. "Ko'ngil" so'zi insonning ichki olami va his-tuyg'ulari bilan bog'liq. Bu iboraning o'zida o'zbek xalqining tog' obraziga bo'lgan ijobiy munosabati aks etadi. Chunki tog'day o'xshatishi ham tilimizda juda faol qo'llanilib, tog' qudrat, ulug'lik, mustahkamlik ramzini biliradi. Xalq og'zaki ijodida ham, she'riyatda ham tog' doio yuksaklikni tasvir etadi. Ya'ni mazkur frazeologizmda xalqning ichki olami va tabiat elementlari birlashgan shaklda keladi.
18 Rahmatullayev Sh.O'zbek tilining izohli frazeologik lug'ati.-T:O'qituvchi, 1978. -b.98
Kasbining adabiyotga aloqasi yo'q bir latish bu kitobni eslaganidan ko'nglim tog'day o'sdi. (So'ngso'zlar, 360-bet).
Osh bermoq - ushbu iboraning ma'nosi ijtimoiy qadriyatlar va o'zaro mehr-oqibatni aks ettiradi. Bu birikma o'zbek xalqining jamiyat hayotidagi birlashuv, mehr-oqibat va birdamlik kabi muhim qadriyatlarini ifodalaydi. o'zbek mentalitetida osh ko'pincha to'ylar, ma'rakalar yoki ehsonlarda uyushtiriladi. Bu marosimlar xalqning birligini, saxiyligini, qo'li ochiq va mehmondo'st ekanligidan darak beradi. O'zbek xonadonida biron yaxshi kun yoki yig'in bo'lsa, masalan, to'y-hasham, tug'ilgan kun, biron martabaga erishish, chaqaloq dunyoga kelishi kabi esda qolarli kunlarda odamlar o'z xursandchiligini baham ko'rish uchun "osh beradilar" Demak, iborada milliyligimizning o'ziga xos jihatlari ko'rinadi.
Murod bir dona piyozdan ham elga osh berish mumkinligini aytib, baxtiyor qiyofada oshxonaga jo'naydi. (So'ngso'zlar, 60-bet).
yoq osti qilmoq -Sh.Rahmatullayev lug'atida ushbu ibora tahqirlash, paymol qilish ma'nolarida izohlangan.
Dunyoning ko'ziga tik qaraydi. "Uv, senga nima bo'ldi?" deydi. "Haqiqatni oyoq osti qilma, uvoli uradi!" deydi (So'ngso'zlar, 5-bet).
Haqiqat atamasi ko'plab madaniyatlarda va axloqiy qadriyatlarda yuqori ahamiyatga ega bo'lgan tushuncha sifatida qaraladi. O'zbek tilida haqiqat, odatda, o'rnak bo'ladigan axloqiy va ijtimoiy normaning ifodasi sifatida ishlatiladi. Ushbu frazeologizm, o'zining salbiy va tanqidiy ahamiyati bilan, ijtimoiy va madaniy qadriyatlarning muhofazasi, haqiqatni hurmat qilish zarurati va yolg'on yoki adolatsizlikni tanqid qilish uchun ishlatiladi. Lingvokulturologik jihatdan bu ibora, o'zbek madaniyatida haqiqatning yuksak ahamiyatga ega ekanligini va uning poymol qilinishi, jamiyatda salbiy oqibatlarga olib kelishini ko'rsatadi.
Sho'riga sho'rva to'kilmoq - katta baxtsizlikka yo'liqmoq, halok bo'lmoq 19. biror kishining falokat, yomon holat yoki baxtsizlikka duchor bo'lishini ifodalovchi frazeologik birlikdir. Bu ibora, odatda, biror kishi yoki holatning shunday baxtsizlikka olib kelishini yoki barcha harakatlarning yomon oqibatlarga olib borishini ifodalash uchun ishlatiladi. Bu ibora o'zbek tilida asosan salbiy oqibatlarga yo'liqish, yomon holatga tushish ma'nosida ishlatiladi va shaxsning o'z harakatlari yoki tashvishlari tufayli duch kelgan yomon natijalarni tasvirlash uchun qo'llaniladi.
Men ham sho'riga mudom sho'rva to'kilib turadigan shu odamlar toifasidanman. Shu fe'lim tufayli, sportga ham, adolatga ham, yaxshilikka ham, birovning iste'dodiga ham, el-u yurtga ham, Vatanga ham ishqibozman...("So'ngso'zlar" 5 -bet).
Sh.Usmanova ta'kidlaganidek, frazeologizmlarning semantikasida xalq madaniyati rivojining uzoq jarayoni aks etadi. Har bir tilning frazeologizmlarida xalq
19 Sh.Rahmatullayev. o'zbek tili frazeologik lug'ati.-T:G'ofur G'ulom,2022. -B.230
hayotiga mansub ijtimoiy- tarixiy voqea-hodisalar, axloqiy va ma'naviy-madaniy me'yorlar, diniy tasavvurlar, milliy an'ana va urf-odatlar, madaniy stereotiplar va arxetiplar o'z aksini topgan bo'lib, ular avloddan-avlodga uzatiladi20.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, o'zbek tili qadimiy til sifatida o'z bag'rida juda katta boylikni saqlab keladi. O'zining jilosini, chiroyini til birliklari orqali namoyon qiladi. Mental xususiyatga ega bo'lgan iboralar ham bu gapning isbotidir. Usmon Azimning "So'ngso'zlar" asarida ko'plab milliylikni aks ettirgan frazeologizmlarni topish mumkin. Har bir frazeologik birlik o'zida muayyan xalqning qarashlarini, madaniyatini urf odatlarini aks ettiradi. Shu sababli ham bu birliklar til va madaniyatni uyg'unlashtirgan holda tadqiq etuvchi lingvokulturologiya fani doirasida ham o'rganiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Йулдошев Б. Узбек фразеологияси ва фразеографияси масалалари.-Т.: "Мухдррир" нашриёти.2013. - б.300
2. Paхматуллаев Ш . Нуткимиз курки. Тошкент, "Фан".1970.
3. Маслова В.А.Лингвокултурология. Учебное пособие для студентов высших учебных заведений. -М: Изд.Центр «Академия», 2001 -б.208
4. Rahmatullayev Sh.O'zbek tilining izohli frazeologik lug'ati.-T:O'qituvchi, 1978. -b.129
5. Rahmatullayev Sh. o'zbek tili frazeologik lug'ati.-T:G'ofur G'ulom,2022. -B.637
6. Usmanova Sh. Tarjimaning lingvomadaniy aspektlari. T.2015.84-bet
7. U.Azim.So'ngso'zlar. -Toshkent: Ilm-ziyo-zakovat, 2020. -B.512
20 Usmanova Sh. Tarjimaning lingvomadaniy aspektlari. T.2015.84-bet.