Научная статья на тему 'DUTOR SOZI IJROCHILIGINING MAHALLIY USLUBLARI'

DUTOR SOZI IJROCHILIGINING MAHALLIY USLUBLARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
146
43
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
dutor / Dorip dutorchi / Sharob I-II / Shafoat I-II-III / dutor navosi / Nurmuhammad Boltayev / Qora dali / Aliqambar / G‘ulomjon Qo‘chqorov / Zokirjon Obidov / Mahmud Yunusov / Turg‘un Alimatov / Faxriddin Sodiqov

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Tursunoy Dodo Qizi Laminova

Ushbu maqolada dutor sozi ijrochilik amaliyotining mahalliy uslublari to‘g‘risida fikr yuritiladi. Qolaversa, dutor sozida o‘zining uslubiga ega bo‘lgan mashhur dutor ijrochilarining faoliyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «DUTOR SOZI IJROCHILIGINING MAHALLIY USLUBLARI»

DUTOR SOZI IJROCHILIGINING MAHALLIY USLUBLARI

Tursunoy Dodo qizi Laminova Yunus Rajabiy nomidagi O'zMMSI

Annotatsiya: Ushbu maqolada dutor sozi ijrochilik amaliyotining mahalliy uslublari to'g'risida fikr yuritiladi. Qolaversa, dutor sozida o'zining uslubiga ega bo'lgan mashhur dutor ijrochilarining faoliyatiga qisqacha to'xtalib o'tiladi.

Kalit so'zlar: dutor, Dorip dutorchi, Sharob I-II, Shafoat I-II-III, dutor navosi, Nurmuhammad Boltayev, Qora dali, Aliqambar, G'ulomjon Qo'chqorov, Zokirjon Obidov, Mahmud Yunusov, Turg'un Alimatov, Faxriddin Sodiqov

LOCAL STYLES OF DUTOR SOZI PERFORMANCE

Tursunoy Dodo kizi Laminova UzNMAI named after Yunus Rajabi

Abstract: This article discusses the local styles of dutor performance. In addition, the activities of well-known dutor players, who have their own style of playing the dutor instrument, will be briefly reviewed.

Keywords: Dutor, Dorip dutor player, Sharob I-II, Shafoat I-II-III, Dutor navosi, Nurmuhammad Boltaev, Karadali, Alikambar, Gulomjon Kochkarov, Zakirjon Obidov, Makhmud Yunusov, Turgun Alimatov, Fahriddin Sadikov

Barchamizga ayonki, ijrochilik amaliyotida Andijon, Xorazm, Toshkent-Farg'ona va Samarqand kabi an'anaviy dutorchilik maktablari o'ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. XX asrda Andijon maktabi namoyondalaridan Dorip dutorchi, M.Najmiddinov, O.Rustamov, K.Jabborov, Farg'onada Qozixon Madrahimov, ijrosida "Nolish", Cho'pori", "Andijon Kurdi", "Andijon sayqali", "Tuya Buzloq", "Qo'shtor", Toshkent maktabining yirik vakillaridan Solihon xoji, A.Vahobov, F.Sodiqov, M.Yunusov, T.Alimatov, Z.Obidov, S.Yo'ldoshevlar talqinida "Sharob I-II", "Shafoat I-II-III", "Toshkent sayqali", "Toshkent kurdi", "RajabiyI-II", "Kurash", "Dutor navosi" , Samarqand maktabi ustozlaridan Hoji Abdulaziz, Qori Siroj Yusupovlar ijrosida "Guluzorim", "Beboqcha", "Bozurgoniy", "Gullar bog'i", kabilar, Xorazm maktab vakilaridan N.Boltayev, Yusuf Jabbori ijrosida "Qora dali", "Aliqambar", "Saqili navo", singari mumtoz kuylarda o'z ifodasini topganligini misol qilishimiz mumkin. 1970-yillardan yakka dutorda, Shashmaqom cholg'u va ashula yo'llarini ijro etish an'anaviy ijrochilik amaliyotida keng tus ola boshladi.

Shuningdek, Andijon milliy dutor ijrochilik maktabi o'ziga xos jihatlari bilan boshqalardan ajralib turadi. Ayniqsa, xalq kuylarini ijro etishdagi oddiylik, o'zgacha nola-qochirim, mayinlik va turli-xil zarblari bilan betakrordir. Ustozlarning ijro uslublari vodiyning ushbu jihatlari bilan birga yana, ularning tajriba va ko'p yillik ijro amaliyotidan o'zlarining ijro uslublariga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ushbu katta maktabning namoyondalari amaliyotida o'zlari bastakorlik ijodi bilan shug'ullanib, ma'lum bo'lgan, ijrochilikdagi yangi uslublarini shakllantirganlar. Umuman olganda, boshqa yirik maktablar qatorida o'z uslubi ko'lamini kengaytirgan va boyitgan.

Masalan G'ulomjon Qo'chqorovning ijrosida oddiylik va mayinlikning rang-barangligi hamda asarlarga monand elementlarni ustalik bilan qo'llanilganigini keltirish mumkin. "Cho'li kurd", "Sevinch", "Dilrabo", "Yor xumori" kabi kuy ijrolaridan G'.Qo'chqorovning naqadar mohir dutorchi ekanliklarini aytish mumkin. Unda, har bir pardalardagi jo'shqin ohang, ser nola hamda qo'l zarblaridagi oddiylik, asarning har boshlanish jumlalarida kuchli hissali zarblar va kuy holatidan kelib chiqqan holda, ma'lum uslublarining xilma-xil tarzda qo'llash kabi jarayonini keltirish mumkin.

Shu qatorda, Toshkent milliy dutor maktabi o'zining yirik va xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Ushbu maktab o'zining yirik namoyondalari, turlicha ijro uslubi va rang-barangligi bilan ham mashhurdir. Qadimdan shakllanib kelayotgan maktab o'zining nafis, jo'shqin, nola-qochirim va turli-xil takrorlanmas zarblari bilan betakrordir. Mazkur maktabning yirik namoyondalaridan Zokirjon Obidov ijro uslubi o'ziga xosdir. Uning ijro uslubi namunalari hozirgi kunda keng qo'llanilib, kelinayotgan uslublardandir. Masalan, uning "Hojiniyoz" kuyining ijro namunasida jo'shqin ohanglar, turlicha qochirim va nolalar, har bir kuy jumlalaridagi kuchli hissali zarblar hamda takrorlanmas rang-barang shtrix (zarb)lar bilan boyitilgan. Bunday yondashuvdagi ijro namunalarni ko'plab uchratishimiz mumkin.

Xuddi shu o'rinda, Toshkent maktabi dutor zarblarini ijro etish jarayonida xilma-xilligi bilan o'z e'tiborni tortadi. Ayniqsa, sozandalar tomonidan ko'p tilga olinadigan va qo'llaniladigan zarb (shtrix) lar "teskari", "terma", va "pirrang" kabilarni misol qilishimiz mumkin.

Muxtasar aytganda, mazkur hududiy maktabdagi o'ziga xos ijro jihatlar hamda kuy, qo'shiq va ashula namunalaridagi rang-barang ijro ko'rinishi, eng avvalo, maqom va maqomsifat ashula namunalarini ijro etishni yanada boyitishda muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, Samarqand maktabi qadimdan to bugungacha o'zining boy merosi va an'analarini ko'rsatib kelgan. O'tmishda Samarqand O'rta Osiyoning markazlaridan biri ekanligini e'tirof etgan holda mazkur hududlarga turli o'lkalardan yirik olimlar, san'at namoyondalari va musiqashunoslar yig'ilgan. Shu kabi omillar

Samarqand maktabi boshqa yirik maktablar bilan ijodiy aloqada bo'lib kelgan. Samarqand ijro maktabining yirik namoyondasi Hoji Abdulaziz o'zining betakror ijro uslubi bilan ajralib turadi. Uning uslubi o'zining erkin badiha va bastakorlik kabi xususiyatlari bilan gavdalanadi. Uning "Bozurgoniy" kuyi ham xonanda va sozanda (dutorchi) sifatidagi ijrosida ovoz va dutor bir maromda, hamda dutorning zarblari biroz ildamroq. Mahmud Ahmedov ta'biri bilan aytganda, benazir san'atkor "Iroq" va "Buzruk" maqomidan ko'plab ashulalarni yuksak mahorat bilan o'zlari ham aytib, ham dutor jo'rligida ijro etganligi e'tirof etiladi.1 Ya'ni, aytish mumkinki, beqiyos san'atkor Shashmaqomdagi ashulalarni yuqori mahorat darajada dutor bilan jo'r bo'lib ijro etish uslubini rivojlantirgan.

Hoji Abdulaziz o'z asarlarini dutor cholg'usida bastalaganligi bois, uning asarlari nafaqat ashula, balki dutor va boshqa cholg'ularga kuy holatiga juda ham monand. Ustozning asarlarida turli xil qochirimlar ishlatigan bo'lsada, kuylar aslida sodda va xushkayfiyat baxsh etadigan yoqimlidir.

Faxriddin Sodiqovning uslubiga to'xtaladigan bo'lsak, "Dutor ijrochiligiga xos san'atkorona, ya'ni kasbiy xususiyatlarga to'xtalar ekanmiz, nihoyatda mazmun borga o'xshadi. Shirador sadolarni chiqarishda bir tomondan, o'tmish risolalarda "tabiiy cholg'u" deb sanalgan inson ovoziga o'xshatishga, tom ma'nodagi "xonish"ga intilish bo'lsa, ikkinchi tomondan esa, "sun'iy cholg'ular" qatorida yetakchilik qiluvchi tanburning ehtirosli nolalariga qiyos qilib borish o'rinli.

Shu boisdan bo'lsa kerak, aynan, dutorda oddiy, ta'bir joiz bo'lsa, "quruq" chalish hisoblanmish "miyangli" , ya'ni dastadagi iplarni "tortib", "ezib" chalish chin mahorat mezonlaridan biri hisoblanadi"2. Darhaqiqat, Faxriddin Sodiqov ushbu ijro xususiyatlarini o'zida jamlab, aksariyatlarini yanada rivojlantirgan hamda badiiy jihatdan ko'lamini boyitishga beqiyos hissa qo'shgan. Bunday jarrayonlarni, aynan, o'zi bastalagan asarlari va maqom ashulalari va kuylarda qo'llagan. Shu bilan birga "miyang" tarzda sado berishning asosiy jihati-tanbur ijro uslubiga xosligi, pardani o'zidan tortib, o'ziga xos jozibador ohangni yuzaga kelishi bilan qiyoslanishi nazarda tutiladi. Shu o'rinda Faxriddin Sodiqovni chin ma'noda eng yaqin shogirdi, hozirgi kunda ustozning ijro yo'lini davomchisi bo'lib kelayotgan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist, professor Malika Ziyayeva shunday ta'rif bergan: "Faxriddin Sodiqov ijro uslubida ijro etishning bir qator o'ziga xos jihatari mavjud va eng avvalo ularni o'zlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Odatda, dutor ijrochiligida chap va o'ng qo'llar harakatlari orqali o'ziga xoslikka erishiladi. Ustozning ijro usublarida esa chap qo'l harakatining muhimligini e'tirof etish lozim. Chunki, ushbu uslubda chap qo'l bilan bosilgan har pardaning sayqali mavjud.

1 Mahmud Ahmedov."Hoji Abdulaziz Rasulov". T.: "O'qituvchi" 1974y 50-bet.

2 Ravshan Yunusov. "Faxriddin Sodiqov". YUNESKO dasturiga asosan nashr ettirilgan. T.:2005 y 33-bet.

Ijrochilik maktablari yuzaga kelishida alohida ijro uslublarining ahamiyati katta. Shuning uchun Farg'ona-Toshkent vohasida biz ko'pgina shaxsiy dutor ijrochilik uslublari shaklanganligini guvohi bo'lamiz. Musiqa ijrochiligi amaliyotida dutor cholg'u ijrosini me'yoriga yetkazib, ustozlik darajasida faoliyat olib borgan bir talay mashhur san'atkorlar o'tgan. Turg'un Alimatov, Zokirjon Obidov, Faxriddin Sodiqov, Mahmud Yunusov, Orif Qosimov, G'ulom Qo'chqorov kabi ustoz san'atkorlar shular jumlasidandir.

XX-asrda dutor ijrochiligining rivoji aynan mana shu ustozlarning samarali ijodi bilan bog'liq bo'lgan. Lekin, har bir san'atkorning dutor ijrochiligida o'ziga xos chertish yoki chalish usuli bo'lgan. Aynan shu jihat ularning mohir ekanliklariga asos bo'lgan. Bu dutor ijro etganda chap yoki o'ng qo'l harakatlarida o'z ifodasini topgan. Ijro amaliyotida ham shu sozanda nomi bilan muhrlanib qolgan (bu albatta kelajak avlodlar uchun o'rnak bo'lishi yoki eslab qolish, o'rganishda osonlik yaratish uchun xizmat qiladi).

O'z zamonasida mohir sozandalik darajasiga erishgan, dutor ijrosi bilan elga tanilgan yana shundaylar dutorchilardan biri Zokirjon Obidovdir.

Zokirjon Obidov ijrochi bo'lish bilan birga ijod bilan ham shug'ullangan. Shu holat uning dutor ijrochiligida turli metroritmik usullarni izlashiga sabab bo'lgan bo'lishi ehtimoldan holi emas. Chunki, Zokirjon Obidovning dutor ijrochilik uslublarida o'ng qo'l harakati alohida ahamiyat kasb etgan.

Sozanda shaxsiy ijro uslubini negizi ham uning o'ng qo'li harakati bilan bog'liq. Qo'l barmoqlar va beriladigan zarblarning turli ko'rinish va shakllari hamda urg'ularni rang-barang ishlatishda, teskari zarblarni o'rniga qo'yib aks ettirish uslubning zaminidir. Zokirjon Obidov diqqatni o'ng qo'lga qaratib, kuyni rang-barang usullar va zarblar bilan bezaydi. Asarga joziba baxsh etuvchi harakatlarni ko'paytiradi. Lekin, u chap qo'lga nisbatan e'tibori kam bo'lgan. Bu uslub ham ijrochilikning o'ziga xos tomonlari sifatda amaliyotga muhrlangan.

Zokirjon Obidov ijro uslubiga aks xarakterga ega bo'lgan, va el orasida mashhurlikka erishganlardan, taniqli dutorchi sozanda, ustoz san'atkor Mahmud Yunusovdir. Mahmud Yunusov dutor ijrochiligida o'ziga xos uslub orqali tanilgan. Bu uslub asosida o'ng qo'l harakatining to'g'riligi, bir xillik xususiyat kasb etishi, elastik harakatlardan va mayda zarblardan mustasno ekanligi turadi. Lekin uslubning muvaffaqiyati va xalqqa manzur bo'lishi chap qo'l ijro jozibasida mujassamlashgan.

Turg'un Alimatov uslubi keng ommalashgan va o'ziga xosligi bilan ajralib turadi. Uning dutor ijrochilik uslubi, mukammal tarzda o'ng va chap qo'llar harakati bir-biriga mutanosib holda ifoda etilishini e'tirof etish joizdir. Dutor sadosi tekis, ravon va serjilo, jozibali yangrashidagi barcha jarayonlarning mutanosibligi aynan Turg'un Alimatov ijro uslubining asosini tashkil etadi. Bu uslubda chap qo'ldagi har bir sayqal va bezaklar o'ng qo'l harakatlari bilan muhrlanadi. Bir-biriga mutanosib

harakatlarning har biri tinglovchi yuragini tirnab zavqlantiradi. Turg'un Alimatovning dutor ijrochiligidagi o'ziga xos tomonlaridan yana biri, bu-tanbur va sato cholg'u ijrochilik an'analarining dutorga moslashtirilganidir.

Turg'un Alimatov o'z ijro yo'li bilan XX asr O'zbek musiqa san'atida yorqin iz qoldirgan, dutor, tanbur, sato cholg'ularida o'ziga xos, betakror yo'l yarata olgan buyuk san'atkor, buyuk shaxsdir. Turg'un Alimatov asosan tanburchi sozanda sifatida ko'p tariflab kelinsada, uning tanbur cholg'usidan tashqari sato va xususan dutor cholg'usidagi ijro yo'llari alohida maktab desak mubolag'a bo'lmaydi. Ko'tarilayotgan mavzu dolzarb ekanligi o'laroq kelgusida bu yo'lda qilinadigan ilmiy izlanishlarga bir kichik turtki bo'lishini umid qilib qolamiz.

Turg'un Alimatovning dutor ijrochiligi yo'lini maktab deb atashimizni yana bir boisi bor. Agar tarixga nazar soladigan bo'lsak, har bir buyuk sozanda avvalo o'zidan hech kimnikiga o'xshamas ijro yo'li, noyob asarlar va albatta shogirdlar qoldirar ekan. Tarix esa ana shunday arboblarni o'z maktabini yarata olgan daho sifatida e'tirof etar ekan. Turg'un Alimatovning tanbur, sato cholg'ulari bo'yicha shogirdlarini sanog'i juda ham ko'p, dutorchi shogirdlari ham undan oz emas. Undan tashqari kim bugungi kunda qo'liga dutor olib, shu kasbga oz bo'lsada muhabbat bildirsa aniq aytishimiz mumkinki, T. Alimatovning dutordagi "Tanovar"ini chalishni havas qilgan va sevib ijro ham qilgan. Ustoz dutorda "Shashmaqom" asarlaridan ijro qilgan audio yozuvlari mavjud emas, ammo xalq kuylarining eng sodda variantlarini ham ularning ijrolarida tinglasangiz ijro darajasi va asarga bo'lgan yondoshuv maqomlardek yuqoriligini his qilishingiz mumkin. T.Alimatov dutorda qator xalq va bastakorlar ijodiga mansub kuylardan: "Tanovar I - II", "Eshvoy", "Kurt", "Jigarpora", "Ajam", "Adolat tanovari", "Qo'qoncha", "Girya", "Nasri segoh", "Chorgoh" va yana ko'plab asarlarni betakror uslubda ijro qilib qoldirdi.

Xulosa shuki, benazir Ustoz Turg'un Alimatovning hayot yo'li, ijrochilik maktabi, shaxsi borasida biz kabi yosh izlanuvchilar oldida masuliyatli vazifalar talaygina. Kelgusida o'z bilimimiz va qiziqishimizni ana shunday buyuk Ustozlarning qilib o'tgan ishlarini o'rganish, ilm va amaliyot uchun tadbiq qilishga oqilona sarflashimiz lozimdir. Binobarin bizlarga berilayotgan bugungi ulkan shart-sharoit va imkoniyatlar shuni taqazo etmoqda.3

XX-asr dutor ijrochiligi ham xalq cholg'ularining akademik ijro uslubi bilan tutashganligini qayd etishimiz lozimdir. Chunki, bu uslub dutor oilasi cholg'ulari rivojini yuzaga kelishiga sabab bo'lgan. Dutorning texnik jihatdan mohir ijrosiga asoslangan uslub mashhur ustoz dutorchi Orif Qosimov nomi bilan bog'liq. 4

3 Yuldosheva Feruza Bugungi maqom cholg'u ijrochiligida, Turg'un Alimatov maktabining ahamiyati: dutor misolida. Yunus Rajabiy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 2022.

4 Malika Ziyayeva "Dutor Faxriddin Sodiqov ijro uslubi" T.: "Musiqa" 2011 y 5-6 bet.

Xuddi shuningdek, Toshkent dutorchilik maktabining yirik vakillari ham, mumtoz ashuMarni ijro etish amaliyotida ko'plab samarali ijodiy faoliyat jarayonlarni olib borganlar. Ayniqsa, Solihon xoji, F.Sodiqov, T.Alimatov, Z.Obidov singari namoyondalar alohida o'ringa ega. E'tiborli tomoni shundaki, ashuMarni dutorda ijro etish uslublari va ijodiy faoliyat jarayonlari, o'z navbatida, ham xalq kuylari, ham xalq qo'shiqlaridagi ijro xususiyatlari bir-biri bilan chambarchas bog'liq. Bunday ijro uslub va yo'llar, ko'pincha, Shashmaqom va Farg'ona -Toshkent maqom yo'llarini ijro etishda juda qo'l keladi. Zeroki, maqomdagi ashulalarni murakkabligi sabab, terma zarb va unga o'xshash "chapa terma" (ya'ni, terma zarblarni uzviyligi orasida uchraydigan xilma-xil o'ng qo'l harakati) zarblar ashulalar usuliga monand bo'lib keladi. Bunda, asosan, kuchli hissaga tayangan holda birinchi zarb aniq va baland eshitilishi darkor. Ana shunday zarbdan taralgan tovush o'zini bejirim nola-qochirimlari bilan asar yoki kuyga yanada bezak va ko'rk berib turadi.

Samarqand dutorchilik maktabi esa o'zining yirik san'at namoyondalari bilan shuhrat qozongan, dutor ijrochiligining muhim o'chog'laridan biri, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi. Shuningdek, Samarqand maktabi deganda, eng avvalo, buyuk san'atkor Hoji Abdulaziz nomi ko'z o'ngimizga keladi. Chunki, ustoz san'akor o'z ijodi faoliyatida bastakor, xonanda, sozanda, maqomlar va xalq kuy-qo'shiqlar bilimdoni sifatida tanilgan. Asosan, ustoz san'atkor dutor cholg'usida ashulalarni o'zlari ham xonanda, ham dutorchi sozanda bo'lib ijro etganlar. Bu borada qayd etish joizki, atoqli san'atkor Hoji Abdulaziz ijro uslubida, asosan, o'zlari bastalagan ashulalar muhim o'rin tutgan. Dutor ijro uslubiga xos tomonlari shuni ko'rsatadiki, ijro jarayonida o'ng qo'l dutor qopqog'iga tegmaydi, kuchli hissaga ega bo'lgan zarblar ko'p uchraydi, barmoq uchida beriladigan mayda zarb qopqog'iga tekkizib ijro etish holatlari tez-tez uchrab turadi.

Dutor ijrochilik maktablari va uslublari ham o'z hududiy muhitiga hududiy qadriyatlariga xos hamda ana shu hududdagi insonlarning xarakteriga monand bo'lgan kuy tabiatini aks ettiradi. Shu bilan birga, tom ma'noda, dutor cholg'usi-azal azaldan o'zbek mumtoz musiqasi bilan o'zbek xalq og'zaki ijodi o'rtasida ko'prik bo'lib, ularni o'zaro bog'lab turuvchi ustundir. Nega deganda, xalq og'zaki ijodi namunalaridagi aksariyat takt-ritm usullarni, ayrim kuy tabiatiga xos tayanch parda (nota) larni hamda turli nola-qochirimlarni dutor cholg'usi yordamida mumtoz musiqaning ijodiy amaliyotida qo'llash keng tus olgan. Bu esa, mumtoz ashula va xalq og'zaki ijodidagi kuy-qo'shiqlar bilan uzviy bog'liq.

Xususan, lapar va doston yo'llaridagi dutor zarblarini, aynan Shashmaqomdagi ashulalarda samarali qo'llash hamda takomillashtirish holatlari ko'p uchraydi. Ammo bunda, ijro mahoratni muayyan qonun-qoidalar asosida boyitish nazarda tutiladi. Shunday ekan, ushbu ijro uslublarni bir-biridan ajratgan holda, hozirgi dutor

íjrochílígí faoliyatini jarayonlarini kam-ko'sti bobida aniq, izchil va to'g'ri yondashish dolzarb vazifadir. Negaki, hozirda, Xorazm, Toshkent, Samarqand va shu singari dutorchilik maktablardagi xususiyatlarini ayrim dutorchi sozandalar tomonidan noo'rin, tushunarsiz, yakkam-dukkam va chala-chulpa uyg'unlashtirish, boshqacha qilib aytganda, chatishtirish va ana shu xususiyatlarni vazifalariga ko'ra, teran ilmiy yondoshmasdan, ashulalarni kuy tabiatini to'liq anglamasdan va badiiy ahamiyatini tushunmasdan ijrochilik amaliyotida qo'llash kabi holatlar ro'y beryapti. Buning pirovardida esa, milliylikka mushtarak bo'lgan badiiy did saviyasi tobora tushib ketayotganligi kuzatilmoqda.

Muxtasar aytganda, Xorazm, Samarqand va Toshkent maktabidagi yangidan-yangi uslublarni shaklanishi uchun, aynan, mana shunday maktablar ichidagi ijrochilik uslublari, ijro yo'llari va asar namunalari asosida takomillashtirish asosiy ahamiyatga ega. Ya'ni, aytmoqchimizki, kuy tabiatiga ko'ra, ana shu maktablardagi yirik namoyondalarning ijro yo'llari va ular tomonidan bastalangan turli asarlaridan ijodiy yondashish asnosida, kuy holatidan kelib chiqqan tarzda foydalanish g'oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, dutor ijrochilik uslublarida mumtoz ashulalarni ijro etish uchun, dastavval, dutor ijro uslubi doirasidagi maktablarga xos xususiyatlarning qo'llanilishini va vazifalarini puxta o'rganib, mukammal, chuqur va atroflicha tahlil etib, ijro etish maqsadga muvofiqdir.

Shu o'rinda, Xorazm vohasi uzoq o'tmish davrdan Sharqning ma'rifat va madaniyat markazlaridan biri sifatida alohida e'tiborga ega. Nafaqat Osiyoning asosiy chorrahasi, balki, jahonning yirik ilm - fan markazlaridan ekanligi barchamizga ayon. Hamda, ushbu vohada buyuk qomusiy olimlar va musiqashunoslar ijod etgan. XII-XIII asrning boshlarida Xorazmda barcha san'at sohalari bilan bir qatorda musiqa sohasi ham rivojlangan. Alalxusus, dutor cholg'usida bir-qator ijodiy faoliyat jarayonlari o'ta keng qamrovda amalga oshirilgan.

Musiqashunos olim B.Matyoqubov Xorazm dutori haqida shunday deydi: "Xorazm vohasining milliy dutorchilik maktabi qadimdan shakllanib, hozirgi kunda o'z uslubini o'tmishdan to bugungacha saqlab, bezavol rivojlantirib keldi. Manbalardan bizga aniq bo'ldiki, XlI-asr o'rtalarida Xorazmning har bitta oilasida sevimli dutor cholg'usi bo'lgan. Bu o'lkada ikki xil dutor qo'llanilib, ularning birisi kalta (uzunligi 970-1040 mm), ikkinchisi uzun (bo'yi 1300 mm va undan ortiq) dutorlardir. Bu cholg'ular tut yoki o'rik daraxtidan yasalib, qovurg'ali-dilma dutor, va o'yib ishlangan-qazma dutor deb yuritiladi. Cholg'u ikki xil sozlanishining sozandalar tilida o'z atamasi bo'lib, bular ochiq torning bir-biriga nisbatan kvinta sozi- "Aliqambar duzum", kvarta sozi- "Miskin duzum" deb ham yuritiladi. Pardalarning soni ikkala dutorda ham bir xil diatonik tovushqatorni hosil qiladi."5

5 B.Matyoqubov maqola to'plami "Sozi dur so'zi gavxar" "Urganch" 2007y 35-bet

I ícclT^^^^H http://oac.dsmi-qf.uz

Suvoralar qadimda dutor cholg'usida ijod etilgan. Suvoralar ham xonanda bilan o'ziga xos dutor ijro etish uslubari mavjud bo'lib, hattoki, alohida kuy tarzda suvora namunalarini ijro etish kabi holatlar ham amaliyotda uchragan. Ammo, bu holat ko'pincha, ustozlar tomonidan shogirdga suvoralarni o'rgatish jarayonida keng qo'llanilgan. Nihoyat suvoralar shogirdlarga ustozlar yordamida o'zlashtirilgach, yangicha bosqichda, ijro jarayoni amalga oshirilgan. Faqat, aytish lozimki, suvoralarni dutor cholg'usi bilan ijro etishda, ma'lum bir usul, so'z ustunligi birlamchi bo'lib, dutor cholg'usi esa so'zga monand ijro etilishi talab etiladi.

Umuman olganda, ushbu janrlardagi ijodiy yondashuvlar natijasida yaqin o'tmishdan bizgacha yetib kelgan dutor maktablarining o'ziga xos uslublari aks etadi. Hozirgi paytda, janrlarga xos dutor ijro uslubari, yaxlit, birlashtirilgan yoki umumlashgan uslub va turli yo'nalishlarda ham ijro etilaveradi. Bu esa uslublarning rang-baran g va uzluksiz boyishiga zamin yaratadi va uni xalq ijodiyoti namunalari bilan uyg'un holda birlashtirib, undagi badiiy didini boyitish va undagi muhokama etiladigan vaziyatlar yuzasidan, aniq yechimini badiha yoki bastakorlik hamda ijodiy tafakkur asnosida ko'rsatib bergan beqiyos ustoz san'atkorlar Nurmuhammad Boltayev va Turg'un Alimatovdir.

Xorazm dutor ijrochilik maktabi haqida to'xtaladigan bo'lsak, bevosita "Xorazm surnay ijrochilik yo'llari" ni yodga olmaslikning hech iloji yo'q. Chunki Xorazm surnay ijrochilik yo'llaridagi beto'xtov, qaytarma nafasda ijro etish xususiyatlari ma'lum ma'noda dutor cholg'usida o'z aksini topadi. Bu jarayon ma'lum bir asar kuyini boshlanishidan to tugallanishigacha to'xtovsiz pirrang (ya'ni to'xtamasdan pirrangni ushlab ijro etish) amalga oshiriladi. Aynan Nurmuhammad Boltayev ijro etgan "Eshvoy" ashulasida xuddi shunday holatni kuzatishimiz mumkin.

Garchi, ayni vaqtda, Xorazm dutor maktabidagi ijrochilik xususiyatlari, aynan, Xorazm vohasi muhitidagi dutor ijrochilik amaliyotida qo'llanilsa-da, lekin, mazkur maktabga xos ko'p jihatlar boshqa hududiy maktablarga doimo o'zini ijobiy ta'sirini ko'rsatib kelgan. Shuni alohida ta'kidlash joizki, Xorazm dutor maktabi deganda, Xorazm dostonlarini dutorda ijro etish yo'llari, "Xorazm xalfachiligi" da dutorni ijro etish yo'llari (lapar ijro yo'llari), "Xorazm maqomlari" ni dutorda ijro etish yo'llari, "Xorazm dutor maqomlari" ni aynan dutor cholg'usida ijro etish yo'llari, Xorazm suvoralari (suvora yo'llar) ni dutorda ijro etish yo'llari , Xorazm suvoralari (suvora yo'llar) ni dutorda ijro etish uslublari va Xorazm vohasiga mansub bo'lgan xalq kuy-qo'shiqlarini va ashulalarini ijro etish yo'llari asosiy o'rinni egallaydi.

Xulosa o'rnida aytish kerakki, hududiy maktablar va betakror namoyondalarning ijro usulblari dutor ijrochilik faoliyatini jarayonlarini muttasil va bardavom rivoj topishiga turtki beradi. Zeroki, dutor ijro uslublari-yu yo'llarining rang-barangligi va uni ayni chog'da, iste'molda keng qo'llanilayotganligi-dutor ijrochiligini mustahkam poydevori yoki ijrochilikka tayanadigan asosiy manbai

ekanligini bildiradi. Xususan, dutor ijrochilik amaliyotini, ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy tadbiq etishni, shu bilan birga, dutor bilan bog'liq bo'lmagan ijodiy jarayonlami keng tus olishida eng asosiy omil bo'lib xizmat qiladi. Bunday beto'xtov jarayonlarning tagida, eng avvalo, yetuk an'anaviy ijrochi namoyondalarining astoyidil mehnatlari va shijoati evaziga qoldirilgan boy ijrochilik namunalari hamda zakiy ustozlarning shogirdlarga bergan purma'no hikmat xazinasi-yu o'gitlari, ustoz-shogird o'rtasidagi ijodiy jarayonlar samaradorligining ahamiyati yaqqol ko'rinib turadi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Mahmud Ahmedov. Hoji Abdulaziz Rasulov. T.: "O'qituvchi" 1974.

2. Ravshan Yunusov. Faxriddin Sodiqov. YUNESKO dasturiga asosan nashr ettirilgan. T.:2005 y 33-bet.

3. Yuldosheva Feruza. Bugungi maqom cholg'u ijrochiligida Turg'un Alimatov maktabining ahamiyati: dutor misolida. Yunus Rajabiy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 2022.

4. Malika Ziyayeva. Dutor (Faxriddin Sodiqov ijro uslubi). T.: "Musiqa" 2011.

5. B.Matyoqubov. "Sozi dur so'zi gavxar. Maqolalar to'plami. "Urganch" 2007.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.