Научная статья на тему 'XORAZM DUTOR IJROCHILIGI VA UNDA OT JONZOTI XUSUSIYATLARINING BADIIY IFODASI'

XORAZM DUTOR IJROCHILIGI VA UNDA OT JONZOTI XUSUSIYATLARINING BADIIY IFODASI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

467
128
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Dutor / ot / ijro / san‟at / madaniyat / an‟ana / Dutor / hourse / execution / art / culture / tradition

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Izzat Yuldashev

Mazkur ilmiy maqolada Xorazm an‟anaviy dutor ijrochiligi, uning o„ziga xos xususiyalari hamda ijodiy jayaonlar tarixiga oid ilmiy mulohazalar qayd etilgan. Shuningdek, Xorazm an‟anaviy dutor amaliyotida ijro etib kelinayotgan ot bilan bog„liq mulohazalar ochib berilgan. Ot jonivorining xususiyatlarining dutorda ijro etishdagi badiiy jihatlar qayd etilgan

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

KHOREZM DUTOR PERFORMANCE AND ARTISTIC EXPRESSION OF HORSE FEATURES IN IT

This scientific article contains scientific comments on the traditional dutar performance of Khorezm, its peculiarities and creative history. There are also comments on the horse, which is performed in the traditional dutar practice in Khorezm. The artistic aspects of the dutar performance of the characteristics of the horse animal are noted

Текст научной работы на тему «XORAZM DUTOR IJROCHILIGI VA UNDA OT JONZOTI XUSUSIYATLARINING BADIIY IFODASI»

XORAZM DUTOR IJROCHILIGI VA UNDA OT JONZOTI XUSUSIYATLARINING BADIIY IFODASI

Izzat Yuldashev

O'zbekiston san'at va madaniyat instituti o'qituvchisi

ANNOTATSIYA

Mazkur ilmiy maqolada Xorazm an'anaviy dutor ijrochiligi, uning o'ziga xos xususiyalari hamda ijodiy jayaonlar tarixiga oid ilmiy mulohazalar qayd etilgan. Shuningdek, Xorazm an'anaviy dutor amaliyotida ijro etib kelinayotgan ot bilan bog'liq mulohazalar ochib berilgan. Ot jonivorining xususiyatlarining dutorda ijro etishdagi badiiy jihatlar qayd etilgan.

Kalit so'zlar. Dutor, ot, ijro, san'at, madaniyat, an'ana.

KHOREZM DUTOR PERFORMANCE AND ARTISTIC EXPRESSION OF

HORSE FEATURES IN IT

Izzat Yuldashev

Teacher of Uzbekistan Institute of Arts and Culture

ABSTRACT

This scientific article contains scientific comments on the traditional dutar performance of Khorezm, its peculiarities and creative history. There are also comments on the horse, which is performed in the traditional dutar practice in Khorezm. The artistic aspects of the dutar performance of the characteristics of the horse animal are noted.

Keywords: Dutor, hourse, execution, art, culture, tradition.

KIRISH

Bizga ma'lumki, Xorazm vohasida dutor ijrochilik an'analari azal-azaldan to ayni zamonga qadar shakllanib, sayqal topib yoinki rivojlanib kelishi suvora (suvoriy-diyralishma aytim) ijrochiligi, el orasida qadimdan beri mashhur bo'lib kelgan dutor nag'malari ijrochiligi, doston ijrochiligi, xalfachilik hamda xalq ichidagi ommalashgan dutor kuylari ijrochilik faoliyatlari va yo'nalishlari ijodiy doirada biri-birlariga bog'liq va o'zaro ta'sir jarayon ketma-ketligi zaylida yuzaga kelgan.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA

Inchunin, Mulla Bekjon Rahmon o'g'li va Muhammad Yusuf Devonzodalarning "Xorazm musiqiy tarixchasi" risolalarida XII asrdan XIX asrga qadar bo'lgan qisacha tarixiy-ilmiy ahamiyatga molik mazmundagi Xorazm musiqiy tarixi jarayonlari hamda kasbiy musiqaga doir ijdoiy yondashuvlar ko'pincha dutor cholg'usi va uning ijrochiligi bilan bog'liqligi haqidagi o'ziga xos xronologik voqelik yoritib o'tilgani [9.14, 32-34, 43.]; R.Yunusovning "O'zbek maqomlari" risolalarida Xorazm maqom navlari orasida dutor yo'llari ham mashxur ekani [11.39.]; S.Begmatov va M.Matyoqubovlarning "O'zbek an'anaviy cholg'ulari" nomli kitoblarida Xorazmda maxsus dutor maqomlari shakllangani xususida qayd etilgan mulohazalar g'oyatda muhim ahamiyat kasb etmoqda [1.23.]. Bundan shunisi ma'lum bo'ladiki, qadimdan beri Xorazrmda dutor cholg'u ijrochiligi madaniy munosabatlarning har qanday ko'rinishida u yoki bu doirada o'ziga xos ahamiyati g'oyatda yuqori bo'lganiga ishoradir.

Biz yuqorida ta'kidlaganimizdek, Xorazmda qadimdan buyon dutorda ijro etib kelinayotgan janr va ijrochilik an'analari bog'liqligiga urg'u berib o'tmadik. Binobarin, O.Matyoqubov "Maqomot" nomli monografik kitoblarida: "O'zbek baxshichiligining yana bir katta Xorazm maktabi o'zining yorqin musiqa -ashulachilik ibtidosi bilan dutor cholg'usiga asoslanadi" - deya alohida ta'kid berib o'tgan [8.279.]. Qolaversa, O.Matyoqubov Botir Matyoqubov tomonidan yozilgan kitobdagi so'z boshida: "Dostonning bosh qahramoni sozanda. U dutor chalib, qo'shiq aytib kun ko'radi. Doston boshidan oxirigacha soz nafasi bilan sug'orilgan. Soz vasfiga qaratilgan" - deya takidlab o'tgan [5.3.]. Aynan mana shunday -yuqorida qayd etilgan olimlarning dostonchilik, epos va baxshichilikka oid mulohazalarini bekorga qayd etmadik. Nega deganda, folklorshunos olim J.Eshonqulovning o'zbek fokloriga doir tadqiqotlarida baxshilar tomonidan kuylanib kelinayotgan doston yoinki eposlardagi so'z-voqeliklarda ot hayvonini, uning o'ziga xos jihatlarini va ba'zi badiiy holatlarda kelishini - eng qadimgi odamlar tomonidan ot bilan bog'liq totemistik qarashlari hamda otga bo'lgan turli hayotiy vaziyatlardagi munosabatlarining ko'chma, timsoliy-badiiy ifodasi tarzda (qadimdan to bugunga qadar) ijro etilib kelinganini ilmiy ishora va urg'u berib o'tgan [2.46, 61, 68-69; 3.111, 169.]. Bundan ko'rinadiki, Xorazm yo'nalishidagi bizga ma'lum dostonlarning so'z-mazmunida keluvchi mana shunday ot bilan bog'liq holatlarni musiqiy-badiiy-timsoliy aks ettirishda dutor cholg'usidan keng foydalanilgan. Bu esa, dutor cholg'usining o'ng qo'l zarblari bilan uyg'unlikda kuy-harakat xususiyatlari doirasida fikr-mulohaza etish lozimligiga ilmiy ishoradir. Aynan dutorda o'ng qoldagi turli

"Chap", "Pirrang" "Zud pirrang" va "Islimiy bezak" singari zarblar Xorazm doston ijrochiligida qo'llanilganini hamda xuddi mana shunday shtrixlar otning xususiyatlari va fe'lini badiiy jihatdan ifoda etishda samarali ishlatilganini qayd etish muhim. Baayni bundayin dutor (o'ng qo'l) zarblaridan boshqa yana juda ko'p, yuzlab xilma-xil shtrixlar qo'llanilganini ham, o'z navbatida, maqsadga muvofiq tarzda ta'kidlamoq o'rinli ekanini qayd etish darkor.

MUHOKAMA VA NATIJALAR

Bizning fikrimizcha, dutor zarblarining baayni oddiydan murakkablikka tomon rivojlanib borishida ham aynan mana shunday epos holatlari bilan cholg'u kuyi va xonish qilishdagi sinkretik yoki qorishma hodisaga xos o'zaro ta'sir-munosabatlar birligi muhim ahamiyat kasb etgan. Bunda, albatta, ot bilan bog'liq kuy namunalarni ham turli holatlarga ko'ra, baxshilarning o'z dostonlarida ixtiyoriy ijro xususiyatlarga qarab qo'llab kelishi rivojlanganini qayd etish g'oyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni ham aytish kerakki, Xorazmdagi baxshilar muayyan kuyni dostonning u yoki bu syujet qismlariga istaganlaricha va ixtiyoriy tartibda, xohlagancha - xoh unisiga-xoh bunisiga joylagan holda, albatta, rejali-dasturiy va belgi-ifoda tarzda ijro etaverishgan. Shuningdek, bizga ma'lum bo'lib kelayotgan Xorazm dostonchiligidagi (shirvoniy) kuy yo'llaridan bo'lmish - "Ilg'or" va "Sho ko'chdi" namunalarining kuy-harakat ketma-ketligi tez temp bilan ijro etilishi hamda doira usulining shiddat bilan dutor zarblariga hamohang va jozibador tarzda chalinishi yuqoridagi barcha qayd etgan mulohazalarning naqadar o'rinli ekaniga ishoradir. An'anaviy tarzda ijro amaliyotida sayqallanib kelinayotgan "Ilg'or" kuyining so'z ma'nosidan ham uning kuy tabiati va jo'shqinligini anglab olish qiyin emas.

Atoqli tarixchi va etnograf olim Iso Jabborov Xorazmda juda qadimdan beri "Ot o'yini" kabi masxarabozlarning o'yin-raqs kuylari ijro etib kelinganiga o'ziga xos urg'u berib o'tgan edi [4.274-275.]. Qolaversa, Iso Jabborov Xorazm lazgilarini turli xil sharoitlarda yuzaga kelganiga va ulardan hayonlarga (I.Y. - masalan, ot jonzotiga) bo'lgan totemistik munosabatlar bilan bog'liq namunalari mavjud ekaniga, shuning bilan bir qatorda, "Dutor lazgi"sini afsonalardan kelib chiqqaniga ham o'ziga xos tarzda urg'u berib o'tgan edi [4.274.]. Yana bir iste'dod egasi - tadqiqotchi olim, xonanda va sozanda Shavkat Matyoqubov: "Ko'pchilik ustozlar suvoriy so'zini (I.Y. - ya'niki, Xorazm suvora namunalarining kelib chiqishiga doir qarashlar) otliq-chavandoz ma'nolari bilan bog'liq ekanligini ham aytishadi" - deya qayd etib o'tgan edi [7.40.].

Bu o'rinda, ustoz san'atkor Rahmatjon Qurbonov hamda Shavkat Matyoqubovlar esa, qadimda, Xorazmda otchilik juda rivoj olgan emishki, bundayin otlari dunyoning mashhur, zotdor otlari qatorida sanalgan va bunga misol Xorazmda Xazorasp degan yurtning boyligi, uning qadimgi turkiy qabilalardan Xazor va Os qabilalari birlashuvidan tashkil topganligi va ular otliq jangchi urug'lar ekanligi to'g'risida rivoyatlar borligini qayd etib o'tishgan [7.40; 10.51.]. Shuning bilan birga, atoqli san'atkor R.Qurbonov va Sh.Matyoqubovlar Xazorasp so'zi forsiyda ming otliq degan ma'noni bildirishini ham misol qilib qayd etib o'tishgan [7.40; 10.51.]. Buning ustiga-ustak, R.Qurbonov suvora aytimlarini tasavvuf bilan bog'liqligini ta'kidlagan holda quyidagi mulohazalarni ham qayd etganlar: "Ustozlarimiz Suvoralarning ritm, doira usullari otning oyoq tovushi holatida olingan deyishardi" [10.51.]. Xuddi shunday ta'kidga yaqin mulohazani atoqli musiqashunos olim Ravshan Yunusov ham aynan suvoralarni "...keksa ustozlar aytishicha - asl otning yo'rg'a yurishidan hosil bo'lgan ritmik tuzilmaga asoslangan. Suvoralarda she'riy matn sifatida ko'proq tasavvuf mavzularida bitilgan muhammaslar qo'llaniladi", deb qayd etib o'tgan edilar [7.41.]. Dutor cholg'usi bilan suvoralarni o'zaro bog'lagan holda, biz bejizga qayd etmadik. Chunki, suvoralar dastlab yakka dutorda ijro qilingan, keyinchalik Hojixon Boltayev tor va doira cholg'usini ayni suvora ijrochilik amaliyotiga olib kirganlar [7.42-43.]. Bunday suvoralarni doirada ijro etishda undagi zarblar aynan dutor o'ng qo'l shtrixlaridan olingani xususida an'anaviy ijrochilik amaliyoti va uning tarixidan bizga malum. [7.43.].

Shavkat Matyoqubovning fikr-mulohazalariga quyidagicha ahamiyat qaratmog'imiz muhimdir: "Olloh insonga otni yordamchi, do'st qilib va ulov vositasi sifatida yuboranligi ulug' bir ne'matdir. Shuning uchun ham, musiqa san'atida ot bilan bog'liq rivoyatlar va asarlar juda ko'p uchraydi. Chunki, qadimda arablarda ham rakb - otliq va rakba'ni chavandozlar ashula yo'llari bo'lgan. Shuningdek, doston qo'shiq va kuylari ichida dutor, do'mbira va boshqa cholg'u sozlari usullarining ot yurishiga monand o'ng qo'l zarblarini otning turli qadam tashlashiga o'xshatib yaratilgan asarlardan Ilg'orlar va Sho ko'chdilar turkumi, do'mbira kuylaridan Ot haydash, qozoqlarda Qora jo'rg'a, Ozarbayjonda Ot usti, Poshsho ko'chdi, Ovropada Galop, Naezdik va shularga o'xshash nomlar bilan atalishi fikrimizning dalilidir. Shuningdek, Muhammad (S.A.V.)ning oti Buroq, Hazrati Alining Duldul, Alpomishning Boychibori, G'o'rog'lining G'iroti, Jaloliddin Manguberdining Qora dali kabi otlari ularning hayotida katta ahamiyat kasb etganligi hech kimga sir emas. Shu sababli suvoriylarning ham qadimda insonning eng yaqin yo'ldoshi, ulovi ot va chavandozlar nomi bilan bog'lab, suvoriy deb ramziy ma'noda

atalgan bo'lsa ajab emas" [7.41.]. Albatta, Sh.Matyoqubovning mulohazalaridagi suvoralarga bog'liqlik ijodiy yondashuvlar shunchaki tasodifiy hol emasligi alohida e'tibor talab etmoqda. Shuningdek, "Qora dali" kuyi sifatida aynan dutor cholg'usida ijro etib kelinayotgan asarning Xorazmshoh - sulton Jaloliddin Manguberdi minib yurgan ot nomi Qora dali bilan bog'liqligi haqida yuqoridagi mulohazalar ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan Sh.Matyoqubov aytgan mulohazalarni benazir ustoz san'atkor R.Qurbonov ham, Qora dali Jaloliddin Manguberdining eng yaxshi ko'gan va sadoqatli oti bo'lganini, ayni jonzotning Xorazm sultoni bilan Chingizxonga qarshi kurshda o'z egasini turli mushkul vaziyatlardan olib chiqqani va jangdagi imo-ishoralarda o'zaro biri-birlarini tushunishganini aytgan edilar. Shuningdek, ustoz san'atkor R.Qurbonov ta'biricha, Qora dali o'rnidan tura olmaydigan darajada betob bo'lib qolganini Jaloliddin Manguberdi ko'rgach: "do'stim Qora dalini kim o'ldi deb xabar olib kelsa, uni qatl ettiraman" degan ekan. Ikki-uch kundan so'ng haligi vafodor otning joni uziladi. Keyin mulozimlar nima qilishni bilmay, dutorchi-mashashoq sozanda - Mahmudni Xorazmshoh Jaloliddin oldiga Qora dalining joni uzilganini bildirish uchun jo'natishadi. Mashshoq qo'lidagi dutorni sekin, ohista, chala boshlaydi. Jaloliddin dutordan taralayotgan kuy oddiy kuy emasligini va dutor pardalarida yugirayotgan barmoqlar shunchaki havaskor barmoq emasligini fahmlaganday, kuyga mahliyo bo'lib tinglardi. Bu kuyni eshitgan sulton - Jalolddin yig'lab yuboradi va Qora dali otining joni uzilganini tushunadi, dutor chalgan mashshoq esa, Xorazmshoh Jaloliddinday kuyni tushunib tinglaydigan va uning mag'zini chaqa biladigan fahm-farosatli shinavandani hech uchratmaganidan xayratda qoladi va bu haqda yon-atrofidagi odamlarga aytib beradi. Xulosayi kalom, dutorchi-mashshoqning chalgan kuyi shu-shu "Qora dali" bo'lib qolgan ekan [10.7273.].

Shuni ham alohida ta'kidlab o'tish lozimki, qadimda dutor cholg'usi o'z navbatida sodda hamda xalqchil ijrochilik jihatlariga boy bo'lgani uchun, aynan el orasida uning mavqeyi hamda u orqali har qanday badiiy ijod faoliyatlari bo'yicha samarali qo'llashga qaratilgan turli amaliy yondashuvlar u yoki bu darajada voqe bo'lib turgan. Shuningdek, biz ot jonzoti xususiyatlarini dutor ijrochiligi bilan bog'lashimiz uchun, dastavval, ayrim sahro kengliklarda ot boqib, ayni jonvorga bog'lanib qolgan, suvoriy tarzda xizmat qilish bilan hayot kechirgan, ayrim paytlarda tuyalarda savdogarlik qilgan va ot-arava orqali yo'llar qiyinchiligini bilgan - ilgarigi zamon insonlarning turmush-tarzini ham tasavvur qilmog'imiz darkor. Bu o'rinda, ilgarigi odamlarning hayotiy qiyinchiliklarida maishiy-madaniy ehtiyojni qondirishga

bo'lgan sa'y-harakatlari orqali, ular tomonidan olib borilgan maishiy-madaniy hayot uyg'unligi ko'zlanib, ahyon-ahyonda charchoqni unutish va zahmatli mehnat tashvishidan biroz chalg'ish maqsadi o'ylab topish, davra suhbatlar olib borish va bunda musiqadan unumli tarzda foydalish holatlari muhim bo'lganini inobatga olmog'imiz lozim.

XULOSA

Muxtasar qilib aytganda, Xorazmda eng qadimgi va undan keying qadimgi davrdan hamda milodiy XII asrlardan buyon ijro etib kelinayotgan - baayni kungacha yetib kelgan - qadimgi dutor cholg'u kuy-namunalar bo'lmish "Qora Dali", "Ilg'or", "Sho ko'chdi", "Dutor lazgisi" va suvora namunalari ijrochiligi-yu dostonchilikka xos dutor kuylari kabilar, bizning fikrimizcha, turli ijodiy-og'zaki sayqallashuv va badiiy rivojlanish kesimida ayni zamonga qadar yetib kelgan. Bu o'rinda, biz, yuqoridagi suvoriy-diyralishma, dostonchilik, xalq ichidagi ziyolilar orasida mashhur bo'lgan maxsus dutor nag'malari va xalq ijodi kesimida ijro etib kelinayotgan oddiy-xalqchil dutor kuy-asarlari singari ijrochilik amaliyotlarni bejizga qayd etib o'tmadik. Binobarin, Xorazmda ot hayvoni bilan bog'liq bo'lgan "Qora Dali", Suvora namunalari, doston ijrochiligida dutor ijro etib kelingan "Sho ko'chdi", "Ilg'or" kabi kuylarning asrlar osha sayqallanib kelishida xuddi mana shu ijrochilik amaliyotlarning ijodiy doiradagi ta'sirlari va uning badiiy unsurlar kesimidagi o'zaro aloqador jihatlari g'oyatda muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Bunday ijrochilik amaliyotlarning mana shunday jarayonlar kechuvini ayni zamoda, ayniqsa, baayni Xorazm dutor ijrochilik maktabining hozirgi vakillari yaxshi bilishadi. Bundan keib chiqib, biz, dutorda "Qora Dali", "Ilg'or" va "Sho ko'chdi" singari kuylarning, shu bilan birga, suvora va doston kuy yo'llarining o'ziga xos ijro etilishi masalalarini atroflicha yoinki izchil tahlil etishimiz uchun, yuqorida urg'u berib o'tilgan ijrochilik amaliyotlari bo'yicha o'zaro aloqadorliklar, u yoki bu darajadagi bog'liq jihatlar haqida olimlar va mutaxassislarning avvalboshda ta'klidlab o'tgan mulohazalarini nazarda tutishimiz g'oyatda muhim ahamiyatga kasb etadi.

REFERENCES

1. Begmatov S., Matyoqubov M. O'zbek an'anaviy cholg'ulari. - T.: "Yangi nashr" 2008. - 72 b.

2. Eshonqul J. Folklor obraz va talqin. - Q.: "Nasaf', 1999. - 172 b.

3. Eshonqul J. O'zbek folklorida tush va uning badiiy talqini. - T.: «Fan», 2011. -304 b.

4. Jabborov I. Yuksak madaniyat va noyob ma'naviyat maskani. - T.: "O'zbekiston", 2012. - 320 b.

5. Matyoqubov B. Xorazm doston ijrochiHgining sarxat sahifalari. - "Xorazm" nashriyoti, 1999. - 52 b.

6. Matyoqubov B. Doston navolari. - T.: "BUILDING PRINT" UK da chop etilgan, 2009. - 344 b.

7. Matyoqubov Sh. An'anaviy ijrochilik san'ati tarixi. - T.: "Musiqa", 2015. - 112 b.

8. Matyoqubov O. Maqomot. - T.: "Muzika" 2004. - 400 b.

9. Mulla Bekjon Rahmon o'g'li, Muhammad Yusuf Devonzoda. Xorazm musiqiy tarixchasi - T.: MUMTOZ SO'Z. - 64 b.

10. Qurbonov R. San'atning sirli olami: San'atnoma 1. - T.: G'ofur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011. - 260 b.

11. Yunusov R. O'zbek maqomlari [Matn]. - T.: O'zbekiston, 2018. - 160 b.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.