Научная статья на тему 'BUYUK MUTAFAKKIRLARIMIZNING YOSH AVLOD TARBIYASIGA OID HUQUQIY VA AXLOQIY QARASHLARI'

BUYUK MUTAFAKKIRLARIMIZNING YOSH AVLOD TARBIYASIGA OID HUQUQIY VA AXLOQIY QARASHLARI Текст научной статьи по специальности «СМИ (медиа) и массовые коммуникации»

CC BY
143
14
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Oila / tarbiya / Avesto / Axuramazda / Axloq / Odob / Jamiyat / Hidoya / Qur'on / Nikoh / Shariat.

Аннотация научной статьи по СМИ (медиа) и массовым коммуникациям, автор научной работы — Yu.M.Yakubov, U.S.Usmanova, M.A.Urinbayeva

Maqolada qadim zamonlardan boshlab oila, undagi axloq, odob masalalari har bir davrning, jamiyatning eng ilgʻor kishilari, olimlar, shoirlar, buyuk allomalar va donishmandlarning asosiy diqqat markazida boʻlib kelgan. Koʻplab olim va yozuvchilar oila, odob-axloq masalalari yuzasidan oʻzlarining qimmatli fikrlarini bizlarga bayon qilib ketganlarki, ular hozirgi hayotimiz uchun ham katta ijtimoiy va mafkuraviy ahamiyatga ega. Oila va farzandlarni barkamol etib tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilgan. Buyuk mutafakkirlarimizning yoshlar tarbiyasiga oid qimmatli asarlari oʻrganilib, tahlil qilingan va hulosalar berilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BUYUK MUTAFAKKIRLARIMIZNING YOSH AVLOD TARBIYASIGA OID HUQUQIY VA AXLOQIY QARASHLARI»

BUYUK MUTAFAKKIRLARIMIZNING YOSH AVLOD TARBIYASIGA OID HUQUQIY VA AXLOQIY QARASHLARI 1Yu.M.Yakubov, 2U.S.Usmanova, 3M.A.Urinbayeva

1Toshkent davlat agrar universiteti Gumanitar fanlar va huquq kafedrasi dosenti 2Toshkent davlat agrar universiteti Gumanitar fanlar va huquq kafedrasi katta o'qituvchisi 3Toshkent davlat agrar universiteti Sirtqi (masofaviy) ta'lim talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.10885895

Annotasiya. Maqolada qadim zamonlardan boshlab oila, undagi axloq, odob masalalari har bir davrning, jamiyatning eng ilg'or kishilari, olimlar, shoirlar, buyuk allomalar va donishmandlarning asosiy diqqat markazida bo'lib kelgan. Ko'plab olim va yozuvchilar oila, odob-axloq masalalari yuzasidan o'zlarining qimmatli fikrlarini bizlarga bayon qilib ketganlarki, ular hozirgi hayotimiz uchun ham katta ijtimoiy va mafkuraviy ahamiyatga ega. Oila va farzandlarni barkamol etib tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilgan.

Buyuk mutafakkirlarimizning yoshlar tarbiyasiga oid qimmatli asarlari o'rganilib, tahlil qilingan va hulosalar berilgan.

Kalit so'zlar: Oila, tarbiya, Avesto, Axuramazda, Axloq, Odob, Jamiyat, Hidoya, Qur'on, Nikoh, Shariat.

Аннотация. В статье с древних времен семья, ее этика и нравы были в центре внимания наиболее передовых людей каждой эпохи, общества, ученых, поэтов, великих ученых и мудрецов. Многие ученые и писатели высказали нам свои ценные мнения по семейно-нравственным вопросам, имеющим большое социальное и идеологическое значение для нашей нынешней жизни. Особое внимание уделяется воспитанию семьи и детей.

Изучены, проанализированы и сделаны выводы ценные труды наших великих мыслителей по вопросам воспитания молодежи.

Ключевые слова: Семья, воспитание, Авеста, Ахурамазда, Этика, Этикет, Общество, Руководство, Коран, Брак, Шариат.

Abstract. In the article, since ancient times, the family, its ethics and manners have been the main focus of the most advanced people of every era, society, scientists, poets, great scholars and sages. Many scientists and writers have given us their valuable opinions on family and moral issues, which are of great social and ideological importance for our current life. Special attention is paid to raising family and children.

Valuable works of our great thinkers on youth education were studied, analyzed and conclusions were given.

Keywords: Family, education, Avesta, Ahuramazda, Ethics, Etiquette, Society, Guidance, Quran, Marriage, Sharia.

Kirish

Buyuk mutafakkirlarimiz ma'naviy-ruhiy kamolatga erishishni doimo ogoh va hushyor yashashni, Vatan, el-yurt sha'ni, tinchiligi uchun hatto jon fido etishni hayotining mazmuni deb bilgan. Avlodlarni ham ana shu ezgu amallar ruhida tarbiyalashga intilgan. Bu an'analar dunyo manzaralari kun sayin o'zgarib, tinchlik-totuvlikka tahdidlar tobora kuchayayotgan bugungi davrda yanada dolzarblik kasb etmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 64-moddasida ota-onalar o'z farzandlarini voyaga etgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar,-deb mustahkamlab qo'yilgan.1

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 25 dekabrdagi parlamentga taqdim etgan murojaatnomasida yoshlar masalasiga alohida urg'u berdi. Ushbu murojaatnomada keltirilgan maqtovlar va biz yoshlarga bo'lgan ishonch kuchimizga-kuch hamda g'ayratimizga g'ayrat qo'shdi, desam mubolag'a bo'lmaydi.

Prezidentimiz o'z ma'ruzasida tarbiya masalasiga alohida to'xtalib,-"Yosh avlod tarbiyasi haqida gapirganda Abdurauf Fitrat bobomizning mana bu fikriga har birimiz, ayniqsa endi hayotga kirib kelayotgan o'g'il-qizlarmiz amal qilishlarini juda-juda istardim. Mana, ulug' ajdodimiz nima deb yozganlar: "xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand bo'lishi baxtli bo'lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo'lishi yoki zaif bo'lib horlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, e'tibordan qolib, o'zgalarga tobe va qo'l, asr bo'lishi ularning o'z toa-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bog'liq", -deb ta'kidlagan edi2

Ma'lumki, qadim zamonlardan boshlab oila, undagi axloq, odob masalalari har bir davrning, jamiyatning eng ilg'or kishilari, olimlar, shoirlar, buyuk allomalar va donishmandlarning asosiy diqqat markazida bo'lib kelgan. Sharqning buyuk allomalari Abu Nasr Farobiy, Burxoniddin Marg'inoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Maxmud Qoshg'ariy, Kaykovus, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Rizouddin ibn Faxriddin, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Uvaysiy, Nodira, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat kabi, ko'plab olim va yozuvchilar oila, odob-axloq masalalari yuzasidan o'zlarining qimmatli fikrlarini bizlarga bayon qilib ketganlarki, ular hozirgi hayotimiz uchun ham katta ijtimoiy va mafkuraviy ahamiyatga ega. Yuqorida zikr etilgan bobokalonlarimizning asarlarida oila va farzandlarni barkamol etib tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilgan.

Binobarin, turkiy xalqlarning qadimgi yodgorliklaridan biri bo'lgan "Avesto" da oila inson salomatligi, kamolotining manbai, shuningdek muqaddas dargoh sifatida qadrli ekanligi, farzand tarbiyasi haqidagi ilg'or fikrlar bayon etilgan.

Jumladan, asarning bosh qahramoni Zaradushtraning zamindagi eng muhtaram go'sha qaysi go'sha?- degan savoliga yaxshilik va ezguliklar xudosi bo'lmish Axura Mazda:

"Agar inson uy tiklab, olovga va oilasiga, xotini va farzandlariga, mollariga o'rin ajratib bersa, em-xashagi ko'p bo'lib, chorvasi va itlari to'q yashasa uyida noz-ne'matlar muhayyo bo'lib, xotini va farzandlari farovon yashasa, uyida e'tiqodi sobit, olovi alangali bo'lsa, usha manzil muhtaramdir"-deb javob beradi.

"Avesto"da insoniy burch faqat axloqiy yo'l-yo'riqlarni o'zlashtirishdan iborat bo'libgina qolmasdan, balki, inson oilaviy turmush yaxshi yor va farzand haqida ham o'ylashi zarurligi ta'kidlanadi 1. Unda qayd etilishicha, erkak kishi uylanish uchun avvalo, moddiy va ma'naviy tomondan to'q va jismonan baquvvat bo'lishi lozim. Buning uchun u o'z vaqtida ovqatlanishi zarur, aks holda erkak kishi o'z xizmat va axloqiy burchlarini bajara olmaydi.

"Avesto"da qarindoshlarning o'zaro oila qurishi man etilgan. Qavm va urug' qonini toza, avlodni benuqson saqlash uchun shunday qilingan. Ko'p bolali oilalarga nafaqa tayinlash lozimligi qayd etilgan2.

Buyuk mutafakkir qomusiy allomalarimizdan biri Abu Nasr Farobiy yaqin va O'rta Sharq xalqlarining ma'naviyati hamda madaniyati rivojiga bebaho hissa qo'shdi. Axloqiy tarbiya va odob-axloqning nazariy masalalarini tadqiq etish mutafakkir ijtimoiy qarashlarining eng muhim qismidir. Farobiy inson axloqi va odobi xususida fikr yuritar ekan, u axloqning shakllanishini

jamoaviy mehnat bilan birgalikda tasavvur qiladi. Uning fikricha, birgalikda mehnat qilish, jamiyatni vujudga keltirganidek, axloqni ham jamoaviy mehnat yaratadi. Farobiy baxt tushunchasini kishilarning turmushdagi saodatga erishuvi deb tushunadi. Uningcha, "baxtga erishish uchn foydali bo'lgan hamma narsa va baxtga erishilishida ishga solinadigan hamma narsa yaxshilikdir va baxtga biron-bir darajada to'sqinlik qiladigan hamma narsa mutloqo yomonlikdir.3

Farobiy axloqning bilim bilan mushtarakligini asoslab beradi, uning ta'kidlashicha, bilim insonni yaxshi xulqli, saxovvatli va aql-idrokli qiladi. Inson bilimsiz o'z ko'zlagan maqsadiga erisha olmaydi, -deb ta'kidlaydi.

Ma'lumki, buyuk mutafakkir Burxoniddin Marg'inoniy "Hidoya" asarida oila jamiyatning birinchi va birlamchi zarrasidir. Jamiyat ana shu kichik zarralardan tashkil topadi. Lekin u shunyaaki zarra emas, tirik vujudlar ittifoqidir. Oila faqat er va xotinning o'zidan iborat emas. Oila er-xotin, ularning farzandlari, eng yaqin tug'ishganlardan iborat kishilar guruhidir. Oila odamlarning tabiiy, iqtisodiy, huquqiy ma'naviy munosabatlariga asoslangan ijtimoiy birligidir.

"Hidoya" asarida oila va nikoh masalalaridagi ana shu munosabatlarning hamma tomonlari adolat nuqtai-nazardan yondoshilib yoritiladi. Adolatning asosiy mezonlari sifatida insof va diyonat, haromdan hazar, poklik kabi ezgu tushunchalar ko'zda tutiladi.

«Hidoya» da ta'kidlanishicha, nikohdan maqsad er-xotinning faqat bir-birlariga nisbatan maishiy va moddiy huquqlarini rasmiy ta'kidlashdangina iborat bo'lib qolmasdan, eng avvalo, nikohlanganlarning axloqiy va ma'naviy poklanishi uchun zamin tayyorlashdir.

«...Nikohdan ko'zda tutilgan maqsad iffatli va pokiza bo'lib yurishdir» , «Oilali har bir ayol va erkakning pokizaligi va iffatliligining birinchi va birlamchi belgisi esa zinodan saqlanishdir. Zero, «zino barcha dinlarda ham haromdir» .

Shariatda oila va nikoh masalasida chiqarilgan hukmlarning ma'naviy va huquqiy ahamiyati yana shundaki, ularda Qur'on oyatlarini asos qilib olingan holda nikoh ahdini tuzuvchi har ikki tomonning, xususan ayolning er tanlash huquqining daxlsizligi nikohning shartlaridan biri deb hisoblanadi. Chunonchi, «Hidoya» da shunday yoziladi: «...oqila, hur ayolning nikohi xoh u qiz bo'lsin, xoh juvon bo'lsin, valiysiz ham o'zining roziligi bilan bog'lanaveradi... Nikoh joizligining sababi shundan iboratki, bu masalada kelishicha, ayol o'zining xolis haqqida foydalangan, chunki u oqila oq-qorani ajrata oladigan bo'lgani uchun o'z xohishicha foydalanishga haqli. Shuning uchun ayol mol-mulkni tasarruf etishga ham, o'zi uchun er tanlashga ham haqqi bor. Shuning uchun uni majburlashga hech kimning haqqi yo'q» .

Buyuk aql zakovvat sohibi Abu Rayhon Beruniy o'zining 150 dan ziyod asarlarida inson hayotidagi tabiiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni qamrab olgan. Beruniyning izohlashicha, shaxsning ma'naviy qiyofasi u boshqa odamlar bilan muloqotda bo'ladigan jamiyatda shakllanadi. Inson jamiyatda o'z qarindosh urug'lari bilan birlashib yashashga majburdir, bundan maqsad bir-birini qo'llab-quvvatlash hamda har bir kishining hamo'zini ham boshqalarni ta'minlash uchun kerakli ishlarni bajarishidir.

Beruniy o'z asarlarida og'ir nuqsonlarni -ziqnalik, yolg'onchilik, munofiqlik, xushomadguylikni, ayniqsa kishilarning o'z bilimlariga, qobiliyatlari va xislatlariga muvofiq bo'lmagan, yuksak mavqeni egallashga intilishlarini qoralaydi.

Insoning ichki va tashqi guzalligi bir bo'lgandagina u haqiqiy kamolotga erishadi. Mualliv ozodalik va orastalik oliyjanoblikning o'zagidir deb uqtiradi. Yuksak madaniyatli kishi bo'lgan Beruniy insonning yoqimli qiyofasi to'g'ridan-to'g'ri uning axloqiy qiyofasiga bog'liqligini uqtiradi. Shunga asosan, u tishni yuvish, ko'z va qovoqlarni toza tutish ularga so'rma qo'yish,

sochni esa zarur bo'lganda buyash, tirnoqlarni olib turish va silliqlash lozimligi va hakozolarni ta'kidlaydi.

Beruniyning fikricha, agar inson axloq-odobli bo'lishni istasa, yurish-turish va hayot kechirishning, madaniyatning barcha unsurlari, me'yorlariga rioya qilishi lozim. Shunday bo'lish, avvalo, uning o'ziga bog'liq, chunki inson o'z ehtiroslariga hukmron va ularni o'zgartirishga qodirdir, u o'z joni va tanini tarbiyalar ekan, uni ma'naviy shifokorlik bilan davolashi hamda asa-sekin axloq haqidagi kitoblarda ko'rsatilgan usullar bilan illatlarni bartaraf etish zarur1.

Tarbiya borasida buyuk mutafakkir, Abu Ali Ibn Sinoning o'ziga xos qarashlari mavjud. Uning pedogogik va psixologik qarashlari, ijtimoiy asosga qurilgan bo'lib, u bola tarbiyasida umuminsoniy tamoyilning qo'llanilishini yoqlab chiqqan va tarbiyachi ota-onalarga bolani qattiq tana jazosidan ko'ra, shaxsiy ibrat orqali tarbiyalash ma'qulligini uqtirgan.

Ibn Sinoning "Tadbiri manzil" asarining katta bir bobi oila va oilaviy masalalariga bag'ishlangan. U oila boshlig'i oldiga katta talablar quyadi. Farzandlarni bir-biriga mehribon qilib tarbiyalash haqida fikr yuritadi. Sharoit qanday bo'lishidan qat'iy nazar, bola tarbiyasi ota-onalarning vazifasidir. Ibn Sino o'z asarlarida, toa-ona davlat boshlig'imi, yoki jamiyatning oddiy bir a'zosimi baribir bola tarbiyasi masalasida ularga bir xil talab quyiladi, degan g'oyani ilgari suradi.

Alloma bola tarbiyasining qiyin va murakkab ish ekanini chuqur his etadi. Bola axloqining shakllanishida, deydi u er-xotinning bir-biriga bo'lgan munosabati, bir-birini hurmat qilishlari ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Buning uchun oila a'zolarining har biriga ma'lum vazifalar yuklatilgan bo'lishi, erkak kishining oilaga bosh bo'lishi va zarur talablarni bajarishi, agarda biron narsani va'da qilgan bo'lsa, va'dasining ustidan chiqishi lozimligini ta'kidlaydi. Bolaning mustaqil ovqatlanish davri boshlanishi bilan ota uning axloqiy tarbiyasiga kirishuvi zarurligini, maqsadga erishish uchun tarbiyada bolani ba'zan maqtash, ba'zan jazolash kerakligini aytadi.

Ibn Sino oilada to'g'ri tarbiyani olib borish, oila baxtining muhim asosi deb hisoblaydi. Uning fikricha, oilada otaning tabiatan yumshoq bo'lishi bola tarbiyasini buzadi. Oilada bosh tarbiyachi otadir va otaning qattiqqo'l bo'lishi bolalar tarbiyasida muhimdir, chunki, ota katta ta'sir kuchiga egadir. Allomaning "tib qonunlari" kitobida bola tarbiyasidagi onaning vazifalari alohida ko'rsatib berilgan. Bola kamolatida onaning mumkin qadar sipo, vazmin va bosiq bo'lishi kerakligi, undagi g'azablanish, qayg'urish, qo'rqish kabi ruhiy kechinmalar bolaga zarar keltirishi ta'kidlangan. 1

Donishmand barkamol avlod tarbiyasi borasida fikr yuritar ekan, jumladan quyidagilarni ta'kidlaydi:

Har bir bolani biror hunarga o'rgatmoq shart, yosh yigit biror hunarni o'rgansa, uni hayotga tatbiq eta olsa va mustaqil hunar tufayli oilani ta'minlaydigan bo'lsagina otasi uni uylantirib qo'ymog'i lozim, deydi. Demak, allomaning fikrlari ayniqsa yosh oila quruvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, oilaning mustahkamligi va baxtli bo'lishi aynan oila quruvchilarning ham ijtimoiy ham iqtisodiy ham ma'naviy etukliklariga bog'liq bo'ladi.

Darhaqiqat, yosh avlod tarbiyasi bizning xalqimiz hayotida muqaddas ma'naviy maskan darajasiga ko'tarilgan. Biror bir yozuvchi yoki adib yo'qki, bu tushunchaga to'xtalib o'tmagan bo'lsin, biror bir shoir yo'qki tarbiya haqida ash'or bitmagan bo'lsin. Jumladan, Yusuf Xos Hojibning "Qutadg'u bilik", Kaykovus ibn Iskandarning "Qobusnoma", Alisher Navoiyning Mahbub ul qulub", "Arba'in", Rizouddin ibn Faxruddining "Oila", Abdurauf Fitratning "Oila yoki oila boshqarish tartiblari", Mahmudxo'ja Behbudiyning "Hifzi sihati oila", Abdulla Avloniyning

"Turkiy guliston yoxud axloq" kabi asarlari va boshqa ko'plab badiiy, ilmiy adabiyotlar bu borada biz uchun bebaho ma'naviyat xazinasidir.

O'zbek pedagogikasining rivojiga katta hissa qo'shgan ma'rifatparvar yozuvchi Abdulla Avloniy o'zining "Turkiy guliston yoxud axloq" asarida shaxs, axloq-odob, oila munosabatlari haqida jumladan quyidagicha fikr yuritadi. "axloq, bu - xulqlar majmui. Xulq esa, ezgulik yoxud razillikning muayyan bir insonda namoyon bo'lish shakli. Binobarin, har bir xulq ezgulik va olijanoblikning yoki razillik va badbinlikning timsoli. Shu jihatdan ular yaxshi va yomonga bo'linadi. Lekin bular kishida o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi. Ularning shakllanishi uchun ma'lum bir sharoit, tarbiya kerak. Kishilar tug'ilishidan yomon bo'lib tug'ilmaydilar. Ularni muayyan sharoit yomon qiladi. Demak, hamma narsa tarbiyaga bog'liq. Tarbiya biz uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidir".1

Avloniy tarbiya doirasini keng tushunadi. Uni birgina axloq bilan chegaralab qo'ymaydi. "Sog' tanda sog'lom aql" degan hikmatning bejiz emasligini yaxshi biladi. Gapni, birinchi navbatda, bolaning sog'ligi haqida qayg'urish lozimligini boshlaydi.

Badanning salomat, quvvatli bo'lmog'i insonga eng kerakli narsadir. Chunki o'qimoq, o'rganmoq va o'rgatmoq uchun insonga kuchli, baquvvat va sog'lom jasad lozimdir.

Taniqli adabiyotshunos Abdurauf Fitrat o'zining "Oila yoki oila boshqarish tartiblari" nomli asarida farzand tarbiyasi bilan bog'liq masalalar yuzasidan qimmatli fikrlarni bildiradi.

Abdurauf Fitratning ushbu asarida oila-bir necha odamlardan iborat jamoa deb atalgan. Oilaning tinchligi va taraqqiyoti mamlakat taraqqiyotining asosini tashkil etishini muallif quyidagicha ta'kidlaydi:

"Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog'liq. Tinchlik va totuvlik esa shu millatning intizomiga tayanadi. Qaerda oila munosabati kuchli intizom va tarbiyaga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va tartibli bo'ladi".2

Farzandning to'g'ri tarbiya topishi, uning har tomonlama sog'lom o'sishi, jismonan va ma'nan kamolga etishida ota-onaning vazifasi, burchi alohida o'rin tutadi. Fitratning fikricha, ota-ona o'z farzandining tarbiyasi bilan jiddiy shug'ullanishi kerak, ammo farzand tarbiyasi bilan shug'ullanadigan ota-onaning o'zlari avvalo, tarbiya ko'rgan, farzand tarbiyasi haqida muayyan bilimga ega bo'lishlari kerak, ularning har ikkisi o'z vazifasini, ota-onalik burchini mukammal ado etishlari, toki ular "Farzandni jisman, aqlan va axloqan kamolga etishtirib, hayot maydoniga kuchli, aqlli va yaxshi axloq bilan chiqarishi zarur"3.

Yosh avlodga beriladigan ta'lim — tarbiyaning ana shunday rang —barang milliy mentaliteti va o'zbekona tizimi shakllangan. U bolaning tug'ilishidan boshlab to kamolga etib, mustaqil hayotga qadam qo'yadigan davrigacha bo'lgan yillarini qamrab oladi.

Birinchidan, kelajakda farzandlarimizning farovon hayot kechirishlari uchun ularda sog'lom turmush tarzi tamoyillarini eng yoshlik chog'idan boshlab singdirib borishimiz, yomon illatlarga qarshi kurashda faolligini oshirishimiz, jamiyatning poydevori bo'lishga yoshlarni har tomonlama tayyorlashimiz, bu borada ajdodlar merosidan, ugitlaridan o'rnak sifatida muntazam ravishda va urinli foydalanishimiz maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchidan, jamiyatimizni ko'p millatli insonlar yaratadi, shu jamiyatda istiqomat qiluvchi millat, aholi sog'lom, etuk va barkamol bo'lsagina, bunday jamiyatning gurkirab, taraqqiy etib borishini bilishimiz lozim.

Uchinchidan, rahbarning ilmiy salohiyati, tadbirkorligi, so'zi bilan ishining to'g'ri kelishi, o'zini oqilona tutishi, ezhtirosga berilmasligi, har bir qadamini o'ylab va o'lchab bosishi, o'ylab

gapirishi, andishali bo'lishini o'qtirishimiz kerak.

To'rtinchidan shaxs tarbiyasi masalasi islom dinida va undan oldingi manbalarda ham uchraydi. Masalan, "Avesto" ta'limotlarida yaxshi fazilatga erishishning 39 ta turi aytib o'tilgan, ularda quyidagi fikrlarni ko'ramiz: "Qanoatli, xayrixox, mehribon, kechirimli, rahm-shafqatli, muruvvatli, insofli, shirinso'z, xushmuomala, ochiq-chehra, haqiqatparvar, rostgo'y" bo'lish aytilgan bo'lsa, yana fikr davom ettirilib, "odamlarga yordam berish, ota-ona va ustozlarga itoat qilish, xalqqa xizmat qilish" kabi o'rinli nasihatlar berilgan.

Demak, xalqimizdagi bunday guzal fazilatlar ma'naviy meros sifatida ajdodlarimizdan avlodlarga o'tib kelmoqda va ular axloqiy normalarga aylangan, insondagi ichki to'yg'ular majmuidir.

REFERENCES

1. O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. Toshkent. "O'zbekiston" Nashriyot-matbaa ijodiy uyi. 2019 y

2. Sh.Mirziyoev. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta'minlash-yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi.-Toshkent: «O'zbekiston NMIU, 2017.-48 b.

3. A.Makovelskiy. Avesto. Baku, 1960. 80-81 b

4. H.Hamidov. "Shohnoma"ning shuhrati. -T.: "O'zbekiston", 1991. 93-94-b.

5. M.Xayrullaev. Farobiy va uning falsafiy risolalari.-T: "Fan", 1963.

6. Burxoniddin Marg'inoniy. Hidoya. 2 tomlik. /Nikoh kitobi.-Toshkent: Adolat, 2002. T.1.-725 b

7. X.Boboev, S.Hasanov. Beruniyning siyosiy huquqiy qarashlari.// "Hayot va qonun" jurnali. 1996 yil, 3-son

8. Ibn.Sino. Tib qonunlari. 3 jildlik saylanma. / tuzuvchilar: U.Karimov. H.Hikmatillaev.-Toshkent: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti. 1992. T.3.-142 b.

9. Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoki axloq.-T:. "O'qituvchi", 1967.

10. Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar.-T.: "Ma'naviyat", 2006. 215-b

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.