BUXGALTERIYA HISOBINING MOHIYATI VA UNI YURITISH
XUSUSIYATLARI
Axmedjanov A.
SamISI, Buxgalteriya hisobi kafedrasi dotsenti
Annotatsiya. Ushbu maqolada bugungi kunda buxgalteriya hisobini yuritishning mohiyati va mazmuni, o'ziga xos jihatlari to'g'risida fikr mulohazalar keltirilgan.
Kalit so'zlar: buxgalteriya hisobi, hisobning yuritilishi, hisob turlari.
Mamlakatimizda buxgalteriya hisobini yuritish, uning o'ziga xos jihatlarini ochib berish olimlarimiz tomonidan doimo o'rganilib kelinmoqda. Ma'lumki, respublika bank tizimida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish bo'yicha asosiy normativ hujjat O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008 yil 3 maydagi 11/5-sonli qarori bilan tasdiqlangan "O'zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to'g'risida"gi yo'riqnoma (ro'yxat raqami 1834, 2008 yil 11 iyul) hisoblanadi.
Lekin, o'tgan davr mobaynida respublika iqtisodiyotida, xususan bank tizimi va buxgalteriya sohasida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida banklar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda katta o'zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasining 2013 yil 26 dekabrdagi O'RQ 360-sonli qonuni bilan Qonunchilik palatasi tomonidan 2013 yil 28 avgustda qabul qilingan va O'zbekiston Respublikasi Senati tomonidan 2013 yil 12 dekabrda ma'qullangan "O'zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi" tasdiqlandi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksi, Soliq kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga ham bir qator jiddiy o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013 yil 26 apreldagi N 9/1-son qarori bilan "O'zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to'g'risida"gi Nizom yangi tahriri tasdiqlandi va 2013 yil 3 iyunda 2465-son bilan davlat ro'yxatiga olindi hamda O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligi 2012 yil 11 fevraldagi 38/1 va 89-son qaroriga asosan "O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining kassa ijrosi to'g'risidagi yo'riqnoma" (ro'yxat raqami 1009, 2001 yil 19 fevral) o'rniga "O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining kassa ijrosi to'g'risidagi yo'riqnoma" yangi tahrirda tasdiqlandi va 2012 yil 1 fevralda 2320-son bilan davlat ro'yxatiga olindi. Shu bilan bir qatorda, "O'zbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to'g'risidagi yo'riqnoma" (ro'yxat raqami 2205, 20011 4 mart), "Xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning bank hisob raqamlaridan pul mablag'larini hisobdan chiqarish tartibi to'g'risida" Yo'riqnoma (ro'yxat raqami 2342, 2012 yil 15 mart) va boshqa normativ hujjatlarga bir necha bor o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi. Tabiiyki, mazkur o'zgarishlar moliyaviy axborotlashtirish tizimi bo'lgan,
banklarda buxgalteriya hisobini yuritish masalalariga ham o'z ta'sirini o'tkazmay qolmadi.
Shu munosabat bilan, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014 yil 30 dekabrdagi 47/7-sonli qarori bilan 1834-sonli Yo'riqnomaga" 4-o'zgartirishlar va qo'shimcha tasdiqlandi va 2015 yil 9 fevralda 1834-4-son bilan davlat ro'yxatiga olindi. Endi, ushbu 1834-sonli Yo'riqnomaga kiritilgan o'zgartirishlar va qo'shimcha to'g'risida fikr yuritamiz.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, 1834-sonli Yo'riqnomaga kiritilayotgan navbatdagi o'zgartirishlar va qo'shimcha loyihasi bo'yicha bir necha marta tijorat banklaridan yozma fikr va mulohozalar olindi va ularning mutaxassislari bilan davra suhbati o'tkazildi. Bundan tashqari, xalqaro amaliyot tajribasi o'rganildi.
Ma'lumki, Fuqarolik kodeksining 6-moddasida tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qo'llaniladigan, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan xulq-atvor qoidasi, biron-bir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qat'i nazar, ish muomalasi odati deb hisoblanishi hamda fuqarolik qonun hujjatlarida tegishli normalar bo'lmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va an'analar qo'llanilishi belgilangan.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasining "Buxgalteriya hisobi to'g'risida"gi Qonunining 5-moddasi to'rtinchi qismiga muvofiq banklarning buxgalteriya hisobi va hisobotini tartibga solish Markaziy bank tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Binobarin, Markaziy bank o'zining banklarni buxgalteriya hisobini yuritish va hisobot tuzishni tartibga soluvchi normativ hujjatlar ishlab chiqishda nisbiy mustaqillikka egadir. Yoki, u o'zining yuqoridagi qonuniy vakolatidan foydalangan holda ushbu normativ hujjatlarda banklar faoliyati xususiyatlarini inobatga olgan holda ayrim cheklovlar va qo'shimchalar kiritishi mumkin.
Yuqorida aytganimizdek, banklarda buxgalteriya hisobini tashkil qilishga doir asosiy normativ hujjat 1834-son Yo'riqnoma hisoblanadi. Mazkur Yo'riqnomada (2-band) banklarda buxgalteriya hisobi ishlarini yuritish va buxgalteriya apparatini tashkil qilish tamoyillari, mijozlarga xizmat ko'rsatish hamda hujjatlar aylanmasini yo'lga qo'yish usullari to'g'risida ko'rsatmalar berilgan, bank operatsiyalari hisobini yuritish va ularni nazorat qilish qoidalari hamda bajarilgan bank operatsiyalarining qonuniyligi bo'yicha javobgarlik belgilangan.
Markaziy bank o'zining yuqoridagi qonuniy vakolatidan foydalangan holda 1834-sonli Yo'riqnomaning 7-bandida banklarda buxgalteriya ishlarini yuritish uchun buxgalteriya apparati tuzilishi va bank buxgalteriya apparatiga shartnoma asosida chetdan jalb qilingan buxgalterlar yoki buxgalteriya firmasi xodimlarining kiritilishi qat'iyan taqiqlanishi to'g'risida talab kiritgan. Shuningdek, mazkur hujjatda (6-band) Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishni bank filiali rahbari amalga oshirishi hamda Buxgalteriya apparatiga bankning bosh buxgalteri rahbarlik qilishi belgilangan. Bundan tashqari, mazkur Yo'riqnomaning 16-bandiga muvofiq tarkibiy tuzilmasi Front-ofis va Bek-ofis sifatida tashkil etilgan yirik banklarning buxgalteriya apparati shu tarkibiy tuzilmalarga mos ravishda tashkil etilishi mumkin.
Banklarda buxgalteriya hisobini tashkil etishning yuqorida qayd etilgan xususiyatlari 1834-sonli Yo'riqnomada belgilangan barcha talablarga o'z ta'sirini o'tkazgan. Xususan, mazkur hujjatga kiritilgan 4-sonli o'zgartirish va qo'shimcha ham bundan mustasno emas. Jumladan, 1834-son Yo'riqnomaning 3-bandi birinchi xatboshisida bank operatsiyalarni amalga oshirish, rasmiylashtirish, hisobini yuritish va nazorat qilish to'g'risidagi talablari barcha banklar uchun majburiydir, - deb belgilangan bo'lsa, uning ikkinchi xatboshisida, banklar yangi hujjatda belgilangan asosiy qoidalar doirasida o'zlarining ish xususiyatlarini hisobga olgan holda buxgalteriya operatsiyalarni hisobini yuritish tartibi to'g'risida ichki hujjatlapini ishlab chiqishlari mumkin ekanligi qayd etilgan.
Bugungi kundagi bank tarkibiy tuzilmalari va ular tomonidan bajarilayotgan opreratsiyalar tobaro rang-baranglashib o'ziga xos xususiyatlarga ega bo'lib borayotganligi munosabati bilan ushbu bandning ikkinchi xatboshisi mazmuni shunga mos ravishda boyitildi va quyidagi tahrirda bayon etildi. "Banklar ushbu Yo'riqnomada belgilangan qoidalar doirasida o'zlarining ish xususiyatlarini hisobga olgan holda filial, minibank va boshqa shoxobchalar faoliyatida buxgalteriya hisobini aniq va to'liq yuritilishi va ichki nazorat samaradorligini ta'minlash maqsadida hamda ularning daromad va xarajatlari hisobini to'g'ri yuritish, moliyaviy va soliq hisobotlarini o'z vaqtida tayyorlash va taqdim qilish hamda pul hisob-kitob hujjatlarini tikish va saqlash tartibotlarini belgilovchi ichki hisob siyosatini ishlab chiqishlari lozim." Demak, tijorat banklari yuqoridagi yangi kiritilgan norma talablariga asosan o'zlarining barcha ish xususiyatlaridan kelib chiqqan holda Hisob siyosatlariga tegishli o'zgartirishlar kiritib, ichki hujjatlapini ishlab chiqishlari mumkin.
Yuqoridagi talablar hamda 1834-sonli Yo'riqnomaning 8-bandining oxirgi xatboshisiga muvofiq Yo'riqnomaning 10-bandiga chet el valyutasida ochilgan hisobvaraqlar boshqa xodim tomonidan yuritilishi mumkinligi va hisobvaraqlarni buxgalteriya xodimlari o'rtasida taqsimlash va qayta taqsimlash kitobi qo'lda yoki dasturiy ravishda Bosh buxgalter tomonidan yuritilishi lozimligi haqida aniqliklar kiritildi.
Bugungi kunda, banklarning naqd pul muomalasi bilan bog'liq faoliyati, ular tomonidan iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan ustuvor vazifalar, murakkab va zamonaviy bank xizmatlari ichida kamtarona o'rin tutib qoldi. Jahon hamjamiyati erishgan yuksak texnologik yutuqlaridan foydalanilgan holda pul muomalasida naqd pullar o'rnini bank (yoki boshqa kredit tashkilotlari) hisobvaraqlari bo'yicha yozuvlar va turli elektron to'lov hujjatlari egallab bormoqda.
Jumladan, bizning respublikamizda xalqaro andozalarga to'la javob beruvchi zamonaviy elektron to'lov tizimi ishlab turibdi. Hozir bank hisobvaraqlari orqali to'lovlar naqd pulsiz hisob-kitoblar shaklida o'ta qisqa vaqt ichida amalga oshirilmoqda. Ayniqsa aholining plastik kartochkalar orqali amalga oshirilayotgan naqd pulsiz to'lovlari hajmi to'xtovsiz o'sib bormoqda.
To'g'ri, yuqorida aytib o'tganimizdek naqd pul muomalasining ulushi umumiy pul aylanmasida qisqarib bormoqda. Lekin, naqd pul muomalasini boshqarish, kassa ishlarini tashkil qilish va ularning hisobini yuritish ishlari bee'tibor qolishi mumkin
emas. Zero, naqd pul bilan bog'liq operatsiyalar o'ta muhim va nozik faoliyat sirasiga kirganligi sababli dastlabki bankirlar tomonidan "kassa operatsiyalari bankning yuragi" deb baholangan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
1. http://www.m-economy.ru/art.php?nArtId=2536#ftn1
2. Усатова Л.В. Формирование управленческой и налоговой составляющей учетно-аналитической системы расходов в условиях неопределенности в период трансформации международных стандартов финансовой отчетности [Электронный ресурс]: автореф. дис.
3. Осмонова А.А. Роль и значение агрокластеров в инновационном развитии Кыргызской Республики [Текст] / А.А. Осмонова // Материалы I международной научно - практической конференции «Интеграция науки, образования и производства - стратегия развития инновационной экономики». Екатеринбург, 2011. С. 141-145.
4. https : //cbu.uz/uz/documents/3332/37551/