INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE "ACTUAL ISSUES OF PRIMARY EDUCATION: PROBLEMS, SOLUTIONS AND DEVELOPMENT
PROSPECTS"
_April 26, 2024_
BOSHLANG'ICH SINF O'QUVCHILARINING SO'Z BOYLIGINI OSHIRISH,OG'ZAKI VA YOZMA NUTQINI O'STIRISHDA LUG'ATLARDAN FOYDALANISHNING AMALIY AHAMIYATI Buvajonova Mohiraxon Usmonali qizi
FarDU o'qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.11028115
Annotatsiya. Mazkur maqolada boshlang'ich sinf ona tili va o'qish savodxonligi darslarida o'quvchilarning so'z boyligini ortishida, nutqini o'stirishida hamda bexato yozish ko'nikmasiga ega bo'lishida lug'atlardan foydalanishning yo'llari haqida bayon etilgan.Lug'atlar bilan ishlash boshlang'ich sinf o'quvchilarda kuzatuvchanlik qobiliyatini yuzaga chiqaradi, fikrlash va dunyoqarashini kengaytiradi, ularning nutq madaniyatiniyuksaltiradi, so'z boyligini oshiradi, o'quvchilarda shakllanib borayotgan imlo malakalarini rivojlantiradi.
Kalit so'zlar: ona tili va o'qish savodxonligi, og'zaki nutq, yozma nutq, lug'atshunoslik, lug'at, imlo lug'at,izohli lug'at, so'z boylik, nutq o'stirish, bog'lanishli nutq, nutq madaniyati, ko'nikma, imlo malakasi.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Bugungi kunda mamlakatimiz yangi taraqqiyot yo'lidan borar ekan, unda ta'lim-tarbiya ishlariga alohida e'tibor qaratilmoqda.Boshlang'ich ta'lim yurtimiz kelajagini buyuk davlat darajasiga ko'taradigan ijodkor shaxsni shakllantirishda mustahkam poydevor rolini o'ynaydi. Bunda boshlang'ich sinf o'quvchilariga ta'lim-tarbiya berishdagi muhim vazifalarning asosiy qismi o'qish va ona tili darslarida amalga oshiriladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovich "Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik" nomli asarida: "Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni ko'ra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi g'ayrat - shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak ko'zlangan maqsadga albatta yetamiz" - degan fikrlarni aytib o'tgan. Shu boisdan yurtimizda ta'lim tizimi bo'yicha juda ko'p yangi o'zgarishlar qilinmoqda.Yoshlarimizning bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.Rivojlangan mamlakatlar ta'lim tizimi o'rganilib, ularni mamlakatimizda tatbiq etib kelinmoqda. Xususan, Finlandiya ta'lim tizimini bunga misol qilib ko'rsatishimiz mumkin. Bunda asosiy e'tibor o'quvchilarning fikrlashiga qaratilgan bo'lib, uni rivojlantirishda lug'atlarning ahamiyati kattadir. Tildagi jamiki so'zlar, ularning tarixi, izohi, imlosi kabi muhim masalalar bilan lug'atshunoslik fani shug'ullanadi. Lug'atlar qadimdan yaratilib kelingan bo'lib, bunga misol qilib Mahmud Qoshg'ariy tomonidan XI asrda yaratilgan "Devoni lug'atit- turk", XVI asrda Usmonli turk tilida yaratilgan "Abushqa" lug'atlarini olishimiz mumkin. O'quvchilar tabiat va insonlar bilan og'zaki muloqotda bo'lishi bilan so'z, ibora, tasviriy ifoda, maqol, hikmatli so'zlarni o'rganadi, ularni o'z so'zlariga aylantiradi va o'z nutqida qo'llaydi. Bundan tashqari ta'lim jaroyonlarida ham o'quvchilar har bir darsda shu fanga mos ko'plab atama va terminlarni o'rgana boradi.
Keyingi yillarda ona tili ta'limi sohasida adabiy tilning boy imkoniyatlaridan keng foydalangan holda o'quvchilarning og'zaki va yozma nutqini to'g'ri, savodli qilib shakllantirishga e'tibor kuchaydi. Boshlang'ich ta'limda lug'at ustida ishlashning umumiy yo'l-yo'riqlari, yo'nalishlari, manbalari haqida metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan bo'lsa-da, ularni hali qoniqarli ahvolda deb bo'lmaydi.Lug'at ustida ishlash uchun maxsus dars ajratilmaydi. U barcha
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE "ACTUAL ISSUES OF PRIMARY EDUCATION: PROBLEMS, SOLUTIONS AND DEVELOPMENT
PROSPECTS"
_April 26, 2024_
predmetlarni o'rganishda, asosan, ona tili va o'qish darslarida darslik materiallarini o'rgatish bilan bog'liq holda olib boriladi.O'qish va ona tili darslarida lug'at ustida ishlash o'quvchilar nutqini o'stirishga, savodxonligini shakllantirishga, so'z boyligini boyitishga, nutq madaniyatini yuksaltirishga qaratilganligi sababli bu ish maktablarda 1-sinfdan boshlanadi va butun o'quv jarayonida davom ettiriladi.
Lingvistika fani jamiyat taraqqiyotining, gullab-yashnashining eng muhim, eng asosiy, tengi yo'q mezonlaridan biri til - aloqa quroli ekanligini tasdiqlash va isbotlash uchun xizmat qiladi. Shuningdek, u ta'lim oluvchiga ona tili imkoniyatlarini ayni bir fikrni, narsa-hodisani yuzlab usullar bilan ifodalash yo'llarini yetkazish bilan unda ijodiy tafakkurni rivojlantirishga, ona tilida fikrlash va ona tili qurilishining o'ziga xosligi, boshqa tillardan tubdan farq qilishi, olamni "o'zicha" aks ettirishni singdirish bilan milliy ong, milliy dunyoqarash, milliy g'urur va mafkurani shakllantirishda mustahkam poydevor vazifasini o'taydi.Boshlang'ich sinf ona tili va o'qish savodxonligi ta'limining bosh vazifasi o'quvchilar nutqini o'stirish va uni bosqichma bosqich rivojlantirib borish hisoblanadi. O'quvchilarni o'z fikrlarini erkin, to'g'ri ifodalashga o'rgatish jamiyat uchun ham, psixologik va metodik jihatdan ham juda muhim bo'lishi bilan bir qatorda ularni xatosiz yozish ko'nikmalariga ega qilish hozirgi kunning dolzarb masalasi bo'lib kelmoqda.
Maktabda lug'at ustida ishlash metodikasi to'rt asosiy yo'nalishni ko'zda tutadi:
l.O'quvchilar lug'atini boyitish, ya'ni yangi so'zlarni, shuningdek, bolalar lug'atida bo'lgan ayrim so'zlarning yangi ma'nolarini o'zlashtirish. Ona tilining lug'at boyligini bilib olish uchun o'quvchi o'z lug'atiga har kuni 8—10 ta yangi so'zni, shu jumladan, ona tili darslarida 4— 6 so'zni qo'shishi, ya'ni shu so'zlar ma'nosini o'zlashtirishi lozim.
2.O'quvchilar lug'atiga aniqlik kiritish. Bu o'z ichiga quyidagilarni oladi: 1) o'quvchi puxta o'zlashtirmagan so'zlarning ma'nosini to'liq o'zlashtirish, ya'ni shu so'zlarni matnga kiritish, ma'nosi yaqin so'zlarga qiyoslash, antonim tanlash yo'llari bilan ularning ma'nosiga aniqlik kiritish; 2) so'zning kinoyali ma'nosini, ko'p ma'noli so'zlarni o'zlashtirish; 3) so'zlarning sinonimlarini, sinonim so'zlarning ma'no qirralarini o'zlashtirish; 4) ayrim frazeologik birliklarning ma'nosini o'zlashtirish.
3.Lug'atni faollashtirish, ya'ni o'quvchilar ma'nosini tushunadigan, ammo o'z nutq faoliyatida ishlatmaydigan nofaol lug'atidagi so'zlarni faol lug'atiga o'tkazish. Buning uchun shu so'zlar ishtirokida so'z birikmasi va gaplar tuziladi, ular o'qiganlarni qayta hikoyalash, suhbat, bayon va inshoda ishlatiladi.
4.Adabiy tilda ishlatilmaydigan so'zlarni o'quvchilar faol lug'atidan nofaol lug'atiga o'tkazish. Bunday so'zlarga bolalarning nutq muhiti ta'sirida o'zlashib qolgan adabiy til me'yoriga kirmaydigan, ayrim adabiy asar va so'zlashuv tilida qo'llanadigan sodda so'z va iboralar, sheva va ijtimoiy guruhga oid so'zlar kiradi. Adabiy til me'yori degan tushunchani o'zlashtirgach, o'quvchilar yuqorida izohlangan so'zlar o'rniga adabiy tildagi so'zlardan foydalana boshlaydilar. Adabiy tilga oid malakalari mustahkamlangan sayin shevaga, jargonga oid so'zlar, so'zlashuv tilida ishlatiladigan sodda so'z va iboralar o'quvchilarning faol lug'atidan chiqib keta boshlaydi.
Boshlang'ich sinf o'quvchilaridagi og'zaki va yozma nutqni takomillashtirishda bir qator lug'atlardan ham foydalaniladi. Bular imlo va izohli lug'atlardir. Adabiy til yozma shaklining me'yorlashuvi va takomilida, shuningdek, og'zaki hamda yozma nutq orasidagi bog'liqlik va yaqinlikni mustahkamlashda imlo lug'atlari muhim rol o'ynaydi. Imlo lug'atlari nafaqat so'zlarning yozma shakli, balki og'zaki talaffuz shaklining ham me'yorlashuvi va uning muayyan turg'un, adabiy holatda bo'lishiga xizmat qiladi, chunki aksariyat so'zlar yozma shaklga asoslangan holda talaffuz qilinadi. Imlo lug'ati tilning lug'aviy boyligini o'zida jamlovchi va
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE "ACTUAL ISSUES OF PRIMARY EDUCATION: PROBLEMS, SOLUTIONS AND DEVELOPMENT
PROSPECTS"
_April 26, 2024_
saqlovchi ishonchli manba hamdir. Chunki u boshqa tip lug'atlarga kiritilmaydigan ba'zi so'z va so'z shakllarni ham qamrab oladi. Imlo lug'atlari yozma nutq madaniyatining, imloviy savodxonlikning muhim qurolidir.
Boshlang'ich sinf ona tili va o'qish savodxonligi darsligida imloga katta e'tibor qaratilgan bo'lib, har bir mavzuda matnlar ichida ajratib ko'rsatilgan so'zlar berilgan. Bu so'zlarning ham yozilishiga ham ma'nosiga e'tibor berilishi zarurdir. Misol uchun 1-sinf darsligida quyidagi so'zlar berilgan: Sustqadam, nozikta'b, organizm, qapishish, axloq, bakteriya. Har bir darsda yozilishi bir muncha murakkab bo'lgan so'zlar o'quvchilarga o'rgatilib, ular imlo lug'atdan topilib, o'quvchilar daftarlariga yozdiriladi. Ayniqsa, x va h tovushlarini farqlashda o'quvchilar bir muncha qiyinchiliklarga duch keladi. Buni yengishning oson yo'llaridan biri imlo lug'atlaridan foydalanishdir.
Izohli lug'atlarda esa so'zning bosh va ko'chma ma'nolari izohi beriladi, so'zning ma'nolari tushuntiriladi. Barcha boshlang'ich sinflar ona tili va o'qish savodxonligi darsliklarining so'ngida izohli lug'atlardan namunalar keltirilib o'tilgan:
Kislorod - biz nafas oladigan toza havo tarkibidagi modda, ko'zga ko'rinmaydi.
Ko'lmak - chuqur joyga to'planib qolgan suv.
Kunbotar - quyoshning botish vaqti (tomoni).
Laqab - biror kishiga hazil qilib yoki masxaralab berilgan qo'shimcha nom yoki hayvonlarga qo'yilgan nom.
Maktabda nutq o'stirishning muhim vazifalaridan biri lug'at ustida ishlashni yaxshilash, tartibga solish, uning asosiy yo'nalishlarini ajratish va asoslash, o'quvchilarning lug'atini boyitish jarayonini boshqarish hisoblanadi. O'quvchilar izohli lug'atlar orqali yangi so'zlarni o'rganib, so'ngra bu so'zlarni o'z nutqida ishlata boshlashadi. Bir yangi so'zni izohlash uchun bir qancha so'z birikmalaridan foydalanilganligi sababli, o'quvchilarda yanada so'z boylikini oshirish imkoniyati mavjud bo'ladi. O'quvchilar lug'ati quyidagi manbalar asosida boyitiladi va takomillashtiriladi: Atrof-muhitni: tabiatni, kishilarning hayoti va mehnat faoliyati, bolalarning o'yini va o'qish faoliyatini, kattalar bilan munosabatni kuzatish. Tabiat qo'yniga, turli joylarga, muassasalarga ekskursiya vaqtida bolalar narsa va hodisalarni kuzatish bilan ko'pgina yangi nom va iboralarni o'rganadilar. Bu ekskursiyalar yuzasidan o'tkazilgan suhbat vaqtida ularning bilimi chuqurlashtiriladi, ayrim so'zlar ma'nosiga aniqlik kiritiladi.
Bolalar mustaqil o'qishga o'rganganlaridan keyin ular lug'atiga kitob, gazeta, jurnal materiallari katta ta'sir qiladi. Shuning uchun ham sinfdan tashqari mustaqil o'qish va unga rahbarlik shakllari o'quvchilar lug'atini boyitishning, nutqini o'stirishning eng muhim manbalaridan hisoblanadi. Maxsus mashqlar yordamida grammatika va imloni o'rganish darslari ko'pgina so'z va atamalarni o'zlashtirishga yordam beradi, o'quvchilar predmet, belgi, harakat, sanoq, tartib ifodalaydigan so'zlarni bilib oladilar. Bu darslarda o'quvchilar lug'ati tartibga solinadi, so'z turkumlarini o'rganish jarayonida guruhlanadi, so'z tarkibi, so'z yasalishi, so'zlarning o'zgarishini o'rganish bilan esa lug'atga aniqlik kiritiladi; ular o'rgangan so'zlaridan o'z nutqlarida foydalana boshlaydilar, natijada lug'atlari faollashadi. O'quvchilar lug'ati maxsus lug'aviy-mantiqiy mashqlar yordamida ham boyiydi, tartibga tushadi.
REFERENCES
1. Sh.M.Mirziyoyev "Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik" -Toshkent: 2021-yil, 12-bet.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE "ACTUAL ISSUES OF PRIMARY EDUCATION: PROBLEMS, SOLUTIONS AND DEVELOPMENT
PROSPECTS"
_April 26, 2024_
2. A.Madvaliyev, E.Begmatov "O'zbek tilining imlo lug'ati" .-Toshkent: Akademnashr, 2012.
33. Iroda Azimova, Klaraxon Mavlonova, Sa'dullo Quronov, Shokir Tursun "Ona tili va o'qish savodxonligi (1-qism)" 1-sinf uchun darslik, - Toshkent: Respublika ta'lim markazi, 2021-yil, 102-103-betlar.
4. Karima Qosimova|, Safo Matchonov, Xolida G'ulomova, Sharofat Yo'ldosheva, Sharofjon Sariyev "Ona tili o'qitish metodikasi" Darslik Toshkent «NOSIR» nashriyoti 2009, 309-bet.
5. Йулдашева, Д., & Буважонова, M. (2019). БОШЛАНГИЧ ТАЪЛИМДА ПРАГМАТИК ЁНДАШУВ АСОСИДА МАТН У^ИШНИНГ УЗИГА ХОС ХУСУСИЯТЛАРИ. Scientific Bulletin of Namangan State University, 7(12), 338-340.
6. Qizi, Sodiqova Mohlaroyim Shavkatjon, and Buvajonova Mohirakhon Usmonali Qizi. "Dictionary in teaching vocabulary composition of language to junior school age students ways to work." ACADEMICIA: An International Multidisciplinary Research Journal 11.10 (2021): 1869-1872.