BMT BARQAROR RIVOJLANISH DASTURLARIDA O'ZBEKISTONNING GENDER
STRATEGIYASI Atoyeva Shaxnoza Shuxratovna
Navoiy davlat pedagogika instituti https://doi.org/10.5281/zenodo.10658657
Annotatsiya. Ushbu maqolada BMT Barqaror rivojlanish dasturlarida gender tengligi, ularning huquq va erkinliklarining xalqaro huquq normalarida aks ettirilishi haqida so'z boradi. Xususan, O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan gender tengligi borasidagi maqsad va vazifalar ko'lami tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: BMT Ustavi, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari, Xalqaro pakt, xalqaro huquq normalari
Аннотация. В данной статье говорится о гендерном равенстве в программах ООН по устойчивому развитию, отражении их прав и свобод в международно-правовых нормах. В частности, был проанализирован объем целей и задач по обеспечению гендерного равенства, определенных в Стратегии развития Узбекистана.
Ключевые слова: Устав ООН, Цели ООН в области устойчивого развития, Международный пакт, нормы международного права
Abstract. This article talks about gender equality in UN Sustainable Development programs, the reflection of their rights and freedoms in international legal norms. In particular, the scope of goals and tasks regarding gender equality defined in the Development Strategy of Uzbekistan was analyzed.
Keywords: UN Charter, UN Sustainable Development Goals, International Covenant, international law norms
Dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, davlatlar va millatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti inson qadr-qimmatini qo'llab-quvvatlash uchun adolat, erkinlik va tinchlik asosida barcha odamlar orasida madaniyat hamda ta'limni keng tarqatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishning xalqaro huquq normalari asosida tartibga solishning zamonaviy bosqichiga asos soldi.
BMT Ustavida ta'kidlanganidek, "Biz, Birlashgan millatlar xalqlari, insonning asosiy huquqlariga, inson shaxsining qadr-qimmatiga, erkak va ayollarning teng huquqlariga va katta-kichik millatlar huquqlarining tengligiga ishonchini qayta qaror topishiga qat'iy ahd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Ustavini qabul qilishga va Birlashgan Millatlar Tashkilotini ta'sis qilishga rozilik berdik!"
Bugungi kunda BMT o'z Ustavida belgilangan vazifalarni 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari asosida amalga oshirmoqda. Jumladan, BRMning 5-maqsadi Gender tengligi masalasi bo'lib, ushbu maqsad xotin-qizlar va erkaklar o'rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida namoyon bo'ladigan muhim ijtimoiy ko'rinishida aks etadi. Shunday ekan, gender tushunchasi nafaqat ayollar manfaati, balki ikki jins vakillarining o'z orzu va maqsadlarini amalga oshirishi uchun teng imkoniyatlar yaratilishini ifoda etadi.
Zero, BMT Nizomining III bob 8-moddasida ta'kidlanganidek, "Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'zining asosiy va yordamchi organlarida erkak bilan xotin-qizlarning istagan vazifada va teng sharoitlarda qatnashish huquqini hech ham cheklamaydi". [1.,3-bob,8-modda] Jamiyatdagi bu muvozanat insoniyatning barqaror taraqqiyoti va farovon kelajagi kafolatidir.
Gender tengligini ta'minlashda xalqaro huquq normalarining o'rni beqiyos. Jumladan, 1948 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasida erkak va ayollarning tengligi alohida e'tirof etilgan bo'lib, Deklaratsiyaning 1-moddasida "Hamma odamlar o'z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo'lib tug'iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo'lishlari kerak", [2.,1-modda] deb ta'rif berilgan. Bundan tashqari 1966 yilda qabul qilingan yana bir xalqaro hujjat - Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi Xalqaro paktning 3-moddasida: "Mazkur paktda ishtirok etuvchi davlatlar erkaklar va ayollar uchun ushbu Paktda ko'rib chiqilgan barcha fuqarolik va siyosiy huquqlardan bir xilda foydalanishini ta'minlash majburiyatini oladi",[3.,3-modda] deya ta'kidlangan.
Mamlakatimiz o'z tashqi siyosat printsiplarida belgilangan xalqaro huquq normalariga rioya qilgan holda BMTning to'la huquqli a'zosi sifatida o'z o'rniga ega. Xususan BMT tomonidan qabul qilingan xalqaro deklaratsiyalar, paktlar hamda maqsadlarda belgilangan vazifalarni milliy qonunchiligimizda aks ettirgan holda inson manfaatlarini oliy o'rinda belgilanishi, ular huquqlarining kafolati O'zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi yuksak o'rnini belgilab bermoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta'kidlaganidek, "Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. O'zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini qabul qildik".[4.B.54]
Ta'kidlash joizki, BMTning Barqaror rivojlanish strategiyasi asosida Sh. Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan 2022- 2026 yillarga mo'ljallangan yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida bu muhim masalaga alohida urg'u berilganligi xalqaro tashkilotlar va xalqimiz tomonidan alohida e'tirof etilayotganligini ko'rishimiz mumkin.
Bu borada bir qator qonun hujjatlar qabul qilinganligi, xususan, 2019 yilda qabul qilingan "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng xuquq qamda imkoniyatlar kafolatlari to'grisida"gi, "Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida"gi qonunlar fikrimiz dalilidir. Ushbu qonunlarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari, ushbu sohada davlat boshqaruvi mexanizmlari belgilandi. Xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida O'zbekiston Respublikasida Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiya tashkil etildi.
Siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlashga qaratilgan "2015-2030 yillarda O'zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi" loyihasi ishlab chiqilib, unda gender tenglikni ta'minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, parlament yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo'yicha respublika komissiyasi, Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash masalalari bo'yicha maslahat-kengashlari, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo'yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida mamlakatimizda O'zbekistonning 2030-yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalari qabul qilingan.
Mazkur vazifalar doirasida gender tenglikni ta'minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda boshqa sohalarda zarur choralar belgilab olingan.
Jumladan, birinchidan, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng darajada davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki etarlicha ta'minlanmayapti, ularni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarga jalb qilish holati sustligicha qolmoqda.
Ikkinchidan, xotin-qizlarning davlat hokimiyati va boshqaruvidagi faoliyati to'g'risida jamiyatdagi salbiy qarashlar esa ularning siyosiy jarayonlarda o'z g'oyalarini ilgari surishiga to'sqinlik qilmoqda. Aksariyat hollarda xotin-qizlarga iqtisodiy ahamiyatga ega bo'lmagan va haq to'lanmaydigan uy xo'jaligi ishlari yuklatilmoqda.
Uchinchidan, ta'limda xotin-qizlar va erkaklar o'rtasida keskin tafovutlar kuzatilib, bugungi kunda umumiy o'rta ta'lim o'qituvchilarining 70 foizdan ortig'ini ayollar tashkil etmoqda. Ta'limning pedagogika va gumanitar fanlar (filologiya, pedagogika, psixologiya, madaniyat va san'at) yo'nalishlarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 68 foizni tashkil etsa, muhandis-texnik (axborot texnologiyalari, energetika, injeneriya) va huquqshunoslik sohalarida ularning ulushi hamon kamligicha (24 foiz) qolmoqda.
To'rtinchidan, respublika hududlarida, ayniqsa qishloq joylarida sog'liqni saqlash xizmatlari sifatining pastligi, xususiy tibbiy xizmatlarning rivojlanmaganligi, er va xotin o'rtasida oilani rejalashtirish bo'yicha tibbiy madaniyatning etarli emasligi onalar va go'daklar o'limlarining saqlanib qolishiga sabab bo'lmoqda.[5.,2-bob]
Ushbu maqsadda mamlakatimizda gender tengligi sohasini isloh qilishning yangi bosqichida gender strategiyasining asosiy maqsad va vazifalari ishlab chiqilib, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'iy nazar xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligini ta'minlashga e'tibor qaratildi. Bu maqsadni amalga oshirishda quyidagi asosiy vazifalar belgilandi:
- Xotin-qizlarning yer va mulkka nisbatan egalik qilish imkoniyatlarini kengaytirish;
- jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta'lim, ilm-fan hamda sport munosabatlarida xotin-qizlarning erkaklar bilan teng ishtirok etishlarini qo'llab-quvvatlash, qaror qabul qilishda ularning etakchilik qilishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratish;
- xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi o'rni bilan bog'liq salbiy qarashlarni o'zgartirish;
- aholi bandligi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarni, shuningdek, munosib ish o'rinlarini yaratish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xotin-qizlarning tijorat banklaridan kredit olishga bo'lgan imkoniyatlarini kengaytirish;
- xotin-qizlar va erkaklarni butun umri davomida o'qishga bo'lgan imkoniyatlarini rag'batlantirish, ularning oilani rejalashtirish borasidagi tibbiy madaniyatini oshirish va reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini yuksaltirish;
- odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, tazyiq va zo'ravonlikni oldini olish, ularni aniqlash va barham berish bo'yicha samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish;
- oilani mustahkamlash, oilaviy munosabatlarda barcha oila a'zolarining mas'ulligini oshirish, erta nikoh, yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikoh, erta tug'ruq hamda oilaviy ajralishlarning oldini olish;
- gender tenglik tamoyillarini ilgari surishda, xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarini teng amalga oshirishda byudjetni rejalashtirish, gender masalalarini byudjet jarayonlariga integratsiyalash, gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish;
- gender tenglik, ayollar tadbirkorligi, xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarini baholovchi xalqaro reyting va indekslarda O'zbekistonning o'rnini yaxshilash bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- 2030-yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi gender tenglikni ta'minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish milliy maqsadlariga erishishda parlament, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish;
- gender tenglik sohasidagi xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini ta'minlash, O'zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga mos bo'lgan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.[5., 3-bob]
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash joizki, bugungi kunda dunyo hamjamiyatida inson omili eng oliy o'rinda sanalib kelinmoqda. Mamlakatimiz taraqqiyotining strategik maqsadlari qatorida gender siyosati Jahon indekslarida bu sohaning yuqori o'rinlarida natija ko'rsatishi hamda xotin-qizlar manfaatlarini to'la ifoda etishda namuna bo'la olishi islohotlarimizning asosiy vazifasidir.
REFERENCES
1. BMT Nizomi. 1945yil 6 noyabr
2. BMTning Inson huquqlari to'g'risidagi Deklaratsiyasi. 1948 yil
3. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi Xalqaro pakt. 1966 yil
4. Mirziyoev Sh.M. Yangi O'zbekiston strategiyasi.Toshkent: "O'zbekiston" nashriyoti, 2021y.
5. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021 yil 28 maydagi SQ-297-IV- sonli "2030 yilga qadar O'zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida"gi Qarori