BIZNES SUBYEKTLAR FAOLIYATINI QAYTA TASHKIL ETISH VA
TUGATISH TUSHUNCHASI
Mavlonov F.O.
SamISI "Ijtimoiy fanlar" kafedrasi o'qituvchisi
Annotatsiya. Ushbu maqolada biznes subyektlar faoliyatini kayta tashkil etish va tugatish tushunchasi muallif tomonidan yoritib berilgan. Qolaversa, biznes subyektlarining huquqiy savotxonligini oshirish bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Kalit so'zlar: huquqiy ong, biznes subyektlari, tadbirkorlik faoliyati, huquqiy meyorlar.
Abstract. In this article, the author explains the concept of reorganization and termination of activities of business entities. In addition, proposals and recommendations were developed to improve the legal literacy of business entities.
Key words: legal consciousness, business subjects, entrepreneurial activity, legal standards.
Biznes huquqining subyektlari tarkibida korxonalar alohida o'rinni egallaydi. Ular mulkchilikning turli xil shakllarida tashkil qilinib, faoliyatini yuritishi mumkin. Biznes faoliyatini amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyekti tijoratchi tashkilotlarni tashkil etadi.
Korxonalarni tashkil etish, ularning faoliyat ko'rsatishi, ularni qayta tashkil etish va tugatishning umumiy huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy asoslari O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida»gi, «Ijara to'g'risida»gi, «Chet el investitsiyalari to'g'risida»gi, «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi, «Xo'jalik jamiyatlari va shirkatlari to'g'risida»gi, «Qishloq xo'jaligi kooperativi (shirkat xo'jaligi) to'g'risida»gi, «Fermer xo'jaligi to'g'risida»gi, «Dexqon xo'jaligi to'g'risida»gi qonunlar bilan tartibga solinadi.
Korxonaning quyidagi belgilari bor: birinchidan, mulkchilik huquqi yoki xo'jalikni to'la yuritish huquqi asosida o'z xodimlarining kuchi bilan ishlab chiqarish - xo'jalik faoliyatini amalga oshiradi; ikkinchidan, mustaqil reja asosida talab va taklifni e'tiborga olib hamda davlat ehtiyojlari uchun mahsulot ishlab chiqarish, ish bajarish, xizmat ko'rsatish bo'yicha faoliyat yuritadi; uchinchidan, o'z mulkidan xo'jalik yuritishda yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo'ladi; to'rtinchidan, huquqiy munosabatlarda mustaqil subyekt sifatida qatnashadi va yuridik shaxs huquqidan foydalanadi.
Korxona tushunchasi qonun hujjatlarida ikki xil ma'noda tushuniladi. Birinchi holatda korxonani huquq subyekti deb, ikkinchisida esa, huquq obyekti deb tushuniladi. Fuqarolik kodeksida korxona ikki xil ma'noda ifoda qilingan. Bizga ma'lumki, 1963 yilgi Fuqarolik kodeksida korxona faqat huquq subyekti ma'nosida
tushunilar edi. Endilikda esa korxona huquq obyekti sifatida moddiy ne'matlar tarkibida o'ziga xos huquqiy maqomga ega.
Korxonalar huquqiy layoqatining mohiyatini ochishda uning mulk huquqi obyekti sifatidagi o'ziga xos xususiyatlarni ochib berish nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliy nuqtai nazardan muhim ahamiyatga egadir.
Butun korxona mulkiy kompleks sifatida ko'chmas mulk hisoblanadi. Bozor munosabatlari sharoitida tadbirkorlikning keng rivojlantirilishi natijasida xususiy sektorda kichik korxonalarning salmog'i yana orta boshlaydi. Natijada, tadbirkorlar o'zlariga tegishli bo'lgan korxonalarga nisbatan nafaqat mulk huquqi subyekti sifatida, balki mulk huquqi obyekti ko'rinishida vakolatlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Biznes huquqi subyektlari o'zlarining korxonalarini boshqa birovga sotish, garovga qo'yish, ijara shartnomasi asosida foydalanish uchun berishi mumkin. Shuningdek, mol-mulkini idora qiluvchi subyektga ishonchli boshqarish huquqini beruvchi shartnoma asosida mulkni boshqarish vakolatini berish mumkin. Bu yerda mulkni boshqarish deganda, muayyan korxonani mulkdor emas, balki uni boshqarish huquqini olgan tadbirkorlik subyekti nazarda tutiladi.
Mulkiy kompleks bo'lgan korxona tarkibiga uning faoliyati uchun mo'ljallangan hamma mulk turlari, shu jumladan yer uchastkalari, binolar, inshootlar, uskunalar, invertar, xom ashyo, mahsulot, talab qilish huquqi, qarzlar, shuningdek korxonani, uning mahsuloti, ishlari va xizmatlarini aks ettiruvchi xususiy alomatlarga (firma nomi, tovar belgilari, xizmat ko'rsatish belgilari) bo'lgan huquqlar va boshqa mutlaq huquqlar, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, kiradi.
Uy-joy ko'chmas mulk obyekti sifatida xususiy korxona manzilgohi bo'lib hisoblanishi mumkin. Uy-joy sohasidagi ko'chmas mulkka bo'lgan huquq 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining «Davlat uy-joy siyosatining asoslari to'g'risida»gi qonuni asosida belgilanadi. Ushbu qonunning 9-moddasiga ko'ra, uy-joy sohasidagi ko'chmas mulk xususiy mulk, davlat mulki, shuningdek jamoat tashkilotlarining mulki bo'lishi hamda qonun hujjatlarida belgilab qo'yilgan tartibda mulkchilikning bir shaklidan boshqa shakliga o'tishi mumkin.
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat uy-joy mulki huquqining subyektlaridir. Uy-joy mulki huquqi muddatsiz bo'lib, shaxsning o'ziga tegishli uy-joy binosiga o'z xohishi va manfaatlariga qarab egalik qilish, undan foydalanish va uni boshqarish, shuningdek o'zining mulk huquqi buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Uy-joy binolarining ko'rinishini o'zgartirishga, ularni qayta qurish yoki buzishga boshqaruv organlarining tegishli ruxsatnomasi bo'lgan taqdirda yo'l qo'yiladi.
Uy-joy sohasidagi ko'chmas mulk yoki uning bir qismining xususiy mulkligi miqdori o'lcham va qiymat jihatidan cheklanmaydi va u mahalliy davlat hokimiyati organlarida ro'yxatga olinishi lozim.
Korxona mol-mulk egasi (egalari) va u (ular) vakil qilgan idora, korxona, tashkilot yoki mehnat jamoasining qaroriga muvofiq yo bo'lmasa, ta'sis etuvchilar
guruhi va ayrim ta'sis etuvchi shaxslar qarori bilan ushbu qonunda hamda O'zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida ko'zda tutilgan tartibda barpo etilishi mumkin. Korxona ishlab turgan korxonalar, tashkilotlar tarkibidan bitta yoki bir necha tarkibiy bo'linmaning shu bo'linma (bo'linmalar) mehnat jamoasi tashabbusi bilan ajralib chiqishi natijasida, agar bunday ajralib chiqish uchun korxona mol-mulk egasining (u vakil qilgan idora, korxona va tashkilotning) roziligi bo'lsa va korxona ilgari o'z zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishini ta'minlasa, tuzilishi mumkin.
Korxona davlat ro'yxatidan o'tgan kundan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi va yuridik shaxs huquqini oladi.
O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 41-moddasiga asosan yuridik shaxs o'zining ta'sis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqarolik huquq layoqatiga ega bo'ladi. Yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi va uni tugatish yakunlangan paytdan e'tiboran tugatiladi.
Yuridik shaxsning maxsus huquq layoqati uning ustavi, nizomi yoki qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Yuridik shaxs qonunda belgilab qo'yilgan ayrim faoliyat turlari bilan faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosidagina shug'ullanishi mumkin. Yuridik shaxsning huquqlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina cheklanishi mumkin. Yuridik shaxsning huquqlarini cheklash haqidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari, agar O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida o'zgacha tartib ko'zda tutilgan bo'lmasa, ular joylashgan yerdagi mahalliy va boshqaruv idoralari tomonidan davlat ro'yxatidan o'tkaziladi. Yuridik shaxs sifatida tadbirkorlik faoliyati yurituvchi subyektlarning davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi ma'lumotlar barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq bo'lgan yuridik shaxslarning yagona davlat reestriga kiritiladi.
O'zbekiston Respublikasining 2000 yil 25 mayda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida»gi qonuni 11-moddasida tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazishning o'ziga xos xususiyatlari huquqiy ifodasini topgan. Xususan, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tegishli davlat organi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.
Ro'yxatdan o'tkazuvchi organlar ariza beruvchiga tadbirkorlik faoliyati subyekti tariqasida davlat ro'yxatidan o'tkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas, degan vaj bilan rad etishga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qo'shimcha talablarni belgilashga haqli emas.
Ariza beruvchini tadbirkorlik faoliyati subyekti tariqasida davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etganlik, shuningdek ro'yxatdan o'tkazish muddatlarini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Ro'yxatdan o'tkazuvchi organning qarori, shuningdek mazkur organ mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda ular ariza beruvchiga ro'yxatdan
o'tkazishni rad etganlik yoki ro'yxatdan o'tkazish muddatini buzganlik tufayli yetkazilgan zararning o'rnini qoplaydilar va ma'naviy zarar uchun tovon to'laydilar. Korxonani davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun tegishli mahalliy hokimiyat va boshqaruv idorasiga bu korxonani tashkil etish to'g'risidagi qaror, ustav hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab qo'yadigan ro'yxat bo'yicha hujjatlar taqdim etiladi.
Korxona ustav asosida ish olib boradi. Ustavni korxonani ta'sis etuvchi (ta'sis etuvchilar) tasdiqlaydi. Korxona ustavida korxonaning nomi, uning qaerda joylashganligi, faoliyat turi va maqsadlari, uning boshqaruv va nazorat organlari, ularning vakolati, korxona mol-mulkini tashkil etish va foydani (daromadni) taqsimlash tartibi, korxonani qaytadan tashkil etish va faoliyatini to'xtatish shartlari qo'yiladi.
Ustav korxona faoliyatining xususiyatlari bilan bog'liq bo'lgan, qonunlarga zid kelmaydigan o'zga qoidalar ham kiritilishi mumkin.
Korxona mulkdori (mulkdorlari) o'ziga qarashli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga ega. Mulkdor (mulkdorlar) o'z mol-mulkiga nisbatan qonunga zid bo'lmagan har qanday harakatlarni qilishga haqli. Ular mol-mulkdan qonunda taqiqlab qo'yilmagan har qanday xo'jalik faoliyatini yoki o'zga faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishi mumkin.
Korxona o'z ustaviga muvofiq boshqariladi. Korxona boshqaruv tuzilishi, shakli va uslublarini mustaqil aniqlaydi, shtatlarni belgilaydi. Mulkdor yoki xo'jalikni to'la yuritish huquqi subyekti korxonani bevosita yoki o'zi vakolat bergan idoralar orqali boshqaradi. U vakolat bergan idoralar ana shu huquqlarni korxona kengashi (idorasiga) yo bo'lmasa, korxona ustavida ko'zda tutilgan hamda mulkdor va mehnat jamoasi manfaatlarini idora etadigan boshqa idoraga topshirishi mumkin. Korxona rahbarlarini yollash (tayinlash, saylash) va bo'shatish, korxona mulki egasini yoki xo'jalikni to'la yuritish huquqini ular bevosita, shuningdek o'zlari vakil qilgan idoralar orqali yoki korxonani boshqarish huquqi berilgan korxona kengashi, boshqaruvi yoxud boshqa idoralar orqali amalga oshiradilar.
Korxona rahbari lavozimiga yollash (tayinlash, saylash) chog'ida nomzod shaxs bilan bitim (shartnoma, kelishuv) tuziladi, unda korxona rahbarlarining huquqlari, vazifalari va mas'uliyati, uning moddiy ta'minoti hamda egallab turgan lavozimidan bo'shatish shartlari O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida ko'zda tutilgan kafolatlarni hisobga olgan holda belgilab qo'yiladi. Korxona rahbarlari korxona faoliyati bilan bog'liq masalalarni mustaqil hal qiladi, mehnat jamoasi va korxona kengashi umumiy yig'ilishi (konferentsiyasi)ning mutlaq vakolatiga topshirilgan masalalar bundan mustasno.
Korxona nomidan ishonch qog'ozisiz ish olib boradi, mamlakatdagi va chet eldagi barcha korxonalarda, firmalar va tashkilotlarda shu korxona manfaatlarini himoya qiladi, korxona mol-mulkini tasarruf etadi, shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalarini tuzadi, ishonch qog'ozlari beradi, banklarda hisob raqamlari va boshqa raqamlar ochadi, mablag'larni tasarruf etish huquqidan foydalanadi, direktsiyaning
ijroiya devoni shtatlarini tasdiqlaydi, korxonaning barcha xodimlari uchun majburiy buyruqlar chiqaradi va ko'rsatmalar beradi.
Korxona rahbari o'z o'rinbosarlarini, boshqaruv devoni rahbariyatini va tarkibiy bo'linmalar rahbarlarini mustaqil tayinlaydi va ishdan ozod qiladi. Korxona rahbari, o'rinbosarlari, boshqaruv devoni va tarkibiy bo'linma rahbarlari muayyan doiradagi majburiyatlarga ega bo'lib, tegishli ish uchastkalariga rahbarlik qiladi va uning uchun javobgar hisoblanadi.
Xo'jalik faoliyatining barcha sohalarida korxonaning boshqa korxonalar, tashkilotlar va fuqarolar bilan munosabatlari shartnoma negizida quriladi. Korxonalar nima haqda shartnoma tuzishni tanlashda, majburiyatlarni, o'zaro xo'jalik munosabatlarining qonunlarga zid bo'lmagan boshqa har qanday shartlarini aniqlashda erkindir.
Korxona o'z mahsuloti va mol-mulkini basharti, qonunlarga zid bo'lmasa, o'z xohishiga ko'ra sotadi, shuning bilan birga xizmatlar ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanadi. Korxona mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni boshqarish, xizmat ko'rsatishda iste'molchilarning huquqlarini himoya qilishi shart. Iste'molchilar bilan ishlab chiqaruvchilar o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda O'zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilgan «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi qonunining ahamiyati kattadir. Ushbu qonunning 8-moddasiga asosan, iste'molchi shartnoma tuzish yo'li bilan tovarni (ish xizmat)ni erkin sotib olish huquqiga ega bo'lib, bu shartnomaga ko'ra, sotuvchi ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste'molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish (ish bajarish, xizmat ko'rsatish) majburiyatini, iste'molchi esa, shartlashilgan pulni to'lash majburiyatini o'z zimmalariga oladilar.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
1. Alimov А. Kichik korxonalarni boshqarishni takomillashtirish // Xo'jalik va huquq - 2000 - № 12 - 31 b;
2. Alimov I. Yuridik shaxslarni tugatish // Xo'jalik va huquq, 2001 y., №12;
3. Anortoev I. Tadbirkorlik kontsessiyasi yoki franchayzingni qanday tushunmoq kerak // Xo'jalik va huquq, 1999 y., №9;
4. Anortoev I. Tadbirkorni himoya qilish lozim // Xo'jalik va huquq, 2001 - №4;
5. Ibratov B. Xususiy tadbirkorning huquq va burchlari // T.: Adolat, 2001 (Tadbirkor huquqiy kutubxonasi) 5-son;
6. Ibratov B. Tadbirkorlikning kelib chiqishi va rivojlanishining huquqiy asoslari // Xo'jalik va huquqi, 2001 - №8;