BARQAROR TARAQQIYOT MAQSADLARIDA UZLUKSIZ TA'LIM:
KADRLARNI TANLASH VA JOY-JOYIGA QO'YISH MUAMMOLARI
Bahrom Nigmatovich Pulatov
A. Avloniy nomidagi xalq ta'limi muammolarini o'rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent
Annotatsiya: Maqolada barqaror taraqqiyot maqsadlarining ta'lim tizimida kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo'yish va shu sohadagi mavjud ayrim muammolar o'rganilgan va o'ziga xos xususiyatlari tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: Rahbar va pedagog kadrlar, uzluksiz ta'lim, xalq ta'limi tizimi, oliy ta'lim, kadrlarni rejalashtirish, kadrlarga bo'lgan ehtiyoj, malaka oshirish.
НЕПРЕРЫВНОЕ ОБРАЗОВАНИЕ В ЦЕЛЯХ УСТОЙЧИВОГО
РАЗВИТИЯ: ПРОБЛЕМЫ ОТБОРА И РАССТАНОВКИ КАДРОВ
Аннотация: В статье рассмотрены некоторые существующие проблемы отбора и расстановки кадров в системе образования устойчивого развития, а также анализированы их специфические особенности.
Ключевые слова: Управленческие и педагогические кадры, непрерывное образование, система народного образования, высшее образование, кадровое планирование, потребность в кадрах, повышение квалификации.
CONTINUING EDUCATION FOR SUSTAINABLE DEVELOPMENT: PROBLEMS OF PERSONNEL SELECTION AND PLACEMENT
Abstract: The article considers some existing problems of personnel selection and placement in the education system of sustainable development, as well as analyzes their specific features.
Keywords: Managerial and pedagogical personnel, continuing education, public education system, higher education, personnel planning, personnel need, professional development.
Pedagog xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo'yishni takomillashtirish har qanday davlat oldida turgan vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish va ta'limni mustahkamlashning muhim shartidir. Shu bilan birga, har qanday maktabda yuqori malakali pedagog xodimlar jamoasini shakllantirish muammosi xalq ta'limi tizimining eng murakkab muammolaridan biridir. Pedagog kadrlarni tanlash, ular
faoliyatini baholashning ilmiy mezonlarini ishlab chiqish, kadrlarga bo'lgan ehtiyojlarni tahlil qilish, pedagog xodimlarni joy-joyiga qo'yish ishlari samarali texnologiyalarni shakllantirish masalalarini yechishni taqazo etadi.
Pedagog xodimlar bilan ishlashdagi ustuvor vazifalarni yechishga qaratilgan faoliyatda davlatimizdagi kadrlar siyosatining amal qilishini takomillashtirish, kadrlar bilan ishlash, malaka oshirishning yangi tizimini yaratish bo'yicha jahon tajribasini o'rganish lozim. O'rganishlar shuni ko'rsatmoqdaki, kadrlar bilan ishlashning ilmiy asoslari mamlakatimizda yetarli darajada o'rganilmagan, kadrlarni shakllantirishga yangicha yondashuvlar, shaxsni o'rganishning usul va vositalari ilmiy jihatdan fundamental tadqiq etilmagan va, shu bilan birgalikda, kadrlar faoliyatini baholash va rag'batlantirishning ilmiy asoslari tizimlashtirilmagan. Shu jumladan, xalq ta'limi tizimida ham bu masalalar rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarni tanlash, joy-joyiga qo'yish va qo'llab-quvvatlash sohalarida, shuningdek, boshqaruv va pedagogik kadrlar bilan ishlashning ilg'or texnologiyalarini izlashda qo'shimcha nazariy tadqiqotlarning zarurligiga olib keladi.
Mamlakatimiz Prezidentining "Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi 2018-yil 5-sentabrdagi PF-5538-son Farmoni [1, 1], "Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3931-son Qarori [2, 1] bilan xalq ta'limi tizimida O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida [3, 4] belgilangan vazifalar izchilligini ta'minlash yuzasidan ulkan ishlar amalga oshirildi. Bu borada bugungi kunda umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim sohasida rahbarlarni va pedagogik kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yish masalalarini hal etish, umumiy o'rta ta'limning dolzarb masalalari va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish bo'yicha chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi, o'quv-tarbiya jarayoniga sifat standartlarini joriy etish, pedagog kasbining nufuzini oshirish kabi kamchiliklar mavjud. Keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish sohada yo'l qo'yilgan bo'shliqlarni to'ldirish uchun tabiiy yuqori malakali, tajribali har tomonlama bilimi puxta kadrlar zarur. Bugungi tahlillardan kelib chiqadigan bo'lsak, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari orasida yuqori darajada o'qitilgan kadrlarning kamligi, kadrlar kasbiy mahoratining pastligi sababli qonunlarimizda nazarda tutilgan xodimlarni kerakli lavozimlarga tanlashda muammolarni yuzaga keltirmoqda.
So'nggi yillarda ijtimoiy sohada, shu jumladan, ta'limda xodimlar bilan bog'liq vaziyat maqtanadigan darajada yaxshi emasligi ko'pchilikka ayon. Oliy ta'lim muassasalarining eng yaxshi va a'lo darajada o'qitilgan bitiruvchilari va mutaxassislari aksariyat hollarda nodavlat tuzilmalarga yoki oylik maoshlari jozibador tijorat sektorlariga ketib qolmoqdalar. Natijada, davlat muassasalarida, shu qatorda,
ta'lim muassasalarida ham kamroq jozibador maosh va istiqbolga ega bo'ladigan hamda xodimlardan yuqori intizom, talabchanlik va mas'uliyat talab qiladigan xizmatlarga kadrlarni saralab olish va ta'minlashda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.
Oxirgi yillarda oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari saviyasining kutilayotgan me'yorlardan past darajasi ham xavotirga solmoqda. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, bitiruvchilarning aksariyati o'z faoliyatining profiliga mos keladigan bilimga ega emas. Xalq ta'limi tizimida ta'lim muassasalarining boshqaruv va o'quv jarayonlarini to'laqonli tashkil etish uchun yuqori malakali mutaxassislar yetishmovchiligi mavjud. Bu muammoni kadrlar siyosatining ilmiy asoslangan konsepsiyasisiz yechish mumkin emas. Undan tashqari, barcha sohalardagi kabi ta'lim tizimlarida ham rahbar, mutaxassis va pedagog kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yish ilmiy tamoyillarga asoslanishi lozim.
Ma'lumki, kadrlar bilan ishlash masalasi kadrlarni rejalashtirish, tanlash, ularning malakasini oshirish, kadrlar faoliyatini baholash va rag'batlantirish, ularni ijtimoiy nazorat qilish va himoyalash kabilarni o'z ichiga oladi. Bu ishning asosini kadrlarni rejalashtirish - muassasani kerakli vaqtda to'g'ri lavozimlarga qabul qilingan malakali kadrlar bilan ta'minlash jarayoni tashkil etishi lozim. Kadrlarni rejalashtirishning vazifasi muassasaning maqsad va rejalarini malakali xodimlar uchun aniq ehtiyojlarga aylantirishdan iborat. Har qanday tashkilot va muassasa strategik maqsadlarni belgilashda albatta xodimlarni rejalashtirishdan foydalanishi lozim. Shuning uchun ularning ayrimlari bu sohada jiddiy izlanishlar olib boradilar, boshqalari masalaga yuzaki yondashadilar. Har qanday holatda ham, har qanday tashkilot va muassasaning muvaffaqiyati tegishli lavozimlarda zarur malakali xodimlar mavjudligiga bog'liq. Tashkilot va muassasalarning maqsad va strategiyalari mutaxassislar ushbu maqsadlarga erishish bilan shug'ullanganidagina muhim ahamiyatga ega bo'ladi.
Bu masalada yuzaki yondashuv, malakasiz yoki e'tiborsiz kadrlar bilan ishlash jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin. Yuqori samara keltiruvchi xodimlarni rejalashtirish yordamida bo'sh lavozimlarni to'ldirish xodimlar aylanmasini kamaytirishga olib keladi va muassasa ichidagi mutaxassislarning imkoniyatlarini baholash imkoniyatini yaratadi.
Kadrlarni rejalashtirish muassasaning umumiy kadrlar ehtiyojlarini aniqlash hisoblanadi. Bu muassasaning rivojlanish maqsadlariga muvofiq ularning soni, malakasi, vaqti, bandligi va joylashtirilishidan kelib chiqqan holda xodimlarning kerakli sonini hisoblashdir. Hisob-kitob mehnatga bo'lgan ehtiyoj va kadrlarning haqiqiy holatini taqqoslashga asoslangan va kadrlarda boshqaruv qarorlarini qabul qilishning axborot asosi bo'lib hisoblanadi.
Bugungi kunda ta'lim sohasida kadrlarga bo'lgan ehtiyojni aniqlash kadrlarni rejalashtirishning eng muammoli jihatlaridan biridir. Buning sababi, aniq ilmiy mezonlar va xodimlar sonini aniqlash bo'yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarning yo'qligidir. To'g'ri, bugungi kunda bu sohada tashabbuslar mavjud, ammo ularning aksariyati mantiqiy xulosaga ega emas. Shuning uchun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi "O'zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-6108-son Farmoni [4, 1] va "Ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" PQ-4884-son Qaroriga [5, 1] hamda 2021-yil 25-yanvardagi "Xalq ta'limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo'llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-4963-son Qarori [6, 1] asosida yuqorida sanab o'tilgan muammolarning asoslarini o'rganish bo'yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
REFERENCES
1. Узбекистан Республикаси Президентининг 2018 йил 5 сентябрдаги "Халк таълими бошкарув тизимини такомиллаштириш буйича кушимча чора-тадбирлар туFрисида"ги ПФ-5538-сон Фармони.
2. Узбекистан Республикаси Президентининг 2018 йил 5 сентябрдаги "Халк таълими тизимига бошкарувнинг янги тамойилларини жорий этиш чора-тадбирлари туFрисида" ги ПК-3931- сон Карори.
3. Узбекистон Республикаси Президентининг 2017 йил 7 февралдаги "Узбекистан Республикасини янада ривожлантиришнинг Хдракатлар стратегияси туFрисида"ги ПФ-4947-сон Фармони.
4. Узбекистон Республикаси Президентининг 2020 йил 6 ноябрдаги "Узбекистоннинг янги тараккиёт даврида таълим-тарбия ва илм-фан сохдларини ривожлантириш чора-тадбирлари туFрисида"ги ПФ-6108-сон Фармони.
5. Узбекистон Республикаси Президентининг 2020 йил 6 ноябрдаги "Таълим-тарбия тизимини янада такомиллаштиришга оид кушимча чора-тадбирлар туFрисида" ПК-4884-сон Карори.
6. Узбекистон Республикаси Президентининг 2021 йил 25 январдаги "Халк таълими сохдсидаги илмий-тадкикот фаолиятини куллаб-кувватлаш хдмда узлуксиз касбий ривожлантириш тизимини жорий килиш чора-тадбирлари туFрисида"ги ПК-4963-сон Карори.