BANKLARNING MUAMMOLI AKTIVLARI VA ULARNING YUZAGA
KELISH SABABLARI
Malikova D.M.
SamISI, "Investitsiya va innovatsiyalar" kafedrasi katta o'qituvchisi
Eshmurodov Z.
SamISI talabasi
Annotatsiya. Bankning kredit portfelini boshqarish tijorat banki uchun ma'lum darajadagi professionallikni va kreditlashning iqtisodiy mohiyatini bilishni talab qiladigan juda muhim masaladir. Mazkur maqolada tijorat banklarining muammoli kreditlari tushunchasining mazmuni, muammoli aktivlarni yuzaga kelishiga ta'sir etuvchi omillar hamda bank kredit portfelini samarali boshqarish borasida takliflar keltirilgan.
Kalit so'zlar. Tijorat banklari, kredit portfeli, muammoli kredit, kredit portfeli
sifati.
Abstract. Management of the bank's loan portfolio is a very important issue for a commercial bank that requires a certain level of professionalism and knowledge of the economic nature of lending. This article presents the content of the concept of problem loans of commercial banks, factors affecting the emergence of problem assets, and suggestions for effective management of the bank's loan portfolio.
Key words. Commercial banks, loan portfolio, problem loan, loan portfolio quality.
O'zbekiston Respublikasi bank tizimining samaradorligini oshirish iqtisodiyotning real sektorini kreditlashda banklarning faol ishtirok etishi bilan bog'liqdir. Biroq, mamlakatimiz tijorat banklari kreditlash faoliyatini olib borishda bir qancha qiyinchilik va muammolarga duch kelmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda tijorat banklarini daromad keltiruvchi aktivlarining asosiy qismini tashkil etuvchi kreditlar orasida muammoli aktivlarning mavjudligi sezilarli bo'lmoqda.
Banklar jalb qilingan mablag'lardan asosan kredit berish sifatida foydalanar ekan, bunda nafaqat daromad olish, balki mablag'larni "kredit oluvchi" dan to'laligicha undirib olish masalasini oldindan belgilab olishi zarur. Chunki, "bank sarmoya egasi sifatida sarmoyani emas, balki sarmoyadan foydalanish huquqini ma'lum bir shart va ustama foizlar bilan sotadi"
Ayni paytda bizning mamlakatimizda ham ilmiy-nazariy hamda amaliyotchilar doiralarida "muammoli aktiv" tushunchasi avvaliga nisbatan ancha ko'proq qo'llanilmoqda va bahs munozaralarga sabab bo'lmoqda. Bu albatta, bejiz emas, chunki bugungi kunda respublikamiz bank tizimining kredit portfelida muammoli aktivlarning ulushi ancha yuqori foizni tashkil etmoqda.
Ilmiy adabiyotlarda muammoli aktivlarga bir qancha ta'riflar berilgan. Ayrim adabiyotlarda, tijorat banklari faoliyatida xavfli bo'lgan kredit qo'yilmalar - bu
muammoli aktivlar shakliga kirgan qo'yilmalardir deb ta'riflansa, ayrim adabiyotlarda muammoli aktivlar deganda, ob'ekti, sub'ekti va ta'minotiga nisbatan bank tomonidan shubha paydo bo'lgan kredit deya ta'rif berilgan. Shuningdek, agar berilgan kredit muammoli taminotga ega bo'lsa va ushbu ta'minotning qiymati qaytarilmagan qarz miqdoridan kam bo'lsa, bu holda ushbu kredit muammoli aktiv hisoblanadi, substandart va undan past tasniflanuvchi kreditlar muammoli aktivlar toifasiga kiradi.
Muammoli aktiv deganda, "qoniqarsiz", "shubhali" va "umidsiz" kreditlar sifatida tasniflangan kreditlar tushuniladi. O'zining iqtisodiy mohiyatiga ko'ra, muammoli aktivlar kredit risklarining amalda yaqqol namoyon bo'lishining natijasidir, ya'ni kredit risklarini to'g'ri boshqara olmaslik oqibati bo'lib hisoblanadi.
Demak, "muammoli aktiv" tushunchasi "kredit risklari" kategoriyasi bilan bevosita bog'liqdir. Shuning uchun muammoli aktivlarning mohiyatini ochib berishda kredit risklarining iqtisodiy mazmuniga to'xtalib o'tish o'rinli bo'ladi va biz qo'yilgan maqsadga erishishimizga yordam beradi.
Umuman, muammoli aktivlarning kelib chiqishi faqatgina kredit riskiga bog'liq bo'lmaydi. Zero, valyuta riski, bozor riski, foiz stavkalarining o'zgarishi riski va boshqa qator risklarining mavjudligi hamda ularni to'g'ri baholay olmaslik muammoli aktivlarning kelib chiqishiga ta'sir ko'rsatadi. Muammoli aktivlarning iqtisodiy mazmunini tadqiq etishda risklarning o'rni va ta'siri asos sifatida ishtirok etadi.
Bank menejmenti sohasida samarali ilmiy tadqiqotlar olib borgan amerikalik mutaxassis Piter Rouzning fikricha, qarz oluvchi bir yoki bir necha to'lovlarni amalga oshirmaganligi yoki kredit ta'minoti qiymatining pasayishi kreditni muammoli aktivlar turkumiga o'tishini anglatadi.
Muammoli aktivlar birdaniga sodir bo'lmasdan uning elementlari kreditlash jarayonida asta-sekin yuzaga kela boshlaydi. Muammoli aktivlar doimiy monitoring olib borilmasligi natijasida ham paydo bo'ladi. Monitoring jarayonida qarzdorning buxgalteriya hisobotlarida moliyaviy kamchiliklar aniqlangandan so'ng, bank xodimi albatta korxonaga tashrif buyurishi (mijoz ofisiga) kerak. Kreditdan unumli foydalanish joylarda, korxona va tashkilotlarda, qoida bo'yicha, har chorakda tekshirilishi kerak. Kreditlash jarayonida yo'l qo'yilgan xato bank kredit siyosatining noto'g'ri tuzilganligidan dalolat beradi. Muammoli aktiv asosan kredit portfeli tarkibidagi kreditlarning foizlari bilan qaytarishda imtiyozli davrning ko'p berilishida kuzatilmoqda. Shuningdek kredit monitoringida doimiy nazoratning olib borilmasligi va uning natijasida kredit va unga to'lanadigan foizlarni vaqtida to'lanmasligi, oxir-oqibatda mijozning kreditorlik yukini oshib ketishi va uni to'lash bo'yicha moliyaviy ahvolining yomonlashuvigv olib kelmoqda.
Muammoli aktivlarning kelib chiqish sabablari turlicha bo'lishi mumkin. Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra, banklarning muammoli aktivlarini yuzaga kelishida ichki omillari bo'yicha 67% yo'qotishlarga sabab bo'ladi. Bu ko'rsatkich tashqi omillar bo'yicha bor-yo'g'i 33% ni tashkil etadi.
Tijorat banklari amaliyotida muammoli aktivlarni yuzaga kelishiga ta'sir qiluvchi omillarni quyidagi toifalarga ajratishimiz mumkin:
a) moliyaviy omillar: to'lovlarni kechiktirish; moliyaviy hisobotlarni taqdim etmaslik; mijozning debitorlik talablarini yashirish; soliq to'lovlarni yashirish; debitorlik talablarini muddatini uzoq qilib ko'rsatish;
b) informatsion omillar: moliyaviy hisobotlarni kechiktirib yetkazish; moliyaviy hisobotlarni noto'g'ri ko'rsatish;
d) tashkiliy omillar: mutaxasislarni noto'g'ri tanlash; hisob va hisobot metodlarini o'zgartirish.
Xulosa sifatida aytishimiz mumkinki, muammoli aktivlar bilan ishlashda kreditlash jarayonida xatoga yo'l qo'ymaslik, qarz oluvchining moliyaviy holatini to'liq va aniq tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Muammoli aktivlarni yuzaga kelishini oldini oladigan samarali ko'rsatkichlarni amaliyotga joriy etish, garovni rasmiylashtirishda avvalo, garovni turli xillashtirish va notarial tasdiqlashda garovni kimga tegishli bo'lishini aniqlashtirish lozim. Kredit jarayonini boshqarish va monitoringini uzluksiz amalga oshirish maqsadga muvofiq bo'ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
1. Маликова Д. М. и др. ТЕОРЕТИЧЕСКИЕ АСПЕКТЫ КРЕДИТА: СУЩНОСТЬ И ФУНКЦИИ //Journal of new century innovations. - 2023. - Т. 30. - №. 4. - С. 3-6.
2. Кравченко, О. В. Управление кредитным портфелем банка / О. В. Кравченко, С. А. Болгов, А. А. Васина // Энигма. - 2020. - № 18-1. - С. 19-30. -EDN JFTCQW.
3. Омонов А.А., Коралиев т.М. "Пул ва банклар" Дарслик. Т.: "ИКТИСОД-МОЛИЯ", 2019 й. - 461 б.
4. Маликова Дилрабо Муминовна, Бурханов Искандар Шухратович КРЕДИТНЫЙ ПОРТФЕЛЬ БАНКОВ И МЕТОДЫ ЭФФЕКТИВНОГО УПРАВЛЕНИЯ ИМ // JMBM. 2023. №3. URL: https://cyberleninka.ru/article/n7kreditnyy-portfel-bankov-i-metody-effektivnogo-upravleniya-im.
5. Бектемиров Абдумалик, Маликова Дилрабо Муминовна, Каримов Мардон Акрам Угли ТИЖОРАТ БАНКЛАРИДА МУАММОЛИ КРЕДИТЛАРНИ БОШКАРИШ АМАЛИЁТИНИ ТАКОМИЛЛАШТИРИШ // JMBM. 2023. №2. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/tizhorat-banklarida-muammoli-kreditlarni-bosh-arish-amaliyotini-takomillashtirish.
6. Бектемиров Абдумалик, Маликова Дилрабо Муминовна, Пирназаров Умид Наржигитович БАНК КРЕДИТ ПОРТФЕЛИ ВА УНИ САМАРАЛИ БОШКАРИШ ЙУЛЛАРИ // JMBM. 2023. №2. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/bank-kredit-portfeli-va-uni-samarali-bosh-arish-y-llari.