Научная статья на тему 'BAHO KATEGORIYASI TILSHUNOSLIK OBYEKTI SIFATIDA'

BAHO KATEGORIYASI TILSHUNOSLIK OBYEKTI SIFATIDA Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
3
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
obyektiv va subyektiv omillar / olam lisoniy manzarasi / til birliklari / kategoriya / grammatik va leksik vositalar / semantik kategoriya / emotsiya

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — N.J.Sulaymanova

Mazkur maqola olam lisoniy manzarasining yaralish jarayoni obyektiv va subyektiv omillar o‘zaro munosabati doirasida kechini, obyektiv omillar voqelikdagi qonuniyatlarga asoslansa, subyektiv omillar esa insonning biologik va ijtimoiy xususiyatlari bilan bog‘liqligini, mazkur omillarning o‘zaro aloqasi lisoniy birliklar tanlovini ta’minlashi ta’kidlangan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BAHO KATEGORIYASI TILSHUNOSLIK OBYEKTI SIFATIDA»

BAHO KATEGORIYASI TILSHUNOSLIK OBYEKTI SIFATIDA

N.J.Sulaymanova

SamDCHTI., Ingliz tili II fakulteti PhD., v.v.b. prof. https://doi.org/10.5281/zenodo.10816087

Annotatsiya. Mazkur maqola olam lisoniy manzarasining yaralish jarayoni obyektiv va subyektiv omillar o'zaro munosabati doirasida kechini, obyektiv omillar voqelikdagi qonuniyatlarga asoslansa, subyektiv omillar esa insonning biologik va ijtimoiy xususiyatlari bilan bog'liqligini, mazkur omillarning o'zaro aloqasi lisoniy birliklar tanlovini ta'minlashi ta'kidlangan.

Kalit so'zlar: obyektiv va subyektiv omillar, olam lisoniy manzarasi, til birliklari, kategoriya, grammatik va leksik vositalar, semantik kategoriya, emotsiya

Abstract. This article describes the creation process of the linguistic landscape of the world within the framework of the interaction of objective and subjective factors, the objective factors are based on the laws in reality, and the subjective factors are related to the biological and social characteristics of a person, the interaction of these factors explains the choice of linguistic units.

Keywords: objective and subjective factors, linguistic landscape, language units, category, grammatical and lexical tools, semantic category, emotion

Tilning antropotsentrizm nuqtai nazaridan o'rganilishi uning obyektiv borliq-tafakkur-til-madaniyat gnoseologik to'rtligi doirasida tadqiq qilinishini taqozo etadi [Safarov 2015, 287]. Mavjud borliqni tilda aks ettirayotgan tafakkur voqelikdagi hodisalarni u yoki bu yo'sinda umumlashtiradi, ular o'rtasidagi aloqani imkoni boricha soddalashtiradi va unga subyektivlik xususiyatini singdiradi. Bularning barchasi inson bilish faoliyatining ijodiylikka moyilligidan xabar beradi. Xuddi shu subyektiv unsur tafakkurning lisoniy voqelanishida saqlanib qoladi hamda tashqi dunyoning til tizimida aks topishiga ta'sir ko'rsatadi. Oqibatda, olam lisoniy manzarasining shakllanishi insonning voqelikni qay darajada idrok etishi, ushbu voqelikka qanday "ko'z bilan qarashi"ga bog'liq bo'lib qoladi.

Shu asnoda, olam lisoniy manzarasining yaralish jarayoni obyektiv va subyektiv omillar o'zaro munosabati doirasida kechadi. Ulardan birinchisi voqelikdagi qonuniyatlarga asoslansa, subyektiv omillar esa insonning biologik va ijtimoiy xususiyatlari bilan bog'liq. Mazkur omillarning o'zaro aloqasi lisoniy birliklar tanlovini ta'minlaydi. Sh.Safarov ta'kidlaganidek, "voqelikdagi belgi-hodisalarni nomlashda ma'qul ko'rilgan belgi-xususiyat tanlovi hech qachon erkin, beixtiyor bo'lmaydi, uning asosida ushbu belgi-xususiyatning ijtimoiy hayot, tabiat rivojidagi obyektiv mohiyati turadi" [Safarov 2015, 299]. Obyektiv borliqning lisoniy voqelanishining aniqligi darajasini til tizimi turli sathlarida yuzaga keladigan hodisalar tabiatini kuzatish orqali belgilash mumkin.

Til birliklarining u yoki bu shaklda namoyon bo'lishi, ma'lum bir ma'noni ifodalashi, nutqiy harakatlar kechishida kerakli pragmatik vazifani bajarishi uning inson faoliyati bilan aloqadorligini ko'rsatadi. N.Mahmudov, tilning ko'p vazifali hodisa ekanligini va uning muayyan bir vazifasiga asoslangan holda yaxlit mohiyatini belgilab bo'lmasligini uqtirayotib, til aslida kommunikativ vazifa bilan bir qatorda "dunyoni bilish, bilimlarni to'plash, saqlash, keyingi avlodlarga yetkazish, ruhiy munosabatlarni aks ettirish, go'zallik kategoriyalarini voqelantirish kabi bir qancha vazifalarni bajarishini" ta'kidlaydi [Mahmudov 2017, 55]. Sanab o'tilgan vazifalar qatoriga "go'zallik kategoriyalari voqelantirilishi"ning o'ziyoq baholash harakatini tilshunoslik fanining tadqiq obyekti ekanligidan darak beradi. So'zsiz, inson nutq vositasida narsa va

predmetlar, kechayotgan voqealar, shaxslararo munosabatlarni baholashga qodir. Voqelikning ijobiy yoki salbiy belgi-xususiyatlarining emotsional, ruhiy, intellektual jihatdan baholanishi mazkur keng qamrovli hodisaning o'rganilishi tilning mohiyatini anglash uchun muhim ekanligidan dalolat beradi.

"Baholash" termini tilshunoslik tadqiqotlarida qachondan boshlab paydo bo'lganini aniqlash, albatta, qiyin. Lekin, ushbu hodisa haqidagi qaydlar qadimgi qo'lyozmalarda tez-tez uchrab turadi.

Baho hodisasi g'arb tilshunosligida keng qamrovli o'rganilgan bo'lib, ushbu hodisa tahlili bilan mashg'ul bo'lishgan olimlar uchta tadqiq yo'nalishlarini ajratadilar: qiymatni aniqlash nazariyasi (appraisal theory), maqom, ahamiyat nazariyasi (status/relevance theory), metadiskurs (metadiscourse).

Qiymatni aniqlash nazariyasi London funksional tilshunoslik maktabi vakillari tomonidan shakllantirilgan bo'lib, narsa-hodisalarga ijtimoiy-tajriba nuqtai-nazaridan baho berish, ularning qiymatini belgilash g'oyasini targ'ib qiladi [Martin 2000; Martin, White 2005; Martin 2003]. Ushbu nazariya doirasida baholash faoliyati voqelanishini ta'minlovchi grammatik va leksik vositalar tavsifiga alohida e'tibor beriladi. Bunda baho strukturalaridan ongli va tizimli foydalanish yo'llarini belgilovchi omillar hisobga olinadi hamda ushbu omillarning turli matnlar va rasmiy muloqot sharoitida faollashuvi o'rganiladi. Qiymat tizimida diskursiv ma'no yetakchi o'ringa chiqadi va munosabat [attitude], majburiyat [engagement], darajalanish [gradation] semantik kategoriyalaridan tarkib topadi. J.Martin va P.Uayt ushbu tizimni quyidagicha tasvirlaydi [Chizma 1]:

Chizma 1. Qiymat tizimining tuzilishi.

f

Majburiyat [lisoniy vositalar

MunosabaT

Darajalanish kuch

Tushunish -►

ta' sir xulosa baholash

diqqat kuchaytirish

V

yumshatish

Tasvirlangan munosabat tizimida hissiyotlar, emotsiya, xulosalar, xatti-harakat va narsa-hodisalar baholansa, majburiyat tizimida ushbu munosabatlarni voqelantirish harakatlari bajariladi. Darajalanish tizimida hodisalarning darajalari belgilanadi, hissiyotlar ko'lami kengayadi.

Tavsiflanayotgan tizimda ta'sir (affect), xulosa chiqarish (judgment) va baholash (appreciation) harakatlari o'zaro munosabatga kirishadi. Ta'sirlanish bosqichi tajribada sezilgan hissiyotlarni, idrok etilayotgan narsa-hodisalarning emotsional ta'sirini belgilash uchun til zahirasiga murojaat qilinishini talab qiladi. Xulosa chiqarish bosqichida, foydalaniladigan lisoniy shakllar, o'z navbatida, insonning xatti -harakatlarini jamoada qabul qilingan me'yorlar asosida baholash uchun xizmat qiladi. Nihoyat, oxirgi bosqichda voqea-hodisalar va predmetlar ularning inson hayotidagi ahamiyati, qiymatiga nisbatan baholanadi [Martin,White 2005, 36]. Demak,

affekt emotsional, etik, axloqiy va yoqtirish estetik xarakterdagi baholarni shakllantiradi. Qiyoslang: [Martin, White 2005, 58].

a) Ifeel happy that they've come; Ularning kelganidan xursand bo'ldim;

b) It was silly of them to do that; Ularning bu ishlari axmoqlik;

c) They see it is beautiful; Ular buni chiroyli deb hisoblaydilar.

Tadqiqotchilar ta'sir, xulosa va yoqtirish semantik kategoriyalarni turli ma'no

hududlaridan iboratligini qayd etadilar. Jumladan, ta'sir kategoriyasi xursandlik va xafalik, qoniqish va qoniqmaslik, xavfsizlik va ishonib bo'lmaslik holatlarini qamrab oladi. Xulosa kategoriyasi, o'z navbatida, ikkita asosiy turga ajraladi: ijtimoiy hurmat va ijtimoiy quvvatlash. Yoqtirish, ma'qullash kategoriyasi tarkibida esa, ta'sirlanish, yupatish, qadrlash kabi harakatlar bajariladi. Bunda ta'sirlanish nutqiy faoliyatning diqqatni jalb qilishi bilan bog'liq holda yuzaga kelsa, qadrlash zamirida nutqiy hodisaning ijtimoiy ahamiyati belgilanadi. Masalan:

d) I felt guilty about cancelling; Ish kechiktirilgani uchun o'zimni aybdor sezaman;

e) I felt disgusted with / by the smell; Hid nafratimni uyg'otgandek tuyuldi.

J.Martin va uning hammuallifi eslatilgan ma'no kategoriyalarini tizimdagi tengligini

aytishgan bo'lsalar-da, lekin ta'sir tabiatan boshqalaridan farq qilishi sezilib turadi. Chunki ta'sir biron narsaga subyektiv munosabat bildirish bilan bog'liq bo'lsa, qolgan ikkita kategoriya narsa-hodisalarning ijtimoiy qiymatini belgilaydi. Harholda, mazkur kategoriyalarning o'rtasiga keskin chegara qo'yish unchalik ma'qul emas. Ularning lisoniy voqelanishida bir xil til birliklari faollashuvini kuzatish mumkin.

Bundan tashqari, mualliflar tahlil obyektini "semantik manba" (semantic resources) deb hisoblaydilar [Martin, White 2005, 34]. Bu esa ularning lingvistik hodisalar xususiyatlaridan ko'ra, ko'proq qanday ma'nolar ifodalanishi bilan qiziqayotganlaridan guvohlik beradi.

Yana bir britaniyalik tilshunos S.Hanston bahoning uchta vazifasini ajratadi: maqomni belgilash (obyektni propozitsiyadan tashqarida baholaydi); qiymatni belgilash (obyekt matndan tashqari va uning tarkibida baholanadi); narsa-hodisa ahamiyatini belgilash [Hunston 1989, 213; Hunston 2004, 188]. Olima ko'proq bahoning yashirin ifodalanishi tahlili bilan mashg'ul bo'lganligi bois olam manzarasi baholi va oddiy tasvirini farqlash qiyinligidan zorlanib, diqqatini baho turlari vazifalariga qaratgan bo'lsa, ajab emas. S.Hanston taklif qilayotgan tavsiyalar baholash harakatining uchta bosqichini ajratishga qaratilgan: a) baholanishi kerak bo'lgan obyektlarni aniqlash va tasniflash; b) ushbu obyekt qiymatini aniqlash orqali boshqalardan farqlash; v) ma'lum qilinayotgan axborotning ahamiyatini belgilash. Ajratilayotgan harakat bosqichlarining bir-biridan farq qilishi bilan birgalikda, ularning o'zaro aloqadorligi, biri ikkinchisini to'ldirib borishi yaqqol ko'rinib turibdi. Murojaat qilinayotgan "obyektlar"ning diskursiv xarakterga egaligi, ma'lum bir axborotni xabar qiluvchi propozitsiya shaklida bo'lishi, savollar tug'ilishi hamda xulosalar chiqarishga imkon berishi ma'lum. Har bir propozitsiya diskursiv mohiyatga ega ekanligi sababli tasniflangan obyektlar butun matn davomida uchraydi. Oqibatda, ularning qiymati kontekst bilan bog'liq va ko'pincha implitsit tarzda ifoda topadi. Masalan, matn qurilishi bilan bog'liq qiymat alohida gapdan boshlab butun bir fasllar kesimida shakllanadi. Ahamiyat esa, aksincha, ma'lum bir matn parchasida namoyon bo'lishi mumkin.

Ravshanki, Hanston xonim taklif qilgan yondashuv avvalgi nazariy qarashlardan birmuncha farq qiladi. Zotan, ushbu yondashuv ko'proq alohida olingan obyektlar va matnlar tahliliga asoslanadi. Oldingi mualliflar esa J.Martin va P.Uayt alohida holatlarga e'tibor qaratishgan bo'lsa-da, lekin ko'proq baho mazmunining umumiy jihatlarini yoritish maqsadini ko'zlaydilar. Bundan tashqari, Hanstonning qiymatni belgilovchi ko'rsatkichlar tasnifi ma'lum

darajada cheklangan bo'lib, oldingi mualliflar tavsiya qilishgan modelga mos kelmaydi. Olimaning nazdida, baho ma'nosining me'yori va ko'lami baholanayotgan obyektning tabiatiga "itoatkor"dir [Hunston 2004, 164]. Boshqacha aytganda, baholanayotgan narsa-hodisaning maqomi baholanish harakatining tavsifi bilan bog'liq holda aniqlanadi.

Baholash harakati faollashuvida subyektning nuqtai-nazari, fikri ham alohida ahamiyatga ega. Ingliz tilshunosi D.Bayber "nuqtai-nazar" (stance) tushunchasini so'zlovchining xabar qilinayotgan axborotga nisbatan munosabati, his-tuyg'usi, fikr-mulohazasi, his qilayotgan majburiyatini (ma'lumotlarning haqiqatligi haqidagi) ifodalanishi, deb izohlaydi [Biber, Finegan 1988, 24]. Keyinchalik Longman Grammar of Spoken and Written English asarida mazkur tushuncha epistemik (bilish), munosabat (attitudinal) va uslub (style) nuqtai-nazar turlariga kengaytirildi [Biber, et al. 1999, 974-975].

Epistemik nuqtai-nazar so'zlovchining propozitsiya yoki axborot manbasi haqidagi ishonchi, shubhasi yoki ba'zi yetishmovchiliklardan xabar berayotib, modallik bilan aloqadordir. Munosabat nuqtai-nazari esa, so'zlovchining his-tuyg'ulari hamda obyektning qiymatini belgilovchi xulosalari to'g'risida ma'lumot beradi. Bunda baho va emotsiyaning ko'pincha hamrohlik qilishi o'z isbotini topadi. Uslub nuqtai nazari, o'z navbatida, so'zlovchi yoki yozuvchining muloqot harakatlarining kechishi borasidagi mulohazalarini aks ettiradi.

D.Bayber va uning hammualiflari bayon qilishgan nazariya muammoli izohlardan xoli emas. Birinchidan, ushbu nazariya subyektivlikni ifodalovchi lug'aviy vositalar o'rnida qo'llanishi mumkin bo'lgan birgina grammatik ko'rsatkich tahliliga asoslanadi. Boshqacha aytganda, ushbu mualliflar "grammatik vositaning propozitsiyalarning alohida shaxs tomonidan shakllantirilishidagi ishtirokini" o'rganishni rejalashtiradilar [Conrad, Biber 2000, 59]. Holbuki, birgina ravishlarning diskursiv faoliyatini inobatga olgan holda umumiy xulosalar chiqarish mushkul vazifadir. Ikkinchidan, uslub ko'rsatkichini har doim ham baho kategoriyasi tarkibiga kiritib bo'lmaydi va buni baho harakatlarini korpus tilshunosligi amallari tatbiqida o'rgangan olimlar allaqachon qayd etib ulgurgan [Hunston 2011, 26]. Uchinchidan, nuqtai-nazar ko'rsatkichlarining baholash kategoriyasiga taaluqliligini inkor etadiganlar ham yo'q emas. Konrad va Bayber o'rganishgan ravish birliklari nuqtai-nazarni ifodalovchi vositalardir, xolos.

REFERENCES

1. Biber D., Finegan E. Adverbial stance types in English // Discourse Processes, 1988. Vol. 11. - 1-34 p.

2. Biber D., Johnson S., Leech G., Conrad S., Finegan E. Longman Grammar of Spoken and Written English. - L.: Longman, 1999. - 88 p.

3. Conrad S., Biber D. Adverbial marking of stance in speech and writing // Evaluation in Text: Authorial stance and the Construction of Discourse. - Oxford: OUP, 2000. - 56-73 p.

4. Hunston S. Corpus Approaches to Evaluation: Phraseology and Evaluative language. - Oxon: Routledge, 2011. - 274 p.

5. Hunston S. Evaluation in Experimental Research Articles. - Birmingham: University of Birmingham, 1989. - 213 p.

6. Hunston S. Counting the uncountable: problems of identifying evaluation in a text and corpus // Corpora and Discourse. - Frankfurt: Peter Lang, 2004. - 157-188 p.

7. Mahmudov N. Til tilsimi tadqiqi. - T.: Mumtoz so'z, 2017. - 176 b.

8. Martin J. Beyond exchange: appraisal systems in English // Evaluation in Text: Authorial stance and the Construction of Discourse. - Oxford: OUP, 2000. - 143-175 p.

9. Martin J. Introduction: Special issue on Appraisal // Text, 2003. Vol. 23. - 171-181 p.

10. Martin J., White P. The Language of Evaluation: Appraisal in English. - L.: Palgrave, 2005. - 301 p.

11. Safarov Sh. Til nazariyasi va lingvometodologiya. - T.: Bayoz, 2015. - 376 b.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.