Научная статья на тему 'BADIIY HUNARMANDCHILIKNING NAZARIY MASALALARI'

BADIIY HUNARMANDCHILIKNING NAZARIY MASALALARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
316
40
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
badiiy hunarmandchilik / amaliy san’at / meros / an’ana / innovatsiya / “anorguli” naqshi / lotin imlosi

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Zamira Ravshan Qizi Sa’dullayeva

Maqolada: hunarmandchilik badiiy hunarmandchilik san’at; “amaliy san’at”, “bezak san’ati”, “amaliy-bezak san’ati” iboralaridagi chalkashliklar; yakka ijod jamoaviy ijod konveyer ijod; badiiy hunarmandchilikdagi kirill, arab, lotin imlosidagi yozuvlar masalasi; obraz masalasi o‘rganiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BADIIY HUNARMANDCHILIKNING NAZARIY MASALALARI»

BADIIY HUNARMANDCHILIKNING NAZARIY MASALALARI

Zamira Ravshan qizi Sa'dullayeva [email protected] Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti

Annotatsiya: Maqolada: hunarmandchilik - badiiy hunarmandchilik - san'at; "amaliy san'at", "bezak san'ati", "amaliy-bezak san'ati" iboralaridagi chalkashliklar; yakka ijod - jamoaviy ijod - konveyer ijod; badiiy hunarmandchilikdagi kirill, arab, lotin imlosidagi yozuvlar masalasi; obraz masalasi o'rganiladi.

Kalit so'zlar: badiiy hunarmandchilik, amaliy san'at, meros, an'ana, innovatsiya, "anorguli" naqshi, lotin imlosi

THEORETICAL ISSUES OF ARTISTIC CRAFTSMANSHIP

Zamira Ravshan kizi Sadullayeva [email protected]

National Institute of Fine Arts and Design named after Kamoliddin Behzod

Abstract: In the article: crafts - artistic craftsmanship - art; confusion in the expressions "applied art", "decorative art", "applied-decorative art"; individual creativity - collective creativity - conveyor creativity; the issue of inscriptions in Cyrillic, Arabic, Latin spelling in artistic crafts; the issue of image is studied.

Keywords: artistic craft, applied art, heritage, tradition, innovation, "anorguli" pattern, Latin spelling

O'zbekiston san'ati va madaniyatining ajralmas qismi - badiiy bunarmandchilik buyumlaridir. Shu vaqtga mutaxassislar tomonidan badiiy hunarmandchilik sohalari, ustalar ijodiga bag'ishlangan bir qancha ilmiy ishlar nashr qilingan. Ammo badiiy hunarmandchilikning nazariy masalalariga ilmiy adabiyotlarda batafsil to'xtalib o'tilmagan. Ushbu iboraning mazmun mohiyati, to'g'ri qo'llanilishi borasida olimlar orasida ham turli qarashlar mavjud. Nazariyada yo'l qo'yilgan ko'z ilg'amasdek tuyulgan xatolar, sohada ko'pgina chalkashliklarni keltirib chiqaradi.

Birinchi galda "Amaliy-bezak san'ati" va "hunarmandchilik" iboralarining mazmun-mohiyatini tushunib olish kerak. Chunki, sovet davridan boshlab, amalga oshirilgan ko'pgina ilmiy tadqiqotlarda bu ikki ibora bir-biri bilan aralashib ketgan. Ayrim olimlar "amaliy san'at" (прикладное искусство) iborasini qo'llashsa, boshqalari "bezak san'ati" (декоративное) iborasini qo'llashadi. Nazarimizda unisi ham, bunisi ham noto'g'ri. Chunki, biron bir ashyo, agar u faqat kundalik turmushda

biron maqsadda, aytaylik zargarlik buyumlari saqlanadigan yog'och quticha, rassom yoki naqqosh tomonidan bezatilmasa, bu buyum turmushda faqat amaliy jihatga ega bo'ladi; u badiiy ijod namunasi bo'la olmaydi. U hunar mahsuli.

Bordi-yu, quticha naqshlar bilan bezatilsa yoki unga qimmatbaho toshlar qadalsa, demak, turmushda biron maqsadda foydalanilgan-foydalanmasligidan qat'iy nazar, badiiy ijod namunasiga aylanadi. Bunday holatda ashyoga nisbatan "amaliy -bezak san'ati" ashyosi iborasi qo'llaniladi.

Bunda san'atshunoslar ashyoni "oddiy hunar mahsuloti", "badiiy hunarmandchilik namunasi" yoki "san'at asari" ekanini ilmiy mezonlarga tayanib, har bir ashyoga alohida yondoshuv asosida uni tegishli guruhga bo'lishlari kerak bo'ladi. Chunki, ashyo, turmushda biron vazifani bajarmagan taqdirda ham, agar u avtori tomonidan yuksak badiiy did va mahorat bilan ishlangan bo'lsa, san'at asari bo'lishi mumkin.

"Amaliy-bezak san'ati" iborasining o'zi ham ilmiy adabiyotlarda sovet davrida paydo bo'lgan. 1917-yilgi Oktabr inqilobidan avvalgi davrlardan san'at asarlarining asosiy xaridori - podsho, uning atrofidagi aslzodalar va ziyolilar bo'lishgan. Yetuk rassomlar, amaliy san'at ustalari aynan ularga xizmat qilishgan. Lekin podsho bolsheviklar tomonidan ag'darilib, hokimiyat ishchilar sinfi qo'liga o'tgach, madaniyatda yangi davr boshlangan. Endilikda xalq orasidan yetishib chiqqan mohir ijodkorlarning ijodiy ishlari ham tasviriy san'at namoyondalarining asarlari bilan teng ko'rilib, ularning ishlariga ham nisbatan "xalq amaliy-bezak san'ati" iborasi paydo bo'lgan.

Demak, badiiy hunarmandchilikning yuqori cho'qqisi - "amaliy-bezak san'ati". Lekin, bunda bir narsa muhimki, mashhur avtorlarning (hunarmandning, ustaning) qo'lidan chiqqan jamiki ashyolar har vaqt ham "san'at asari" talabalariga javob bermagan. Chunki, ustaxona - bu ijodiy laboratoriya. Unda har vaqt muvaffaqiyatga erishilmaydi. Muzeylar o'zlariga kollektsiyalar yaratayotganlarida amaliyotning (vaziyatning) bunday nozik jihatlarini ilg'ashlari kerak.

"Hunarmandchilik" iborasi esa ikki ko'rinishga ega: 1) oddiy "hunarmandchilik"; 2) "badiiy hunarmandchilik".

Oddiy hunarmandchilikda kundalik faoliyat uchun uy-ro'zg'or buyumlari tayyorlansa, badiiy huranmandchilikda huddi shu kabi buyumlarga bezak beriladi. Bunda ustaning o'zi yashab turgan jamiyatning madaniy muhitidan chekinmagan holda, avlodlar orasidagi an'analarning davomiyligini saqlab qolishi, avlodlardan-avlodga o'tib kelayotgan an'analar doirasida ijod qilishi, kerak joyda o'zining shaxsiy fantaziyasidan foydalangani tushuniladi. Bunda "meros" iborasini zinhor "an'ana" iborasi bilan aralashtirib yubormaslik kerak.

Chunki, "meros" - azaldan na shaklini, na mazmunini o'zgartirmay kelayotgan moddiy yoki nomoddiy ijod namunalari. "An'ana" aksincha, - tirik ma'naviy

organizm. O'tmishdan kelayotganiga qaramay, u yangi davr bilan munosabatga kirishadi; xususiyatlarini, masalan, agar, shakl va mazmunni to'la saqlab qolsa, bilamizki, qarshimizda mumtoz motiv turibdi. Lekin har vaqt ham unday bo'lavermaydi. Davrdan-davrga o'tish jarayonida ornamental motiv yoki shaklini o'zgartiradi, yoki mazmunini. Lekin ko'pincha shakl o'zgarmaydi, ma'no o'zgaradi. Chunki, biron shakl tarixiy davr mobaynida odamlarning miyasidagi tarixiy xotiraga o'rnashib qolgan bo'ladi va bir hududda turli tarixiy davrlarda ustma-ust paydo bo'lgan davlatlar, garchi ularning ma'naviyati keskin bir-biridan farq qilsa-da, birining tasviriy va ornamental motivlari ikkinchisiga o'tishi mumkin. O'tganda avvalgi davrdagi shaklini saqlab qolishi mumkin, lekin yangi davrda, yangi davlatda o'ziga umuman boshqa ma'noni singdirishi mumkin.

Masalan, kuni kecha Luvr muzeyida (Parij, Fransiya) "O'zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo'llari chorrahasida" nomli Markaziy Osiyo tarixiga oid birinchi ko'rgazma bo'ldi1. Namoyishdagi ashyolar - O'zbekiston muzeylarining mulki va ular respublika muzeylarida O'zbekiston san'atining tarixi deya targ'ib qilinadi. Vaholanki, "O'zbekiston" nomli Respublika dunyo xaritasida rasman 1924-yilda paydo bo'lgan2, hozirgi O'zbekistonning asosiy aholisi - islom diniga e'tiqod qiluvchi o'zbeklar, o'zini ushbu hududda qadimda paydo bo'lgan davlatlar madaniyatini vorisi deb ataydimi? E'tiqodidan qat'iy nazar, bugungi o'zbek Anaxita yoki Nana ma'budalari timsolida o'z ajdodlarini ko'radimi? Xolchayon va Dalvarzintepadagi Kushonlar davlati madaniyatini, So'g'd madaniyati xarobalarini milliy madaniyatining ildizi sifatida tan oladimi? Yo'q, albatta.

Bugungi avlod - O'zbekistonning hozirgi hududiga islom dini majburan kiritilib, musulmon orbitasiga arab Halifaligi tomonidan zo'rma-zo'raki kiritilgan davrdan boshlangan tarixnigina tan oladi va o'zlarini Payg'ambar Muhammadning (s.a.v.) ummati sifatida e'tirof qilishadi. Xuddi hozirgi misrliklar fir'avn davri madaniyatini milliy tarix sifatida, turklar Vizantiya madaniyatini tan olmaganidek, bugungi o'zbek jamiyati ham O'zbekiston hududidagi qadimiy sivilizatsiyalarni tan olmaydi. Chunki, u davrlarda boshqa dinlarga itoat qilingan. Qadimda din - siyosiy, iqtisodiy, ma'anviy hayotning o'zani (asosi) bo'lgan.

Geografik lanshaftdan tashqari, madaniy lanshaftni muhimligini ham ta'kidlashni xohlardik. Chunki, xalq ijodini tizim sifatida shakllanishida buning ahamiyati katta. Aytaylik, XVIII asrda O'zbekiston hududida uchta xonlik paydo bo'lgan. O'sha davr xaritalarida Xiva xonligi hududiga hozirgi Turkmaniston, Buxoro xonligi hududiga hozirgi Tojikiston, Qo'qon xonligi hududiga hozirgi Qirg'iziston yerlari kirgan. Lekin sovet davrida tashkil topgan bu respublikalar uchta

1 https://www.gazeta.uz/oz/2022/11/24/louvre-museum/#

2https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%A3%D0%B7%D0%B1%D0%B5%D0%BA%D0%B8%D1%81%D1%82%D0%B 0%D0%BD#%D0%98%D1%81%D1%82%D0%BE%D1%80%D0%B8%D1%8F

I ibiSi^^Bl ^91 http://oac.dsmi-qf.uz

xonlikdan biri san'atini o'zining milliy san'ati sifatida e'tirof qiladimi? Yo'q, albatta.

Demak, xalq badiiy hunarmandchiligi davrlar mobaynida ustma-ust paydo bo'lgan madaniy qatlamlar bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqasi bo'lmaydi. Bir davlat siyosiy maydondan ketib, o'rniga boshqasi kelgan taqdirda ham, yangi tizim badiiy ta'limni, maktabni bir zumda barpo qilolmaydi. Bunga vaqt kerak va bu jarayonda yangi madaniyat albatta o'zidan avvalgi madaniyatdan o'ziga kerakli tasvir va ornamentlarni tanlab oladi. Savdodagi mol ayrboshlash natijasida esa bu vertikal dialogga gorizontal dialog - qo'shni madaniyatlar ham ta'siri qo'shiladi.

Lekin, bunga teskari nazariya ham borki, unga ko'ra bir davrdan ikkinchisiga o'tayotganda ornamentdagi yoki tasvirdagi shakl o'zgarmay, faqat ma'nosini o'zgaritirishi mumkin. Shu bilan u o'zini yangi davrga moslab oladi. Buni "anor" motivida ko'rish mumkin.

Xalq hunarmandchiligining ko'pgina sohalarida uchraydigan iste'molchilarga yaxshi tanish ushbu motiv ikki ko'rinishda talqin qilinadi. Birinchisida - anorning tasviri realistik ishlanadi. Ikkinchisida - anorning o'zini emas, gulini ko'ramiz ("anorguli"). Lekin ikkalasi ham bir paytning o'zida bir necha ma'nolarni bildiradi: 1) sevgi; 2) oila; 3) ko'pfarzandlik v.b. Agar bu mumtoz motivni XX asrning boshigacha yuqoridagi ma'noda talqini qilingan bo'lsa, asrning ikkinchi yarmidan boshlab, o'zidagi ma'noning ayrim jihatlarini o'zgartira boshlagan. Yangi davrda ayrim avvalgi ma'nolar dolzarbligini yo'qotib, ma'nosiz bezakka aylangan3.

Tadqiqot jarayonida aniqlanishicha, badiiy hunarning oddiy hunardan farqi, -birinchisida usta ijod qiladi, yoki avvaldan muomalada bo'lgan naqshlarni sayqallashda davom etadi, eskilarini qayta ishlaydi; naqshlarni yangi motivlarga boyitadi; sohani rivojlantiradi. O'tmishda bundaylarni "xalq ustasi" deb ardoqlangan va sara asarlari - san'at asari bo'lgan. Muzeylar aynan shunday ashyolarni kollektsiya qilishlari lozim.

So'nggi tadqiqotlarda "innovatsiya" iborasi Mustaqillik davri xalq hunarmandchiligining ayrim sohalariga nisbatan takror ishlatilmoqda4. Avtorlar innovatsion ijod deganda avvalgi davrlardagi ijodni emas, balki tadbirkor, menedjer, san'atshunos va hunarmandlar ishtirokidagi guruh tomonidan tashkil qilingan yangicha ish jarayonni nazarda tutmoqdalar.

"Innovatsiya" iborasi - lotin tilidan olingan so'z; yangilanish ma'nosini bildiradi. Agar yuqoridagi "an'ana" iborasini tarkibida har zamonga tegishli, ma'naviy elementlarni o'zaro dialogi jipslashuvidan hosil bo'lgan tirik organizm deb tushunsak, "innovatsiya" aynan shu organizmning bir segmenti ekani namoyon

3 Sa'dullayeva Z.R. O'zbekiston zamonaviy badiiy hunarmandchiligining ayrim masalalari. Monografiya. - Toshkent: San'at, 2021. - 364-365.

4 Х,акимов A.A., Носирова З.Н. Узбекистон каштачилигидаги янги тамойиллар. // SAN'AT. - Тошкент, 2012. -№2. - Б.15; Хайитбобоева Х.П. Муста^иллик даври Узбекистон амалий санъатида анъана ва инновация. Сан.фан.фал.док. дисс. автореферати. - Тошкент, 2022.

I ГсОТ^^^^Н 492 http://oac.dsmi-qf.uz

bo'ladi. Demak, innovatsiyani an'ananing tarkibidan alohida sug'urib olib bo'lmaydi. Innovatsoin deya atalayotgan faoliyatni biz badiiy hunarmandchilikdagi "tijorat" faoliyati deb atashni tavsiya qilamiz. Sababi, - ilgarigi zamonlarda badiiy hunar bilan xalq ustalari, hunarmandlar, artel-zavod-fabrikalardagi metodik kengash tasdiqlagan nusxa asosida buyum ishlab chiqarilgan bo'lsa (noan'anaviy amaliy-bezak san'ati), endilikda, ularga parallel, tadbirkorlar guruhi faoliyat ko'rsatmoqda. Ular asosan chet ellik shinavandalarga xizmat ko'rsatadilar. Xorij bozorida qaysi ashyoga talab bo'lsa, ular O'zbekistonda ishchi guruh tuzib, shu buyumni muzeydagi namunasi yoki kataloglardagi fotosi asosida yaratib beradilar. Chunki, afsuski, mustaqillik yillaridan boshlab, mahalliy ustalarning ijod namunalariga ichki borozda talab kam.

Tashqaridan vaziyatga nazar tashlansa, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish uchun turli yarmarkalar, festivallar, ko'rgazmalar o'tkazilmoqda; soha go'yo rivojlanmoqda. Lekin masalaga sinchiklab qaralsa, xalq badiiy hunarmandchiligining taqdiri bilan sanoqli tijoratchilar shug'ullanmoqdalar. Buni ko'rib, sovet davrida faoliyat ko'rsatgan, musatqillik yillarida sun'iy bankrot qilingan Toshkent sovg'alar fabrikasi va boshqa turdosh fabrikalar faoliyatini qayta tashkil qilish kerakmikin?, -degan fikr paydo bo'ladi. Sababi, ko'pgina hunarmandlarda malakaviy bilimni yo'q; yirik xalq ustalarinig ishidan ruxsatsiz ko'chirishadi, qay yo'sinda bo'lmasin foyda olish ilinjidalar, obrazli tizimni o'zlari bilmagan holda loyqalantirmoqdalar.

XX asr madaniyatida "yakka ijod - jamoaviy ijod - konveyer ijod" masalasi ham e'tibordan chetda qolmasligi kerak. Chunki, xalq badiiy hunarmandchiligida har vaqt ham yakka ijod bo'lmaydi. Jarayonda ikkinchi va uchinchi shaxs, - ustaning yordamchisi (lari) qatnashishi (lari) mumkin. Masalan, kashtachilikda katta o'lchamli so'zanalari, gulko'rpalar, bir guruh ayollar tomonidan tikilgan. Do'ppi, jiyak, peshikurtalar va boshqa katta bo'lmagan ashyolar esa bitta kashtachi tomonidan tikilishi mumkin bo'lgan.

Konveyer ijodga keladigan bo'lsak, bu zavod fabrikalarda ish jarayoni va mahsulot tannarxini paysaytirish maqsadida foydalandigan usul. Masalan, Toshkent chinni zavodida ishlab chiqarilgan chinni buyumlarning eskizi avval zavodning rassomlari tomonidan yaratilgan. Metodik kengashning tasdig'idan o'tgandan keyingina, mol sexlarga topshirilgan. Shakl beruvchi sex buyumni loydan tayyorlab, tandirda pishirgan. Rasm (ornament) chizishga tayyor qilib bergan. Ikkinchi bosqich rassomlik sexida konveyer usulida davom etgan. Bundan tashqari, agar zavodga davlat, siyosat, madaniyat arboblarining yubiley sanalari munosabati bilan buyurtma tushsa, sexning mohir rassomlari tomonidan yubileyarning portreti chizilgan va naqshlar bilan ziynatlangan sovg'alar yakka tartibda yaratilgan.

Biz o'rganayotgan davr madaniyatidagi navbatdagi masala - imlo. XX asrda o'zbek xalqining yozuvi arab imlosidan - lotinga - 1939-yilda kirillga - 1993-yilda yana lotinga o'tkazildi. Asr mobaynida kashtalarda, kandakorlikda, kulolchilikda,

gilamlarda, yog'och va ganch o'ymakorligida kirill va arab imlosidagi yozuvlarni ko'ramiz. Lekin 1993-yildan boshlab5, rasman lotinga o'tgan o'zbek imlosi hanuz xattotlar va ustalar tomonidan badiiy ijodning imlosiga aylantirilmadi. 2021-yilda ham yangi qaror qabul qilindi6. Lekin, afsuski, aksincha, arab xattotligi bugungi kunda ham avj olmoqda. Ahvol shu darajaga keldiki, O'zbekisiondan xorijga olib ketilgan sovg'abop buyumlardagi arab yozuvini ko'rgan xorijliklarni ashyoni O'zbekistonniki emas, arab davlatlarini sifatida qabul qilayotganini kuzatayapmiz7.

Shuningdek, XX asr O'zbekiston badiiy hunarmandchiligidagi obraz masalasiga O'zbekiston san'atshunosligida qabul qilingan taxminiy davrlashtirish asosida fikr bildiramiz. Chunki, san'at tarixidagi davrlashtirish odatda davlatchilikning tarixiy rivojlanishidagi asosiy bosqichlarga mos bo'ladi. Ayniqsa, badiiy hunarmandchilik sohasida. Unda har bir davrning mafkurasi o'z ifodasini topgan bo'ladi. Agar XX asrdagi O'zbekiston san'atining, xususan amaliy-bezak san'atining tarixi: 1) XIX asrning oxiri - XX asrning boshi; 2) 1920-30-yillar; 3) 1939-45-yillardagi 2-jahon urush davri; 4) 1960-80-yillar; 5) 1990-yillardan-hozirgi davrga bo'linsa, xalq badiiy hunarmandchiligining obrazlar tizimi bu davrlanishga to'g'ri kelmasligi mumkin. U ko'proq mafkuraning ta'sirida bo'ladi: 1) xonliklar davridagisi - islom madaniyatining; 2) sovet davridagisi - baynalminal, ateistik g'oyaning; 3) mustaqillik yillaridagisi - sovet davridagisining mantiqiy davomi bo'lib, faqat ayrim yangiliklar hisobiga zamonaviylashtirilgan. Bu davrda Toshkent shahri O'zbekistonning poytaxti sifatida peshqadamlikni qo'lga olgani sababli, endilikda ilgarigi maktablarning va sohalarning an'anasi bir-biriga qorishtirila boshlanadi.

XIX asrning oxiri - XX asrning boshidan XX asrning 1920-yillarigcha bo'lgan davrda Turkiston uchta xonlikdan iborat bo'lgan: Qo'qon, Buxoro, Xiva (Buxoro keyinchalik amirlikka aylangan). Uchchalasining hududi, chegarasi, madaniyati, davlat tuzilishi bo'lgan. Aynan hududiy chegaralanish uchta yirik badiiy maktablarni shakllanishiga olib kelgan: 1) Toshkent-Farg'ona, 2) Buxoro-Samarqand, 3) Xiva.

Bunda "maktab" tushunchasini aynan shu shaharlardagi badiiy ijod bilan bog'lash to'g'ri bo'ladi. Shu shaharlarning atrofidagi hududlarda yashagan aholi yashash manzillaridagi ijod - "badiiy hunarmandchilik markazi" atamasiga to'g'ri keladi.

Birinchi davrda xalq badiiy hunarmandchiligining har bir sohasi vakillari yashaydigan mahallalar mavjud bo'lgan. Temirchi "Temirchilar mahallasida",

5 "O'zbekiston Respublikasining Davlat tili to'g'risida"gi Qonun. 21 oktyabr, 1989 yil. №3561-XI // O'zbekiston Oliy Kengashining Axbortnomasi. - Toshkent, 1989. - №26-28. - 453-modda (https://www.lex.uz/acts/109394); "Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida" Qonun. 2 sentyabr, 1993 yil. №931-XII // O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 y., 9-son, 331-modda; O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 y., 6-son, 119-modda (https://lex.uz/docs/112286).

6 O'zbekiston Respublikasi vazirlar Mahkamasining 10.02.2021 yildagi "Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to'liq o'tishni ta'minlash chora-tadbirlari" to'g'risida 61-sonli qarori.

7 Batafsil qarang: Z.R.Sa'dullayeva O'zbekiston zamonaviy badiiy hunarmandchiligining ayrim masalalari. Monografiya. - Toshkent: "San'at" jurnali nashriyoti, 2021. - B. 149-154.

naqqosh "Naqqoshlar" mahallasida, boshqa soha vakillari o'zlariga tegishli mahallalarda ham yashashgan, ham ijod qilishgan. Har bir hunarmandning ustaxonasi yoki uyida, yoki bozorda bo'lgan. Oralaridagi eng iste'dodli, barchaga namunali bo'lganlarini e'zozlab "Usta" deb murojaat qilishgan.

Bu davr kapitalistik ishlab chiqarish davrining, ilmiy-texnik tomondan rivojlangan mamlakatlar dunyoni bo'lib olishga kirishgan paytga to'g'ri keldi: chor Rossiyasi - Kavkaz ortini, O'rta Osiyoni; Buyuk Britaniya - Hindistonni; Fransiya -Mag'rib davlatlarini (shimoliy Afrika) mustamlakaga aylantirgan.

Badiiy hunarmandchilik yoki ustalarning ustaxonalarida, yoki saroy ustaxonalarida kechgan. Ikkalasida gender alomatlari ko'zga tashlanadi. Birinchisida ayol (kashtachilik, gilamdo'zlik) va erkaklarning (kulolchilik, to'qimachilik, naqqoshlik, ganch va yog'och o'ymakorligi, zargarlik, chitgarlik, pichoqchilik, kandakorlik v.h.) hunari sohalar kesimida bo'lingan. Zaruriyatga qarab, ikkala jins ustalari birgalikda ijod qiluvchi sohalar ham bor (gilamdo'zlik, to'qimachilik, kulolchilik v.h.); ikkinchisida faqat erkak ustalar faoliyat ko'rsatganlar (zardo'zlik).

30-yillargacha badiiy hunarmandchilikning obrazli tizimi hududlar, etnoslarning ma'naviyati bilan bog'liq bo'lgan. Bu yillarda shaharlardan tashqari badiiy hunar bilan chekka qishloqlarda ham shug'ullanishgan. Shaharda asosan shifobaxsh o'simliklarning stilizatsiyalashgan shakllari asosida naqshlar yaratilgan bo'lsa, tumor vazifasini ifodalovich predmetlar ham realistik shaklda uchraydi (qumg 'on, pichoq) va shahar madaniyatining obrazli tizimi qishloq, ko'chmanchilarnikidan yangi nusxalarga boyligi bilan ajralib turgan.

Sovet davrida esa sotsialistik mehnat qahramonlarining portretlari, obrazlari, sotsialistik jamiyatning ramzlari (o'roq-bolg'a, besh qirrali yulduz, turli chaqirik va shiorlar (lotinda va kirill imlosida matnda yozilgan), syujetli sahna ko'rinishlari yaratila boshlandi.

Mustaqillik davrida obrazlar tizimi avvalgi andozalarini saqlab qoldi. Lekin biroz o'zgardi. Masalan, "paxtaguli" naqshi sovet yillaridagi dolzarbligini yo'qotdi.

Badiiy hunarmandchilik - ham moddiy, ham ma'naviy meros. "Hunarmandchilik" - deganda uyida yoki biron kasb orqasidan kun ko'radigan kimsa tushuniladi. Bunda nafaqat kundalik ro'zg'or buyumlari (kashtachilik, chitgarlik, to'qimachilik, kulolchilik, zargarlik v.h.), balki maishiy buyumlar - duradgorlik, kosiblik, novvoylik, qandolatchilik, bo'yrachilik v.h. sohalarni eplaydigan kimsaga nisbatan qo'llaniladigan atama.

"Badiiy hunarmandchilik" deganda esa vazifasidan qat'iy nazar turmushda keng iste'molda bo'lgan barcha ashyolarni naqshlar va tasvirlar bilan bezash tushuniladi.

"San'at" iborasida biron sohada amalga oshirilgan antiqa, ishlanish texnologiyasi va ustaning mahorati boshqa xalq ustalarinikidan yuqori ijro mahorati bilan ajralib turadigan ashyolarga nisbatan qo'llaniladi. Afsuski, bizga ma'lum ilmiy

nashrlarda ustalar tomonidan yaratilgan duch kelgan ashyo "san'at asari" darajasida e'tirof qilinadi.

Badiiy hunarmandchilikni hech bir ikkilanishsiz "amaliy-bezak san'ati asari" darajasiga ko'tarilishi - sovet davrida paydo bo'lgan. Sovet hokimiyat adabiyoti va san'atining bosh yo'nalishi qilib, "sotsialistik realizm" belgilangan. Maqsad -ko'pmillatli davlat kishilarini inqilobiy o'zgarishlarga tayyor, kommunizm g'oyalariga sodiq kishilarni tarbiyalash edi. Bu davr rassomlarining asarlarida avvalgi "burjua" madaniyatiga xos metafora, kinoya, sarkazm yoki abstraksiyaga o'rin yo'q. Aksincha, rassomlar ko'tarinki, vatanparvar, baynalminal, proletariat ruhidagi polotnolarni yaratishga kirishgan. Kolxoz, sport, qo'riq yerlarni o'zlashtirish kabi mavzularga e'tibor kuchaygan.

1917-yilgi oktabr to'ntarishidan keyin sho'ro davlati o'rnatilgan dastlabki yillarda "Muzey ishi tubdan isloh qilinishi lozim" - degan g'oya ilgari surildi. Shu maqsadda Petrograd shahrida 1919-yil 11-fevralda o'z ishini boshlagan birinchi Muzey ishi konferensiyasida yangi davlatning barcha muzey ekspozitsiyalari yagona - tarixiy-xronologik prinsip asosida ishlab chiqishi lozimligi ta'kidlandi8.

1932-yil 23-aprelda SSSR Kommunistik partiyasi Markaziy Kengashining "Adabiy-badiiy tashkilotlarni tashkil qilish" to'g'risidagi qaroriga muvofiq, SSSR tarkibidagi qardosh va avtonom respublikalarda, o'lkalarda, viloyatlarda va shaharlarda Rassomlar uyushmasining bo'limlari tashkil qilingan. Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillardan boshlab respublika va Butunittifoq ko'rgazmalar tashkil qilina boshlangan. O'zbekistonlik hunarmand ustalar ham ular qatnashib, boshqa ustalar bilan fikr, tajriba almashganlar. Buning natijasida zamon muhitiga mos yangi topilmalar paydo bo'lib, asta-sekinlik bilan milliy san'atga singiy boshlagan. Masalan, badiiy kulolchilikda samarqandlik usta Umar Jo'raqulov (1894-1973) Rossiya va Boltiqbo'yi respublikalarining ustalari bilan tajriba almashishi oqibatida Samarqand badiiy kulolchiligiga bir necha figuralardan iborat tematik kompozitsiyalarni olib kirgan. Gutsul (Ukraina) kulolchiligiga mos qaymoqrang fonda yashil, sariq, jigrarrng koloritli buyumlarni yaratish urfga kirgan. Aslida yashil rang yetakchilik qiladigan kulolchilik O'zbekistonning hududidan X asrda topilgan kulolchilikda bo'lgan9.

Sovet yillarida realistik tasviriy mavzularni O'zbekiston badiiy hunarmandchiligining hamma sohalariga kirib kelishini tadqiqotchilar har xil baholaydilar. Aslida realistik tasvirlar islom davridan boshlab, ko'pgina naqshlar tarkibida uchraydi. Lekin yangi davrda baynalminal, ateistik madaniyatining ifodasi o'laroq uchraydi. Shu sababli aksariyat olimlar bu hodisaga salbiy baho berib,

8 Садыкова Н. Мероприятия Советской власти по развитию музеев страны // Из истории музейного строительства в Узбекистане. - Ташкент: Фан, 1973. - С.53-74.

9 Uch dastali va burunli idish. Afrosiyob. X asr. Inv.№A-27. DSM, Toshkent.

vaziyatni an'analar muhitini loyqalanishi deb biladilar. Lekin R.S.Fatxullayev dissertasiyasida10 bu vaziyatga ijobiy baho berib, ularni barchaning ongida muqim o'rnashib qolgan tanish an'analar muhitida qo'qqisidan kutilmaganda paydo bo'lgan tasvirlar deb, barini O'zbekiston madaniyatining yangi bosqichdagi talqini deb qabul qiladi. Avtor ta'birida "an'ana" - har davrning madaniy qiyofasini yaratadigan omil. U hamma vaqt o'zgarib, yangilanib boradi. Bundagi eng sara topilmalar - shu davr san'atining yuzi bo'ladi.

Agar ilgari xalq badiiy hunarmandchiligi faqat qishloq va shaharlardagi ustaxonalarda rivojlangan bo'lsa, sovet davrida ijodiy faoliyat o'zgaradi. Ilgaridan ma'lum badiiy hunarmandchilikning joyiga qarab, o'sha yerda shu sohalarni yanada rivojlantirish maqsadida kombinat, artel, zavod-fabrikalar paydo bo'ladi.

Sovet hokimiyati davrigacha amaliy-bezak san'atining yuksak namunalari saroyning maxsus buyumrtmasi asosida yaratilgan. "San'at asari" deganda biz: 1) noyob nusxani; 2) o'ta sifatli xom-ashyodan tayyorlangan buyumni; 3) xatosiz, yuqori saviyadagi ijro mahoratini; 4) bezagiga zamonning (davrning) madaniy muhitini singdira olgan ashyoni tushunishimiz lozim. Agar predmet shu talabalarga mos kelsa, uni ikkilanmay "san'at asari" deb qabul qilamiz, yo'qsa, uni "badiiy hunarmandchilik ashyosi" deb ataganimiz ma'qul.

Sovet davrida, ayniqsa urushdan keyingi 1950-60-yillar madaniyatida, me'morlik, teatr, musiqa, sport kabi sohalari qatorida tasviriy san'at - rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika; amaliy-bezak san'atining mavqei ko'tarilib, Rassomlar uyushmasi asosiy e'tiborini shu sohalarning rivojiga qaratdi. Ko'pmillatli xalqning madaniy saviyasini oshirilishi kerak edi. Natijada ustalarning ijodiy ishlari yirik ko'rgazmalarda e'tibordan chetda qoldi, Hukumatning nazaridan nari bo'ldi. Barcha unvonlar, ustaxonalar, chet elga ijodiy safarlar va yana boshqa imtiyozlar rassomlarga berilib, ularning jamiyatdagi mavqeini ko'tarish maqsadida, ustalarning buyumlari "san'at asari" kategoriyasiga tusha boshladi. Ya'ni, ilmiy tadqiqotlarda ham "badiiy hunarmandchilik" bilan "san'at asari" orasidagi chegara yo'q bo'lib ketdi11. Endi ularning hammasi san'at. Tasavvur qiling: 1) Karl Faberje (1846-1920) yasagan antiqa zargarlik Pasxa tuxumlari ham san'at asari, vobkentlik Hamrobibi Rahimova (1896-1979) loydan yasagan, sifatsiz anilin bo'yoqlari bilan bo'yalgan mayda xushtak, haykalchalar ham san'at asari; 2) Eron Safaviylarining noyob, syujetli tasvirlar va nozik naqshlar bilan qoplangan, oftob nurida besh rangda tovlanuvchi betakror ipak gilamlari ham - san'at asari; sirdaryolik gilamdo'z junli ipdan to'qigan julxirs gilam ham - san'at asari12; 3) Rossiyaning Olmos fondida

10 Фатхуллаев Р.С. XIX асрнинг иккинчи ярми - ХХ асрнинг 80 йилларида Узбекистон амалий-безак санъатидаги тасвирий мавзулар. Санъатшунослик фанлари номзоди илмий даражасига тфлфбгор диссертация. -Тошкент. 2000. - 165 б. Санъатшунослик илмий -тадкщот института кутубхонаси. - ИА(М)Ф-27, № 1473.

11 Фахретдинова Д.А. Декоративно-прикладное искусство Узбекистана. - Ташкент: Г.Гулям, 1972.

12 1972 йил. Инв.№507, KK.№18663. Жун, тукли тузима. Улчами: 220x106 см. ДСМ, Тошкент.

saqlanayotgan qimmatbaho toshlar bilan bezalgan gul shaklidagi yagona nusxadagi to'g'nog'ich ham taqinchoq - surxandaryolik ayollar taqadigan mayda munchoqlardan to'rsimon qilib to'qilgan "xapamand" ("gulband") ham taqinchoq v.h.

Bu fikrga opponentlar "saroy san'atini xalq hunarmandchiligi bilan taqqoslash mumkinmi?" - deya, e'tiroz bildirishlari mumkin. Mumkin. Chunki, aynan saroydagi professional ustalar ijodining ildizi - xalq hunarmandchiligida. Aynan xalq madaniyati - milliy san'atning asosi, yuqori san'at uchun poydevor vazifasini o'taydi. XX asr mobaynida "amaliy-bezak san'at" uch asosiy yo'nalishda rivojlangan. Buni unutmasligimiz kerak: 1) "xalq amaliy-bezak san'ati"; 2) sanoatlashgan amaliy-bezak san'ati; 3) yakka tartibdagi professonal ustalar ijodi.

Aynan badiiy hunarmandchilik - ustalar uchun kundalik ijodiy laboratoriya bo'lib, ustaning mahorati ham, bilim olishi, kasbiy va hayotiy tajribasini oshirishi -aynan shu ustaxonaga bog'liq. XX asr davomida "ustoz-shogird" ta'lim maktabi dolzarbligini yo'qotmagan. Tashqaridan qaralganda, bu tizimi etnosning borliq haqidagi tushunchalarini ifodalovchi, qadriyat va soha sir-asrorlarini saqlovchi institut sifatida namoyon bo'ladi. Lekin masalaga zamonaviy nuqtai nazardan yondoshsak, shogirdlarda hozirgidek tanlash huquqi bo'lmagan; ular katta ustalardan ilojsizlikdan shogird tushishgan; agar u kezlari hozirgidek sohaga ixtisoslashgan ta'lim tizimi bo'lganida, shogird hunarning sir-asrorini o'rganish uchun yillar sarflamasdi.

Iste'dodi jamiyatda tan olingan, sohaning rivojini belgilaydigan, nazorat qilib turuvchi, yoshi ulug' ustalargina "xalq ustasi" degan nomga musharraf bo'lganlar. Bu "unvonni" bironta rasmiy tashkilot bermagan. Xalqning o'zi tan olgan ustalarini shunday hurmat bilan siylagan. Ustalar uchun "xalq ustasi" faxriy unvonini davlat urushdan keyin ta'sis qilgan.

Ikkinchi yo'nalish - kustar uyushmalar, artel, zavod-fabrikalar. Kustar uyushmalarda xalq ustalari yangi andozalar asosida ijod namunlarini yaratishgan.

Uchinchisi - oliy mattab ko'rgan professional ustalar. Ulardan ayrimlari boshlang'ich badiiy ta'limni "usta-shogird" badiiy maktabidan ustozidan olgan. Lekin oliy ma'lumot olish maqsadida ular tegishli institutlarni bitirishgan. Sovet davri oliy ma'lumoti bor insonlar jamiyatda hurmat qilingan va bu ularning mavqelarini oshirgan.

Xalq amaliy-bezak san'atini bir necha soha vakillar, o'zlariga mos rakursdan yondoshib, "gorizontal" va "vertikal" tadqiqot usulida o'rganib keladilar. Etnograflar xalq amaliy san'atini etnografik manba yoki an'anaviy kundalik madaniyat elementlaridan biri sifatida ko'rib chiqadilar. San'atshunoslar xalq amaliy san'atini o'rganadilar, uning estetik qiymatini ochib beradilar. San'atshunoslikdan tarixiy-etnografik tadqiqotlar o'rtasidagi tub farqni ta'kidlab, xalq amaliy san'atini

san'atning boshqa turlari tizimiga kiritishga intiladi. Ular, asosan, xalq amaliy san'atining ayrim turlari - yog'och o'ymakorligi, tosh o'ymakorligi, suyak o'ymakorligi, badiiy kulolchilik, badiiy to'quvchilik, kashtachilik, yog'ochga, matoga naqshlar chizish va hokazolar yoki xalq amaliy san'atining alohida markazlari bilan qiziqadi. Yog'ochga Xoxloma yoki Gorodets rasmlari, Xolmogori suyak o'ymakorligi, Palex va Mstyoraning lak miniatyurasi va boshqalar. Shu bilan birga, rus xalq amaliy san'atining ma'lum bir turidagi uslubiy xususiyatlar (va ularning shakllanish yo'llari), alohida markazlarda uslub variantlari, hunarmandchilik turlari ajralib turadi. Ularning asarlari muhim mashaqqatli izlanishlar natijasidir. Ularda ko'plab qimmatli fikrlar va mushohadalar bor, lekin xalq amaliy san'ati va atrof-muhit (tabiiy va ijtimoiy) o'rtasidagi aloqalar ko'pincha ularning ko'rish doirasidan chiqib ketadi.

San'atshunoslar estetik idrokga ta'sir qiluvchi vizual vositalar majmuasini (shakl, rang, kompozisiya va boshqalar) o'rganadilar; etnograflar - ma'lum bir etnosning (yoki uning shakllanishiga asos bo'lgan kengroq etnik jamoalarning) ijodiy faoliyati yoki xalq tomonidan ijodiy o'zlashtirilishi natijasida yuzaga kelgan narsalarni ajratib ko'rsatadigan, ma'lum bir etnosga xos tasviriy san'atning barqaror elementlari majmuasi, madaniy aloqalar jarayonida qo'shni etnik jamoalarning badiiy an'analarini o'rganadilar. Etnografik tahlil xalq ijodiyoti an'analarini asarda aks ettirilgan xalqning etnik tarixining aksi sifatida ko'rib chiqish uchun material beradi.

Demak, xalq ijodiyoti an'analarini o'rganishda san'atshunoslik va etnografik yondashuvlar o'rganish ob'ekti jihatidan bir xil bo'lsa-da, turli maqsadlarni ko'zlaganligi sababli o'rganish uslubiga ko'ra farqlanadi.

Xulosa qilish mumkinki:

1. Avvallari "amaliy-bezak san'ati" iborasi aksariyat holatda shoh, sulton, imperator, cherkovlar buyurmasi asosida saralangan mohir ustalar tomonidan bajarilgan. Yangi davrda esa, Hokimiyat xalqning qo'liga o'tgan, yuqori san'atning buyurtmachisi - Hukumat bo'lgan.

2. Endi san'at asarlarida Hukumatning mafkurasi o'z aksini topishi kerak edi. Mana nima uchun badiiy hunarmandchilikda asrlar osha sekinlik bilan muomalada bo'lib, kishi bilmas amalga oshiriladigan yangilanishlar zaminida, birdaniga yangi davrning ifodasini paydo bo'lishi ko'pchilikni gangitib qo'ygan.

3. "Xalq amaliy-bezak san'ati" iborasi, "sanoatlashgan", "professional amaliy-bezak san'ati" iboralari kabi - "amaliy-bezak san'ati" iborasining ichidagi tushuncha va u badiiy hunarmandchilikning noyob ashyolariga nisbatan qo'llanilanishdan iborat.

4. "Badiiy hunar" bilan oddiy "hunarmandchilik" - bu ham boshqa-boshqa atamalar. Metodologiyada chalkashlik ketgani sababli, hatto Respublika "Hunarmand" uyushmasiga a'zo bo'lgan qandolatchi, temirchi, duradgor, chilangar,

kosib, savat to'quvchi, chevar kabi hunarmandlar, naqqosh, ganchkor, kandakor, zargar, badiiy mato ustalari, gilamdo'z va b. kabi badiiy hunar egalari bilan aralashib ketgan. Bundagi vaziyat to'g'rilanmasa, xalq badiiy hunarmandchiligining qadri tushib ketadi. Bu esa amaliy-bezak san'atini tanazzulga olib keladi.

5. "Maktab" iborasi, nazarimizda, 1960-yillardan boshlab qadrini yo'qotdi. Chunki, mahalliy xalq, xuddi XX asrning boshida bo'lganidek, ustalar tomonidan yaratilgan badiiy hunarmandchilik ashyolarini kundalik turmushida ishlatishdan uzoqlasha boshladi. Qo'shni mamlakatlardan olib kelinadigan tovarlar xalq ustalarining ishlarini sekin bozordan siqib chiqara boshladi. Yirik shaharlarning iqtisodini rivojlanishi oqibatida ustalar ham o'zlari avval ijod qilgan hududlarni tashlab, shaharlarga ko'chib kela boshladilar. Natijada bir maktabning an'analari boshqa hududnikiga payvandlana boshladi. Yoki ustalar yangi makonda o'zlarining tarixiy xotiralaridan kelib chiqib, avvalgi makonlarining an'analarini sun'iy davom ettira boshladilar. Biz bu hodisani maktab emas, uslub deb atashni taklif qilamiz.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Фатхуллаев Р.С. XIX асрнинг иккинчи ярми - ХХ асрнинг 80 йилларида Узбекистан амалий-безак санъатидаги тасвирий мавзулар. Санъатшунослик фанлари номзоди илмий даражасига тфлфбгор диссертация. - Тошкент. 2000. -165 б. Санъатшунослик илмий -тадкикрт институти кутубхонаси. - ИА(М)Ф-27, № 1473.

2. Хдкимов A.A., Носирова З.Н. Узбекистон каштачилигидаги янги тамойиллар. // SAN'AT. - Тошкент, 2012. - №2. - Б.15.

3. Sa'dullayeva Z.R. O'zbekiston zamonaviy badiiy hunarmandchiligining ayrim masalalari. Monografiya. - Toshkent: "San'at" jurnali nashriyoti, 2021. -Б.430.

4. Хайитбобоева Х.П. Мустакдллик даври Узбекистон амалий санъатида анъана ва инновация. Сан.фан.фал.док. дисс. автореферати. - Тошкент, 2022.

5. Фахретдинова Д.А. Декоративно-прикладное искусство Узбекистана. -Ташкент: Г.Гулям, 1972.

6. Садыкова Н. Мероприятия Советской власти по развитию музеев страны // Из истории музейного строительства в Узбекистане. - Ташкент: Фан, 1973.

7. "O'zbekiston Respublikasining Davlat tili to'g'risida"gi Qonun. 21 oktyabr, 1989 yil. №3561-XI // O'zbekiston Oliy Kengashining Axbortnomasi. - Toshkent, 1989. - №26-28. - 453-modda (https://www.lex.uz/acts/109394); "Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida" Qonun. 2 sentyabr, 1993 yil. №931-XII // O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 y., 9-son, 331-modda; O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 y., 6-son, 119-modda (https://lex.uz/docs/112286).

8. O'zbekiston Respublikasi vazirlar Mahkamasining 10.02.2021 yildagi "Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to'liq o'tishni ta'minlash chora-tadbirlari" to'g'risida 61-sonli qarori.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.