ARTIKULYATSIYA A'ZOLARINING VOKAL IJROCHILIGIDAGI
AHAMIYATI
Bobur Akbarov Uchko'prik tumani 20-BMSM
T.Akbarov
O'zDSMI Farg'ona mintaqaviy filiali
Annotatsiya: Maqolada vokal ijrochiligining o'ziga xos tomonlari, ovoz tarbiyasi haqida mulohaza yuritilgan. Artikulyatsiya a'zolarining vokal ijrochiligidagi ahamiyati haqida ma'lumotlar berib o'tilgan.
Kalit so'zlar: vokal, ijro mahorati, artikulyatsiya, ovoz tarbiyasi, uyg'unlik va tabiiylik
THE IMPORTANCE OF ARTICULATION MEMBERS IN VOCAL
PERFORMANCE
Babur Akbarov Uchkoprik District 20-MSS T.Akbarov
Fergana regional branch of UzSIAC
Abstract: The article discusses the unique aspects of vocal performance, voice education. Information about the importance of the organs of articulation in vocal performance has been given.
Keywords: vocals, performance skills, articulation, voice education, harmony and naturalness
Nutq so'zlayot yoki qo'shiq aytayotgan paytda tinglovchiga qaratilgan so'zimiz hamda qo'shiq matnining talaffuzi aniq, ifodali va tomosha zalining oxirgi qatordagilar uchun ham aniq eshitiladigan bo'lishi muhim. Yaxshi diktsiya hosil qilish, ya'ni so'zlarni aniq, tiniq talaffuz qilish uchun artikulyatsiya a'zolarini rivojlantirish ustida ishlash, uning texnik imkoniyatlarini ishlab chiqish zarur. Artikulyatsiya a'zolari nutq tovushlarini hosil qiluvchi ovoz a'zolari jamlanmasidir. Bu organlarning nutq tovushlarini yaratishga qaratilgan vazifasi esa artikulyatsiya deb ataladi.
Artikulyatsiya a'zolariga og'iz bo'shlig'i, halqum, bo'g'iz kabilar kiradi. Og'iz bo'shlig'i muhim tebratgich hisoblanadi, tovush sifati uning harakatiga bog'liq. Tabiiylik va faollik artikulyatsiya a'zosi ishining birinchi sharti hisoblanadi. Turli
siqiqlikni bartaraf etish va turli mushaklar hamda organlarning aniq ishini ta'minlash orqali tabiiylikka erishish mumkim. Albatta "bartaraf etish" deyish oson, eng avvalo, kamchilik aniqlanadi va uzoq muddat oyna oldida mashq qilish orqaligina bunday kamchiliklarni bartaraf etish mumkim. Buning uchun oddiy mashqlarni bajarish kifoya. Faol tabiiylik yoki faol erkinlik - bu me'yordagi tovushni talaffuz qilishning hayotiy ko'rinishidir, faqat bunda unga faollik bilan ishlov berish kerak. U shuningdek, qulaylik, tabiiylik va erkinlik tufayli vujudga kelishi mumkim. Siqilgan jag' bilan qo'shiq aytgan qo'shiqchi yomon qo'shiqchi hisoblanadi. Ijod chog'ida uyg'unlik va tabiiylik ta'minlanishi zarur. Ularni ta'minlashda oyna bilan ishlash juda katta yordam beradi. Negaki, siqiqlik faqat tovushga emas, balki gapiruvchi va qo'shiq aytuvchining yuzida ham aks etishi mumkim. Ularni bartaraf etish uchun bir qator mashqlar tavsiya qilinadi.
1. Og'zingizning anatomiyasini kuzating. Oynaga qarang, yuz osoyishta bo'lsin. Lablarning tabiiy shakliga e'tibor bering. Endi ularni faollashtiring, lablarni chapillating, dumaloqlang, yuqori labni ko'tarib, tishlarni oching. Og'izni oching. Uning shakli qanday to'kis tuzilganligiga e'tibor bering, pastki jag'da til osoyishta yotibdi. Til orqasida kichik til ko'rinadi. Esnab ko'ring, yumshoq tanglayni his qiling, negaki, tishlardan qattiq tanglay boshlanib, yumshoq tanglay davom etib ketadi, so'ngra harakatchan tanglay va kichik til keladi.
2. Tilni faollashtirish uchun uni yonga, oldinga, orqaga, aylanma harakat qildiring. Til uchuni u yoq, bu yoqqa o'tkazing.
3. Til uchini his qiling, u bolg'aga o'xshaydi. Til uchi bilan tishlarga ichki tomondan turting, unsiz «da-da-da» deng. Og'zingizni «baland osmon» deb o'ylang, tez «T-D, T-D, T-D» tovushlarini talaffuz qiling.
4. Og'zingizni ichidan kuzating, til pastki jag'da osoyishta yotibdi, uning uchi tishlarga tegib turibdi. Yuqorida «baland osmon». Til osoyishta, shuning uchun halqum ham osoyishta. Bu holatni eslab qoling. Agar eslab qolishning iloji bo'lmasa, oynani oling va yana og'zingizni ochib kuzating, so'ngra uning tuzilishini tasavvur qiling. Vokalchi-pedagoglar til o'rkach bo'lib yotsa, halqumga kuch kelishi va qo'shiq aytishga xalaqit berishini yaxshi biladi. Tilni majburlab tekis yotqizib bo'lmaydi, oyna yordamida uni tekislashga harakat qilish kerak. Bunga ko'zlar va e'tibor yaxshi yordam beradi.
5. Til va halqumni erkin qilish uchun quyidagi topshiriqni bajaring: burundan tez, qisqa va chuqur nafas oling, so'ngra og'izdan to'la chiqaring. Nafas keskin chiqariladi, «fu» tovushi bilan butun nafas a'zolari bo'shatiladi. Halqum mushaklarini mustahkamlash uchun «k-t, k-t, k-t» tovushlarini keskin talaffuz qiling.
6. Lablar mushaklarini faollashtirish uchun yonoqlaringizni shishiring, siqilgan lablar orasidan havoni keskin chiqarib yuboring. Birdaniga «p-b, p-b, p-b» tovushlarini talaffuz qiling.
7. Bu mashqlar pastki jag'ni erkinlashtirish uchun. Og'izni ochib, jag'ni u yoq, bu yoqqa siljiting, erkin harakat qiling. Mashqni oyna oldida bajaring, yengil charchash hosil bo'lguncha davom ettiring. Pastki jag' erkin bo'lsin, lekin ochilib qolmasin. Og'ir, osilib turadigan jag' halqumni bosadi, tovushni shaklsiz qilib qo'yadi.
8. Jag'lar siqilib qolmasin. Old tishlar bilan shaqqillating. Yana siqiqlik hosil bo'lib qolmasligi uchun oynaga qarab bajaring. Yuz ifodangiz osoyishta bo'lsin. Yuzingizni kuzatishga o'rganing. Yuqoridagi topshiriqlarning qaysi biri sizga qiyinchilik tug'dirayotganini kuzatib boring. Sizga noqulay bo'lgan mashqlarni ko'proq takrorlang. Nafas ustida ishlaganda charchamaslik, artikulyatsiya a'zolari ustida ishlaganda yengil charchash asosiysi hisoblanadi. Bu yengil mashqlar sizning artikulyatsiya a'zolaringizni takomillashtiradi. Mashq jarayonlarini oynada kuzatish xotira va tafakkur uchun axborot beradi. Ko'pincha kishi «mashq» so'zini eshitgach, harakatlari tabiiyligini yo'qotadi, ayniqsa, boshlovchilarda asabiylashish, siqilish hosil bo'ladi. Talabani tavsiya etilayotgan vaziyatga (masalan, «shamni o'chirishga») tabiiy ravishda, tez kira olishga o'rgatish zarur. Gap shundaki , agar «mashq qilamiz» deyilsa, boshlovchi tajribasiz talaba darhol tabiiyligini yo'qotib, o'zini tarang, asabiy tuta boshlaydi. Ularni ishchi vaziyatga darhol kira olishiga yo'naltirish maqsadga muvofiq.
9. Ovozingizni akustik va tembr xususiyatini yaxshilash uchun halqum, til mushaklarini rivojlantirish zarur. Ovozsiz «A E- O» tovushlarini og'izni katta ochmay talaffuz qiling. 10 marta takrorlang. Bu barcha maslahatlar va mashqlardan keyin quyidagi xulosalarga kelish mumkin bo'ladi:
1) Artikulyatsiya a'zolari bilan ishlashda mashq, ongli nazorat, e'tibor lozim bo'ladi;
2) Oyna bilan ishlash nihoyatda muhim;
3) «Faol erkinlik» ustida ishlayotganda o'z-o'ziga nisbatan o'ta talabchan bo'lish zarur, hech qanday siqiqlikka yo'l qo'ymaslik kerak;
4) Artikulyatsiya a'zolarini mashq qildirishda juda ko'p takrorlashga to'g'ri keladi. Mushaklar charchashidan qo'rqmang, faqat yangi siqiqlik paydo bo'lmasin;
5) Yaxshi ijrochilar yozuvini eshitish muhim, negaki, eshitish mushaklar hissini yaxshilaydi.
Yuqoridagilar amaliy tavsiyalardan so'ng nazariy ma'lumotlar zarurdir. Qo'shiq aytishda ovozning barcha diapazonidan foydalaniladi, nutqda uning faqat bir qismi yetarli bo'ladi. Ovoz turidan (tenor, bas, bariton, soprano, metstso) qat'iy nazar, gapirayotgan odam o'z ovozining o'rtacha imkoniyatidan foydalanadi, negaki, bu daraja ovoz uchun ma'qul bo'ladi, u charchab qolmaydi. Qo'shiq ovozi so'zlashuv ovozidan nafaqat diapazon va kuchi bilan, balki tembri va rang-barangligi bilan ham farqlanadi. Qo'shiqchi diktsiyasi unlilarning shakllanishiga bog'liq, odatdagi nutqda
esa unli va undoshlar teng vaqt oralig'ida talaffuz qilinadi va nutq diktsiyasi to'laligicha undoshlarning aniq talaffuz qilinishiga bog'liq. Qo'shiq ovozini hosil qilishda artikulyatsiya a'zosi ishi bir necha marta ortadi. Qo'shiq aytganda va nutqda undoshlar deyarli bir xilda shakllanadi, lekin qo'shiqda ular aniq va yengil talaffuz qilinadi. Qo'shiqdagi unlilar talaffuzi nutqdagidan farqlanadi. Qo'shiq aytganda og'iz bo'shlig'i o'ta osoyishta holatda erkin, halqumda unlilarni hosil qiladi, bu og'iz bo'shlig'ining aniq ishlashi va uning vokal diktsiyasini kuchaytiradi. Nutqda unlilar almashinuvi bilan halqum o'z hajmi va shaklini keskin o'zgartiradi. Vokal o'qituvchilari shunga e'tibor qaratganlarki, vokal tovushi bo'lgan unlilar talaffuz qilinayotgan tovushning butun davomiyligini qamrab oladi. Undoshlar maksimal qisqaradi, o'ta aniq va tiniq talaffuz qilinadi. Kontilen xususiyatlaridan biri aynan shunda. Unlilar qo'shiq tovushini o'rab olgan qobiqqa o'xshaydi, shuning uchun qo'shiq ovozi tarbiyasi vokal unlilarni shakllantirishdan boshlanadi. Aynan unli tovushlarda ovozning asosiy vokal sifatlari shakllantiriladi. Qo'shiq ovozning badiiy qimmati vokal unlilarining to'g'ri shakllanishiga bog'liq. Yuqorida keltirilga tavsiyalar asosida qo'shiqchining ovozi shakllanadi va kamologa erishadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Qahharov N.B., Ayubov K. "Vokal san'ati asoslari" . O'quv qo'llanma. Toshkent: "Iqtisod-moliya", 2008 y.
2. Qahharov N.V. Vokal asoslari. O'quv qo'llanma. Toshkent. Iqtisodmoliya. 2008.
3. Karimjonovich, K. U. (2021). Sherna bakhshi's work and its place in sherobod school of friendship. Annals of the Romanian Society for Cell Biology, 25(4), 1341313417
4. Yuldashev, A., Azizov, S., & Boboyev, V. (2021). A LOOK AT THE GENRE OF UZBEK FOLK MUSIC. CURRENT RESEARCH JOURNAL OF PEDAGOGICS, 2(10), 226-232.
5. Boboyev, V. (2022, October). History of Instrument Performance and Methods of Analysis of Instrumental Works. In " ONLINE-CONFERENCES" PLATFORM (pp. 58-62).
6. Boboyev, V. (2022). KONSERT IJROCHILIGI REPERTUARINI SHAKLLANTIRISH. Oriental Art and Culture, 3(4), 323-325.
7. Xaydarov, A. (2022). O „SMIRLIK YOSHIDAGI IJODKOR BOLALARNING OVOZINI TARBIYALASHDA PEDAGOGIK YONDASHUVLAR. Oriental Art and Culture, 3(1), 45-50.
8. X,angapoB, A. (2021). EmnapnMH3HHHr эcтeтнк öapKaMon öynnö ynrafinrnnga y3ÖeK xanK or3aKH H^ogn HaMyHanapnHHHr ypHH. Oriental Art and Culture, (6), 111-120.