ALISHER NAVOIY - SO'Z SAN'ATIDA SHOH
Laylo Doniyorova
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisolashtirilgan filiali
ANNOTATSIYA
Maqola so'z san'atining buyuk namoyondasi mutafakkir Hazrat Alisher Navoiyning ijodiy merosini o'rganishga bag'ishlangan, shoirning badiiy so'z bilan shug'ullanuvchilar haqidagi mulohazalari, asarlari tahlili yoritib berilgan.
Kalit so'zlar: nutqiy nafosat, go'yanda, saxiylik, xasislik, kamtarlik, ezgulik, fazilat.
Kirish
Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g'ururi, sha'n-u sharafini dunyoga tarannum qilgan o'lmas so'z san'atkoridir. (Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov).
Bu gulshan ichraki yo 'qtur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot.
Har bir millatning adabiyotida bir qasr barpo qilgan buyuk shohi bo'ladi. Rus adabiyotida Pushkin, ingliz adabiyotida Shekspir ana shunday shohlardandir. O'zbek adabiyotida dunyoga dong taratgan, ulkan madaniy xazinasi bo'lgan boqiy saroyni esa Hazrat Mir Alisher Navoiy bunyod qildi. Navoiy nafaqat turkiy adabiyot olamida, balki jahon madaniyatining boqiy ustuniga aylandi [1].
Alisher Navoiy hayoti davomida yaratgan ijod yo'li, o'lmas merosi turkiy adabiyotga poydevor bo'ldi. Boqiy saroyidagi ulkan madaniy xazinasini "Xamsa", "Lison ut-tayr", "Xazoyin ul-maoniy", "Mahbub ul-qulub", "Badoye' ul-bidoya", "Navodir un-nihoya", "Majolis un-nafois" kabi dur-u gavharlar bilan to'ldirdi. U turkiy tilga jon kirgizdi, qadri, hurmatini arab, fors tillaridanda yuqoriga ko'tardi. Buning yorqin isbotini "Muhokamat ul-lug'atayn" asari orqali ko'rish mumkin. Tahlil
Alisher Navoiy - axloq muallimi, komil inson tarbiyachisi. Hazrat ijodining har qirrasi, xoh qit'a bo'lsin, xoh g'azal, balki ruboiy yoki hikmat, ularni mutolaa qilgan har bir kitobxonni barkamol shaxs bilan tanishtirishga, komillik sirlaridan boxabar qilishga undaydi. O'quvchilarning hayotini doimo ezgu va savob amallar to'ldirishiga bir misra hikmati ham muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidlash mumkin. 1-sinf o'quvchilari uchun O'qish kitobida keltirilgan: "Bilmaganni so'rab o'rgangan olim, orlanib so'ramagan o'ziga zolim", hikmati oddiygina misol bo'la oladi. Lekin shuning o'zi ham cheksiz ma'no kasb etadi. Shoir bolaga ilm berishni ona qornidaligidan
boshlash zarur ekanligi bot-bot uqtiradi. Keyin esa biroz kechikish mumkiniligi ta'kidlaydi.
Navoiy ilm olish, ustoz, olim ko'rish, ularga ehtirom ko'rsatish haqida shunday deydi: "Birovkim qilsa olimlarga ta'zim, Qilur go'yoki payg'ambarga ta'zim" Hattoki musulmon xalqining muqaddas kitobi bo'lmish Qur'oni Karimda ham ilm olish, o'rgatish eng yaxshi amal ekanligini tasdiqlagan holda bu hikmat ilm o'rgatuvchi ustozga hurmat payg'ambarga hurmat darajasiga ko'tarilganligini o'zida namoyon etmoqda.
Shoirning asarlari olamining eshigini ochmasimizdan avval, uning nomi har qanday kitobxonni o'ziga jalb qiladi. Ya'ni nomining o'zi eshikni ochishga undaydi. Masalan, "Badiiylik ibtidosi" ("Badoye ul-bidoya"), "Ma'nolar xazinasi" ("Xazoyin ul-maoniy"), "Yoshlik g'aroyibotlari" ("G'aroyib us-sig'ar"), "Musulmonlar chirog'i" ("Siroj ul-muslimiyin" yoki "Xamsa" asarining asosini tashkil qiluvchi "Yaxshi kishilarning hayratlanishi" ("Hayrat ul-abror"), "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun", "Yetti sayyora" ("Sab'ayi sayyor"), "Iskandar devori" ("Saddi Iskandariy") kabi dur-u gavharlarga berilgan nomlarning o'zi qiziqish uyg'otmay qo'ymaydi. Ularni o'qigan insonlarni esa bevosita dengizga, ma'nolar ummoniga g'arq qiladi. Uzoq vaqt insonga xos tuyg'ular haqida o'y surishga majburlaydi. Rostgo'ylik va yolg'on, yaxshilik va yomonlik, saxiylik va xasislik, kamtarlik va manmanlik, ezgulik va yovuzlik kabi bir qator fazilat va illatlarni, oq-u qorani ajrata olishni, hayot yo'llarida uchraydigan mushkulotlardan osongina o'tishni Navoiydan o'rgana olamiz. Navoiy butun insoniyatga hayot yo'llarida ustoz, tarbiyachidir [2].
Muhokama
Alisher Navoiy orzulari mana necha yildirkim, XXI asrda ijobat bo'lmoqda. "Qani endi, mening Farhodlarim, Shirinlarim shu bepoyon sahrolarga kelib, shu joylarni obod qilsalar, suv chiqarib, bog'-rog'lar barpo qilsalar, imoratlar, yo'llar, masjid-madrasalar, shifoxonalar barpo etsalar, sahrolar o'rnida go'zal bir yurt bunyod bo'lsa", deya qilgan orzulari Allohning marhamati, ajdodlarimizning iltijolariga ko'ra, hech bir go'sha yo'qki, gullab-yashnamagan. Zamonaviy asrda yurtning har qarich yeri guliston, bo'stonga aylantirilayotgani ahamiyatli hisoblanadi.
Natija
Bugun dunyo Navoiyni mehnatkashlik, poklik, halollik, aql-farosat, yaxshi odamlar qalbidagi zakovat va saxovat, samimiyat, sevgi-sadoqat, fidoiylik, baxt,
jahon xalqlarini do'stlik va hamkorlikka, ezgulikka chaqirishda odillik, insonparvarlik, vatanparvarlik tuyg'ularining timsoli sifatida ulug'laydi. Asarlarida o'z ifodasini topgan millat taqdiri, el-yurt qayg'usi, yurtni obod qilish, ilm, madaniyatni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, mehnatga sadoqat, axloqiy yuksaklik sari qadamlar, go'zallik, mehr-muruvvat, adolat uchun kurash g'oyalari bugungi kunda mamlakat taraqqiyotida muhim o'rin tutmoqda.
"Insonni olam gultoji deb ulug'lagan Hazrat Navoiyning butun hayoti, butun ijodi zamirida ezgulik, adolat, nafosat kabi yuksak tuyg'ular dunyoni obod va munavvar qiladi, bashariyatni ma'naviy halkatdan qutqaradi, degan qat'iy ishonch mujassam", Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning shoir haqida bu fikrlarining o'zi Navoiyning qanday insonligi haqida boxabar qiladi.
Alisher Navoiy ijodiga nazar tashlar ekanmiz, o'rganish, tushunish uchun uzoq vaqt kerakligini, asarlari haqida bir qog'ozgagina fikr yozishning iloji yo'qligini anglaymiz. So'zlarimiz, gaplarimiz, fikrlarimiz yetmaydi hatto [3]. Xulosa
Xulosa o'rnida faqatgina Sirojiddin Sayyidning o'sha har yili Navoiy tavalludiga bag'ishlanadigan bayram, tadbirlarda yangraydigan she'ridan parchani keltirish maqsadga muvofiq bo'lsa kerak: Bir bolaga butun mamlakat, Ba'zan esa qirq kishi kerak. Beshiklardan tushib bolalar, Navoiyni o'qishi kerak...
REFERENCES
[1].https://cyberleninka.ru/article/n/hazrat-alisher-navoi-a-great-representative-of-the-art-of-speech/viewer
[2].https://cyberleninka.ru/article/n/alisher-navoiy-talim-tarbiya-zhonkuyari/viewer
[3]. The Live Word Is An Important Tool That Constitutes The Content-Essence Of The Oratory Art