ZAMONAVIY NODAVLAT MAKTABGACHA TA'LIM TASHKILOTLARI BOSHQARUVIDA RAHBARNING O'RNI Omonova Xusnidaxon Topivoldiyevna
Xalqaro Nordik Universiteti, "Ta'lim muassasalari boshqaruvi" yo'nalishi 2-kurs magistranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.10810474
Annotatsiya. Har qanday ta'lim tashkilotiningrivojidazamonaviy boshqaruv qobiliyatiga ega, har qanday vaziyatdan oqilona chiqib keta oladigan, o'zgarishlarga hamisha tayyor tura oladigan rahbar muhim o'rin egallaydi. Aynan shunday rahbarlar nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotida yuqori natijani ta'minlay oladi. Ushbu maqolada nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlaridagi zamonaviy rahbarlar va uningjamiyatdagi o'rni va nodavlat ta'lim tashkilotini mustahkamlashda zamonaviy rahbarga qo'yiladigan talablar haqida fikr yuritilgan.
Kalit so'zlar: Nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti, boshqaruv, rahbar, xodim, rahbar imiji, rahbarlik salohiyati, boshqaruv mahorati.
Аннотация. Важное место в развитии любой образовательной организации занимает руководитель, обладающий современными управленческими способностями, способный рационально выйти из любой ситуации, всегда готовый к переменам. Именно такие руководители смогут обеспечить высокий результат в негосударственной организации дошкольного образования. В этой статье обсуждались требования к современным руководителям негосударственных дошкольных образовательных организаций и их роли в обществе и к современному руководителю в укреплении негосударственной образовательной организации.
Ключевие слова:Негосударственная дошкольная образовательная организация, управление, руководитель, сотрудник, имидж руководителя, руководящий потенциал, управленческое мастерство.
Kirish
Jahonda zamon talablariga javob beradigan fidoyi, izlanuvchan, yangilikka intiluvchan, tashabbuskor, kasbiy bilimlarga ega boshqaruv kadrlarini tayyorlash va ularning zaxirasini shakllantirish bugungi kunning dolzarb masalalalaridandir.
Respublikamizda jahon standartlariga javob beradigan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini ko'paytirish va ushbu ta'lim tashkilotlarida ta'lim sifatini yuqori samaradorlikka ko'tarish talab etilmoqda. Nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarining ertangi kunda qanday yutuqlarga erishishi rahbar xodimlarga bog'liq.
O'zbekiston taraqiiyotining bugungi bosqichida davlat va jamiyat hayotida ro'y berayotgan tub o'zgarish va islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, avvalambor, mustahkam bilimga ega, O'zbekistonning bugungi tashqi va ichki siyosati yo'nalishlarini tushunadigan, tahlil qila oladigan, unda o'zi ham faol ishtirok eta oladigan tashabbuskor kadrlarga bog'liqligini hayotning o'zi ko'rsatib turibdi. Yangilanayotgan O'zbekistonda zamonaviy jamiyat jadal sur'atlar bilan taraqqiy etayotgan ijtimoiy jarayonlarni qamrab olar ekan, mas'ul lavozimlarda faoliyat ko'rsatayotgan rahbarlar zimmasiga murakkab va mas'uliyatli vazifalarni yuklamoqda.
Asosiy qism
O'tgan davr mobaynida mamlakatimizda o'sib borayotgan avlodni sog'lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, ta'lim-tarbiya jarayoniga samarali ta'lim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan maktabgacha ta'limning samarali tizimini tashkil etish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi.
Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari sonini yanada oshirish va ular ko'rsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo'ldi.
Respublikamizda har kuni yangidan-yangi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari ochilmoqda. Buning natijasida nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari ro'yxati ortib bormoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-maydagi "O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida" gi PQ-4312-sonli qarorida belgilanganidek, O'zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag'larining cheklanganligini e'tiborga olib, nodavlat sektor maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni o'sishining harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo'lishi, davlat-xususiy sherikchiligi esa xususiy tadbirkorlik subyektlarini maktabgacha ta'lim tizimiga jalb etishning asosiy mexanizmiga aylanishi lozim.
Mamlakatimizda xususiy sektor tarmog'i rivojlanib borayotaganligi tufayli boshaqruv kadrlariga ham ehtiyoj ortib bormoqda.
Hozirgi globallashuv sharoitida boshqaruv kadrlaridan talab etilayotgan fazilatlar har bir ishga mas'uliyat bilan yondashish, o'ziga, millatiga, yurt ravnaqiga ishonch va yuksak hurmat tuyg'usiga ega bo'lish, o'z atrofida sog'lom fikrlovchi, izlanuvchan, tadbirkor va ishbilarmon kishilarni jalb etishdan iboratdir. Shuningdek, rahbarlarga qo'yilgan yana bir talab ularning qobiliyatli, insofli va diyonatli bo'lishi lozimligi bilan izohlanadi. Bundan tashqari, "...haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og'irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Barcha bo'g'indagi rahbarlar o'zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o'rnak va namuna bo'lishi zarur" .
.Rahbarlik har qanday ijtimoiy guruhda taraqqiyotga intilishning siyosiy jihatdan strategik, taktik yo'nalishlarini, huquqiy jihatdan faoliyat imkoniyatlari va chegaralarini, iqtisodiy jihatdan shart-sharoitlari, moddiy asoslari va mahsulotlarini, ma'naviy jihatdan esa tarbiyaviy, ma'rifiy va madaniy darajasini shakllantirishda yetakchi o'rin tutadi. Bu esa nodavlat maktabgacha ta'lim rahbaridan yuksak aql-zakovat, keng dunyoqarash, maktabgacha ta'lim doirasida erishilgan barcha yutuqlardan, zamonaviy ma'lumotlardan habardor bo'lishni talab etadi.
Rahbar keng dunyoqarashga va ta'lim tashkilotidagi ichki o'zaro aloqalarni va tashqi muhit bilan oxirgi o'zaro ta'siri masalalari bo'yicha fikrlash tizimiga ega bo'lishi kerak. U yuqori umuminsoniy sifatlarga va psixologik qobilyatlarga, aqlli va ongli riskka borishni bilishi kerak. Hech kim rahbar bo'lib tug'ilmaydi, faqat o'zi -sidqidildan qilgan mehnat va uning samarali natijalari bilan shaxs o'zining rahbarlikka loyiq xususiyatini namoyon qiladi. Rahbar xodim mehnatning muhim omili -qaror qabul qilish va uni bajarishda har xil boshqaruv turlari harakatini to'g'ri yo'naltirishdan iboratdir. Zamonaviy rahbarda avvalo imij bo'lishi kerak. Imij odamlar ongida muayyan shaxs, tashkilot yoki boshqa ijtimoiy obyektga nisbatan yuzaga keluvchi, idrok etilayotgan obyekt haqidagi axborotni o'zida mujassamlashtirgan va ijtimoiy xulq-atvorga da'vat etadigan muayyan sintetik obraz. Zamonaviy rahbar imijini yaratish -bu uning yuzi, kiyinishi, qalbi, sog'lom fikri, muomala madaniyati, boshqaruvchilik san'atini mukammal egallovchi shaxs, kompetentlik: bilimi, tafakkuri, kasbiy mahorati, farosati, kamtarlik, xushmuomalalik kabi insoniy fazilatlar, go'zallik, axloqiylik qoidalariga tayangan holda insonning nufuzini ko'tarish, obro'yini oshirish, hurmatga sazovor bo'lishdir. Albatta imijning ham turlari mavjud. "Korporativ imij" (kompaniya, firma, korxona, muassasa, siyosiy partiya, jamoat tashkiloti va hokazolarning imiji).
Zamonaviy rahbardan avvalo xorijiy tillarni bilish zaruriyati, vaqti masalasi, rahbarning zamonaviy texnologiyalarini bilish qobiliyati, rahbarda rahbarlik odoblari mavjud bo'lishi kerak. Har qanday rahbar uchun bugungi kunda eng muhim muammo ish vaqtidan oqilona foydalanish hisoblanadi. Shuning uchun ham rahbarlik mehnatini ilmiy asosda tashkil etishning boshlang'ich bosqichi rahbarlik tizimi xodimlariga ish vaqtidan unumli foydalanish o'rgatishdir. Chunki ular uchun time managament odatda hal qiluvchi rolni o'ynaydi. Har qanday faoliyatda rahbar o'zi rahbarlik qilayotgan sohada tajriba va yetarli bilim hamda ko'nikmalarga ega bo'lishi talab etiladi. Aks holda u rahbarlik qilayotgan korxona raqobatbardosh bo'la olmaydi va faoliyatining davomiy bo'lishi ham shubha ostida qolishi mumkin. Zamonaviy rahbar egiluvchan bo'lsa, har qanday vaziyatda qarorlarida sobit tursa va yangiliklar hamda kelgusida kutilishi bo'lgan muammolarga tayyor tursa u deyarli barcha to'siqlarni yengib o'tishi mumkin. Optimal qarorlarni mustaqil va o'z vaqtida qabul qila oladigan rahbar o'z qo'l ostidagilarning har qanday faoliyat bilan bog'liq vazifalarni samarali bajarishlariga erishishiga muvaffaq bo'ladi deb o'ylayman.
XXI asrning zamonaviy rahbari esa o'z nomiga mos ravishda zamonga mos bo'lishi, doim izlanishda bo'lishi kerak. Rahbar o'z huquq va vakolatidan umumdavlat manfaatlarini jamoa va xodimlarning shaxsiy manfaatlari bilan uyg'un olib borishda mohirona foydalanish zarur. Ammo davlat manfaatlariga putur yetkazmasdan, shaxsiy manfaatlar umum manfaatlarga bo'ysinishi lozim. Rahbar vazmin, har qanday vaziyatda ham o'zini tuta biladigan, odobli va xushmuomala bo'lishi zurur. O'z xatti-harakatini nazorat qila oladigan, kayfiyati va sezgilarini tiya biladigan, yurish turishida bo'ysinuvchilarga o'rnak ko'rsatadigan bo'lishga majburdir.
Xulosa: Har qanday ta'lim tashkilotining rivojida zamonaviy boshqaruv qobiliyatiga ega, har qanday vaziyatdan oqilona chiqib keta oladigan, o'zgarishlarga hamisha tayyor tura oladigan rahbar muhim o'rin egallaydi.
Xulosa o'rnida shuni aytishim mumkinki, bugungi kunning zamonaviy rahbari kamida bakalavr darajasidagi maktabgacha ta'lim yo'nalishidagi oliy pedagogik ma'lumotga egalik, rus va ingliz tillarida erkin so'zlasha olishi, raqamli texnologiyalardan foydalanishni mukammal darajada bilishi, o'z ish faoliyatini xorijiy tajribalar asosida tashkil eta olishi, uch yildan kam bo'lmagan pedagogik ish stajiga ega bo'lishi, kreativ fikrlaydigan menejerlik qobiliyati, siyosiy bilmdonlik, notiqlik madaniyatiga ega bo'lishi va ish faoliyati davomida time managamentga rioya qilishi kerak.
Aynan shunday rahbarlar nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotida yuqori natijani ta'minlay oladi.
REFERENCES
1. Sharifxo'jayev M., Abdullayev Yo. Menejment. Darslik. T.: O'qituvchi, 2001
2. Troyan A.N. Maktabgacha ta'limni boshqarish: darslik. - M.: Sfera TC, 2005.-B.160
3. Djurayev R.X., Turg'unov S.T. Ta'lim menejmenti. - Toshkent., "Voris-Nashriyot"., 2006.
4. Qodirova F.R, Sh.Q.Toshpo'latova Sh.Q, N.M.Kayumova, A'zamova M,N Maktabgacha pedagogika T-"Ma'naviyat" 2018y.
5. Raxmatullayeva D.R, Ta'lim menejmenti va marketing O'quv qo'llanma. -Т.: 2020. -B.99
6. Botirova Zuxraxon Abduraximovna Maktabgacha ta'lim tashkiloti tashkiliy boshqaruv faoliyati xususida, JOURNAL OF INNOVATIONS IN SOCIAL SCIENCES, 2022
7. Mahmudova Hilola O'ktam qizi Maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirishda xorij ta'limi tajribasidan foydalanishning pedagogik asoslari "PEDAGOGS" international research journal, 2023 12-14
8. Astanakulova M.B, Jabborova Shaxina Ta'lim menejmenti - boshqaruv san'ati sifatida, Multidisciplinary Scientific Journal, 2023, 224-226
9. Astanaqulova M.B. MENEJMENT ILMINING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI //Educational Research in Universal Sciences. - 2023. - T. 2. - №. 9. - C. 111-113.
10. Astanakulova M.B, Hossiyat R. MAKTABGACHA TA'LIM TIZIMINI MENEJMENTI VA BOSHQARISHNING ZAMONAVIY MUAMMOLARI. - 2023.
11. Astanaqulova M.B. MENEJMENTNING KELAJAKKA YO'NALTIRILGANLIGI //Educational Research in Universal Sciences. - 2023. - T. 2. - №. 9. - C. 95-98.