Научная статья на тему 'Yashil byudjetlashtirish va uni O’zbekistonda joriy etish istiqbollari'

Yashil byudjetlashtirish va uni O’zbekistonda joriy etish istiqbollari Текст научной статьи по специальности «Экономика и бизнес»

CC BY
316
55
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and Education
Область наук
Ключевые слова
yashil iqtisodiyot / yashil byudjetlashtirish / davlat byudjeti / byudjet xarajatlari / energetika / yashil makon

Аннотация научной статьи по экономике и бизнесу, автор научной работы — Mohira Shavkat Qizi Davlatboyeva, Inomjon Turayevich Jumaniyazov

Ushbu maqola so’ngi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan yashil byudjetlashtirish sohasidagi ishlar tadqiq qilingan. Xususan, mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qonun va uning amaldagi ijrosi, xalqaro tajribalarni o’rganish va ularni yurtimizda joriy etishning ustuvor jihatlarini yoritilgan. Maqolada mamalakatimizda olib borilayotgan keng ko’lamli iqtisodiy islohatlar natijasida davlat byudjeti tarkibidagi o’zgarishlar, byudjet mablag’laridan samarali va oqilona foydalanish zaruriyati xususida ham so’z boradi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «Yashil byudjetlashtirish va uni O’zbekistonda joriy etish istiqbollari»

Yashil byudjetlashtirish va uni O'zbekistonda joriy etish

istiqbollari

Mohira Shavkat qizi Davlatboyeva Inomjon Turayevich Jumaniyazov

TMI

Annotatsiya: Ushbu maqola so'ngi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan yashil byudjetlashtirish sohasidagi ishlar tadqiq qilingan. Xususan, mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qonun va uning amaldagi ijrosi, xalqaro tajribalarni o'rganish va ularni yurtimizda joriy etishning ustuvor jihatlarini yoritilgan. Maqolada mamalakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy islohatlar natijasida davlat byudjeti tarkibidagi o'zgarishlar, byudjet mablag'laridan samarali va oqilona foydalanish zaruriyati xususida ham so'z boradi.

Kalit so'zlar: yashil iqtisodiyot, yashil byudjetlashtirish, davlat byudjeti, byudjet xarajatlari, energetika, yashil makon

Green budgeting and prospects for its implementation in

Uzbekistan

Mahira Shavkat kizi Davlatboyeva Inomjon Turayevich Jumaniyazov

TIF

Abstract: This article deals with the work in the field of green budgeting carried out in our country in recent years. In particular, we tried to highlight the priority aspects of the law adopted by the head of our country and its actual implementation, the study of international experience and its implementation in our country. The article also talks about changes in the structure of the state budget as a result of large-scale economic reforms carried out in our country, about the need for efficient and rational use of budgetary funds.

Keywords: green economy, green budgeting, state budget, budget expenditures, energy, green spaces

Insoniyat so'ngi yigirma yillikda iqlim o'zgarishi, tabiiy resurslarning taqchilligi, bioxilmaxillikning yo'qolib ketishi, ijtimoiy tengsizlikning oshib ketishi singari juda ko'plab dolzarb hisoblangan muammolarga duch kela boshladi. Ushbu tizimli global muammolarning barchasi uzviy bog'liq bo'lganligi bois, ularni alohida hal etib

bo'lmaydi. Bu esa o'z navbatida ushbu muammolarga ham ekologik, ham iqtisodiy jihatdan yondoshgan holatda yechim izlashni taqazo etadi. Shu boisdan oxirgi yillarda "yashil iqtisodiyot", "yashil byudjetlashtirish" kabi iboralarni ko'p bora eshitib kelmoqdamiz. "Yashil iqtisodiyot" deganda ekologik xavf-xatarlarni kamaytirish, resurslardan samarali foydalanish hamda tabiatga zarar yetkazmasdan barqaror rivojlanishga qaratilgan iqtisodiyot tushuniladi.

Bugungi kundga kelib deyarli barcha mamlakatlarda tabiiy resurslardan foydalanishning hamda atrof-muhitga salbiy ta'sirini oshirmasdan iqtisodiy farovonlikni ta'minlashga qaratilgan shunday "yashil" iqtisodiyotga urg'u berish tendensiyasi kuzatilib, "yashil" iqtisodiyot konsepsiyasi ko'pgina mamlakatlar uchun strategik ustuvor vazifa sifatida yuzaga chiqmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda yashil byudjetlashtirishni amalga oshirish uchun bir necha yo'nalishlar belgilangan bo'lib, ular quyidagilardir:

- Byudjet mablag'lari xarajatlari va davlat sektori subyektlarining atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadlarini qamrab olishi;

- Fiskal siyosatning ekologik maqsadlarga muvofiqligini baholash uchun foydalanilgan metodologiya;

- Jarayonning shaffofligi va hisobdorligi;

- Boshqaruv, davlatning har bir sektor ustidan ekologik nazorati.

"Yashil" iqtisodiyot qayta tiklanuvchi energiya, yashil bino-inshootlar, barqaror transport, suv va yer resurslari hamda qattiq maishiy chiqindi boshqaruvi kabi sektorlardan iboratdir.

Yashil byudjetlashtirishni tashkil etish bo'yicha sezilarli ishlarni Fransiya amalga oshirib kelmoqda, uning tajribasini o'rganadigan bo'lsak, ko'rishimiz mumkinki, Fransiyada 2020-yil 28-sentabrda "yashil byudjet" loyihasi qonun hujjati sifatida e'lon qilinadi, loyiha 4 ta muhim xususiyatni o'zida qamrab olgan:

- Barcha davlat byudjeti xarajatlarining yashil ta'sirini baholash;

- Soliq xarajatlarini qoplash;

- Biologik xilma-xillik va ifloslanishga qarshi kurash kabi boshqa ekologik muammolarni ham aks ettirish;

- Atrof-muhitga foydali xarajatlarni baholash bilan bir qatorda salbiy ta'sir ko'rsatadigan xarajatlarni ham baholash.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan ham dunyoda va alohida mamlakatlarda "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish va "yashil" o'sishga o'tish holatini baholash imkonini beruvchi turli ko'rsatkichlar to'plamlari ishlab chiqilgan bo'lib, amaliyotda qo'llanib kelinmoqda. Xususan, bugungi kunda dunyo bo'yicha "yashil" iqtisodiyot samaradorligini baholaydigan Global "yashil" iqtisodiyot indeksi (Global Green Economy Index - GGEI) hamda "Yashil" o'sish indeksi (Green Growth Index - GGI) kabi xalqaro reyting ko'rsatkichlari keng qo'llanilmoqda. GGEI reyting ko'rsatkichi

2010-yildan boshlab e'lon qilina boshlangan bo'lsa, oxirgi marta 2022-yilda jami 160 mamlakat miqyosida 18 ta indikatorlar bo'yicha baholash natijalari taqdim qilingan. Mazkur indeksda boshqaruv va iqlim o'zgarishi (leadership & climate change); samaradorlik sektorlari (efficiency sectors); bozor va investitsiyalar (market & investment); atrof-muhit (environment) kabi 4 ta o'lchov kategoriyalari bo'yicha baholanadi.

Keyingi keng qo'llanilib kelinayotgan ko'rsatkich "Yashil" o'sish indeksi (GGI) hisoblanadi. Ushbu indeks barqaror rivojlanish maqsadlari (Sustainable Development Goals), Parij iqlim bitimi majburiyatlari, Aichi bioxilma-xillik maqsadlari (Aichi Biodiversity Targets), shuningdek, resurslardan samarali va barqaror foydalanish, tabiat mulklarini himoyalash, "yashil" iqtisodiy imkoniyatlar, ijtimoiy qamrov kabi "yashil" o'sish yo'nalishlari bo'yicha mamlakatlardagi holatni baholaydi.

"Yashil" o'sish indeksi 4 ta maqsadli yo'nalish, 16 ta kategoriyalar hamda 36 ta indikatorlardan iborat bo'lib, doimiy tarzda hamda barcha davlatlarni qamragan holda yuritib kelinadi. "Yashil" o'sish indeksiga ko'ra, Shvetsiya, Daniya, Chexiya va Germaniya kabi mamlakatlar eng yuqori "yashil" o'sish ko'rsatkichlariga ega. Eng quyida esa Zimbabve, Jazoir, Nigeriya singari Afrika mamlakatlari o'rin egallagan. MDH davlatlari ichida Gruziya, Markaziy Osiyo mintaqasida Qirg'iziston mazkur reyting bo'yicha yuqori o'rindagi ko'rsatkichlarni qayd etgan.

O'zbekiston Osiyo davlatlari ichida 33-o'rinda qayd etilgan. Mamlakatning mazkur indeksda "Ijtimoiy qamrov" (Social inclusion) hamda "Tabiiy kapital himoyasi" (Natural capital protection) ko'rsatkichlari nisbatan yaxshiroq bo'lsa, "Resurslardan samarali va barqaror foydalanish" (Efficient and sustainable resource use), "Yashil" iqtisodiy imkoniyatlar (Green economic opportunities) yo'nalishdagi ko'rsatkichlarni yanada yaxshilash imkoniyati mavjud. Shuni ta'kidlash lozimki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4477-son qarori bilan 2019-2030-yillarda O'zbekiston Respublikasining "yashil" iqtisodiyotga o'tish strategiyasi tasdiqlangan. O'zbekiston Respublikasida "yashil" iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish bo'yicha vakolatli organ sifatida esa Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi belgilangan. Ushbu strategiyada yuqorida ko'rsatilgan "Yashil" o'sish indeksi bo'yicha mamlakatimizning past ko'rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan quyidagi ustuvor yo'nalishlardagi ishlarni amalga oshirish belgilangan:

- iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari energiya samaradorligini oshirish;

- energiya resurslari iste'molini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish;

- iqlim o'zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy ekotizimlarni asrash;

- "yashil" iqtisodiyotni qo'llab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish.

Mazkur strategiya doirasida "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar natijasi o'laroq, "Yashil" o'sish indeksidagi mamlakatning o'rni sezilarli yaxshilanishi hamda global "yashil" ekotizimni asrab-avaylashda uning munosib hissa qo'shishi ta'minlanadi.

Ushbu qarorda O'zbekiston "yashil iqtisodiyot" ning asosiy bo'g'inlari bo'yicha qanday vazifalarni amalga oshirishi lozimligi aniq belgilab berilgan. Misol tariqasida aytish mumkinki, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobidan qo'shimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqiladi. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko'payadi, elektr energiyasi sohasida yuqori samaradorlik ko'rsatkichlariga ega bo'lgan texnologiyalarni joriy qilish orqali ishlab turgan energiya ishlab chiqarish stansiyalarining quvvatlarini oshirib, rekonstruksiya qilishga erishilib, elektr energiyasi iste'moli tizimlarini avtomatik nazorat va hisobga olish asboblari bilan to'liq jihozlash haqida so'z boradi. Mutaxassislarning fikricha, 10 yildan kam vaqt ichida O'zbekiston aholisi va iqtisodiyot tarmoqlaridan elektr energiyasiga bo'lgan talab ikki baravar ko'payadi. Buni elektr energiyasi iste'molining yillik o'sish ko'rsatkichlari ham tasdiqlaydi. Ushbu o'sish bugungi kunda elektr energiyasi iste'molining eng yuqori paytida, asosan havo haroratining keskin iqlim o'zgarishi kunlariga to'g'ri keladigan qisqa vaqt ichida elektr energiyasini o'chirish holatlari mavjudligi uchun juda katta mas'uldir. Tadbirkorlik sub'ektlarining tobora ortib borayotgan ehtiyojlari, aholi tomonidan shu kunlarda konditsionerlar, sovutgichlarni o'z ichiga olgan maishiy elektr jihozlarining ko'pligi tizimga, shu jumladan past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va transformatorga yuklamaning keskin oshishiga, o'z navbatida ularning ishlashida nosozliklarga olib keladi. Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo'lsak, 2016-yilda mamlakatda o'rtacha kunlik elektr energiyasi iste'moli 137,8 million kilovatt soatni tashkil etgan bo'lsa, 2022-yil iyun holatiga ko'ra bu ko'rsatkich 183,7 million kilovatt soatni tashkil etgan ya'ni 33,4 foizga ortgan.

Yuqorida ta'kidlanganidek, ishonchli energiya ta'minoti uchun elektr energiyasi ishlab chiqarishning o'sishi bilan bir qatorda, uni iste'molchiga yetkazib berish uchun yuqori sifatli infratuzilmaga ham ega bo'lish lozim. O'n yillar davomida yangilanmagan keng ko'lamli va ayni paytda juda eskirgan infratuzilma 2017-yildan boshlab mamlakatimizda elektr tarmoqlari va transformator punktlarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari tubdan mustahkamlandi.

Masalan, agar 1991-yildan 2016-yilgacha yoki 25-yil mobaynida 9 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari modernizatsiya qilingan bo'lsa, so'nggi to'rt yil ichida bu ko'rsatkich 25 ming kilometrga (deyarli 2,7 baravar) oshdi. Xuddi shu holat transformator punktarining holatida ham kuzatilmoqda, ularning

aksariyati 2017-yilga qadar jismonan va ma'nan eskirgan. So'nggi 3 yil ichida transformator punktlari umumiy sonining 60 foizi yoki 9 ming 575 donasi yangilandi. Albatta, infratuzilmani to'liq modernizatsiya qilish uchun 3 yil davomida olib borilgan jadal ishlar yetarli emas va butun mamlakat bo'ylab hali ham jismonan va ma'nan eskirgan elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlari mavjud bo'lib, bu iste'molning eng yuqori paytida tizimda nosozliklarga olib keladi. "2021-2030-yillarda 0,4-110 kV kuchlanishli tarmoqlarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi ishlab chiqilgan rejada nazarda tutilgan infratuzilmani yangilash ishlari jadal sur'atlarda davom etmoqda. Energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish, uning bozor munosabatlariga o'tishini ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5646-sonli Farmoni bilan Energetika vazirligi tashkil etildi. Islohotlarning birinchi bosqichi -"O'zbekenergo" AJni qayta tashkil etish orqali o'ziga xos funksiyalarga ega korxonalarni yaratish: "Issiqlik elektr stansiyalari", shuningdek "O'zbekgidroenergo" (elektr energiyasi ishlab chiqarish), "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" (elektr energiyasini uzatish va magistral elektr tarmoqlariga texnik xizmat ko'rsatish, energotizim dispetcherligi, elektr energiyasining markazlashgan savdosi hamda eksport va import operatsiyalarini davlat tomonidan tartibga solinadigan tariflar asosida amalga oshirish), "Hududiy elektr tarmoqlari" (elektr energiyasini taqsimlash va elektr tarmoqlariga texnik xizmat ko'rsatish, iste'molchilar energoqurilmalarini texnologik ulash hamda respublika iste'molchilariga elektr energiyasini sotish) faoliyatlari ham tartibga solinib kelinmoqda.

O'zbekistonda "yashil iqtisodiyot" ga o'tish nihoyatda zaruriy shart hisoblanadi. Zero, mamlakatimiz aholisi soni katta sur'atlarda ortib, bu ularni yaxshi sharoitlar, ichimlik suvi, elektr energiyasi, transport xizmatlari va boshqalar bilan ta'minlash zarurligini va bu sohadagi xarajatlar ortishini taqozo etadi. So'ngi yillarda davlat byudjeti mablag'laridan foydalanishning shaffofligi hamda oshkoraligini ta'minlash maqsadida chop etib kelinayotgan "Fuqarolar uchun byudjet" yoki openbudget.uz axborot portali ma'lumotlari asosida xulosa qiladigan bo'lsak, davlat byudjeti xarajatlari tarkibida iqtisodiy xarajatlar, jumladan, suv xo'jaligi ekspluatatsiyasi xarajatlari, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini saqlash, sug'oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun xarajatlar, tabiatni muhofaza qilish xarajatlari sezilarli darajada ortib bormoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi uchun davlat byudjetidan 2020-yilda 27.5 mlrd so'm, 2021- yilda 28.7 mlrd so'm ajratilgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2022-yilda 34.8 mlrd so'mni tashkil etgan.

Mamlakatimizda Fransiya tajribasi o'rganilgan holda yashil byudjetlashtirishga o'tish bosqichlari amalga oshirilmoqda. 2021-yilda O'zbekiston yerlarning meliorativ holatini tiklash, yashil transport tizimini qo'llab-quvvatlash maqsadida 870 mln AQSH

dollari miqdoridagi suveren obligatsiyalarni chiqardi.Lekin xalqaro tajribalar shuni ko'rsatmoqdaki, YaIMning 6 foiziga ga teng bo'lgan moliyaviy resurslar sarflangan taqdirga ijobiy natijalarga erishish mumkin. Ham davlat, ham xususiy investitsiyalarni bu sohaga jalb qilish ustuvor maqsad hisoblanadi.

Xalqaro tajribalarni o'rgangan holda O'zbekistonda Respublika Prezidentining 2022-yil 2-dekabrda qabul qilingan "2030- yilgacha O'zbekiston Respublikasini yashil iqtisodiyotga o'tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Qarori dasturi-amal bo'lib xizmat qilmoqda.

O'zbekistonda yashil byudjetlashtirishni amalga oshirish va yanada rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilishi zarur bo'lgan chora tadbirlar quyidagilardan iborat:

- elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini jadal rivojlantirish uchun zamonaviy «yashil» va energiya tejamkor texnologiyalarni kiritish;

- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo'llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish;

- sanoat tarmoqlarida yo'qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish bo'yicha «Yashil» iqtisodiyotga o'tish va energiya tejamkorlik dasturini ishlab chiqish;

- «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish maxsus jamg'armasini tashkil etish va jamg'armaga moliyaviy mablag'larni jalb qilish;

- yashil» iqtisodiyotga o'tish loyihalarini moliyalashtiruvchi xalqaro moliyaviy institutlar va boshqa «donor» tashkilotlarning mablag'larini jamg'armaga jalb etish choralarini ko'rish;

- «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish doirasidagi loyihalarga yo'naltiriladigan moliyaviy mablag'larni samarali foydalanish maxsus mexanizmini yo'lga qo'yish.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4477-son "2019-2030-yillar davrida O'zbekiston Respublikasining "Yashil iqtisodiyotga o'tish strategiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi Qarori. https://lex.uz/docs/-4539502

2. L.A. Acosta, S. Zabrocki, J.R. Eugenio, R. Sabado Jr., S.P. Gerrard, M. Nazareth, and H.G.H. Luchtenbelt, (2020) Green Growth Index 2020 - Measuring performance in achieving SDG targets, GGGI Technical Report No. 16.

3. Jumaniyazov Inomjon Turaevich, & Juraev Maqsud Annaqulovich (2022). Korxonalarda moliyaviy qarorlar qabul qilish va risklarni baholash usullari. Science and Education, 3 (5), 1646-1654.

4. Jumaniyazov, I. T. (2019). The impact of Uzbekistan Reconstruction and development fund's expenditure on GDP growth. Science, research, development № 16. Monografiya pokonferencyjna.

5. Jumaniyazov, I., & Xaydarov, A. (2023). The importance of social insurance in social protection. Science and Education, 4(1), 1033-1043. Retrieved from https://openscience.uz/index.php/sciedu/article/view/4941

6. Janet E. Milne, Mikael Skou Andersen. Handbook of Research on Environmental Taxation. Book. ISBN: 9781784717599, 528 pp. https://www.e-elgar.com/shop/gbp/handbook-of-research-on-environmental-taxation-9781784717599.html

7. Jacob Klok, Anders Larsen, Anja Dahl, Kirsten Hansen. Ecological Tax Reform in Denmark: history and social acceptability. Energy Policy, Volume 34, Issue 8, 2006, Pages 905-916, https://www.sciencedirect.com/science/article/pii/S0

8. Schlegelmilch Kai, Cottrell Jacqueline, Runkel, Matthias, Mahler Alexander (2016). Environmentaltax reform in developing, emerging and transition economies, Studies, No. 93, ISBN 978-3-96021-017-7, Deutsches Institut für Entwicklungspolitik (DIE), Bonn. https://www.econstor.eu/bitstream/10419/199218/1/die-study-93.pdf

9. Remi Genevey, Rajendra K. Pachauri and Laurence Tubiana (Editors). Reducing Inequalities: A sustainable Development Challenge. Delhi: TERI Press, 2013 ISBN 978-81-7993-530-9, https://agritrop.cirad. fr/569731/1/01-PFL%202013%20Inequalities.pdf

10. Jumaniyazov, I. T. (2021). The Progressive Foreign Experiments in the Activity of Sovereign Wealth Funds. Annals of the Romanian Society for Cell Biology, 109-116.

11. Jumaniyozov, I. (2018). Impact of Development Finance Institutions on Economic Growth: Implications for Reconstruction and Development Fund of Uzbekistan. International Journal of Management Science and Business Administration, 4(2), 84-88.

12. Jumaniyozov, I. (2020). ISSUES OF ENSURING THE TRANSPARENCY OF SOVEREIGN WEALTH FUNDS. International Finance and Accounting, 2020(5), 1.

13. Jumaniyazov, I. (2020). FOREIGN EXPERIENCE IN THE ACTIVITIES OF SOVEREIGN FUNDS. International Finance and Accounting, 2020(2), 1.

14. Jumaniyazov, I. T. (2021). Transparency Is A Key Indicator Of The Activity Of Sovereign Wealth Funds. The American Journal of Management and Economics Innovations, 3(05), 30-37.

15. Жуманиязов, И. Т. (2016). Основные задачи Фонда реконструкции и развития Республики Узбекистан. Наука, образование и культура, (7 (10)), 27-28.

16. Жуманиязов, И. Т. (2016). Направления использования средств Фонда реконструкции и развития Республики Узбекистан. Economics, (7 (16)), 28-29.

17. Jumaniyazov, I. T. (2022). O'zbekistonda davlat moliya tizimidagi islohotlar va rivojlantirish istiqbollari. Science and Education, 3(5), 1637-1645.

18. Inomjon Turaevich Jumaniyazov, & Bexruz Hazratov (2022). Foreign experience in the development of special economic zones in Uzbekistan. Science and Education, 3 (5), 1628-1636.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.