XORDA NAFAS OLISH VA UNING TURLARI
Laylo Eson qizi To'xtasheva
Toshkent davlat konservatoriyasi akademik ijrochilik fakulteti Xor dirijorligi bo'limi 1-
bosqich magistranti
ANNOTATSIYA
Bu maqolada vokal-xor ijrochiligida nafas olish va uning turlariga tavsif beriladi. Xorda nafas olish turlari, nafas olish usullari, qiyinchiliklari, xorda to'g'ri nafas olishning ahamiyati to'g'risida kengroq so'z yuritilgan. Xor ijrochiligi san'atida to'gri nafas olish va uning turlarining ahamiyati katta hisoblanadi. Bu haqida ushbu maqolada ma'lumotlar keltirilgan.
Kalit so'zlar: Diafragma, partitura, registr, tembr, nyuans, zanjir nafas, faktura, detonatsiya, resonator, diapazon.
CHORD BREATHING AND ITS TYPES ABSTRACT
This article describes breathing and its types in vocal-choral performance. There is a lot of talk about the types of breathing in the chorus, breathing methods, difficulties, the importance of proper breathing in the chorus. Proper breathing and its forms are very important in the art of choral performance. This article provides information on this.
Keywords: Diaphragm, score, register, timbre, nuance, chain breath, texture, detonation, resonator, range.
KIRISH
Ma'lumki, kishi nafas organlari orqali nafas oladi, ovoz apparati yordamida ovoz chiqaradi, artikulyatsiya apparati orqali gapiradi va kuylaydi. Vokal-xor ijrochiligining asosini nafas tashkil qiladi. Shuning uchun to'g'ri nafas olish vokal-xor texnikasining eng muhim elementlaridan hisoblanadi. U ovoz shakllanishi jarayonida poydevor vazifasini o'taydi. Kuylaganda nafas olish oddiy nafas olishdan farq qiladi. Kuylaganda nafas tez olinib, sekin chiqariladi.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Xonandalar xorda kuylash vaqtida, tovush hosil qilishda nafasni to'g'ri yo'lga qo'yish muhim rol o'ynaydi. "Kuylash san'ati nafasni to'g'ri ishga solish san'atidir", -degan ibora klassik ibora bo'lib qoldi. Kuylashdagi nafas bilan fiziologik nafas orasida ma'lum darajada farq bor. Fiziologik nafasda nafas olish aniq bir ritmda va ma'lum bir vaqt oralig'ida sodir bo'ladi. Kuylash vaqtidagi havo olish tez, qisqa vaqt oralig'ida
sodir bo'lib nafas chiqarish esa bir qancha vaqtga cho'ziladi. Nafas ritmi ijro etilayotgan asar xarakteriga qarab o'zgarib turadi. Kuylashda fiziologik nafasga qaraganda chuqur nafas olinadi.
Kuylashdagi nafas olishning bir necha turlari bor:
1) Pastki qovurg'alar kengayuvchi nafas olish;
2) Yelka kengayuvchi nafas olish;
3) Qorin bilan nafas olish (diafragma pastga tushadi);
4) Ko'krak bilan nafas olish (ko'krak qafasining yuqori qismi ko'tariladi)
Kuylash vaqtida nafas olishning pastki qovurg'alar kengayuvchi nafas olish va qorin bilan nafas olish olish turlarini ishlatish ma'quldir.
Xorda nafas pastki qovurg'a-diafragma usulida olinadi. Bu usul xonandalarga (havaskorlik xorlarida) oldin tushuntirilib, keyin ko'rsatib berilishi kerak. Bunday nafas olishda birin va pastki qovurg'alar kengayadi. Nafas olishda kiftlar, ko'krak qafasi ko'tarilmasligi kerak. Tajribali xonandalarda nafas yuqori ko'krakda deyarli bo'lmaydi. Ularda nafas pastga - diafragmaga olinib, qorinning pastki qismi harakatda bo'ladi.
Nafasni tejamkorlik bilan sarflash xonandaning tajribasi va mahoratiga bog'liq. Masalan, italiyalik mashhur xonanda E.Karuzo (o'zining tan olishiga qaraganda) o'pkadan chiqayotgan har bir nafas (havo) zarrachasini ovoz barpo qilish uchun sarflashga harakat qilgan.
Nafas og'iz va burundan bir vaqtda olinadi. Havaskorlik xorlarida nafas olishni o'rganish vaqtida (yakka vokal darslarida ham) qo'llarni biqinga qo'ygan holda nafas olish, nafasning olinishini kuzatish uchun qo'llarni qovurg'alar bo'ylab pastga, yon tomonga yurutish va bunda qorin bo'shlig'ining oldinroqqa chiqishini va qovurg'alarning yon tomonga kengayishini kuzatish yaxshi natija beradi. Ularga nafasni dirijorning qo'l ishorasi bilan olib borib, bir tekis, shoshilmasdan chiqarishni ham o'rgatish kerak.
Nafas asarning tempiga, jumlalarning katta-kichikligiga qarab bir maromda, tez, yengil, tekis, chuqur olinadi. Demak, nafas olishda gavda, bo'yinning to'g'ri, erkin holatda bo'lishiga, kiftlarning ko'tarilmasligiga va nafasning diafragmaga olinishiga erishish zarur.
MUHOKAMA
Xorda ko'p ishlatiladigan nafas turlaridan biri zanjir yoki ulama nafas olish usulidir.
Zanjir usuli ayrim polifonik xor asarlarida yoki cho'zib turiladigan tonik va dominant organ punktlarida uzoq muddatgacha nafas olish mumkin bo'lmagan paytlarda qo'llaniladi.
NATIJA
V.Sokolov nafasni uchta tarkibiy unsurlarda ko'rib chiqadi: nafas olish, uni bir lahza ushlab turish va chiqarish. Nafas olish kuylashda katta ahamiyat kasb etadi, ammo
uni ushlab turish ham muhim, u xonandaning butun ovoz apparatini kuylashga bevosita harakatlantiradi. Nafas chiqarish tejamli va bir maromli bo'lishi kerak. Xulosa
Yuqorida aytilgan fikrlarga yakun yasab shuni aytish kerakki, xor xonandalarini to'gri nafas olishga o'rgatish xorda vokal ustida ishlashning eng zarur qismidir. Nafas olish xorda bir vaqtda sodir bo'lishi mumkin. Bu holda xor ijrochilari baravariga nafas olishlari kerak. Agar musiqa asarlarida uzoq davom etuvchi kuy jumlalari bo'lsa, xor yoki xor partiyalarini uzluksiz sadolanishini ta'minlab beruvchi ulama nafas qo'llaniladi. Bu holda xonandalar navbatma-navbat nafas oladilar va bu o'z navbatida o'z partiyalariga juda ehtiyotkorlik bilan sezilmas darajada qo'shilishlarini talab qiladi. Aks holda ansambl birligi buzilishi mumkin.
REFERENCES
1. Sharafiyeva N.S. Xorshunoslik: (Qisqacha o'quv qo'llanma). - Adabiyot va san'at nashriyoti, 1987. - 29-31 betlar
2. Ro'ziyev Sh. Xorshunoslik: (O'quv metodik qo'llanma). - T.: Adabiyot va san'at nashriyoti, 1987. - 94-99 betlar
3. Kadirova S.P Xorshunoslik: Oliy ta'lim muassasalari talabalari uchun darslik. -"Musiqa" nashriyoti, T.: 2019. 51-58 betlar
4. Mansurova G.Sh Xorshunoslik va xor jamoalari bilan ishlash uslubiyoti: Madaniyat san'at kollejlari va akademik litseylar uchun o'quv qo'llanma. - T.: Yangi nashr, 2008.