XIX-XX ASRLARDA XORAZM VOHASI AHOLISINI QISHLOQ XO'JALIGI ISHLARIGA JALB ETISH MASALALARI Nargiza Kamolova Po'latbayevna
Mamun universiteti NTM Tarix kafedrasi dotsenti, PhD kamolovanargiza2018@gmail. com https://doi.org/10.5281/zenodo. 8362063
Annotatsiya. XIX-XX asrlarda Xorazm vohasining iqtisodiy gullab-yashnashi qishloq xo'jaligida ushbu mintaqadagi mavjud dehqonchilikning an'anaviy usullaridan samarali foydalanish va sug'orish tizimlarining juda keng miqyosda tashkil etilganligiga bog'lik bo'lgan.
Xorazm vohasi aholisi tomonidan hududning noqulay tuproq va iqlim sharoitiga ega bo'lishiga qaramasdan yuqori darajada rivojlangan dehqonchilik madaniyati yaratildi. Zero, qishloq xo'jaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirish kambag'allikni qisqartirish va qishloq aholisi daromadlarini ko'paytirishning eng tez natija beradigan omilidir. Ushbu mavzu yuzasidan to'plangan materiallarning aksariyatini xronologik jihatdan xonlik davrining arxiv hujjatlari tashkil etadi. Arxiv hujjatlarida qayd etilgan ma'lumotlar mavzuni ilmiy tahlil qilishda muhim ahamiyatga egadir. O'zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi materiallari, O'zRFA SHI fondidagi qo'lyozma manbalar, qozilik hujjatlari va Xiva Ichan qal'a muzeyi fondidagi xonlik davri vaqf hujjatlari, yorliqlar mazkur tadqiqotning ilmiy-manbaviy asoslarini tashkil qiladi. Ularda yer-mulk, ijara shartnomalari, natural mahsulotlarni sotish, ayirboshlash, yerdan foydalanish va sug'orish bilan bog'liq masalalar o'z aksini topgan.
Tadqiqot uchun kerakli bo'lgan materiallarning ikkinchi guruhini XVII - XIX asrlariga oid mahalliy yozma manbalar tashkil etadi. Mazkur davrda yaratilgan yozma manbalar bevosita davlatda ro'y bergan siyosiy-iqtisodiy jarayonlar bilan bog'liqdir. Xiva xonligida taxtga yangi o'tirgan xon mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan asosiy islohotlari qatorida dehqonchilik hududlarini kengaytirish yo'lida hududning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish va yangi sug'orish tizimlarini bunyod qilish masalalariga alohida e'tibor bilan yondoshganlar. Amalga oshirilgan mazkur islohotlar xonlikning tarixshunos olimlari va muarrixlari tomonidan qayd qilib borilgan. Ular tomonidan yozib borilgan ushbu qaydnomalar keyinchalik tarixiy manba shaklida namayon bo'ladi.
Kalit so'zlar: sho'r tuproq, ro'yan o'simligi, yerni go'ng bilan bilan ishlash, atiz, solma, quloq, shinni, dala qo'riqchisi
Kirish. XIX-XX asrlarda Xorazm vohasi qishloq xo'jaligi (dehqonchilik va chorvachilik) xuddi savdo-sotiq va hunarmandchilik kabi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo'lgan. Aholining 90 foizi qishloq xo'jaligi bilan band bo'lgan. Ichki va tashqi savdoda dehqonchilik mahsulotlari muhim o'rin tutgan. Shuning uchun ham xivaliklar yerga ishlov berish masalalariga alohida e'tibor bilan yondoshganlar. Dehqonchilik, asosan, sug'oriladigan hosildor yerlarda rivojlangan. Yerga ishlov beradigan kishilarning asosiy qismi qishloqlarning kambag'al aholisi bo'lib, ular o'z yer maydoniga ega bo'lmasdan, ijaraga olingan yerda mehnat qilishgan, ular ishlaydigan yerlarning egalari yuqori tabaqa vakillari edi. Sho'rlangan yerlar esa kam hosilli bo'lgani bois ko'p mehnat talab qilgan. Yuqori tabaqa vakillariga tegishli bo'lgan kam hosilli sho'rlangan yerlarda ham ijarador dehqonlar ishlar edilar. Ular Xiva xonligi davrida yarimchi, ijarachi va bevatanlar deb atalgan. Bu turdagi yerlarga, asosan, Amudaryoning quyi oqimidagi yerlar kirgan.
O'rta Osiyoning boshqa hududlariga nisbatan Xiva xonligida aholi sho'r tuproqli, unumsiz yerlarning hosildorligini oshirish borasida ko'proq tajribaga ega bo'lganlar va buning uchun ular tuli vositalardan samarali foydalana olganlar. Xorazm dehqonlari qadimdan qanday tuproqqa qaysi ekin turini ekishni juda yaxshi bilganlar va shu sababli har qanday ekindan yuqori hosil olganlar. XVIII-XIX asrlarda ham beda va oqjo'xori yerlarning tarkibini yaxshilovchi asosiy ekin turlaridan biri sanalgan. Shuning uchun ushbu o'simliklarni ko'proq sho'rlangan yerlarga ekishni ma'qul ko'rganlar. Chunki beda va jo'xori tuproqdagi tuz miqdorini me'yorida saqlagan va ularni ekish orqali yerni samarali yumshatish imkoniyatiga ham erishilgan.
XVIIII asrning birinchi yarmida xonlik yerlarining aksar qismi sho'rlanganligi kuzatiladi. Xususan, 1740-1741 yilarda Xivada bo'lgan rus elchilari Gladishev va Muravinlar xonlikning aksar yerlariga beda ekilganligini yozib qoldiradilar. Chunki bu davrda ichki urushlar va xonliklar o'rtasidagi feodal urushlar keng tus olgan bo'lib, yerlarga ishlov berish sur'ati keskin pasaygan va ekin dalalarining ishdan chiqishiga sabab bo'lgan (Gladeshev, Muravin., 1851: 75).
Adabiyotlar tahlili. 1873 yilda chop qilingan "Наши соседи въ Средней Азии. Хива и Туркмения" (Наши соседи въ Средней Азии. Хива и Туркмения, 1873: 119) nomli asarda arpa va tariq xonlikning shimoliy qismida kam ekilganligi va ular kam suv talab qiladigan o'simliklardan ekilganligi haqida ma'lumot beriladi. Shu bilan birga, xonlikda bo'yoq olinadigan o'simliklardan marena (ro'yan) ham yetishtirilgan. Bu esa Xiva xonligida bo'yoqchilikning rivojlanishiga sabab bo'lgan.
XIX asrga kelib, Xiva xonligi yerlarga ishlov berishda qum aralashgan go'ngli tuproq, ariqlarni qazishda olingan loyqa tuproq va buzilgan eski uylarning kesaklaridan foydalanganlar. Bu fikrimizni rus elchisi O.Shkapskiy (Shkapskiy O., 1900: 29-30) tadqiqotlaridagi ma'lumotlar ham tasdiqlaydi. U xonlikda sho'rlangan yerdan yuqori hosil olish uchun yerga ishlov berishning quyidagi usullaridan foydalanganliklarini ko'rsatib o'tadi:
1) buzilgan uylarning kesaklarini dalaga tashlash orqali yerning unumdorligini oshirish;
2) yerni go'ng bilan ishlash.
Birinchi usulda aholi tomonidan dalalarga eski, buzilgan uylarning kesaklarini va ariqlarni qazish jarayonida olingan tuproqni tashlaganlar. Buzilgan uylarning somon suvoqli paxsa devorlari sof tuproqdan qilinganligi bois, ushbu paxsa devorlarning tuprog'i yerning oziqlanishida va tuproq tarkibining tabiiy minerallar bilan to'yinishida yuqori darajada samara bergan.
Go'ng bilan yerlarni oziqlantirish ishlarida voha dehqonlari ot, qora mol va qo'ylarning go'ngini qum bilan aralashtirib, tabiiy o'g'it tayyorlaganlar va undan juda ko'p miqdorda dalalarga sepganlar. Mazkur o'g'itning tarkibi 80 foizi qumdan, 20 foizi go'ngdan iborat bo'lgan (Girshfeld, Galkin., 1903: 162). Tayyorlangan ushbu tabiiy o'g'itning tarkibidagi qum yerni samarali yumshatgan, namlikni yaxshi ushlab turgan. Shuning uchun voha dehqonlari sho'r tuproqli yerlarning tarkibini yaxshilashda mazkur usuldan ham samarali foydalanganlar.
Qum aralashmali maxsus go'ngli o'g'itni tayyorlash uchun dehqonlar qishki shudgordan oldin dala (atiz)larning bir qismiga go'ngdan katta uyum qilganlar va uning ustidan qum sepganlar. Qish oylaridagi qor va yomg'irlar ta'sirida qum go'ng bilan qorishib ketgan. Erta bahorda esa tayyor go'ngdan dalalarga aravalar yordamida kichik-kichik uyumlar qilib tashlab chiqilgan va uyumlar belkuraklar bilan dalaning barcha qismiga bir tekis qilib yoyilgan. Dalalarga juda ko'p miqdorda go'ng kerak bo'lgan. Jumladan, har ming metr yerga 800-1000 aravagacha, ba'zida undan ham ko'p miqdorda go'ng tashlangan (Shkapskiy O., 1900: 29). Yerga qancha
miqdorda go'ng tashlanib ishlov berilsa, unumdorligi shunchalik oshib, yer yumshoq holatga kelgan. Bunday yerlarga ishlov berishda mola-dandanadan keng foydalanilgan.
Yerni samarali o'g'itlashning yana bir usuli haqida esa I.Ivaninning (Ivanin M., 1873: 40-41) asaridan quyidagi ma'lumotlarni keltiramiz, ya'ni aholi tomonidan kanal va ariqlarni tozalashda chiqqan cho'kindilar ekin maydonlariga har yili tashlab borilgan. Muallifning yozishicha, bu cho'kma qatlamning ta'siri yerlarning holatini yaxshilashda unchalik samara bermagan. Shuning uchun dalalarni qish va kuz oylarida uzluksiz ravishda o'g'itlab borish talab qilingan. Ivanin dalaga beriladigan o'g'itning ishlanish texnologiyasi haqida ham yozgan. Uning yozishicha, dalaning bir chetiga 2 santimetr qalinlikda qum tashlangan. Uning ustiga shu qalinlikdagi hayvonlarning go'ngi tashlangan va yana shu qalinlikda tuproq yotqizilgan va ular aralashtirilib, yangi o'g'it tayyorlangan. Ana shu o'g'itdan ekin maydonlariga 500 arava, ba'zi yerlarga esa 1000 arava va undan ham ko'proq miqdorda tashlangan. Bunday uslubda tayyorlangan o'g'itlarni sotish ham yo'lga qo'yilgan (Ivanin M., 1873:40).
Yerni o'g'itlashning yana bir usuli haqida "Nashi sosedi v Sredney Azii. Xiva i Turkmeniya" asarida uchratamiz (Наши соседи въ Средней Азии. Хива и Туркмения, 1873: 119). Unda ham sho'rlangan yerlarga go'ng va toza tuproq tashlab chiqilganligi aytilgan, shuningdek, yerlarni o'g'itlash tartibining mukammalroq usuli haqida yozilgan. Ya'ni ekish yoki haydash uchun ajratilgan yerlar, eng avvalo, tanoblarga ajratilgan. Har bir tanob yerning to'rt tomonidan uncha katta bo'lmagan ariqchalar qazib olingan. Bu ariqchalar katta ariq (solma)larga ulangan. Bu ariqlar asosiy ariq chuqurligining to'rtdan bir chuqurligi nisbatida qazilgan bo'lib, ular dalalardan chiqqan o'simlik qoldiqlari bilan to'ldirilgan. Go'ng o'rniga aholi yashaydigan hovlilarning atrofidagi bog'lardan tuproq olib kelib tashlangan. Bu tuproq ba'zan o'simlik qoldiqlari, ba'zan kul bilan va buzilgan uylarning somon suvoqli kesaklari bilan aralashtirilgan. Katta o'lchamli somon suvoqli kesaklar belkurak bilan maydalangan. So'nggi jarayonda qazilgan ariqlarlarga suv yuborilgan. Sug'orish chog'ida ariqlardagi chirindi qatlamli o'g'it ekishga tayyorlangan maydonga bir tekis qilib suv yordamida oqizilgan. Ba'zi ekin maydonlari ariqlardan ancha yuqorida joylashganligi sababli suv maxsus suv chiqarish qurilmasi (chig'irlar) orqali chiqarilgan (Наши соседи въ Средней Азии. Хива и Туркмения, 1873: 119). Yer suv tuproq qatlamiga to'liq singib ketganidan keyin, ag'darilgan. Tishli taxta bilan tuproqqa ishlov berilgan. Ekinlar ko'kargach, yer yuqoridagi tartibda qayta sug'orilgan. Dalani qachon sug'orish va necha marta sug'orish kerakligi ekiladigan ekinning turiga bog'liq bo'lgan.
O'rta Osiyoning barcha hududlarida bo'lgani singari mazkur hududda ham o'g'it sifatida chorvalarning go'ngidan tashqari ipak qurti va turli xil parrandalarning go'ngidan h am foydalanilgan. Ayniqsa, xonlikning janubiy qismida yerga tinimsiz ishlov berish va uning hosildorligini oshirishga qaratilgan yuqoridagi ishlar boshqa hududlariga nisbatan ko'proq olib borilganligini ko'ramiz. Buning asosiy sababini janubiy hududlarda yerdan uzluksiz foydalanish va ekinlardan yiliga ikki martagacha hosil olish ishlari amalga oshirilganligi sababli yerlarning meliorativ holatini tez-tez yaxshilab borish zarurati tug'ilishi bilan izohlashimiz mumkin.
Xiva xonligida yerning hosildorligini oshirishda uni o'g'itlashdan tashqari sho'rini yuvish ham muhim ahamiyat kasb etgan. Ko'pgina manbalarda xonlikda sho'r yuvish ishlari haqida muhim ma'lumotlar berib o'tilgan. Masalan, O.Shkapskiyning asarida (Shkapskiy O., 1900: 25) bu jarayon haqida alohida to'xtalib o'tilgan. U Xiva xonligida tuproq namligining juda pastligi haqida joylashganlik bilan izohlaydi. Namlik yetarli bo'lmagan tuproqda esa dehqonchilik qilish va yerdan yaxshi hosil olish imkonsiz ekanligini ta'kidlagan holda, muallif xivaliklar o'z yerlarini
har bir kvadrat metrigacha yil bo'yi muntazam sug'orib turishga harakat qilganliklarini aytib o'tadi. Albatta, bu davrda dehqonlar dalalarga suv bir me'yorda borishini va suvning ortiqcha isrof bo'lmasligini ta'minlash maqsadida yerlarni bir tekis qilib haydaganlar va har bitta yer maydoni alohida-alohida olinib, atroflariga qariqlar tortilib, o'rab olingan. Har bir ajratilgan yer maydonlaridan birining ikkinchisiga suvning borishida qulaylik yaratishi uchun maydonlarning har biriga 2-3 qarich kattalikda suvning oqib o'tish yo'li (quloq) qazib chiqilgan.
Shu tartibda tekislangan har bitta yer maydoni 200 yoki 300 kvadrat sarjinni tashkil qilgan va xorazmliklarda bu ekin maydonlariga "atiz" deyilgan. Dehqonlar iloji boricha bir yer maydonini ikkinchi yer maydo-nidan bir yarim yoki ikki vershkagacha (verst - 1067 metrga teng) baland qilishga harakat qilganlar (Shkapskiy O., 1900: 25). Bundan ko'zlangan maqsad bir daladan ikkinchi dalaga suv oson va tez borishini ta'minlash hamda suvni ortiqcha sarflamaslikdir. Dalalarni bu usulda sug'orishning yana bir afzalligi shundaki yer o'zi uchun yetarli miqdordagi suvni o'ziga tortib oladi. Natijada tuproq qatlami yumshoq holatga keladi va tuproq tarkibidagi barcha tuzlar yerning yuza qatlamiga chiqadi. Ikkinchi sug'orishda yer yuzasiga chiqib qolgan tuzlar yuvilib ketgan. Agarda sug'orishdan keyin yerning yuza qatlamida me'yordan ko'p tuz paydo bo'lsa, dehqonlar tuzni aravalarga ortib chiqarib tashlaganlar.
Tuproq tarkibini yaxshilashga qaratilgan yuqoridagi usullardan tashqari aholi sug'orish tizimlarini qurish orqali yerning holatini yaxshilaganlar. Ular drenaj kanallar (zaxkash) deb atalgan (Bu O'rta Osiyoning boshqa hududlarida ham keng tarqalgan. Jumladan, Farg'ona vodiysida ham dehqonchilik qadimdan kelayotgan soha bo'lib, bu yerlik dehqonlar tuproq tarkibiga katta e'tibor qaratishgan. Farg'ona yerlarining Xorazm yerlaridan farqli tomoni shundaki, bu hudud yerlari sug'oriladigan va sug'orilmaydigan ekin maydonlaridan iborat).
Almashlab ekish usuli orqali ham xonlikda yer unumdorligini oshirishga harakat qilingan. Masalan, uch-to'rt yil davomida ma'lum maydonga paxta ekilsa, keyingi yili makka doni, bug'doy yoki beda ekilgan. Dehqonchilikning bunday usuli yer hosildorligining tabiiy tiklanishida katta ahamiyatga ega bo'lgan. Ayniqsa, bu jarayon o'sha davrda tuproq tarkibining tiklanishi va turli xildagi kasalliklar bilan kurashishida qo'l kelgan yagona usul sanalgan. Almashlab ekishda ekin turlarini tajribali dehqonlar aniqlab berganlar.
Dalaga go'ng tashish hamda hosilni yig'ishda ho'kiz, ot va eshakdan keng foydalanilgan bo'lsa, yerlarning sho'rini yuvish uchun dalaga suv chiqarishda ham, ya'ni chig'irlarni aylantirishda mazkur hayvonlarning mehnati zarur bo'lgan. Jumladan, ulli (katta) chig'irlarni harakatlantirish uchun tuyadan, o'rta va kichik chig'irlarni aylantirishda ho'kiz, otlardan foydalanilgan. Dehqonlarning kambag'al qismi tuya, ho'kiz va ot boqishga mablag'i yo'qligi sababli eshaklardan foydalanishgan. Gladbishev va Muravinlar tomonidan ham dehqonlar ish hayvoni sifatida ko'p yerlarda ho'kizlardan va ayrim yerlarda otlardan foydalanganligi haqida yozilgan (Gladishev, Muravin., 1851: 2).
Xorazmda dehqonchilik sun'iy sug'orishga asoslanganligini ko'ramiz. Qator tadqiqotchilar, xususan, S.Tolstov va Ya.G'ulomovlar tomonidan mazkur hududning sug'orilish tizimi yaxshi o'rganilgan. Ayniqsa, Ya.G'ulomovning "Xorazmning sug'orilish tarixidan" asarida vohaning suv yo'llari, sug'orilish tartibi haqida keltirilgan ma'lumotlar bizning tadqiqotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Albatta, o'lkaning irrigatsiya tizimi uzoq tarixiy rivojlanishga ega. O'rta asr olimlari tomonidan ham o'lkaning sug'orilish tizimiga doir ma'lumotlar yozib qoldirilgan. Jumladan, Abu Rayhon Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida xonlikdagi suv manbalari,
tabiiy fontanlar, sug'orish kanallarining nishablik bo'yicha joylashuvi haqida batafsil ma'lumotlar keltirilgan (Beruniy. O'zRFA sida saqlanayotgan tarjima qo'lyozmasi. T/N.1171. -B. 432-440).
Xiva xonligida qadimgi va o'rta asrlarda suv inshootlarini qurish, katta kanallarning suv olish joylarini belgilash irrigatorlar faoliyatida eng qiyin masala bo'lgan. Tabiiyki, sug'orish inshootlarini muttasil ta'mirlab turish, yangi sug'orish tizimlarini qurish uchun juda katta mablag' va kuch talab qilingan. Shu sababli xonlikda davlat hokimiyati qanchalik barqaror bo'lsa, sug'orish ishlari ham shu qadar tizimlashgan bo'lgan. Bu esa dehqonchilik qilishga yaroqli yer maydonlarining kengayishiga va ko'proq qismiga suv yetkazib berishga imkoniyat tug'dirgan.
Dehqonchilikda yog'ingarchilik va daryo suvining ko'tarilish hodisasi dehqonlar uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan. Yog'ingarchilikli yillarda toshqinlar ko'p kuzatilgan, yirik toshqinlar vaqti daryoning eni 3-5 kmgacha kengaygan. Suvning balandligi 0,6 dan 1,6 mgacha ko'tarilgan. Shu tufayli kuchli toshqin davrlarida daryoning qirg'oqlarida mahalliy o'troq dehqonlar tomonidan baland dambalar qurilgan. Bu dambalar orqali daryo atrofidagi ekin maydonlarini suv toshqinidan saqlab qolishga harakat qilganlar. Suv toshqinlari davrida juda katta oqim kuzatilib, mahalliy xalq tilida bu oqim "degish", "yiqqin" ("Yiqqin" atamasi qoraqalpoq va qozoqlardan o'zlashgan (G'ulomov Ya., 1959: 30) deb atalgan. Degish daryoning qirg' oqlarini yorib kirib, yangi irmoqlar uchun "soqa'lar hosil qilgan. Xorazm miroblari uchun toshqin davrida daryodan kanallarning boshlanish joylarini belgilash nihoyatda qiyin masala hisoblangan. Kanalning daryodan boshlanish joyini belgilashda tuproq mustahkamligiga va uning tarkibiga asosiy e'tibor berilgan (Daryo qirg'oqlari asosan loyqa qatlam tufayli hosil bo'lgan tuproqdan tashkil topgan). Chunki suv toshqini va yog'ingarchilik davrlarida suv daryo qirg'oq-larini yuvib, oqizib ketgan. Natijada daryodan kanallarga suvni yo'naltiruvchi dambalar ham yuvilib ketgan. Shuning uchun qadimgi miroblar daryoning sokin va doimiy suv oqadigan irmoqlaridan kanallarga suv chiqarish maqsadida foydalanishni ma'qul ko'rganlar. Ayrim hollarda daryoda suv tanqisligi sababli irrigatorlar kanallarga suv kelishining boshqa yo'llarini ham izlashga harakat qilganlar. Masalan, daryodan balandda joylashgan kanallarga suv chiqarish uchun suv inshootlarini tobora nishoblashtirib qurganlar. Aholi sug'orish kanallari va ariqlarni qazish-da tekislikni o'lchashning an'anaviy usullari (nivilirovka)dan samarali foydalanganlar .
Xulosa. Dehqonchilik qilishda sug'orish sistemalarini qazish va tozalash ham xonlikdagi eng muhim masalalardan biri sanalgan. Aholi tomonidan doimiy ravishda hashar ishlari olib borilgan. Hashar xorazmliklarda "qazuv" yoki "begof deb atalgan. Qazuv 12 kun davom qilib, bir gektar yerga bir kishidan taqsimlangan. Hasharda qatnashuvchi aholi o'ziga berilgan hududda 12 kun davomida kanallarni va ularning boshini tozalash, dambalarni mustahkamlash, suv ko'tarish to'g'onlarini ta'mirlashga jalb etilgan. Kanal qazish ishlarini shaxsan xonlarning o'zi nazorat qilib borishgan. Jumladan, Katta Polvonyopning yangi boshi Toshsoqa kanalining qazilishida Ollohqulixon shaxsan o'zi qirq ming qulni olib kelgan (G'ulomov Ya. 1957: 274). Shuningdek, qazuv ishlariga mahalliy aholi ham keng jalb qilingan. Jumladan, 1873 yilgi ma'lumotlarga ko'ra, ariqlarni tozalashda xonlikning olti mingdan ziyod kishisi qatnashgan. Ular orasida ruslar, qozoqlar, turkmanlar ham bo'lgan (Abdurasulov A., 1997: 25).
Xiva xonligining aholisi dehqonchilikdan tashqari bog'dorchilik va uzumchilik bilan ham shug'ullangan. Muhammad Rahimxon I va Ollohqulixon hukmronligi davrlarida Xiva, Yangi Urganch, Manoq va Xazorasp qal'alari atrofida bir qancha bog'lar qurdirganlar (Rahmonova Yu., 2019: 64). Bog'lar uylarning atrofida joylashgan. Bog'larning maydoni to'rtburchak shaklida bo'lib, atrofi paxsa devor bilan o'rab olingan. Bog'larning o'rtasida katta hovuz qurilib, yerlar shu
hovuzdan kichik ariqlar orqali sug'orilgan. Bog'dorchilikda, asosan, shaftolining 5 navi, olxo'rining 4 navi, olmaning 4 navi, o'rikning 5 navi (xosaki, ko'kpishar, payvandi, qizilarik va nuqul), anor, behi va quritilgan jiyda mevasi, uzumchilikda esa uzumning 10 navi yetishtirilgan (Наши соседи въ Средней Азии. Хива и Туркмения, 1873: 120). Anor, uzum, anjir daraxtlari qishda sovuqdan himoya qilish maqsadida tuproqqa ko'mib qo'yilgan, erta bahorda ochilgan. Boshqa mevali daraxtlarni sovuqdan bunday tartibda himoya qilishga ehtiyoj tug'ilmagan. Qish sovuq kelgan yillari mevalarning hosili kam bo'lgan, lekin sovuq havo ta'sirida qurib qolmagan. Ariq va kanallarning qirg'oqlariga ko'plab tut daraxtlari ekilgan. Tut daraxtining yaprog'idan xo'jalikning yana bir asosiy tipi hisoblangan ipakchilikda keng foydalanilgan. Xonlik aholisi tut daraxtining mevalarini oziq-ovqat o'rnida ham iste'mol qilganlar. Shuningdek, undan shinni (Shinni - tut mevasi pishganda aholi uni terib olgan va katta qozonga solib, suyuq holga kelgunicha qaynatgan. Bu shirinlik tayyor bo'lganida qora rangda, juda shirin ta'mli, biroz quyuqroq sharbat holatiga kelgan. Xiva xonligi aholisi uni idishlarga solib, olib qo'yishgan va xalq tabobatida foydalanilgan hamda kundalik oziq-ovqat sifatida iste'mol qilishgan) kabi shirinliklar tayyorlaganlar. Tutning xususiyatlaridan yana biri daraxtning tomirlari yer osti suvlarini o'ziga yaxshi tortib olgan. Xonlik aholisi bu daraxtni ekin maydonlari atroflariga va uylarning oldiga ekkanlar. Demak, tut daraxti dalalarni va uylarni zaxdan tozalovchi vosita vazifasini ham bajargan. Shuning uchun bog'dorchilikda tutning ahamiyati katta bo'lgan.
Xiva xonligi davrida aholi nafaqat dehqonchilik mahsulotlarini ekish bilan, balki uni bir qancha zararkunandalardan asrash ishlari bilan ham band bo'lganlar. Zero, Xorazm dehqonchiligining asosiy zararkunandalari bu qushlar, hayvonlar, kemiruvchilar va chigirtkalar bo'lgan. Shuningdek, noqulay iqlim sharoiti, ya'ni issiq garmsel, qum bo'ronlari, jazirama issiq va yomg'irli kunlarning kamligi ham dehqonlar uchun talay qiyinchiliklar tug'dirgan.
Dehqonchilikda ekinlarga va hosilga asosiy zarar keltiruvchi vositalardan biri mayda qushlar (musicha, chumchuq, mayna va boshqa turdagilari) bo'lgan. Ular tomonidan ikki mavsumda ekinlarga zarar yetkazilgan. Birinchisi bahorda ekinlar ekilgan vaqti bo'lib, ya'ni urug' sochilganidan keyin yer yuzasiga chiqib qolgan donlarni, ayniqsa, oq jo'xori va makkajo'xori urug'larini yeyish uchun qushlar galasi yopirilib kelganlar. Kuz faslida hosil pishib yetilgan davrda donli boshoqlarni yeyish uchun gala-gala bo'lib uchib kelganlar va hosilning kamayishiga sezilarli darajada ta'sir ko'rsatganlar. Dehqonlar qushlardan ekinlarni va hosilni himoya qilish uchun bir necha usullarni o'ylab topganlar. Bunday usullardan biri dala qo'riqchilarini (Dala qo'riqchilari bu - (Xorazmning ayrim joylarida "qaroqchi" deyilgan) kichik yog'ochdan yasalgan, eski kiyimlar kiydirilgan, inson qiyofasidagi katta qo'g'irchoq bo'lib, u ekin maydonining o'rtasiga baland qilib o'rnatilgan) ekin maydonlariga qo'yish orqali ularni cho'chitish bo'lgan. Ikkinchi usul katta ekin dalalari va bog'lar o'rtasiga paxsa devordan baland qilib qurilgan minoralarga kesaklar uyum-uyum qilib yig'ib qo'yilgan. Qushlar galasi hosilga uchib kelgan payti, aholi shu kesaklarni otish orqali ularni daladan haydaganlar. Bu qushlar galasi bog'dorchilikka ham katta zarar yetkazgan. Ular bilan kurashish uchun daraxt mevalarining ustiga yantoq, shox-shabba tashlab chiqilgan. Shu orqali ekinlar va hosillar jazirama issiqdan ham himoya qilingan. Mevali daraxtlarga kelgan qushlarni buyumlarni bir-biriga urib, qattiq tovush hosil qilish yo'li bilan ham haydaganlar. Ba'zi hollarda bu buyumlar daraxt shoxlariga shunday o'rnatilganki, yengil shamolda ham ular bir-biriga tegib, qushlarni cho'chitadigan tovush chiqarib turgan. Mevalarni shu yo'l bilan qushlardan himoya qilganlar. Mevali daraxtlarga asosan, yirik qushlar, ya'ni mayna va olahakka katta zarar yetkazgan.
Chigirtkalar bilan esa quyidagicha kurashilgan. Ular uchib yuruvchi hashorat bo'lganligi uchun buyumlarni bir-biriga urib, qattiq tovushlar bilan cho'chitib, ularning ekin maydoniga uchib kelishining oldini olganlar. Yana bir samarali usul - chigirtka urug' qo'ygan dala maydonlari yaxshilab haydalgan va to'yintirib sug'orish orqali ularning lichinkalari qirib tashlangan (Shkapskiy O., 1900: 50).
Xiva xonligida bahor faslida issiq garmsel va qum bo'ronlari ko'p kuzatilgan. Ulardan himoyalanish uchun aholi tomonidan kichik dala va bog'lar atrofi paxsa devorlar bilan o'rab olingan, ularning atroflariga himoya maqsadida daraxtlar ekib chiqilgan. Katta ekin maydonlari atroflariga ko'plab terak va tut daraxtlari ekilgan. Teraklar qum bo'ronlaridan ihota vazifasini bajarsa, tut daraxti esa yerning zaxini o'ziga tortib olgan va tuproq namligini bir me'yorda saqlab turgan. Qum ko'chishining oldini olish uchun cho'llarda bir nechta kichik suv hovuzlari tashkil etilgan. Bu hovuzlardagi suv namlikni ushlab turgan. Qumdan himoyalanishning yana bir usuli iste'moldan ortiqcha suvlarni qumli yerlarga yuborish bo'lgan (Shkapskiy O., 1900: 50). Keyinchalik shu tarzda cho'l hududlari aholi tomonidan asta-sekin o'zlashtirib borilgan. Mazkur o'zlashtirilgan yerlarda piyoz va qovun yetishtirish yo'lga qo'yilgan.
Xiva xonligida dehqonchilik mahsulotlaridan yuqori hosil olishda nafaqat unumdor tuproq va qulay iqlim sharoiti, balki mehnat qurollarining ahamiyati ham katta bo'lgan. Xiva xonligidagi voha dehqonchiligida bir qator tarkibiy o'zgarishlar sodir bo'lgan, ammo mehnat qurollari va agrotexnikasi rivojlanmasdan arxaik tarzda qolavergan. 1873 yil chop qilingan maqolada (Nashi sosedi v' Sredney Azii. Xiva i Turkmeniya, 1873: 119-120) Xiva xonligidagi yerga ishlov beradigan mehnat qurollarining juda oddiyligi haqida aytiladi. XVIII-XX asrlarda ham Xiva xonligi dehqonchilik madaniyati moddiy-texnik jihatdan juda qoloq bo'lib, dehqonchilik texnikasi mola, omoch, bel va ketmondan iborat bo'lgan. Arxeologik tadqiqotlarning natijalariga ko'ra, yer haydash va ekin maydonlariga ishlov berishda foydalaniladigan mehnat qurollari ming yillar davomida deyarli o'zgarishlarsiz qolgan va mazkur ziroatchilik qurollaridan XX asrning 30-yillarigacha aholi tomonidan keng foydalanib kelingan. Butun O'rta Osiyoda bo'lgani singari Xiva xonligida ham yerni ishlashdagi asosiy mehnat qurollaridan biri omoch bo'lgan va ushbu mehnat quroli turli joyda turlicha (umich, omoch) nomlangan (Gamburg B., 1975: 107; Kislyakov N. A., 1947: 115). Xiva xonligida omoch kunda (Sazonova M., 1952: 255) deyilgan. Omoch nafaqat Xorazm vohasida, balki O'rta Osiyoda deyarli bir xil bo'lib, tabiiy-geografik sharoitlariga ko'ra yasalishida ba'zi jihatlari bilan farq qilgan. Gladishev va Muravinlar uni Xiva xonligidagi mehnat qurollari ichida eng arxaigi deb ta'riflaganlar (Gladbishev, Muravin., 1851: 21). O'rta Osiyoning turli hududlarida omoch turli daraxtlardan tayyorlangan. Jumladan, Toshkent va Farg'ona viloyatlarida o'rik, qayrag'och, yang'oq, tut va jiydadan (Gladbishev, Muravin, 1851: 218), Surxon vohasida o'rik va tutdan, Xorazmda esa jiyda, tut, o'rikdan tayyorlangan. Omochdan 2 yildan 15 yilgacha foydalanilgan. Uzoq vaqt davomida foydalanilgan omochning yerni sifatli ag'darish imkoniyati pasaya borgan, chunki uzoq foydalanilgan omochning pastki korpusi yedirilib, g'ulaning tovoni tekislanib qolgan (Gamburg B., 1975: 110).
Omochlar turli o'lchamda yasalgan. Uni yasashda qo'shga qo'shiladigan hayvonning kattaligi va kuchi, haydaladigan yerning hajmi, uning qanday materialdan yasalganligi inobatga olingan. Ushbu mehnat quroliga, asosan, qo'sh ho'kiz qo'shilgan va otlardan deyarli foydalanilmagan, chunki ular tez charchab qolgan, yerni unumli va tekis haydash imkoniyati pasaygan hamda ulardan foydalanish dehqonlarga juda qimmatga tushgan. Ba'zi paytlarda tuyalardan foydalanilgan, eshaklardan esa ho'kizi yo'q kambag'al dehqonlar foydalanganlar.
Omoch voha aholisi uchun arxaik bo'lishiga qaramasdan, hozirgacha ayrim joylarda saqlanib qolgan. Xiva xonligida kundaning yer haydaydigan qismi cho'yandan yasalgan turi va yer haydaydigan qismi yog'ochning o'zidan yasalgan turi ham mavjud bo'lgan, lekin uning temirdan ishlangan turi (Xiva xonligida omochning cho'yandan yasalgan uch qismiga "poza" deyilgan va uni yasaydigan ustalar "pozachilar" bo'lgan) (Otamurodova A., 2015: 17) kam uchragan. Buni Xiva xonligida temirchilik kasbining rivojlanmaganligi bilan izohlashimiz mumkin. Chunki bu davr manbalarida kerakli temir mahsulotlari, cho'yan, mis, temir qo'shni Rossiyadan keltirilganligi haqidagi ma'lumotlar keltirilgan (Nashi sosedi v' Sredney Azii. Xiva i Turkmeniya, 1873: 122).
Yerni tekislash va ariqlarni qazishda belkurakdan foydalanilgan. Aqcha-Gelindagi qazishmalarda XIII-XIV asrlarga oid belkurakning topilganligi (Kbidbirniyazov M., 1989: 94), mazkur mehnat qurolining Xiva xonligi davrigacha ham dehqonchilikda keng foydalanilganligini tasdiqlaydi. Uning yer ag'daradigan uch qismi temir va cho'yandan yasalgan. Yana bir mehnat quroli xonlikda "kapcha" deb atalib, undan aholi yerni ishlashda, sug'orish sistemalarini tozalashda keng foydalanganlar. Kapcha boshqa mehnat qurollariga nisbatan ancha yengildir. Uning uchki qismi temirdan ovalsimon shaklda yupqa qilib yasalganligi yerni ishlashga ancha qulaylik tug'dirgan. Bu mehnat qurolining shakli belkurak (lopatka)dan farq qiladi. Xorazmliklar ushbu mehnat qurolidan XIII-XIV asrlarda ham foydalanganligini arxeologik topilmalar tasdiqlaydi. Jumladan, Talayxan-ota karvonsaroy qazilmalaridan ikki quloqli belkurak topilgan (Kbidbirniyazov M., 1989: 94). U juda yengil, keskichlari ovalsimon shaklda bo'lib, yerni ag'darishda qulay bo'lishi uchun oyoq qo'yishga mo'ljallangan ikkita qulog'i mavjud. Yerga ishlov berishda keng foydalanilgan mehnat qurollaridan yana biri ketmon hisoblangan. Uning dastasi uzun yog'ochdan sirlanib yasalgan, yerga ishlov beradigan qismi qalin temirdan yasalib, uchiga tomon silliq holda yupqalashib borgan. Shakli yetti raqamini eslatadi. Xashaklarni yig'ish va olishda o'ziga xos dehqonchilik qurolidan, ya'ni "yava"lardan foydalanganlar. Yavalar ham yog'ochdan yasalgan. Xivaliklar tomonidan yerni yumshatish va yuza qatlamini ag'darish uchun mala-dandanadan foydalanilgan. Bu mehnat quroli uzunligi 3 metr, qalinligi yarim metr, eni 2 metrga teng bo'lgan taxtadan iborat bo'lgan. Unga ikki qator qilib, xuddi nayza uchidek o'tkir temir tishlar qoqilgan. Tishlar bir-biriga parallel ketma-ketlikda joylashtirilgan. Temir tishlar qoqilgan doskaga esa "yarma" bilan birlashtirib turuvchi yog'ochdan bo'lgan uzun tutqich o'rnatilgan. Tutqichning har ikki tarafida ikkitadan teshikcha ochilgan bo'lib, bir tarafiga doska, ikkinchi tarafiga yarma mustahkamlangan. Yarma yog'ochdan yasalib, uning har ikkala tarafiga ikkitadan, jami 4 ta kichik yog'och qoziqlar qoqilgan. Bu yog'och qoziqli yarma hayvon bo'yniga kiygizilib, bo'ynining tagidan kamar bilan mustahkamlangan. Yerni haydash jarayonida mala-dandananing temir tishli tarafi pastga qaratib qo'yilgan. Ho'kizlar qo'shga qo'shilib, dehqonning o'zi mala-dandananing ustida turib, ho'kizlar harakatini boshqarib turgan. Shu tariqa yerning ustki qismi yumshatilib, ishlov berilgan.
M.Sazonova (Sazonova M., 1978: 255) mola-dandanani ikki qismga ajratgan. Dandana -tuproqning yuzasini ag'darish uchun, mola - yerning ag'darilgan yuzasini tekislashga mo'ljallangan. Eng keng tarqalgan mehnat qurollaridan biri - o'roq. U nafaqat Xorazmda, balki butun O'rta Osiyoda keng tarqalgan. Dehqonchilik mahsulotlari, donli ekinlarni, chigin, xashak va bedani yig'ishtirishda o'roqlardan keng foydalanilgan. Uning tuzilishi so'roq shaklida bo'lib, asosan, po'latdan yasalgan, unga ushlash uchun yog'och dasta o'rnatilgan. O'roqlar, undan foydalanuvchilarning talabiga ko'ra, katta yoki kichik qilib yasalgan. Vohada o'roqning ikki
turidan ko'proq foydalanilgan. Bular: arpa, bug'doy kabi donli ekinlarni o'rishda oddiy temirdan yasalgan zalvorli o'roq, xashak, beda, chiginlarni o'rishda, asosan, yengil chalg'i o'rog'i ishlatilgan. XX asr boshlariga kelib, ruslar ko'chib kelgan hududlarda beda va chorva uchun xashaklarni o'rishda yengil va chalg'i o'rog'idan keng foydalanilganlar (Sazonova M., 1978: 119). Xorazmliklar foydalangan o'roqlar o'ziga xos shakli va mayda tishlari bilan boshqa hudud o'roqlaridan farq qilgan.
Bunday shakldagi o'roqlardan Qorategi, Darvoz, Yozg'ulom tojiklari ham foydalangan (Jabborov I., 1994: 102). O'rta Osiyoning boshqa hududlaridagi mahalliy o'roqlar deyarli bir xil bo'lib, ular faqat katta-kichikligi va tig'ining shakli bilan farqlangan.
Dehqonchilikda ishlatiladigan mehnat vosita-lardan yana biri "tir" bo'lib, ba'zi joylarda "zag'ama" deyilgan. Undan ko'pincha ekish yoki hosilni yig'ish davrida foydalaniladi. U aylana shaklida bo'lib, faqat taxtadan ishlangan. Hozirda uning temir va plastikdan yasalgan turlari ham mavjud. Elakdan urug'larni saralashda foydalanilgan. U ham doira shaklida bo'lib, tag qismi mayda teshiklardan iborat yupqa temirdan yasalgan.
Xoram vohasi hududi dehqonchilik qilish uchun yetarli darajada qulay iqlim va tuproq sharoitiga ega bo'lmagan, biroq ibtidoiy mehnat qurollari yordamida mashaqqatli mehnat qilib, yerni ishlaganlar, ko'plab katta va kichik sug'orish tarmoqlarini barpo qilganlar va sug'orma dehqonchilikda mazkur davrda O'rta Osiyoning boshqa hududlaridan ancha ilgarilab ketgan edi.
Dehqonlar rivojlanmagan mehnat qurollaridan foydalanib, juda qattiq va mashaqqatli mehnat qilib, yerga ishlov berganlar.
REFERENCES
1. Абдурасулов А. (1997). Хива. -Тошкент: Узбекистан, - 142 б.
2. Беруний. УзРФА сида сакланаётган таржима кулёзмаси. Т/Н.1171. -Б. 432-440
3. Гладышев, Муравин. Поездка из Орска в Хиву и обратно. Санктпетербург: Типография министерства внутренних дел, 1851. Часть 3. - C. 75.
4. Гиршфельд, Галкин (1903). Военно-статистическое описание хивинского оазиса. Часть П. - Ташкент: Типография штаба Туркестанского военного округа, - 271 с.
5. Иванин М. (1873). 40-41
6. Жабборов И. (1994). Узбек халки этнографияси. - Тошкент: Укитувчи, - 312 б.
7. Кисляков Н. (1947). Старинные приёмы земледельческой техники и обряды, связанные с земледелием, у таджиков бассейна реки Хингоу // Советская этнография, - № 1. - С. 108-125.
8. Кдырниязов М. Материальная культура городов Хорезма в ХШ-ХV веках. - Нукус: ^аракалпакстан, 1989. - 178 с.
9. Наши соседи въ Средней Азии. Хива и Туркмения, (1873) . 119
10. Отамуродова А., Абдурахмонов О. (2015). Хива элчилари. - Тошкент: Тафаккур каноти, - 303 б.
11. Рахмонова Ю. (2019). Хива тарихидан лавхалар. - Тошкент: Академнашр, - 244 б.
12. Сазонова М. Материалы к истории земледельческой техники в Хорезме. Археологические и этнографические работы Хорезмской экспедиции 1945-1948 г. (1952). - Москва: Издательство Академии наук СССР, Часть I. - 671с.
13. Гуломов Я. (1959). 30.
14. Шкапский О. (1900). Аму-Дарьинские очерки. Кь аграрному вопросу на нижней Аму -Дарье. - Ташкент: Типо-Литография, - 138 с.
15. Шкапский О. (1900). Как хивинцы ведутъ полевое хозяйство. - Москва: Типография Товарищества И.Д.Сытина, - 61.