Научная статья на тему 'USMON NOSIR YODI'

USMON NOSIR YODI Текст научной статьи по специальности «Ветеринарные науки»

CC BY
82
54
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Ученый XXI века
Область наук
Ключевые слова
erk kuychisi / otashqalb / Vatan ishqi / qalam / poeziya / “Nil va Rim”.

Аннотация научной статьи по ветеринарным наукам, автор научной работы — D. Jumayeva

Ushbu maqola о‘zbek she’riyatining yorqin yulduzi, erk kuychisi nomini olgan mashhur shoir Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag‘ishlanadi. Unda shoir ijodidan namunalar keltirilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «USMON NOSIR YODI»

USMON NOSIR YODI D. Jumayeva1

Ushbu maqola o'zbek she'riyatining yorqin yulduzi, erk kuychisi nomini olgan mashhur shoir Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag'ishlanadi. Unda shoir ijodidan namunalar keltirilgan.

Kalitso'zlar: erk kuychisi, otashqalb, Vatan ishqi, qalam, poeziya, "Nil va Rim".

O'zbek she'riyatining yorqin yulduzi, erk kuychisi nomini olgan mashhur shoir Usmon Nosir serma'no maftunkor she'rlari bilan xalqning hurmatiga sazovor bo'lgan ijodkordir. U 1912-yil 13-noyabrda Namangan shahrida dunyoga keldi. Uning she'riyati XX asr o'zbek poeziyasining ko'plar yetolmagan cho'qqilarini zabt etdi. Bo'lajak shoir to'rt yoshida otasidan ayrildi. Avval tog'asi qo'lida, 9 yoshidan esa o'gay ota qo'lida tarbiyalandi. Shoirning hayot yo'lini kuzatar ekansiz, u hech bir joyda muqim yashamaganini, hattoki oliy ma'lumotni ham tugata ololmaganini ko'ramiz. Qo'qon shahridagi o'rta maktabda sakkiz yillik ta'limdan so'ng Moskvadagi Kinemotografiya institutida bir yil, Samarqanddagi Pedagogika akademiyasi (hozirgi SamDU)da bir yil tahsil oldi. "Yosh leninchi" gazetasida boshlangan mehnat faoliyati esa 1933-yildan 1934-yilgacha cho'zildi.

"Hayotga, she'riyatga bo'lgan beqiyos muhabbat uning qo'llariga qalam tutdi, qalbini hayajon va shodlikka to'ldirdi. Yuragiga buyuk bir otash soldi!.. Go'zallikka tashna bo'lgan o'tli ko'zlariga butun olam, tabiat she'riyat bo'lib ko'rindi" - ushbu jumlalar "Diydor" gazetasining 2002-yil 16-noyabr sonida chop ettirgan muallif Moxira Ibrohim qizining "Shoir boqiy yashaydi" degan maqolasida aks etgan. Uning ilk she'ri 15 yoshida, ilk dostoni 19 yoshida, dastlabki she'riy to'plami esa 20 yoshida nashr qilindi. Yigirma to'rt yoshigacha Usmon Nosir "Naxshon", "Traktrobod", "Yurak", "Mehrim" kabi she'riy to'plamlarini chiqarib ulgurgandi. Bu to'plamlarda inson ruhining ozod parvozi, tabiat va muhabbatdan to'lqinlangan qalbning otashin sadosi ko'rinib turardi. Shoir she'riyati chaqmoqdek keskir, olovdek yorqin, buloq suvidek tiniqdir. Bu tiniqlik uning yuragini, qalbining odam va olam haqidagi tasavvurlarining tiniqligidan darak beradi. Uning tuyg'ulari ham pokiza edi. Shoir o'z qalbiga sira hiyonat qilmadi. Usmon Nosir butun hayoti davomida tanlagan yo'lidan ketdi. Butun umr yurakni, shoir yuragini kuylab o'tdi.

Mana, oradan 110 yil o'tibdiki, bu yurakdan chiqqan sohir, mungli, gohida esa hayotbaxsh, goh achchiq satrlar vaqt va sarhad chegaralarini yorib, hozirgacha she'riyat shaydolarining ma'naviy kamoloti yo'lida xizmat qilmoqda. Shoir asarlarining yutug'ini ta'minlagan omillardan biri xudo bergan iste'dodi bo'lsa, ikkinchisi Sharq va G'arb adabiyoti tajribalarini ijodiy o'zlashtira borganidir. "Usmon she'riyatimizga shamolday kirib keldi. Balki bo'ronday! U shunday to'polon va to'lqin bilan keldiki, uncha-muncha she'riy uslub va ijodni to's-to's qilib yubordi. Uni o'zimizda "O'zbekning Lermontovi", Moskva gazetalarida "Sharqda Pushkin paydo bo'ldi"- deb yozishdi, degandi unga zamondosh shoir Turob To'la. Ushbu so'zlar "Jahon adabiyoti" jurnalining 2012-yilning 11-sonida aks etgan. Usmon Nosir kecha-yu kunduz she'r ishqi bilan yashadi, mehnatni sevdi. "Bemehnat sevmayman tirik tilimni" deganida bor haqiqatni aytgan edi. Qalbi shodlik nimaligini bilmay o'tgan odamlarga achindi, iztiroblariga sherik bo'ldi. U ozodlikni, yorqin kelajakni zo'r ishonch, ko'tarinki ruh shavqu-zavq bilan tarannum etdi. "Shoir Vatan ishqi bilan yondi. Vatanim, elim, yurtim deb yonib yashadi. Unda hissiyot zo'r edi. Shoir shu qaynoq hissiyot bilan o'z taassurotini yurak orqali bayon qilar edi. Yurakka murojaat qilishi, yurak orqali ijod qilishi tufayli u yurak shoiri bo'lib tanildi. Usmon Nosir hayotga, she'riyat olamiga bulbul bo'lib kelgan edi. Afsuski o'sha paytdagi mustabid tizim uni qiynadi, xo'rladi"- ushbu jumlalarni I. Hasanovaning "Zamondosh" gazetasi 2002-yil №26 sonida chop etilgan "Isyonkor shoir nidosi" maqolasida o'qishingiz mumkin. U el, yurt xizmatiga doim shay turdi. Shoir o'zining ona Vataniga bo'lgan muhabbatini "Yurak" she'rida juda chiroyli ifoda qilgan:

1 Jumayeva Dilnoza - O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti, O'zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti , ToshdO'TAU professori, fil.f.d. H.A Jabborov taqrizi asosida.

"Itoat et,

Agar sendan Vatan rozi emas bo'lsa Yoril, chaqmoqqa aylan sen. Yoril, mayli, tamom o'lsam!"

Usmon Nosir ko'p qirrali ijodkor edi. Muhabbat va sadoqat haqida lirik she'rlardan tashqari pyesa, epik dostonlar ham yozdi. O'z mahoratini tarjima sohasida ham namoyon etdi. Pushkinning "Boqchasaroy fontani", Lermontovning "Demon"i Usmon Nosirning mohirona tarjimasi bilan o'zbek adabiyoti xazinasiga yana bir gavhar bo'lib qo'shildi. Usmon Nosirning tabiat manzaralarini, turfa xil go'zalliklarni, odamlarning ruhiy kechinmalarini chuqur ifodalagan she'rlarini o'qir ekanmiz, uning o'ta nafis, teran fikrli "rassom" ekaniga ham amin bo'lamiz. "Usmon Nosir ... - deb yozadi O'tkir Rashid, - bu nom 20-yillarning oxirida quloqqa issiqqina chalinib, 30-yillar boshida quloqdan tillarga va dillarga ko'chdi. Usmon asarlarini kitobxonlar, qalamkashlar intiqlik bilan kutadigan shoirga aylandi". "Iste'dod shunday bir gavharki, u dengiz tubida, sadaf ichida ham gavhar; iste'dod shunday bir zilol irmoqki, uning har qatrasida daryolarning qudrati, ummonlarning teranligi bor; iste'dod shunday bir gulki, uning har bir ochilmagan g'unchasida chamanlarning bo'yi, tarovati bor. Usmon Nosir iste'dodi ana shunday gavhar, ana shunday irmoq, ana shunday g'uncha edi" - deb yozadi shoir haqida zamondoshimiz Erkin Vohidov. U kamtarlik bilan "Hozirga qadar yozganlarim bir mashq, shuning uchun ham nuqsonlari ko'p bo'lishi mumkin" deb yozgandi. Usmon Nosir 1937-yilda xalq dushmani sifatida hibsga olinib, Magadangan yuborilgunga qadar erkin ijod bilan shug'ullandi. Chaqmoq umriday hayot kechirgan shoir butun qalbini muqaddas Vatanimizga, uning ezgu xizmatlariga bag'ishladi. Begunoh shoir temir panjaralar ortida ham ijodini davom ettirdi. Uning "Yurak tug'yoni" va "Tutqun bulbulcha" she'rlari fikrimiz dalilidir. U o'z she'rlarida go'zallikni tarannum etish bilan birga erkni, mustaqillikni, ozodlikni kuyladi. Mustaqillik, adolat oftobining nurlaridan bahramand bo'lishni orziqib kutdi. Shoirning "Nil va Rim" she'rini erk madhiyasi deb atashimiz mumkin:

Mana menman, u isyonning o'lmas avlodi, Mana menman, u qullarning hech so'nmasyodi.

Bu satrlar shoir yuragining tub-tubidan otilib chiqqan, misralardagi jozibadorlik, ohangdorlik kishini o'ziga jalb qiladi. Ushbu hayqiriqli nidolar har qanday shoirning ham ijodida uchrayvermaydi. Darhaqiqat, Usmon Nosir buyuk iste'dod sohibi, isyonkor shoir. Uning har bir ijod mahsuli kishini o'ziga rom qiladi. Hayotga bo'lgan muhabbatini yanada oshiradi. Shoirning she'rlarida mustaqillik nafasi, Vatan ishqi kabi ulug'vor hislar yaqqol sezilib turadi. "Yosh olima Marg'uba Mirqosimovaning ta'biricha, Usmon Nosir ijodining mavzui, yaratgan obrazlari g'oyat xilma-xil. Inson qalbining sirli tuyg'ularini tasvirlovchi lirik she'rlarida shoir siymosi gavdalansa, tabiatning turfa ranglarini singdirgan she'rlarida nozik qalbli, ehtirosli lirik qahramon kechinmalari tas-virlanadi" - degan fikrlarini "Til va adabiyot" jurnalining 1992-yil 5-6-sonida o'qishingiz mumkin. Shoir shunchaki ermak yoki havas bilan qo'liga qalam tutmadi. Unga o'zining borlig'ini baxshida etdi, jonini bag'ishladi. She'rim, Yana o'zingyaxshisan, Boqqa kirsang, gullar sharmanda. Bir men emas, hayot shaxsisan, Jonim kabiyashaysan menda.

Go'zallikning umri hamisha ham uzun, bo'lavermaydi. Aksar go'zal shoirlarning umri esa undan-da qisqaroq bo'lgan. Pushkin, Lermontov, Yesenin, Cho'lponlar qismati misol. Shoir 1944-yilda o'z yurtidan ancha olisda Kemerovo turmalarida vafot etdi. Shoir o'lmadi, toki she'riyat, adabiyot bor ekan, uning otashin misralari yashashda davom etadi. Olovqalb, jo'shqin shoir Usmon Nosirni adabiyotimiz, Vatanimiz va xalqimiz hech qachon unutmaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. "Yo'lchiman, manzilim ufqdan nari // Jahon adabiyoti. - 2012. №11, 176-177 2-b.

2. Ibrohim qizi M. Shoir boqiy yashaydi // Diydor. - 2002. 3-b.

3. Matjon S. Chaqmoq umrli shoir // Til va adabiyot ta'limi. - 1992. -№5-6., 13-14 b.

4. Hasanova I. Isyonkor shoir nidosi // Zamondosh. - 2002. 4 b.

© D. Jumayeva, 2023.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.