Научная статья на тему 'UMUMMILLIY BOYLIKLAR DAVLAT MUHOFAZASIDA'

UMUMMILLIY BOYLIKLAR DAVLAT MUHOFAZASIDA Текст научной статьи по специальности «Гуманитарные науки»

CC BY
267
31
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
konstitutsiya / davlat / fuqaro / asosiy qonun / huquq / erkinlik / umummilliy boyliklar / yer / suv.

Аннотация научной статьи по Гуманитарные науки, автор научной работы — Nazarov Elbek Alimovich, Ne’Matov Nursulton Shavkat O‘G‘Li

Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan umummilliy boyliklarning davlat muhofazasida ekanligi, shuningdek, konstitutsiyaning davlat taraqqiyotida tutgan oʻrni haqida soʻz yuritiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «UMUMMILLIY BOYLIKLAR DAVLAT MUHOFAZASIDA»

UMUMMILLIY BOYLIKLAR DAVLAT MUHOFAZASIDA

Nazarov Elbek Alimovich

Toshkent davlat agrar universiteti gumanitar fanlar kafedrasi o'qituvchisi Ne'matov Nursulton Shavkat o'g'li Toshkent davlat agrar universiteti yurisprudensiya yo'nalishi

1-bosqich talabasi https ://doi.org/10.5281/zenodo .7410910

Annotatsiya: Mazkur maqolada O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan umummilliy boyliklarning davlat muhofazasida ekanligi, shuningdek, konstitutsiyaning davlat taraqqiyotida tutgan o'rni haqida so'z yuritiladi.

Annotation: This article discusses the lexical meaning of the word "constitution" in connection with the 30th anniversary of Constitution of the Republic of Uzbekistan, the role of the constitution in the development of the state.

Kalit so'zlar: konstitutsiya, davlat, fuqaro, asosiy qonun, huquq, erkinlik, umummilliy boyliklar, yer, suv.

Key words: constitution, state, citizen, basic law, freedom, social relations, the earth, water.

Har qanday demokratik davlatda nafaqat fuqarolarning huquq va erkinliklari, balki, barcha ijtimoiy munosabatlar konstitutsiya deb atalmish asosiy qonun bilan tartibga solinadi. 1992-yil 8-dekabr sanasi mana shunday muhim qonun qabul qilingan kun sifatida O'zbekiston Respublikasi tarixida muhrlanib qolgan. Bu yil ushbu qutlug' sananing 30 yilligini keng nishonlaymiz.

Qayerdaki xalq manfaatlari hamma narsadan ustun tursa, o'sha yerda insonlar baxtli va farovon hayot kechiradilar. Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyamiz asosida qabul qilinayotgan qonunlar hamda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning maqsadi ham aynan xalqimiz turmush darajasini yanada yaxshilashga, ularning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Yanada aniqroq qilib aytadigan bo'lsak, Yangi O'zbekiston fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. O'z haq-huquqlarini yaxshi bilgan va berilgan imkoniyatlardan to'g'ri foydalana olgan inson bugungi kunda maqsadlariga hech qiyinchiliksiz erishishi mumkin.

Mana, mustaqillikni qo'lga kiritganimizga ham o'ttiz yil to'ldi. O'ttiz yil - tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon O'zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o'rin egalladi, tom

ma'noda ulkan taraqqiyot yo'lini bosib o'tdi. Ana shu mashaqqatli va sharafli yo'lda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitutsiyamiz bilan bog'lashimiz, albatta, bejiz emas. Nega deganda, Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo'limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.

Konstitutsiyamizni varaqlar ekanmiz, unda ekologik normalar, ya'ni atrof-muhit, umummilliy boyliklar ham davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilangan moddalarga ko'zimiz tushadi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 55-moddasida: «Yer, yer osti boyliklari, suv, o 'simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir», - deb belgilangan. Umummilliy boyliklar, eng avvalo, inson qo'li bilan yaratilmagan, tabiat bilan, ona zamin - yer bilan bog'liq manbalardir, ular jonli mavjudot yashashi uchun zarur birlamchi qiymatlardir. Ularsiz hayot bo'lmasligi mumkin.

Hozirda butun dunyoda tabiatga nooqilona munosabat natijasida atrof-muhitga nisbatan ekologik tahdid va xavf-xatarlarning salbiy ta'siri keskin oshib bormoqda. BMT ma'lumotlariga ko'ra, insoniyat faoliyatining ta'siri o'laroq Yer kurrasining 75 foiz maydoni butunlay o'zgargan. Oqibatda o'simlik va hayvonot dunyosining 1 million turi yo'qolib ketish arafasida. Ekologik muammolarning keskinlashuvi insoniyat hayoti va kelajagiga real xavf tug'dirmoqda. Shuning uchun ham BMT tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha bo'lgan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlarining 10 tasi dunyo ekotizimi va atrof-muhitga aloqador ekanligi ham tabiatni muhofaza qilishning naqadar muhim jarayonga aylanganidan dalolat beradi. Ekologik muammolar bilan kurashish nafaqat global va mintaqaviy, balki milliy miqyosdagi kompleks sa'y-harakatlarni talab etadi.

Shuning uchun ham Konstitutsiyamizda «Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lishga majburdir», - degan asosiy burch belgilab qo'yilgan. Umummilliy boyliklar, qonunga asosan, ommaviy mulk shakliga kiritilgan. Ommaviy mulkning respublika mulki hisoblanuvchi mulklar qatorida umummilliy boyliklar mulk obyekti sifatida belgilangan. Fuqarolik kodeksining 214-moddasi respublika mulki obyektlarini belgilar ekan, ular qatoriga: yer osti boyliklari, suv, havo bo'shliqlari, o'simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy boyliklarni kiritgan. Umummilliy boylik hisoblanuvchi har bir obyekt alohida maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi va muhofaza qilinadi. Masalan, 0 'zbekiston Respublikasining Yer kodeksi yerdan foydalanish, muhofaza qilish tartiblarini o'rnatgan. Uning 1-moddasida: «Yer umummilliy boylikdir, O'zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi», - deb belgilangan. Shu moddaning o'zida yer to'g'risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifasi yerdan foydalanishni, yerlarni

muhofaza qilishni belgilash ekanligi ko'rsatilgan. Qonunning XI bobi yerni muhofaza qilishga bag'ishlangan bo'lsa, 90-moddasi, yer to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishini mustahkamlagan. Umummilliy boylik hisoblanuvchi boshqa obyektlar to'g'risida ham maxsus qonunlar mavjud. Bundan tashqari, umummilliy boyliklardan noto'g'ri foydalanish, ularga zarar yetkazganlik uchun ma'muriy, jinoiy javobgarliklar belgilangan. O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksida «Tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish» (60-modda), «Yerlardan xo'jasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish» (65-modda), «Yer berish tartibini buzish» (66-modda), «Yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzish» (70-modda), «Suv zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish» (72-modda), «Suvdan foydalanish va suv iste'moli qoidalarini buzish» (74-modda), « O'rmon fondi yerlaridan foydalanish qoidalarini buzish» (77-modda), «Qizil kitobga kiritilgan o'simliklarni yig'ish» (81-modda «O'rmon uchun foydali faunani yo'q qilib yuborish» (83-modda), «Ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlarning atmosfera havosiga chiqarib tashlash, unga zararli fizikaviy ta'sir ko'rsatish yoki atmosfera havosidan belgilangan talablarni buzgan holda foydalanish» (86-modda) uchun va 90, 92, 93, 94-moddalarda hayvonot dunyosiga zarar keltirganlik uchun ma'muriy jazolar belgilangan. O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining Maxsus qismi 4-bo'limi «Ekologiya sohasidagi jinoyatlar», 14-bobi «Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar» deb nomlanib, undagi moddalarda umummilliy boyliklardan foydalanish tartibini buzganlik, ularga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Xulosa o'rnida ta'kidlash joizki, Konstitutsiyada ekologik-huquqiy normalarning o'z aksini topishi Yangi O'zbekistonda inson qadrini ulug'lash sifatida fuqarolarning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlashga, aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishga hamda ekologik muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. - T.: O'zbekiston, 2012.

2. O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. - T.: O'zbekiston, 2000-2005.

3. Odilqoriyev X.T. Konstitutsiya va barkamol jamiyat orzusi. - T.: Oqituvchi, 2012.

4. O.T. Husanov.Konstitutsiyaviy huquq. T.: 2022

5. O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari milliy bazasi. Lex.uz.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.