Научная статья на тему 'TOXIR MALIK ASARLARIDA DEYKTIK BIRLIKLAR IFODASI'

TOXIR MALIK ASARLARIDA DEYKTIK BIRLIKLAR IFODASI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
3
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Qaraeva B.X, Musulmanova N.R

Zamonaviy o‘zbek tilshunosligida nutq subyektining tildan foydalanish faoliyati bilan bog‘liq muammolarni o‘rganishga jiddiy e’tibor qaratilayotganligi quvonarli. Ayniqsa, pragmatik va kognitiv yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar til birliklarining kontekst, nutq vaziyati, muloqot egalari kabi omillar bilan bog‘liq xususiyatlariga aniqlik kiritmoqda. Tilshunosligimizning mana shunday dolzarb muammmolaridan biri o‘zbek tili birliklarining matn tarkibidagi ishoraviy (deyktik) vazifasini pragmatik aspektda o‘rganish masalasidir.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TOXIR MALIK ASARLARIDA DEYKTIK BIRLIKLAR IFODASI»

TOXIR MALIK ASARLARIDA DEYKTIK BIRLIKLAR IFODASI 1Qaraeva B.X., 2Musulmanova N.R.

1Moskva davlat lingvistika universiteti dotsenti, f.f.d. (DsC) 2Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAU dotsenti, f.f.n. https://doi.org/10.5281/zenodo.11101017

Zamonaviy o'zbek tilshunosligida nutq subyektining tildan foydalanish faoliyati bilan bog'liq muammolarni o'rganishga jiddiy e'tibor qaratilayotganligi quvonarli. Ayniqsa, pragmatik va kognitiv yo'nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar til birliklarining kontekst, nutq vaziyati, muloqot egalari kabi omillar bilan bog'liq xususiyatlariga aniqlik kiritmoqda. Tilshunosligimizning mana shunday dolzarb muammmolaridan biri o'zbek tili birliklarining matn tarkibidagi ishoraviy (deyktik) vazifasini pragmatik aspektda o'rganish masalasidir.

Ma'lumki, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahon tilshunosligida deyksis hodisasi (grekcha "deixis" so'zidan olingan bo'lib, ko'rsatish, ishora ma'nosini anglatadi) tilning barcha sathlari doirasida amal qiluvchi universal kategoriya sifatida o'rganila boshlandi. Til birliklarining kontekst, nutq vaziyati bilan bog'liq pragmatik jihatini o'rganishga e'tibor kuchaygach, deyksis muammosi pragmatikaning tadqiq obyekti sifatida kun tartibiga qo'yildi.

Deyksis muammosini o'rganishga dastlab nemis tilshunosi K.Brugmann (1904) jiddiy e'tibor qaratdi. Uning ishlari keyinchalik K.Byuler tomonidan rivojlantirildi. K.Byuler "Til nazariyasi" nomli kitobida deyksisning mohiyati, turlari, deyktik birliklarning vazifasi haqida o'z qarashlarini bayon qildi.

Uzoq vaqt tilshunoslikda deyktik birliklar sifatida asosan, ko'rsatish, kishilik olmoshlari, o'rin va payt ravishlari ajratildi. Ammo matnning pragmatik tahlili yuzasidan olib borilgan kuzatishlar asosida deyktik birliklarning ifoda vositalari orqali ham muloqot jarayonida ishora vazifalari amalga oshirilishi aniqlandi. Xususan, G.Ye.Kreydlin deyktik xususiyatli paralingvistik vositalarni ishoraga xoslangan va tavsiflovchi guruhlarga ajratib o'rgandi. Olimning fikricha, xoslangan deyktik xatti-harakat va imo-ishoralar faqat ko'rsatish vazifasini bajaradi. Tavsiflovchi xatti-harakat va imo-ishoralar esa ko'rsatish bilan birga so'zlovchining baho munosabati va ishora obyektining muayyan belgi-xususiyatini ifodalashga ham xizmat qiladi.

Ma'lumki, har qanday nutq jarayoni o'zaro muloqot egalarisiz, shuningdek, muloqot o'rni va u olib borilayotgan vaqtsiz amalga oshmaydi. Shuningdek, har qanday voqelik haqidagi axborot, albatta, u amalga oshgan makon va zamon, voqelik ishtirokchilari haqidagi ma'lumotni o'zida jamlaydi, hech bo'lmaganda, ularga ishora qiladi. Har qanday muloqot matnida nutq egalari, bayon etilayotgan voqelikning amalga oshish o'rni va vaqtiga ishoraning kuzatilishi deyksisning barcha tillarda eng umumiy jihatlarga ega ekanligidan dalolat beradi.

Deyktik birliklarning turli sathga mansub universal xususiyatlari asosida ayrim tilshunoslar ularni ishora maydoni tizimiga birlashtiradilar. Xususan, K.Byuler tilning deyktik tizimini ishora maydoni sifatida tavsiflaydi va bu maydon markazida men - shu yerda - hozir so'zlari o'rin olganligini qayd etadi. Bunda men shaxs tushunchasiga, shu yerda makon tushunchasiga, hozir zamon tushunchasiga ishora vazifasini bajaradi. Ammo bu o'rinda shuni qayd etish lozimki, bu kabi deyktik birliklar orqali ifoda etilgan ishora matndan tashqarida mavhum bo'lib qoladi. Masalan, "U shu yerda yuribdi" gapida qo'llangan u, shu yerda deyktik birliklari aniq subyekt va aniq makon haqida tasavvur uyg'ota olmaydi. Bunday nutqiy muloqot matnida qo'llanuvchi bu kabi deyktik birliklar semantik qiymatga ega bo'lmaydi degan xulosaga kelmaslik lozim. Matndan uzib olingan deyktik birlikning mavhum ma'nosiga faqat matn tahlili orqali aniqlik kiritiladi.

Tohir Malikning "Nomus", "Falak" va "Murdalar gapirmaydilar" asarlari tahlili asosida deyksisning shaxs, zamon, predmet, makon, belgi, emotsional va ruhiy holat, muayyan voqelikka hamda matn tarkibiy qismlariga ishora qiluvchi deyksis kabi turlarini kuzatish mumkin.

Shaxs deyksisini hosil qiluvchi o'zbek tilining deyktik birliklariga shaxsga ishora qiluvchi ayrim olmoshlar, kishilarning ism-familiyalari, laqabi, taxallusi, nasl-nasabi, kasb-kori, unvoni, mansabi, millati, turar joyi, ijtimoiy holatini ko'rsatuvchi hamda qarindoshlik tushunchalarini ifoda etuvchi ot turkumiga mansub so'zlar; shaxslarga ishora qiluvchi barcha turdagi otlashgan so'zlar kiradi. Shaxslarga ishora qiluvchi deyktik birliklarga o'zbek tilidagi egalik va shaxs-son qo'shimchalari ham mansub.

Tohir Malikning "Murdalar gapirmaydilar", "Nomus" va "Falak" asarlari misolida deyksisning rang-barang ko'rinishlariga e'tibor qarataylik.

"- Men - Tengizman, o'tir, bugun sen menga qo'noqsan".

Ushbu misolda men, Tengiz, sen, qo'noq so'zlari hamda -man (Tengizman), -san (qo'noqsan) qo'shimchalari shaxsga, bugun so'zi esa zamonga ishora qilgan.

Ko'rinib turibdiki, ushbu misolda kishilik olmoshlari, atoqli ot, turdosh ot, qo'shimcha shaklidagi bog'lamalar shaxs, ravish so'z turkumi esa zamon deyksisini shakllantirgan.

Tohir Malik asalari misolida quyidagi shaxs deyksisiga ishora qiluvchi otlarni misol keltiramiz:

1. Kishilarning ismi-sharifini anglatuvchi atoqli otlar aniq shaxslarga ishora qilib, shaxs deyksisini shakllantiradi. Masalan: Shamsibekning yonida turgan Qamariddin uni salgina turtib qo'ydi. (T.M. "Falak". 75-b). - To'xtayev, gap bunday, - dedi Tengiz xoli qolishgach. ("Murdalar gapirmaydilar". 5-b). Shu on ostonada Abdukarim ko'rindi. ("Nomus". 5-b)

2. Kishilarga qo'yilgan laqab, taxallus kabilarda ham shaxsga ishora qilish belgisi kuzatiladi. Masalan: Ey, chuchmek, yur buyoqqa! - deb buyurdi. Knyaz sen hadddingdan oshma! ("Murdalar gapirmaydilar".4-15-b).

Kishilarga qo'yilgan laqab ortida ham shaxsning, ya'ni laqab egasining xarakter-xususiyati, dunyoqarashi, ruhiyati yashiringan bo'ladi. Bu esa laqabning pragmatik ma'no ifodalashini ko'rsatadi. "Murdalar gapirmaydilar" asarida shaxsga ishora qiluvchi quyidagi laqablar kuzatiladi. Pachoqburun, yuvvosh soqov qo'y, esh-shak, Hamzat, Bublik, maymun, Bifshteks, to'ng'iz, Garbuz, Qo'tos, Koshak, Murik, Cho'mich, Kato, Kuyov, Yo'lbars, Sibir, Avliyo, Olov, Tursunalining mulozimi, Darbadar, oshbolta, it, itpashsha va boshqalar.

"Murdalar gapirmaydilar" asari laqablar va ularning pragmatik mazmunini o'rganishga boy manbaadir.

3. Qarindoshlik tushunchasini anglatuvchi otlar shaxs deyksisini ifodalaydi. Masalan: "Murdalar gapirmaydilar" asaridan: - Keling, opa. - Uka, shu yoshga kirib, bir ro'shnolik ko'rmagan odamman. -..Singlim, hadeb siqilaverma.

"Nomus" asaridan: - Sening duolaring ijobat bo'lgan-ku, qizim, dedi shayx. Nabira qizini safarga tayyorlayotgan Shayx o'sha xaltachalarni olib, "manzilga yetgach, birini qaynonangga, ikkinchisini eringga bergaysan", deb tayinladi.

"Falak" asaridan: - Dada, buvimdan so'ramadim, qo'qqisdan bu yerga ko'chishingiz sababini bilmoqchi edim.

4. Unvon, ilmiy daraja kabilarni ifoda etuvchi otlar shaxslarga ishora qiladi. Masalan: -Starshina, sigaretdan oling, - dedi ko'zini qisib qo'yib.

- Leytenant, bu opangizni rayonga chaqirib so'roq qilasiz. - Xo'p bo'ladi, o'rtoq kapitan! ("Murdalar gapirmaydilar").

5. Kishilarning ijtimoiy holati haqida ma'lumot beruvchi otlar shaxsga ishora qiladi. Masalan: "Nomus" asaridan: - Zar-u javohirga ne hojat? - dedi zanji. Kanizak itoat etish o'rniga bir siltandi. Qul tisarildi. Biroq chiqib ketishga shoshilmadi. - Ulug' amir, kema ham, undagi molu mulk ham sizniki.

"Falak" asaridan: Boyvachcha yana haligi ismlarni qaytardi. Podshoh padari buzrukvoring va volidai jahoningni panohiga olajagini aytibdi.

Tohir Malikning "Nomus" asarida shaxslarni ijtimoiy kelib chiqishiga ko'ra nomlanishi juda ko'p uchraydi. Aynan salbiy qahramonlarning ismi bilan emas, ijtimoiy holatiga nisbatan nomlanishi "Nomus" asarining alohida xususiyati bo'lsa ajab emas.

6. Kishilarning kasb-korini anglatuvchi otlar shaxslarga ishora qilib, shaxs deyksisini hosil qiladi. Masalan: "Nomus" asaridan: Savdogar chalajon juvonni uyiga yetkazib borib, tabibga ko'rsatdi. Kema darg'asi juvonni kaltaklar zarbidan himoya qilib, yigitdan bu jazoning sababini so'radi.

"Falak" asaridan: Qozining lablaripirpirab, bir necha nafas xuddi tildan qolganday bo'ldi.

7. Kishilarning yoshi bilan bog'liq xususiyatni anglatuvchi otlar shaxs deyksisini shakllantiradi. "Falak" asaridan: Kampir supaga dasturxon tuzab qo'ygan edi. Bola "xo'p" deb iziga qaytdi. "Nomus" asaridan: Juvonning ovozi qat'iy va tahdidli edi.

В. Kishilarning jinsini anglatuvchi otlar shaxs deyksisiga ishora qiladi. Masalan: Ayol xo'rsinib, dardli ohangda davom etdi. Qiz yerda ham, ko'kda ham yo'q edi. Yigit poygakdagi shayxni ko'rib, ajablanganicha salom berdi.

Otlashgan so'zlar ham shaxs deyksisini ifodalaydi. Masalan:"Falak" asaridan: Shoh nufuzi birlan donishmanddan ustun bo'lsa, donishmand shohdan bilimi ila ulug'dir. Shunaqa alamzadalar bir yumalab taqvodorga aylanadi-qo'yadi. "Nomus" asaridan: Gunohkor mendan berkinsa-da, Allohning qahridan qochib qutula olmas. "Murdalar gapirmaydilar" asaridan:

- To'rt bolasi ko'rinmabdi-da, haromxo'rga! Tepakal o'tirgan yeridan qo'zg'almagan holda qo'l uzatdi. Men o'zbeklar orasida senga o'xshagan mardini kam ko'rganman.

Tahlil qilinayotgan "Nomus", "Falak" va "Murdalar gapirmaydilar" asarlarida shaxs deyksisidan tashqari zamon, makon, predmet, emotsional va ruhiy holat, muayyan voqelik, matn tarkibiy qismlariga ishorani, ya'ni deyksisni kuzatish mumkin. Masalan: Zamon deyksisini ifoda etuvchi misollar: "Murdalar gapirmaydilar" asaridan: Ozodlikda bunga sherik bo'lganning sho'ri quriydi. O'shanda sud hukmini kutib o'tirgan edi. Avval ayol ochgan bo'lishi ham mumkin. Hozir -ku ilmassiz...keyin jinoyatchini topolmasangiz men siz uchun tappa-tayyor go'shtman. "Nomus" asaridan: Shundan so'ng oradan yana bir hayit o 'tdi. Zulhijjaning o'n beshinchi kuni Mo 'mina bilan Abdullohga Alloh qiz farzand berdi.

Misollardan ko'rinib turibdiki, payt ravishlari, payt otlari, paytga ishora qiluvchi olmoshlar, son so'z turkumi vaqtga ishora qilib zamon deyksisini ifodalagan.

Tohir Malik asarlari tarkibidan tanlangan misollar tahlilidan ma'lum bo'ladiki, o'zbek tilining deyktik birliklari turli-tumandir. Bunga biz shaxs va zamon deyksisini hosil qiluvchi birliklar asosida guvoh bo'ldik.

REFERENCES

1. Lutfullayeva D., Davlatova R. O'zbek muloqot matnining deyktik birliklari// O'zbek tili va adabiyoti. 2011. №6, 32-33-b

2. Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar. Qissalar. - Toshkent. "Sharq". 2019. - 544 b. https://lib.fbtuit.uz/assets/files/Murdalar-gapirmaydilar.TohirMalik.Toshkent-2019.pdf

3. Tohir Malik. Falak. - Toshkent. "Hilol" nashriuot-matbaasi. 2017. - 622 b.

4. Tohir Malik. Nomus. - Toshkent. "Tohir Malik" nomidagi nashriyot uyi. 2021. - 344 b. https://kitoblardunyosi.uz/nomus-tm

5. Бюлер К. Теория языка. Репрезентативная функция языка. -М., 2000. C. 203.

6. Крейдлин Г.Е. Механизмы взаимодействия вербальных и невербальных единиц в диалоге. Дейктические жести и речевые акты. Маилто: gekr@iitp.ru

7. Лингвистический энциклопедический словарь: http://tapemark.narod.ru/les/128d.html.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.