Fazliddin TOJIYEV 1
FAYLASUF VA TASAVVUF NAMAYONDASI MUHYIDDIN ILMIY ME'ROSI VA U
DAVRDAGI IJTIMOY-MADANIY MUHIT
НАУЧНОЕ НАСЛЕДИЕ МУХИДДИНА ИБН АЛЬ-АРАБИ И СОЦИАЛЬНО-КУЛЬТУРНАЯ СРЕДА ТОГО ПЕРИОДА КАК ПРИМЕР ФИЛОСОФА И
СУФИЗМА
THE SCIENTIFIC HERITAGE OF MUHYIDDIN IBN AL-ARABI AND THE SOCIAL-CULTURAL ENVIRONMENT OF THAT PERIOD AS AN EXAMPLE OF
PHILOSOPHER AND SUFISM
'"ALFRAGANUS UNIVERSITY" nodavlat oliy ta'lim tashkiloti, ijtimoiy-fanlar kafedrasi dinshunoslik fani o'qituvchisi e-mail: [email protected] ORCID: 0009-0001-0088-8316
Annotatsiya. Ushbu maqolada Muhyiddin ibn al - Arabiy tug'ilgan Andalus davlatidagi ijtimoiy-ma'rifiy muhit, ilm-fan taraqqiyoti, olimning ilmiy me'rosi, asarlari haqida ma'lumotlar keltirilgan. Andalusiya musulmonlar tomonidan fath qilingandan so'ng, u yerda chinakkam ilm-fan o'zining yuqori cho'qqisiga erishdi. Andalus dunyoga minglab olimlarni yetkazib berdi. Ibn al-Arabiyning "Vahdat al-vujud" deb atalgan ta'limoti haqida qisqacha to'xtalib o'tilgan. Ibn al-Arabiy o'zining "vahdat al-vujud" deb atalgan ta'limoti bilan tasavvuf olamida chuqur iz qoldirgan. Mazkur ta'limot sababli Ibn al-Arabiy "Shayxi akfar" ("eng kofir shayx") laqabini orttirib olgan. Bu ta'limot ko'plab olimlarning qarshiligiga uchradi ammo boshqa bir olimlar bu ta'limotni yoqlab chiqdi.
Kalit so'zlar: Andalusiya, ilm-fan, fath, Vahdat al-vujud ta'limoti, Muhyiddin ibn al-Arabiy asarlari.
Аннотация. В данной статье представлена информация о социально-образовательной среде, развитии науки, научном наследии и трудах учёного в государстве Андалусия, где родился Мухиддин ибн аль-Араби. После завоевания Андалусии мусульманами настоящая наука достигла здесь своего расцвета. Андалусия подарила миру тысячи ученых. Кратко обсуждалось учение Ибн аль-Араби под названием «Вахдат аль-Вуджуд». Ибн аль-Араби оставил глубокий след в мире суфизма своим учением под названием «вахдат аль-вуджуд». Из-за этого учения Ибн аль-Араби получил прозвище «Шейх Акфар» («самый неверующий шейх»). Многие ученые выступили против этой доктрины, но другой ученый поддержал ее.
Ключевые слова: Андалусия, наука, завоевания, учение Вахдата аль-Вуджуда, труды Мухиддина ибн аль-Араби.
Annotation. This article provides information about the socio-educational environment, the development of science, the scientist's scientific heritage and works in the Andalus state where Muhyiddin ibn al-Arabi was born. After the Muslim conquest of Andalusia, real science reached its peak there. Andalus has delivered thousands of scientists to the world. Ibn al-Arabi's teaching called "Wahdat al-Wujud" was briefly discussed. Ibn al-Arabi left a deep mark in the world of Sufism with his teaching called "wahdat al-wujud". Because of this teaching, Ibn al-Arabi earned the nickname "Shaykh akfar" ("the most disbelieving sheikh"). This doctrine was opposed by many scholars, but another scholar supported this doctrine.
Keywords: Andalusia, science, conquest, doctrine of Wahdat al-Wujud, works of Muhyiddin ibn al-Arabi.
KIRISH
Hozirgi kunda yangilanayotgan O'zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ilmiy tadqiqot markazlarida amalga oshirilayotgan izlanishlar doirasida islom tarixiga doir manbalarni o'rganishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son "2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida"gi, 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-son "Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmonlari, 2017-yil 23-iyundagi PQ-3080-son "O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi, 2017-yil 24-maydagi PQ-126-son "Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ'ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ushbu maqola ishi muayyan darajada xizmat qiladi.
O'zbekistonda Islom tarixi va sivilizasiyasini o'rganishga e'tibor qaratilishi bejiz emas, albatta. Chunki, Movarounnahr diyori mazkur tarix taraqqiyotiga munosib hissa qo'shgan mamlakatlardan biri sanaladi. Lekin, islom hazorasi ma'lum hudud bilan cheklanib qolmaganini ham unutmaslik lozim. IX-XII asrlarda ro'y bergan Musulmon Renessansining yuzaga kelishida barcha musulmon o'lkalarning o'ziga xos o'rni bo'lgan. Shu jumladan, Andalus ham mazkur hazoraning rivojida va ayniqsa, uning Yevropaga uzatilishida muhim rol o'ynagan.
MATERIAL - METODLAR
Mamlakatga Andalus nomi berilishining sababi Skandinaviya shimoli - Shvetsiya, Daniya, Norvegiya hududlaridan kelgan yovvoyi qabilalarga borib taqaladi. Ular Andalus yerlariga hujumlar uyushtirib, bu yerda ma'lum davr mobaynida yashagan edilar. Ularning Olmoniyadan kirib kelganlari ham naql qilinadi. Muhimi esa, bu qabilalar arab tilida "fandal" yoki "vandal" deb nomlangan. So'ngra bu qabilalar yashaydigan mamlakat ularning nomidan kelib chiqqan holda "Fandalusiya" deb atalgan. Vaqt o'tishi bilan esa bu nom "Andalusiya" va "Andalus" shaklida o'zgarib borgan. Andalus nomi yozma manbalarda ilk bor Islom fathidan so'ng 716 yilda zarb etilgan bir tangada uchraydi [1].
Andalusning musulmonlar tomonidan fath etilishi Muso ibn Nusayr va uning mavlosi Toriq ibn Ziyod nomlari bilan bog'liq. Ibn Xallikon Muso ibn Nusayr haqida shunday yozadi: "U oqil, dono, muruvvatli, jasur, Allohga taqvo qiluvchi edi. Biror bir qo'shin unga g'olib kela olmadi"[2].
MUNOZARA
Andalus o'z davrida Islom olamining eng chekka mintaqasi hisoblanardi, lekin bu narsa u yerda islomiy tamaddun kurtak yozishiga to'siq bo'la olmadi. Andalus o'lkasi ushbu tamaddun rivojiga o'ziga xos va sezilarli hissa qo'shishga erishdi. Ham aqliy, ham naqliy fanlar rivoj topib, bu ilmlarning ulug' ustozlari yetishib chiqdi. Birgina Ibnul Faraziy (hijriy V asr) ning "Tarix ulamo al-Andalus" asarida 1651 ta Andalusning mashhur ulamolari zikr qilinadi. Andalus amirlarining aksar qismi ham ilmli va ziyoli insonlar bo'lganidan ilm-fan rivoji uchun homiylik qildilar. Dastlabki oliygohlarga asos solinib, u yerda ham musulmonlar, ham ahli kitoblar tahsil oldi.
Fizika bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori Per Kyuri shunday degandi: "Bizga Andalusiyadan meros bo'lib 30 ta kitob yetib keldi, xolos va shuning o'zi bilan biz atomni bo'laklarga ajratishga erishdik. Agar bizda yoqib yuborilgan millionta kitobning yarmi bo'lganida edi, turli galaktikalar o'rtasida sayohat qilib yurgan bo'larmidik".
Andalusda ilm-fan rivoji bevosita Sharq o'lkalari bilan bog'liqlikda kechdi. Ilm talabida yo'lga otlangan andalusiyalik toliblar Mag'rib, Misr, Shom, Iroq va Hijoz kabi hududlarga safar qilib, u yerdagi ahli ilmlardan turli ilmlarni o'rganib, o'z yurtlariga olib kelishdi. Dastlab islomiy ilmlarda qo'llanilgan ushbu tajriba keyinchalik aniq va tabiiy fanlarda ham tatbiq qilindi.
NATIJA
Andalus tasavvufini Muhyiddin Ibn Arabiy faoliyatisiz tasavvur qilish qiyin. "Shayxul akbar" degan unvonga sazovar bo'lgan Ibn Arabiy 1165-yilda Andalus shaharlaridan biri Mursiyada tug'ildi. Dastlabki tahsilni Sevilyada oldi, Fasda esa ruhiy tarbiya ustozi Muhammad ibn Qosim Tamimiyni uchratdi. 1202-yilda Makkaga borib, 3 yilda o'sha yerda yashadi va "Al-futuhat al-makkiyya" asarini yozdi. So'ngra Suriya, Falastin, Iroq va Anatoliya bo'ylab sayohat qildi. Ibn Arabiy 1240-yilda 75 yoshida Damashqda vafot etdi. U tasavvuf, she'riyat va falsafada ham chuqur bilimga ega edi. U islom olamining barakali ijodkorlaridan biri hisoblanadi, uning 500 ga yaqin asarlar ta'lif qilganligi aytilsa-da, biroq, muallif o'z asarlariga bag'ishlangan risolasida 250 ta asari borasida ma'lumot qoldirgan. Bular: "Al-futuhat al-makkiyya" (37 jildlik), "Al-fusus al-hikam", "Devon" (5 jildlik she'riy to'plam), "Mishkat al-anvor" (101 hadisi qudsiy sharhi), "Avrod", "Hilyat al-abdol" va boshqlar. Bulardan ikki asari juda mashhur: "al-Futuhot al-makkiya" hamda "Fusus al-hikam" nomli asarlari.
Muhyiddin ibn al-Arabiy tasavvuf falsafaning o'zidan oldingi buyuk nazariyot- chisi - Hakim at-Termiziy ta'limotini chuqur o'rgangan, uning asarlaridan ko'plab iqtibos keltirgan. Vahdat al-vujud va komil inson ta'limoti asoschisi o'zining mashhur bo'lgan "Futuhot al-makkiya" nomli asarida 155 ta diniy-falsafiy savolga mutafakkirning "Xatmul-avliyo" kitobiga suyangan holda javob qaytargan. Ayniqsa, Hakimat Termiziyning nubuvvat (payg'ambarlik), valoyat (valiylik), ruuyat (uyg'oqlik va tush o'rtasidagi holat), qalb va nafs haqidagi nazariyalarini qo'llab quvvatlagan va yanada takomillashtirgan [3].
Ibn al-Arabiy o'zining "vahdat al-vujud" deb atalgan ta'limoti bilan tasavvuf olamida chuqur iz qoldirgan. Mazkur ta'limot sababli Ibn al-Arabiy "Shayxi akfar" ("eng kofir shayx") laqabini orttirib olgan. Bu ham yetmagandek, uning o'z do'stlari, muxlislari, shogirdlarini ham kofir, deb e'lon qildilar. Bu bilan ham ko'ngillari to'lmasdan, "Kimki Ibn al-Arabiyning kufriga shak keltirsa, u ham kofirdir!", deya fatvolar yozib tarqatdilar. "Vahdat al-vujud" ta'limotiga ko'ra, dunyodagi jami narsalar botiniy e'tibordan Alloh taoloning ko'rinishidir, u bilan birgadir. Faqat jami narsalar zohiriy e'tibordan Alloh taolodan o'zgadir. Ushbu ta'limot "ittihod" ("birlashish"), "hulul" ("kirishib ketish") ham deb ataladi. Lekin, "vahdat al-vujud" chilar o'zlarining ta'limoti bulardan boshqa ekanini ta'kidlab keladilar."Vahdat al-vujud" - bu dunyodagi jami yaralmishlar Allohning zotini bildiradi, butun koinot Allohdir, degan ta'limot hisoblanadi [4].
"Vahdat al-vujud" ta'limotiga ko'ra muayyan bir sonning ichida boshqa sonlar yurgani kabi Allohning muqaddas zoti boshqa yaralmishlarning har birida zohir bo'ladi [5].
Muhyiddin Ibn al-Arabiyga ilk bor qarshi chiqqan olimlardan 1261-1336 yillarda yashab o'tgan, 300 dan ortiq asarlar bitgan, tasavvufning mashhur vakili Rukniddin Alouddavla as-Simnoniy bo'lib, uning Ibn al-Arabiy asariga yozgan hoshiya-izohlarida uni qattiq qoralagan va kufrda ayblagan [6].
Maqqariy "Nafhut tib" asarida, Ibn Ammod "Shazarot" da, Sha'roniy "Al-Yavaqit val-javahir" da, Hoji Xalifa "Kashfuz zunun" asarida Shayx Ibn Arabiyning tarjimai hollarini bayon
eganlar. Ularning barchasi botiniylardan iborat zindiqlar Ibn Arabiyning "Futuhot" asariga o'zlari istagan narsalarni qo'shib yuborganiga ittifoq qilishgan. Ma'lumki, u toifa musulmon ulamolarining xalq orasida keng tarqalgan kitoblariga kufrona so'zlarini qo'shib yuborish odatlari mavjud.Shunga ko'ra, Ibn Arabiyni asarlaridagi kufroniy so'zlarga asoslanib kofirlikda ayblash joiz emas. Ammo u kishining mazkur asarlarini o'qish ham durust bo'lmaydi. Ibn Hajar Haysamiy "Fatvoi hadisiyya" asarlarida mana shu fatvoni aytganlar. Barcha ulamolar ham shu fatvoni tasdiqlaganlar [7].
Hanafiy mazhab olimlaridan bo'lmish uch nafar zot - 1330-yilda vafot qilgan Abdurrazzoq al-Qoshoniy, 1350-yilda vafot qilgan Dovud al-Qaysariy va 1550-yillarda vafot qilgan Ahmad al-Jandiy kabilar ham Ibn al-Arabiyni tushunishga harakat qilganlar va uning asarlarini to'g'ri e'tiqod bo'yicha tushuntirishga urunganlar [8].
"Hujjat al-islom" nomi bilan tanilgan, islomning eng buyuk olimlaridan biri hisoblanadigan Abu Homid Muhammad al-G'azzoliy ham Ibn al-Arabiy tomonida bo'lib, uning "vahdat al-vujud" ta'limotini yoqlab chiqqan. Imom al-G'azzoliy o'zining "Ihyo ulum ad-din" asarida tavhid martabalarini to'rtga bo'linishini aytib, tavhidning eng yuqori to'rtinchi martabasini "vahdat al-vujud" ekanini aytadi. U bunday yozadi: "To'rtinchisi, vujudda faqat bittani ko'radi, xolos. U siddiqlar mushohadasidir, so'fiylar uni "tavhiddagi fano" deb ataydilar. Chunki, u hech narsani ko'rmaydi, faqat bittani ko'radi. Shunda o'zini ham ko'rmaydi. Qachon o'zini ko'rmasa, uning tavhidga g'arq bo'lgani shu bo'ladi"[9].
XULOSA
Umaviylar hukmronligi davrida Andalus nihoyatda taraqqiy topdi. Ilm-fan va madaniy hayotda katta yutuqlarga erishildi. Andalus musulmon olamining va Yevropaning eng madaniy mintaqasiga aylandi. Andalus jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shdi. Mamlakatda islomiy ilmlar bilan bir qatorda tabiiy
va aniq fanlar ham rivojlanib, zamonasining mashhur allomalari yetishib chiqdi. Yevropadan ilm talabida yo'lga chiqqan toliblar aynan Andalusda tahsil olib qaytishdi. Mamlakatda obodonchilik va me'morchilik ishlari keng yo'lga qo'yildi. Aholi farovonligi ta'minlandi.
Muhyiddin ibn al- Arabiy islomiy ilmlarga o'zining ulkan hissasini qo'shdi. Tasavvuf tariqatida ham peshqadamlardan bo'ldi. Olim qoldirib ketgan boy ilmiy me'ros falsafiy va tasavvufiy hamda diniy ilmlarni o'rganish uchun hozirgi olimlarning diqqat markazida bo'lib kelmoqda.
ADABIYOTLAR
1. Рогиб Саржоний. Киссатул-Андалус. Копира, 2011. - Б.15
2. Ибн Халликон. Вафоятул-аъён 5-жуз. Байрут, 1972. - Б.318
3. Jafar Xolmo'minov"Vahdat ul-vujud falsafasi va Naqshbandiya ta'limoti" monografiya. Toshkent.Tafakkur-2020
4. А^мад ибн Абдулазиз. Акидат ас-суфия вахдат ал-вужуд ал-хафия. - Риёз: Мактабат ар-рушд, 2003. - Б. 30
5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tasavvuf haqida tasavvur. - T.: Movarounnahr, 2004. - B. 205.
6. Abdurrahmon al-Jomiy. Nafahot al-uns. - Toshkent, 1913. - B. 536.
7. Azon.uz: Шайх Мухаммад Саид Рамазон Бутий "Сараланган фатволар".
8. Hamidulloh Beruniy. 2019. Ibn al-Arabiy shayxi akbarmi yo shayxi akfarmi?!. Maqola.
9. Muhammad al-G'azzoliy. Ihyo lum ad-din. (yili va joyi ko'rsatilmagan) 4-jild. - B. 240).