TA'LIM SIFATINI BAHOLASHGA YONDASHUVLAR, O'ZBEKISTON MILLIY TA'LIM TIZIMIDA SIFATNI BAHOLASH VA BOSHQARISH MEZONLARI
Xurshidbek Tursunbekov
Qo'qon davlat pedagogika instituti Maktab menejmenti yo'nalishi talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.11192358
Annotatsiya. Ushbu maqola kichik tadqiqot ishi sifatida ta'lim sifatini aniqlashdagi ko'plab nazariya va yondashuvlar bo'yicha ilmiy izlanish olib borish, sifatni baholash indikatorlari va ularning ta'lim samaradorligi natijalariga ta'siri, O'zbekiston milliy ta'lim tizimida sifatni boshqarish me'zonlarini o'rganish va tahlil qilish hamda olingan natijalar asosida kichik xulosalar berishni ilgari suradi.
Kalit so'zlar: uzluksiz ta'lim, ta'lim sifati, kvalimetriya, baholash, reyting, attestatsiya, akkreditatsiya.
Abstract. This article, as a small research paper, aims to carry out scientific research on many theories and approaches to determining the quality of education, quality assessment indicators and their impact on the results of educational efficiency, quality management in the national education system of Uzbekistan. It promotes the study and analysis of the criterion and giving small conclusions based on the obtained results.
Keywords: continuing education, quality of education, qualimetry, assessment, rating, certification, accreditation.
Аннотация. Данная статья, как небольшая исследовательская работа, направлена на проведение научных исследований по многим теориям и подходам к определению качества образования, показателям оценки качества и их влиянию на результаты эффективности образования, управления качеством в национальной системе образования Узбекистана. Это способствует изучению и анализу критерия и выдаче небольших выводов на основе полученных результатов.
Ключевые слова: непрерывное образование, качество образования, качественный, оценка, рейтинг, аттестация, аккредитация.
Har qaysi davrda mamlakatlarning rivojlanganlik darajasi, shu davlatlar ta'lim tizimining qanchalik ravnaq topganligiga uzviy ravishda bog'liq bo'lib kelmoqda. Bugungi kunga kelib esa ta'limning davlat taraqqiyotidagi ahamiyati o'zining eng yuqori cho'qqisiga yetib keldi. Bu esa ta'limga yangi tendensiyalar olib kirish jarayonlarini yanada tezlashtirdi.
Ravshanki sifatli kadr tayyorlash sifatli ta'lim muhitidagina amalga oshirilishi mumkin. Sifatli ta'lim muhitini tashkil etishga esa mavjud sifat tizimini doimiy baholash va nazorat qilish orqali erishiladi. Sifatini boshqarish murakkab tizim hisoblanib, uni birdaniga joriy etib bo'lmaydi. U izchil, bosqichma-bosqich, shakllanish va rivojlanish dasturiga muvofiq shakllantiriladi. Sifatni boshqarishning xalqaro tizimlari mavjud bo'lsada, mamlakatlar ta'lim tizimlarining o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib ushbu tizimlar har qaysi davlat ta'limi sharoitida samarali mexanizm sifatida ishlamaydi. Shu asnoda O'zbekiston ta'lim tizimidagi sifatni baholashga yondashuv va mezonlar qay darajada o'zini oqlamoqda? Ana shu masala dolzarb va o'z yechimini kutayotgan muammolardan biri hisoblanadi. Bundan kelib chiqib aytishimiz mumkin-ki, milliy ta'lim tizimimizni sifat jihatdan isloh qilish rivojlangan mamlakatlar tajribasi va xalqaro baholash tizimlarini chuqurroq o'rganishni taqazo etmoqda.
Mamlakatimizda ta'lim sifatini oshirish va samarali boshqarish masalalari G.Axunova, X.G.Alimdjanov, A.Vaxabov, E.Imamov, B.D.Kalmetov, M.X.Saidov, A.S.Kucharov, E.A.Seytxalilov, Sh.Qurbonov, G.A.Qosimov, D.X.Nabiev, R.M.Usmonova, Sh.Sh.Zaxidova va boshqa olimlar tomonidan o'rganilgan.
Sifatni baholash tizimi bo'yicha ilk izlanishlar XVI asr boshlarida yo'lga qo'yilgan bo'lib, tadqiqotlar asosida kvalimetriya fani vujudga keldi. Kvalimetriya fani inson faoliyati, turli loyiha va jarayonlar sifatini baholash kabi sohalarini o'rganuvchi tarmoqlarga bo'linib, xususan ta'lim sohasidagi baholash tizimlarini o'rganuvchi tarmog'i pedagogik kvalimetyriya sanaladi. Pedagogik kvalimetriyaning tadqiqot obyekti ta'lim-tarbiya jarayonining sifati, ta'lim oluvchilarning o'quv-bilish faoliyatining tashkil etilishi va boshqarilishi, o'qituvchi faoliyatini nazorat qilish va baholash sanaladi.
Pedagogik kvalimetriya tadqiqotlari nuqtai-nazaridan baholashning quyidagi yondashuvlarini keltirish mumkin:
- obyektiv
- relativistik.
Ob'ektiv yondashuvga ko'ra, sifat deganda ob'ektiv o'lchovlar, faktlarni bayon qilish va turli ta'lim muassasalari, darajalari va ta'lim shakllari natijalarini taqqoslash imkoniyati tushuniladi. Tadqiqot jarayonida olingan ma'lumotlar muayyan ta'lim muassasasining rivojlanish ko'rsatkichlari bo'lib, butun ta'lim tizimini qiyosiy tahlil qilish imkonini beradi.[12] Bu yondashuv ta'limning samaradorlik ko'rsatkichlari va natijalarini tavsiflovchi reytinglar tuzish, taqqoslash kabi mexanizmlar orqali amalga oshiriladi. Reytinglardan foydalanish, bir tomondan, boshqaruvning tashkiliy mexanizmini takomillashtirish, ikkinchi tomondan, rivojlanish rejalarida nazarda tutilgan ko'rsatkichlar va barcha turdagi ta'lim natijalarini boshqarish imkonini beradi.
Keyingi yondashuv relativistikdir. U ta'lim samaradorligi yoki sifatini baholash mumkin bo'lgan mutlaq mezonlarni inkor etadi. Bunday yondashuv nuqtai nazaridan qaraganda, u yoki bu hodisaga erishish yo'lidagi ilg'or qadamlar emas, balki natijaga erishish - yakuniy maqsadga erishish, ta'lim tizimini rivojlantirishdagi aniq muvaffaqiyatlar baholanadi. [12]
O'zbekiston ta'lim tizimida sifatni baholash va boshqarish mezonlarini uzluksiz ta'lim bosqichlarining 7 ta turi asnosidagi eng dolzarb va ahamiyatli bosqichi hisoblangan umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'lim tizimi misolida ko'rib chiqsak.
Pedagogik kvalimetriya tadqiqotlari nuqtai nazaridan baholashning obyektiv yondashuvi O'zbekiston ta'lim tizimida amalda tatbiq etilishiga umumiy o'rta ta'lim muassasalari reytingini aniqlash tizimi joriy etilganligini yaqqol misol qilib keltirish mumkin. Oliy ta'lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi maxsus nizomga muvofiq amalga oshirilib, mazkur nizom O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 03.06.2021- yildagi "Umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'lim muassasalari reytingini aniqlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi 345-sonli qaroriga asosan ishlab chiqilgan. Nizomga muvofiq umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'rtasida sog'lom raqobat muhitini shakllantirish, umumiy o'rta ta'lim muassasalarining rahbarlari va pedagoglarining jamiyatdagi o'rni va maqomini oshirish, mehnatini munosib qadrlash, faoliyat samaradorligiga qarab moddiy rag'batlantirish, mahalliy boshqaruv organlarining o'z hududlarida ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan faoliyatini kuchaytirish reytingni aniqlashning maqsadi hisoblanadi.
Nizomda belgilangan reytingni aniqlash maqsadlariga erishish, aniq va xolis natijalar olish maqsadida reytingni aniqlash tizimi mazkur nizomning 2-ilovasiga muvofiq quyidagi 7 ta muhim me'zon va talablarga asosan o'tkaziladi:
1. Umumiy o'rta ta'lim muassasasi bitiruvchilarining umumta'lim fanlari bo'yicha tayyorgarligi va ta'lim sifati darajasi;
Ushbu me'zon asosida ta'lim sifati darajasini aniqlashda asosan maktab bitiruvchilarining uzluksiz ta'lim tizimining keyingi bosqichi hisoblangan Oliy ta'limga kirish imtihonlarida to'plagan ballari va talabalikka qabul qilinganlar soni asosiy o'rin tutadi. Bitiruvchilarning Oliy ta'limga kirish ko'rsatkichlarining nazorat qilinishi o'quvchilarning davlat ta'lim standartlariga muvofiq o'zlashtirish darajalari, maktab darsliklarining Oliy ta'limga kirish imtihonlaridagi test materiallariga muvofiqligini aniqlash imkoniyatini beradi.
2. Umumiy o'rta ta'lim muassasasi o'quvchilarining bilim darajasi ko'rsatkichi;
Ushbu me'zon o'quvchilarning chorak nazorat ishlarida ijobiy baho olganlik darajasini aks ettiradi. Bu esa har chorak uchun talab etiladigan bilimlarning o'zlashtirish ko'rsatkichlarini nazorat qilishni anglatadi.
3. Umumiy o'rta ta'lim muassasasi o'quvchilarining chet tillarini bilish darajasi ko'rsatkichi;
Bu mezon maktab o'quvchilarining chet tillarini bilish bo'yicha xalqaro va milliy
sertifikatlarga ega ekanligi ko'rsatkichlarini aniqlash orqali ularni til o'rganishga rag'batlantirish hamda nufuzli xalqaro Oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilinishlariga za'min yaratishni anglatadi.
4. Umumiy o'rta ta'lim muassasasi pedagoglarining sifat ko'rsatkichi;
Ushbu ko'rsatkich maktabdagi oliy va birinchi toifali o'qituvchilarning jami o'qituvchilarga nisatan ulushini aniqlaydi
5. Umumiy o'rta ta'lim muassasasi o'qituvchilarining chet tillarini bilish darajasi ko'rsatkichi;
Ushbu me'zonga ko'ra maktablarda har bir fan o'qituvchilarning chet-tilarini o'rganishga rag'batlantirilishi ularning o'z yo'nalishlarida xorijiy adabiyotlardan foydalangan holda bilimlarini oshirishlari, xalqaro dasturlar bo'yicha pedagog almashinuvlari orqali ko'nikma va malakalarini mustahkamlashga sharoit yaratish ko'zda tutilgan
6. Ijtimoiy so'rovnoma natijalari;
Ushbu mezonda maktablarda pedagog va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligiga o'quvchilarning fikri, pedagog xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoit va o'quv muhiti tog'risida o'qituvchilar fikri so'rovnoma orqali aniqlanash ko'zda tutilgan. Bu esa ta'lim jarayonining shaffof tarzda tashkil etilishini nazorat qilish imkoniyatini beradi.
7. Umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ma'naviy-marifiy va o'quv-tarbiyaviy muhit;
Ushbu ko'rsatkich orqali O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan besh muhim
tashabbus doirasida maktablarda amalga oshirilgan amaliy ishlar darajasi aniqlanadi va nazorat qilinadi.[2]
Yuqorida qayd etilgan barcha indikatorlar bo'yicha olingan natijalar matematik-statistik metod vositasida tahlil qilinadi va ma'lumotlar birlashtirilib, umumiy o'rta ta'lim muassasalarida tashkil etilgan o'quv tarbiya jarayonining samaradorligi haqida umumiy xulosa tayyorlanadi. Reytingni aniqlash maqsadlari va baholash indikatorlaridan kelib chiqib ushbu baholash turi obyektiv yondashuvni to'la-to'kis namoyon qilmoqda desak to'gri xulosa qilgan bo'lamiz.
Baholashning keyingi relativistik yondashuviga muvofiq O'zbekiston milliy ta'lim tizimida qanday baholash me'zonlari mavjud? Ushbu yondashuvdagi baholashga davlat ta'lim muassasalari hamda nodavlat ta'lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o'tkazish tizimini misol keltirishimiz mumkin.
Attestatsiya - ta'lim tashkilotlarining faoliyatini ichki va tashqi baholashdan iborat ikki bosqichda amalga oshiriladi. Unda ta'lim muassasining faoliyati, o'quvchilar bilim dariajasi, kadrlar salohiyati, o'quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar baholanadi.
Akkreditatsiya - muvofiqlikni tasdiqlash organiga rasmiy hujjat shaklida berilgan va muvofiqlikni baholash bo'yicha aniq vazifalarni bajarish vakolatini rasmiy tan olish uchun xizmat qiladigan uchinchi, mustaqil tomondan muvofiqlikni tasdiqlashni anglatadi.[3]
Umumiy qilib aytganda attestatsiya ta'lim tashkilotining faoliyatini baholashda davlat nazoratining asosiy shakli hisoblanadi va uning maqsadi ta'lim tashkilotlarida ta'lim sifatining davlat ta'lim standartlari hamda davlat ta'lim talablariga muvofiqligini aniqlashdan iborat hisoblanadi hamda mustaqillik, xolislik, oshkoralik, shaffoflik, davriylik, majburiylik prinsiplariga tayangan holda ta'lim muassasalarini nazorat qiladi.
Akkreditatsiya esa ta'lim tashkilotlari faoliyatining davlat ta'lim standartlari va davlat ta'lim talablariga muvofiqligi davlat tomonidan e'tirof etilishi va ushbu tashkilotlarga o'z bitiruvchilariga davlat namunasidagi ma'lumot to'g'risidagi hujjatlarni topshirish huquqini berishdan iboratdir.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlab o'tish joizki O'zbekiston milliy ta'lim tizimida sifatni baholash nazorat qilish borasida bir qancha ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, umumiy o'rta ta'lim maktablari o'rtasidagi sog'lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida amalga oshirib kelinayotgan reyting tizimi, Xalqaro hamkorlik faoliyati, o'quvchilar bilimini nazorat qilish baholash maqsadida o'tkazib kelinayotgan xalqaro baholash dasturlari (PISA, PIRLS, TIMS) bunga yaqqol misol bo'la oladi.
Jahon amaliyotiga nazar tashlaydigan bo'lsak yevropa mamlakatlarida ta'lim tizimi bir tomonlama ichki yoki tashqi baholashga asoslanganligini ko'rishimiz mumkin.
O'zbekistonda esa bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar, uzoqni ko'zlab ishlab chiqarilgan huquqiy asoslarga tayanib aytishimiz mumkinki ta'lim tizimi ikki tomonlama ham ichki ham tashqi tomonlama baholanadi. Bu esa o'z navbatida ta'limni sifatli bo'lishiga, muassasada tahsil olayotgan bo'lajak mutaxassis kadrlarning yetuk salohiyatli bo'lishiga zamin hozirlaydi desak mubolag'a bo'lmaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.10.2019 yildagi "O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi PF-5847-sonli farmoni.
2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 03.06.2021 yildagi "Umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'lim muassasalari reytingini aniqlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi 345-sonli qarori.
3. Davlat akkreditatsiyasi ko'rsatkichlari ro'yxativa oliy ta'lim muassasasi turini belgilashda foydalaniladigan ko'rsatkichlarning mezon qiymatlari" // "Rasmiy hujjatlar.ta'lim." № 16. 2000 y.
4. Plaksiy S.I. Oliy ta'limning sifat ko'rsatkichlari // Bilim. Tushunish. Malaka. Axborot-gumanitar portal. 2004.
5. Saidova, X. R. "EFFECTIVENESS OF QUALITY MANAGEMENT IN THE ORGANIZATION OF ACTIVITIES OF EDUCATIONAL INSTITUTIONS TA'LIM MUASSASALARI FAOLIYATINI TASHKIL ETISHDA SIFAT MENEJMENTI
SAMARADORLIGI." INFORMATION TECHNOLOGIES AND MANAGEMENT IN HIGHER EDUCATION AND SCIENCES (2022): 85.
6. Xilolaxon, Xilolaxon Saidova. "TA'LIM SIFATINI TAMINLASHNING TASHKILIY HUQUQIY ASOSLARI." Молодые ученые 1.7 (2023): 107-109.
7. Ustadjalilova, K. (2022). IMPROVING THE MECHANISMS OF THE SYSTEM OF ADVANCED TRAINING OF UNIVERSITY TEACHERS USING ALTERNATIVE METHODS. International Journal of Early Childhood Special Education, 14(8).
8. Устаджалилова, Х. А. (2020). Методическое обеспечение учебного процесса в кредитно-модульной системе. In Образование как фактор развития интеллектуально-нравственного потенциала личности и современного общества (pp. 43-46).
9. Umarovna, Radjabova Gavkhar. "INCREASING THE COMPETITIVENESS OF UNIVERSITIES IN THE MARKET OF EDUCATIONAL SERVICES." Open Access Repository 9.11 (2022): 269-273.
10. Umarovna, Raj abova Gavkhar. "IMPROVING THE PERFORMANCE MANAGEMENT OF THE HIGHER EDUCATION SYSTEM IN THE REPUBLIC OF UZBEKISTAN." Open Access Repository 8.11 (2022): 81-86.
11. Kazimov, J. (2023). TA'LIM SIFATI VA UNI BOSHQARISH USULLARI. Interpretation and researches, 1(1).