TA'LIM JARAYONIDAGI DOSTONA MUNOSABATLAR - TA'LIM SAMARADORLIGI KAFOLATI
R. Musurmonov1, K.M. Xurramov2
doi: 10.15350/24103586.2021.10.15
Annotatsiya
Maqolada o'qituvchilar va o'quvchilar o'rtasidagi konfliktli jarayonlarini keltirib chiqaruvchi sabablar va ularni oldini olish yo'l-yo'riqlari to'g'risida fikr yuritilib, amaliy taklif va tavsiyalar berilgan.
Tayanch so'z va iboralar: o'quvchilar, o'qituvchilar, o'zaro nizolar, pedagogik konfliktlar, liderlik, guruhbozlik, e'tiborni talab qilish, o'zini kattalarga tenglashtirish, o'smirlik davri, psixologik ta'sir, ota-onalar.
Dars intizomiga rioya qilish nafaqat o'quvchilar, balki o'qituvchilar uchun ham "Oltin qoida" hisoblanadi. Chunki o'quvchilarga Davlat ta'lim standartlari talablari darajasida berilishi talab qilingan bilim, ko'nikma va malakalar asosan ana shu dars jarayonida hosil qilinadi. Ma'lumki, o'qituvchilar o'z faoliyatlarida o'quvchilarning dars intizomi bilan bog'liq juda ko'p muammolarga duch keladilar. Ko'pchilik o'qituvchilar o'quvchilarga jiddiy talablarni qo'yib, unga qat'iy rioya qilishni astoydil talab qiladilar. Bunday talablar esa o'quvchilarga yoqmaydi. Natijada, o'quvchi va o'qituvchi o'rtasida o'zaro nizolar kelib chiqib, dars samaradorligiga salbiy ta'sir etadi. Har bir darsning tashkiliy davridan boshlab to yakuniy qismiga qadar o'qituvchining sinfda o'zini tutishi, barcha xatti-harakatlari o'quvchilar tomonidan kuzatilib boriladi. Agar o'qituvchi ortiqcha harakatlar qilsa, bu o'quvchilarga yoqmaydi. Pedagogik mahorat, taktika va pedagogik texnikadan o'z o'rnida va unumli foydalangan o'qituvchining darslari hamisha do'stona muhitda o'tadi. Bordi-yu buning aksi bo'lsa-chi? Unday holda o'qituvchi va o'quvchilar o'rtasida konfliktli vaziyatlar sodir bo'lishi muqarrar.
Aslini olganda intizomni buzgan o'quvchi o'zining xatti-harakati noto'g'ri ekanligini biladi, lekin u o'z xulqining motivini tushunmaydi. Sinfdagi har bir bola uchun bu xatti-harakatning turli sabab va maqsadlari mavjud bo'ladi. Pedagog-o'qituvchilar bu motivlarning qanday bo'lishiga qaramay, ularga ta'sir etish usullarini topishlari zarur. Agar o'qituvchilar xulq-atvorning buzilish maqsadlarini aniqlashga qodir bo'lsalar, u holda o'quvchi bilan konstruktiv munosabatlarni o'rnata oladilar. Bunda to'g'ri strategiyani tanlash qadamma-qadam muammoni yechimini topish imkonini beradi. O'quvchining xulq-atvoriga samarali ta'sir etishning rejasini tuzish maqsadga muvofiq bo'ladi. Bu reja quyidagicha bo'lishi mumkin:
-"yomon" xulq-atvorning sababini aniqlash;
-Uni bartaraf etish usullarini tanlash;
-O'quvchini qo'llab-quvvatlashning kelgusi taktikasini ishlab chiqish;
-Muammoni hal etishga ota-onalarni va pedagoglarni jalb etish.
Rejani amalga oshirishda o'qituvchi ketma-ketlikdagi bir qator vazifalarni bajarishi lozim bo'ladi.
1-vazifa. Muammoli xulq-atvorni xolisona izohlash.
2-vazifa. Yomon xulq-atvorning sababini tushunib olish.
"Yomon" xulq-atvorning motivlari quyidagicha bo'lishi mumkin:
-E'tibor talab etish;
-O'z so'zini o'tkazishga harakat qilish;
-Qasd olish istagi;
-Omadsizlikdan qochish.
1R.Musurmonov - CHDPI "Pedagogika va menejment" kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi.
2K.M. Xurramov - CHDPI "Pedagogika va menejment" kafedrasi o'qituvchisi.
3-vazifa. O'qituvchining nuqtai-nazari va munosabatining o'zgarishi. O'qituvchi o'quvchi bilan ma'lum qoidalar doirasida munosabat qilishlari lozim.
1-qoida. O'quvchi shaxsiga emas, balki uning ayni vaqtdagi xulq-atvoriga diqqatni qaratish. Uning xulq-atvorini muhokama qilayotganda xolisona baho berishga harakat qilish.
2-qoida. O'qituvchi o'zining negativ his-tuyg'ularini nazorat qilish.
3-qoida. Vaziyatni yanada keskinlashtirmaslik choralarini ko'rish.
4-qoida. O'quvchining xatti-harakatini butun sinf oldida emas, balki darsdan so'ng bir o'zi bilan muhokama qilish.
5-qoida. Odatda o'quvchilar o'qituvchining barcha aytganlarini "o'zlari xohlagandek", ya'ni aftlarini bujmaytirib, shoshmasdan, bajaradilar. Agar o'qituvchi bunga ahamiyat bermasa, o'quvchi o'z-o'zidan qoidaga bo'yso'nishi mumkin, o'rtada qarama-qarshilik paydo bo'lmaydi.
6-qoida. O'quvchiga do'q-po'pisa qilish, baqirish, uni ayblash kabi agressivlikni namoyon qilmaslik.
Muammoli xulq-atvorda pedagogik ta'sir usullari. Agar bola e'tiborni talab etsa, quyidagi usulni qo'llash mumkin:
1.E'tiborni kamaytirish:
-unga e'tibor bermaslik;
-ko'zlar orqali aloqa o'rnatish;
-hech qanday qarashlarsiz va so'zlarsiz uning oldiga kelib turish;
-bolaning ismini dars mavzusiga bog'lab aytib o'tish;
-yozma tarzda ogohlantirish;
-o'z noroziligini to'g'ridan-to'g'ri izhor etish.
2.Dars davomida o'quvchilarga birmuncha vaqt xohlagan ishlari qilishga ruxsat berish. "Hamma narsani qo'llash mumkin" usulini qo'llash.
3.O'quvchilarning yomon xulq-atvorini ular kutmagan tarzda to'satdan to'xtatish: kulgu va yumordan foydalanish; past va yoqimli ovozda gapirish; darsni birmuncha vaqt to'xtatib turish.
4.O'quvchilarni chalg'itish.
5.Sinf diqqatini intizomga rioya qilmayotganlarga qaratish.
6.O'quvchlarning joyini o'zgartirish.
4-vazifa. O'quvchini qo'llab-quvvatlash strategiyasi. O'qituvchi bolani qanday bo'lsa shundayligicha, uning ahmoqona qiliqlari, kamchiliklari, nojo'ya xatti-harakatlariga qaramay qabul qilish kerak. Xulq-atvoridagi kichik ijobiy o'zgarishlarni ham maqtash, uning intizomini yaxshilashga imkon beradi.
5-vazifa. Ota-ona va boshqa fan o'qituvchilarini jalb etish.
Ota-onalar bilan o'zaro munosabatlarning qoidalari.
-Ota-onalarga bolasining xulq-atvorini umumiy tarzda emas, balki aniq dalillar keltirgan holda ma'lum qilish;
-Bolasining dars intizomiga nisbatan munosabati salbiyligini aniq misollar bilan izohlash;
-Dars tayyorlamasligi, uyga berilgan topshiriqlarni surunkasiga bajarmay kelishi;
-Darsda o'rtoqlariga xalaqit berib o'tirish;
-Dars jarayonida o'qituvchini hurmat qilmaslik;
-O'quv qurollarini avaylab-asramasligi, daftar va ruchkasiz maktabga kelish kabi holatlarni bola inkor eta olmaydigan darajada asoslab berish orqali ota-onaga tavsiya va maslahatlar berish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa qilib aytish mumkinki, pedagog-o'qituvchilar tomonidan dars jarayonida o'quvchilarga nisbatan muomala madaniyati va muloqot qoidalariga qat'iy amal qilish orqali ko'plab konfliktli holatlarni oldini olish mumkin. Buning uchun o'qituvchilar har bir o'quvchining xulq-atvorini yaxshi bilishi, oilaviy sharoitlari va ota-onalari bilan yaqindan tanish bo'lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
O'quvchidagi intizomsizlikning ko'pgina illatlari oilaga borib taqaladi. Shuning uchun ham o'quvchi tarbiyalanayotgan oilalarni o'rganish zarurati mavjudligini unutmaslik kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Axmedova M. Pedagogik konfliktologiya O'quv qo'll. T., 2017
2. Rashidov H.F., Musurmonov R. Dars intizomiga nisbatan salbiy munosabatlarning kelib chiqish sabablari va ularni oldini olish yo'llari // Maktab va hayot - Toshkent, 2015. - № 1(109). - 2-5 betlar.
3. Yusupov E. Yoshlarning ma'naviy kamoloti. T.: O'zbekiston, 1995.
4. Musurmonov R. Uzluksiz ta'lim tizimida intizomsiz o'quvchilarning ota-onalari bilan ishlash // Uzluksiz ta'lim - Toshkent, 2014. - № 2. - 30-35 betlar.
© R. Musurmonov, K.M. Xurramov, 2021.
FRIENDLY RELATIONSHIP IN THE EDUCATIONAL PROCESS - A GUARANTEE OF
EDUCATIONAL EFFICIENCY
R. Musurmonov, K.M. Xurramov
Abstract. The article discusses the causes of conflicts between students and teachers and how to prevent them, and also gives practical suggestions and recommendations. Key words: students, teachers, conflicts, pedagogical conflicts, leadership, teamwork, demanding attention, self-identification, adolescence, psychological impact, parents.
© R. Musurmonov, K.M. Xurramov, 2021.