O'zbekiston - 2030 strategiyasi: inson salohiyatini ro'yobga chiqarish imkoniyatlari
Tashkent State University of Economics
Uzbekistan - 2030 Strategy:
SUN'IY INTELLEKTNI RIVOJLANTIRISH - YANGI O'ZBEKISTON MILLIY
TARAQQIYOTINING ASOSI
Aktam Mavlonkulovich Avlakulov
Toshkent kimyo-texnologiya instituti katta o'qituvchisi, falsafa fanlari bo'yicha falsafa
doktori, PhD
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada O'zbekistonda sun'iy intellekt rivojining istiqbollari, uning milliy-mfnfviy taraqqiyotga ta'siri keltirilgan. Mamlakatimizda sun'iy intellekt texnolgiyalarini rivojlantirishning huquqiy asoslarining qabul qilinganligi va uning mazmun-mohiyati yoritilgan. Dunyo mamlakatlarining sun'iy intellekt borasidagi tajribalarining o'rganilishi mamlakatda sun'iy intellekt rivoji yo'lidagi ulkan qadam ekanligi masalasiga to'xtalib o'tilgan. Shuningdek, sun'iy intellektni rivojlantirish va qaror ijrosini ta'minlash borasida qanday ishlarni amalga oshirishga e'tibor qaratish kerakligi aytib o'tilgan.
Kalit so'zlar: Globallashuv, sun'iy intellekt, axborot texnologiyalari, robot mashinalar, zamonaviy ta'lim, milliy meros, kelajak texnologiyalari.
So'nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda yangi islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa ilm-fan, sun'iy intellektni rivojlantirish, barcha sohalarda raqamli texnologiyalarni joriy qilish borasida juda ko'plab yangiliklar qilindi va bu jarayon davom etmoqda. Ta'lim tizimidagi o'zgarishlarning amalga oshirilishi, ta'lim beruvchi va ta'lim oluvchi subyektlarning qo'llab quvvatlanishi bu sohadagi islohotlar o'zining natijasini berayotganligini ko'rsatadi. Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, globallashuv jarayonida mamlakatning dunyo davlatlari ichida mustahkam o'rin egallashi bevosita ilm-fan, texnika va texnologiya sohalarida erishilgan va erishilayotgan yutuqlar bilan belgilanadi. Chunki, barcha sohalar rivoji va taraqqiyoti ilm, fan, texnika-texnologiya, madaniy-ma'rifiy meroslardan to'g'ri foydalanish orqali qo'lga kiritilayotgan yutuqlar belgilovchi omil bo'ladi. Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari tarixiy taraqqiyotiga nazar soladigan bo'lsak, barchasi ilm, fan va unga berilgan alohida e'tibor sabab bugungi darajaga yetganligini ko'rishimiz mumkin. Endilikda ularnig ilm-fan sohasidagi tajribalari, natijalari endi rivojlanayotgan yoki rivojlanishdan orqada qolgan mamlakatlar uchun dasturul amal bo'lib xizmat qilayotir.
"Jahon intellektual mulk tashkilotining 2019 yilda e'lon qilingan ma'lumotiga ko'ra, 1960 yildan 2018 yilga qadar sun'iy intellekt bilan bog'liq 340 000 ta patent olingan va 1,5 milliondan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan"[2]. "Nikkei nashriyoti bergan xabarga ko'ra, sun'iy intellekt (SI) texnologiyalari sohasidagi yangi loyihalar keyingi 5 yil ichidagi o'zining tarixiy eng yuksak cho'qqisiga chiqdi va o'tgan yilda 5,02 mlrd AQSH dollariga teng investitsiyalarni jalb qildi. Bu ma'lumotlar CB Insightsning yaqinda o'tkazilgan
17-aprel, 2024
552
Tashkent State University of Economics
O'zbekiston - 2030 strategiyasi: inson salohiyatini ro'yobga chiqarish imkoniyatlari Uzbekistan - 2030 Strategy:
tadqiqotida e'lon qilindi"[1]. Demak, ko'rinib turibdiki, sun'iy intellektni rivojlantirishga bo'lgan talab va ehtiyojning boshlanganiga yarim asrdan ko'p vaqt bo'lgan. Bu sun'iy intellektning mamlakatlar taraqqiyoti va istiqbolining asosi sifatida qaralayotganiga ancha bo'lganidan dalolatdir. Ko'plab mamlakatlarda deyarli barcha sohalarda sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib samarali natijalarga erishmoqdalar. Masalan, "Rossiya sun'iy intellektning 3 ta yo'nalishiga e'tibor qaratdi. Bular - sud-huquq tizimi, mudofaa va sog'liqni saqlash yo'nalishlari. Misol, sud-huquq tizimida juda ko'p ma'lumotlar bor. Bilamiz, sudlarda tom-tom hisobotlar, hujjatlar o'rganiladi, tahlil qilinadi. Unda inson omili natijasida ba'zi bir xatoliklarga yo'l qo'yilishi mumkin. Sun'iy intellekt buning oldini oladi va ma'lum bir maslahatlar beradi"[2].
2020 yil fevralda "Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda sun'iy intellekt o'rni" mavzusiga bag'ishlangan yig'ilishda innovatsion rivojlanish vazir o'rinbosari Azimjon Nazarov - "Jahon Intellektual mulk tashkilotining 2019 yil e'lon qilgan ma'lumotiga ko'ra, ...sun'iy intellekt bilan bog'liq 1 636 649 ta ilmiy maqolalar chop etilgan bo'lsa, 2002-2017 yillar oralig'ida sun'iy intellekt sohasida chop etilayotgan maqolalarning yillik o'sish sur'ati 5.6% ni tashkil etmoqda, olingan patentlar sonining yillik o'sish sur'ati esa qariyb 28% ni tashkil etadi. 2030 yilga kelib SI (sun'iy intellekt)ning global iqtisodiyot YAIMga qariyb 15 trillion dollar kiritishi taxmin etilmoqda. Quvonarli jihati shundaki, mamlakatimizda sun'iy intellektni rivojlantirish va ushbu sohada ilg'or mamlakatlar qatoridan joy olishimiz uchun fundamental va amaliy asoslar mavjudligi yaqqol ko'rindi"[3], — deydi.
Mamlakatimizda ham so'ngi yillarda ilm-fanni rivojlantirishda ko'plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda sun'iy intellektni rivojlantirish sohasida ham istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan. 2021 yil 17 fevralda «Sun'iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Prezident qarori[4] qabul qilindi. Hujjat bilan 2021-2022 yillarda sun'iy intellekt texnologiyalarini o'rganish va joriy etish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi, uning asosiy yo'nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
• Sun'iy intellektni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
• normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;
• sun'iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish;
• sun'iy intellekt sohasida innovatsion ishlanmalarning mahalliy ekotizimini yaratish;
• sun'iy intellekt texnologiyalarini qo'llovchi dasturiy ta'minot ishlab chiquvchilariga raqamli ma'lumotlardan foydalanish uchun sharoit yaratish;
• sun'iy intellekt sohasidagi ilmiy ishlar va ishlanmalarning investitsion jozibadorligini shakllantirish;
• mahalliy korxonalar va mutaxassislarning sun'iy intellekt sohasidagi axborot resurslari va bilimlardan foydalanish imkoniyatini ta'minlash;
553
17-aprel, 2024
O'zbekiston - 2030 strategiyasi: inson salohiyatini ro'yobga chiqarish imkoniyatlari
Tashkent State University of Economics
Uzbekistan - 2030 Strategy:
• sun'iy intellekt va uni qo'llash texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish[5].
Shuningdek, ushbu xujjatda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo'yicha 2021-2022 yillarda amalga oshirilgan tajriba-sinov loyihalar ro'yxati tasdiqlangan bo'lib, bir qancha sohalarda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish masalasi ko'rsatib o'tildi.
Yuqoridagi qaror asosida quyidagilar tashkil etildi:
• Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti;
• Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish departamenti;
• Sun'iy intellektni rivojlantirish bo'yicha qo'shma alyans[5].
Shuning bilan birga sun'iy intellekt sohasida mutaxassis kadrlarni tayrlash borasida quyidagilar amalga oshirilishi tasdiqlandi.
• 2021/2022 o'quv yilidan boshlab grant asosida «Sun'iy intellekt» yo'nalishi bo'yicha kadrlar tayyorlash bosqichma-bosqich boshlanadigan oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar ro'yxati;
• Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sun'iy intellekt texnologiyalarini amaliy qo'llash bo'yicha o'quv kurslari va fanlarini joriy qilish ko'zda tutilgan oliy ta'lim muassasalari ro'yxati.
Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda ulkan tajribaga ega bo'lgan «Sber» guruhining (Rossiya) yetakchi mutaxassislari va ekspertlari[5] jalb qilinadigan bo'ldi.
Yuqoridagi ishlarni tizimli, manfaatli va samarali amaliy harakatga aylantirish hamda milliy taraqqiyotni ta'minlashga yo'naltirish uchun quyidagilarga alohida ahamiyat berish zarur deb hisoblaymiz:
Birinchidan, mamlakatda fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasining namoyon qila olishi. Chunki, fuqarolarning faolligi, ularning o'z haq-huquqlarini talab qilishda turli to'siqlarni yo'qligi fuqarolarning yaratuvchanlik qobiliyatlarini erkin namoyon qilish imkoniyatini keltirib chiqaradi. Bu esa erkin va ozod shaxslarning zamonaviy bilimlarni egallashlariga bo'lgan ishtiyoqni ham oshiradi. Jamoatchilik nazorati shakllanadi. Bunda amalga oshirilayotgan har bir islohot va uning natijalari fuqarolar nazoratida bo'ladi. Hukumat vakillari o'zlariga biriktirilgan vazifalarni astoydil bajarishga harakat qilishadi. Aks holda, jamoatchilik nazorati ularning harakatlariga huquqiy baho berishni so'rab vakolatli organlarga bevosita murojaat qilishlari mumkinligini ular yaxshi anglaydilar.
Ikkinchidan, uzoq davrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan ajdodlar merosini o'rganish ishlarini jadallashtirish. Bu ham bugungi kunda fan, texnika va texnologiyaning yangidan-yangi turlarini kashf qilish uchun yetarli darajada ta'sir ko'rsatadi. Chunki,
17-aprel, 2024
554
Tashkent State University of Economics
O'zbekiston - 2030 strategiyasi: inson salohiyatini ro'yobga chiqarish imkoniyatlari Uzbekistan - 2030 Strategy:
o'tmishda, asrlar mobaynida shakllangan ilmiy meroslarning hali o'rganilmagan qanchadan-qancha qismi mavjud. Bugungi kundagi barcha texnika vositalarining asoslari bundan ming yillar oldin turli fan sohalarida qilingan ulkan kashfiyotlar - algoritmlar (Markaziy Osiyolik buyuk mutafakkir, alloma al-Xorazmiy nomi bilan bog'liq) tashkil qiladi. Shuning uchun ham ilmiy meroslarni o'rganish, tadqiq qilish, ulardan taraqqiyot yo'lida foydalanish juda ham muhim.
Uchinchidan, jamiyatning milliy intellektual salohiyati mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ma'rifiy taraqqiyotning eng muhim omili sifatida qaralishi. Mamlakat fuqarolarining intellektual salohiyati qanchalik yuqori bo'lsa rivojlanish va muayyan natijalarga erishish ham shunchalik tezlashadi. Chunki, yuqori intellektual salohiyatli insonlar o'zlaridagi imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qiladilar. Shuning uchun jamiyatda o'zgarish, rivojlanish va taraqqiyot kabi jarayonlar ro'y beradi. Bu o'rinda mavjud intellektuallarga sharoit va imkonyatlarning yaratilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
To'rtinchidan, dunyo miqyosida sun'iy intellekt sohasidagi jadallashib borayotgan ilmiy ishlanmalar va yangiliklardan doimo xabardor bo'lish hamda ularning imkoniyatlari, tajribalaridan milliy ishlanmalarni jadallashtirishda oqilona foydalanish zarur. Yoshlarning sun'iy intellekt sohasidagi loyihalari va ishlanmalarini doimo rag'batlantirish, zarur shart-sharoitlar yaratib berishga alohida etibor qaratish lozim.
REFERENCES
1. https://ictnews.uz/uz/01/02/2017/ai-3/
2. https://kun.uz/news/2020/11/06/davlat-boshqaruvida-suniy-intellekt-nima-uchun-kerak-vazir-orinbosari-tushuntirib-berdi
3. https://mininnovation.uz/uz/news/suniy-intellekt
4. https://uza.uz/uz/posts/suniy-intellekt-texnologiyalarini-zhadal-zhoriy-etish-uchun-shart-sharoitlar-yaratish-chora-tadbirlari-togrisida_242744
5. https://www.norma.uz/qonunchilikda_yangi/uzbekistonda_suniy_intellekt_tehnologiyalar i_joriy_etiladi
555
17-aprel, 2024