SO'Z TURKUMLARIARO ANTISEMIK MUNOSABATLAR
Xosiyat Abdurasul qizi Abduqahhorova
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti o'qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqolada o'zbek tilshunosligida leksik qarama-qarshiliklar, so'z turkumlariaro antisemik munosabatlar, jumladan, so'z turkumlaridan ot, sifat, fe'l so'z turkumlarida antisemik munosabat uyalarning keng ko'lamda namoyon bo'lishi xususida fikr-mulohazalar yuritiladi.
Tayanch so'zlar: Antisemiya, antisemik munosabat, leksik paradigma, belgi va harakat bildiruvchi so'zlar, otlar semantikasi.
АНТИСЕМИЧЕСКОЕ ОТНОШЕНИЯ МЕЖДУ ГРУППАМИ СЛОВ
Аннотация: В статье рассматриваются лексические противоречия в узбекском языкознании, антисемические отношения между группами слов, в том числе широко распространенное проявление существительных в группах слов, существительных, прилагательных, глагольных словосочетаний.
Ключевые слова: антисемия, антисемитское отношение, лексическая парадигма, знаковые и действенные слова, семантика именных словосочетаний.
ANTISEMIC RELATIONS BETWEEN GROUPS OF WORDS
Abstract: The article considers lexical contradictions in Uzbek linguistics, antisemic relations between groups of words, including the widespread manifestation of nouns in groups of words, nouns, adjectives, verb phrases.
Keywords: antisemism, antisemic attitude, lexical paradigm, sign and effective words, semantics of nominal phrases.
Bizga ma'lumki, til murakkab ijtimoiy, biologik-fiziologik hodisa sifatida kommunikativ, emotsional-ekspressiv, akkumulyativ funksiyalarni bajaradi. Tilning emotsional-ekspressiv funksiyasining namoyon bo'lishida qarama-qarshi bo'lgan til birliklarining tahlili muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirga qadar tilshunoslikda leksik qarama-qarshilik bir turkum doirasida o'rganib kelindi. Ma'lum vaqt o'tishi bilan bunday munosabatlar boshqa so'z turkumlarida ham kuzatilishi mumkinligi haqida fikrlar bildirildi. Mana shu fikrlar
asosida D.Abdullaeva yaqin yillarda ziddiyat tushunchasini kengroq o'rganishni maqsad qilib, antisemiya atamasi ostida tadqiq etdi. Darslik va qo'llanmalarda borliqdagi ziddiyat, qarama-qarshilik tor tushinilib, antonimiya nomi ostida talqin qilinib kelingan edi. Vaqt o'tishi bilan jahon tilshunosligi, shu bilan birga, o'zbek tilshunosligida ham so'z turkumlariaro antisemik munosabatlar mavjudligi aniqlandi.
Antisemik munosabatlarning eng keng ko'lamlisi sifat va ot turkumidagi so'zlar o'rtasida yuzaga chiqadi. Ot - sifat antisemiyasida yasovchi asos qaysi turkumda bo'lishidan qat'iy nazar, antisemik munosabat yadrosini "belgi" tashkil etadi. Chunki ot turkumidagi antisemiya, asosan, mavhum otlarga xos, bunday so'zlar, odatda, belgi yoki harakatdan mavhum otlar sifatida xarakterlanadi. Masalan: yovuz - ma'lum predmetning shunday belgisi, yovuzlik - belgining obyektdan xoli shakli. Mazkur otlar tub so'z shaklida ham (g'am, qayg'u, kulfat kabi), yasama so'z shaklida ham (ezgulik, yovuzlik, poklik, shodlik kabi) kuzatiladi. Yasama so'z shaklida kelganda ular semantikasidagi belgi tub holatidagidan yorqinroq aks etadi, chunki bunday holatda semantik akslanish ham sodir bo'ladi: ezgu - ezgulik, yovuz - yovuzlik kabi. Bunday holatda asosning o'zi o'zgarmasdan mavhum otlarni hosil qiladi.
Bu hodisa yuqorida keltirilgan misollardagi kabi sifat asosdan ot yasalganda yorqin namoyon bo'ladi. Ayniqsa, sifatdan -lik yasovchi affiksi asosida mavhum otlar yasalganda, asos va yasalma semantikasi juda yaqin hisoblanadi. Turkum otga o'tgan bo'lsa-da, predmetlik xususiyatidan ko'ra belgi xususiyati kuchli bo'ladi (yomon - yomonlik kabi). Bunday antisemik munosabatlarning asosiy qismi sifat asosdan -lik affiksi yordamida mavhum ot yasalganda yuzaga chiqadi. Bu holatda antisemiya antonimiyaga yaqinlashgan eng kuchli holat deb e'tirof etishimiz mumkin. So'z turkumlariaro antisemik munosabatlar ot va sifat so'z turkumlarida juda ham ko'p kuzatiladi.
Harakat va predmet bildiruvchi so'zlar antisemiyasida antisemik yadro asosini, juda ko'p holatlarda "harakat" semasi tashkil etadi. Chunki sof predmetlik semasi antisemik munosabatni yuzaga keltira olmaydi. Bunda predmet sifatida ham harakatning muallaq holati olinadi. Masalan, kulmoq so'zini yig'lamoq so'ziga nisbatan antisemik aloqasini ta'minlab beruvchi sema kulgi so'zida ham aks etgan, turkumning o'zgarishi buni inkor eta olmaydi. E'tibor bering: sezgi, kulgi, so'zlari ot turkumida bo'lishiga qaramay, ularda "predmetlik" xususiyatidan ko'ra "harakat", "holat" semalari aniqroq ifodalangan.
Bunday holat hozirgi o'zbek adabiy tilida tub hisoblangan otlar semantikasida ham uchraydi. Masalan: javob - javob bermoq kabi. Javob so'zi ot turkumida
bo'lsa ham, uning semantikasida harakat tushunchasi bor. Shu sababdan javob bermoq qo'shma so'zining harakat ma'nosini ifodalashi faqat bermoq qismi tufayli yuzaga chiqqan deb bo'lmaydi: Javob - "so'roq tariqasida aytilgan fikr", javob bermoq - "biror voqea-hodisani ifoalash uchun bildirilgan fikrlar jamligidir"
Biz harakat nomini fe'lning o'z kategoriyalaridan xoli shakli deb o'rganamiz. Ammo nima bo'lganda ham, u fe'l turkumiga xos va fe'lga oid grammatik xususiyatlar unda mavjud, semantik nuqtai nazardan u subyektdan xoli emas. Masalan, savol bermoq deganimizda, aniq shaxs yoki zamon ma'nosi ifodalanmayotgan bo'lsa-da, unda subyekt ma'nosi bor, chunki harakatning chiqish nuqtasi sezilib turibdi: savol bermoq - "biror axborotga ega bo'lish maqsadida nimanidir so'rash" Ko'rib turganimizdek, bu jarayonni bajaruvchisiz (subyektsiz) tasavvur qilib bo'lmaydi. Savol so'zida (ot turkumiga oid bo'lganda) esa harakat ana shu bajaruvchidan yiroq bo'ladi.
Demak, harakat va predmet bildiruvchi so'zlar antisemiyasi mazmunan, asosan, bir semantik yadroli ko'rinishda bo'ladi, ya'ni yasovchi asos va yasalmaning ot yoki fe'l turkumida bo'lishidan qat'iy nazar, antisemik munosabatga asos bo'luvchi semalar harakat xarakteriga ega bo'ladi: ijozat -ta 'qiqlamoq; himoya - hujum qilmoq.
Antisemik munosabatlar belgi va harakat ma'nosini bildiruvchi so'zlar (ya'ni sifat va fe'l turkumidagi so'zlar) asosida namoyon bo'ladi. Masalan: ozmoq -semiz, tirik - o 'lgan kabi. Quyidagi misollarda antisemik munosabatlarni har ikki turkum doirasida namoyon bo'lishini ko'rishimiz mumkin.
Muayyan vaziyatda belgi va harakat munosabatida birining boshqasidan ustunligi seziladi. Shunga ko'ra, biz harakat va belgi anglatuvchi so'zlar antisemiyasining semantik jihatdan quyidagi ikki ko'rinishini ajratishni lozim topdik: 1) "belgi" yadroli antisemik munosabat: oq - qoraymoq, qora - oqarmoq; oz - ko'paymoq, ko'p - ozaymoq; ozg'in - semirmoq, semiz - ozmoq; qiyin -osonlashmoq, oson - qiyinlashmoq kabi; 2) "harakat" yadroli antisemik munosabat: topmoq - yashirin; kulgi - yig 'loq; yopiq - ochmoq kabi.
Bir antisemik munosabat nafaqat ikki leksema, balki ikki leksemalar qatorining qarama-qarshiligini ham ta'minlab kelishi mumkin. Bunda o'zakdosh so'zlar uchun mazmuniy invariant element mavjud bo'lib, ularning yadrosini tashkil etadi. Masalan: zaif, zaiflik, zaiflashmoq - kuch, kuchli, kuchaymoq kabi.
Keltirilgan holatdan ko'rinib turganidek, qarama-qarshilik asosini tashkil etgan semalar ("jismoniy qobiliyati past" - "jismoniy qobiliyati ortiq") har ikki tomondagi guruh a'zolarining barchasi uchun integral, ya'ni "jismoniy qobiliyati past" semasi birinchi o'zakdosh so'zlar paradigmasidagi barcha komponentlarga
(zaif, zaiflik, zaiflashmoq), "jismoniy qobiliyati ortiq" semasi esa ikkinchi paradigmatik qatordagi barcha komponentlarga (kuch, kuchli, kuchaymoq) xos. Bu esa mazkur antisemik holat faqat alohida juftliklarning emas, balki ikki paradigmatik qatorning umumiy qarama-qarshilik munosabatini yuzaga keltiradi va bunday, bir antisemik yadro asosida uyushgan so'zlar guruhi antisemik uyani hosil qiladi.
Shuni aytib o'tish kerakki, antisemik uyalar to'laligicha so'z yasalish paradigmalari bilan belgilanmaydi. Ba'zi o'rinlarda antisemiyaning so'z yasalish paradigmalari chegarasidan chiqishi ham kuzatiladi. Masalan: ozmoq - semiz; ozg'in - semirmoq. Bu o'rindagi semiz - semirmoq leksemalari hozirgi o'zbek adabiy tili me'yoriga binoan bir so'z yasalish paradigmasiga kirmaydi. Chunki ushbu so'zlar soddalashish hodisasiga uchragan. Antisemiya hodisasi boshqa yondosh hodisalardan derivatsiya bilan uzviy bog'liq bo'lsa-da, mustaqil leksik-semantik hodisa sanaladi, shunga ko'ra semiz - semirmoq so'zlari umumiy semantik komponenti asosida ozmoq - ozg'in kabi so'zlar qatori bilan bir antisemik uyani tashkil etadi.
Xulosa o'rnida shuni aytish lozimki, so'z turkumlariaro antisemik munosabatlarni aniqlashda birgina ot, sifat va fe'l turkumi bilan chegaralanmasdan boshqa turkumlarni ham tadqiq etish, bu hodisani o'rganish jarayonida boshqa yondosh hodisalar bilan taqqoslansa, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Ze'ro, til ulkan imkoniyatlarga ega bo'lgan aloqa-aralashuv vositasidir. Bu imkoniyatdan unumli foyalanishni o'z oldimizga maqsad qilib olishimiz lozim.
REFERENCES
1. Abdullayeva D. O'zbek tilida antisemiya. Filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya avtoreferati. -T., 2010.
2. Azizov O. Tilshunoslikka kirish. -Toshkent.: 1963
3. Begmatov E. Hozirgi o'zbek adabiy tilining leksik qatlamlari. -Toshkent: Fan. 1985.
4. Bozorov O. O'zbek tilida darajalanish: Avtoreferat. -Toshkent.: 1997.
5. Mengliyev B., Xoliyorov O'. O'zbek tilidan universal qo'llanma. -Toshkent: Akademnashr. 2013.
6. Ne'matov H, Rasulov R. O'zbek tili sistem leksikologiya asoslari. -Toshkent: O'qituvchi. 1995.
7. Rahmatullayev Sh va boshqalar. O'zbek tili antonimlarining izohli lug'ati. -T.: O'qituvchi, 1980.