Yaxyayev E. Ya.
Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi assistenti Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
Tursunpo'latov A.N.
Bank ishiyo'nalishi talabasi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
QISHLOQ JOYLARDA XIZMAT KO'RSATISHNI RIVOJLANTIRISH VA AHOLI TURMUSH DARAJASINI YUKSALTIRISH
Annotatsiya: Mazkur maqolada bugungi kunda qishloq joylarda xizmat ko'rsatishni rivojlantirish muammolari atroflicha ochib berilgan. Bundan tashqari aholi turmush darajasini yuksaltirish bo'yicha taklif va tavsiyalar keltirilgan.
Kalit so'zlar: aholi, qishloq xo'jaligi, xizmat, xizmat ko'rsatish.
Yaxyayev E. Ya. assistant
department of economic theory Samarkand Institute of Economics and Service
Tursunpolatov A.N. banking student Samarkand Institute of Economics and Service
DEVELOPING RURAL SERVICES AND INCREASING THE LIVING STANDARDS OF THE POPULATION
Annotation: This article describes in detail the problems of service development in rural areas today. There are also suggestions and recommendations to improve the living standards of the population.
Keywords: population, agriculture, service, service.
Xabaringiz bor mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning ustuvor yo'nalishlaridan biri - bu kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga aholi daromadlarini va ularning turmush darajasini oshirishga erishish hisoblanadi. Bu borada amaliyotda joriy qilinayotgan chora-tadbirlardan ham ko'rinib turibdiki, bugungi kunda kam xarajat qilgan holda ushbu sohada qisqa muddat ichida yaxshi daromad olish mumkin. Xususan bugungi kunda xizmatlar sohasining bir necha yo'nalishlarini, shu jumladan, aloqa, moliya, transport, qurilish, turizm xizmatlari va savdo sohalarini misol keltirish mumkin.
Shuningdek, mahallada istiqomat qiluvchi aholining oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish, jumladan, ularning hunarmandchilik, kasanachilik,
tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo'lga qo'yishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda ko'maklas hilmoqda. Natijada, mahallasidan uzoqlashmagan holda, kichik biznes tashkil etib, o'zi, oilasi va hududidagi kam ta'minlangan oilalar a'zolarini ish bilan band qilayotgan insonlar soni ortib boryapti.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 3-dekabrdagi "Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish bo'yicha davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari to'g'risida"gi Farmoni o'z vaqtida qabul qilingani bilan ahamiyatlidir.
Aholining farovon va qulay sharoitda hayot kechirishlari uchun xizmatlar sohasida bir qator qulayliklar ta'minlab berilmoqda. Natijada mamlakatimizning qishloq joylarida servis infratuzilmasining rivojlanishi evaziga qishloq aholisining yashash tarzi shahar aholisining yashash tarziga yaqinlashmoqda.
Xizmat deganda, avvalo, mehnat mahsulotini tushunish lozim. Ushbu mahsulotning asosiy belgilanishi bo'lib, insonlarning aniq talabini qondirish tushuniladi. Boshqacha qilib aytganda, xizmat-bu insonlarning ehtiyoj va talablarini qondirishga qaratilgan faoliyatdir.
AQShning Nebraska shtati universiteti iqtisodiyot professori Kempell R. Makkonnell va Vashington shtati Tinch okean Lyuteran univesiteti iqtisodiyot professori Stenli L. Bryularning "Экономикс :принципы, проблемы и политика" nomli asarining "Tushunchalar va atamalar lug'ati" qismida xizmatga quyidagicha ta'rif berilgan: "Xizmat-bu sezib bo'lmaydigan (ko'zga ko'rinmaydigan) va uning o'rniga qiymatga ega bo'lgan qandaydir narsani iste'molchi, firma yoki hukumat tomonidan taqdim etilishidir"[1 ].
Bu borada qilinayotgan ishlarga to'xtalishdan oldin, prezidentimiz Sh. Mirziyoyevning quyidagi so'zlarini keltirishni joiz topdik: "Topshiriq berishdan oldin sharoit yaratyapmiz, pullar ajratyapmiz. Birgina xizmatlar sohasiga 500 million dollar beryapmiz. Buni agar halol-pok ishlatsak, necha ming ishchi joy paydo bo'ladi. Har bir vazir vatanparvar bo'lib, "o'zining aravasini o'zi tortib", berilgan bir so'm pulni qadrlab, joyiga yetkazsa, odamlar ishonadi"[2]
Bugungi kun zamon talablaridan kelib chiqib, sohani rivojlantirish maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "2017-2018 yillarda O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirish dasturi to'g'risi"gi hamda "2017-2019 yillarda qishloq joylarda xizmat ko'rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Qarorlari qabul qilindi.
Xizmatlar ko'rsatish va servis sohasini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan dasturlar va chora-tadbirlar natijasida sohaning YAIMdagi ulushi sezilarli darajada o'sdi. Ushbu ko'rsatkich 2020 yilda 50,5 % ni tashkil etgan bo'lsa bugungi kunda 54,5% ni tashkil etishi kutilmoqda. Sohada band bo'lganlar bugungi kunda jami band aholining 50% dan ortig'ini tashkil qiladi. Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlarining 80,4
mingtasini yoki 81%i aynan xizmat ko'rsatish sohasida faoliyat yuritmoqda. Respublika bo'yicha sohada faoliyat yuritayotgan 2 mingdan ortiq korxonalar dastur doirasida begilangan imtiyozlardan foydalanmoqda. Dasturlarni amalga oshirish hisobiga jami xizmatlar xajmi 1,7 barobar, aholi jon boshiga xizmatlar esa 1,6 barobarga oshgan.
Sohada rivojlanishning asosiy yuqori suratlari moliya, qurilish, sog'liqni saqlash, aloqa va axborotlashtirish, kompyuterda dasturlash, qishloq xo'jaligi texnikalariga texnik xizmat ko'rsatish va ta'mirlash hamda maishiy xizmatlarida kuzatiladi[3].
Alohida shuni ta'kidlab o'tish lozim, soha o'sishiga ta'sir ko'rsatayotgan asosiy omillardan biri - bu kichik biznes sohasiga yaratib berilayotgan qulayliklar, imkoniyatlar, qulay investitsion iqlim hamda tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kredit mablag'lari hisoblanadi.
Misol tariqasida aytish mumkinki, sohada faoliyat yuritayotgan subyektlarga 2015-2019 yillar mobaynida 4 trln 167,5 mlrd. so'm kredit mablag'lari ajratilgan. Shuningdek hudularni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishi natijasida hisobot davrida 51,9 mingta loyiha amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, qishloq joylarda hamda namunaviy loyihalar asosida qurilgan uy-joylar massivlarida xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish yuzasidan 2017-2019 yillar mobaynida qariyib 22 mingdan ortiq loyihalar ishga tushirildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-yanvardagi PQ-1046 sonli qarori bilan tasdiqlangan "Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili" davlat dasturida belgilangan barcha chora-tadbirlarni amalda bajarilishi, aholi daromadlarining oshishi va turmush darajasining ko'tarilishi, qishloqlarda ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish, zamonaviy infratuzilma shaxobchalarini tashkil etish, yangi ish o'rinlarini barpo etish, xizmat ko'rsatish va servis sohasini, ta'lim tizimini, aholining tibbiy madaniyatini yanada rivojlantirishga yo'l ochib bermoqda.
Infratuzilmani yanada rivojlantirish natijasida qishloq aholi punktlarini transport kommunikatsiyalarini yaxshilash, toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, tibbiy xizmatlar ko'rsatish, ta'lim-tarbiya xizmatlari, ayniqsa borish qiyin bo'lgan olis qishloq aholi punktlarini telekommunikatsiya tarmoq lari va pochta aloqasi bilan qamrash ishlari rivojlanib bormoqda[4].
Qishloq joylarda xizmatlar sohasini va servisni rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan qator qarorlarda (2019-yil 20-yanvardagi №PQ-1041-sonli, 26-yanvardagi №PQ-1046 - sonli, 28-yanvardagi №PQ-1050- sonli, 17 martdagi №PQ-1073 -sonli) belgilangan topshiriqlarning bajarilishini ta'minlash maqsadida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari bilan birgalikda 2019-yilga mo'ljallangan xizmat ko'rsatish va servis sohasini rivojlantirish hududiy dasturiga o'zgartirishlar kiritildi, qishloq joylarda xizmatlarni rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha vazifalar qabul qilindi, qishloqlardagi tadbirkorlarga qulay
shart-sharoitlar yaratish, shahar bilan qishloq o'rtasidagi tafovutlarni qisqartirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Qishloqlarda infratuzilmalarning tashkil etilishi natijasida qishloq aholisiga zamonaviy va sifatli xizmatlar ko'rsatilmoqda hamda joriy yilning oxiriga qadar faqat shu sohaning o'zida 140 mingdan ortiq ish o'rinlari tashkil etilishi mo'ljallangan.
Dasturda belgilangan qo'shimcha choralarning bajarilishi umumiy xizmatlar hajmining 2018 yilga nisbatan o'sish surati O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-640-sonli qarorida belgilangan 118,9% o'rniga 123,4%ga o'sish imkoniyatini beradi. Olib borilayotgan monitoringni kuchaytirish hisobiga bu sohada qishloq aholisiga ko'rsatiladigan xizmatlar hajmining ulushini 26,8%dan 30 %gacha ko'tarish ko'zda tutilgan. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-aprel oylarida dasturda 4 oyga belgilangan 116,2% prognoz ko'rsatkichi 116,3%ga bajarildi, qishloqlarda ko'rsatilgan xizmatlar respublika umumiy hajmining 23,5%ni tashkil etdi.
Respublikaning qishloq xududlarida infratuzilmalarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Yilning o'tgan davrida qishloq joylarda prognoz bo'yicha 752 ta xizmat ko'rsatish shaxobchalari tashkil etilishi belgilangan bo'lib, amalda 1561 ta shaxobchalar tashkil etildi. Shu jumladan, 501 ta chakana savdo do'konlari, 114 ta umumiy ovqatlanish shaxobchalari, 4 ta "Guzar", 132 ta kiyim tikish, 112 ta poyafzal ta'mirlash ustaxonalari, 175 ta sartaroshxonalar, 50 ta suratxonalar, 19 ta hammom va 454 tasi murakkab turdagi texnika jihozlarni ta'mirlash ustaxonalari va boshqa xizmat ko'rsatish ustaxonalari tashkil etildi. Bu shaxobchalarni tashkil etishga Mikrokreditbank tomonidan yanvar-aprel oylarida 3,6 mlrd.so'm, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi "Bandlik" jamg'armasidan 1 mlrd.so'mga yaqin imtiyozli kredit mablag'lari ajratilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2019 yilning yanvar-aprel oylarida sohada jami 81 mingta, shu jumladan qishloq joylarda 58,7 mingta yangi ish o'rinlari tashkil etildi.
2019-yil oxiriga qadar dasturda belgilangan shaxobchalarni tashkil etishni moliyaviy qo'llab quvvatlash maqsadida jami 40,5 mlrd.so'm kapital qo'yilmalar sarflanishi, shu jumladan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi "Bandlik" jamg'armasidan - 4,2 mlrd so'm va "Mikrokreditbank" jamg'armasidan - 2,6 mlrd.so'm, boshqa tijorat banklaridan 9,5 mlrd.so'mlik imtiyozli kredit mablag'lari ajratilishi ko'zda tutilgan. Bundan tashqari infratuzilmalarni tashkil etishga 24 mlrd. So'mga yaqin homiy lar va tadbirkorlar mablag'lari jalb etilishi mo'ljallangan.
Qishloqlarda ko'rsatilayotgan xizmatlarning sifati oshganligi, turlarining ko'payganligi hisobiga aholining xizmatlardan foydalanish darajasi o'sib bormoqda. Buni e'tiborga olib har bir qishloq hududida 2 tadan "Guzar" tipidagi savdo-maishiy komplekslar tashkil etilishi ko'zda tutilgan. Amalda joriy yilning o'tgan davrida 4 ta "Guzar" qurilib foydalanishga topshirildi.
Respublikada chakana savdo va umumiy ovqatlanish tizimlarida ko'rsatilayotgan xizmatlar yuqori ko'rsatkichlarda rivojlanmoqda. Jami tovaraylanma hajmi 2019 yilning yanvar-aprel oylarida avvalgi yilning shu davriga nisbatan 17,7% ga o'sib, umumiy tovaraylanma hajmining 36% qishloq joylarga to'g'ri keladi. Yildan-yilga statsionar do'konlarning ko'payishi natijasida ular orqali erishilgan chakana tovaraylanma hajmi 38,4%ga o'sgan. Qishloq joylarida joriy yilning 1 may holatiga xizmat ko'rsatayotgan statsionar do'konlar soni 20 mingdan ortiq bo'lib, ularning 40%i oziq-ovqat mahsulotlari, 32%i nooziq-ovqat tovarlari va 28%i aralash mollar chakana savdo do'konlaridir. Qishloqlarda yanvar-aprel oylarida aholi jon boshiga sotilgan jami tovarlar hajmi 94 ming so'mni tashkil etgan. Qishloq joylarda aloqa va axborotlashtirish, moliya va bank xizmatlari borgan sari rivojlanib bormoqda.
Joriy yilning 1 may holatiga respublikada jami 367 ta, shu jumladan 87 ta qishloq joylarda axborot texnologiyalari orqali pochta xizmatlarini ko'rsatuvchi pochta bo'limlari tashkil etilgan. Kompyuter klublarining soni ortib bormoqda. Elektron pul o'tkazish uslublari rivojlanib bormoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 -yanvardagi PQ-1046 sonli qarori bilan tasdiqlangan "Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili" davlat dasturida 2019-2020 yillar davomida ijtimoiy ahamiyatga ega ob'yektlarni telefonlashtirish, masalan 3363 ta maktab, 2388 ta maktabgacha muassasalar, 1249 ta qishloq vrachlik puntlari, 93 ta kollej va 70 ta kasalxona telefonlashtiriladi. Joriy yilda ushbu vazifalar bo'yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida aloqa va axborotlashtirish xizmati PQ-640 qarorida belgilangan 130% o'rniga 131,3%ga o'sadi.
Qorao'zak, Qo'ng'irot, Uzun, Sariosiyo, Denov, Karmana, Navbaxor, Tomdi, Bo'stonliq, Oqtosh, Kattaqo'rg'on, Koson tumanlari va boshqa tumanlarning jami 200 tadan ortiq borish qiyin bo'lgan va chekka aholi punktlarini pochta aloqasining an'anaviy xizmatlari qamraydi, 20 ta ko'chma pochta bo'limlari tashkil etiladi.
Qishloqlarda joriy yil davomida jami 72 ta telefon stansiyalari ta'mirlanadi. Qishloq joylarda ko'rsatilgan aloqa, pochta va axborotlashtirish xizmatlar hajmining umumiy hajmdagi ulushi 1,6%ga oshadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
1. Макконнелл К.Р, Брю С.Л. Экономикс: принципы, проблемы и политика. Т.:Пер. С. Анг. Т. 2. - Таллин, 1993, стр.393
2. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021-yil 22-aprel kuni "Hududlarda xizmat ko'rsatish sohasi yo'nalishlarini rivojlantirish masalalari bo'yicha" videoselektor yig'ilishida so'zlagan nutqidan. Kun.uz. 22.04.2021
3. Турсунов Ж. Ш. МАТРИЦА «ТОВАР-РЫНОК» КАК ИНСТРУМЕНТ ОЦЕНКИ ЭФФЕКТИВНОСТИ МАРКЕТИНГА ПРЕДПРИЯТИЙ //МОЛОДЕЖНЫЙ ИССЛЕДОВАТЕЛЬСКИЙ ПОТЕНЦИАЛ. - 2021. - С. 82-87.
4. Komiljo o'g'li B. S. IMPROVING THE COMMODITY POLICY OF LOCAL INDUSTRIAL ENTERPRISES.