"Interpretation and researches"
International scientific journal volume 1 issue 2
ONA TILI DARSLARIDA SINOV-TEST TOPSHIRIQI ORQALI NUTQIY KO'NIKMALARNI RIVOJLANTIRISHDA
Kulmamatova Maksuda Ibrayimovna
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 81-maktabning ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.7586047
Annotatsiya: Mazkur maqolada ona tili darslarida nutqiy ko'nikmalarni o'stirishda test-sinovlari, topshiriqlar va ta'limiy o'yinlarning samarasi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Kalit so'zlar: nutq, tafakkur, ravon, talaffuz, malaka, yozma nutq, og'zaki nutq, matn, topshiriq.
Ona tili ta'limi bolalarning tafakkur qilish faoliyatini kengaytirishga, erkin fikrlay olishi, o'zgalar fikrini tinglashi, o'z fikrlarini og'zaki va yozma ravishda ravon bayon eta olishi, jamiyat a'zolari bilan erkin muloqotda bo'la oladigan ko'nikma va malakalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu o'rinda ona tili ta'limiga o'quv fani emas, balki butun ta'lim tizimini uyushtiruvchi ta'lim jarayoni sifatida qaraladi. Nutq-kishi faoliyatining turi, til vositalari (so'z, so'z birikmasi, gap) asosida tafakkurni ishga solishdir. Nutq o'zaro aloqa va xabar, o'z fikrini his-hayajon bilan ifodalash va boshqalarga ta'sir etish vazifasini bajaradi.
Yaxshi rivojlangan nutq jamiyatda kishi faoliyatining muhim vositalaridan biri sifatida xizmat qiladi. O'quvchi uchun esa nutq maktabda muvaffaqiyatli ta'lim olish qurolidir. Nutq o'stirish nima? Agar o'quvchi va uning tilidan bajargan ishlari ko'zda tutilsa, nutq o'stirish deganda tilni har tomonlama faol amaliy o'zlashtirish tushuniladi. Agar o'qituvchi ko'zda tutilsa, nutq o'stirish deganda, o'quvchilarning tilning talaffuzi, lug'ati, sintaktik qurilishi va bog'lanishli nutqni faol egallashlariga yordam beradigan metod va usullarni qo'llash tushuniladi. Nutq o'stirishda uch yo'nalish aniq ajratiladi:
❖ so'z ustida ishlash;
❖ so'z birikmasi va gap ustida ishlash;
❖ bog'lanishli nutq ustida ishlash.
Ko'rsatilgan uch yo'nalish parallel olib boriladi: lug'at ishi gap uchun material beradi; so'z, so'z birikmasi va gap ustida ishlash bog'lanishli nutqqa tayyorlaydi. O'z navbatida bog'lanishli nutq hikoya va insho lug'atini boyitish vositasi bo'lib xizmat qiladi. Yozma nutqni rivojlantirish og'zaki nutqqa qaraganda ancha murakkab jarayon sanaladi. Chunki u o'quvchilardan grammatik va mazmun jihatidan to'g'ri jumla qurishni, har bir so'zni o'z o'rnida to'g'ri qo'llashni,fikrni ixcham, izchil,
ifodali, uslub jihatidan sodda va ravon ifodalashni, bayon qilingan fikrlar sosida xulosalar chiqarishni talab etadi. Bu nutqning murakkab tabiati yana shundaki, u imlo, tinish belgilari va uslub bilan bog'liq. So'zni to'g'ri yozish, tinish belgilarini o'rinli qo'llash, fikrni uslub talabiga muvofiq bayon qilish o'quvchidan katta mas'uliyatni talab etadi. Shu sababli nutqning bu turi ancha sekin va murakkab kechadi.
Yozma nutqning o'ziga xos xususiyatlaridan yana biri uni tekshirish, tuzatish, takomillashtirish mumkinligidir. Bu jihatdan u og'zaki nutqqa qaraganda ancha qulay imkoniyatlarga ega. O'quvchi yozma nutqdagi xato va kamchiliklar ustida ishlaydi, ularni bartaraf etadi, keyingi ishlarida bu xato va kamchiliklarga yo'l qo'ymaslikka intiladi. Ona tili darslarida o'qituvchi shuni ham unutmaslik lozimki, ko'pincha o'quvchilar yozma ishlarda imlo va tinish belgilariga katta e'tibor berib, matnning mazmuni ustida yetarli ish olib bormaydilar. Matnlarda ko'pincha mavzuga aloqasi bo'lmagan fikrlar ustunlik qilib, asosiy fikr e'tibordan chetda qoladi. Shuning uchun ona tili mashg'ulotlarida o'quvchilar diqqati faqat imlo va tinish belgilariga emas, balki bayon qilinayotgan fikrning asosli dalillarga ega bo'lishi, materialning to'g'ri joylashtirilishi, fikrning nutq sharoitiga mos holda to'g'ri bayon qilinishiga ham qaratilishi lozim.
Ona tili mashg'ulotlarida shunday holatni vujudga keltirish lozimki, o'quvchi yaratgan matnidan qoniqish hosil qilsin. Bu uni o'z nutqini takomillashtirib borishga ilhomlantiradi. O'quvchilar mustaqil ravishda ijodiy fikrlasalar fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og'zaki, yozma shakllarda to'g'ri, ravon ifodalay olsalar, demak, ona tili mashg'ulotlari samarali o'tgan bo'ladi. Ona tili mashg'ulotlarida o'quvchilar nutqining rivojlanishini qiyinlashtirayotgan omillardan yana biri o'quvchilarning uyda, ko'chada yoki sinfdan tashqari paytlarda tojik, turkman, qirg'iz yoki boshqa (sheva) tilda so'zlashib, maktabda o'zbek tilida o'qishidir. Etnografik ma'lumotlar shuni ko'rsatadiki, jumhuriyatimiz hududida juda ko'p tojiklar, turkmanlar, qirg'izlar, qozoqlar yashaydi. Ularning ko'pchiligi uyda tojik, qirg'iz va hokazo tilda so'zlashib, maktabda o'zbek tilida o'qishdi. Bu hol, shubhasiz, o'quvchilarda tilning boy imkoniyatlaridan foydalangan holda o'z fikrini erkin bayon qilish imkoniyatini chegaralaydi.
Yuqorida sanab o'tilgan salbiy omillardan tashqari ona tilimizdan sinfdan va maktabdan tashqari olib boriladigan ishlarning mundarija va mazmun jihatdan bo'shligi, yagona nutq rejimiga hamisha ham rioya qilmaslik, ota-onalarning bola nutqi ustida yetarli ishlamasligi kabi o'quvchilarning og'zaki va yozma nutqini rivojlantirishga salbiy ta'sir qiladi.
Tilni amalda o'zlashtirish ona tilining barcha tovush birliklarini (tovush -bo'g'in - ibora - matn) tinglab ajratib olish va ularni to'g'ri talaffuz qilishni nazarda tutadi, shuning uchun maktabgacha yoshdagi bolada tovushni talaffuz qilishni
shakllantirish borasidagi ishlar muntazam ravishda olib borilishi lozim. Ohang, tembr, pauza, urg'ulashning turli xillari tovush ifodaliligining muhim vositalari hisoblanadi. O'quvchiga intonatsiyadan to'g'ri foydalanishni, bildirilayotgan fikrning nafaqat mazmuniy ahamiyatini, balki emotsional xususiyatlarini ham bergan holda, uning intonatsion tasvirini qurishni o'rgatish juda muhim. SHu bilan parallel ravishda, vaziyatdan kelib chiqqan holda, talaffuz tempi, past-balandligini to'g'ri qo'llash, tovushlar, so'zlar, iboralar, gaplarni aniq talaffuz qilish (diksiya) qobiliyatini shakllantirish ishlari ham olib borilishi lozim.
O'quvchilarda nutqning intonatsion jihatiga diqqat-e'tibor qaratishni tarbiyalar ekan, katta yoshli odam (pedagog) uning nutqni tinglash qobiliyatini, tembr (har bir tovushning o'ziga xos bo'lgan sifati) va vaznni his qilish, tovush kuchini sezishni rivojlantiradi, bu esa kelgusida musiqa tinglash qobiliyatini rivojlantirishga ham ta'sir ko'rsatadi. Nutq intonatsiyasi, tovushning ifodaliligi ustidagi ishlar bolalarning bildirilayotgan fikrga nisbatan, matndan kelib chiqqan holda, ovozini balandlatib yoki pasaytirib, talaffuz qilinayotgan matnga mantiqiy va emotsional urg'u berish orqali o'z munosabatini bildirishni o'rganishlari uchun zarur. Buning uchun pedagog tegishli topshiriqlardan ko'proq foydalanishi lozim. Aynan ushbu qobiliyatlar o'quvchiga turlicha intonatsion ifodalashni talab qiluvchi turli xildagi ravon fikrlarni tuzish - hikoya qilish, tasvirlash, mulohaza yuritish uchun zarur bo'ladi.
Tarbiyachi nutqning tovush jihatini rivojlantirar ekan, bolaga fikrlarning predmet, fikr bildirish mavzusi va tinglovchilardan kelib chiqqan holda kommunikatsiya maqsadlari va shartlariga mos kelishini hisobga olishni o'rgatishi lozim. Nutqning past-balandligi o'rinli bo'lishi, tezligi esa atrofdagi muhitga va fikrning maqsadiga mos kelishi lozim. Yaxshi, to'g'ri nutqning muhim ko'rsatkichi bo'lib uning ravonligi hisoblanadi. Artikulyasion va intonatsion qobiliyatlarning uzviy bog'liqligi keng ma'nodagi tinglash va artikulyasion-talaffuz ko'nikmalarini shakllantirishni nazarda tutadi. Ish jarayonida o'qituvchi bolalarga so'zning tovush tarkibini, so'zdagi urg'u o'rnini tinglab, aniqlay olishga, qofiya va vaznni his qilish tuyg'usini rivojlantirishga, aniq talaffuzni, so'zlar, iboralar, gaplarning turli intonatsion tavsiflarini bera olish qobiliyatini shakllantirishga yordam beradigan mashqlardan foydalanishi zarur. Bu murakkab nutqiy ko'nikmalarni shakllantirish fonetik mashqlarni takrorlashni, ularni muntazam ravishda o'tkazishni talab qiladi. Har bir nutqiy vazifa ustidagi ishlarning ustuvor yo'nalishlarini ajratar ekanmiz, ularning barchasi o'zaro bog'liqlikda va yaqin o'zaro hamkorlikda ishtirok etishini ta'kidlash lozim. Ravon nutqni o'stirish va rivojlantirish asosida turli aloqa vositalaridan (so'zlar, gaplar, matn qismlari o'rtasida) foydalanish, turli toifadagi matnlar - tasvirlash, bayon qilish, mulohaza yuritish tuzilmasi haqidagi tasavvurlarni shakllantirish qobiliyatini o'rgatish yotadi.
Pedagog bolalarga gaplarni parallel ravishda bog'lashni o'rgatishi zarur, bunda gaplar bir-biriga ulanmaydi, balki taqqoslanadi yoki hatto qarama-qarshi qo'yiladi (Kuchli shamol esardi. Quyon iniga yashirinib oldi). O'quvchilarga ravon matnlar tuzishni o'rgatishda ularda mavzuni va aytilgan so'zning asosiy fikrini ochib berish, matnga sarlavha qo'yish qobiliyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratish zarur.
Ravon fikrni tashkil etishda intonatsiya katta rol o'ynaydi, shuning uchun ayrim gaplar intonatsiyasidan to'g'ri foydalanish ko'nikmasini shakllantirish umuman matnning tarkibiy birligi va mazmunan tugallanganligini qayd etishga yordam beradi. O'qituvchi bilan o'quvchining birgalikdagi so'z ijodkorligi monologik nutqni rivojlantirishning asosiy sharti hisoblanadi. O'qituvchi odam yo'naltiruvchi va aniqlashtiruvchi savollarni berish, o'yin vaziyatlarini yaratish orqali o'quvchi tashabbusini qo'llab-quvvatlashi darkor. Pedagogning sekingina hikoya mazmunini, rejasini, voqealarning ehtimoliy rivojini, so'z shaklini aytib qo'yishi birgalikdagi so'z ijodkorligida muhim ahamiyatga egadir.
Har xil turdagi matnlar tuzishni o'qitishni ishlarning suhbat, o'zining va begonalarning matnini tahlil (baholash) qilish, reja tuzish va u bo'yicha hikoya qilish, matn sxemasidan (modelidan), turli xil mashqlardan foydalanish kabi shakllarda amalga oshirish tavsiya etiladi. O'quvchi nutqini rivojlantirish murakkab jarayon bo'lib, unga monelik qilayotgan omillar ham faqat ta'lim mazmuni yoki o'qituvchigagina bog'liq emas. Barcha imkoniyatlar to'laligicha ishga solinsagina fikrni og'zaki va yozma ravishda to'g'ri, ravon ifodalashga o'rgatish jarayoni oson kechadi. O'quvchi nutqini rivojlantirishga keng yo'l ochadi. Bizga ma'lumki, o'quvchilar bir xillikdan zerikadi. Shuning uchun ularni nutqini o'stirishda doimo har xil metod va o'yinlardan, qiziqarli usullardan foydalanish lozim.
Ta'limning shunday muhitini yaratish kerakki,unda o'quvchi o'zini shaxs deb sezsin,unga bo'lgan e'tiborini tuysin.Agar o'qituvchi dars davomida"muvaffaqiyat muhitmi"tashkil etib,o'quvchida o'qishda muvaffaqiyat qozonishiga yordam bersa,uning o'z kuchi va iqtidoriga ishonchini orttirib borsa takomillashgan o'quv jarayoni ham o'z-ozidan yuzaga keladi. Oshkoralik,ishtirokchilarning o'zaro hamkorligi,ular keltirgan dalillarning tengligi,hamkorlikdagi bilimlar banki,o'zaro baholash va nazorat imkoniyati bilan belgilanadigan ta'limiy muloqot manbai yaratiladi. Demakki, o'qituvchining o'zi ham doimiy ravishda o'z ustida ishlashi, pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borishi, jahon va milliy pedagogik meros hamda ilm-fan yutuqlaridan ijodiy foydalangan holda ta'lim jarayonini takomillashtirib borishi lozim.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. "O'zbek tilining imlo lug'ati", Toshkent-1995-yil, "O'qituvchi" nashriyoti.
2. N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov, V.Qodirov, Z.Jo'raboyeva. "Ona tili", 5-sinf darsligi. Toshkent-2012-yil, "Ma'naviyat" nashriyoti.
3. "O'quvchi shaxsini rivojlantirishga yo'naltirilgan ta'lim". Umumta'lim maktablari o'qituvchilari uchun o'quv modullari, 1-modul, Toshkent-2013-yil.
4. Abdullayeva Q. Nutq o'stirish. - T.:O'qituvchi, 1980.66-bet