O'ZBEKISTONDA TRANSPORT XIZMATLAR BOZORINI RIVOJLANTIRISH IMKONIYATLARI
Mirzaaxmadov Durbek
SamISI mustaqil tadqiqotchisi +99897 288-97-67, mirzaaxmadovd@mail. ru Ulug'murodov Farxod Faxriddinovich
SamISI Raqamli iqtisodiyot kafedrasi asisstent-stajori +99890 742-04-47, farkhod1808@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu maqolada mamlakatimizda transport xizmatlari bozorini rivojlantirish imkoniyatlari mualliflar tomonidan yoritib berilgan. Qolaversa, maqolada transport xizmatlarining o'ziga xos xususiyatlari, xizmat ko'rsatish jarayonlarini rivojlantirish masalalari bo'yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Kalit so'zlar: transport xizmatlari, transport turlari, transport xizmatlar bozori.
O'zbekiston Respublikasining xizmatlar bozorida transport xizmatlarining o'rni va ahamiyati tobora oshib borishi, transport xizmatlari bozori kon'yunkturasida turli xil transport xizmatlari, jumladan avtomobil transporti o'rnining yuqoriligi bilan izohlanadi. Transport xizmatlari bozorida iste'molchilarning o'z ehtiyojlarini qondirishi va yuqori naflilikka erishishida transport xizmatlari ko'rsatuvchi korxonalar o'rtasidagi raqobat muhitini kengaytirish, xizmat turlarini diversifikatsiyalash va modernizatsiyalashni taqozo etadi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekistonda transport xizmatlari bozorini shakllanishida transport xizmat ko'rsatishni yanada rivojlantirish Harakatlar strategiyasiga asoslangan. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqida aytilganidek, "Strategiya - bu yangilanish jarayonlarining xaqiqiy harakatlar dasturidir". Shunday ekan, Respublikamizda transport xizmatlari bozorini izchil rivojlanishini xizmat ko'rsatishni yangilanish jarayonlarini hisobga olgan mamlakatimizning kelgusida taraqqiyotini belgilovchi Harakatlar strategiyasiz tasavvur etish qiyin.
Ayniqsa, transport xizmatlari bozorini mintaqa darajasida, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida rivojlanishi yangi imkoniyatlarni yaratadi. Bu borada, Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning 10 noyabr 2017 yil Samarqand shahrida o'tkazilgan Xalqaro konferensiyada ta'kidlaganidek: "Davlatlarimiz aynan yaxshi qo'shnichilik va o'zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida transport-kommunikatsiya masalalarida o'z salohiyatini yanada samarali amalga oshira oladi BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga ko'ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi samarali kooperatsiya aloqalari 10 yil mobaynida mintaqaviy yalpi ichki mahsulotni kamida ikki barobar oshirish imkonini bergan bo'lar edi." Shunday ekan, transport xizmatlari bozori mintaqalararo hamkorlik aloqalarini taraqqiy ettirib, yangi biznes muhitini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni vujudga keltiradi.
Transport xizmatlari bozorining shakllanishini ilmiy jihatdan batafsil o'rganish uchun uni ham nazariy, ham amaliy jihatlariga e'tibor qaratish zarur bo'ladi. Shunday ekan, bugungi kunda transport xizmatlari bozorini o'rganish bo'yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalariga ko'ra, eng asosiy tushunchalar sifatida "transport xizmati ko'rsatish", "xizmatlar bozori", "transport xizmatlari bozori"ga mualliflik ta'rifi berildi. Jumladan, xizmat ko'rsatish transport tarmog'ida amalga oshirilayotganligi sababli xizmat ko'rsatishning mazmun-mohiyatini, ya'ni bu tushuncha "insonlarning ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sub'ektlarida yuzaga keladigan, o'z iste'mol ehtiyojlarini qondirishga yo'naltirilgan va daromad olishga qaratilgan harakatlar majmuini ifodalovchi faoliyat" sifatida xarakterlanadi. Shunday ekan, yuqoridagilardan kelib chiqib, transport xizmatlari ko'rsatish - bu transport xizmatlarini amalga oshiruvchi sub'ektlar tomonidan foyda olish maqsadida transport vositalaridan foydalanish natijasida yo'lovchilarni tashish, yuk ortish, tushirish va joylashtirish kabi transport servisini amalga oshirish bilan bog'liq bo'lgan xizmatlar majmui tushuniladi. Xizmatlar bozori - bu xizmat ko'rsatuvchilar va xizmatning iste'molchilari o'rtasida talab va taklif mutanosibligi asosida servis xizmatini amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan bozor munosabatlari majmuidir. Transport xizmatlari bozori - bu transport xizmatlari ko'rsatuvchi sub'ektlar va transport xizmati iste'molchilari o'rtasida talab va taklif mutanosibligi narxlarida transport xizmatlari ko'rsatish jarayonida vujudga keladigan bozor munosabatlari majmuidir. Shuningdek, biz respublikamizning yetakchi olimlari tomonidan berilgan bu sohadagi ayrim mualliflik ta'riflari bilan ham hamfikrmiz. "Transport xizmati xizmatlar tizimida o'ziga xos o'ringa va ahamiyatga ega. Transport servisi deyilganda insonning, mehnat jamoasining, hududning, davlatning va jamiyatning yo'lovchi va yuk tashish bilan bog'liq ehtiyojini sifatli xizmat ko'rsatish yo'llari bilan qondirishga qaratilgan transport xodimlarining nafli faoliyati tushuniladi."
Respublikamiz transport xizmati bozorida bozor muvozanatini ta'minlash eng avvalo transport xizmatlariga bo'lgan talabdan kelib chiqib shakllantiriladi va quyidagi ko'rinishdarda namoyon bo'ladi:
1. Transport xizmatini amalga oshiruvchilar taklifdan kelib chiqqan holdagi talab. Bunday talab transport xizmatlari bozorida eng muhim hisoblanib, taklif qiluvchilarni, transport xizmatlarini amalga oshiruvchilarni chuqur tadqiq etishni talab etadi va shu asosida bozor elementlari va transport xizmatlari bozor bahosi shakllantiriladi.
2. Transport xizmatida manfiy talab. Agar iste'molchining ko'pchilik qismi transport xizmatidan qochadigan bo'lsa, bunda transport xizmat ko'rsatish bozori manfiy talab holatida bo'ladi. Bunday holatlarda transport korxonalarining vazifasi bozorning nima sababdan shu turdagi transport xizmatini yoqtirmayotganligini tahlil qilib chiqishi zarur bo'ladi.
3. Transport xizmatida mavjud bo'lmagan talab. Ko'pgina iste'molchilarda transport bozorida mavjud bo'lgan xizmatlar yordamida qondirib bo'lmaydigan ehtiyojlar bo'lishi mumkin. Transport korxonalarining vazifasi bunday xizmatga xos
bo'lgan xususiyatlarni insonning tabiiy ehtiyojlari va istaklari bilan bog'lash yo'llarini topishdir. Agar bozorda talab bo'lmasa uni shakllantirish zarur bo'ladi.
4. Transport xizmatida yashirin talab. Ko'pgina transport sohasida iste'molchilarda xizmatga ehtiyoj bor-u, lekin unga qiziqmasligi mumkin. Transport korxonalarining vazifasi bozor sig'imiga to'g'ri baho berish va talabni qondira oladigan samarali transport xizmatlariga qiziqish o'yg'otish zarur bo'ladi.
5. Transport xizmatida kamayib boradigan talab. Korxonaning xizmati ma'lum bir vaqt o'tgandan so'ng transport xizmat ko'rsatish bozorda o'tmay qoladi. Transport korxonalarining maqsadi talabni kamayish tendensiyasidan orqaga qaytarishdan iborat.
6. Transport xizmatida nomuntazam talab. Ko'pgina transport korxonalarida xizmatlarga talab shiddat bilan o'zgarib boradi. Bu esa korxona ishchilarining goh bo'sh qolishiga, goh ish ko'payishiga olib keladi. Transport korxonalarining vazifasi baholarni o'zgartirish, rag'batlantirish choralarini ko'rish yo'li bilan talabning keskin o'zgarishini bilintirmaslikdan iborat.
7. Transport xizmatlarida to'la qimmatli talab. Transport korxonalar o'zlarining yuk aylanmasi va yo'lovchi aylanmasidan qoniqadigan bo'lishsa, ana shu to'la qimmatli talab deyiladi. Transport korxonalarining maqsadi iste'molchilarning ehtiyojlariga mos keladigan, raqobat kuchayib borishiga qaramay, to'la qimmatli talab darajasini saqlab turishdan iborat.
8. Transport xizmatida haddan ortiq talab. Bunda talab darajasi transport xizmatlari bozorida taklif etilayotgan xizmatlar bilan qondirilmaydigan bo'ladi. Transport korxonalarining vazifasi talabni vaqtincha kamaytirish usulini qidirib topish va bozor muvozanatini tiklashga erishishdan iborat bo'ladi.
Respublikamizda transport xizmatlari bozorini alohida olingan mintaqaviy bozor sifatida shakllanishida xizmat ko'rsatuvchilar o'rtasidagi raqobatchilar(hamkorlar) muhim rol o'ynaydi va bu transport xizmati ko'rsatishni rivojlantirishga ta'sir etuvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Transport xizmati ko'rsatishda raqobat omili bu turli xizmatni amalga oshiruvchi sub'ektlar o'rtasida hamda turli sifatdagi transport xizmatlarini amalga oshiruvchi transport korxonalar o'rtasidagi o'zaro keskin raqobatchilik asosida namoyon bo'ladi.
Transport har qanday ijtimoiy tuzumning zarur vositasi sifatida ishlab chiqaruvchi kuchlarning o'zgarishi bilan transport vositalari ham o'zgaradi, rivojlanadi. Transport vositalarining o'sishi umumiy rivojlanishdan orqada qolganda jamiyat rivojiga to'siq bo'ladi va bu narsa trancport vositalari taraqqiyoti sur'atlarini jadallashtirish zaruriyatini vujudga keltiradi.
Xizmatlar bozorini rivojlantirishda va uni muhim jihatlarini o'rganishda turli usullardan, jumladan, an'anaviy tahlil usulidan foydalanish asosida zaruriy qiyosiy taqqoslash amalga oshiriladi. Shunday ekan, Samarqand viloyati transport xizmatlari bozorining bugungi kundagi ustunlik va afzalliklari, zaif jihatlari, imkoniyatlari hamda unga nisbatan tahdidlarni qiyosiy taqqoslash uchun SWOT tahlili usulidan foydalanildi. Istiqbolda respublikamizning barcha hududlarida, xususan, Samarqand viloyatida tegishli chora-tadbirlarni, transport xizmatlari bozorini rivojlantirishning
mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda muhim ilmiy va amaliy ahamiyatini e'tiborga olib, tadqiqotimizda transport xizmatlari bozorining SWOT tahlili natijalarini keltiramiz.
Samarqand viloyati transport xizmatlari bozorini rivojlantirishning SWOT
tahlili
KUCHLI TOMONLAR ZAIF TOMONLAR
- Transport xizmatlarini rivojlantirish bo'yicha me'yoriy-xuquqiy asoslarning yaratilganligi va moliya-kredit imtiyozlarining mavjudligi; - Respublikada transport xizmatlarining mijozga o'z vaqtida ko'rsatilishi uchun barcha qulayliklarning yaratilganligi; - O'zbekistonda transport xizmatlari ko'rsatishning modernizatsiyalashuvi va diversifikatsiyalashuvi asosidagi Harakatlar Strategiyasining shakllantirilganligi; - Transport xizmati ko'rsatish bozorida turli raqobatchilarning mavjudligi va ularning raqobatbardoshligini oshirish uchun qulay imkoniyatlarning yaratilganligi; - Transport xizmati ko'rsatish bozorida korxonalarning o'z xizmat ko'rsatish talabi va taklifiga ega bo'lishi. - Transport xizmati ko'rsatuvchi korxonalar sonining talab darajasida emasligi; - Transport xizmatlarini ko'rsatuvchi sub'ektlarning ekologiya talablariga yetarli darajada javob bermasligi va zararsizlantiruvchi uskunalarning yetishmasligi; - Transport xizmatlari ko'rsatuvchi korxonalar tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar narxlarining mijozlar ehtiyojini qondirmasligi va o' zgaruvchanligi; - Transport xizmati ko'rsatuvchi korxonalarning doimiy tarzda transport vositalarini yangilab turish majburiyatini yetarli darajada bajara olmasligi; - Transport xizmatlarini ko'rsatishda xavfsizlik talablarining yetarli darajada qondirilmasligi hamda sug'urtalashning zarurligi;
IMKONIYaTLAR TAHDIDLAR
- Hukumat tomonidan transport xizmatlarini amalga oshirishning qonuniy asoslari mavjudligi va ularga ustuvorlik berilganligi; - Transport xizmat ko'rsatuvchi texnikalarning yangilanish darjasining yuqoriligi; - Transport sohasini rivojlantirish bo'yicha davlat dasturlarining hamda strategiyasining ishlab chiqilganligi; - Transport xizmatlari ko'rsatuvchi korxonalarga imtiyozli soliq va bank kreditlari asosida moliyalashtirishning yuqori imkoniyatlarini yaratilganligi; - Transport xizmati ko'rsatish narxlarining o'zgarishidagi nomutanosibliklar; - Transport xizmatlari bozorida sifatsiz xizmatdan ko'riladigan zarar xavfining yuqoriligi; - Tashqi omillar ta'sirida transport xizmatlarini o'z vaqtida bajarishning kafolatlanmaganligi; - Transport xizmatlari ko'rsatish sohasidagi qonunchilikdagi o'zgarishlardan keladigan xavflarning mavjudligi; - Transport xizmati ko'rsatishda yo'l-transport xavflarining yuqoriligi.
Xulosa va takliflar. Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatimizda transport xizmatlari bozorini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqadigan asosiy konseptual yo'nalishlari quyidagilardan iborat:
1. Transport xizmatlari ko'rsatishning milliy iqtisodiyotni rivojlantirish barqarorligini ta'minlashdagi o'rnini oshirib borish.
2. Transport xizmati ko'rsatishni ijtimoiy infratuzilma rivojlanishi uchun faol investitsiya siyosatini olib borishga ustuvorlik berish.
3. Transport xizmatlarini jadal rivojlantirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi xizmat ko'rsatish sohalarini diversifikatsiya qilishni kuchaytirish.
4. Transport xizmatlari bozorida samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish va monopoliyani bartaraf etish uchun tizimli ishlarni amalga oshirish.
5. Transport xizmatlarini ko'rsatishda mehnat unumdorligini oshiruvchi zamonaviy texnologiya va uskunalardan foydalanishni kuchaytirish.
Umuman, transport xizmatlari bozorining respublikamizda kelgusidagi izchil taraqqiyoti Harakatlar strategiyasida belgilab berilganidek xizmat ko'rsatuvchilar o'rtasida bozor talab va taklifi, raqobatchilik muhiti asosida shakllanadigan iqtisodiy munosabatlar darajasiga bevosita bog'liq bo'ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ruyxati
1. Sh.Mirziyoev "BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqi", manba: http://www.sof.uz.
2. 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harkatlar strategiyasini "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturini o'rganish bo'yicha ilmiy -uslubiy risola / O'zbekiston Respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti. - T.: "Ma'naviyat" nashriyoti, 2017. - 244 bet.
3. M.Q.Pardaev, Yo.J.Isroilov "Avtomobil transporti xizmatini ko'rsatuvchi korxonalar tahlilining ayrim jihatlari", Toshkent "NOSHIRLIK YOG'DUSI" nashriyoti, 2011 yil.