Central Asian Journal of
Education and Innovation
O'ZBEKISTON IRRIGATSIYA QURILISHI TARIXIDA "QASHISTROY" BIRLASHMASINING AHAMIYATI
Qodirov Islom Ergash o'g'li
mustaqil tadqiqotchi https://doi.org/10.5281/zenodo.13889026
ARTICLE INFO
Qabul qilindi: 25- Sentabr 2024 yil Ma'qullandi: 28- Sentabr 2024 yil Nashr qilindi: 30- Sentabr 2024 yil
KEY WORDS
Sovet davri, Qashqadaryo, Qarshi cho% yerlarning o'zlashtirilishi
ABSTRACT
Ushbu maqolada sovet davrida Qarshi cho'lining o'zlashtir jarayonlarining boshlanishi, uning olib borilishi va ahamiyati haqida tarixiy dalillar asosida ma'lumot beriladi.
Mustabid sovet hukumati Qashqadaryo qishloq xo'jaligini, ayniqsa, paxtachilikni rivojlantirish maqsadida ko'plab sug'orish va o'zlashtirish tadbirlarini amalga oshirdi. Ana shu maqsadda ilgari bo'sh yotgan qo'riq va bo'z yerlar keng ko'lamda o'zlashtirildi. Bu amaliy harakatlar o'z navbatida markazning paxta yakkahokimlik deb nom olgan siyosati asosida amalga oshirildi. Natijada respublikadagi ekologik holat izdan chiqdi, atrof-muhit ifloslandi. Paxta maydonlarini sug'orish uchun Orol suv zaxiralarining meyoridan ortiq olinishi, ko'plab yirik suv inshootlarini barpo etilishi natijasida dengiz asta-sekin qurib bordi. Mazkur salbiy jihatlarga O'zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov viloyatlari, bundan tashqari, quyidagicha izoh berdi: «Sobiq Ittifoq davrida tabiatni bo'ysundirish shiori ostida amalga oshirilgan ulkan tadbirlar natijasida, tabiatimizga o'nglab bo'lmas zarar yetdi. Bir vaqtlar noyob va go'zal dengizlardan biri bo'lgan Orol dengizi qurib bormoqda. O'tgan qirq yil mobaynida Orol dengizi akvatoriyasi 7 baravar qisqardi, suv hajmi 13 baravar kamaydi, uning minerallashuvi esa o'nlab baravar oshib ketdi. Natijada Orol dengizi florasi va fauna mavjud bo'lishi uchun sharoit qolmadi. Orol dengizi qurib qolishiga sabab bo'lgan Markaziy Osiyoning qon tomirlari deya ta'rif beriladigan Amudaryo va Sirdaryoga o'nlab suv omborlari, sun'iy suv inshootlarining qurilishi sabab bo'lgani hech kimga sir emas» [1].
1961 yilning avgust oyida Qashqadaryo mashina-ekskavator stansiyasi bilan Esikanhor qurilish-montaj boshqarmasi negizida, ya'ni shu ikkala tashkilotning birikuvi tufayli tashkil topgan Qashqadaryo qurilish-montaj boshqarmasida faoliyat ko'rsata boshlagan Toyir Ergashev 1962 yildan 1968 yilga qadar mazkur boshqarmada bosh muhandis, keyinchalik boshliq vazifalarida mehnat qildi. Shu yillari suv xo'jaligi qurilishi ishlari viloyatda yagona bo'lgan ana shu tashkilot tomonidan olib borildi. 1965 yildan bu sohada keng ko'lamli ishlar boshlab yuborildi. Shahrisabz tumanida Mo'minobod, Chorshanbe, Yakkabog' tumanida O'ng qirg'oq va Chap qirg'oq, Kitob tumanida Dam, Qarshi tumanida Obi-hayot kanallari botonlashtirildi. Melioratsiyalash ishlarigaham keng e'tibor qaratildi. Vohaning quyi mintaqasida Xudoyzod, Qoratepa zovurlari qazildi
1962 yili Qashqadaryo o'zanida viloyatda ilk bor Qarshi gidrouzeli qurilishi boshlab yuborildi. Bu o'sha paytda viloyatdagi eng yirik suv inshooti bo'lib, daryoning quyi oqimida undan suv oladigan ellikta nuqta o'rniga O'ng va Chap qirg'oq hamda Qarshi tarmog'i kanallarini qurib ishga tushirish va shu suv yo'llari orqali vohaning quyi mintaqasida joylashgan, ko'pdan beri suv tanqisligini sezib kelayotgan xo'jaliklarni mo'ljaldagi obi-hayot bilan ta'minlash ko'zda tutilgandi.
Sekundiga 520 kubmetr suv o'tkazish quvvatiga ega bo'lgan bu yirik inshoot qurilishi ko'p o'tmay nihoyasiga yetkazildi va 1965 yilning 26 aprelida daryo suvi to'silib, gidrouzel orqali O'ng va Chap qirg'oq kanallari bo'ylab obi-hayot oqa boshladi.
O'shanda viloyatda suv uchun haqiqiy kurashning ikkinchi bosqichi bir million gektar unumdor yer maydoniga ega bo'lgan bepoyon Qarshi dashtiga ko'chgandi. Bu esa 1963 yilning boshidayoq yuz berdi. Hukumat qarori bilan aynan shu yili cho'lni Sug'orish va o'zlashtirishga ixtisoslashgan yirik tashkilot - "Qarshiqurilish" hududiy boshqarmasi tashkil topdi. Unga keng viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida tug'ilib voyaga yetgan, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida suv xo'jaligi sohasi ishlarida katta tajriba orttirgan suv qurilishi muhandisi Bekmurod Usmonov boshliq etib tayinlangandi. Viloyat markazi - Qarshida joylashgan bu katta qurilish shtabi orqali o'sha dastlabki kunlardanoq bir vaqtning o'zida ham shaharda, ham cho'lda keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari boshqarila boshlandi
1966 yil iyulida Qarshi cho'lini sug'orish va o'zlashtirish Bosh-sxema rejasi SSSR Davlat reja qo'mitasining davlat ekspert komissiyasi tomonidan ko'rib chiqilib, tasdiqlangan. Unga ko'ra Qarshi Bosh kanalining 80-kilometridan keyin o'z bag'rida 1,5 milliard kubometr suv to'playdigan Tallimarjon, 180-kilometrida esa 2,2 milliard kubometr suv ketadigan Sho'rsoy suv omborlarini qurish belgilangan. Chunki dehqonchilikda suv deyarlik sarflanmaydigan qish paytlarida katta nasoslar orqali Tallimarjon, Sho'rsoy suv omborlari to'lg'aziladi. Bu esa ekinlarni vegetatsiya davrida suv bilan to'la ta'minlash imkonini bergan [2].
Qarshi cho'lini o'zlashtirish bosh rejasidan kelib chiqib 1966 yil mayda O'zbekiston hukumatining «Qarshi cho'lida o'zlashtirilgan maydonlarda sug'orish ishlarini boshlash haqida»gi qarori qabul qilingan. Qarorga muvofiq cho'lni sug'orishning Bosh rejasini respublika hukumati tasdiqlagan. Qarshi cho'lini o'zlashtirish va sug'orish Bosh rejasiga ko'ra yakuniy loyiha ishlab chiqilgan. Mazkur loyiha bo'yicha cho'lni o'zlashtirish ishlari asosan ikkita hududda amalga oshirilishi ko'rsatib berilgan. O'zlashtirishga yaroqli yerning 364 gektari yuqori hududga kiritilgan. Yuqori hudud yerlarini o'zlashtirish o'z navbatida ikki bosqichga: birinchi bosqichda 200 ming gektar Qashqadaryoning chap tomonida joylashgan yerlar, ikkinchi bosqichda 164 ming gektar Qashqadaryoning o'ng tomonida joylashgan yerlarga bo'lib o'zlashtirish belgilangan. O'zlashtiriladigan yerlarda 31 ta sovxoz, jumladan, Beshkent, Leninizm, K.Marks, Moskva, Avrora, Lenin yo'li, Paxtakor, Internatsional, Komsomol kabilar tashkil qilinishi belgilangan [3].
Ikkinchi navbatdagi, ya'ni quyi hududdagi sug'oriladigan yerlar Qarshi Magistral kanalining bosh qismidagi 4-nasos stansiyasidan keyin Sho'rsoy suv ombori suvlari hisobiga Sho'rsoy magistral kanali bilan sug'orilishi belgilangan. Kanaldan sug'oriladigan hudud 270 ming gektar qilib belgilangan. 230 ming gektari Sho'rsoy suv ombori suvi bilan sug'oriladigan bo'ldi. Jami o'zlashtirilishi belgilangan 500 ming gektarni tashkil qilgan [4].
Umuman, Qarshi cho'lidagi Amudaryodan sug'oriladigan yerlarning umumiy maydoni
qariyb 864 ming gektarni tashkil qilishi kerak edi. Bu hudud yerlari to'g'ridan-to'g'ri QMK va undan chiqadigan sug'orish tarmoqlar bilan sug'oriladigan bo'ldi. Bu yerlar unumdor tuprog'i, cho'lga tutash joylarda aholi punktlarining temir yo'l, avtomobil yo'llarining yaqin joylashganligi kabi sharoitlar quyi hududga qaraganda tezroq rivojlantirish imkonini bergan [5]. Shu sababli yuqori hududning birinchi bosqichda o'zlashtiriladigan yerlardan o'ng tomondagi yer maydonlari Qarshi magistral kanalidan chiqarilgan suv bilan, chap tomondagi qismi esa ushbu kanalning Tallimarjon suv omboridan keyingi qismidan sug'oriladigan bo'ldi.
SSSR Suv xo'jaligi Ministrligi 1967 yilning aprel oyida «Sredazgiprovodxlopok» institutiga Qarshi cho'lining birinchi navbatidagi Qashqadaryoning chap tomonidagi yerlarni o'zlashtirish va sug'orish bo'yicha kompleks loyihani tayyorlash bo'yicha ko'rsatma bergan. Qarshi cho'lini sug'orish va o'zlashtirishning ishlarining 1-bosqichining kompleks loyihasi tuzishda institutning bir guruh mutaxassislari ish olib borishdi. T. A. Smirnova va V. I. Antonov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan 1967 yilgi loyiha ishlab chiqilgan va SSSR Suv xo'jaligi ministrligi tomonidan tasdiqlangan [6].
Loyihaga muvofiq birinchi navbatdagi o'zlashtirilishi belgilangan hududlarda 27 ta paxtachilik, 3 ta bog'dorchilik, 2 ta chorvachilik sovxozi qurilishi ularning har birida 6-7 ming gektardan ekin maydoni bo'lishi rejalashtirilgan [7].
1967 yil 8 aprelda Sovet hukumatining «Qarshi cho'lini sug'orish va o'zlashtirishni rivojlantirish to'g'risida»gi qaror qabul qilingan [8]. Ushbu qaror asosida 1967 yil 12 mayda O'zbekiston KP MK va O'zbekiston SSR Ministrlar Sovetininig «Qarshi cho'lida sug'orish va o'zlashtirish ishlarini rivojlantirish to'g'risida» qarori qabul qilingan [9]. Qarorda 1967-1971 yillarda amalga oshiriladigan ishlar ko'rsatib o'tilgan hamda 1970 yil oxirida Qashqadaryo daryosiga sekundiga 70 kubometr suv yetkazib beradigan Amudaryo suvini Qarshi cho'liga burish rejalashtirilgan [10].
1968 yili o'zlashtirish ishlarini tezlashtirish maqsadida Qashqadaryo viloyati tumanlaridan cho'lga 3 ming nafar kishi safarbar qilindi. G'uzor, Qamashi, Koson, Yakkabog' va Shahrisabz tumanlaridan ko'plab ishchilar cho'lga doimiy ishlash uchun kelishgan [11]. Cho'lga ishga kelganlar uchun Nishon, Tallimarjon, Do'stlik, Avrora shaharchalarida jami 200 ming kv metrga yaqin hududda uy-joylar qurib berilgan [12].
1963-1968 yillarda juda ko'plab texnika - buldozerlar, ekskavatorlar, skreperlar, avtotransport va kranlar, shuningdek, boshqa zamonaviy qurilish mashinalari va mexanizmlar keltirilgan [13].
Qarshi qurilish tresti, uning bazasida qurilish boshqarmasi tashkil etildi. O'nlab trest va boshqarmalarni birlashtirgan bu yirik tashkilot cho'ldagi barcha qurilishlarni boshqardi. Cho'lni o'zlashtirish ishlari bosqichma-bosqich olib borildi. Birinchi va ikkinchi navbatda 350 ming gektar, uchinchi navbatda esa 200 ming gektar, hammasi bo'lib 550 ming gektar yer o'zlashtirilishi loyihada keltirildi. Kelgusida 905 ming gektar qo'riq yer o'zlashtirilishi belgilandi [14].
SSSR Ministrlar Soveti 1969 yil 8 avgustda Qarshi cho'li yerlarini o'zlashtirish va sug'orishning birinchi bosqichi bo'yicha kompleks loyiha topshirig'ini tasdiqladi [15]. Shu maqsadni amalga oshirish uchun 1 mlrd. 552 mln rubl hajmida mablag' ajratildi [16]. 19671970 yillarda Qarshi magistral kanali, 6 ta nasos stansiyasi, sekundiga 175 kubometr suv oqadigan Amudaryodan Tallimarjon suv omborigacha va sekundiga 350 kubometr suv oqadigan mazkur suv ombordan Qashqadaryogacha bo'lgan oraliqdagi kanallar ishga
tushirilish mo'ljallandi. Bu kanallar Qarshi cho'lining yuqori qismidagi birinchi navbatda o'zlashtiriladigan yerlarni suv ta'minotini bajarishni rejalashtirildi.
Janubiy kollektor qurilishi, xo'jaliklararo kollektorlar qurilishi kuchaytiriladigan bo'ldi. Sanoat industriyasi va sanoat qurilishi kombinatining birinchi navbati: 240 ming kubometr quvvatga ega bo'lgan temir-beton mahsulotlari, 170 ming kubometr quvvatga ega bo'lgan silikalsiy mahsulotlari, avtomashinalar, qurilish va yo'l mexanizmlari, 500 ming kvadrat metr miqdordagi yog'ochni qayta ishlash quvvatiga ega bo'lgan metall konstruksiya zavodlari, moddiy-texnik bazalari qurilishi tezlashtirildi [17].
1970 yil 25 iyunda Sovet hukumatining «O'zbekiston SSR da Qarshi cho'li yerlarini sug'orish va o'zlashtirish bo'yicha ishlarni jadallashtirish to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror Qarshi cho'lining o'zlashtirish va sug'orishning ikkinchi bosqichini boshlab berdi. Qarorga muvofiq 1971-1975 yillarda Qarshi cho'lining o'zlashtirish va sug'orish uchun 630 million rubl, shu jumladan, qurilish-montaj ishlari uchun 475 million rubl kapital mablag' ajratildi".
Qarshi cho'lining o'zlashtirilishi - Qashqa vohasining qiyofasini tubdan o'zgartirib yubordi.
Xullas Qarshi cho'lining o'zlashtirish tarixi juda olis davrlarga taqaladi. Cho'lni o'zlashtirishning amaliy harakatlari sovet davlatida boshlandi. Loyihalar ishlab chiqilib, bir necha bor qayta ishlandi. Cho'lni o'zlashtirishga katta mablag'lar ajratilishi belgilandi. Sovet davlatining, jumladan, O'zbekiston hukumatining XX asrning 60-80 yillarda mazkur cho'lni o'zlashtirishdagi sa'y-harakatlari tufayli ko'plab sug'orish tizimlari tarmoqlari inshootlari barpo etilining mukammal Bosh rejasi ishlab chiqildi. Loyiha-rejalari asosida qurilish inshootlarini barpo etish joriy qilindi.
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
1. O'zbekistan Respublikasi Prezidenta I.A.Karimovning 2010 yil 20-22 sentabr kunlari BMT Bosh Assambleyasining 65-sessiyasida «Ming yillik rivojlanish dasturi» doirasida qilgan ma'ruzasi // Xalq so'zi, 2010 yil 22 sentabr.
2. Схема комплексного использования водных ресурсов бассейна Аральского моря. Средазгипроводхлопок, том II, книга 4, Ташкент, 1973. -С. 61-91
3. Каш;адарё вилояти Сув хужалиги бош;армаси музейи материали асосида
4. Схема комплексного использования водных ресурсов бассейна Аральского моря. Средазгипроводхлопок, -С. 61-91
5. Чариев А., Ачилов М. Кашкадарьинская область. -Ташкент: Узбекистан, 1974. -С.65.
6. «Каш;адарё х,а;ик;ати», 1967 йил 31 декабрь
7. Зокиров В. Карши чули яшнамокда // Узбекистон ;ишло; хужалиги. -Тошкент, 1972. 5-сон. -Б.28.
8. Худойкулов М. Карши чули. -Тошкент, 1998. -Б. 30.
9. Пардаев А. -С. 66
10. «Каш;адарё х,а;ик;ати», 1967 йил 23 май
11. «Карши курувчиси», 1968 йил 28 июнь.
12. «Каш;адарё х,а;ик;ати», 1969 йил 18 декабрь
13. Каш;адарё вилояти х,окимлиги архиви, 1-фонд, 2-руйхат, 490-иш, 13-вара;.
14. Абдуллаев М Карши чули ;ах,рамонлари. -Тошкент: Узбекистон. 1980. -Б. 6.
15. Духовный В.А., Юп де Шуттер. Вода в центральной Азии прошлое, настоящее и будущее. -Астана, 2019. -С. 183.
16. Жалолов Э. Яшнаётган вох,а.// Узбекистон ;ишло; хужалиги. -Тошкент, 1983. 8-сон,. -Б.50.
17. «Каш;адарё х,а;ик;ати», 1967 йил 19 май